toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Respublikada agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bogʻ va tokzorlarni barpo qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimiz aholisini oziq-ovqat bilan taʼminlash, intensiv usulda bogʻ va tokzorlar barpo qilish, issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni koʻpaytirish, qayta ishlash, eksport salohiyatini oshirish hamda yuqori daromadli ish oʻrinlarini tashkil etish maqsadida:
1. Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining:
Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi negizida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligini (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tashkil etish;
Agentlik huzurida Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasi negizida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Agrosanoatni rivojlantirish agentligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
Agentlik faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2024-2025-yillarda togʻ oldi va qir-adirlik, iqtisodiy samarasiz hamda eskirgan bogʻ va tokzorlar oʻrnida yangidan sanoatlashgan intensiv mevali bogʻ va tokzorlar barpo etishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. 2024-yil 1-oktabrdan boshlab respublikada sanoatlashgan yangi intensiv bogʻ va tokzorlarni barpo etish hamda moliyalashtirish boʻyicha quyidagi tizim joriy etilsin:
a) tuman (shahar) hokimliklari Agentlik bilan birga muntazam ravishda yangidan tashkil etiladigan sanoatlashgan yangi intensiv bogʻ va tokzorlarni (keyingi oʻrinlarda — yangi bogʻlar) hamda issiqxonalarni barpo etish maqsadida zaxiradagi yer uchastkalari hamda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va qishloq xoʻjaligi korxonalariga (keyingi oʻrinlarda — yer egalari) tegishli past hosilli paxta va gʻalla yer maydonlari, togʻ oldi, qir-adirliklar, shuningdek, samarasiz hamda eskirgan bogʻ va tokzorlar roʻyxatini shakllantirib boradi. Bunda:
Oldingi tahrirga qarang.
2026-yil 1-iyuldan boshlab yer egalarining 5 gektar va undan ortiq yer uchastkalarida yangi bogʻlarni barpo etish ularning murojaatlari boʻyicha va takliflari asosida Agentlik tomonidan ishlab chiqiladigan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslariga muvofiq yer egalarining oʻzlari tomonidan amalga oshiriladi;
(3-band “a” kichik bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/108/0579-son)
zaxiradagi yer uchastkalarida yangi bogʻlarni barpo etish Agentlik tomonidan ishlab chiqiladigan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslariga muvofiq Agentlik yoki u tomonidan tanlangan tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladi;
zaxiradagi yer uchastkalari yangi bogʻlarni barpo etish uchun Agentlikka yoki u tomonidan tanlangan tadbirkorlik subyektiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri ijara huquqi bilan ajratiladi, bunda, istisno tariqasida, investitsiya loyihasining qiymati 10 million AQSH dollaridan kam boʻlishiga, eng yaxshi taklifni tanlash boʻyicha tanlov oʻtkazilmasligiga, oldindan maxsus hisobvaraqqa pul joylashtirmasdan hamda yer uchastkalarining aniq roʻyxatini yer ijarasi shartnomalarida belgilash sharti bilan yer uchastkalarini realizatsiya qilishga ruxsat beriladi;
Agentlikka oʻziga ijara huquqi bilan ajratilgan yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida tadbirkorlik subyektlariga qayta ijaraga berish huquqi beriladi;
zaxiradagi yer uchastkalarini ijaraga (qayta ijaraga) olgan tadbirkorlik subyektlari Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asoslarda belgilangan shartlarga muvofiq yangi bogʻlarni barpo etish majburiyatini oladi, bunda yangi bogʻlarni barpo etishda Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlaridan foydalanilmaydigan taqdirda, ularga faqat texnik shart beriladi;
