1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.08.00.00 Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar / 03.08.05.00 Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish (shuningdek, 08.01.06.00ga qarang) / 03.08.05.01 Umumiy qoidalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.21.00 Engil, mahalliy sanoat]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish;
2.Iqtisodiyot / Sanoat]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON YENGIL SANOAT TOVARLARI IShLAB ChIQARISh (“O‘ZBEKYENGILSANOAT”) DAVLAT UYuShMASI KORXONALARINI DAVLAT TASARRUFIDAN ChIQARISh VA XUSUSIYLAShTIRIShNING ASOSIY YO‘NALIShLARI TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xususiy mulk manfaatlarini himoya qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1994-yil 21-yanvardagi Farmoniga muvofiq va tarmoqda xususiylashtirishni jadallashtirish uchun sharoitlar yaratish, qiymatli qog‘ozlar bozorini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2-iyul 2002-yil 240-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan— O‘R QHT, 2002-y., 13-son , 103-modda)
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2-iyul 2002-yil 240-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2002-y., 13-son , 103-modda)
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2-iyul 2002-yil 240-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2002-y., 13-son , 103-modda)
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.05.00 Kompaniyalar, konsernlar, uyushmalar va boshqalar]
4. “O‘zbekyengilsanoat” davlat uyushmasi tomonidan ochiq turdagi aksionerlik jamiyati shaklidagi “Yengilsanoatinvest” moliya-investitsiya kompaniyasi tashkil etilishi va kompaniya ustavi 4-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
“Yengilsanoatinvest” aksionerlik kompaniyasi yengil industriya korxonalarini aksionerlashtirish va xususiylashtirishning yaxlit dasturini amalda ro‘yobga chiqarishni quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirishi ma’lumot uchun qabul qilinsin;
yengil sanoat korxonalarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayoniga investorlarning, shu jumladan, xorijiy investorlarning moliyaviy mablag‘larini jalb qilish;
o‘z aksionerlarining pul mablag‘larini xususiylashtirilayotgan korxonalarning qiymatli qog‘ozlariga investitsiya qilish;
iqtisodiyotning xususiylashtirilayotgan sektorida investitsiya imkoniyatlari taqchilligini to‘ldirish uchun davlatning qiymatli qog‘ozlarini sotib olish, kompaniya investitsiyalarining ishonchliligini oshirish;
tugallanmagan qurilish obyektlarini 5-ilova*ga muvofiq mablag‘ bilan ta’minlash;
* 5-ilova berilmaydi.
tovarlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va ularni ichki va tashqi bozorlarda sotish imkonini beruvchi aksionerlik jamiyatlari, firmalar, xorijiy investorlar bilan birgalikda qo‘shma korxonalar ta’sis etish, yengil sanoat korxonalari va o‘zaro bog‘liq korxonalarning kooperatsiyalashgan aloqalarini mustahkamlash.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2-iyul 2002-yil 240-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2002-y., 13-son , 103-modda)
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2-iyul 2002-yil 240-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2002-y., 13-son , 103-modda)
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2-iyul 2002-yil 240-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2002-y., 13-son , 103-modda)
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2-iyul 2002-yil 240-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2002-y., 13-son , 103-modda)
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xalq iste’mol tovarlari, savdo va pulli xizmatlar ko‘rsatish majmuiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 4-aprel,
179-son
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 4-apreldagi 179-son qaroriga 4-ILOVA
“Yengilsanoatinvest” O‘zbekiston moliya-investitsiya kompaniyasi” aksionerlik jamiyatining
USTAVI
I. Umumiy qoidalar
1. “Yengilsanoatinvest” O‘zbekiston moliya-investitsiya kompaniyasi” ochiq turdagi aksionerlik jamiyati (keyingi o‘rinlarda “Kompaniya” deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xususiy mulk manfaatlarini himoya qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq yopiq turdagi “Yengilsanoatxolding” moliya-investitsiya kompaniyasi aksionerlik jamiyatini qayta tashkil etib tuzilgan tashkilot bo‘lib, uning huquqiy vorisi hisoblanadi. Kompaniya to‘liq xo‘jalik, moliyaviy va yuridik mustaqillikka egadir.
