1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.13.00 Avariyaga qarshi kurash. Yoʻl harakati xavfsizligi. Texnik koʻrik (shuningdek, 16.04.02.00ga qarang);
2.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari / 12.04.02.00 Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari;
3.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.04.00.00 Jamiyat xavfsizligi / 16.04.02.00 Yoʻl harakati xavfsizligi. Parvozlar xavfsizligi]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Transport. Yoʻl xoʻjaligi. Harakat va parvozlar xavfsizligi;
2.Iqtisodiyot / Axborot va axborotlashtirish. Elektron tijorat (hujjat aylanishi)]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoʻl harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoʻl harakati xavfsizligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, yoʻl boʻyida joylashgan maktablar oldida, yoʻllardagi piyodalar oʻtish joylarida, yoʻl-transport hodisalari oʻchoqlarida, temir yoʻl kesishmalarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini oʻrnatgan holda, yoʻl harakati ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash ishlarini samarali tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.
Yoʻllarda harakat xavfsizligini samarali tashkil etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qarori hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritish toʻgʻrisida” 2023-yil 20-noyabrdagi PF-197-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qarori bilan tasdiqlangan 2023 — 2026-yillarda temir yoʻl transporti sohasini isloh qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning 19-bandida temir yoʻl kesishmalarida yoʻl harakati qoidalarini nazorat qiluvchi “aqlli” qurilmalarni oʻrnatish orqali xavfsizlik darajasini oshirish choralarini koʻrish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritish toʻgʻrisida” 2023-yil 20-noyabrdagi PF-197-son Farmoni bilan “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasi hisobidan yoʻl boʻyida joylashgan maktablar oldida, kamida toʻrt tasmali yoʻllardagi piyodalar oʻtish joylarida hamda yoʻl-transport hodisalari oʻchoqlarida belgilangan tezlikni oshirish, piyodalarni oʻtkazmaslik va fuqarolarning yoʻlni belgilanmagan joydan kesib oʻtishi kabi qoidabuzarliklarni aniqlovchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini oʻrnatish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2024-yil 1-iyuldan boshlab yoʻl boʻyida joylashgan maktablar oldida, kamida toʻrt tasmali yoʻllardagi piyodalar oʻtish joylarida, yoʻl-transport hodisalari oʻchoqlarida, temir yoʻl kesishmalarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi tomonidan “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bosqichma-bosqich oʻrnatiladi. Bunda:
maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati (keyingi oʻrinlarda — YHXX) tomonidan belgilanadigan joylarga oʻrnatiladi;
maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻrnatiladigan joylar YHXX tomonidan yoʻl harakati qoidalari buzilishlari hamda yoʻl-transport hodisalarining tahlilidan kelib chiqib belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 171-moddasi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi tomonidan “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan oʻrnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidabuzarliklaridan undirilgan jarima summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
25 foizi — Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati huzuridagi “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasiga;
25 foizi — maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy texnik qoʻllab-quvvatlash va elektr energiyasi taʼminoti boʻyicha xarajatlarni qoplash uchun Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markaziga;
25 foizi — yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish uchun maqsadli yoʻnaltirilgan holda, yoʻl harakati qoidalari buzilishi qayd etilgan joyning mahalliy budjetiga;
10 foizi — yoʻl harakati qoidalari buzilishi qayd etilgan joyning tuman va shahar hokimliklari yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
5 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi faoliyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga;
5 foizi — Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari maxsus jamgʻarmasiga;
5 foizi — maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari uchun aloqa kanallarini tashkil etish va ijaraga berish hamda huquqbuzarliklar va yoʻl harakati qoidalari buzilgani uchun hamda huquqbuzarliklar va yoʻl harakati qoidalari buzilgani uchun jarimalar qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorlarni elektron pochta joʻnatmalarining yagona milliy tizimi orqali yetkazib berishda pochta aloqasi xizmatlari xarajatlarni qoplash uchun Raqamli texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasiga.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-maydagi 318-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.05.2025-y., 09/25/318/0444-son)
