1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari / 12.04.02.00 Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Axborot va axborotlashtirish. Elektron tijorat (hujjat aylanishi)]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlarni va maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalarining huquqiy muhofazasi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.06.00 Maʼmuriy tartib-taomillar / 02.08.06.04 Davlat xizmatlarini koʻrsatish;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.18.00 Elektron va elektrotexnika sanoati. Maishiy asbob-uskunalar]
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlarni va maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Elektron hisoblash mashinalari (keyingi oʻrinlarda — EHM) uchun yaratilgan dasturlarni va maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibi;
yuridik yoki jismoniy shaxs (talabnoma beruvchi) tomonidan EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish soʻralgan talabnomani (talabnoma) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) topshirish tartibi;
talabnomani rezidentlar uchun — davlat xizmatlari markazi, vakolatli organning maxsus axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, norezidentlar uchun — vakolatli organning maxsus axborot tizimi orqali topshirish, pochta aloqasi orqali topshirish bundan mustasno;
talabnoma topshirilgandan keyingi barcha harakatlarni vakolatli organning maxsus axborot tizimi orqali amalga oshirish;
davlat xizmatini koʻrsatishda talabnoma beruvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan miqdorlarda patent bojini toʻlash tartibi;
talabnoma hujjatlarini tekshirish tartibi va muddatlari;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini Dasturiy mahsulotlar davlat reyestrida yoki Maʼlumotlar bazalari davlat reyestrida avtomatik tarzda rasmiy roʻyxatga olish va vakolatli organning maxsus axborot tizimi orqali talabnoma beruvchiga uning roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani yuborish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.D. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 31-avgust,
536-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-avgustdagi 536-son qaroriga
ILOVA
Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlarni va maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.06.00 Maʼmuriy tartib-taomillar / 02.08.06.04 Davlat xizmatlarini koʻrsatish;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.18.00 Elektron va elektrotexnika sanoati. Maishiy asbob-uskunalar]
1. Mazkur Reglament Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalarining huquqiy muhofazasi toʻgʻrisida”gi Qonuniga (keyingi oʻrinlarda — Qonun) asosan elektron hisoblash mashinalari (EHM) uchun yaratilgan dasturlarni va maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
[OKOZ:
1.18.00.00.00 Prokuratura. Advokatura. Notariat. Yuridik xizmat. Adliya organlari. FHDY organlari / 18.05.00.00 Adliya organlari / 18.05.01.00 Adliya organlarining tizimi va tashkiliy tuzilmasi]
2. Davlat xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) tomonidan koʻrsatiladi.
3. EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha talabnomani (keyingi oʻrinlarda — talabnoma) topshirish va davlat xizmatidan foydalanish boʻyicha boshqa harakatlar nomiga roʻyxatdan oʻtkazilishi soʻralayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs (keyingi oʻrinlarda — talabnoma beruvchi) tomonidan bevosita yoki vakili orqali amalga oshiriladi.
4. Davlat xizmati mazkur Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha koʻrsatiladi.
2-bob. Talabnomaga doir talablar
5. Qonunning 9-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq talabnoma EHM uchun yaratilgan bitta dastur yoki bitta maʼlumotlar bazasiga taalluqli boʻlishi kerak.
6. Talabnoma quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
EHM uchun yaratilgan dasturni yoki maʼlumotlar bazasini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza (keyingi oʻrinlarda — ariza);
EHM uchun yaratilgan dasturni yoki maʼlumotlar bazasini identifikatsiya qilish imkonini beruvchi materiallar;
referat.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.06.00.00 Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va burchlari / 01.06.03.00 Asosiy (Konstitutsiyaviy) siyosiy huquq va erkinliklar / 01.06.03.04 Ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqi]
7. Ariza mazkur Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shaklda topshiriladi.
Arizada talabnoma beruvchining toʻliq nomi (ismi), asarning (EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasi) nomi koʻrsatiladi.
8. Arizaning 21-kodli “Talabnomaning qayd raqami” va 22-kodli “Talabnomaning kelib tushgan sanasi” grafalari ariza vakolatli organga kelib tushgandan keyin rekvizitlarni kiritish uchun moʻljallangan.