U aholining yuqori sifatli xalq iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabini qondirish va xizmatlar ko‘rsatish, kompaniya qatnashchilarining tadbirkorligini rivojlantirish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish, investitsiya, tijorat siyosatini olib borish, bozor iqtisodiyoti sharoitlarida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish maqsadida aksionerlik mulki asosida tuzilgan tashkilot hisoblanadi.
“O‘zbekyengilsanoat” O‘zbekiston yengil sanoat tovarlari ishlab chiqarish davlat uyushmasi;
Toshkent “Toshkent to‘qimachilik kombinati” ip-gazlama ishlab chiqarish birlashmasi;
Toshkent charm-mo‘yna zavodi;
Toshkent “O‘zbekiston” charm-poyabzal ishlab chiqarish birlashmasi;
Toshkent 2-poyabzal ishlab chiqarish birlashmasi.
4. Kompaniyaning firma nomi:
O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida: to‘liq nomi — Yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish aksionerlik jamiyati “Yengilsanoatinvest” O‘zbekiston moliya-investitsiya kompaniyasi”, qisqacha nomi — “Yengilsanoatinvest” aksionerlik kompaniyasi;
rus tilida: to‘liq nomi — Aksionernoye obщestvo “Finansovo-investitsionnaya kompaniya “Legprominvest”, qisqacha nomi — AK “Legprominvest”;
ingliz tilida: to‘liq nomi — FULL NAME JOINT-STOCK COMPANY “FINANCIAL INVESTMENT COMPANY “LEGPROM-INVEST”. SHORT NAME — JNK-STK Co “ LEGPROMINVEST”.
5. Kompaniya qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab yuridik shaxs huquqiga ega bo‘ladi, mustaqil balansga, banklarda ham milliy, ham xorijiy valyutada schyotlarga, mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘ladi, sudda, xo‘jalik va xolislar sudlarida da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
6. Kompaniya to‘liq xo‘jalik hisobi asosida o‘z xarajatlarini o‘zi qoplashni, faoliyatini takomillashtirish, ijtimoiy rivojlantirish va moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha xarajatlarni mablag‘ bilan ta’minlaydi, o‘z faoliyati natijalari uchun kontragentlar, budjet va aksionerlar oldida to‘liq javob beradi.
7. Kompaniya o‘z nomi yozilgan muhrga va ramziy belgiga, firma belgilariga, rasmiy ish qog‘ozlariga va yuridik shaxsning boshqa belgilariga ega bo‘ladi.
8. Kompaniya quyidagi manzilda joylashgan: O‘zbekiston Respublikasi, 700078, Toshkent shahri, Mustaqillik maydoni, 5.
II. Faoliyatining turi, maqsadlari va muddati
9. Kompaniya sarmoyani jamlash va tarmoqning yangidan tashkil etiladigan hamda mavjud korxonalarni samarali investitsiyalash va bozor infrastrukturasini, mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiyalash jarayonini chuqurlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining farovonligini oshirish maqsadida tashkil etiladi.
10. Kompaniya o‘z maqsadlariga erishish uchun faoliyatni, qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiradi:
investorlarning moliyaviy mablag‘larini, intellektual mulk obyektlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki va alohida nomulkiy huquqlarini jalb etish;
yengil sanoat tovarlari ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va rivojlantirish sohasida investitsiya faoliyati, xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan, auditorlik va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, boshqa davlatlarning firmalari bilan birgalikda qo‘shma korxonalar va bozor infrastrukturasini tashkil etish;
haqiqiy tovarlar, qiymatli qog‘ozlar, ko‘chmas mulk, kontraktlar, fyuchers, opsionlar bilan birja va birjadan tashqari operatsiyalar;
Aksiyalari paketlariga kompaniya egalik qiladigan barcha tuzilmalarning quyidagi sohalar bo‘yicha puxta o‘zaro aloqasiga ko‘maklashish:
xo‘jalik hisobi manfaatlari;
o‘zaro hisob-kitoblar;
axborot ta’minoti;
tashqi iqtisodiy faoliyat;
ilmiy, umumtarmoq tadqiqotlari;
qurilish;
kadrlar tayyorlash;
kredit, kredit-garov, faktoring, kliring, lizing, trast, savdo, sug‘urta va qayta sug‘urta qilish, auditorlik korxonalari, shuningdek, boshqa korxonalar ta’sis etish;
korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishda ko‘maklashish;
venchur loyihalarni mablag‘ bilan ta’minlash yo‘li orqali innovatsiya faoliyati;
huquqiy va konsalting xizmat ko‘rsatish;
tijorat asosida reklama, noshirlik, o‘quv faoliyatini amalga oshirish;
tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, shu jumladan, xorijiy firmalarning ishonchnomasi bo‘yicha ularning O‘zbekiston Respublikasi moliya va xo‘jalik organlarida manfaatlarini ifodalash;
vositachilik, shu jumladan, savdo-vositachilik va savdo-xarid faoliyatini amalga oshirish.
