1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.12.00 Teatr-konsert faoliyati]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Madaniyat]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZBEKTEATR” IJODIY-IShLAB ChIQARISh BIRLAShMASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 15-fevraldagi PQ–2778-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston teatr sanʼatini rivojlantirish toʻgʻrisida” 1998-yil 26-martdagi PF-1980-son Farmonini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi toʻgʻrisidagi nizom, uning tarkibiga kiruvchi muassasalar va badiiy jamoalar roʻyxati, birlashma direksiyasining shtat jadvali va tuzilmasi 1, 2, 3, 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi hamda “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasiga:
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda oliy maʼlumotga ega boʻlgan iqtidorli yoshlardan dramaturglar va rejissorlar tayyorlash ikki yillik kurslarini tashkil etish yuzasidan ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish;
uch oy muddatda “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tizimiga kiruvchi muassasalar va badiiy jamoalarning tuzilmasi hamda nizomlarini qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash;
Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Artmadad” jamgʻarmasi mablagʻlaridan samarali foydalanish tartibini ishlab chiqib tasdiqlash;
“Oʻzbekiston Milliy teatri”, “Akademik teatr” maqomlari berish haqidagi nizomlarni tayyorlash va ularni uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
“Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi Oʻzbekiston teatr arboblari uyushmasining mol-mulki boʻyicha vorisi hisoblanadi;
uyushma uchun qonunchilikda belgilangan soliq imtiyozlari hamda uyushma aʼzolari uchun belgilangan imtiyozlar “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tarkibidagi Teatr ijodkarlari uyushmasi aʼzolari uchun ham saqlanib qoladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekistonda teatr va musiqa sanʼatini yanada rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonni amalga oshirish masalalari haqida” 1995-yil 28-oktabrdagi 415-son qarorida belgilangan imtiyozlar “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasiga joriy etiladi;
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 29-iyuldagi 246-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 31-son, 375-modda)
“Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi bosh direktori birlashma boshqaruvining raisi hisoblanadi;
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 31-maydagi 190-sonli qarori tahririda)
Bosh direktor Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, uning oʻrinbosarlari esa Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tayinlanadi.
(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 6-iyuldagi 157-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 27-son, 192-modda)
4. “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi “Teatr” oylik adabiy-badiiy, axborot-reklama jurnalining shtat jadvali va tuzilmasi 5, 6-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Jurnal tahririyati “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi markaziy apparati joylashgan Toshkent shahar, Hamza koʻchasi, 49-uyga joylashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining yarim yillik hisoboti yakunlariga koʻra “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tasarrufiga oʻtgan tashkilotlar asosiy fondlari va mulklarini oʻz balansidan birlashma balansiga tekin oʻtkazsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
“Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tarkibiga kiruvchi teatr tashkilotlari va muassasalarini mablagʻ bilan taʼminlash tartibini saqlab qolsin;
“Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi markaziy apparati va “Teatr” oylik adabiy-badiiy, axborot-reklama jurnali faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun mablagʻ ajratsin;
“Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasining markaziy apparati hamda “Teatr” oylik adabiy-badiiy, axborot-reklama jurnali tahririyatiga xizmat koʻrsatish uchun ikkita yengil avtomobilga limit ajratsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi hamda Madaniyat ishlari vazirligi “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tasarrufidagi teatr tashkilotlarining binolarini taʼmirlash, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 1999-2000-yillarda mablagʻ ajratishni rejalashtirsinlar.
8. “Toshshaharyoʻlovchitrans” davlat uyushmasi “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi uchun ajratilgan limitga muvofiq transport xizmati koʻrsatishni taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasining “Teatr” oylik adabiy-badiiy, axborot-reklama jurnali, ilmiy-tadqiqot, reklama va boshqa nashrlarini chop etishda yordam koʻrsatsin.
10. Oʻzbekiston Pochta va telekommunikatsiyalar agentligi “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi uchun shahar va hukumat telefon aloqalarini belgilangan tartibda oʻrnatishni taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasini tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazsin.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga “Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tashkilotlarining ijodiy imkoniyatlaridan samarali foydalanish, milliy teatr yutuqlarini keng targʻib etishga yoʻnaltirilgan oʻzaro gastrol almashuvlarini tashkil etish uchun bevosita amaliy yordam koʻrsatish vazifasi yuklansin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 22-may,
223-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 22-maydagi 223-son qaroriga 1-ILOVA
“Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi toʻgʻrisida
1.“Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi (keyingi oʻrinlarda “Oʻzbekteatr” birlashmasi deb ataladi) teatr, teatr-studiyalar jamoalarini va alohida ijodkorlarni ixtiyoriy ravishda birlashtiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimidagi mustaqil muassasa hisoblanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 6-iyuldagi 157-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2005-y., 27-son, 192-modda)
2. “Oʻzbekteatr” birlashmasi tarkibiga davlat teatrlari bilan bir qatorda, mulkchilik shakllari va qaysi idoraga boʻysunishlaridan qati nazar, ijodiy jamoalar va alohida ijodkorlar ham kiritilishi mumkin.
