toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, ilgʻor xalqaro standartlarga muvofiq ushbu yoʻnalishda shaffoflik darajasini tubdan oshirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi “2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-436-son qarorida belgilangan vazifalarni samarali va oʻz vaqtida amalga oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Parij bitimining (keyingi oʻrinlarda — Parij bitimi) 13-moddasida issiqxona gazlari ajratmalarini qisqartirish va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishda mamlakatlar tomonidan iqlim oʻzgarishi taʼsirini yumshatish va unga moslashish choralari koʻrilishi hisobidan erishilgan natijalarni doimiy ravishda baholab borish maqsadida takomillashtirilgan shaffoflik tizimini yoʻlga qoʻyish nazarda tutilganligi;
Parij bitimiga muvofiq, shaffoflik tizimi orqali issiqxona gazlari ajratmalari monitoringi natijalari va hisobotlarni, shuningdek, iqlim oʻzgarishiga moslashish jarayonlariga oid maʼlumotlarni jamoatchilik eʼtiboriga yetkazib borish talab etilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi “2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-436-son qarorida milliy miqyosda issiqxona gazlari ajratmalarining monitoringi, hisoboti va tekshiruvi boʻyicha shaffoflik tizimini (keyingi oʻrinlarda — MRV tizimi) yaratish va rivojlantirish belgilanganligi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya vazirligi) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ilgʻor xalqaro standartlar va xorijiy tajriba asosida Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish konsepsiyasi ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish konsepsiyasini tasdiqlasin.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimi (keyingi oʻrinlarda — milliy shaffoflik tizimi) doirasida:
a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi milliy shaffoflik tizimining milliy organi hisoblanadi va u quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
Ekologiya vazirligi bilan birgalikda Energetika vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (keyingi oʻrinlarda — tarmoq muvofiqlashtiruvchilari) ishini samarali yoʻlga qoʻyish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish;
2025-yildan boshlab har 5 yilda Parij bitimi doirasida iqtisodiy va ijtimoiy taʼsirni baholash asosida iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish boʻyicha milliy majburiyatni belgilash;
MRV tizimi talablariga muvofiq taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻliqligi, toʻgʻriligi va sifatini nazorat qilish;
iqtisodiyot, shu jumladan sanoat tarmoqlarida issiqxona gazlari ajratmalari qisqartirilishini muvofiqlashtirish va tartibga solish;
MRV tizimini ishlab chiqish, joriy etish va yuritish, shu jumladan barcha MRV tizimi hisobot elementlarini qoʻllab-quvvatlash uchun onlayn platforma ishlab chiqish va joriy etish;
issiqxona gazlari ajratmalari qisqartirilishining milliy reyestrini joriy etish, qisqartirilgan issiqxona gazlarining milliy va xalqaro darajadagi savdosini muvofiqlashtirish, bunda birinchi navbatda milliy manfaatlarni inobatga olgan holda, xalqaro majburiyatlar bajarilishini taʼminlash;
b) Ekologiya vazirligi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi doirasida Issiqxona gazlari xatlovi milliy hisobotini tayyorlash, tasdiqlangan hisobotni Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi milliy axborot hamda ikki yillik shaffoflik hisobotlariga integratsiya qilish;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, milliy ehtiyojlar, imkoniyatlar va tartiblarga muvofiq rasmiy hisobotlarni tayyorlash hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi kotibiyatiga taqdim etib borish;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish, muhofaza etish, oʻrmon fondini kengaytirish, daraxtzorlarni barpo etish va qayta tiklash omillariga koʻra issiqxona gazlari yutilishiga oid maʼlumotlarni toʻplash va qayta ishlash;
v) tarmoq muvofiqlashtiruvchilari Ekologiya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa vazirliklar, idoralar hamda tashkilotlar bilan birgalikda quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
tarmoq boʻyicha issiqxona gazlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, qayta ishlash, ularning shaffofligini taʼminlash va boshqa maʼlumotlar bilan integratsiya qilish hamda xatlov hisobotini tayyorlashda ishtirok etish;
tarmoqda issiqxona gazlari ajratmalarini xatlovdan oʻtkazish va uning natijasida toʻplangan hamda qayta ishlangan maʼlumotlarni milliy organga taqdim etib borish hamda ularning “Yashil iqtisodiyot” onlayn platformasiga davriy yuklab borilishini taʼminlash.
4. Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish choralarini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo kengashga (J. Qoʻchqorov) issiqxona gazlarining xatlovi boʻyicha quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklansin:
issiqxona gazlari xatlovi hisobotini tasdiqlash;
xatlov tizimining ichki qoidalarini tasdiqlash va yangilab borish;
issiqxona gazlari ajratmalarini kamaytirish faoliyatini muvofiqlashtirish;
xatlov tizimi ishtirokchilarining salohiyatini oshirish choralarini koʻrish.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Ekologiya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
a) 2024-yil 1-dekabrga qadar milliy shaffoflik tizimi onlayn platformasi (keyingi oʻrinlarda — onlayn platforma) ishga tushirilishini va uning “Yashil” iqtisodiyot onlayn platformasiga integratsiya qilinishini;
b) 2025-yil 1-yanvarga qadar tajriba-sinov tariqasida muayyan soha, hudud va korxonalarda issiqxona gazlari ajratmalari xatlovdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
Bunda onlayn platformaning faoliyati Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Yashil” iqtisodiyot loyihalari markazi tomonidan muvofiqlashtiriladi;
v) onlayn platforma ishga tushirilgandan soʻng uch oy muddatda MRV tizimini joriy etishga oid quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
issiqxona gazlari ajratmalari hajmi boʻyicha oʻzaro kross-tekshiruvlar va hisob-kitob sifatini aniqlash tekshiruvlari roʻyxatini yuritish;
issiqxona gazlari ajratmalarini qisqartirish va ularni xatlovdan oʻtkazish uchun hududga xos yondashuvlarni ishlab chiqish, xususan, respublika hududlari boʻyicha issiqxona gazlari ajratmalari hajmini hisoblash va kamaytirishning maqsadli koʻrsatkichlari hamda prognozlarini belgilash;
xatlov natijalarini mustaqil tekshirish tizimlarini yoʻlga qoʻyish, shu jumladan energetika sohasidagi tashkilotlarda metan gazi ajratmalarini hisoblashda sunʼiy yoʻldosh kuzatuvlaridan foydalanish.
6. Ekologiya vazirligi va Gidrometeorologiya xizmati agentligi:
ikki oy muddatda onlayn platforma samarali ishga tushirilishini taʼminlash maqsadida 1990 — 2023-yillar kesimida issiqxona gazlari ajratmalari toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etsin;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda issiqxona gazlari ajratmalari toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar onlayn platformaga joylashtirilishini taʼminlasin.
7. Ekologiya vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda energiya resurslaridan bilvosita hosil boʻladigan issiqxona gazlari ajratmalari hajmini aniqlash, shuningdek, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan issiqxona gazlari ajratmalari hajmini hisoblash boʻyicha uslubiy qoʻllanmalarni (koʻrsatmalarni) ishlab chiqib, tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish choralarini muvofiqlashtirish boʻyicha Idoralararo kengash tarkibining matni ilovaga muvofiq tahrirda bayon etilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-iyun,
PQ-213-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi PQ-213-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qaroriga kiritilayotgan
OʻZGARTIRISh
5-ilova matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish choralarini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo kengash
TARKIBI

1.

J.A. Qoʻchqorov

Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri, Idoralararo kengash raisi

2.

A.A. Abduxakimov

ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri, Idoralararo kengash raisi oʻrinbosari

3.

J.T. Mirzamahmudov

energetika vaziri

4.

I.Y. Abduraxmonov

qishloq xoʻjaligi vaziri

5.

Sh.R. Xamrayev

suv xoʻjaligi vaziri

6.

I.R. Maxkamov

transport vaziri

7.

Sh.X. Shermatov

raqamli texnologiyalar vaziri

8.

B.I. Zakirov

qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri

9.

A.X. Kuldashev

favqulodda vaziyatlar vaziri

10.

I.I. Norqulov

iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari

11.

Sh.H. Daliyev

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari

12.

B.A. Begalov

Statistika agentligi direktori

13.

Sh.X. Xabibullayev

Gidrometeorologiya xizmati agentligi direktori

Izoh:
Idoralararo kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Zarur hollarda, Idoralararo kengash ishiga boshqa vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari jalb qilinishi mumkin”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.06.2024-y., 07/24/213/0407-son)