toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 26.12.2002
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
DAVLAT STATISTIKASI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2002-yil 12-dekabrdagi 442-II-son “Davlat statistikasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasida statistikani tashkil etish masalalarini tartibga soladi, davlat statistika organlarining vakolatlari va vazifalarini belgilab beradi hamda respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga doir statistika maʼlumotlarining yagona tizimini yuritish uchun asos yaratib beradi.
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Davlat statistikasi toʻgʻrisidagi qonunlar
Davlat statistikasiga doir qonunlar ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlaridan ham iboratdir.
2-modda. Davlat statistikasining asosiy vazifalari
Davlat statistikasining asosiy vazifalari:
statistika sohasidagi davlat siyosatini roʻyobga chiqarish;
Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy va ijtimoiy hayotida roʻy beradigan jarayonlarga doir statistika maʼlumotlari toʻplash, tayyorlash, ularni umumlashtirish va har tomonlama tahlil etish;
ilmiy tadqiqotlarning natijalari, xalqaro standartlar va tavsiyalar negizida statistikaga doir ishlar uslubini ishlab chiqish va joriy etish;
statistika maʼlumotlari aniq, xolis, tezkor, barqaror va toʻla-toʻkis boʻlishini taʼminlash;
amaldagi qonunlar doirasida statistika maʼlumotlarining majmui oshkora va ochiq boʻlishi hamda ulardan barchaning foydalana olishini taʼminlash;
respublika xususiyatlarini aks ettiruvchi statistika koʻrsatkichlari har tomonlama toʻliq va izchil boʻlishini taʼminlashdan iboratdir.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan statistika sohasidagi oʻzaro munosabatlari
Oʻzbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan statistika sohasidagi oʻzaro munosabatlari xalqaro shartnoma va bitimlar orqali tartibga solinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro statistika tashkilotlarining ishida ishtirok etadi, ular bilan zarur ijtimoiy-iqtisodiy maʼlumotlar va ish tajribalari almashadi.
II BOB. DAVLAT STATISTIKASINI TAShKIL ETISh. DAVLAT STATISTIKA KUZATUVI
4-modda. Davlat statistika organlari
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasida davlat statistikasini Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi va uning Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi, viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi organlari amalga oshiradilar. Uqtirib oʻtilgan organlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan oʻz Nizomlari asosida ishlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi davlat statistikasi organlarining yagona tizimini tashkil etadi.
(4-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
5-modda. Davlat statistikasi bilan shugʻullanuvchi boshqa organlar
Davlat statistika organlaridan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, birlashmalar, davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqaruv organlari oʻz vakolatlari doirasidagi vazifalarni bajarish uchun davlat statistika hisobotining tasdiqlangan shakllariga muvofiq davlat statistikasi bilan shugʻullanadilar.
Idoraviy (tarmoq) statistika hisobotining hajmlari davlat statistika organlari bilan kelishilgan holda vazirliklar va idoralar tomonidan mustaqil belgilanadi.
6-modda. Davlat statistika organlarini moliyaviy va moddiy-texnika taʼminoti
Oldingi tahrirga qarang.
Makroiqtisodiyot va statistika vazirligining, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi, viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi davlat statistika organlarining taʼminoti davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi.
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Davlat statistika organlariga qarashli korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va ayrim boʻlinmalar oʻz faoliyatini xoʻjalik hisobi prinsiplarida amalga oshirishlari mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan statistika ishlari rejasiga binoan oʻtkaziladigan statistika kuzatuvi davlat budjetidan pul bilan taʼminlanadi. Qoʻshimcha ishlarni bajarishga buyurtmachi tomonidan haq toʻlanadi.
Davlat statistika organlarining moddiy-texnika taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan amalga oshiriladi.
7-modda. Statistika kuzatuvining turlari
Statistika kuzatuvining davlat statistika kuzatuvi, tarmoq statistika kuzatuvi, mintaqaviy statistika kuzatuvi va tashabbuskorlik asosidagi statistika kuzatuvidan iborat turlari boʻlishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat statistika kuzatuvini amalga oshirish tartibini, tegishli hujjatlarni respublikada statistika ishlarini tashkil etishning asosiy prinsiplariga asoslangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi.