3. Yoʻl boʻyida joylashgan maktablar oldida, kamida toʻrt tasmali yoʻllardagi piyodalar oʻtish joylarida, yoʻl-transport hodisalari oʻchoqlarida, temir yoʻl kesishmalarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini oʻrnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi ikki oy muddatda xavflilik darajasi yuqori boʻlgan temir yoʻl kesishmalarini xatlovdan oʻtkazib, manzilli roʻyxatni shakllantirsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga taqdim etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2024 — 2026-yillar davomida “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida yoʻl boʻyida joylashgan maktablar oldida, kamida toʻrt tasmali yoʻllardagi piyodalar oʻtish joylarida, yoʻl-transport hodisalari oʻchoqlarida, temir yoʻl kesishmalarida yoʻl harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini manzilli roʻyxat asosida oʻrnatish hamda “Xavfsiz shahar” tizimlariga integratsiya qilish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ushbu qarorning mazmuni va mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini hamda aholi eʼtiboriga yetkazilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 25-mart,
148-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-martdagi 148-son qaroriga
ILOVA
Yoʻl boʻyida joylashgan maktablar oldida, kamida toʻrt tasmali yoʻllardagi piyodalar oʻtish joylarida, yoʻl-transport hodisalari oʻchoqlarida, temir yoʻl kesishmalarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini oʻrnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yoʻl boʻyida joylashgan maktablar oldida, kamida toʻrt tasmali yoʻllardagi piyodalar oʻtish joylarida, yoʻl-transport hodisalari oʻchoqlarida, temir yoʻl kesishmalarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini oʻrnatish va ekspluatatsiya qilish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-apreldagi 232-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlari tomonidan avtomobil yoʻllarida yoʻl harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini oʻrnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga asosan oʻrnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati;
yoʻl-transport hodisalari oʻchoqlari — bir yil davomida uch yoki undan ortiq oʻlim, tan jarohati va moddiy zarar yetkazilishiga sabab boʻlgan yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlgan joylar;
maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi — yoʻllar boʻyida joylashgan maktablar oldida, kamida toʻrt tasmali yoʻllardagi piyodalar oʻtish joylarida, yoʻl-transport hodisalari oʻchoqlarida belgilangan tezlikni oshirish, temir yoʻl kesishmalari orqali harakatlanish qoidalarini buzish, piyodalarni oʻtkazmaslik va fuqarolarning yoʻlni belgilanmagan joydan kesib oʻtishi kabi qoidabuzarliklarni aniqlash tizimi;
maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimining qurilmalari — transport vositalari tomonidan sodir etiladigan maʼmuriy huquqbuzarliklarni foto va video qayd etish uskunasi, “I”, “G”, “T” yoki “P” shakldagi metall ustun, qayd etilgan qoidabuzarlik va transport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzida saqlovchi qurilma, kommutator, marshrutizator va boshqalardan iborat boʻlgan tarmoq qurilmalari hamda elektr quvvati bilan taʼminlovchi qurilmalar;
“Maʼmuriy amaliyot” moduli — yoʻl harakati sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklarga doir ishlarni hisobga olish, koʻrib chiqish hamda qoidabuzarga nisbatan maʼmuriy tartibda jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorni shakllantiruvchi avtomatlashtirilgan axborot tizimi;
obyekt — maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻrnatiladigan joy;
obyekt pasporti — maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimining qurilmalari, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻrnatiladigan joy (yoʻl) va infratuzilma toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek, tegishli dalolatnomalar, loyiha hujjatlari, ekspert xulosalari va boshqalarni oʻz ichiga olgan belgilangan shakldagi hujjat.
3. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini oʻrnatish boʻyicha hujjatlar loyihasi ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxemaga asosan kelishiladi.
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan oʻrnatiladi.
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari vakolatli organ tomonidan belgilab beriladigan obyektlarda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tomonidan oʻrnatiladi. Bunda obyektlarga oʻrnatiladigan kameralar soni bevosita vakolatli organ bilan kelishiladi.
