toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining
qarori
Jamoat hojatxonalarini loyihalash, qurish, suv taʼminoti, isitish, ventilyatsiyasi, konditsiyalanishi, tabiiy va sunʼiy yoritilishi, jihozlanishi hamda foydalanishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini (0100-25-son SanQvaN) tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 26-avgustda hisobga olindi, hisob raqami 367]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Jamoat hojatxonalarini loyihalash, qurish, suv taʼminoti, isitish, ventilyatsiyasi, konditsiyalanishi, tabiiy va sunʼiy yoritilishi, jihozlanishi hamda foydalanishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0100-25-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan 2019-yil 15-iyulda tasdiqlangan “Jamoat hojatxonalarini loyihalashtirish, qurish va foydalanishning sanitariya qoidalari va meʼyorlari” 0368-19-son SanQvaN oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Rais B. YUSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 29-iyul,
20-son
Kelishildi:
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. ABDUXAKIMOV
2025-yil 21-iyul
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X. UMAROVA
2025-yil 14-iyul
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. XIDOYATOV
2025-yil 9-iyul
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2025-yil 27-iyun
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari J. JABBOROV
2025-yil 20-iyun
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 13-iyun
Madaniyat vaziri O. NAZARBEKOV
2025-yil 12-iyun
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. SHARIPOV
2025-yil 11-iyun
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari J. URUNOV
2025-yil 10-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2025-yil 29-iyuldagi 20-son qaroriga
ILOVA
Jamoat hojatxonalarini loyihalash, qurish, suv taʼminoti, isitish, ventilyatsiyasi, konditsiyalanishi, tabiiy va sunʼiy yoritilishi, jihozlanishi hamda foydalanishga doir sanitariya qoidalari, normalari va normativlari (0100-25-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) jamoat hojatxonalarini loyihalash, qurish, suv taʼminoti, isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash, tabiiy hamda sunʼiy yoritish, jihozlash, ulardan foydalanish hamda xodimlarning shaxsiy gigiyenasiga oid talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur sanitariya qoidalarida quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
qoʻl yuvish chigʻanogʻi — qoʻllarni yuvish uchun moʻljallangan, piyola shakliga ega boʻlgan sanitariya-gigiyena moslamasi;
lyuft-klozet — xona ichida joylashgan hojatxona boʻlib, bunda chiqindilar yigʻiladigan oʻraning lyuki (qopqogʻi) xona tashqarisida boʻladi.
2-bob. Jamoat hojatxonalarini qurish uchun yer uchastkalarini tanlashga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
2. Jamoat hojatxonalarini qurish, mavjud boʻlganlarini rekonstruksiya qilish uchun ajratiladigan yer uchastkalari iqlim sharoiti, joy relyefi, yer osti va yer usti suvlari joylashganligini, tabiiy havo almashinuvi, sanitariya-himoya zonasi tashkil etish imkoniyatini hisobga olgan holda tanlanishi lozim.
3. Tanlangan yer uchastkasining relyefi hid va ifloslantiruvchi moddalarning tarqalmasligini taʼminlashi kerak.
4. Koʻchma (mobil) hojatxonalar faqat oqova suv tarmogʻiga ulanishning imkoni boʻlgan joylarda oʻrnatilishi lozim.
3-bob. Jamoat hojatxonalarini loyihalashtirishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
5. Jamoat hojatxonalarini loyihalashtirishda loyihalashtirilayotgan obyektning turi hisobga olinishi kerak.
6. Jamoat hojatxonalari sovuq suv, issiq suv va oqova suv tarmogʻiga ulangan yoki chiqindilarni biologik parchalanishi uchun moʻljallangan idishga ega boʻlishi lozim.