(7-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
8-modda. Davlat statistika kuzatuvlari
Davlat statistika kuzatuvlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan davlat statistika organlari, shuningdek davlat statistikasi bilan shugʻullanuvchi boshqa organlar, oʻzga yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat statistika organlarida ishlamaydigan shaxslarni jalb etgan holda davlat statistika kuzatuvini oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan ana shu qarorda belgilangan shartlarda amalga oshiriladi. Uqtirib oʻtilgan ishlar bajarilishini tashkil etish vazifasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Hukumatining, davlat hokimiyati mahalliy organlarining zimmasiga yuklatiladi. Statistika kuzatuvi oʻtkazishga jalb etilgan shaxslar davlat statistika organlarining mansabdor shaxslari bilan teng huquqlardan foydalanadilar va javobgarlikni zimmaga oladilar.
9-modda. Tarmoq, mintaqaviy va tashabbuskorlik asosidagi statistika kuzatuvlari
Tarmoq, mintaqaviy va tashabbuskorlik asosidagi statistika kuzatuvlari vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, birlashmalar, davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqaruv organlari va shartnoma asosida boshqa yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
10-modda. Statistika kuzatuvlari oʻtkazishda yuridik shaxslar va fuqarolarning vazifalari
Statistika kuzatuvlari oʻtkazilishi vaqtida yuridik va jismoniy shaxslar dastlabki hujjatlardan foydalanish imkoniyatini, basharti, qonunlarga zid kelmasa, zaruratga qarab, xizmat va uy-joy binolaridan, yer uchastkalaridan foydalanish imkoniyatlarini ham taʼminlab berishlari shart.
III BOB. STATISTIKA MAʼLUMOTLARINI TAQDIM ETISh VA ULARDAN FOYDALANISh
11-modda. Statistika maʼlumotlari taqdim etish
Barcha yuridik shaxslar va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar, struktura birliklari, basharti, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida boshqa qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat statistika kuzatuvlari oʻtkazish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni bepul taqdim etadilar.
Statistika maʼlumotlari aniq boʻlib, toʻla hajmda, belgilangan muddatda va belgilangan adreslar boʻyicha taqdim etilishi lozim. Statistika maʼlumotlarini taqdim etish tartibi davlat statistika organlari tomonidan tasdiqlangan davlat hisoboti shakllarida belgilab beriladi.
12-modda. Statistika maʼlumotlaridan foydalanish
Dastlabki statistika maʼlumotlaridan, odatda, jamlama statistika ishlarida, toʻplamlar tuzishda, ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni sharhlash va ilmiy tadqiqotlar oʻtkazishda foydalaniladi.
Jismoniy shaxslar toʻgʻrisida toʻplangan maʼlumotlardan faqatgina aniq shaxslar koʻrsatilmagan holda yoki jamlama maʼlumotlar tarzida foydalanilishi, yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan esa davlat va tijorat sirlarini saqlagan holda foydalanilishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalarida, ilmiy ishlarda statistika maʼlumotlaridan faqat ana shu maʼlumotlar olingan manba koʻrsatilgan holdagina foydalanilishi mumkin.
IV BOB. DAVLAT STATISTIKA ORGANLARI HAMDA DAVLAT STATISTIKASI BILAN ShUGʻULLANUVChI BOShQA ORGANLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
13-modda. Davlat statistika organlarining huquqlari
Davlat statistika organlari:
moliya, bank, bojxona hamda boshqa idoralar va xizmatlardan, jamoat birlashmalaridan va tashkilotlardan, jismoniy shaxslardan davlat statistika hisobotini va davlat statistika kuzatuvi oʻtkazish uchun boshqa zarur maʼlumotlarni (maʼlumotlar tayyorlash qaysi jarayonda ekanligidan qatʼi nazar), shuningdek hisobotga ilova qilinadigan tushuntirishlarni berishni talab qilish va belgilangan tartibda bepul olish hamda ulardan foydalanish;
respublika hududidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda statistika maʼlumotlarining dastlabki tarzda roʻyxatga olinishini va ularning qay darajada aniq ekanligini tekshirish;
olinayotgan statistika maʼlumotlari qay darajada toʻliq va xolis ekanligini tekshirishning mustaqil ekspertizasini tashkil etish va oʻtkazish;
davlat statistikasi va u bilan bogʻliq maʼlumotlarni dastlabki tarzda roʻyxatga olish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga zid boʻlgan idoraviy hujjatlarning amal qilishini aniqlangan qoidabuzarliklarga barham berilguniga qadar toʻxtatib qoʻyish;
boshqa davlatlar statistika organlari va xalqaro statistika tashkilotlari bilan belgilangan tartibda shartnomalar va bitimlar tuzish;
davlat statistika hisobotlari va boshqa kuzatuvlar uchun maʼlumotlar taqdim etmagan yoxud maʼlumotlarni kechikib yoinki buzib taqdim etgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda jarima solish choralarini qoʻllash;
bank muassasalaridan tadbirkorlik subyektlari, notijorat faoliyat bilan shugʻullanuvchi subyektlar va jamoat birlashmalari uchun schyotlar ochilganligi toʻgʻrisida axborotlar olish huquqiga egadir.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat statistika organlari Oʻzbekiston Respublikasining hududida joylashgan barcha mulk shakllaridagi va xoʻjalik yuritishning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlar yagona davlat registri yuritilishini yoʻlga qoʻyadilar, bu registrda yuridik va jismoniy shaxslarning moliya-xoʻjalik faoliyatini ifodalovchi statistika koʻrsatkichlarining majburiy tarkibi roʻyxatga olinadi.