3. “Oʻzbekteatr” birlashmasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining buyruqlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 6-iyuldagi 157-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 27-son, 192-modda)
4. “Oʻzbekteatr” birlashmasi alohida mulkka egalik qiluvchi yuridik shaxs hisoblanib, bank muassasalarida oʻzining hisob-kitob, valyuta schyotlariga, oʻz muhri va boshqa ramziy ashyolariga ega boʻladi. Oʻz nomidan mamlakatimizdagi va xorijdagi hamkorlar bilan turli shartnoma va bitimlar tuzishi, mulkiy va mulkiy boʻlmagan huquqlar hamda majburiyatlar olishi, sud organlarida daʼvogar va javobgar boʻlishi mumkin.
5. “Oʻzbekteatr” birlashmasining manzili: Toshkent shahar, Hamza koʻchasi, 49, 51-uylar.
II. “Oʻzbekteatr” birlashmasining maqsadi va vazifalari
6. “Oʻzbekteatr” birlashmasi milliy teatr sanʼatining boy anʼanalari va yutuqlarini asrab-avaylash va rivojlantirish, kishilarning maʼnaviy kamolotida teatr sanʼatining oʻrnini yuksaltirish, zamon talablari darajasidagi sahna asarlari yaratish, ularda milliy anʼanalarimizni ulugʻlash orqali umuminsoniy qadriyatlarni tarannum etish, jahon teatr sanʼati sohasida qoʻlga kiritilgan yutuqlardan unumli foydalanish, ijodkorlarni iqtisodiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun kuch va mablagʻlarni birlashtirish maqsadida tashkil etildi.
7. Quyidagilar “Oʻzbekteatr” birlashmasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
oʻzbek xalqining asrlar davomida avloddan-avlodga noyob meros sifatida oʻtib kelayotgan teatr va tomosha sanʼati anʼanalarini boyitish, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ongida milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizga nisbatan ehtirom hislarini oshirish;
mamlakatimizdagi mavjud teatrlar yoʻnalishlarini belgilash, yangi badiiy jamoalar tuzish, boy anʼanalarga tayangan holda jahon andozalari darajasidagi zamonaviy milliy teatr sanʼati maktabini yaratish;
oʻz tarkibidagi ijodiy jamoalarning tashkiliy, moliyaviy, moddiy-texnika masalalarini hal etish, ularni zamonaviy texnika vositalari, zarur ashyolar bilan taʼminlash;
Oʻzbekiston teatr sanʼatini mamlakatimizda va chet ellarda targʻib etish, gastrol faoliyatini uyushtirish va muvofiqlashtirish;
milliy va xalqaro teatr festivallarida ishtirok etish hamda ularni tashkil etish.
oʻz tarkibidagi ijodiy jamoalar repertuarini shakllantirish;
aholining teatr sanʼatiga boʻlgan talab va ehtiyojlarini oʻrganish maqsadida sotsiologik tadqiqotlar olib borish;
mamlakatimizdagi va chet ellardagi muassasalar bilan madaniy, ilmiy-ijodiy, iqtisodiy hamkorlik qilish yuzasidan oʻzaro manfaatli shartnomalar tuzish, qoʻshma korxonalar tashkil etish;
teatr sanʼati sohasida malakali kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlashni tashkil etish;
“Oʻzbekteatr” birlashmasi tarkibidagi muassasalar faoliyatiga rahbarlik qilishning zamonaviy tizimini yaratish, tashabbuskorlikni ragʻbatlantirishning samarali usullarini joriy etish.
III. “Oʻzbekteatr” birlashmasining huquqlari
8. “Oʻzbekteatr” birlashmasi:
Oʻzbekistonda oʻz milliy va xorijiy valyutalar hisob raqamiga ega boʻlgan boʻlimlar ochadi;
alohida xizmat koʻrsatgan sanʼatkorlarni, mutaxassislarni Davlat mukofotlari va Faxriy unvonlarga tavsiya etadi;
respublika va xalqaro miqyosda gastrol safarlari uyushtiradi;
teatr sanʼatini rivojlantirish, ijodiy jamoalar va ijodkorlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish maqsadida maxsus jamgʻarma tashkil etadi;
madaniy tadbirlar uchun chiptalar narxining cheklangan eng yuqori va eng past darajasini tegishli tartibda belgilaydi;
Nizomda belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida korxonalar hamda qoʻshma korxonalar ochadi;
marketing, menejment, tijorat va reklama sohasida xizmat koʻrsatishni tashkil etadi;
audio-video dasturlarini yozish, koʻpaytirish va sotish shoxobchalarini tegishli tartibda ochadi;
dolzarb mavzularda yangi sahna asarlari yaratishga buyurtma beradi va ularni sotib oladi;
YUNESKO huzuridagi xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar ijodiy jamoalari bilan hamkorlik qiladi.