b) Agentlik yangi bogʻlarni barpo qilish uchun hududlarning ixtisoslashuvi hamda tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, meva va uzumlar navlarini inobatga olib, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band “b” kichik bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/108/0579-son)
v) loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarida belgilangan shartlarda va muddatlarda yangi bogʻlar hamda issiqxonalarni tashkil etish uchun talabgorga yer uchastkasi bogʻ va tokzorlardan foydalanish huquqi bilan birga 30 yil muddatgacha ijaraga beriladi;
g) yer uchastkasi ijaraga olingandan boshlab loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarida belgilangan sugʻorish tizimlarini joriy etish va yer maydonlarini ekishga tayyorlash, koʻchat ekish ishlari koʻpi bilan 14 oy muddatda toʻliq bajarilmaganda, yer uchastkasining ijara shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinadi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Ijara toʻgʻrisida”gi Qonunining 13-moddasi.
d) 2025-yildan boshlab yangi bogʻlarni barpo etishda faqat koʻchatchilikka ixtisoslashgan xoʻjaliklar yetishtirgan va muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlgan koʻchatlar ekiladi.
Bunda Agentlik muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlgan koʻchatlar yetkazib beruvchi koʻchatchilikka ixtisoslashgan xoʻjalik yoki “in-vitro” laboratoriyalari reyestrini yuritadi hamda doimiy ravishda ekiladigan sertifikatlangan koʻchatlarning ekilishi va agrotexnika tadbirlarini monitoring qiladi;
e) koʻchatchilikka ixtisoslashgan xoʻjaliklar yoki “in-vitro” laboratoriya tomonidan talabgorga yetkazib berilgan koʻchatlarning navlariga bogʻ hosilga kirguniga qadar 3 yil davomida kafolat berishi shart;
j) talabgorlar tomonidan yangidan barpo etiladigan bogʻlarga zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni oʻrnatishi majburiy hisoblanadi.
4. Belgilansinki, bogʻlar va issiqxonalardan belgilangan tartib va shartlar asosida foydalanish holati Agentlik tomonidan doimiy monitoring qilib boriladi.
Bunda monitoring natijasida bogʻlar va issiqxonalardan samarasiz hamda noqonuniy yoki boshqa maqsadlarda foydalanish, oʻzboshimchalik bilan buzib tashlash holatlari aniqlanganda, Agentlik tomonidan har yili 1-oktabrga qadar yer maydonlarini qaytarib olish hamda keltirilgan zararni qoplash boʻyicha nazorat organlariga xulosa kiritib boriladi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi Agentlik bilan birgalikda ikki oy muddatda iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarning yaroqsizligini aniqlash va ular oʻrniga yangi bogʻlar barpo etish tartibi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
5. 2024-yil 1-oktabrdan boshlab respublikada yangi bogʻlarni barpo etishni Jamgʻarma kredit resurslari hisobidan tijorat banklari orqali moliyalashtirishning quyidagi tartibi joriy etilsin:
birinchi bosqichda — yerni ekishga tayyorlash uchun imtiyozli kreditning 10 foizigacha miqdorda;
ikkinchi bosqichda — koʻchat sotib olish va ekish xarajatlariga imtiyozli kreditning 40 foizigacha miqdorda;
uchinchi bosqichda — sugʻorish tizimlarini oʻrnatish xarajatlariga imtiyozli kreditning 30 foizigacha miqdorda;
toʻrtinchi bosqichda — bogʻ hosilga kirgunga qadar 3 yil parvarishlash xarajatlariga imtiyozli kreditning 20 foizi miqdorida ajratiladi.
Bunda:
yangi bogʻlarni barpo etish boʻyicha loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarida koʻzda tutilgan yer maydoniga mutanosib ravishda, ammo 1 gektarga koʻpi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravaridan oshmagan miqdorda imtiyozli kreditlar ajratiladi;
tashabbuskorlarga yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan bank marjasi 4 foiz) milliy valyutada 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga kreditlar ajratiladi;