(13-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Davlat statistika organlarining oʻz vakolatlari doirasida chiqargan qarorlari barcha yuridik va jismoniy shaxslarning bajarishi uchun majburiydir.
14-modda. Davlat statistikasi bilan shugʻullanuvchi boshqa organlarning huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasining vazirliklari va idoralari, ushbu Qonunning 5-moddasiga muvofiq davlat statistikasi bilan shugʻullanuvchi boshqa yuridik shaxslar:
ushbu Qonunning 11 va 12-moddalarida nazarda tutilgan tartibda ishlar bajarish uchun statistika maʼlumotlari olish va ulardan foydalanish;
statistika maʼlumotlarini dastlabki tarzda roʻyxatga olish va statistika hisobotining ahvoli ustidan nazoratni amalga oshirish, oʻzlariga hisobdor boʻlgan birliklarning statistika maʼlumotlari qay darajada aniq ekanligini tekshirish huquqiga egadir.
15-modda. Davlat statistika organlarining vazifalari
Davlat statistika organlari:
Oʻzbekiston Respublikasi, uning mintaqalari va xalq xoʻjaligi tarmoqlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat dasturlari bajarilishining borishi ustidan statistika kuzatuvini tashkil etishlari va amalga oshirishlari;
davlat statistika maʼlumotlari toʻplanishini, fuqarolarning roziligi bilan oila budjetlari yuritilishini, roʻyxatlar tuzilishini, bir gallik roʻyxatga olishlarni, soʻrovlarni, oralatib monografiya tadqiqotlari hamda oʻzga tekshirishlar oʻtkazilishini tashkil etishlari va taʼminlashlari;
iqtisodiy va ijtimoiy masalalarga doir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bajarilishining borishi ustidan statistika kuzatuvini amalga oshirishlari;
iqtisodiyotning strukturaviy qayta qurilishini, koʻp ukladli iqtisodiyot shakllanishini, xalq xoʻjaligini texnika bilan qayta qurollantirishni, ijtimoiy sohalar, bozor munosabatlari, davlatlararo va mintaqalararo aloqalar rivojlanishini, almashuv teng qiymatli boʻlishini, mehnat bozori va tovar bozori shakllanishini, moliyaviy ahvolni, aholi turmush darajasini, fuqarolar ijtimoiy jihatdan himoya qilinishini, ijtimoiy ishlab chiqarish samaradorligini, narxlar va tariflar oʻzgarishidagi tamoyillarni, atrof muhit holatini, tabiatni muhofaza qilish tadbirlari bajarilishini va boshqa jarayonlarni tahlil qilishlari;
statistika maʼlumotlari aniq va xolis boʻlishini, ularning ijtimoiy-iqtisodiy voqealar va jarayonlarga mos boʻlishini taʼminlashlari;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini belgilangan tartibda statistika va tahliliy maʼlumotlar bilan taʼminlashlari;
statistika maʼlumotlari oshkora boʻlishini taʼminlashlari;
Oʻzbekiston Respublikasi, uning mintaqalari va xalq xoʻjaligi tarmoqlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini yoritish uchun statistika koʻrsatkichlari metodologiyasini ishlab chiqishlari va takomillashtirishlari;
xalqaro statistika standartlari tizimini davlat statistika amaliyotiga joriy etishlari;
davlat statistika kuzatuvlari oʻtkazish shakllari, dasturlari va yoʻriqnomalarini hamda maʼlumotlarni dastlabki tarzda roʻyxatga olish hujjatlarining namunaviy shakllarini tasdiqlashlari;
Oldingi tahrirga qarang.