2-bob. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini oʻrnatishga doir talablar
4. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari mazkur Nizom talablariga muvofiq oʻrnatiladi.
5. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan texnik talablarga muvofiq boʻlishi lozim.
Bunda Markaz tomonidan obyekt boʻyicha quyidagi davlat organlari va tashkilotlaridan texnik shartlar, shartnomalar yoki order/ruxsatnomalar olinishi lozim:
“Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi filiali;
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining hududiy korxonasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi;
tuman (shahar) hokimliklarining obodonlashtirish boshqarmalari.
6. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari vakolatli organning “Maʼmuriy amaliyot” moduliga majburiy tartibda va texnik talablar asosida integratsiya qilinadi.
7. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini elektr tarmogʻiga yoki muqobil energiya manbaiga ulash, ularning texnik ekspluatatsiyasi hamda uzluksiz ishlashini taʼminlash, shu jumladan, joriy elektr energiyasi va aloqa kanallarining xarajatlari Markaz mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
8. Obyektlarda muhandislik infratuzilmasi ushbu Nizomda belgilangan talablarga mos ravishda yaratiladi.
9. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻrnatilgandan soʻng oʻn kun davomida sinov tariqasida ishlatiladi.
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari “Maʼmuriy amaliyot” moduliga integratsiya qilinganidan keyin sinov tariqasida amal qilgan davrda qayd etilgan yoʻl harakati qoidabuzarliklari boʻyicha jarima undirilmaydi.
3-bob. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini ekspluatatsiya qilishga doir texnik talablar
10. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari doimiy va uzluksiz rejimda ishlashi hamda uzilishlar roʻy berganda, oflayn tarzda maʼlumotlarni toʻplash va saqlash, tizimning faoliyati qayta tiklanganda esa, ushbu olingan maʼlumotlarni taqdim etish imkoniyatiga ega boʻlishi lozim.
Aloqa tarmoqlarida uzilishlar kuzatilganda, maʼlumotlarni qurilmada 48 soatdan kam boʻlmagan vaqt davomida saqlash imkoniyatiga ega boʻlgan zaxira xotira qurilmasi mavjud boʻlishi talab etiladi.
11. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun 8 soatdan kam boʻlmagan zaxira elektr taʼminoti boʻlishi lozim.
12. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining oʻlchash vositalarini metrologik attestatsiyalash sertifikatiga ega boʻlishi hamda normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan muddatlarda qayta qiyoslashdan oʻtkazilishi shart.
13. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarining tarmoq qurilmalari foto va video qayd etish uskunalari holatini (ishchi holatdaligini) avtomatlashtirilgan tarzda monitoring qilish imkoniyatiga ega boʻlishi lozim.
14. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik qurilmalari yordamida qayd etilgan qoidabuzarliklar va transport vositalari toʻgʻrisidagi foto maʼlumotlar 730 kundan, video maʼlumotlar 90 kundan kam boʻlmagan muddatda “Maʼmuriy amaliyot” modulida saqlanadi.
15. Aloqa tarmoqlari optik tolali tarmoq texnologiyalari yordamida tashkil etiladi (kommutator, marshrutizator va boshqalar) hamda tarmoqning soʻnggi nuqtalariga qadar xizmat koʻrsatish uchun yetarli oʻtkazuvchanlikni taʼminlashi lozim.
16. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari yordamida qayd etilgan qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar himoyalangan aloqa kanallari orqali markaziy server qurilmasiga uzatiladi.
17. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari yetkazib beruvchi korxona tomonidan kamida 3 yil davomida kafolatlangan texnik qoʻllab-quvvatlanishi lozim.
4-bob. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimida axborot xavfsizligini taʼminlashga doir talablar
18. Obyektga oʻrnatiladigan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimida axborot xavfsizligi taʼminlanishi lozim.
19. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimiga har qanday koʻrinishdagi qoʻshimcha qurilma va vositalar vakolatli organ bilan kelishilgan holda Markaz tomonidan ulanadi.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlar uzatish tarmogʻiga axborot xavfsizligi talablariga zid ravishda noqonuniy ulanish yoki ulanishga urinish taqiqlanadi.
21. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimidagi barcha maʼlumotlar xizmat doirasida foydalanish uchun qoʻllaniladi.
22. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimidagi maʼlumotlar vakolatli organning ruxsatisiz oshkor etilmaydi, tizimdan foydalanish va unga xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanadigan texnik mutaxassislarning maxfiy maʼlumotlarni oshkor etmasliklari vakolatli organ tomonidan nazorat qilinadi.
23. Vakolatli organ tomonidan ishlab chiqilgan texnik topshiriq namunasining axborot va kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati huzuridagi “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasida ekspertizadan, shuningdek, dasturiy mahsulotlar va axborotni himoya qilish vositalari sertifikatlashdan oʻtkaziladi.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati huzuridagi “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimida hamda “Maʼmuriy amaliyot” modulida muntazam ravishda axborot va kiberxavfsizlik holati boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazish, shuningdek, axborot va kiberxavfsizlik tahdidlarini monitoring qilish ishlarini amalga oshiradi.
5-bob. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimini foydalanishga topshirish tartibi
25. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi ushbu Nizom talablari asosida toʻliq shakllantirilgandan soʻng vakolatli organning mazkur tizim texnik talablarga javob berishini oʻrganish boʻyicha texnik xulosasiga asosan ishga tushiriladi.
26. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimidan foydalanish quyidagi hollarda vaqtincha toʻxtatib turiladi:
maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimidan yoʻl harakati qoidabuzarliklarini sodir etgan transport vositalarining roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini aniqlashdan tashqari boshqa maqsadlarda foydalanganda;
maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimidan foydalanish jarayonida ushbu Nizom bilan tasdiqlangan texnik talablarga javob bermaydigan holatlar kelib chiqqanda;
maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimiga vakolatli organning ruxsatisiz qoʻshimcha yoki boshqa qurilma oʻrnatilganda;
maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimida qayd etilgan yoʻl harakati qoidabuzarlik holatlari boʻyicha “Maʼmuriy amaliyot” moduliga yuborilgan maʼlumotlardagi xatoliklarning umumiy soni besh va undan ortiq foizni tashkil etganda;
tashqi taʼsir natijasida tizim qurilmalarining joylashuvida oʻzgarish yuz berib, transport vositalarining xavfsiz harakatlanishiga toʻsqinlik qilganda;
yoʻl boʻyida joylashgan maktablar oldida, kamida toʻrt tasmali yoʻllardagi piyodalar oʻtish joylarida, yoʻl-transport hodisalari oʻchoqlarida, temir yoʻl kesishmalarida Yoʻl harakati qoidalarida belgilangan tegishli yoʻl belgilari oʻrnatilmaganda va yotiq chiziqlar chizilmaganda yoki oʻchib ketganda.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
27. Vakolatli organ maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi joriy etilishi va loyihaning samarali amalga oshirilishi uchun masʼuldir.
28. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimini ekspluatatsiya qilish jarayonida shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka qatʼiy rioya etilishi lozim.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni.
29. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimini joriy etish va ekspluatatsiya qilishda kelib chiqadigan yoki yoʻl-transport hodisasi natijasida tizimga yetkazilgan zararni qoplash bilan bogʻliq nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
30. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining XI-bobi.
Yoʻl boʻyida joylashgan maktablar oldida, kamida toʻrt tasmali yoʻllardagi piyodalar oʻtish joylarida, yoʻl-transport hodisalari oʻchoqlarida, temir yoʻl kesishmalarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini oʻrnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini oʻrnatish boʻyicha hujjatlar loyihasini kelishish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Muddatlar
1-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati
1. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻrnatilishi lozim boʻlgan joylarni belgilash.
2. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini xarid qilish uchun mablagʻlar ajratish.
