toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.01.2025

“TASDIQLAYMAN”

O‘zbekiston Respublikasi
moliya vaziri
R. Azimov

2000-yil 15-iyun
47-son

CHORAKLIK VA YILLIK MOLIYAVIY HISOBOT TAQDIM ETISH MUDDATLARI TO‘G‘RISIDAgi
Nizom
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000-yil 3-iyuldagi 942-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
 LexUZ sharhi
Mazkur nizom O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 8-oktabrdagi 181-sonli “Moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari hamda ularning tarkibi va mazmuni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3567, 04.11.2024-y.) asosan 2025-yil 1-yanvardan o‘z kuchini yo‘qotadi.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonuni va buxgalteriya hisobining 1-sonli “Hisob siyosati va moliyaviy hisobot” milliy standartiga muvofiq ishlab chiqilgan.
Nizomda buxgalteriya hisobi subyektlari tomonidan moliyaviy hisobotlarni taqdim qilish muddatlari belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq moliyaviy hisobot quyidagilarga taqdim etiladi:
mulkdorlarga (davlat mulkini boshqarishga vakolatli bo‘lgan organlariga; ta’sis hujjatlariga muvofiq muassislarga (ishtirokchilarga));
soliq organlariga;
davlat statistika organlariga;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa organlarga.
(muqqadimaning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Kichik va o‘rta korxonalar, mikrofirmalar hisobotni faqat joylardagi davlat statistika organlari va soliq organlariga taqdim etadilar.
CHORAKLIK VA YILLIK MOLIYAVIY HISOBOTNI TAQDIM ETISH MUDDATLARI
1. Vazirliklar, idoralar, uyushmalar, korporatsiyalar, konsernlar va davlat mulkini boshqaruvchi boshqa organlar uchun umumlashtirilgan choraklik va yillik hisobotlarni taqdim etishning quyidagi muddatlari belgilanadi:
choraklik hisobotlar uchun hisobot choragi tugagandan so‘ng 40 (qirq) kun mobaynida;
yillik hisobotlar uchun hisobot yilidan keyingi yilning 15-martidan kechiktirmay.
2. Xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalar va chet el firmalarining vakolatxonalari uchun yillik moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddati hisobot yilidan keyingi yilning 25-martidan kechiktirmay belgilanadi.
3. Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan budjet tashkilotlari moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotni moliya organlariga yilda bir marta hisobot yilidan keyingi yilning 15-martidan kechiktirmay taqdim etadilar.
4. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar (mazkur Nizomning 1 — 3 bandlarida ko‘rsatilgan subyektlardan tashqari) choraklik va yillik moliyaviy hisobotlarni quyidagi muddatlarda taqdim etadilar:
choraklik moliyaviy hisobotlar uchun hisobot davri tugagandan keyingi oyning 25-kuniga qadar;
yillik moliyaviy hisobotlar uchun hisobot yilidan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay.
Kichik korxonalar va mikrofirmalar faqat yillik moliyaviy hisobotni hisobot yilidan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay taqdim etadilar.
XO‘JALIK YURITUVCHI SUBYEKTLARNING JAVOBGARLIGI
5. Vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, jamoatlar va davlat mulkini boshqaruvchi boshqa organlar, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyektlar, shu jumladan xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi subyektlar mazkur Nizomni buzganliklari uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
YAKUNIY QOIDALAR
6. Mazkur Nizom kuchga kirgan paytdan boshlab quyidagi me’yoriy hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotadi:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1993-yil 22-martdagi 21-sonli “Korxonalar va tashkilotlar choraklik buxgalteriya hisobotining hajmi va shakllari to‘g‘risida”gi xati;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1993-yil 27-oktabrdagi 76-sonli “Korxonalar va tashkilotlar yillik buxgalteriya hisobotining hajmi va shakllari to‘g‘risida”gi xati;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1994-yil 17-yanvardagi 8-sonli O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1993-yil 27-oktabrdagi 76-sonli xatini to‘ldirish masalasi bo‘yicha xati;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1993-yil 16-noyabrdagi 81-sonli va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq boshqarmasining 66-sonli “Choraklik va yillik buxgalteriya hisobotlarini taqdim etish muddatlari to‘g‘risida”gi xati;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1994-yil 30-iyundagi 17-02/35-sonli “Yarim yillik buxgalteriya hisobotini taqdim etish muddatlari to‘g‘risida”gi xati;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1995-yil 19-apreldagi 44-sonli va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 34-sonli “Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi buxgalteriya hisobotini taqdim etish to‘g‘risida”gi xati;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1996-yil 31-oktabrdagi 165-sonli “1996-yildan boshlab umumlashtirilgan choraklik va yillik buxgalteriya hisobotlari va balanslarni taqdim etish muddatlari to‘g‘risida”gi buyrug‘i;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1996-yil 6-fevraldagi 17-7/20-sonli “1996-yil uchun choraklik buxgalteriya hisobotlarining hajmi to‘g‘risida”gi xati (o‘zbek tilida);
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1996-yil 6-fevraldagi 11-sonli va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 96-13-sonli xati.