9. Arizaning 71-kodli “Huquq egasi” grafasida talabnoma beruvchi toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
yuridik shaxsning rasmiy nomi (taʼsis hujjati boʻyicha) yoki jismoniy shaxsning toʻliq ismi, shuningdek:
rezidentlar uchun STIR yoki JSHSHIR, joylashgan yeri yoki yashash joyi manzillari;
norezidentlar uchun ism va nomlarning transliteratsiyasi hamda Butunjahon intellektual mulk tashkilotining (keyingi oʻrinlarda — BIMT) ST.3 standarti boʻyicha mamlakat kodi (agar u oʻrnatilgan boʻlsa).
Talabnoma beruvchilar bir nechta boʻlganda, koʻrsatilgan maʼlumotlar ularning har biri uchun alohida keltiriladi.
10. Arizaning 54-kodli “EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining nomi” grafasida rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilayotgan EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining nomi koʻrsatiladi.
11. Arizaning “Avvalgi nomi” yoki “Muqobil nomi” grafasida EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining avvalgi yoki muqobil nomi koʻrsatiladi.
Rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilayotgan EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasi arizaning 54-kodli grafasida koʻrsatilganidan boshqacha nomlangan yoki ayni paytda boshqa nomga (qoʻshimcha ravishda) ega boʻlganda mazkur grafa toʻldiriladi.
12. Arizaning “Jamlama asar nomi” grafasida rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilayotgan EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini qism sifatida oʻz tarkibiga olgan jamlama asar nomi koʻrsatiladi.
Mazkur grafa rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilayotgan EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasi jamlama asarning bir qismi hisoblanganda toʻldiriladi.
13. Arizaning “EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasi yaratilgan sana” grafasida rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilayotgan EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasi yaratilgan sana koʻrsatiladi.
14. Arizaning “EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasi birinchi bor nashr qilingan (eʼlon qilingan) joy va sana” grafasida rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilayotgan EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasi birinchi bor nashr qilingan (eʼlon qilingan) mamlakat nomi va sana koʻrsatiladi.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.14.00.00 Intellektual mulk / 03.14.02.00 Mualliflik huquqi]
15. Arizaning “Mualliflik huquqi obyektlari hisoblangan asarlar toʻgʻrisida maʼlumotlar” grafasida rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilayotgan EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini yaratishda qoʻllanilgan mualliflik huquqi obyektlari hisoblangan boshqa asarlar toʻgʻrisida maʼlumotlar koʻrsatiladi.
16. Arizaning “Yozishmalar uchun manzil” grafasida xat oluvchining nomi (yuridik shaxslar uchun) yoki ismi (jismoniy shaxslar uchun), shuningdek, joylashgan joyi (pochta manzili), telefon raqami, elektron pochtasidan kamida biri koʻrsatiladi. Ushbu maʼlumotlar uchinchi shaxslar huquq egasi bilan bogʻlanishi uchun ochiq hisoblanadi.
17. Arizaning “Ilova qilingan hujjatlar” grafasida talabnomaga aloqador hujjatlar biriktiriladi.
18. Arizaning 72-kodli “Muallif” grafasida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
muallifning familiyasi, ismi, otasining ismi va fuqaroligi, shuningdek:
rezidentlar uchun JSHSHIR, ish joyi, lavozimi va ilmiy darajasi, BIMT ST.3 standarti boʻyicha mamlakat kodi;
norezidentlar uchun BIMT ST.3 standarti boʻyicha mamlakat kodi (agar u belgilangan boʻlsa).
19. Agar muallif EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlarni eʼlon qilishda uni muallif sifatida koʻrsatilmasligini, yaʼni anonim holda qolishni soʻragan yoki taxallus ostida koʻrsatilishini istagan boʻlsa, “Eʼlon qilinganida muallif eslatib oʻtilsin” grafasining tegishli katakchalarida belgi qoʻyiladi va tegishli joyda uning taxallusi koʻrsatiladi.