Zarur boʻlganda
2-bosqich
“Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi
1. Amaldagi davlat xaridlari sohasidagi qonunchilikka muvofiq maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini xarid qilish.
2. Quyidagi idoralardan obyekt boʻyicha texnik shart yoki shartnoma olish:
1. “Oʻzbektelekom” AK filiali;
2. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning hududiy korxonasi;
3. Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari.
4. Tuman (shahar) hokimliklarining obodonlashtirish boshqarmalaridan order olish.
Zarur boʻlganda
3-bosqich
1. “Oʻzbektelekom” AK filiali.
2. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning hududiy korxonasi.
3. Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari.
4. Tuman (shahar) hokimliklarining obodonlashtirish boshqarmalari
Obyekt uchun texnik shartlarni va ruxsatnomalarni taqdim etish.
7 ish kuni mobaynida
4-bosqich
“Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi
Texnik shartlar va talab etilgan boshqa hujjatlar bilan loyihalashtirish idoralariga murojaat qilish.
3 ish kuni mobaynida
5-bosqich
Loyihalashtirish idorasi
Tegishli tashkilot va idoralar bilan loyiha hujjatlarini belgilangan tartibda kelishish.
Loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda tuman (shahar) hokimliklariga taqdim etish.
15 ish kuni mobaynida
6-bosqich
“Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi
Loyiha hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish huquqiga ega tashkilotga belgilangan tartibda taqdim etish.
3 ish kuni mobaynida
7-bosqich
Loyihaga ekspertiza xulosasini beruvchi tashkilot
Loyiha hujjatlarini belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazib, tuman (shahar) hokimliklarining eʼtirozi va takliflari yoki ijobiy xulosasini taqdim etish.
10 ish kuni mobaynida
8-bosqich
“Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi
1. Ijobiy xulosa olingan loyiha boʻyicha qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun ushbu sxemaning uchinchi bosqichida koʻrsatilgan davlat organlari bilan qayta kelishish.
2. Tasdiqlangan loyiha hujjatlari asosida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish.
5 ish kuni mobaynida
9-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati
1. Qurilish-montaj ishlari yakunlangandan soʻng ishchi hujjatlar va dalolatnomalarni rasmiylashtirish.
2. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini ishga tushirish yuzasidan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish.
7 ish kuni mobaynida
Yoʻl boʻyida joylashgan maktablar oldida, kamida toʻrt tasmali yoʻllardagi piyodalar oʻtish joylarida, yoʻl-transport hodisalari oʻchoqlarida, temir yoʻl kesishmalarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini oʻrnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimiga doir
TEXNIK TALABLAR
1-§. Umumiy talablar
1. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi ushbu Texnik talablar hamda shaharsozlik normalari asosida joriy etiladi.
2. Mazkur Texnik talablar hamda Oʻz DSt 1987:2018 davlat standarti asosida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimini joriy qilish boʻyicha texnik topshiriq hujjatlari ishlab chiqiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmati huzuridagi “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasidan ekspertiza xulosasi olinadi.
3. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi doirasida quyidalar joriy etiladi:
transport vositalarining harakat tezligini foto va video qayd etish tizimi;
piyodalarni oʻtkazmaslik va fuqarolarning yoʻlni belgilanmagan joydan kesib oʻtishi kabi qoidabuzarliklarni foto va video qayd etish tizimi;
temir yoʻl kesishmalarida yoʻl harakati qoidalarini buzish holatlarini foto va video qayd etish tizimi.