7. Jamoat hojatxonalarini loyihalashtirishda quyidagi talablar inobatga olinishi lozim:
koʻchma (mobil) (tashish yoki oqova suv tarmogʻiga ulanish imkoniyatiga ega) kabinali hojatxona (biohojatxona) tashish uchun qulay, oʻlchamlari 1,1x1, 1x2,0 boʻlgan plastik va metall listlardan iborat boʻlishi;
statsionar hojatxonaning elektr energiya, markazlashtirilgan sovuq suv va oqova suv tarmogʻiga ulanganligi.
8. Jamoat hojatxonalarini foydalanish tartibiga koʻra loyihalashtirishda quyidagi talablarga rioya etilishi lozim:
transport vositalaridagi (poyezdlar, samolyotlar) jamoat hojatxonalarining foydalanuvchilar jinsiga koʻra, alohidalash nazarda tutilmasligi;
jamoat joylarida joylashgan obyektlardagi (kafe, restoran, vokzal, aeroport, metro, muzeylar) jamoat hojatxonalarining foydalanuvchilar jinsiga koʻra alohidalash lozimligi.
9. Jamoat hojatxonalarida hosil boʻladigan suyuq chiqindilar oqova suv tizimiga ulash, kimyoviy usulda zararsizlantirish, biohojatxona texnologiyasidan foydalanish yoki gravitatsiyaviy usulda yoʻq qilish orqali bartaraf etilishi lozim.
10. Jamoat hojatxonalariga qatnovchilarni hisoblashda 1 oʻringa 1 ta unitaz yoki 2 ta pissuar, yoxud 1 ta unitaz va 1 ta pissuar boʻlishi inobatga olinishi lozim.
11. Tuman markazlari yoki shaharlar (shaharchalar)dagi jamoat hojatxonalari har 700 — 1000 m da, umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari boʻyida esa har 50 km masofada joylashtirilishi kerak.
12. Jamoat hojatxonalarini loyihalashda ularni sanitariya-gigiyenik shoxobchalar tarkibiga kiritish lozim.
13. Loyihalashtirish topshirigʻiga koʻra, sanitar-gigiyenik shoxobchalar tarkibiga jamoat hojatxonalaridan tashqari dush qabul qilish kabinkalari, kiyim almashtirish, ona va bola xonalarini kiritilishiga yoʻl qoʻyiladi.
14. Loyihalashtirishda jamoat hojatxonalarining atrofidagi hudud qor-yomgʻir suvlarini oqib ketishi uchun nishab qilinib asfaltlanishi kerak.
15. Oqova suv tarmogʻiga ulangan jamoat hojatxonalariga sanitariya-muhofaza zonasi belgilanmaydi.
16. Oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga ulanmagan septikali (oʻra), biohojatxonalar quyidagi obyektlardan 20 m dan kam boʻlmagan masofada joylashgan boʻlishi kerak:
bino va inshootlarning derazalaridan;
taʼlim tashkilotlaridan;
sogʻliqni saqlash tashkilotlaridan;
savdo va umumiy ovqatlanish korxonalaridan;
sport-sogʻlomlashtirish inshootlaridan;
bolalar oʻyingohlari va aholi dam oladigan maydonlardan.
17. Aholi punktlarida loyihalashtiriladigan jamoat hojatxonalarida quyidagilar boʻlishi kerak:
tambur;
shlyuz;
eshiklari yopiladigan individual kabinalar (oʻlchamlari kamida 1,0x1,25 m, kabinalar oʻrtasidagi toʻsiq balandligi 1,25 m dan kam boʻlmasligi kerak);
pissuarlar (erkaklar jamoat hojatxonasida);
bide (ayollar jamoat hojatxonasida);
xizmat-maishiy xona;
tozalash inventarlarini saqlash uchun xona.
18. Jamoat hojatxonalarini sanitariya-texnika uskunalari bilan jihozlashni loyihalashtirishda jihozlar uchun maydon hajmini belgilashda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
har bir oʻringa 2,75 m2 dan kam boʻlmagan maydon ajratilishi;
har bir pissuar yoki 0,75 m uzunlikdagi lotokka (hojatxona idishi) 1,5 m2 dan kam boʻlmagan maydon ajratilishi.
19. Alohida turuvchi yer osti inshootlarda xonalar balandligi 2,8 m, yer ustida qurilgan hojatxonalarda 3,2 m dan kam boʻlmasligi lozim.
20. Jamoat hojatxonalarining hajmini (har 300 kishi uchun 6 oʻrinli) hisoblashda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
xona uzunligi — 3,45 m;
kengligi — 5,50 m;
kabina chuqurligi — 1,50 m;
kengligi — 1,10 m;
eshikning eni — 0,90 m;
eshikning balandligi — 1,9 — 2,0 m;
umumiy chuqurligi kamida 1,8 m va kengligi kamida 1,65 m;
har birining maydoni kamida 0,75 m2 boʻlgan ikkita qoʻl yuvish chigʻanoqlari.
