toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.03.2025

“TASDIQLANGAN”

O‘zbekiston Respublikasi

Davlat mulki qo‘mitasi
raisining o‘rinbosari,
Qimmatli qog‘ozlar bozori
faoliyatini muvofiqlashtirish va
nazorat qilish markazi
bosh direktori
M.S. YUNUSMATOV
1999-yil 21-dekabr

Qimmatli qog‘ozlar bozorida anderrayting faoliyati to‘g‘risida
Nizom
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 28-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 860]
 LexUZ sharhi
Mazkur nizom O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2025-yil 19-fevraldagi 15-sonli “ Qimmatli qog‘ozlar bozorida anderrayting faoliyati to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3610, 28.02.2025-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlariga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq emitentlar qimmatli qog‘ozlarini dastlabki kafolatli joylashtirish bo‘yicha faoliyatini amalga oshirish standartlarini (tartib va shartlarini) belgilaydi.
(1.1-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
1.2. Mazkur Nizom emitentning qimmatli qog‘ozlarini chiqarilish jarayonida va/yoki dastlabki kafolatli joylashtirilishida emitent va anderrayterning o‘zaro hamkorlik asoslarini va javobgarliklarini tartibga soladi.
1.3. Mazkur Nizom maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
emitent — emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar chiqaruvchi va ular yuzasidan qimmatli qog‘ozlarning egalari oldida majburiyatlari bo‘lgan yuridik shaxs;
qimmatli qog‘ozlar — mazkur hujjatlarni chiqargan yuridik shaxs bilan ularning egasi o‘rtasidagi mulkiy huquqlarni yoki qarz munosabatlarini tasdiqlaydigan, dividendlar yoki foizlar tarzida daromad to‘lashni hamda ushbu hujjatlardan kelib chiqadigan huquqlarni boshqa shaxslarga o‘tkazish imkoniyatini nazarda tutadigan hujjat;
investitsiya memorandumi — emitent haqida barcha zarur ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hamda qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish narxi to‘g‘risidagi axborotlarni va bitim tafsilotlarini ko‘rsatmaydigan investorlarga taqdim etish uchun oldindan tayyorlangan hujjatlar to‘plami;
anderrayter faoliyati (anderrayting) — emitent va anderrayter (anderrayterlar) o‘rtasidagi shartnomada belgilangan shartlar asosida emitent qimmatli qog‘ozlarini chiqarilishini tashkillashtirish va/yoki kafolatli joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish faoliyati;
anderrayter — anderrayting faoliyatini amalga oshiruvchi investitsiya vositachisi yoki tijorat banki;
anderrayting xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma — bir tomondan, ma’lum bir narxda joylashtirilishi kerak bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarni chiqarayotgan emitent va boshqa tomondan anderrayter (anderrayterlar) o‘rtasidagi shartnoma;
qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
(1.3-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 6-iyuldagi 52-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3448, 25.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.07.2023-y., 10/23/3448/0539-son)
II. ANDERRAYTER FAOLIYATI
2.1. Anderrayting faoliyatini amalga oshiruvchi tijorat banklari va investitsiya vositachilariga qo‘yiladigan talablar:
Anderrayterlar faqat investitsiya vositachilari va tijorat banklari bo‘lishi mumkin.
Anderrayting faoliyatini amalga oshirish uchun tijorat banklari va investitsiya vositachilari quyidagi talablarga javob berishi kerak:
a) litsenziyaga ega bo‘lishi:
investitsiya vositachisi sifatida faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi, yohud,
bank operatsialarini amalga oshirish huquqini beruvchi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki.
Oldingi tahrirga qarang.
(2.1-bandning “b” kichik bandiO‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktorining 2019-yil 14-oktabrdagi 2019-59-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 860-5, 31.10.2019-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.10.2019-y., 10/19/860-5/3982-son)
2.2. Anderrayter faoliyatining asosiy yo‘nalishlari
Anderrayter faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
emitent bilan birgalikda qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va joylashtirishning maqbul tuzilmasini shakllantirish;
investitsiya memorandumini tuzish va investorlarga taqdim etish;
chiqarilishning kutilayotgan hajmidan qimmatli qog‘ozlarni sotib olish huquqiga oldindan obuna o‘tkazish;
marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, shu jumladan potensial investorlar tomonidan chiqarilishi kutilayotgan qimmatli qog‘ozlar hajmidan ularni sotib olish huquqiga amalga oshirilgan dastlabki obunalardan kelib chiqib bozor konyunkturasi va imkoniyatlarini o‘rganish;
anderrayting xizmatlarining xususiyatlarini belgilovchi emissiya risolasi, operatsion hujjatlashtirish va kafolatlangan majburiyatlarni tuzish;
zarur hollarda, anderrayterlarning vaqtinchalik birlashmasini shakllantirish va uning faoliyatini ta’minlash uchun investitsiya vositachilari va tijorat banklarini tanlash;
anderrayting xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan, qabul qilingan majburiyatlar va muddatlarga muvofiq emitentning qimmatli qog‘ozlarining kafolatlangan joylashtirilishini o‘tkazish (chiqarilishlarni muayyan minimal narxda joylashtirish);
anderrayting xizmatlari ko‘rsatganlik uchun vaqtinchalik birlashma ishtirokchilari o‘rtasida (agar mavjud bo‘lsa) sotib olish va sotish farqidan olingan daromad yoki komissiya mukofotini taqsimlash;
emitentga qimmatli qog‘ozlarni joylashtirishdan tushgan mablag‘larni to‘lash;
ikkilamchi bozorda (ushbu emissiya) joylashtirilgan qimmatli qog‘ozlarni dastlabki qo‘llab-quvvatlanishini amalga oshirish emissiya risolasida (anderrayting xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma) nazarda tutiladi.