mazkur shartlar meva va uzum mahsulotlarini zamonaviy saralash, qadoqlash va qayta ishlashni tashkil etish loyihalariga ham tatbiq etiladi.
6. Agentlikka yangi bogʻlarni barpo etish boʻyicha loyiha tashkilotlari, mahalliy va xorijiy maslahatchilarni (ekspertlarni) qonunchilikda belgilangan tartibda jalb qilishga ruxsat etilsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-martdagi 244-sonli “Oʻzbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligining iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosilli bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, ular oʻrnida intensiv bogʻ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisida xulosani qabul qiluvchi tuman (shahar) komissiyasi yoki Agentlik tomonidan iqtisodiy jihatdan samarasiz va kam hosilli bogʻ va tokzorlar deb xulosa berilgan sanadan boshlab 12 oy davomida yangi bogʻ yoki tokzorlar barpo etilmagan taqdirda ushbu bogʻ va tokzorlar joylashgan maydonlar uchun yer soligʻi va suvdan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini 3 baravarga oshirish, 24 oy davomida yangi bogʻ yoki tokzorlar barpo etilmagan taqdirda ushbu bogʻ va tokzorlar joylashgan maydonlarda suv olishni taqiqlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/108/0579-son)
Bunda, Agentlik iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan deb topilgan bogʻlar va tokzorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning soliq toʻlovchilar kesimida Soliq qoʻmitasiga tegishli axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali taqdim etib borilishini taʼminlaydi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi uch oy muddatda mazkur Farmondan kelib chiqib, Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Qishloq xoʻjaligi vazirligining Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan koʻchat yetishtirishga va namunaviy bogʻlarni barpo etishga ixtisoslashgan korxonani tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
9. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A. Shukurov) Agentlik huzurida Toshkent viloyatida sertifikatlangan koʻchatlarni yetishtiradigan “in-vitro” laboratoriya va ixtisoslashgan koʻchatchilik majmuasini barpo etish uchun xalqaro moliya institutlarining grantlari hisobidan 8 million AQSH dollari miqdorida mablagʻlarni yoʻnaltirish choralarini koʻrsin.
10. Belgilansinki, 2025-yil 1-yanvardan boshlab:
Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilingan xorijiy kreditlar hisobidan zamonaviy issiqxonalarni tashkil etish hamda maydoni 1 gektar va undan yuqori boʻlgan yangi bogʻlar barpo etish loyihalarini, texnik-iqtisodiy asoslari mavjud boʻlganda hamda Agentlik tomonidan ijobiy xulosa berilganda amalga oshirishga ruxsat etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
2028-yil 1-yanvarga qadar tashabbuskorlar yangi bogʻlarni barpo etishda oʻz ehtiyojlari uchun xorijiy davlatlardan (qoʻshni davlatlardan tashqari) 3-ilovada nazarda tutilgan roʻyxatdagi payvandtagli mevali koʻchatlar va payvandtaglar, payvandustlari, onalik materiallari va texnikalarni import qilishda qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona bojlaridan ozod etiladi;
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-227-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi uch oy muddatda Soliq kodeksiga ushbu banddan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi Qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)
11. Agentlik 2024-yil 1-dekabrdan boshlab fermer va dehqon xoʻjaliklarining nufuzini oshirish, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga koʻmaklashishga qaratilgan “meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilarni baholash” tizimi joriy etilsin hamda har yili oʻzining rasmiy veb-saytida meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilar reytingini eʼlon qilib borsin.