2-§. Transport vositalarining harakat tezligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimiga qoʻyiladigan umumiy texnik talablar
4. Transport vositalarining harakat tezligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi quyidagi umumiy texnik talablarga javob berishi lozim:
bir vaqtning oʻzida uch va undan ortiq yoʻl tasmalarida harakatlanayotgan transport vositalarining tezligini hamda roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini aniqlashi;
5 — 250 km/soat tezlik oraligʻida harakatlanayotgan transport vositalarining tezligi va roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini foto va video qayd etishi;
oʻrnatilgan nuqtadan sutkaning kunduzgi va tungi vaqtlarida oʻtuvchi transport vositalarining kamida 95 foizining roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini foto va video qayd etishi;
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining oʻlchash vositalarini metrologik attestatsiyalash sertifikatiga ega boʻlishi;
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 27-iyundagi 131-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalariga beriladigan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarining hududiy kodlari taqsimoti hamda Avtomototransport vositalariga va ularning tirkamalariga beriladigan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari, shuningdek, xorijiy davlatlarga tegishli avtomototransport vositalarning roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini aniqlashi.
5. Joriy etilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi haydovchilar tomonidan belgilangan harakat tezligini oshirish qoidabuzarligini aniqlashi talab etiladi.
6. Yoʻl boʻyida joylashgan maktablar oldida hamda yoʻl-transport hodisalari oʻchoqlarida oʻrnatiladigan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari mazkur Texnik talablarda belgilangan tegishli talablarga javob berishi shart.
7. Yoʻl boʻyida joylashgan maktablar oldida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻrnatilayotganda, Yoʻl harakati qoidalarida belgilangan tegishli yoʻl belgilari oʻrnatilishi hamda yotiq chiziqlar chizilishi, oʻrnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari qoidabuzarliklarni soat 07.00 dan 19.00 gacha qayd etishi lozim.
3-§. Piyodalarni oʻtkazmaslik va fuqarolarning yoʻlni belgilanmagan joydan kesib oʻtishi kabi qoidabuzarliklarni maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimiga qoʻyiladigan umumiy texnik talablar
8. Piyodalarni oʻtkazmaslik va fuqarolarning yoʻlni belgilanmagan joydan kesib oʻtishi kabi qoidabuzarliklarni maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi quyidagi umumiy texnik talablarga javob berishi lozim:
bir vaqtning oʻzida uch va undan ortiq yoʻl boʻlaklari hamda chorrahalarda harakatlanayotgan transport vositalarining roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini aniqlashi;
oʻrnatilgan nuqtadan sutkaning kunduzgi va tungi vaqtlarida oʻtuvchi transport vositalarining kamida 95 foizining roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini foto va video qayd etishi;
chorrahalarda hamda uch va undan ortiq yoʻl boʻlaklarida bir vaqtning oʻzida sodir boʻladigan qoidabuzarliklarni qayd etishi;
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining oʻlchash vositalarini metrologik attestatsiyalash sertifikatiga ega boʻlishi;
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 27-iyundagi 131-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalariga beriladigan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarining hududiy kodlari taqsimoti hamda Avtomototransport vositalariga va ularning tirkamalariga beriladigan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari, shuningdek, xorijiy davlatlarga tegishli avtomototransport vositalarning roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini aniqlashi.
yoʻlni belgilanmagan joydan kesib oʻtayotgan fuqarolarning shaxsini qayd etishi.
9. Joriy etilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi piyodalarni oʻtkazmaslik va fuqarolarning yoʻlni belgilanmagan joydan kesib oʻtishi kabi qoidabuzarliklarini aniqlashi talab etiladi.
10. Yoʻl boʻyida joylashgan maktablar oldida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻrnatilayotganda, Yoʻl harakati qoidalarida belgilangan yoʻl belgilari oʻrnatilishi va yotiq chiziqlar chizilishi lozim.