2.3. Kafolatlangan joylashtirish turlari:
to‘liq kafolatlangan joylashtirish — ushbu chiqarilishning barcha qimmatli qog‘ozlarini anderrayter tomonidan joylashtirilishi;
qisman kafolatlangan joylashtirish — anderrayter tomonidan ushbu chiqarilishning 10% foizdan kam bo‘lmagan qimmatli qog‘ozlarning qisman joylashtirilishi;
2.4. Anderrayterning huquqlari
Anderrayting faoliyatini amalga oshirish jarayonida anderrayter quyidagi huquqlarga ega:
qimmatli qog‘ozlarni to‘liq yoki qisman kafolatli dastlabki joylashtirishga shartnoma tuzishda emitentdan qimmatli qog‘ozlarning nominal qiymatidan chegirma taqdim etishni shartnoma bilan belgilanadigan miqdorda talab qilish;
emitent aksiyadorlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun barcha mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rish;
qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish shartlarini bajarmagan taqdirda emitent oldida javobgarlik tavakkalchiligini sug‘urta qilish;
qimmatli qog‘ozlarni joylashtirishda shartnomada belgilangan miqdorda emitentdan komissiya haqi olish.
2.5. Axborotlarni oshkor qilish talablari
2.5.1. Emitent anderrayterga investitsiya memorandumini tuzish va investorlar taqdim etish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etishi shart.
Investitsiya memorandumida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
emitent va umuman tarmoq faoliyatining tavsifi;
emitentning kelgusi yil uchun strategiyasi;
emitentning boshqaruv tizimini tavsiflash, kasbiy tayyorgarlik, boshqaruv xodimlarining ish tajribasi, so‘nggi uch yil ichida ish joylari va egallab turgan lavozimlarni ko‘rsatgan holda;
ta’sis hujjatlariga muvofiq emitent tomonidan qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun taktik qadamlar;
raqobat muhitini va bozordagi ulushini tahlil qilish;
emitentning oxirgi uch moliya yilidagi moliyaviy natijalarining (choraklar bo‘yicha) tahlili, daromadlarning pasayishi yoki oshishi sabablari, moliyaviy qo‘yilmalar (emissiyani amalga oshirishdan) olinganidan keyingi moliyaviy natijalar prognozi;
emitentning moliyaviy kamomadini (profitsit) vaqtinchalik oraliq muddatda aniqlash;
qimmatli qog‘ozlar chiqarilishidan (emissiyasidan) olingan mablag‘larni sarflash smetasi xarajatlari.
2.5.2. Chiqarilishning emitenti va anderrayterlari har bir potensial xaridorga joylashtirilgan qimmatli qog‘ozlarni sotib olish paytiga qadar sotish shartlari va emissiya risolasi bilan tanishish imkoniyatini berishlari shart.
2.5.3. Chiqarilishning emitenti va anderrayterlari emissiya chiqarish risolasida e’lon qilingan axborotning ishonchliligi va to‘liqligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda birgalikda javobgar bo‘ladilar.
(2.5.3-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi Qonunning 6-bobi.
III. ANDERRAYTERNI TANLASH TARTIBI
3.1. Anderrayterni tanlash emitent tomonidan:
investitsiya vositachilar va tijorat banklari — potensial nomzodlar bilan anderrayting bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun dastlabki muzokaralar asosida, yohud
anderrayting bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish huquqi uchun ommaviy (yohud yopiq) tanlov (tender) o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin.
IV. ANDERRAYTERLARNING VAQTINCHALIK BIRLASHMASI
4.1.1. Qimmatli qog‘ozlar bozorida noqulay konyunktura yuzaga kelganda anderrayterlarning hech biri katta zarar ko‘rmasligi, qimmatli qog‘ozlar taklifi tavakkalchiligini taqsimlash maqsadida birgalikda faoliyat yuritish uchun vaqtincha anderrayterlar birlashmasini (bundan buyon matnda — birlashma) tashkil etish huquqiga ega.