Nogironligi boʻlgan hamda hayot faoliyati cheklangan shaxslar uchun hojatxona kabinasining oʻlchamlari SHNQ 2.07.02-24 ga muvofiq boʻlishi kerak.
4-bob. Jamoat hojatxonalarini qurishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
21. Jamoat hojatxonalarini quyidagi joylarda qurish lozim:
jamoat binolarida;
yer usti yoki yer ostidagi turgan inshootlarda;
harakatlanadigan avtofurgonlarda;
maydonlar, avtomagistrallar, sayyohlik marshrutlari, avtomobil yoʻllarining yirik chorrahalarida;
vokzal, avtovokzal, aeroport, metro, temir yoʻl stansiyalari, madaniy-koʻngilochar va sport inshootlariga tutash hududlarda (ushbu hududlarda hojatxonalarning taxminiy sigʻimi har 500 nafar foydalanuvchi uchun 1 oʻrinni tashkil etishi kerak);
rekreatsiya zonalari, shahar atrofi va shahar ichidagi istirohat bogʻlari, xiyobonlar, aholi ommaviy dam olish joylarida, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va piyodalar harakati koʻp boʻlgan koʻchalarda har 500 metr radiusda;
savdo markazlari, dehqon bozorlari va koʻngilochar markazlar hududida;
yarmarkalar, madaniy-ommaviy va sport tadbirlari oʻtkaziladigan joylarda;
stadionlar, plyajlar, suv sporti inshootlari, suzish havzalarida;
madaniy-ommaviy obyektlar, kinoteatr, madaniyat markazlari, kutubxona va galereyalarda;
moddiy madaniy meros hamda sayyohlik yoʻnalishi obyektlarida;
barcha turdagi yoqilgʻi quyish shoxobchalari va umumiy ovqatlanish korxonalarida;
maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarida, savdo doʻkonlarida, 25 tadan ortiq avtomobillar toʻxtash joylarida.
Bunda, jamoat hojatxonalari mavjud binolar ichiga joylashtirilishi, ichimlik suvi va oqova suv tizimiga toʻliq ulanishi, sanitariya-texnika jihozlari bilan taʼminlanishi lozim.
Jamoat hojatxonalarini bino ichiga joylashtirish imkoniyati mavjud boʻlmaganda, ular mavjud binoga ulangan holda qurilishi kerak.
22. Jamoat hojatxonalarini taʼlim hamda sogʻliqni saqlash tashkilotlarida joylashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
23. Oqova suv tarmogʻi mavjud boʻlmagan aholi punktlari hududida biohojatxonalar, septik (oʻra)li boʻlgan jamoat hojatxonalarini lyuft-klozet koʻrinishida qurishga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda, lyuft-klozet oʻralaridagi chiqindilar tuproqqa oʻtmasligini taʼminlash maqsadida tubi betonlangan boʻlishi lozim.
24. Qishloq va ovullardagi jamoat hojatxonalari suv oʻtkazmaydigan septik (oʻra) bilan qurilishi lozim.
25. Jamoat hojatxonalari binolarining balandligi asosiy binoning balandligiga teng boʻlishi zarur.
26. Jamoat hojatxonalarning devorlari, shiftlari va pollari suv, gaz va tovush oʻtkazmaydigan boʻlishi kerak.
27. Jamoat hojatxonalarining devorlari keramik plita yoki kafel bilan qoplanishi, devorlari yerdan 0,8 m dan kam boʻlmagan balandlikdagi suv oʻtkazmaydigan qoplamalar yoki yuvish va zararsizlantirish mumkin boʻlgan namlikka bardoshli materiallar bilan qoplanishi lozim.
28. Jamoat hojatxonalarida pollarni plitkalar va marmar uvogʻi bilan qoplashga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda, pol trap tomonga 15 foizga qiyalantirilgan boʻlishi kerak.
29. Traplar quyidagicha oʻrnatilishi kerak:
mehmonxona xonalari, sanatoriylar, kemping xonalari va jamoat binolarining hojatxonalari pollarida 50 mm diametrda;
jamoat hojatxonalarida 3 tadan ortiq unitaz, erkaklar hojatxonalarida 3 ta va undan ortiq pissuarlar boʻlganda 100 mm diametrda.
5-bob. Jamoat hojatxonalarining suv taʼminoti, isitish ventilyatsiyasi va konditsiyalanishi, tabiiy va sunʼiy yoritilishiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
30. Oqova suv tarmogʻi mavjud boʻlgan aholi punktlari hududidagi jamoat hojatxonalari “SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish”, “SHNQ 2.04.03-24 “Oqova suvlarni chiqarib yuborish. Tashqi tarmoqlar va inshootlar. Loyihalash talablari” hamda “SHNQ 2.08.02-23 “Jamoat binolari va inshootlari” talablariga muvofiq umumiy oqova suv tarmoqlariga ulangan boʻlishi kerak.