IV. “Oʻzbekteatr” birlashmasining mablagʻlari
9. Ular:
budjet ajratmalari hamda boshqa markazlashtirilgan mablagʻlar;
ishlab chiqarish, xoʻjalik, moliya, tijorat faoliyatidan tushgan daromadlar;
oʻz tarkibidagi xoʻjalik hisobida boʻlgan tashkilot, korxona va muassasalarning foydasidan ajratmalar va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan tashkil topadi.
10. “Oʻzbekteatr” birlashmasi qonun hujjatlarida belgilangan: tartibda oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulk va mablagʻlardan oʻz qatnashchilari manfaatlari yoʻlida foydalanadi, mamlakat hududida va tashqarisida har qanday koʻchar va koʻchmas mulkni qurishi va rekonstruksiya qilishi, sotib olishi, ijaraga olishi va ijaraga berishi mumkin.
11. “Oʻzbekteatr” birlashmasi tarkibiga kiruvchi barcha muassasa va tashkilotlar mustaqil balansga ega boʻladi hamda birlashmaning yigʻma balansini tashkil etadi.
12. “Oʻzbekteatr” birlashmasi davlat korxonalari uchun belgilangan qoidalar boʻyicha buxgalterlik hisobini tashkil etadi.
V. “Oʻzbekteatr” birlashmasi qatnashchilari, ularning huquq va majburiyatlari
13. “Oʻzbekteatr” birlashmasi Nizomi va boshqa taʼsis hujjatlarini tan oluvchi, yuridik yoki jismoniy shaxslar hisoblanuvchi madaniyat va sanʼat muassasalari, ishlab chiqarish korxonalar va birlashmalar “Oʻzbekteatr” birlashmasi qatnashchisi boʻlishi mumkin.
14. Qatnashchi tashkilotlar huquqlari:
oʻz faoliyatini yuridik shaxs sifatida mustaqil yuritish;
“Oʻzbekteatr” birlashmasi va uning tarkibidagi muassasalar xizmatidan shartnoma asosida foydalanish;
qoʻshma faoliyat hujjatlarida “Oʻzbekteatr” birlashmasi emblemasini qoʻllash;
tuzilgan shartnomalarda belgilangan majburiyatlarni saqlagan holda kamida olti oy oldin “Oʻzbekteatr” birlashmasi rahbariyatini xabardor qilib uning tarkibidan chiqish.
15. “Oʻzbekteatr” birlashmasi qatnashchilari:
mazkur Nizomga rioya qilishga;
“Oʻzbekteatr” birlashmasining boshqa qatnashchilari bilan tuzilgan qoʻshma faoliyat shartlarini bajarishga majburdirlar.
16. Qatnashchi tashkilotlar:
“Oʻzbekteatr” birlashmasi yoki uning qatnashchilari bilan tuzilgan shartnomalarni bajarmaganligi uchun ushbu shartnomalarda va Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan tartibda javob beradi;
“Oʻzbekteatr” birlashmasi toʻgʻrisidagi nizom qoidalariga rioya qilmaganligi uchun “Oʻzbekteatr” birlashmasi tarkibidan chiqarilishi mumkin.
VI. Teatr ijodkorlari uyushmasi
17. “Oʻzbekteatr” birlashmasi tizimida Teatr ijodkorlari uyushmasi faoliyat koʻrsatadi.
18. Teatr ijodkorlari uyushmasi oʻz faoliyatini umumiy yigʻilishda qabul qilingan va “Oʻzbekteatr” birlashmasi bosh direktori tasdiqlagan Nizom asosida olib boradi.
VII. “Oʻzbekteatr” birlashmasining boshqaruv tizimi
19. “Oʻzbekteatr” birlashmasiga Bosh direktor rahbarlik qiladi. Bosh direktor rahbarligidagi Boshqaruv uning tasarruf etuvchi organi hisoblanadi.