20. EHM uchun yaratilgan dasturni identifikatsiya qiluvchi materiallar boshlangʻich matni (muayyan dasturlash tilida yozilgan, muayyan kompilyator qayta ishlamagan matn yoki uning fragmentlari) 10 MBgacha hajmdagi pdf formatda taqdim qilinadi.
Shu bilan birga, materiallarning tarkibiga uni ishlab chiqish davomida olingan tayyorlov materiallarini hamda uning tomonidan hosil qilinadigan istalgan vizual va audiovizual fayllarni 10 MBgacha hajmdagi zip formatda kiritishga yoʻl qoʻyiladi.
21. Rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilayotgan maʼlumotlar bazasini identifikatsiya qilish maqsadida undagi maʼlumotlarni taqdim etishning obyektiv shakli va majmuaviyligining tashkil qilganligini hamda ularning bir tizimga keltirilganligining aks etishi uchun mazkur maʼlumotlar 10 MBgacha hajmdagi pdf formatda taqdim qilinadi.
22. EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini identifikatsiya qiladigan materiallar obyektning nomi, huquq egasi va barcha mualliflar koʻrsatilgan titul varagʻini oʻz ichiga olishi kerak.
23. EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining referati quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining nomi (arizada koʻrsatilgan holatda);
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining vazifasi, qoʻllanilish sohasi va funksional imkoniyatlari ochib berilgan annotatsiya (700 belgidan koʻp boʻlmagan);
ishlatiladigan EHM turi;
dasturlash tili (EHM dasturi uchun);
maʼlumotlar bazasini boshqarish turi va versiyasi (maʼlumotlar bazasi uchun);
operatsion tizim turi va versiyasi;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining kilobayt birlikdagi hajmi.
24. Referatda standartlashtirilgan atamalar va qisqartmalar mavjud boʻlmaganda, ilmiy va texnikaviy adabiyotlarda qabul qilingan atamalar va qisqartmalar qoʻllaniladi.
Referatda ilmiy-texnikaviy adabiyotlarda keng qoʻllanilmaydigan atama va ishoralar ishlatilganda ularning maʼnosi matnda birinchi marta qoʻllanilganda tushuntirib oʻtiladi.
Referatda ilmiy-texnikaviy adabiyotlarda ilmiy boʻlmagan tushunchalar va referatda taʼriflovchi deb hisoblangan terminlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Referatda hamma shartli belgilar ochib koʻrsatilishi lozim.
25. Talabnomada odob-axloq va ijtimoiy qoidalarga zid iboralar, rasmlar, tasvirlar va boshqa materiallar, boshqa shaxslarning talabnomalari yoki asarlariga nisbatan asossiz va nooʻrin fikrlar, talabnomaga bevosita taalluqli boʻlmagan yoxud talabnoma hujjatlarini mazkur Reglamentning talablariga muvofiq deb eʼtirof etish uchun zarur boʻlmagan maʼlumotlar va fikrlar koʻrsatilmasligi lozim.
26. Vakil orqali topshirilgan talabnomaga unga talabnoma beruvchi tomonidan berilgan va uning vakolatlarini tasdiqlaydigan ishonchnoma ilova qilinadi. Ishonchnoma oddiy yozma shaklda rasmiylashtiriladi.
Ishonchnoma talabnoma bilan bir vaqtda taqdim etiladi.
3-bob. Hujjatlarni topshirish
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.06.00 Maʼmuriy tartib-taomillar / 02.08.06.04 Davlat xizmatlarini koʻrsatish;
2.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.01.00.00 Axborot va axborotlashtirish sohasining umumiy qoidalari]
27. Davlat xizmatidan foydalanishda:
rezidentlar davlat xizmatlari markazi, vakolatli organning maxsus axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali;
norezidentlar davlat xizmatidan foydalanish uchun axborot tizimi orqali vakolatli organga talabnoma topshiradi.
Talabnoma vakolatli organga pochta aloqasi orqali ham topshirilishi mumkin. Bunda talabnoma vakolatli organ tomonidan zudlik bilan axborot tizimiga kiritiladi.
