toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul qilish va oʻqitish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash hamda ularni davlat boshqaruvi va xizmatiga samarali jalb etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 5-maydagi PF-78-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul qilish va oʻqitish tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF-78-son Farmonida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul qilish va oʻqitishning alohida tartibini belgilash nazarda tutilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul qilish va oʻqitish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Akademiyada oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul qilish va oʻqitish tartibi;
Akademiyada izlanuvchilar faoliyati samaradorligining monitoringini tashkil etish;
Akademiyada davlat siyosati va boshqaruvi sohasida yaxlit ilmiy tadqiqotlar tizimini yaratish.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 19-fevral,
70-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-fevraldagi 70-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul qilish va oʻqitish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul qilish va oʻqitish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
talabgor oliy taʼlimdan keyingi taʼlimda oʻqish uchun hujjat topshirgan shaxs;
izlanuvchi falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasini tayyorlayotgan shaxs;
tayanch doktorantura falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) ilmiy darajasiga daʼvogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosligi boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim shakli;
doktorantura fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasiga daʼvogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosligi boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim shakli;
mustaqil izlanuvchilik falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajalariga daʼvogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosligi boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim shakli;
oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi (keyingi oʻrinlarda — Yagona elektron tizim) — oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlariga qabul qilish, stajyor-tadqiqotchi va izlanuvchilarning yakka tartibdagi rejalari bajarilishiga oid hisobotlarni shakllantirish boʻyicha hujjatlarning elektron almashinuvini tashkil etishga moʻljallangan axborot tizimi;
dissertatsiya rejasining mufassal loyihasi tadqiqot ishi loyihasining maqsadi va vazifalari, obyekti va predmeti, bajarish muddatlari, kutilayotgan ilmiy natijalari va boshqa zarur tadbirlar majmui.
3. Akademiyada oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning asosiy maqsadi davlat siyosati va boshqaruvi, davlat xizmati, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari, hududlarni boshqarish va rivojlantirish hamda inson resurslarini boshqarish, boshqaruv fani sohalari boʻyicha fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishdan iboratdir.
Akademiya kengashi tomonidan izlanuvchilar uchun oliy taʼlimdan keyingi taʼlim jarayonida amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishlari belgilanadi.
Akademiyada mavjud oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari boʻyicha dissertatsiya mavzulari Akademiya maktablari va markazlarida tashkil etiladigan laboratoriya va loyiha ofislarida shakllantiriladi.
Tanlangan tadqiqot mavzusi asosida izlanuvchilar Akademiya kengashi qaroriga muvofiq Akademiyaning tegishli maktablari va markazlariga biriktiriladi.
4. Akademiyada oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul quyidagi taʼlim shakllari boʻyicha tashkil etiladi:
tayanch doktorantura;
doktorantura;
mustaqil izlanuvchilik.
5. Akademiyada oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni ochish, uni toʻlov-kontrakt asosida tashkil etish, qabul kvotasini shakllantirish, tayanch doktorant, doktorant hamda mustaqil izlanuvchilarning oʻqish muddati va stipendiya toʻlash tartibini belgilash, oliy taʼlimdan keyingi taʼlimdan chetlatish, ilmiy rahbar va konsultantlarni tayinlash hamda ularga haq toʻlash, shuningdek, mutaxassisligi oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosligi fan sohalari mos kelmaganda yoki oliy taʼlimdan keyingi taʼlimda fanning turdosh sohalari boʻyicha olish rejalashtirilganda, talabgorlarga qoʻshimcha imtihonlarni belgilash kabi masalalar hamda ushbu Nizomda qamrab olinmagan boshqa holatlar Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan talablar va muddatlar asosida amalga oshiriladi.