31. Jamoat hojatxonalari SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” talablariga muvofiq ventilyatsiya bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
32. Jamoat hojatxonalarini jamoat binolarida joylashtirishda hojatxona ventilyatsiyasi asosiy binoning ventilyatsiya tizimiga ulanmasligi kerak.
Ommaviy tashrif joylarida va havoni tozalash tizimlarining havo olish moslamalari joylashgan joylarda hojatxonalarning chiqindi ventilyatsiya tuynuklari boʻlmasligi zarur.
33. Havo olib ketuvchi ventilyatsiya 5 marotabadan kam boʻlmagan havo almashinuvini, 2,5 marotabadan kam boʻlmagan havo oqimi kirib kelishini taʼminlashi kerak.
34. Lyuft-klozet koʻrinishidagi jamoat hojatxonalarida issiq yoki mexanik qoʻzgʻatuvchiga ega boʻlgan ventilyatsiya kanali oʻrnatilishi zarur.
35. Jamoat hojatxonalari ularning joylashgan joyiga koʻra SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga muvofiq tabiiy va sunʼiy yoritilishi kerak.
Favqulodda holatlarda yoritish uchun zaxira quvvat manbalari va tungi yoritkichlar boʻlishi lozim.
36. Alohida binolarda joylashgan jamoat hojatxonalarida yorugʻlik koeffitsiyenti (YOK) 0,8 dan, sunʼiy yorugʻlik 35 lx dan kam boʻlmasligi zarur.
6-bob. Jamoat hojatxonalarining jihozlanishiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
37. Jamoat hojatxonalarining erkaklarga ajratilgan qismida devor yoki polga yakka tartibdagi pissuarlar oʻrnatilishi, ayollarga ajratilgan qismida esa pardoz va bolani yoʻrgaklash stoli boʻlishi kerak.
38. Odamlar gavjum joylardagi jamoat hojatxonalarida lotokli pissuarlardan (bir vaqtning oʻzida bir nechta erkak foydalanishi mumkin boʻlgan tarnov shaklidagi pissuar), polga oʻrnatilgan unitazlar yoki Genuya kosalardan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Jamoat hojatxonalarida suv resurslarini taʼminlash uchun 3 — 6 litr sigʻimdan oshmagan suvni tejovchi sanitariya jihozlari boʻlishi lozim.
39. Jamoat hojatxonalaridagi qoʻl yuvish chigʻanogʻining yuqori qismiga koʻzgu oʻrnatilishi zarur.
40. Lyuft-klozet koʻrinishidagi jamoat hojatxonalarida unitazlar yoki polga oʻrnatilgan Genuya kosalardan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
41. Jamoat hojatxonalarining shlyuzida issiq suv (markazlashtirilgan issiq suv taʼminoti boʻlgan holda), sovuq suv bilan taʼminlangan qoʻl yuvish chigʻanoqlari, shuningdek elektr sochiqlar oʻrnatilishi kerak.
Bunda, jihozlar oʻrnatiladigan balandlik QR 05.01-23 “Ichki sanitariya-texnik tizimlari”ga muvofiq boʻlishi zarur.
42. Jamoat hojatxonalari mazkur sanitariya qoidalarining 1-ilovasiga muvofiq jihozlanishi lozim.
43. Kabinalarda elektr rozetkasi, ustki kiyimlar, sumka uchun ilgaklar, tashrif buyuruvchilarning shaxsiy buyumlari uchun tokchalar, qogʻoz, paxta va boshqa chiqindilar uchun qutilar yoki idishlar boʻlishi kerak.
44. Jamoat hojatxonalarida nogironligi boʻlgan bolalar va shaxslarning ulardan moneliksiz foydalanishi uchun maxsus kabinalar va jihozlar boʻlishi, bunda:
maxsus kabinada tutqichlar, panjaralar, shtangalar, osma trapetsiyalar, qoʻngʻiroq tugmalari oʻrnatilishi;
jihozlarning barcha elementlari mustahkam mahkamlanishi lozim.
45. Nogironligi boʻlgan va hayot faoliyati cheklangan shaxslar hamda keksalar uchun hojatxonalarda qoʻngʻiroq tugmalari oʻrnatilishi, mazkur tugmadan unitazda oʻtirgan yoki eshik oldida turgan holda foydalanish imkoniyati boʻlishi, bunda elektr qoʻngʻiroq navbatchi xonaga ulangan boʻlishi kerak.
46. Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun jamoat hojatxona eshigiga maxsus belgilar oʻrnatilgan boʻlishi va uning eshigi tashqariga ochilishi zarur.
47. Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻl yuvish chigʻanoqlari 1,3 m dan yuqori boʻlmagan balandlikda oʻrnatilishi lozim.