11. Kompaniya noma’lum muddatga tashkil etiladi.
III. Ustav fondi va mol-mulki
12. Faoliyatni ta’minlash uchun Kompaniya har birining nominal qiymati 25.000 (yigirma besh ming) bo‘lgan 200.000 (ikki yuz ming) aksiyalarga ajratilgan 5.000.000.000 (besh milliard) so‘m-kupon miqdorida ustav fondi tashkil etadi.
13. Kompaniya barcha qatnashchilarining ulushlari O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasida baholanadi.
14. Ta’sischilarning Kompaniya ustav fondidagi ulushlari quyidagi miqdorlarni tashkil etadi:
Yengil sanoat tovarlari ishlab chiqarish (“O‘zbekyengilsanoat”) davlat uyushmasi — 1.5 mlrd so‘m-kupon yoki 60.000 aksiya
Toshkent “Toshkent to‘qimachilik kombinati” ip gazlama ishlab chiqarish birlashmasi — 30 mln so‘m-kupon yoki 1.200 aksiya
Toshkent charm-mo‘yna zavodi — 30 mln so‘m-kupon yoki 1.200 aksiya
Toshkent “O‘zbekiston” charm-poyabzal ishlab chiqarish birlashmasi — 20 mln so‘m-kupon yoki 800 aksiya
Toshkent 2-poyabzal ishlab chiqarish birlashmasi — 30 mln so‘m-kupon yoki 1.200 aksiya
15. Umumiy summasi 3.39 mlrd so‘m-kupon bo‘lgan qolgan 64400 aksiya “O‘zbekyengilsanoat” uyushmasi mehnat jamoalari a’zolari hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida sotiladi.
16. Ta’sischi ustav fondidagi o‘z ulushini faqat Kompaniya boshqaruvining ruxsati bilan berish (sotish)ga haqlidir.
17. Agar ilgari chiqarilgan barcha aksiyalarga haq nominaldan past bo‘lmagan qiymat bo‘yicha to‘langan bo‘lsa Kompaniya ustav fondini ko‘paytirishga haqlidir. Ustav fondini ko‘paytirish yangi aksiyalar chiqarish yoxud ularning nominal qiymatini oshirish vositasida amalga oshiriladi.
Kompaniya qatnashchilari qo‘shimcha ravishda chiqarilgan aksiyalarni sotib olishda imtiyozli huquqdan foydalanadilar.
18. Ustav fondini ko‘pi bilan 30% ga ko‘paytirish Kompaniya boshqaruvining qarori bilan amalga oshirilishi mumkin. Boshqa hollarda ustav fondini ko‘paytirish aksionerlarning Umumiy yig‘ilishi qarori bilan amalga oshiriladi.
19. Ustav fondini kamaytirish aksiyalarning nominal qiymatini kamaytirish yoki aksiyalarni bekor qilish maqsadida saqlovchilardagi aksiyalarning bir qismini sotib olish yo‘li bilan aksiyalar sonini qisqartirish orqali amalga oshiriladi.
Aksiyalar ustav fondining miqdorini kamaytirish to‘g‘risidagi qaror barcha aksionerlarga ma’lum qilingan kundan boshlab bir yil to‘lgandan keyin bekor qilish uchun taqdim etilmagan aksiyalar haqiqiy emas deb tan olinadi.
Ustav fondini kamaytirish to‘g‘risidagi qaror uni ko‘paytirish to‘g‘risidagi qarorga o‘xshash tartibda qabul qilinadi.
20. Kompaniya qo‘shimcha mablag‘larni jalb etish uchun obligatsiyalar chiqarishi hamda ularni yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida tarqatishi mumkin. Obligatsiyalarning jami qiymati ustav fondi miqdorining 20 foizidan oshmasligi kerak. Obligatsiyalar chiqarish ilgari chiqarilgan barcha aksiyalarning haqi to‘langandan keyin amalga oshirilishi mumkin.