6. Akademiyada oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-iyuldagi 606-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni maqsadli tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan talablar va muddatlar asosida maqsadli tayyorlanadi.
7. Izlanuvchilarning har yilgi yakka tartibdagi rejasi Akademiya kengashi qarori bilan tasdiqlanadi va “Raqamli akademiya” platformasi hamda Yagona elektron tizimga yuklanadi.
Akademiya tayanch doktorantlari va doktorantlari dissertatsiyani himoya qilgungacha, shuningdek, oʻqishning butun davri davomida jamoatchilik asosida kamida 100 soat hajmda Akademiyada oʻquv mashgʻulotlarini oʻtish meʼyorlari belgilanadi va ushbu meʼyor ularning yakka tartibdagi rejasiga kiritiladi.
2-bob. Akademiyada oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni tashkil etish tartibi
8. Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul hujjatlari Yagona elektron tizim yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali topshiriladi.
9. Akademiyada tayanch doktorantura hamda doktorantura bosqichiga oʻqishga qabul qilish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq tashkil etiladi.
Akademiyaning rasmiy veb-saytida va ommaviy axborot vositalarida har yili 1-sentabrga qadar qabul toʻgʻrisida eʼlon beriladi.
Tayanch doktorantura va doktoranturaga oʻqishga kirish uchun hujjatlar Yagona elektron tizim yoki YIDXP orqali har yili 15-sentabrdan 15-oktabrga qadar qabul qilinadi.
Tayanch doktorantura va doktoranturaga kirish imtihonlari har yili 1-noyabrdan 25-noyabrga qadar oʻtkaziladi.
Tayanch doktorantura va doktoranturaga kirish imtihonlari natijalari boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan talabgorlar ajratilgan qabul kvotasidan kelib chiqib, qabul komissiyasi tomonidan 30-noyabrga qadar qabul qilinadi.
Akademiya kengashi qaroriga asosan tayanch doktorantura va doktoranturaga oʻqishga qabul qilish Akademiya rektori buyrugʻi bilan har yili 5-dekabrga qadar rasmiylashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi sohiblari tayanch doktorantura va doktoranturaga kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi.
10. Akademiyada mustaqil izlanuvchilikka oʻqishga qabul qilish ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq tashkil etiladi.
Akademiyaning rasmiy veb-saytida va ommaviy axborot vositalarida har chorakda birinchi oyning 15-sanasidan keyingi oyning 15-sanasiga qadar qabul toʻgʻrisida eʼlon beriladi.
Tegishli hujjatlar Yagona elektron tizim yoki YIDXP orqali har chorakda 1 oy davomida qabul qilinadi.
Mustaqil izlanuvchilikka talabgorlarni tanlab olish maqsadida har chorakning soʻnggi oyiga qadar suhbat oʻtkaziladi.
Akademiya kengashi qaroriga asosan mustaqil izlanuvchilikka qabul qilish Akademiya rektori buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
Akademiyada tadqiqot jarayonlari ilgʻor xorijiy tajribalarga muvofiq Taʼlimni boshqarish tizimi (LMS) va “Raqamli akademiya” platformasi orqali tashkil etiladi.
3-bob. Akademiyada oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabulni tashkil etish
11. Akademiyada rektor raisligida tegishli ixtisosliklar boʻyicha yetakchi olimlar va mustaqil ekspertlardan (kamida 7 kishidan) iborat tarkibda qabul komissiyasi tashkil etiladi.
Qabul komissiyasi raisi qabul komissiyasi aʼzolari vazifalarini belgilaydi va ularning rejalarini tasdiqlaydi.
Qabul komissiyasi kirish imtihonlari boʻyicha mutaxassislikning mohiyatidan kelib chiqib savollar tuzadi.
Qabul komissiyasi kirish imtihonlarini yuqori saviyada oʻtkazish va imtihon paytida xolislikni taʼminlashga masʼul hisoblanadi.
12. Kirish imtihonini oʻtkazishning aniq sanasi va shakli (yozma, ogʻzaki, test) qabul komissiyasi raisi tomonidan belgilanadi.
13. Tayanch doktoranturaga quyidagilarga ega boʻlgan talabgorlarning hujjatlari qabul qilinadi:
magistr darajasi, oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom (mutaxassislik dasturlari boʻyicha);
dissertatsiya rejasining mufassal loyihasi;
falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin boʻlgan ilmiy natijalar, shu jumladan, Oliy attestatsiya komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — OAK) tomonidan belgilangan ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida uchta maqola hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va tegishli ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy ishlar toʻplamlarida chop etilgan kamida uchta tezis;
xorijiy tilni kamida V2 darajasida bilishini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikat.
14. Doktoranturaga quyidagilarga ega boʻlgan talabgorlarning hujjatlari qabul qilinadi:
fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) yoxud ularga tenglashtirilgan xorijiy davlatlarda olingan ilmiy daraja;
dissertatsiya rejasining mufassal loyihasi;
fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi yoxud ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar olgandan soʻng muhim ilmiy yutuqlarga erishish, shu jumladan, fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin boʻlgan OAK tomonidan belgilangan ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida beshta ilmiy maqola hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va tegishli ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy ishlar toʻplamlarida chop etilgan kamida beshta tezis;
xorijiy tilni kamida V2 darajasida bilishini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikat.
15. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun mustaqil izlanuvchilikka quyidagilarga ega boʻlgan talabgorlarning hujjatlari qabul qilinadi:
magistr darajasi, oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom (mutaxassislik dasturlari boʻyicha);
dissertatsiya rejasining mufassal loyihasi;
falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin boʻlgan ilmiy natijalar, shu jumladan, OAK tomonidan belgilangan ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida uchta maqola hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va tegishli ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy ishlar toʻplamlarida chop etilgan kamida uchta tezis;
xorijiy tilni kamida V2 darajasida bilishini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikat.
16. Fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun mustaqil izlanuvchilikka quyidagilarga ega boʻlgan talabgorlarning hujjatlari qabul qilinadi:
fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) yoxud ularga tenglashtirilgan xorijiy davlatlarda olingan ilmiy daraja;
dissertatsiya rejasining mufassal loyihasi;
fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi yoxud ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar olgandan soʻng muhim ilmiy yutuqlarga erishish, shu jumladan, fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin boʻlgan OAK tomonidan belgilangan ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida beshta ilmiy maqola hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va tegishli ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy ishlar toʻplamlarida chop etilgan kamida beshta tezis;
xorijiy tilni kamida V2 darajasida bilishini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikat.
17. Talabgorlarning kirish imtihonlarini baholash mezonlari oldindan Akademiyaning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
18. Akademiyada tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchilikka qabul qilish boʻyicha tanlov har biri 100 balli baholash tizimiga asoslangan quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqich — talabgorlar mutaxassislik fanlaridan imtihon (yozma, ogʻzaki, test) topshiradi;
ikkinchi bosqich — talabgorlar dissertatsiya rejasining mufassal loyihasini taqdimot qiladi.
19. Qabul komissiyasi tomonidan talabgorlarning dissertatsiya rejasining mufassal loyihasi ushbu Nizomga 3-ilovada keltirilgan mezonlar asosida 100 balli tizimda baholanadi.
20. Imtihon boʻyicha talabgorlarning yakuniy natijalari qabul komissiyasining har bir aʼzosi tomonidan qoʻyilgan ballar umumiy yigʻindisining oʻrtachasidan kelib chiqib aniqlanadi.