kodlar belgilashlari va barcha mulk shakllaridagi va xoʻjalik yuritishning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlar yagona davlat registrini yuritishlari;
(15-moddaning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
yuridik va jismoniy shaxslarning iltimoslariga binoan ularga davlat statistika maʼlumotlarining jamlamasi pulli asosda berilishini taʼminlashlari (ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari);
statistika maʼlumotlari but saqlanishi va himoya qilinishini, yuridik shaxslar tomonidan davlat va tijorat sirlariga rioya etilishini, jismoniy shaxslarga doir maʼlumotlarda aniq shaxslar koʻrsatilmasligini taʼminlashlari;
xalqaro va mintaqalararo statistika taqqoslamalari oʻtkazishlari shart;
Oldingi tahrirga qarang.
yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan jismoniy shaxslar faoliyatining natijalarini muntazam ravishda biryoʻla statistik tadqiq etib turilishi kerak;
(15-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 1-maydagi 621-I-son Qonuniga muvofiq oʻn oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 102-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
hamma uchun ochiq boʻlgan statistik maʼlumot muntazam eʼlon qilib turilishini taʼminlab turishlari shart.
(15-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrdagi 175-II-son Qonuniga muvofiq oʻn yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 102-modda)
16-modda. Davlat statistikasi bilan shugʻullanuvchi boshqa organlarning vazifalari
Davlat statistikasi bilan shugʻullanuvchi Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari, boshqa yuridik shaxslar:
oʻz boʻysunuvlaridagi birliklardan davlat statistika kuzatuviga doir maʼlumotlar toʻplanishini va ularni tayyorlashni tashkil etishlari;
statistika maʼlumotlari aniq boʻlishini taʼminlashlari;
davlat statistika organlariga ularning talabiga koʻra davlat statistika hisobotida nazarda tutilgan statistika maʼlumotlarini va davlat statistika kuzatuvlari oʻtkazish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni taqdim etishlari;
yuridik shaxslarning davlat va tijorat sirlariga rioya etishlari, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarga doir maʼlumotlarda aniq shaxslar koʻrsatilmasligini taʼminlashlari shart;
Oldingi tahrirga qarang.
idoraviy (tarmoq) statistika hisoboti joriy etilgan taqdirda uni taqdim etishning shakllari va tartibini davlat statistika organlari bilan kelishib olishlari.
(16-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuniga muvofiq oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
V BOB. UShBU QONUNNI BUZGANLIK UChUN JAVOBGARLIK
17-modda. Davlat statistika kuzatuvlariga doir maʼlumotlarni taqdim etish tartibini buzganlik uchun javobgarlik
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat statistika kuzatuvi oʻtkazish uchun statistika maʼlumotlarini taqdim etmagan yoki ularni notoʻgʻri yoinki kechikib taqdim etgan, maʼlumotlarni dastlabki tarzda roʻyxatga olishni lozim darajada taʼminlamagan, barcha mulk shakllaridagi va xoʻjalik yuritishning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlar yagona davlat registri yuritish tartibini buzgan mansabdor shaxslar va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan javobgarlikka tortilishlari mumkin.
(17-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
18-modda. Statistika maʼlumotlaridan foydalanishda yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarlik uchun javobgarlik
Statistika toʻgʻrisidagi qonunlar talablarini buzganlik, statistika maʼlumotlarini yashirganlik yoki buzganlik uchun davlat statistika organlarining hamda davlat statistikasi bilan shugʻullanuvchi boshqa organlarning xodimlari Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Ommaviy axborot vositalarida, ilmiy ishlarda statistika maʼlumotlaridan foydalanuvchi mansabdor shaxslar va fuqarolar statistika maʼlumotlari olingan manbalarni koʻrsatmaganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 2-sentabr,
920-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 327-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 102-modda; 2000-y., 5-6-son, 153-modda; 2001-y., 1-2-son, 23-modda)