21. Obligatsiyalar chiqarish zayomning maqsadi, summasi va muddatini, chiqariladigan Obligatsiyalar sonini, ularning nominal va chiqarish bahosini, foizlar miqdorini va ularni to‘lash muddatlarini, qarzni uzish muddatlari va usullarini belgilovchi aksionerlarning Umumiy yig‘ilishi qarori bo‘yicha amalga oshiriladi.
22. Kompaniya alohida mol-mulkka (shu jumladan, xorijiy valyutaga) ega bo‘ladi, mazkur mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini amalga oshiradi.
23. Quyidagilar kompaniya mol-mulkini shakllantirish manbalari hisoblanadi;
a) ta’sischilar tomonidan Kompaniyaga mulk qilib berilgan mol-mulk;
b) xo‘jalik faoliyatidan olingan daromadlar;
v) tekin xayriya badallari;
g) qiymatli qog‘ozlar chiqarishdan olingan mablag‘lar;
d) O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
24. Qatnashchining Kompaniya ustav fondiga qo‘shadigan ulushi mol-mulk (binolar, inshootlar) va boshqa moddiy boyliklar, qiymatli qog‘ozlardan, suv, yer va boshqa tabiiy resurslar, binolar, inshootlar va asbob-uskunalardan foydalanish huquqidan, shuningdek, boshqa mulkiy va nomulkiy huquqlardan, pul mablag‘laridan iborat bo‘lishi mumkin.
Ulush sifatida qo‘shiladigan mol-mulkning qiymati Kompaniya qatnashchilarining qo‘shma qarori bilan belgilanadi.
Pul ifodasida baholangan ustav fondiga qo‘shilgan ulush qatnashchining ustav fondidagi ulushini tashkil etadi.
25. Mol-mulk aksioner tomonidan Kompaniyaga faqat vaqtincha foydalanish uchun berilgan hollarda ulush miqdori va tegishli ravishda aksionerning ulushi undan foydalanish muddati bo‘yicha hisoblab chiqilgan ijara to‘lovidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Kompaniyaning foydalanishi uchun berilgan mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lishi yoki shikastlanishi bilan bog‘liq xarajatlarni Kompaniya o‘z zimmasiga oladi.
26. Kompaniyaga berilgan mol-mulk hisobiga aksionerga aksiyalarning tegishli miqdorini — sertifikatni sotish uchun yozma majburiyat beriladi.
IV. Aksiyalar
27. Kompaniya oddiy, nomi yozilgan aksiyalar chiqaradi. Kompaniya mehnat jamoasining o‘z a’zolariga 3 yil muddatga aksiyalar sotib olishi uchun foizsiz kredit berishi mumkin. Ana shu usulda sotib olingan aksiyalarning umumiy summasi ustav fondining 10 foizidan oshmasligi kerak. Kreditni uzish uchun dividendlarni to‘lashga mo‘ljallangan summadan (ulardan soliq to‘langandan keyin) birinchi navbatda foydalaniladi.
28. Aksiyalar aksionerlar tomonidan quyidagi tartibda sotib olinadi:
xarid qilish yo‘li bilan;
opsion yo‘li bilan;
meros tartibida va boshqa vorislik huquqi tartibida;
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa usullar bilan.
29. Aksiyalar bo‘linmasdir. Aynan bir aksiyaning o‘zi bir necha shaxslarga tegishli bo‘lgan hollarda ularning barchasi Kompaniyaga nisbatan bir aksioner deb tan olinadi va o‘z huquqlarini ulardan biri yoki umumiy vakil orqali amalga oshirishlari mumkin.
30. Kompaniya aksiyalar tayyorlanguniga qadar, belgilangan tartibda, ular o‘rniga aksionerlarga aksiyalar qiymatiga muvofiq summaga sertifikat beradi.
31. Aksiyalarni sotib olish to‘lovlari to‘liq yoki quyidagi tartibda amalga oshiriladi: dastlabki badal sotib olingan aksiyalar nominal qiymatining kamida 30 foizi miqdorida bir vaqtda amalga oshiriladi, keyingi to‘lovlarda esa yilning har choragida teng ulushlarda Kompaniya ro‘yxatga olingandan keyingi bir yil davomida to‘lanadi.