Imtihon yakuniga koʻra qabul komissiyasi talabgorlarning ballarini koʻrsatgan holda tegishli bayonnoma tuzadi va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Akademiya kengashiga taqdim etadi.
21. Talabgorlarning yakuniy natijalari qabul komissiyasi tomonidan mutaxassislik fanlaridan imtihon va dissertatsiya rejasining mufassal loyihasi taqdimoti natijalaridan olingan ballar qoʻshilgan holdagi umumiy balldan kelib chiqib, eng yuqori ball toʻplagan talabgorlarning qabul kvotalari boʻyicha birinchi navbatda qabul qilinishi taʼminlanadi.
22. Talabgorlarning kirish imtihoni jarayonlarining barcha bosqichlari shaffof va adolatli oʻtkaziladi. Qabul komissiyasi tomonidan kirish imtihoni jarayonlari videotasvirga yozib olinadi.
23. Kirish imtihonlari natijalari haqidagi maʼlumotlar imtihonlar yakunlangandan soʻng Akademiyaning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
4-bob. Talabgorlarning shikoyatlarini koʻrib chiqish tartibi
24. Akademiya rektorining buyrugʻi bilan talabgorlarning shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasi tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasining tarkibiga qabul komissiyasi aʼzolari kiritilmaydi.
25. Kirish imtihoni natijalari boʻyicha talabgorlarning shikoyatlari, natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab ikki ish kuni ichida qabul komissiyasiga yozma shaklda taqdim etiladi.
Talabgorlar shikoyatlarini “Raqamli akademiya” platformasi, Yagona elektron tizim va YIDXP orqali elektron shaklda yuborishlari mumkin.
26. Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni shikoyat berilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida koʻrib chiqadi va qaror qabul qilingan kuni talabgorni shikoyat qanoatlantirilgani yoki qanoatlantirish rad etilganini koʻrsatgan holda, yozma ravishda xabardor qiladi.
Bunda Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni koʻrib chiqish natijalariga koʻra quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
shikoyatni asosli deb hisoblash hamda uni qanoatlantirish;
shikoyatni asossiz deb hisoblash hamda uni qanoatlantirishni rad etish.
27. Talabgor murojaatni koʻrib chiqishda shaxsan ishtirok etish huquqiga ega.
5-bob. Izlanuvchilar faoliyati samaradorligining monitoringi
28. Ilmiy rahbar umumiy oʻquv yuklamasiga kiritilgan soatlar boʻyicha izlanuvchilarning nazariy-metodologik dasturni oʻzlashtirishlari uchun har oyda dars oʻtadi.
29. Izlanuvchilar har chorakda dissertatsiya mavzusi boʻyicha tasdiqlangan yakka tartibdagi rejasi boʻyicha bajargan ishlari natijalarini “Raqamli akademiya” platformasi va Yagona elektron tizimga kiritib boradi.
30. Akademiyada oliy taʼlimdan keyingi taʼlimda tahsil olayotgan izlanuvchilarning faoliyati samaradorligi har chorakda monitoring qilib boriladi.
Monitoring uchun Akademiyaning oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga masʼul boʻlinmasi tomonidan ishchi guruh tuziladi va Akademiya rektori tomonidan tasdiqlanadi.
31. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun izlanuvchilar faoliyati samaradorligining monitoringi quyidagi mezonlar boʻyicha amalga oshiriladi:
a) oʻqishning birinchi yilida:
dissertatsiya mavzusi boʻyicha tasdiqlangan yakka tartibdagi rejaning mavjudligi va uning bajarilishi;
ixtisoslik boʻyicha tasdiqlangan nazariy-metodologik dasturning mavjudligi va uning bajarilishi;
tegishli jurnallarda dissertatsiya mavzusi boʻyicha kamida ikkita ilmiy maqolaning chop etilgani;
ilmiy konferensiyada dissertatsiya mavzusi boʻyicha maʼruza bilan ishtirok etgani;
tadqiqotning nazariy asoslari, mavzu boʻyicha ilmiy adabiyotlar tahlili, metodologiya va tadqiqot konsepsiyasi boʻyicha tahliliy umumlashtiruvchi maʼlumotning mavjudligi;
Akademiya ilmiy seminarida dissertatsiya mavzusiga doir tahliliy umumlashtiruvchi maʼlumot natijalari boʻyicha (ilmiy rahbar bilan birgalikda) maʼruza qilgani;
Akademiyaning ichki tartib-qoidalariga rioya qilgani;
b) oʻqishning ikkinchi yilida:
tegishli jurnallarda dissertatsiya mavzusi boʻyicha hisobot davrida chop etilgan kamida ikkita ilmiy maqolaning mavjudligi;
dissertatsiya mavzusi boʻyicha hisobot davrida xalqaro ilmiy konferensiya materiallarida kamida ikkita chop etilgan maʼruza tezisining mavjudligi;
