toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi sanoatining rivojlanish barqarorligini ragʻbatlantirish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning raqobatbardoshligi va innovatsion faolligini oshirish, mintaqaviy va xalqaro qoʻshilgan qiymat zanjirlariga ulanish hamda qulay investitsiya muhitini yaratish maqsadida:
1. 2023-yil 9-noyabrda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumatlari oʻrtasida “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi faoliyatini tartibga solish toʻgʻrisidagi Bitim imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Sirdaryo viloyati hokimligining:
Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi 1-ilovaga muvofiq 50 gektar sugʻoriladigan yer uchastkasini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish;
ushbu qarorga 1-ilovadagi yer uchastkasida “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi” erkin iqtisodiy zonasini (keyingi oʻrinlarda — “Markaz”) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Markaz hududining chegaralari tavsifi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Markaz faoliyatini boshqarish “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” unitar korxonasiga (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) yuklatilsin.
5. Belgilansinki:
Markazning faoliyat koʻrsatish muddati 30 yilni tashkil etadi va ushbu muddat keyinchalik qonunga muvofiq uzaytirilishi mumkin;
Markaz faoliyati davomida uning ishtirokchilariga erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun belgilangan alohida soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalar tatbiq etiladi;
Markaz hududiga sanoat korxonalarini ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish orqali sanoat kooperatsiyasi kengaytiriladi;
“yagona darcha”, interaktiv mexanizmlarga asoslangan bojxona, sertifikatlashtirish, fitosanitariya, veterinariya, transport, bank va valyuta ayirboshlash, uyali aloqa, shuningdek, mijozlar uchun tibbiyot, mehmonxona, avtotransport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish hamda boshqa xizmatlar yoʻlga qoʻyiladi;
Markaz hududida faqat Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar ishlab chiqarish sertifikati nazorati ostida realizatsiya qilinadi;
yuridik shaxslar tomonidan Markaz hududida ishlab chiqarish faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan xorijiy davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Markaz hududiga alohida nazorat oʻtkazish punkti orqali harakatlanish hujjatlari asosida oʻtadi va ularga faqat kirgan nazorat oʻtkazish punkti orqali ortga qaytishga ruxsat etiladi;
Markaz hududida shaxslar, transport vositalari va yuklar erkin harakatlanadi.
6. Qozogʻiston Respublikasi va ushbu davlat orqali tashrif buyuruvchi chet el fuqarolari uchun Markaz hududiga maxsus nazorat oʻtkazish punkti orqali vizasiz tartibda, shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan kirish, 15 kun mobaynida hududda boʻlish va kirgan nazorat punkti orqali chiqish imkoniyati yoʻlga qoʻyilsin.
7. Sirdaryo viloyati hokimligi:
a) bir oy muddatda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Markaz bosh rejasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin. Bunda:
Sirdaryo viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi bosh rejani ishlab chiqishda buyurtmachi tashkilot etib belgilansin;
bosh rejani ishlab chiqish boʻyicha loyiha tashkiloti belgilangan tartibda tanlov (tender) savdolariga asosan aniqlansin;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
bosh rejani ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlar Sirdaryo viloyati mahalliy budjetining orttirib bajarilgan qismi, Sirdaryo viloyati hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilsin;
b) qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida 2026-yil 1-yanvarga qadar mazkur qaror bilan yer fondi toifasi oʻzgartirilayotgan yer uchastkasining ikki baravari miqdorida yangi yer uchastkalari oʻzlashtirilishini hamda sugʻoriladigan yerlar toifasiga oʻtkazilishini taʼminlasin.
8. Belgilansinki, Markaz hududida:
investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-dekabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5600-son Farmoniga muvofiq elektron onlayn-auksion savdolari orqali, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6243-son Farmonining 3-bandida belgilangan tartibda bosqichma-bosqich ajratiladi;
infratuzilma obyektlarini qurish ishlari elektron onlayn auksiondan tushgan mablagʻlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-dekabrdagi “Hududlarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4929-son qaroriga muvofiq moliyalashtiriladi;
infratuzilma obyektlarini qurish-taʼmirlash ishlari boʻyicha buyurtmachi vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5101-son qarorida belgilangan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
9. Sirdaryo viloyati hokimligi uch oy muddatda:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “Oʻzbektelekom” AK, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda Markazning tasdiqlangan bosh rejasiga asosan 2024-2025-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl infratuzilmasi bilan taʼminlash lozim boʻlgan obyektlar roʻyxatini;
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari bilan birgalikda Markaz hududini xavfsizlik infratuzilmasi bilan taʼminlash boʻyicha texnik shart va asoslarni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Oʻzbektelekom” AK va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ Sirdaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl infratuzilmasi obyektlarining roʻyxati tasdiqlangandan soʻng toʻrt oy muddatda amalga oshiriladigan obyektlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqsin, oʻrnatilgan tartibda kelishish ishlarini yakunlasin.
11. Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi ikki oy muddatda Markaz hududini qoʻriqlash, jamoat tartibini saqlash hamda chegara va bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish uchun talab etiladigan shaxsiy tarkib shtat birligini umumiy shtat birliklari hamda ish haqi fondi doirasida belgilash hamda moddiy-texnik jihatdan taʼminlash boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
12. Kadastr agentligi:
Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Sirdaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda yer uchastkalarining mazkur qarorga asosan yangi maqsadlar uchun ajratilishiga, shuningdek, yangi yerlarning sugʻoriladigan yerlar toifasiga kiritilishiga koʻra Yer resurslarining holati toʻgʻrisidagi milliy hisobotga tegishli oʻzgartirishlar kiritib borsin;
yer uchastkalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan qatʼiy davlat nazorati oʻrnatilishini taʼminlasin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Qudratov hamda Sirdaryo viloyati hokimi A.A. Mahmudaliyev belgilansin.
Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 6-avgust,
PQ-283-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 6-avgustdagi PQ-283-son qaroriga
1-ILOVA
“Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi” erkin iqtisodiy zonasi uchun ajratiladigan
yer uchastkalari

Hudud manzili va uning chegaralari

Kontur raqami

Yer maydoni

(ga)

Shundan:

Tuproq ball boniteti

Oʻzgartirishga taklif etilayotgan yer maydoni toifasi

Taklif etilayotgan foydalanish maqsadi

sugʻoriladigan yerlar

boshqa yerlar

Sirdaryo tumani,

“Elobod” MFY

403,

404,

405

50,0

50,0

-

67,0

Sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar

Erkin iqtisodiy zona tashkil etish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 6-avgustdagi PQ-283-son qaroriga
2-ILOVA
“Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi” erkin iqtisodiy zonasi uchun ajratiladigan yer uchastkalari chegaralarining
TAVSIFI

T/r

Hudud va uning chegaralari tavsifi

Maydoni (ga)

Sirdaryo tumani, “Elobod” MFY, Sindarobod massivi

1.

Gʻarb tomondan

1-nuqta

40°50'0,588''N, 68°34'30,918''E

50,0

2-nuqta

40°49'46,55''N, 68°34'30,525''E

2.

Janub tomondan

3-nuqta

40°49'46,55''N, 68°34'30,525''E

4-nuqta

40°49'32,982''N, 68°33'49,475''E

3.

Sharq tomondan

5-nuqta

40°49'32,982''N, 68°33'49,475''E

6-nuqta

40°50'6,575''N, 68°33'49,932''E

4.

Shimol tomondan

7-nuqta

40°50'6,575''N, 68°33'49,932''E

8-nuqta

40°50'0,588''N, 68°34'30,918''E

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.08.2024-y., 07/24/283/0587-son)