12. Agentlik meva-sabzavotchilik yoʻnalishidagi mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi subyektlar, issiqxona xoʻjaliklari hamda Agentlik manfaatlarini koʻzlab sudga kiritilgan daʼvolar va shikoyatlar yuzasidan davlat boji toʻlashdan ozod qilinsin.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga ushbu imtiyozni belgilashga oid qoʻshimcha kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin.
13. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
15. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-sentabr,
PF-151-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-son Farmoniga
1-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari
1. Intensiv mevachilik, uzumchilik, vinochilik va issiqxona xoʻjaliklarini barqaror rivojlantirishni taʼminlashga hamda eksport salohiyatini oshirishga koʻmaklashishga qaratilgan maqsadli kompleks dasturlarni amalga oshirish.
2. Zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalarni, shu jumladan tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlarini qoʻllagan holda intensiv bogʻ plantatsiyalari, issiqxona xoʻjaliklari maydonlarini kengaytirish choralarini koʻrish.
3. Hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, bogʻdorchilik, uzumchilik va issiqxona xoʻjaligida ilmiy yutuqlar, ilgʻor ilmiy ishlanmalar va innovatsion agrotexnologiyalardan keng foydalanishni tashkil etish.
4. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni sanoatlashtirish, shuningdek, mevali bogʻ va uzumzorlarni tayyor holda barpo etish hamda ularni tashabbuskorlarga sotish choralarini koʻrish, shuningdek, yangi bogʻ va tokzorlar oralariga qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekilishini va ulardan samarali foydalanilishini tashkil etish.
5. Sohada “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida qoʻshilgan qiymat zanjirini joriy qilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportiga koʻmaklashish, shuningdek, meva va uzum mahsulotlarini yetishtiruvchi subyektlarni rivojlantirish hamda xalqaro standart talablarini joriy etishga koʻmaklashish.
6. “In-vitro” laboratoriyalarda kafolatlangan, virusdan holi boʻlgan koʻchatlar yetishtirishni ragʻbatlantirish mexanizmini hamda koʻchatlarni sertifikatlashtirish tizimini yoʻlga qoʻyish.
7. Meva va uzum navlarining milliy brendlarini yaratish choralarini koʻrish hamda meva va uzum mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash, milliy brendlarni targʻib qilish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish, tashqi bozorlarga chiqish, eksport geografiyasi va mahsulot turlarini kengaytirish boʻyicha marketing tadqiqotlarini oʻtkazish.
8. Intensiv bogʻdorchilik, uzumchilik va himoyalangan joylarda sabzavotchilik boʻyicha zamonaviy bilim va tajribalarni tatbiq qilish ishlarini tashkil etish.
9. Fermer va dehqon xoʻjaliklariga hamda tadbirkorlik subyektlariga koʻmaklashish maqsadida Agentlik rasmiy veb saytida yangi bogʻlarni barpo etish maqsadidagi ochiq elektron tanlovlarni, koʻchatchilikka ixtisoslashgan xoʻjalik yoki “In-vitro” laboratoriyalar hamda yangi tashkil etilgan bogʻ va tokzorlarning reyestrini, malakali agronomlar va import qilishda bojxona bojlaridan ozod etiladigan mevali koʻchatlar va payvandtaglar, payvandustlari, onalik materiallari roʻyxatini, balli baholash tizimi boʻyicha mevachilik va uzumchilik mahsulotlari yetishtiruvchilar reytingini eʼlon qilib borish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-son Farmoniga
2-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2024-2025-yillarda iqtisodiy samarasiz hamda eskirgan bogʻ va tokzorlar oʻrnida yangidan sanoatlashgan intensiv mevali bogʻ va tokzorlar barpo etishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI

T/r

Hudud nomi

Jami mevali bogʻ va uzumzor barpo etish jami reja,

(gektar)

2024-yil mavsumi

Togʻ oldi va qir-adirliklar

Samarasiz bogʻ

2025-yil mavsumi

Togʻ oldi va qir-adirliklar

Samarasiz bogʻ

1.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi

1 000

200

-

200

800

-

800

2.

Andijon viloyati

4 000

800

300

500

3 200

500

2 700

3.

Buxoro viloyati

2 500

500

-

500

2 000

-

2 000

4.

Jizzax viloyati

4 700

1 200

500

700

3 500

1 500

2 000

5.

Qashqadaryo viloyati

2 000

700

500

200

1 300

1 000

300

6.

Navoiy viloyati

800

300

200

100

500

300

200

7.

Namangan viloyati

6 400

3 000

2 000

1 000

3 400

2 000

1 400

8.

Samarqand viloyati

6 500

2 200

2 000

200

4 300

4 000

300

9.

Surxondaryo viloyati

2 500

800

300

500

1 700

1 000

700

10.

Sirdaryo viloyati

2 500

500

-

500

2 000

-

2 000

11.

Toshkent viloyati

3 500

1 500

1 000

500

2 000

1 700

300

12.

Fargʻona viloyati

6 000

2 000

1 000

1 000

4 000

2 000

2 000

13.

Xorazm viloyati

800

300

-

300

500

-

500

JAMI

43 200

14 000

7 800

6 200

29 200

14 000

15 200

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-son Farmoniga
3-ILOVA
Yangi bogʻlarni barpo etish uchun xorijiy davlatlardan payvandtagli mevali koʻchatlar va payvandtaglar, payvandustlari, onalik materiallari va texnikalarni import qilishda qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona bojlaridan ozod etilgan tovarlar
ROʻYXATI
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Tovar nomlari

TIF TN kodi

1.

Piyozboshlar, tuganaklar, tuganaksimon ildizlar, tuganak piyozlar, ildizpoyalar

0601

2.

Koʻchat va boshqa tirik oʻsimliklar (shu jumladan, ularning ildizlari), qalamchalar va parxishlar

0602

3.

Temir yoki poʻlatdan elektr izolyatsiyalanmagan simlar, troslar, arqonlar, buralgan simlar, stroplar va shunga oʻxshash buyumlar

7312 10 810 8

4.

Bogʻ shpalerlarini mustahkamlash uchun temir ankerlar

7326 20 000 9

5.

Yogʻoch shpalerlar

4418 91 700 0

6.

Shpalerlar (temir)

7326 90 980 7

7.

Tuproqni tayyorlash va qayta ishlov berish uchun qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik yoki oʻrmon xoʻjaligi mashinalari va pluglar

8432 10 000 0

8.

Diskli boronalar

8432 21 000 0

9.

Yer yumshatkichlar va kultivatorlar

8432 29 100 0

10.

Boronalar

8432 29 300 0

11.

Tuproqni ishlov berish uchun frezalar

8432 29 500 0

12.

Organik va noorganik oʻgʻitlarni purkovchi va taqsimlovchi moslamalar, ekish va koʻchat oʻtqazish mashinalari, boshqa mashinalar

8432 (31 900 0,

39 900 0, 41 000 0,

42 000 0, 80 000 0)

13.

Qishloq xoʻjaligi ishlari uchun traktorlar (bir oʻqli traktorlardan tashqari)

8701 (91 100 0,

92 100 0, 93 100 0,

94 100 9)

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-maydagi PF-83-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/83/0480-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-son Farmoniga
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi hamda zamonaviy xizmatlar koʻrsatishni yanada rivojlantirish toʻgʻrisida”gi PF-6159-son Farmonida:
a) 2-ilovaning 14-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

14.

Lavozimi boʻyicha

Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori

;

b) 3-ilovaning 4-pozitsiyasi “Biriktirilayotgan vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalari” ustunidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmonida:
“4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi” boʻlimi “Vazirlik va idora nomi” ustunidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
izohlar qismi quyidagi mazmundagi 5.4.1-kichik band bilan toʻldirilsin:
“5.4.1. 16 ta shtat birligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligining Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi”;
b) 2-ilovaning 4.4-kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4.4. Agrosanoatni rivojlantirish agentligi”;
v) 2a-ilovaning 4.4-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

4.4

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi

Agrosanoatni rivojlantirish agentligi

Agentstvo razvitiya agropromishlennosti

.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi “Pillachilik sohasida kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash hamda pilla yetishtirish uchun ozuqa bazasini yanada kengaytirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-85-son Farmoni 7-bandining birinchi xatboshisidagi “Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Qishloq xoʻjaligi vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-iyundagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-90-son Farmonida:
a) 1-bandning yettinchi xatboshisidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligining” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
birinchi va ikkinchi xatboshilardagi tegishli kelishikdagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari tegishli kelishikdagi “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“b” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatiga xizmat koʻrsatish boʻlimini tashkil etish choralarini koʻrsin”.
v) 2-ilovada “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” bloki “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” bloki bilan almashtirilsin;
g) 6-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
Agrosanoatni rivojlantirish agentligi
TASHKILIY TUZILMASI