Agar aksioner o‘zi olgan aksiyalarni yil davomida sotib olmasa, u muddati o‘tkazib yuborilgan vaqt uchun muddati o‘tkazib yuborilgan summaning 25 foizi miqdorida qo‘shimcha pul to‘laydi.
32. Aksionerlarni ro‘yxatga olish daftariga kiritish sotib olingan aksiyalarning 30 foizi miqdorida dastlabki to‘lov to‘langandan keyin amalga oshiriladi.
33. Aksiyalarning muomalada bo‘lish tartibi, ularni sotish tartibi, aksiyalar egalarining huquq va majburiyatlari amaldagi qonun hujjatlariga, mazkur Ustavga, Kompaniya aksiyalari to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq belgilanadi.
V. Huquq va majburiyatlari
34. Kompaniya o‘z maqsadlariga erishish uchun quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
o‘z nomidan shartnomalar, kontraktlar tuzish, boshqa yuridik harakatlarni, shu jumladan, kredit va veksel operatsiyalarini amalga oshirish, binolar, inshootlar, korxonalar, transport vositalarini va boshqa ko‘char va ko‘chmas mulkni sotib olish, ijaraga olish, berish;
istalgan moliya-kredit muassasalarida hisob-kitob va boshqa schyotlar ochish hamda ular orqali o‘z kontragentlari bilan kelishgan holda cheklashlarsiz naqd pulsiz hisob-kitob bo‘yicha, naqd pul yoki boshqa mablag‘lar bilan milliy va xorijiy valyutada operatsiyalarni amalga oshirish;
belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;
o‘zining banklardagi schyotiga o‘tkaziladigan o‘z pul mablag‘larini mustaqil sarflash;
milliy yoki xorijiy valyutadagi kreditlardan foydalanish;
ixtiyoriy birlashmalarga kirish, qo‘shma korxonalar, uyushmalar, korporatsiyalarning ta’sischisi bo‘lish, ularning faoliyatida qatnashish, tijorat asosida ularga mablag‘ qo‘yish;
belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida o‘z shu’ba korxonalarini, filiallari va vakolatxonalarini tashkil etish, ularning ustavlarini va ular to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash.
Chet elda shu’ba korxonalar, filiallar va vakolatxonalar tashkil etish to‘g‘risidagi qaror Kompaniya tomonidan amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq qabul qilinadi;
moliyaviy mablag‘larni, intellektual mulk obyektlarini, fuqarolar va yuridik shaxslarning mol-mulkini va alohida mulkiy va nomulkiy huquqlarni shartnoma asosida jalb etish va ulardan foydalanish. Litsenziyalar va patentlar sotib olish;
Kompaniyani rivojlantirish dasturini mustaqil shakllantirish, kontragentlarni tanlash, o‘zaro munosabatlar tartibini belgilash;
Kompaniyani boshqarish bo‘yicha ma’muriy-boshqaruv faoliyatini mustaqil belgilash, xodimlarni ishga yollash va ishdan bo‘shatish;
Kompaniya oladigan foydani Kompaniya Ustaviga muvofiq tasarruf etish;
fuqarolarga, yuridik shaxslarga, davlat boshqaruvi organlariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda sudda (xo‘jalik sudida) da’vogar va javobgar bo‘lish.
35. Kompaniya quyidagilarga majburdir:
o‘z faoliyatini amaldagi qonun hujjatlariga, mazkur Ustavga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirish;
o‘z xodimlarini hamda shartnoma (kontrakt) bo‘yicha ishlovchi shaxslarni amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq mehnat shartnomasi kontrakt)da kelishilgan majburiy tibbiy sug‘urta va sug‘urtaning boshqa turi bilan ta’minlash.
36. Kompaniya aksionerlari quyidagi huquqlarga egadir:
Kompaniyaning umumiy yig‘ilishlarida shaxsan yoki o‘z vakili orqali qatnashish yo‘li bilan Kompaniya ishlarini boshqarish;
Umumiy yig‘ilishda nazarda tutilgan tartibda aksionerlar o‘rtasida taqsimlanishi kerak bo‘lgan foyda (dividendlar) ulushini olish;
Kompaniyaning boshqaruv va nazorat organlariga saylash va saylanish;
Kompaniyaning boshqaruv organlaridan Kompaniya faoliyati to‘g‘risidagi zarur axborotni olish.
