Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Bir qarz oluvchi, oʻzaro aloqador qarz oluvchilar guruhi, shu jumladan bankka aloqador shaxslar uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdori toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 21-sentabrdagi 21/12-son qarori (roʻyxat raqami 3283, 2020-yil 29-oktabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.10.2020-y., 10/20/3283/1470-son) bilan tasdiqlangan Bir qarz oluvchi, oʻzaro aloqador qarz oluvchilar guruhi, shu jumladan bankka aloqador shaxslar uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdori toʻgʻrisidagi
nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran bir oydan keyin kuchga kiradi.
Bir qarz oluvchi, oʻzaro aloqador qarz oluvchilar guruhi, shu jumladan bankka aloqador shaxslar uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdori toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1.
Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom bir qarz oluvchi, oʻzaro aloqador qarz oluvchilar guruhi, shu jumladan bankka aloqador shaxslar uchun tavakkalchilikka qoʻyilgan talablarni, shuningdek bankka aloqador boʻlgan shaxslar bilan bitimlar tuzish va bitimlar hisobini yuritish tartibini belgilaydi.”.
2. Quyidagi mazmundagi 21-band bilan toʻldirilsin:
“21. Faktoring xizmati boʻyicha bankning bir qarz oluvchi yoki oʻzaro aloqador qarz oluvchilar guruhi hamda bankka aloqador shaxslarga doir kredit tavakkalchiligi:
bank tomonidan mijozga nisbatan regress talabini qoʻyish huquqi mavjud boʻlmasa yoki mavjud boʻlib, ushbu huquqdan foydalanish zarurati yuzaga kelmagan boʻlsa, qarzdorga;
mazkur regress talabini qoʻyish huquqi mavjud boʻlsa va ushbu huquqdan foydalanish zarurati vujudga kelgan boʻlsa, mijozga nisbatan hisoblanadi.”.
3.
4-banddan “, shuningdek faktoring xizmatlari” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
4.
16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Banklar qarzdorlarni nazorat asosida va (yoki) iqtisodiy asosda aloqadorligini aniqlashda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari mezonlaridan foydalanishga haqli. Bunda, mazkur mezonlar qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmasligi yoki ulardagi talablardan yengilroq talablar nazarda tutilmasligi lozim.”.
5.
23-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23. Qarz oluvchi bitim tuzilgan davrda bankka aloqador hisoblanmasdan, keyinchalik bankka aloqador shaxsga aylansa, tavakkalchilik miqdorining mazkur Nizomning 20 va 21-bandlarida belgilangan talablardan oshishi prudensial normativga nomuvofiq deb tan olinmaydi, basharti bank bu haqda Markaziy bankka 10 kun ichida maʼlumot bergan holda Markaziy bank bilan kelishilgan muddatlarda prudensial normativga muvofiqlashtirish yuzasidan majburiyatni olgan boʻlsa.”.