4.1.2. Birlashmani tashkil etishning tashabbuskori emitent tomonidan tanlangan anderrayter hisoblanadi. Anderrayting xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma emitent bilan birlashma nomidan amaldagi qonunchilik talablariga va mazkur Nizomning 5.2 bandiga muvofiq tuziladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 27-bobi.
4.1.3. Birlashma ishtirokchilarining o‘zaro munosabatlari o‘zaro hamkorlik shartnomasi bilan tartibga solinadi.
4.1.4. O‘zaro hamkorlik shartnomasida:
birlashma a’zolarining ro‘yxati, ularning birlashmadagi hissasi miqdori;
birlashma a’zolarining huquqlari va majburiyatlari;
qaror qabul qilish tartibining tavsifi;
amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa shartlar kelishilgan bo‘lishi kerak.
4.1.5. Emitent tomonidan tanlangan anderrayter emitentdan qo‘shimcha haq olmagan holda birlashma ichki ishlarini yuritish va ularni tashkillashtirishni amalga oshiradi.
Birlashma tomonidan amalga oshirilgan joylashtirish bo‘yicha xarajatlar a’zolarning ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Anderrayting xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun komission mukofot emitent va birlashma o‘rtasida shartnomada belgilangan miqdorda to‘lanadi va qimmatli qog‘ozlarni kafolatli joylashtirish bo‘yicha qabul qilingan majburiyatlarga mutanosib ravishda birlashma a’zolari orasida emitent tomonidan tanlangan anderrayter tomonidan taqsimlanadi.
4.1.6. Qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish tugallangandan so‘ng birlashma o‘z faoliyatini tugatadi.
V. ANDERRAYTING XIZMATLARI KO‘RSATISH TO‘G‘RISIDAGI SHARTNOMA
5.1. Emitent va anderrayter o‘rtasidagi qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish jarayonidagi o‘zaro munosabatlar ular o‘rtasida tuzilgan anderrayting xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma bilan belgilanadi.
5.2. Anderrayting xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma anderrayter tomonidan chiqarilish tartibi, anderrayting xususiyati va emitent turiga qarab O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq tayyorlanadi va quyidagi majburiy (muhim) shartlarni o‘z ichiga oladi:
qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish shartlari va anderraytning majburiyatining xususiyati;
xizmatlar uchun haq to‘lash miqdori va tartibi;
emitent va anderrayter (birlashma) o‘rtasida joylashtirish jarayonida o‘zaro munosabatlarning shartlari va tartibi;
emitent bilan anderrayter (birlashma) o‘rtasida joylashtirishdan keyingi o‘zaro munosabatlarning shartlari va tartibi (ikkilamchi bozorda joylashtirilgan emissiyani anderrayter (birlashma) tomonidan qo‘llab-quvvatlash);
va qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar.
(5.2-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
VI. ANDERRRAYTER FAOLIYATINI NAZORAT QILISH. JAVOBGARLIK.
6.1. Anderrayterlar faoliyatini nazorat qilish qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
6.2. Qimmatli qog‘ozlarning ikkilamchi bozorda ommaviy joylashtirish va muomalasida qimmatli qog‘ozlarni sotib olishda bir investorga boshqalar oldida imtiyozli huquqni belgilash taqiqlanadi. Ushbu shartlar aksiyadorlarga yangi emissiya qimmatli qog‘ozlarini sotib olishga imtiyozli huquqni taqdim etishda qo‘llanilmaydi.
6.3. Qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish jarayonida anderrayter tomonidan quyidagilarga yo‘l qo‘yilmaydi:
a) investorlar uchun ahamiyatga ega bo‘lgan axborotni lozim darajada oshkor qilmasdan turib anderrayting xizmatlarini amalga oshirish;
b) qimmatli qog‘ozlar bozorining alohida bir ishtirokchilari uchun imtiyozli huquqlarni taqdim etish maqsadida uni biror-bir belgisiga ko‘ra bo‘lish;
v) emitent bilan tuzilgan shartnomaning shartlarini bajarmaslik va/yoki lozim darajada bajarmaslik va/yoki o‘z vaqtida bajarmaslik;
g) emitentga (boy berilgan foydani), birlashma bo‘yicha hamkorlariga (adolatsiz raqobat va h.k.) yoki investorlarga (axborotni oshkor qilish) zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlar.
6.4. Emitentning qimmatli qog‘ozlarini joylashtirishda anderrayter aksiyadorlik jamiyatining foydasini va qimmatli qog‘ozlarining likvidliligini yanada oshishini hisobga olishi kerak.
6.5. Anderrayter mazkur Nizom talablarini bajarmaganligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(6.5-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1741-moddasi.