28. Talabnoma topshirilgandan keyingi bosqichlardagi barcha harakatlar axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
29. Vakolatli organ Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasining (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tekshiruvni amalga oshirish maqsadida axborot tizimidan doimiy foydalanishini taʼminlaydi.
Agar mazkur Reglamentda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tekshiruv bosqichidagi talabnoma boʻyicha yozishmalar Markaz bilan olib boriladi.
30. Arizani axborot tizimi yoki YIDXP orqali topshirishda ariza shakli toʻldirilganidan soʻng talabnoma beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirib, arizani tasdiqlaydi.
Talabnoma beruvchi davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, ariza davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, talabnoma beruvchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi.
Yuridik shaxs nomidan ariza tashkilot rahbari yoki boshqa vakil qilingan shaxs tomonidan tasdiqlanadi.
Arizani pochta aloqasi orqali topshirishda u imzolash yoʻli bilan tasdiqlanadi. Bunda tegishli maʼlumotlar qoʻshimcha varaqlarda keltirilganda ularning har biri imzolanadi.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.06.00 Maʼmuriy tartib-taomillar / 02.08.06.04 Davlat xizmatlarini koʻrsatish;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.18.00.00 Davlat boji / 07.18.01.00 Umumiy qoidalar. Davlat boji toʻlovchilar va undiriladigan obyektlar]
31. Davlat xizmatini koʻrsatishda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunida nazarda tutilgan miqdorda patent boji toʻlanadi hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
Patent boji toʻlovi yagona billing tizimi orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
32. Talabnoma beruvchi tomonidan arizani tasdiqlashning rad etilishi, shuningdek, davlat xizmatini koʻrsatish uchun davlat bojini toʻlamaslik davlat xizmatlari koʻrsatishni rad etish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
Davlat xizmatini koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
33. Vakolatli organ talabnomani qabul qilib, roʻyxatga olgandan soʻng talabnoma beruvchiga talabnomaning qayd raqami, kelib tushgan sanasi koʻrsatilgan xabarnomani tegishli ravishda axborot tizimi yoki YIDXP orqali avtomatik tarzda yoxud pochta aloqasi boʻyicha yuboradi.
4-bob. Talabnomani koʻrib chiqish
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.06.00 Maʼmuriy tartib-taomillar / 02.08.06.04 Davlat xizmatlarini koʻrsatish]
34. Talabnomaga axborot tizimida avtomatik ravishda ikkita harfli va toʻqqiz xonali roʻyxat raqami beriladi, bunda harflar (DT) — EHM uchun yaratilgan dasturlarga, (MB) — maʼlumotlar bazalariga, talabnoma raqamidagi dastlabki toʻrtta son — talabnoma topshirilgan yilni, keyingi beshta son — shu yildagi har yili birdan boshlanadigan tartib raqamini bildiradi.
35. Talabnoma topshirilgandan keyin yuboriladigan materiallarda talabnoma raqami koʻrsatilishi shart. Talabnoma raqami koʻrsatilmagan materiallar koʻrib chiqilmaydi.
36. Vakolatli organ qabul qilingan talabnoma toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni bir ish kuni mobaynida Axborot tizimiga barcha foydalanishi mumkin boʻlgan koʻrinishda joylashtiradi.
37. Talabnoma kelib tushganidan soʻng Markaz tomonidan tegishli hujjatlarning mavjudligi va Qonun hamda mazkur Reglament talablariga muvofiqligi tekshiriladi.
Tekshiruv talabnoma kelib tushganidan soʻng oʻn kun ichida amalga oshiriladi.
38. Tekshiruv jarayonida talabnoma mazkur Reglamentning talablari buzilgan holda rasmiylashtirilganligi aniqlanganda, talabnoma beruvchiga yetishmayotgan yoki tuzatish talab etilayotgan maʼlumotlar va hujjatlarni taqdim etish toʻgʻrisidagi soʻrovnoma joʻnatiladi.
Soʻrovnomaga talabnoma beruvchi tomonidan toʻliq javob uch oy ichida taqdim etiladi.
Talabnoma beruvchiga soʻrovnoma yuborilganda tekshiruv muddati toʻxtatib turiladi.