7-bob. Jamoat hojatxonalaridan foydalanishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
48. Jamoat hojatxonalaridan foydalanishda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
oʻralarini toʻlib ketishiga yoʻl qoʻymaslik va oʻz vaqtida tozalash;
havo harorati +5°C da va undan yuqori boʻlganda jamoat hojatxonasidagi septik (oʻra)ning yuzasiga har kuni hasharotlar lichinkalariga qarshi vositalar bilan ishlov berilishi.
49. Jamoat hojatxonalari joylashgan joy va unga tutash boʻlgan hududlar kunduzi va kechasi koʻrinadigan maxsus belgi bilan belgilanishi kerak.
50. Jamoat hojatxonalarini sanitariya-gigiyena jihatidan saqlash maxsus xizmat koʻrsatuvchi xodimlar tomonidan amalga oshirilishi lozim.
51. Jamoat hojatxonalarini tozalash vositalariga ularning ishlatilishi boʻyicha tegishli belgilar qoʻyilishi hamda alohida xonada yoki javonlarda saqlanishi kerak.
Bunda, tozalash vositalarini ovqatlanish yoki dam olish joylarida saqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
52. Jamoat hojatxonalarida sanitariya-gigiyena vositalari (sovun, hojatxona qogʻozi, elektr sochiq va qogʻoz sochiqlar) hamda chiqindilarni yigʻish uchun idishlar boʻlishi lozim.
53. Biohojatxonalar har soatda tozalab turilishi kerak.
54. Jamoat hojatxonalarini tozalashda quyidagilarga rioya qilish lozim:
chiqindilarni olib chiqish va zaruriyatga koʻra, sanitariya-gigiyena vositalarini (hojatxona qogʻozi, qogʻoz sochiqlar, suyuq sovunlar, avtomatik havoni xushboʻylantiruvchilar uchun aerozol ballonchalar) almashtirishga;
tozalashda dezinfeksiyalovchi vositalardan (alkogolli gel, antiseptik eritmalar) foydalanishga;
vertikal va gorizontal yuzalarni tozalashga;
devorlar, eshiklar, koʻzgular, javonlar, tokchalar, derazalarni, soʻngra jihozlarni zararsizlantirish va tozalashga;
polni yuvishga;
tozalash ishlari tugallangandan soʻng amalga oshirilgan ishlarni tozalash jadvalida qayd etishga.
55. Jamoat hojatxonalarini tozalash jadvali barcha uchun koʻrinadigan qulay joyga joylashtirilishi lozim.
56. Foydalanilgan barcha tozalash vositalari gigiyenik holatda saqlanishi va muntazam dezinfeksiya qilinishi lozim.
8-bob. Xodimlar uchun shaxsiy gigiyena talablari
57. Jamoat hojatxonalarida xizmat koʻrsatuvchi xodimlar (bundan buyon matnda xodimlar deb yuritiladi) har bir smenadan oldin va keyin, shuningdek har bir tozalashdan keyin qoʻllarini sovun bilan yuvishlari lozim.
58. Xodimlarning tirnoqlari har doim toza, qisqa qilib olingan boʻlishi hamda sochlari toza, yigʻilgan holatda boʻlishi kerak.
59. Xodimlar xizmat koʻrsatishi uchun tozalash anjomlari, yuvuvchi, zararsizlantiruvchi vositalar, maxsus kiyim-bosh, poyabzal va rezina qoʻlqoplar bilan taʼminlanishi zarur.
60. Xodimlarning ish kiyimlari (xalat, kombinezon) har kuni almashtirilishi yoki muntazam yuvilib, dazmollanishi kerak.
61. Bir martalik rezina yoki lateks qoʻlqoplar har bir ishlatishdan soʻng almashtirilishi lozim.
62. Jamoat hojatxonalarida infeksion xavf yuzaga kelsa, qoʻshimcha himoya vositalari sifatida tibbiy niqoblar va koʻzoynaklardan foydalanilishi lozim.
63. Xodimlarning ish kiyimida ovqatlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
64. Xodimlar Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) muvofiq tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi lozim.
65. Mazkur sanitariya qoidalarini ishlab chiquvchilar roʻyxati ushbu sanitariya qoidalarining 2-ilovasida keltirilgan.
Jamoat hojatxonalarini loyihalash, qurish, suv taʼminoti, isitish, ventilyatsiyasi, konditsiyalanishi, tabiiy va sunʼiy yoritilishi, jihozlanishi hamda foydalanishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0100-25-son SanQvaN)
1-ILOVA
Jamoat hojatxonalarining jihozlanishiga doir sanitariya-gigiyena talablari