20. Bosh direktor Vazirlar Mahkamasi tomonidan, uning oʻrinbosarlari esa Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tayinlanadi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 6-iyuldagi 157-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 27-son, 192-modda)
21. Bosh direktor “Oʻzbekteatr” birlashmasi Boshqaruvi va Teatr ijodkorlari uyushmasining raisi hisoblanadi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 31-maydagi 190-sonli qarori tahririda)
22. Bosh direktor oʻz vakolati doirasida “Oʻzbekteatr” birlashmasi Boshqaruvi va uning tasarrufidagi muassasalar uchun bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar va boshqa maʼmuriy hujjatlarni chiqaradi.
23. Bosh direktor “Oʻzbekteatr” birlashmasi xodimlarini mustaqil ravishda ishga qabul qiladi va ishdan boʻshatadi hamda uning tarkibidagi barcha muassasalar rahbarlari bilan belgilangan tartibda shartnomalar tuzadi. Muassasa rahbarlari oʻz navbatida oʻz xodimlari bilan alohida-alohida shartnomalar tuzadilar.
VIII. “Oʻzbekteatr” birlashmasini tugatish
24. “Oʻzbekteatr” birlashmasi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatilishi, qayta tuzilishi yoki boshqa ijodiy tashkilotlar bilan birlashtirilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 22-maydagi 223-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar
ROʻYXATI
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri
Oʻzbek Milliy akademik drama teatri
Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatri
Oʻzbekiston davlat akademik rus drama teatri
Oʻzbekiston davlat drama teatri
Oʻzbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri
Oʻzbekiston davlat satira teatri
Oʻzbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri
Oʻzbekiston davlat qoʻgʻirchoq teatri
Oʻzbekiston davlat yoshlar teatri
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat musiqali teatri
Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri
Qoraqalpoq davlat qoʻgʻirchoq teatri
Andijon viloyati musiqali drama teatri
Andijon viloyati yoshlar teatri
Andijon viloyati qoʻgʻirchoq teatri
Buxoro viloyati musiqali drama teatri
Buxoro viloyati qoʻgʻirchoq teatri
Jizzax viloyati musiqali drama teatri
Jizzax viloyati qoʻgʻirchoq teatri
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri
Qashqadaryo viloyati qoʻgʻirchoq teatri
Namangan viloyati musiqali drama teatri
Samarqand viloyati musiqali drama teatri
Samarqand viloyati rus drama teatri
Samarqand viloyati qoʻgʻirchoq teatri
Kattaqoʻrgʻon shahar drama teatri
Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri
Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri
Surxondaryo viloyati qoʻgʻirchoq teatri
Fargʻona viloyati musiqali drama teatri
Fargʻona viloyati rus drama teatri
Fargʻona viloyati qoʻgʻirchoq teatri
Qoʻqon shahar musiqali drama teatri
Xorazm viloyati musiqali drama teatri
Xorazm viloyati qoʻgʻirchoq teatri
“Diydor” rejissorlik va aktyorlik mahorati teatr-studiyasi” davlat muassasasi
“Tomosha” bolalar musiqiy teatr-studiyasi
“Artmadad” maxsus jamgʻarmasi
“Teatr” oylik adabiy-badiiy, axborot-reklama jurnali tahririyati
Teatr ijodkorlari uyushmasi
Aktyorlar uyi.
(2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 29-iyuldagi 246-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 31-son, 375-modda)
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 22-maydagi 223-son qaroriga 3-ILOVA
“Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi direksiyasi
ShTAT JADVALI
Nomi
Soni
Bosh direktor
1
Bosh direktor oʻrinbosari
2
Kadrlar boʻlimi
1
Yuridik xizmat
1
Teatrlar ijodiy faoliyatini muvofiqlashtirish va shakllantirish boshqarmasi
4
Iqtisodiyot, moliyalashtirish,hisob-kitob va moddiy-texnik taʼminot boshqarmasi
4
Axborot, reklama va tijorat boʻlimi
3
Jami
16
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 22-maydagi 223-son qaroriga 4-ILOVA
“Oʻzbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi
TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 22-maydagi 223-son qaroriga 5-ILOVA
Teatr” oylik adabiy-badiiy, axborot-reklama jurnali tahririyati
ShTAT JADVALI
T/r
Nomi
Soni
1.
Bosh muharrir
1
2.
Bosh muharrir oʻrinbosari
1
3.
Masʼul kotib
1
4.
Boʻlim muharriri
2
5.
Rassom
1
6.
Fotograf
1
7.
Texnik muha�rir
1
8.
Korrektor
1
Jami
9
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 22-maydagi 223-son qaroriga 6-ILOVA
“Teatr” oylik adabiy-badiiy, axborot-reklama jurnali tahririyati