Soʻrovnomaga belgilangan muddatda toʻliq javob berilmaganda, talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi va bu haqida talabnoma beruvchiga xabarnoma yuboriladi.
39. Tekshiruv natijasida talabnoma materiallari belgilangan talablarga zid emasligi haqidagi xulosaga kelinganda, EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi va talabnoma beruvchiga yuboriladi.
40. Talabnoma materiallarining Qonun va mazkur Reglament talablariga zid ekanligi aniqlanganda, EHM uchun yaratilgan dasturni yoki maʼlumotlar bazasini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
41. EHM uchun yaratilgan dasturni yoki maʼlumotlar bazasini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish yoxud ularni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda tegishli qarorni qabul qilish asoslari keltiriladi.
42. Talabnoma beruvchining xohishiga koʻra talabnomani tekshirish tezkor tartibda oʻtkazilishi mumkin. Tezkor tartibda tekshiruvni amalga oshirish uchun talabnoma beruvchi talabnoma bilan birgalikda iltimosnoma taqdim qiladi.
Talabnoma tezkor tartibda Markaz tomonidan iltimosnoma kelib tushgan kundan eʼtiboran bir kun ichida talabnoma beruvchi va Markaz oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida tekshiriladi.
43. Rasmiy axborotnomada EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasi toʻgʻrisida maʼlumotlar eʼlon qilingunga qadar talabnoma beruvchi Markazning soʻrovnomasiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan talabnoma materiallariga talabnoma topshirilgan EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining mohiyatini oʻzgartirmagan holda toʻldirish, aniqlik va tuzatishlar kiritish huquqiga ega. Soʻrovnomaga mazkur Reglamentning 38-bandida nazarda tutilgan tartibda javob beriladi.
44. Talabnoma materiallariga toʻldirish, aniqlik va tuzatishlar kiritish talabnoma beruvchi tomonidan mazkur Reglamentga 3-ilovaga muvofiq ariza berish yoʻli bilan belgilangan miqdordagi patent boji toʻlanganda amalga oshiriladi.
45. Davlat boji toʻlanmaganda tegishli harakatlar amalga oshirilmaydi va bu haqida talabnoma beruvchiga xabar beriladi. Toʻlangan patent boji belgilangan miqdorga mos boʻlmaganda, talabnoma beruvchi Markaz tomonidan bojning yetishmagan qismini toʻlash haqidagi xabarnoma yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida kerakli summani toʻlashi kerak.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.18.00.00 Davlat boji / 07.18.01.00 Umumiy qoidalar. Davlat boji toʻlovchilar va undiriladigan obyektlar]
46. Belgilangan patent boji toʻlanganda, vakolatli organ EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini mazkur Reglamentga 4 va 5-ilovalarga muvofiq shakllardagi Dasturiy mahsulotlar davlat reyestrida yoki Maʼlumotlar bazalari davlat reyestrida avtomatik tarzda rasmiy roʻyxatga oladi va axborot tizimi orqali talabnoma beruvchiga uning roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani elektron shaklda yuboradi.
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar vakolatli organ tomonidan rasmiy axborotnomada eʼlon qilinadi.
Talabnoma beruvchining xohishiga koʻra EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasi rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi guvohnoma pochta aloqasi orqali koʻrsatilgan manzilga yuborilishi mumkin.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
47. Talabnoma beruvchi talabnomaga aloqador ish yuritish bilan axborot tizimi orqali tanishishi mumkin.
48. Soʻrovnoma, xabarnoma, tekshiruv natijalari toʻgʻrisidagi qarorlar va EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi guvohnoma QR-kod (matrik shtrixli kodli) qoʻyish bilan tasdiqlanib yuboriladi.
49. EHM uchun yaratilgan dasturni yoki maʼlumotlar bazasini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorlar yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish mumkin.
50. Mazkur Reglament talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2155-moddasi.
Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlarni va maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlarni va maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Talabnoma beruvchi
Davlat xizmatidan foydalanish uchun davlat xizmatlari markazi, Adliya vazirligining maxsus axborot tizimi yoki YIDXP orqali yoxud pochta aloqasi orqali talabnoma topshiradi.