37. Kompaniya aksionerlari quyidagilarga majburdir:
Kompaniya Ustavi qoidalariga va boshqa ichki normativ hujjatlarga rioya etish;
Kompaniyaga nisbatan o‘z zimmasiga qabul qilgan majburiyatlarni bajarish;
Kompaniya aksionerlari Umumiy yig‘ilishi tomonidan qabul qilingan qarorlarni qat’iy bajarish.
VI. Daromad (foyda)ni taqsimlash va zararlarni qoplash tartibi
38. Foyda moddiy va unga tenglashtirilgan xarajatlar qoplangandan keyin, shu jumladan, mehnatga haq to‘lash xarajatlari, bank krediti bo‘yicha foizlar to‘langandan keyin Kompaniya faoliyatidan olingan tushumdan shakllanadi.
39. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq balans foydadan soliq stavkalari bo‘yicha budjetga to‘lovlar to‘lanadi.
40. Shundan keyin vujudga kelgan sof foyda Kompaniyaning to‘liq tasarrufida qoladi va Kompaniyaning quyidagi jamg‘armalarini shakllantirishga sarflanadi:
a) tavakkal qilish jamg‘armasi;
b) iste’mol, ijtimoiy rivojlantirish va ishlab chiqarishni rivojlantirish jamg‘armasi;
va, bundan tashqari, dividendlarga va xayriya faoliyatiga to‘lovlar.
41. Tavakkal qilish jamg‘armasi ustav fondining 15 foizini tashkil etadi hamda fond tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan miqdor uning summasining 5 foizi miqdorida sof foydadan yillik ajratma hisobidan shakllantiriladi.
42. Zararlarni qoplash tavakkal qilish jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.
43. Aksionerlarga dividendlar to‘lash to‘liq moliya yili yakunlari bo‘yicha taftish komissiyasining xulosasidan keyin Kompaniya balansi bo‘yicha amalga oshiriladi.
44. Kompaniya majburiyatlar bo‘yicha faqat o‘z mol-mulki bilan javob beradi. Aksionerlar Kompaniyaning majburiyatlari bo‘yicha o‘zlariga tegishli bo‘lgan aksiyalar qiymati doirasida javob beradilar. Aksiyalarning haqini to‘liq to‘lamagan aksionerlar Kompaniya majburiyatlari va to‘lanmagan summa, doirasida javob beradilar. Kompaniya aksionerlarning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
VII. Boshqaruv va nazorat organlarining tarkibi va vakolatlari
45. Quyidagilar Kompaniyaning boshqaruv organlari hisoblanadi:
a) aksionerlarning Umumiy yig‘ilishi;
b) boshqaruv;
v) ijro etuvchi direksiya.
46. Bir yilda kamida bir marta chaqiriladigan aksionerlarning Umumiy yig‘ilishi Kompaniyaning yuqori organi hisoblanadi. Aksionerlarning navbatdan tashqari yig‘ilishlari quyidagi hollarda chaqiriladi:
a) ustav fondi ancha, 30 foizdan ortiq ko‘payganda yoki kamayganda;
b) uzoq vaqt zarar ko‘rgan holda faoliyat ko‘rsatilganda;
v) Kompaniya boshqaruvi va ijro etuvchi direksiyasining tashabbusi bo‘yicha.
47. Quyidagilar aksionerlar Umumiy yig‘ilishining mutlaq vakolatiga kiradi;
a) Kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini aniqlash, uning rejalarini va ularning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni tasdiqlash;
b) Kompaniya Ustavini o‘zgartirish;
v) Kompaniya boshqaruvi a’zolarini saylash va chaqirib olish;
g) taftish komissiyasi a’zolarini saylash va chaqirib olish;
d) Kompaniya, shu jumladan, uning filiallari faoliyatining yillik natijalarini tasdiqlash, taftish komissiyasining hisobotlari va xulosalarini, foyda va zararlarni taqsimlash tartibini tasdiqlash;
e) Kompaniya faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilish, tugatish komissiyasini tayinlash, tugatish balansini tasdiqlash.
Aksionerlarning Umumiy yig‘ilishi o‘z vakolatlarining bir qismini Kompaniyaning boshqaruviga va ijro etuvchi direksiyasiga berishi mumkin.
48. Aksionerlarning Umumiy yig‘ilishlari o‘rtasidagi davrda Kompaniya faoliyatini Kompaniya boshqaruvi muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi, boshqaruvni saylash tartibi aksionerlarning Umumiy yig‘ilishi tomonidan belgilanadi.