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi

Agrosanoatni rivojlantirish agentligi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻlimlari

“Qishloq xoʻjaligini standartlashtirish markazi” DUK

Tumanlar (Quvasoy shahri) loyiha ofislari

Koʻchat yetishtirishga ixtisoslashgan va koʻrgazmali dala maydonlarini tashkil etadigan korxona

”.

d) 9-ilova quyidagi mazmundagi 4-band bilan toʻldirilsin:
“4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi xodimlariga Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash shartlari:
a) Davlat budjeti hisobidan:
Yagona tarif setkasi boʻyicha tasdiqlangan razryadlarga muvofiq lavozim maoshi toʻlanadi;
Agentlik markaziy apparati hamda viloyat, tuman (shahar) hududiy boʻlimlari va loyiha ofislari xodimlari lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyentlari 1,4 baravarga oshirilgan miqdorda qoʻllaniladi;
lavozim maoshining 40 foizi miqdorida ustama (mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyenti) toʻlanadi;
koʻp yillik xizmati uchun lavozim maoshiga 20 foizdan 100 foizgacha miqdorda ustama toʻlanadi;
oʻz vazifalarini vijdonan, shuningdek alohida muhim va masʼuliyatli ishlarni bajarayotgan xodimlarni ikki oylik mehnatga haq toʻlash fondi doirasida mukofotlanadi;
yilda bir marta oylik mehnatga haq toʻlash fondi miqdorida moddiy yordam koʻrsatiladi;
b) har yili Davlat budjetidan Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasiga ajratiladigan transfert hisobidan:
Agentlik markaziy apparati xodimlariga oʻz xizmat vazifalarini vijdonan bajarganliklari uchun Agentlik direktori tomonidan lavozim maoshining (ragʻbatlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda) 300 foizgacha hamda hududiy boʻlinmalar va tumanlar (Quvasoy shahri) xodimlariga 200 foizgacha miqdorda har oylik ustamalar toʻlanadi;
alohida oʻrnak koʻrsatgan Agentlik markaziy apparati xodimlariga lavozim maoshining (ragʻbatlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda) 100 foizigacha miqdorda oylik ustamalar toʻlanadi;
Agentlik va uning tizimidagi xodimlar rasman bayram deb eʼlon qilingan kunlar, (1-yanvar — Yangi yil, 8-mart — Xotin-qizlar kuni, 21-mart — Navroʻz bayrami, 9-may — Xotira va qadrlash kuni, 1-sentabr — Mustaqillik kuni, 8-dekabr — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni, diniy bayramlar Roʻza hayiti (Iyd-al-Fitr) va Qurbon hayiti (Iyd-al-Adha) va qishloq xoʻjaligi xodimlarining kasb bayramlari kuni munosabati bilan lavozim maoshining (ragʻbatlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda) ikki barobari miqdorida mukofotlanadi;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun xodimlarga bir yilda bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha boʻlgan miqdorda toʻlovlar amalga oshiriladi;
xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilish va ularning mehnati samaradorligini oshirish maqsadida har oyda (jamoa shartnomasiga muvofiq) transport xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir barobarigacha miqdorida va ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobarigacha miqdorda toʻlovlar amalga oshiriladi;
fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik lavozim maoshiga (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda) — 30 foizgacha ustamalar belgilanadi;
fan doktori yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik lavozim maoshiga (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda) — 35 foizgacha ustamalar belgilanadi.
Zaruratga koʻra, kasaba uyushmasi tashkiloti bilan kelishilgan holda xodimlar va (yoki) ularning oila aʼzolariga quyidagi holatlarda bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha boʻlgan miqdorda moddiy yordam toʻlab beriladi:
xodim vafot etganda — bunda moddiy yordam xotiniga (eriga) toʻlab beriladi, agar xodimning xotini (eri) boʻlmasa, moddiy yordam farzandlariga yoki qonuniy vakillariga (vasiylari va homiylariga) yoxud ularning voyaga yetmagan farzandlarini asrab olgan shaxslarga toʻlab beriladi, shuningdek, xodim turmush qurmagan boʻlsa, moddiy yordam ota-onasi yoki boqimandalar oʻrtasida teng ulushlarda taqsimlanadi;
yaqin qarindoshi vafot etganda (ota, ona, turmush oʻrtogʻi, farzandi) — vafoti toʻgʻrisida guvohnoma nusxasi taqdim etilganda.
Izoh:
Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan saqlanadigan shtat birliklari uchun mazkur shartlarning “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan barcha toʻlovlar Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlanadi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi “Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-36-son Farmoniga 4-ilovada:
9, 10, 49, 50 va 51-pozitsiyalari “Masʼullar” ustunidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin,
11-pozitsiyasi “Masʼullar” ustunidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Qishloq xoʻjaligi vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
24-pozitsiyasi “Masʼullar” ustunidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Yogʻ-moy sanoati uyushmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-37-son Farmoniga 2-ilovaning 52-pozitsiyasi “Hamijrochilar” ustunidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-iyuldagi “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4399-son qarorida:
2-bandining uchinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
4-banddagi “Agentlik” soʻzi “Markaz” soʻzi bilan almashtirilsin;
5-banddagi “Agentlik bosh direktori” soʻzlari “Markaz direktori” soʻzlari bilan almashtirilsin;
7-banddagi “Agentlik” soʻzi “Markaz” soʻzi bilan almashtirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish, sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4549-son qarorida:
4-banddagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
8-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-apreldagi “Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ishtirokidagi “Meva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻshilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4669-son qarori 5-bandining birinchi xatboshisidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4803-son qaroriga 2a-ilovaning 4-pozitsiyasi “Chora-tadbir nomi” ustunidagi “Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-iyuldagi PQ-5189-son qarori bilan tasdiqlangan Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati koʻrsatkichlarini ishlab chiqish, monitoring qilish va samaradorligini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovaning “IV. Agentliklar” boʻlimi 15-bandidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilgʻor texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5200-son qaroriga 4-ilovaning 1-pozitsiyasi “Ijro uchun masʼullar” ustunidagi “Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 12-noyabrdagi “Germaniya taraqqiyot banki ishtirokida “Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-9-son qarori 1-bandining “v” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“v) Loyihani amalga oshirish muddati 6 yil (2021 — 2026-yillar) etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin”.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-20-son qarorida:
uchinchi xatboshidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshidagi “Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 3-ilovaning toʻrtinchi xatboshisidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-52-son qarorida:
a) 1-band quyidagi mazmundagi “v” kichik band bilan toʻldirilsin:
“v) “mahalla yettiligi”ning tavsiyasiga asosan shakllantiriladigan roʻyxatga kiritilgan hamda elektron onlayn-auksion savdolari orqali dehqon xoʻjaligi yuritish uchun yer maydonlarini ijaraga olgan yoshlarga — mini-texnika, urugʻ va koʻchat xaridi uchun yillik 14 foiz stavkada (shundan 2 foizi bank marjasi), 6 oylik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga 100 million soʻmgacha kreditlar ajratiladi.
Bunda qaror doirasida barcha turdagi kreditlarni “mahalla yettiligi”ning kafilligi asosida ajratishga ruxsat beriladi hamda ular kreditlarning natijadorligi uchun teng javobgar boʻladi”;
birinchi xatboshidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligining” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin;
v) 9-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“meva va uzum yetishtirish, ularni saqlash, saralash, qayta ishlash va eksportini tashkil etishga koʻmaklashish vazifalari yuklatilsin”;
g) 10-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “budjetdan tashqari” soʻzlari “jamgʻarmasi” soʻzi bilan almashtirilsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-225-son qaroriga 1-ilovaning 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

3.