T/r

Boʻlinma nomi

Sanitariya-texnika jihozlarining nomi

Sanitariya-texnika jihozlarning optimal soni

(dona)

Erkaklar

Ayollar

I. Sport zallari, sport-sogʻlomlashtirish majmualari va yopiq konkida uchish maydonchalari

1.

Shugʻullanuvchilar uchun kiyinish xonalarida

unitaz

1 ta unitaz 35 oʻrin kiyinish joyi uchun biroq, bittadan kam boʻlmagan holda

1 ta unitaz 30 oʻrin kiyinish joyi uchun, biroq bittadan kam boʻlmagan holda

pissuar

1 ta pissuar 45 oʻrin kiyinish joyi uchun biroq, bittadan kam boʻlmagan holda

-

qoʻl yuvish chigʻanogʻi

4 ta unitaz va 4 pissuar uchun 1 ta qoʻl yuvish chigʻanogʻi biroq, bittadan kam boʻlmagan holda

3 ta unitazga 1 ta qoʻl yuvish chigʻanogʻi biroq, bittadan kam boʻlmagan holda

2.

Murabbiylar, instruktorlar va boshqa xodimlar uchun*

unitaz

1 ta unitaz bir vaqtning oʻzida ishlaydigan 60 nafar erkaklar uchun, biroq bittadan kam boʻlmagan holda

1 ta unitaz bir vaqtning oʻzida ishlaydigan 15 nafar ayollar uchun, biroq bittadan kam boʻlmagan holda

pissuar

1 ta pissuar bir vaqtning oʻzida ishlaydigan 20 nafar erkaklar uchun, biroq bittadan kam boʻlmagan holda

-

qoʻl yuvish chigʻanogʻi

3 ta unitazga 1 ta qoʻl yuvish chigʻanogʻi biroq, bittadan kam boʻlmagan holda

3 ta unitazga 1 ta qoʻl yuvish chigʻanogʻi, biroq bittadan kam boʻlmagan holda

3.

Tomoshabinlar uchun**

unitaz

1 ta unitaz 330 nafar erkaklar uchun

1 ta unitaz 40 nafar ayollar uchun

pissuar

1 ta pissuar 66 nafar erkaklar uchun

-

qoʻl yuvish chigʻanogʻi

4 ta unitaz va 4 pissuar uchun 1 ta qoʻl yuvish chigʻanogʻi biroq, bittadan kam boʻlmagan holda

3 ta unitazga 1 ta qoʻl yuvish chigʻanogʻi biroq, bittadan kam boʻlmagan holda

II. Doʻkonlar va savdo markazlari***

4.

Ixtisoslashtirilgan va nooziq-ovqat doʻkonlarida xaridorlar uchun

unitaz

600 m² savdo maydoniga 2 ta unitaz boʻlishi (bitta erkaklar uchun, bitta ayollar uchun), qoʻshimcha 600 m² maydon uchun bitta sanitariya-texnika jihozi qoʻshilishi lozim

5.

Oziq-ovqat doʻkonlarida

unitaz

400 m² maydonga 2 ta unitaz boʻlishi, qoʻshimcha 400 m² maydon uchun bitta sanitariya-texnika jihozi qoʻshilishi kerak

III. Koʻngilochar majmualar****

6.