49. Boshqaruv vakolatiga quyidagilar kiradi:
a) ijro etuvchi direksiya faoliyatini nazorat qilish;
b) Kompaniyaning moliyaviy ishlari natijalarini tahlil qilish va baholash;
v) kelgusida qiymatli qog‘ozlar chiqarish to‘g‘risidagi qarorni baholash;
g) o‘z vakolati doirasida ustav fondini o‘zgartirish;
d) filiallar va vakolatxonalarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish;
e) Kompaniyaning mansabdor shaxslarini mulkiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida qarorlar chiqarish;
j) Kompaniyaning protsedura qoidalarini va boshqa ichki hujjatlarini tasdiqlash, Kompaniyaning tashkiliy tuzilishini belgilash;
z) Kompaniya tomonidan chiqariladigan aksiyalarni sotib olish to‘g‘risidagi masalani hal etish;
i) Kompaniya, uning filiallari va vakolatxonalari mansabdor shaxslari mehnatiga haq to‘lash shartlarini belgilash.
50. Kompaniya boshqaruvi aksionerlarning Umumiy yig‘ilishiga hisob beradi hamda uning qarorlari bajarilishini tashkil etadi.
51. Kompaniya boshqaruvining raisi:
a) Kompaniyaga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
b) shuba korxonalar, filiallar, vakolatxonalar va boshqa tarkibiy bo‘linmalarning ustavlarini va ular to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
v) o‘z o‘rinbosarlari, boshqaruv a’zolari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi, ularning vakolatlarini belgilaydi;
g) farmoyishlar chiqaradi va yo‘riqnomalarni tasdiqlaydi;
d) departamentlar direktorlarini ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi;
e) Kompaniya nomidan ishonchnomasiz ish ko‘rishga, bu huquqni o‘z o‘rinbosarlariga berishga haqlidir;
j) Kompaniyaning moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq masalalarni hal etadi.
52. Ijro etuvchi direksiya ishiga departamentlar direktorlari rahbarlik qiladilar, ular nomzodlari boshqaruvda ko‘rib chiqilgandan keyin Kompaniya boshqaruvi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadilar.
Direksiya nomidan ishonchnomasiz ish ko‘rish, shartnomalar, shu jumladan, mehnat shartnomalari tuzish hamda aksionerlar Umumiy yig‘ilishi va Kompaniya boshqaruvining mutlaq vakolatiga kiradigan masalalardan tashqari moliya-xo‘jalik faoliyatining barcha masalalarini hal etish huquqi Kompaniya boshqaruvining qarori bilan departamentlar direktorlaridan biriga yuklanadi.
53. Kompaniya ijro etuvchi organlarining moliya-xo‘jalik faoliyati ustidan nazoratni aksionerlarning Umumiy yig‘ilishida ta’sischilar va aksionerlarning uch vakilidan iborat tarkibi saylanadigan taftish komissiyasi amalga oshiradi.
54. Kompaniya, uning shu’ba korxonalari, filiallari, vakolatxonalari va boshqa tarkibiy bo‘linmalarining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish aksionerlar Umumiy yig‘ilishining, Kompaniya boshqaruvining topshirig‘i bo‘yicha, shuningdek, o‘z tashabbusi bilan yoxud aksiyalarning 10 foizdan ko‘piga egalik qilgan aksionerlarning talabi bo‘yicha taftish komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi. Kompaniyaning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish shuningdek, moliya va soliq organlari, boshqa davlat organlari tomonidan (ularning vakolatlari doirasida) ham amalga oshiriladi.
55. Taftish komissiyasi Kompaniyaning mansabdor shaxslaridan unga barcha zarur materiallarni, buxgalteriya hujjatlarini yoki boshqa hujjatlarni va shaxsiy tushuntirishlarni taqdim etishni talab qilishga haqlidir.
56. Taftish komissiyasining raisi Kompaniya boshqaruvining majlislarida maslahat ovozi bilan qatnashishga haqlidir.
57. Taftish komissiyasi tekshirishlar natijalari to‘g‘risida aksionerlarning Umumiy yig‘ilishiga yoki Kompaniya boshqaruviga axborot beradi.
