toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Hududlarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalari uchun infratuzilma yaratishda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:
1. 2021-yilda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga turtki beradigan loyihalar hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalari uchun tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish tadbirlariga Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 1 trillion soʻm koʻzda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
a) maxsus iqtisodiy zonalar hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarining tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish tadbirlari:
(2-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-apreldagi PQ-165-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2024-y., 07/24/165/0311-son)
ichimlik suvi, oqova suv tarmoqlarini hamda avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha — Davlat budjeti mablagʻlari;
elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha — tegishlicha taʼminotchi korxonalar tomonidan tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq taʼminotchi korxonalarga haqiqatda amalga oshirilgan xarajatlar respublika budjeti mablagʻlari hisobidan 5 foiz stavkada uch yil muddatda qaytarish sharti bilan ajratiladigan budjet ssudasi mablagʻlari;
aloqa tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha — taʼminotchi korxonalar tomonidan tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq taʼminotchi korxonalarning hamda tadbirkorlik subyektlarining oʻz mablagʻlari;
b) hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga turtki beradigan loyihalar va tadbirlarning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (taʼmirlash) ishlari boʻyicha — Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
budjet ssudasi mablagʻlari elektr energiyasi tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga hamda tabiiy gaz tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari uchun “Hududgaztaʼminot” AJga ajratiladi;
maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarining avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmalari huzuridagi avtomobil yoʻllarini rivojlantirish jamgʻarmalari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Vazirlar Mahkamasi:
ikki hafta muddatda 2021-2022-yillarda maxsus iqtisodiy zonalarni va kichik sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlashga oid chora-tadbirlarning manzilli roʻyxatlarini;
2021-yil 1-aprelga qadar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb etilishini ragʻbatlantirish maqsadida qiymati 250 milliard soʻm miqdordan oshadigan xorijiy va mahalliy investorlarning investitsiya loyihalari tashqi infratuzilmasini yaratish xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
5. Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga turtki beradigan loyihalar hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlashga davlat budjetidan mablagʻlar ajratilishining maqsadga muvofiqligini aniqlash boʻyicha maxsus komissiya ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
6. Maxsus komissiya (T.A. Ishmetov):
har oy yakuni bilan joylardagi maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarining tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlanganlik holati tanqidiy oʻrganib chiqilishini;
Davlat budjetidan, shu jumladan budjet ssudasi hisobidan tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash boʻyicha taqdim etilgan takliflarni koʻrib chiqish va tegishli xulosa berishni;
tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlashda moliyalashtirish manbalariga aniqlik kiritib borishni hamda maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning eng maqbul yoʻnalishini belgilashni;
tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish bilan bogʻliq tadbirlarga Davlat budjetidan ajratilayotgan mablagʻlarning natijadorligini taʼminlasin.
Maxsus komissiyaning ishchi organi etib Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yili Davlat budjetining asosiy parametrlarini shakllantirishda maxsus iqtisodiy zonalar hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash ishlari uchun Davlat budjetidan Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-apreldagi PQ-165-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2024-y., 07/24/165/0311-son)
8. Hisob palatasi Moliya vazirligi bilan birgalikda maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga turtki beradigan loyihalar hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarini muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash ishlariga ajratilgan mablagʻlarning maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 18-dekabr,
PQ-4929-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-dekabrdagi PQ-4929-son qaroriga
ILOVA
Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga turtki beradigan loyihalar hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlashga davlat budjetidan mablagʻlar ajratilishining maqsadga muvofiqligini aniqlash boʻyicha maxsus komissiya
TARKIBI

1.

T.A. Ishmetov

moliya vaziri, komissiya raisi

2.

A.J. Ortiqov

iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari, komissiya raisi oʻrinbosari

3.

N.Q. Xolmurodov

investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari — komissiya aʼzosi, komissiya raisi oʻrinbosari

4.

B.I. Zakirov

qurilish vaziri

5.

A.S. Sultanov

energetika vaziri

6.

Sh.M. Sadikov

axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri

7.

I.R. Mahkamov

transport vaziri v.b.

8.

M.X. Saliyev

uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri

9.

A.A. Abduvaliyev

Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisi

10.

X.S. Turaxujayev

Kadastr agentligi direktori

11.

Lavozimi boʻyicha

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi masʼul xodimi — komissiya kotibi

Izoh: Maxsus komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2020-y., 07/20/4929/1641-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2024-y., 07/24/165/0311-son)