1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.11.00.00 (Кучини йукотган) Mahalliy soliqlar va yig‘imlar / 07.11.06.00 (Кучини йукотган) Yuridik shaxslarni, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik yig‘imi;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.02.00 Tadbirkorlik subyektlari. Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish]
[TSZ:
1.Moliya / Soliqlar (yig‘imlar, bojlar)]
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
TADBIRKORLIK FAOLIYATI BILAN ShUG‘ULLANUVChI JISMONIY ShAXSLARDAN RO‘YXATGA OLGANLIK UChUN UNDIRILADIGAN YIG‘IM VA BUNDAY ShAXSLARNI RO‘YXATGA OLISh TARTIBI TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1999-yil 14-apreldagi 755-I-son “Tadbirkorlik va tadbirkorlar faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish xaqida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
1-modda. Ro‘yxatga olganlik uchun undiriladigan yig‘imlarni to‘lovchilar
O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan jismoniy shaxslar yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganlarida ro‘yxatga olganlik uchun undiriladigan yig‘im to‘laydilar.
2-modda. Yig‘im stavkalari va yig‘im bo‘yicha beriladigan imtiyozlar
Ro‘yxatga olganlik uchun undiriladigan yig‘im stavkasining eng yuqori miqdori, shuningdek yig‘im bo‘yicha imtiyozlar beriladigan yo‘lovchilarning toifalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Bunday yig‘im stavkasining eng yuqori miqdori respublikada belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan oshib ketmasligi kerak.
Ayrim to‘lovchilar uchun yig‘im stavkasining aniq miqdorlari davlat hokimiyatining mahalliy organlari tomonidan belgilanadi.
Yig‘im summalari tadbirkor ro‘yxatga olingan joydagi tegishli budjetga o‘tkaziladi.
3-modda. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va yig‘im to‘lash
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ruxsat etilgan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan jismoniy shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ana shu shaxsning doimiy istiqomat joyidagi tegishli tuman, shahar, shahardagi tuman hokimligi tomonidan amalga oshiriladi.
Ro‘yxatga olish jismoniy shaxs ariza bergan vaqtdan e’tiboran uch kunlik muddatda amalga oshirilishi lozim. Jismoniy shaxs ro‘yxatga olganlik uchun undiriladigan yig‘imni to‘laganligi to‘g‘risidagi hujjatni taqdim etganidan keyin unga arizada ko‘rsatilgan muddatga guvohnoma beriladi.
(3-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining1995-yil 31-avgustdagi 118-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)
Jismoniy shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi va ularga guvohnoma berishning belgilangan muddatini buzishda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
Ro‘yxatga olganlik uchun undiriladigan yig‘im bank muassasasi yoki aholidan soliq va yig‘im to‘lovlari qabul qilib oluvchi boshqa muassasalar orqali to‘lanadi. Ro‘yxatga olganlik uchun to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.
Jismoniy shaxs tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma uch nusxada rasmiylashtiriladi. Uning bir nusxasi tadbirkor ro‘yxatga olingan joydagi soliq organiga yuboriladi.
Jismoniy shaxsga davlat ro‘yxatiga olinganlik to‘g‘risida berilgan guvohnoma:
guvohnoma berilgan muddat o‘tganidan keyin;
tadbirkor guvohnoma bergan hokimlikka tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatganligi to‘g‘risida ariza bergan vaqtdan boshlab;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda 15 kunlik muddat ichida qaytarilishi lozim.
To‘liq xo‘jalik shirkati ro‘yxatga olingan vaqtda yoki bunday shirkatga kirgan chog‘da jismoniy shaxsga — ana shunday shirkatning a’zosiga ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan tartibda davlat ro‘yxatiga olinganlik to‘g‘risida guvohnoma beriladi. Bunda ro‘yxatga olinganlik uchun yig‘im undirilmaydi.
4-modda. Yakuniy qoidalar
Jismoniy shaxslar, shu jumladan to‘liq xo‘jalik shirkati qatnashchilari tadbirkorni ro‘yxatga olganlik to‘g‘risidagi guvohnomada ko‘rsatilgan faoliyat turlarinigina amalga oshirishlari mumkin.
Davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar soliq organlarining va qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yiladigan boshqa organlarning mansabdor shaxslari o‘z vazifalarini amalga oshirish chog‘ida talab qilganlarida ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 28-dekabr,
996-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 1-son, 12-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)