1600 — 1200 oʻrinli

unitaz

3

4

pissuar

3

-

qoʻl yuvish chigʻanogʻi

2

2

800 oʻrinli

unitaz

2

3

pissuar

2

-

qoʻl yuvish chigʻanogʻi

1

1

600 — 400 oʻrinli

unitaz

1

2

pissuar

2

-

qoʻl yuvish chigʻanogʻi

1

1

300 — 200 oʻrinli

unitaz

1

1

pissuar

1

-

qoʻl yuvish chigʻanogʻi

1

1

IV. Jamoaviy va yakka tartibdagi joylashtirish vositalari (mehmonxonalar, kurortlar, kempinglar, dam olish bazalari, sayyohlik bazalari, rekreatsion markazlar, xostellar)

7.

Jamoaviy va yakka tartibdagi joylashtirish vositalari

unitaz

20 nafar yashovchiga 1 ta biroq, bittadan kam boʻlmagan holda

20 nafar yashovchiga 1 ta biroq, bittadan kam boʻlmagan holda

pissuar

20 nafar yashovchiga 1 ta biroq, bittadan kam boʻlmagan holda

-

qoʻl yuvish chigʻanogʻi

20 nafar yashovchiga 1 ta biroq, bittadan kam boʻlmagan holda

20 nafar yashovchiga 1 ta biroq, bittadan kam boʻlmagan holda

V. Mehmonxonalar

8.

Umumiy hojatxonalar (nomerlarida hojatxonasi boʻlmagan mehmonxonalarda)******

unitaz

18 nafar yashovchiga 1 ta biroq, bittadan kam boʻlmagan holda

12 nafar yashovchiga 1 ta biroq, bittadan kam boʻlmagan holda

pissuar

18 nafar yashovchiga 1 ta biroq, bittadan kam boʻlmagan holda

-

qoʻl yuvish chigʻanogʻi

18 nafar yashovchiga 1 ta biroq, bittadan kam boʻlmagan holda

12 nafar yashovchiga 1 ta

Izohlar:
* Agar bir vaqtning oʻzida ikki jinsga mansub boʻlgan 20 nafardan kam boʻlmagan kishi ishlayotgan boʻlsa, bunda 1 ta unitazli jamoat hojatxonasi tashkil etiladi.
** Bir xonada sanitariya-texnika jihozlarining umumiy soni 40 tadan oshmasligi kerak.
Erkak muxlislar soni umumiy tomoshabinlar oʻrindiqlarining 60 foizi, futbol zallari va xokkey maydonchalarida esa 70 foiz hisobida aniqlanadi.
Ayol muxlislar soni har ikkala holda ham 40 foizga teng.
*** Savdo majmualarida hisob-kitoblar barcha doʻkonlarning umumiy maydonidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Hojatxonalarni turli qavatlarda joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
****Koʻngilochar majmualarda sanitariya-texnika jihozlari oʻrinlar soniga koʻra hisoblanadi.
***** Joylashtiruv xonalarida hojatxonalar mavjud boʻlmaganda, umumiy foydalanadigan hojatxonalar jihozlanishi kerak (hojatxonasiz xonalarda 20 nafar yashovchiga bitta, biroq har bir qavatda ikkitadan kam boʻlmasligi kerak).
****** Mehmonxonalarda umumiy hojatxonalar birinchi qavatda umumiy yoʻlaklardan yoki zaldan alohida kirish yoʻli boʻlgan alohida xonalarda, shuningdek restoranga kirishdan oldingi joylarda joylashtiriladi.
Jamoat hojatxonalarini loyihalash, qurish, suv taʼminoti, isitish, ventilyatsiyasi, konditsiyalanishi, tabiiy va sunʼiy yoritilishi, jihozlanishi hamda foydalanishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0100-25-son SanQvaN)
2-ILOVA

Ishlab chiquvchilar roʻyxati:

G.T. Iskandarova

Toshkent tibbiyot akademiyasining “Kommunal gigiyena va mehnat gigiyenasi” kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor;

O.P. Mirshina

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining Sanitariya-gigiyena boshqarmasi bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari nomzodi;

R.X. Jumabayeva

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining Sanitariya-gigiyena boshqarmasi yetakchi mutaxassisi.

Taqrizchilar roʻyxati:

R.A. Ataniyazova

Sanitariya-gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi;

U.A. Yodgorov

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash boʻlimi boshligʻi, tibbiyot fanlari nomzodi.