58. Taftish komissiyasi yillik hisobotlar va balanslar bo‘yicha xulosalar tuzadi. Kompaniya balansi taftish komissiyasining xulosasisiz aksionerlarning Umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlanishi mumkin emas.
VIII. Boshqaruv organlari tomonidan qaror qabul qilish tartibi
59. Nominal qiymati 25.000 so‘m-kupon bo‘lgan bir aksiyaning egasi aksionerlar Umumiy yig‘ilishida bitta ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi.
60. Kompaniya boshqaruvi aksionerlarni Umumiy yig‘ilish chaqirilishi to‘g‘risida mo‘ljallanayotgan kundan kamida 45 kun oldin xabardor qiladi. Shoshilinch hollarda boshqaruvning qarori bilan aksionerlarning Umumiy yig‘ilishi chaqirilishi to‘g‘risida ko‘rsatib o‘tilgan muddatga rioya qilinmagan holda xabar qilishga yo‘l qo‘yiladi.
Jami 10 foizdan ko‘p ovozga ega bo‘lgan aksionerlar Umumiy yig‘ilish kunidan kamida 40 kun oldin kun tartibiga masalalar kiritilishini talab qilishlari mumkin.
61. Umumiy yig‘ilish, agar unda ovoz beruvchilarning 60 foizidan ko‘pi qatnashgan bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.
Aksionerlar Umumiy yig‘ilishi tomonidan quyidagi masalalarni hal etish uchun aksionerlar yig‘ilishida qatnashayotgan ovozlarning to‘rtdan uch qismidan ko‘pi zarurdir:
a) Kompaniya Ustavini o‘zgartirish;
b) Kompaniya faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilish.
Qolgan barcha masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
62. Kompaniya boshqaruvining qarori, agar hozir bo‘lganlarning soni Kompaniya a’zolari Umumiy sonining uchdan ikki qismidan ko‘pini tashkil etsa, vakolatli hisoblanadi.
63. Kompaniya boshqaruvining vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha Kompaniya boshqaruvining qarorlari oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi hamda raisning farmoyishi bilan rasmiylashtiriladi.
64. Qaror qabul qilishda ovozlar teng bo‘lgan hollarda raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
IX. Hisob va hisobot
65. Kompaniyaning hisob va hisoboti O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
66. Kompaniyaning moliyaviy yili 1-yanvardan boshlanadi va 31-dekabrda tamom bo‘ladi.
67. Kompaniya yilning har choragida keyingi oyning 10-kunidan kechikmay soliq inspeksiyasiga va tuman statistika boshqarmasiga axborot taqdim etadi.
Aksionerlik jamiyati taqdim etilayotgan axborotning ishonchliligi uchun javob beradi.
X. Faoliyatning to‘xtatilishi
68. Kompaniyaning faoliyati:
sinish holatida yoxud uning tomonidan qonunchilik muntazam yoki qo‘pol ravishda buzilgan taqdirda tegishli sud qarori asosida;
Kompaniya boshqaruvining yuqori organi qaroriga binoan;
u tugatilgan va qo‘shib yuborish, birlashtirish, bo‘lish, ajratish yoki qayta tuzish yo‘li bilan qayta tashkil etilgan taqdirda to‘xtatilishi mumkin.
69. Kompaniya boshqaruvi “O‘zbekiston Respublikasida korxonalar to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 38, 39 va 40-moddalariga amal qilgan holda tugatishni o‘tkazish tartibi va muddatlarini, shuningdek, kreditorlar tomonidan da’vo qo‘zg‘ash muddatlarini belgilaydi.
70. Kompaniyani tugatish aksionerlar Umumiy yig‘ilishi tomonidan tayinlanadigan tugatish komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Tugatish komissiyasi tayinlangan paytdan boshlab Kompaniya ishlarini boshqarish bo‘yicha barcha vakolatlar unga o‘tadi.
71. Tugatish komissiyasi tugatish balansini tuzadi va tasdiqlash uchun uni aksionerlarning Umumiy yig‘ilishiga taqdim etadi. Kompaniyaga qatnashchilar tomonidan foydalanish uchun berilgan mol-mulk natural shaklda haq to‘lamay qaytariladi.
72. Kompaniyani tugatishda kreditorlar va aksionerlarning da’volari qondirilgandan keyin qolgan mol-mulk aksiyalarga mutanosib ravishda aksionerlar o‘rtasida taqsimlanadi.