Mamlakatimizda farmatsevtika va kimyo sanoatini xalqaro standartlarni inobatga olgan holda rivojlantirish hamda unga ilgʻor ilmiy-texnika yutuqlarini va innovatsiyalarni joriy etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida mazkur Qonun bilan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi
Qonuniga dori moddalarini (substansiyalarni) davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibining bekor qilinishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritilmoqda. Shu bilan birga “
Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi hamda “
Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibini tasdiqlash vakolatini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklovchi, shuningdek retseptsiz yoki shifokor retsepti boʻyicha beriladigan dori vositalari toʻgʻrisidagi axborotni ularning tibbiyotda qoʻllanilishiga doir yoʻriqnomalarda hamda Tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestrida koʻrsatish talabini joriy etuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari import oʻrnini bosuvchi kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish maqsadida “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi
Qonuniga yuridik shaxslarga IV roʻyxat doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ayrim prekursorlarni tegishli litsenziyalarga asosan ishlab chiqarish va tayyorlash huquqini beruvchi oʻzgartirish kiritilmoqda.
Ushbu Qonun aholining va tadbirkorlik subyektlarining tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari toʻgʻrisidagi xabardorlik darajasini oshirishga, shuningdek investorlarni jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratishga hamda kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi 265-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 128-modda; 1999-yil, № 5, 124-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda; 2007-yil, № 10, 473-modda; 2010-yil, № 5, 177-modda; 2016-yil, № 12, 383-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda; 2019-yil, № 2, 47-modda, № 5, 265, 267-moddalar, № 9, 589, 592-moddalar; 2020-yil, № 12, 691-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 797-modda; 2022-yil, № 5, 464-modda, № 11, 1061-modda; 2023-yil, № 1, 2-modda) 35-moddasining
birinchi qismi chiqarib tashlansin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-aprelda qabul qilingan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi 415-I-sonli
Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 4-yanvarda qabul qilingan OʻRQ-399-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 1, 1-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda; 2020-yil, № 7, 449-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda; 2023-yil, № 11, 922-modda) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
“dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibini tasdiqlaydi”;
“dori vositalari (bundan dori vositalarini ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan dori moddalari (substansiyalar) mustasno)”;
“Retseptsiz beriladigan dori vositalari toʻgʻrisidagi axborot dori vositalarining tibbiyotda qoʻllanilishiga doir yoʻriqnomalarda, shuningdek Tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestrida koʻrsatiladi. Retseptsiz beriladigan dori vositalari toʻgʻrisidagi axborot ommaviy axborot vositalarida va ixtisoslashtirilgan bosma nashrlarda ham berilishi mumkin.
Retsept boʻyicha beriladigan dori vositalari toʻgʻrisidagi va tibbiy buyumlar haqidagi axborot faqat tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun moʻljallangan ixtisoslashtirilgan bosma nashrlarda, dori vositalarining va tibbiy buyumlarning tibbiyotda qoʻllanilishiga doir yoʻriqnomalarda, shuningdek Tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestrida beriladi”;
“Dori vositalarini chakana realizatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi retseptlar boʻyicha yoki retseptsiz amalga oshiriladi”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 19-avgustda qabul qilingan “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi 813-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 9, 210-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2017-yil, № 4, 138-modda, № 6, 300-modda; 2018-yil, № 10, 679-modda; 2019-yil, № 2, 47-modda, № 5, 267-modda, № 9, 592-modda; 2020-yil, № 3, 203-modda, № 7, 449-modda, № 10, 597-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 6, 569-modda) 19-moddasining
toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“IV roʻyxat doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ayrim prekursorlarni ushbu Qonunda nazarda tutilgan maqsadlarda ishlab chiqarish va tayyorlash yuridik shaxslar tomonidan ularda muayyan prekursorlarni ishlab chiqarish hamda tayyorlash uchun litsenziyalar mavjud boʻlgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasining ehtiyojlari doirasida amalga oshiriladi”.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
6-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonunning
3-moddasi ushbu Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach amalga kiritiladi.