Xohishiga koʻra
2-bosqich
Talabnoma beruvchi
EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha talabnoma topshirish uchun patent bojini toʻlaydi.
3 oy ichida
3-bosqich
Adliya vazirligi
1. Talabnomani qabul qiladi.
Patent boji toʻlanganidan soʻng avtomatik tarzda
2. Talabnomaning qayd raqami va kelib tushgan sanasi koʻrsatilgan xabarnomani talabnoma beruvchiga yuboradi.
4-bosqich
“Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi
1. Talabnoma materiallarini tekshiradi.
2. Tekshirish natijasi boʻyicha elektron hisoblash mashinalari (EHM) uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va talabnoma beruvchiga yuboradi.
Talabnoma kelib tushgan sanadan boshlab 10 kun (tekshiruvni tezkor tartibda oʻtkazish yuzasidan iltimosnoma kelib tushgan sanadan boshlab 1 kun)ichida
5-bosqich
Talabnoma beruvchi
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish, guvohnomani berish va eʼlon qilish uchun patent bojini toʻlaydi.
Roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror joʻnatilgan sanadan boshlab
3 oy davomida
6-bosqich
Adliya vazirligi
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini roʻyxatdan oʻtkazadi va muhofaza hujjatini beradi.
Belgilangan miqdorda patent boji toʻlanganda avtomatik tarzda
Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlarni va maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturni va maʼlumotlar bazasini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish uchun
ARIZA
(22)Talabnomaning kyelib tushgan sanasi
__________________________________
(21) Talabnomaning qayd raqami
__________________________________
Yozishmalar uchun manzil:
_____________________________________________
_____________________________________________
Telefon: _____________________________________
Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturni yoki maʼlumotlar bazasini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish uchun
Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlarni va maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA
Toʻldirish, aniqlik va tuzatishlar kiritish toʻgʻrisida
ARIZA
Kelib tushgan sanasi
__________________
Qayd raqami
_______________
Talabnomaga toʻldirish, aniqlik va tuzatishlar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi
Adliya vazirligi
ARIZA
(21) Talabnomaning qayd raqami
(22) Talabnomaning kelib tushgan sanasi
Mazkur arizani taqdim etgan holda talabnoma materiallariga quyidagi toʻldirish, aniqlik va tuzatishlar kiritishingizni soʻrayman:
Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlarni va maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
4-ILOVA
Dasturiy mahsulotlar
DAVLAT REYESTRI
(11)
Roʻyxatga olish raqami
(15)
Roʻyxatga olish sanasi
(19)
Mamlakat kodi
(21)
Talabnomaning qayd raqami
(22)
Talabnomaning kelib tushgan sana
(40)
Eʼlon qilingan sana va rasmiy axborotnoma raqami
(71)
Huquq egasi (talabnoma beruvchi)
(72)
Mualliflar
(74)
Vakil
(54)
Dasturiy mahsulot nomi
(57)
EHM uchun yaratilgan dasturning referati
(98)
Yozishmalar uchun manzil
Izoh.Mazkur reyestrda ishlatilayotgan kodlar Butunjahon intellektual mulk tashkilotining standartlari asosida belgilangan.
Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlarni va maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
5-ILOVA
Maʼlumotlar bazalari
DAVLAT REYESTRI
(11)
Roʻyxatga olish raqami
(15)
Roʻyxatga olish sanasi
(19)
Mamlakat kodi
(21)
Talabnomaning qayd raqami
(22)
Talabnomaning kelib tushgan sana
(40)
Eʼlon qilingan sana va rasmiy axborotnoma raqami
(71)
Huquq egasi (talabnoma beruvchi)
(72)
Mualliflar
(74)
Vakil
(54)
Maʼlumotlar bazasining nomi
(57)
Maʼlumotlar bazasining referati
(98)
Yozishmalar uchun manzil
Izoh.Mazkur reyestrda ishlatilayotgan kodlar Butunjahon intellektual mulk tashkilotining standartlari asosida belgilangan.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.09.2024-y., 09/24/536/0680-son)