tegishli xorijiy jurnallarda dissertatsiya mavzusi boʻyicha kamida ikkita chop etilgan ilmiy maqola mavjudligi;
Akademiya ilmiy seminarida dissertatsiya ishining dastlabki natijalari boʻyicha (mustaqil) maʼruza bilan ishtirok etgani;
dissertatsiya mavzusi boʻyicha amaliy tadqiqotlar, maʼlumotlar tahlili va tajriba-sinov ishlari olib borilgani;
dissertatsiya mavzusi boʻyicha yakka tartibdagi rejasining bajarilishi boʻyicha hisobot bergani;
Akademiyaning ichki tartib-qoidalariga rioya qilingani;
v) oʻqishning uchinchi yilida:
jurnallarda, shu jumladan, xorijiy jurnallarda soni belgilangan talablarga muvofiq chop etilgan ilmiy maqolalari mavjudligi;
OAK talablariga muvofiq tayyorlangan tugallangan dissertatsiya ishi, avtoreferatining mavjudligi;
Akademiya maktablari majlislarida dissertatsiya va avtoreferatining koʻrib chiqilgani va muhokama qilingani;
Akademiyaning ichki tartib-qoidalariga rioya qilingani.
32. Fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun izlanuvchilar faoliyati samaradorligining monitoringi quyidagi mezonlar boʻyicha amalga oshiriladi:
a) oʻqishning birinchi yilida:
dissertatsiya mavzusi boʻyicha yakka tartibdagi rejaning mavjudligi va uning bajarilgani;
dissertatsiyaning birinchi va ikkinchi boblari tayyorligi;
dissertatsiya mavzusi boʻyicha tegishli jurnallarda kamida beshta ilmiy maqola chop etilgani;
dissertatsiya mavzusi boʻyicha respublika va xalqaro ilmiy konferensiyalar materiallarida kamida uchta maʼruza tezisi chop etilgani;
dissertatsiya mavzusi boʻyicha ilmiy konferensiya yoki seminarda maʼruza qilgani;
tadqiqotning nazariy asoslari, mavzu boʻyicha ilmiy adabiyotlar tahlili, metodologiya va tadqiqot konsepsiyasi boʻyicha tahliliy sharh;
tadqiqotning nazariy asoslari, mavzu boʻyicha ilmiy adabiyotlar tahlili, metodologiya va tadqiqot konsepsiyasi boʻyicha tahliliy sharh natijalari boʻyicha seminarda soʻzga chiqqani;
Akademiyaning ichki tartib-qoidalariga rioya qilgani;
b) oʻqishning ikkinchi yilida:
dissertatsiyaning uchinchi va toʻrtinchi boblari tayyorligi;
tegishli jurnallarda dissertatsiya mavzusi boʻyicha hisobot davrida chop etilgan kamida toʻrtta ilmiy maqola eʼlon qilingani (shu jumladan, ikkitasi xorijda);
dissertatsiya mavzusi boʻyicha xalqaro va respublika ilmiy konferensiyalar materiallarida chop etilgan kamida uchta maʼruza tezisining mavjudligi;
dissertatsiya ishining dastlabki natijalari boʻyicha seminar oʻtkazgani;
konferensiya yoki seminarda maʼruza bilan qatnashish (kamida bir marta);
dissertatsiya mavzusi boʻyicha amaliy tadqiqotlar, maʼlumotlar tahlili va tajriba-sinov ishlari olib borilgani;
dissertatsiya mavzusi boʻyicha yakka tartibdagi rejaning bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobot;
Akademiyaning ichki tartib-qoidalariga rioya qilgani;
v) oʻqishning uchinchi yilida:
tegishli jurnallarda dissertatsiya mavzusi boʻyicha hisobot davrida chop etilgan kamida uchta ilmiy maqola eʼlon qilingani;
dissertatsiya natijalari boʻyicha chop etilgan monografiyaning mavjudligi;
Akademiyaning ichki tartib-qoidalariga rioya qilgani;
OAK talablariga muvofiq tayyorlangan tugallangan dissertatsiya ishi va avtoreferatning mavjudligi;
Akademiya maktablari majlislarida dissertatsiya va avtoreferatining koʻrib chiqilgani va muhokama qilingani.
33. Monitoring natijalari Akademiya kengashi tomonidan koʻrib chiqiladi va baholanadi. Yakka tartibdagi rejalarini bajarmagan izlanuvchilarga nisbatan tegishli qarorlar qabul qilinadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. Tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchilikka qabul qilingan izlanuvchilar dissertatsiya ishini himoya qilib, davlat namunasidagi tegishli diplomni olganda yoki uning dissertatsiya ishi oʻqish davrida tegishli ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash tomonidan himoyaga qabul qilinganda, doktorantura va mustaqil izlanuvchilik muvaffaqiyatli yakunlangan hisoblanadi.
35. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga oʻqishga qabul qilish va oʻqitishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi tayanch doktorantura hamda doktorantura bosqichiga oʻqishga qabul qilishni tashkil etish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Chora-tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi

(Akademiya)

Akademiyaning rasmiy veb-saytida va ommaviy axborot vositalarida qabul toʻgʻrisida eʼlon beradi.

Har yili 1-sentabrga qadar

2-bosqich

Akademiya

Tegishli hujjatlarni oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi (Yagona elektron tizim) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qiladi.

Har yili 15-sentabrdan 15-oktabrga qadar

3-bosqich

Akademiya

Tayanch doktorantura va doktoranturaga kirish imtihonlarini oʻtkazadi.

Har yili 1-noyabrdan 25-noyabrga qadar

4-bosqich

Akademiya

Tayanch doktoranturaga va doktoranturaga kiruvchi talabgorlarning kirish imtihonlari natijalaridan va ajratilgan qabul kvotasidan kelib chiqib, qabul komissiyasi va Akademiya kengashidan muvaffaqiyatli oʻtganlarni tanlab oladi.

Har yili 30-noyabrga qadar

5-bosqich

Akademiya

Kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlarni oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida Akademiya rektorining buyrugʻini qabul qiladi va “Raqamli akademiya” platformasi hamda Yagona elektron tizimga kiritadi.

Har yili 5-dekabrga qadar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga oʻqishga qabul qilish va oʻqitishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasiga mustaqil izlanuvchilikka oʻqishga qabul qilishni tashkil etish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Chora-tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi

(Akademiya)

Akademiyaning rasmiy veb-saytida va ommaviy axborot vositalarida qabul toʻgʻrisida eʼlon beradi.

Har chorakda birinchi oyning 15-sanasidan keyingi oyning 15-sanasiga qadar

2-bosqich

Akademiya

Tegishli hujjatlarni oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi (Yagona elektron tizim) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qiladi.

Har chorak 1 oy davomida

3-bosqich

Akademiya

Mustaqil izlanuvchilikka talabgorlarni tanlab olish maqsadida kirish imtihonini oʻtkazadi.

Har chorakning soʻnggi oyiga qadar

4-bosqich

Akademiya

Kirish imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlarni oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida Akademiya rektorining tegishli buyrugʻini qabul qiladi va “Raqamli akademiya” platformasi hamda Yagona elektron tizimga kiritadi.

Har yili chorakning 5-mart, 5-iyun, 5-sentabr, 5-dekabr sanalariga qadar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga oʻqishga qabul qilish va oʻqitishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Dissertatsiya rejasining mufassal loyihasini
BAHOLASH MEZONLARI

T/r

Baholash mezoni nomi

Mazmuni (tavsifi)

Baholash darajasi / Ball

1.

Mavzuning dolzarbligi va ilmiy asoslanishi

Tanlangan mavzuning ixtisoslik shifriga mosligi, fan sohasi uchun ahamiyati, muammoning ilmiy asoslangani, yangi yechimlar zarurligi

0 — 15 ball

2.

Maqsad va vazifalarning aniqligi

Ilmiy ishning maqsadi ravshan va aniq ifodalangani, vazifalarning maqsadga mosligi va mantiqiy bogʻliqligi

0 — 15 ball

3.

Metodologiya va ilmiy usullarning asoslangani

Tadqiqotda qoʻllanadigan ilmiy usullar (tahlil, sintez, modellashtirish, statistik tahlil va boshqalar) maqsad va vazifalarga mos tanlangani

0 — 10 ball

4.

Amaliyotga tatbiq etish imkoniyati (amaliy ahamiyati)

Natijalarni amaliyotda qoʻllash imkoniyati, ilmiy tavsiyalar yoki yechimlarning foydali qiymati

0 — 10 ball

5.

Tadqiqot bosqichlari va bajarish rejasi

Loyihada ishni amalga oshirish bosqichlari aniq va mantiqiy ketma-ketlikda ifodalangani, muddatlar realligi

0 — 10 ball

6.

Kutilayotgan ilmiy natijalarning aniqligi va ishonchliligi

Natijalarning ilmiy jihatdan asoslangani, ularning tekshirish va isbotlash imkoniyati

0 — 10 ball

7.

Loyihaning tuzilishi va rasmiylashtirish sifati

Loyiha tuzilishi, til uslubi, mantiqiy ketma-ketlik, ilmiy uslubiy talablarga muvofiqligi

0 — 10 ball

8.

Axloqiy va etika talablariga rioya qilish

Tadqiqot jarayonida plagiat holatlariga yoʻl qoʻyilmagani, maʼlumotlardan toʻgʻri foydalanish va etik meʼyorlarga rioya qilish

0 — 10 ball

9.

Adabiyotlar tahlili va manbalar bazasi

Ilmiy adabiyotlar, milliy va xorijiy manbalarning yetarliligi, yangiligi va ilmiy darajasi

0 — 5 ball

10.

Tadqiqot obyekti va predmetining toʻgʻri belgilanishi

Obyekt va predmetning aniq belgilangani, ularning mavzudagi oʻrni aniq koʻrsatilgani

0 — 5 ball

Izoh. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, zarur hollarda, ushbu mezonlarga oʻzgartirish kiritishi mumkin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2026-y., 09/26/70/0161-son)