Lavozimi boʻyicha

Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori, Komissiya raisi oʻrinbosari

.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi “Jizzax viloyatida qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlarni kengaytirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-278-son qarorida:
a) 3-bandning birinchi xatboshisidagi “Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi” soʻzlari “Qishloq xoʻjaligi vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 9-bandning “a”kichik bandida:
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi “Dehqon xoʻjaliklari tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-373-son qarorining 5-bandida:
birinchi xatboshidan “, X. Karimov” soʻzlari chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshisidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Qishloq xoʻjaligi vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
sakkizinchi xatboshidan “, Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi direktori X.M. Karimov” soʻzlari chiqarib tashlansin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-oktabrdagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-387-son qarorida:
birinchi xatboshidan “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar agentligi direktori X. Karimov,” soʻzlari chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar agentligi” soʻzlari “Qishloq xoʻjaligi vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 6-bandning birinchi xatboshisidan “hamda Qishloq xoʻjaligida xizmatlar agentligi direktori (X. Karimov)” soʻzlari chiqarib tashlansin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-noyabrdagi “Issiqxona xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-413-son qarorida:
a) 1-bandning birinchi xatboshisidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin”;
b) 2-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligiga” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 2-ilovaning 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

3.

Lavozimiga koʻra

Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori, Ishchi guruh rahbari oʻrinbosari

.

21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-yanvardagi “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-23-son qarori 5-bandidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-fevraldagi “2023 — 2025-yillarda “Qashqadaryo viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-44-son qarori 13-bandining birinchi xatboshisidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-apreldagi “2023-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-113-son qarorining 2-bandida:
a) birinchi xatboshidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)” soʻzlari “Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
birinchi xatboshidagi “Agentlikning” soʻzi “Agrosanoatni rivojlantirish agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “Agentlik “Agroservis operator” DUK bilan birgalikda” soʻzlari “Agroservis operator” DUK” soʻzlari bilan almashtirilsin.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-apreldagi “Qishloq xoʻjaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-121-son qarorida:
a) 2-banddagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligiga” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 4-bandning birinchi xatboshidagi “Agentlikka biriktirilgan ilmiy-tadqiqot institutlariga” soʻzlari “Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Akademik M. Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 5-ilovaning 2-bandidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi (X.M. Karimov)ga” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-maydagi “2023 — 2025-yillarda Jizzax viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-146-son qarori 12-bandining ikkinchi xatboshisidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
26. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-iyuldagi “Agrar sohada ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-216-son qarori 5-bandining birinchi xatboshisidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligining” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
27. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-avgustdagi “2023 — 2026-yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-260-son qarorida:
a) 5-banddagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
4-pozitsiyada:
“Amalga oshirish mexanizmi” ustunidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Masʼullar” ustunidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
18-pozitsiyaning “Tadbirlar nomi” ustunidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 4-ilovaning 7-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

7.

Lavozimi boʻyicha

Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori

;

g) 5-ilovaning 1-bandi birinchi xatboshisidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligiga” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
28. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-martdagi “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xoʻjaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-115-son qarorining 5-bandidagi “Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi (N. Abdullayev)” soʻzlari “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan va “2024-yil” soʻzlari “2025-yil” soʻzlari bilan almashtirilsin.
29. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-162-son qaroriga 2-ilovaning 1010-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
30. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida “Agroservis operator” davlat unitar korxonasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 180-son qarorida:
3-bandning uchinchi xatboshisidagi “Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi” soʻzlari “Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
6-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi qoshidagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari” soʻzlari “Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi tomonidan ajratiladigan mablagʻlar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
31. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-iyuldagi 458-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xoʻjaligi birlashmalarining aʼzolari, meva-sabzavot klasterlari ishtirokchilari va tadbirkorlik subyektlariga mahalliy sharoitda yetishtirilgan intensiv koʻchatlar (pakana va yarim pakana) xoʻraki, kishmishbop va sanoatbop tok koʻchatlari hamda payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi nizomga 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son; 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son; 12.05.2026-y., 06/26/83/0480-son; 10.06.2026-y., 06/26/108/0579-son)