4-§. Temir yoʻl kesishmalarida yoʻl harakati qoidalarini buzish holatlarini foto va video qayd etish tizimiga qoʻyiladigan umumiy texnik talablar
11. Temir yoʻl kesishmalarida yoʻl harakati qoidalarini buzish holatlarini foto va video qayd etish tizimi quyidagi umumiy texnik talablarga javob berishi lozim:
temir yoʻl kesishmalarida harakatlanayotgan transport vositalarining tezligini hamda roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini aniqlashi;
5 — 250 km/soat tezlik oraligʻida harakatlanayotgan transport vositalarining tezligi va roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini foto va video qayd etishi;
oʻrnatilgan nuqtadan sutkaning kunduzgi va tungi vaqtlarida temir yoʻl kesishmalarida oʻtuvchi transport vositalarining kamida 95 foizining roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini foto va video qayd etishi;
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining oʻlchash vositalarini metrologik attestatsiyalash sertifikatiga ega boʻlishi;
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 27-iyundagi 131-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalariga beriladigan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarining hududiy kodlari taqsimoti hamda Avtomototransport vositalariga va ularning tirkamalariga beriladigan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini, shuningdek, xorijiy davlatlarga tegishli avtomototransport vositalarning roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini aniqlashi.
12. Joriy etilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi temir yoʻl kesishmalarida yoʻl harakati qoidalarining buzilishi holatlarini aniqlashi talab etiladi.
13. Temir yoʻl kesishmalariga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻrnatilayotganda Yoʻl harakati qoidalarida belgilangan yoʻl belgilari oʻrnatilishi va yotiq chiziqlari chizilishi lozim.
5-§. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻrnatilishiga qoʻyiladigan umumiy talablar
14. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini joylashtirish uchun avtomobil yoʻlining qatnov qismiga xalaqit bermaydigan holda “I”, “G”, “T” yoki “P” shakldagi metall ustunlar oʻrnatiladi.
15. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari metall ustunga 6 metrdan kam boʻlmagan balandlikda oʻrnatiladi.
16. Metall ustunlarni oʻrnatish, loyihalashtirish va tegishli davlat idoralari bilan kelishish vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
17. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari oʻrnatilgan metall ustunga umumiy holatni kuzatish va oʻrnatilgan qurilmalar xavfsizligini taʼminlash maqsadida 360 gradus radiusdagi kuzatuv kameralari oʻrnatiladi.
18. Metall ustun va transport vositasining toʻxtash chizigʻi oraligʻidagi masofa maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi qurilmalarining texnik xususiyatlari, relyefning murakkabligi hamda muhandislik kommunikatsiyalari mavjudligidan kelib chiqqan holda belgilanishi lozim.
19. Oʻrnatilgan metall ustunlarning oʻng yoki chap tomonidan 4 — 8 metr balandlikda telekommunikatsiya javoni oʻrnatiladi. Ushbu javon kerakli aloqa hamda elektr qurilmalari bilan jihozlanadi.
6-§. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar va transport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qayta ishlash hamda saqlashga qoʻyiladigan talablar
20. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar va transport vositalari toʻgʻrisidagi barcha foto maʼlumotlar 730 kundan, video maʼlumotlar 90 kundan kam boʻlmagan muddatda “Maʼmuriy amaliyot” modulida saqlanadi.
21. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari “Maʼmuriy amaliyot” moduliga texnik talablar asosida integratsiya qilinishi va oʻzaro ishlash imkoniyatiga ega boʻlishi lozim.
22. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar “Maʼmuriy amaliyot” moduliga taqdim etilishi shart:
qayd etilgan transport vositasining uch xil holatdagi fotosurati (transport vositasi, uning roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgisi, qoidabuzarlik sodir etilgan holatning umumiy koʻrinishi);
qoidabuzarlik qayd etilgan vaqt (kun, soat, daqiqa);
transport vositasining tezligi (km/soat);
qoidabuzarlik qayd etilgan manzil (tuman (shahar, yoki aholi yashash punkti), koʻcha, avtomobil yoʻlining kilometri yoki moʻljal);
qoidabuzarlik qayd etilgan manzilning GPS koordinatasi;
holat aks etgan 6 ± 10 soniyadan iborat videolavha va uning havolasi, toʻxtab turish qoidalarini buzganlik haqidagi videolavha bundan mustasno.
23. Maʼlumotlarni qayta ishlash va saqlash tizimida amalga oshirilgan har qanday amaliy buyruqlar toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar (log fayllar) saqlanishi lozim.
24. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar hamda transport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan faqat vakolatli organning xodimlariga masofadan turib ishlash imkoniyatining mavjud boʻlishi talab etiladi.
25. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari doimiy va uzluksiz rejimda ishlashi hamda uzilishlar roʻy berganda, oflayn tarzda maʼlumotlarni toʻplash va saqlash, faoliyati qayta tiklanganda esa, olingan maʼlumotlarni taqdim etish imkoniyatiga ega boʻlishi talab etiladi.
7-§. Aloqa tarmogʻiga qoʻyiladigan talablar
26. Aloqa tarmoqlari optik tolali tarmoq texnologiyalari (kommutator, marshrutizator va boshqalar) yordamida tashkil etiladi hamda tarmoqning soʻnggi nuqtalariga qadar xizmat koʻrsatishi uchun yetarli oʻtkazuvchanlikni taʼminlashi lozim.
27. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi foto va video maʼlumotlar VPN (Virtual Private Network — virtual xususiy tarmoq) aloqa kanali orqali markaziy server qurilmasiga uzatilishi lozim.
28. Aloqa liniyasida uzilishlar sodir boʻlganda, qayd etilgan qoidabuzarliklarni 48 soatdan kam boʻlmagan vaqt davomida saqlash uchun maxsus qurilma oʻrnatish, uning yordamida qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni saqlab turish va aloqa tiklangandan soʻng ularni markaziy serverga uzatish talab etiladi.
8-§. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimini elektr quvvati bilan taʼminlashga moʻljallangan elektr taʼminoti qurilmasiga qoʻyiladigan talablar
29. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimini elektr quvvati bilan taʼminlashga moʻljallangan elektr taʼminoti qurilmasining yerga ulanish kontur qarshiligi tizim qurilmalarining texnik talablari asosida hisoblanishi lozim.
30. Elektr kabel sigʻimi oʻrnatilayotgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimining yuklamasidan kelib chiqib tanlanishi lozim.
31. Foydalanilgan elektr energiyasini hisobga olish uchun sertifikati mavjud boʻlgan va amaldagi tizimlarga mos boʻlgan elektr hisoblagich vositalarni oʻrnatish talab etiladi.
32. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimini muqobil energiya manbai orqali taʼminlashga ruxsat beriladi. Muqobil energiya manbai tizimning uzluksiz ishlashini taʼminlashi lozim.
33. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi uning uzluksiz ishlashini taʼminlash maqsadida 8 soatdan kam boʻlmagan vaqt davomida qoʻllab-quvvatlash imkoniga ega boʻlgan zaxira elektr taʼminoti manbai bilan jihozlangan boʻlishi talab etiladi.
9-§. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimining dasturiy taʼminot vositalariga qoʻyiladigan talablar
34. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimining dasturiy taʼminot vositalari maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimining zamonaviy platformalarda ishlashini taʼminlab, eng soʻnggi standartlarni qoʻllab-quvvatlashi talab etiladi.
35. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiqaruvchi tomonidan kamida 3 yil davomida qoʻllab-quvvatlanishi zarur.
36. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimining dasturiy taʼminot vositalari umumiy va maxsus dasturiy taʼminotlardan iborat boʻlishi talab etiladi.
10-§. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimining axborot xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar
37. Axborot xavfsizligi dasturiy taʼminoti maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimidagi axborotlarni hamda uni qayta ishlovchi vositalarni himoya qilish uchun moʻljallangan boʻlishi shart.
38. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimining axborot xavfsizligi dasturiy taʼminoti quyidagilarini oʻz ichiga olishi talab etiladi:
maʼlumotlarni saqlash;
roʻyxatga olish va hisobga olish;
yaxlitlikni taʼminlash;
xavfsizlik devori;
ruxsatsiz kirishlarni aniqlash;
antivirus himoyasi.
39. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimidagi axborotlarni himoya qilishda ishlatiladigan dasturiy taʼminot uchun OʻzDSt 2816:2014 “Axborot texnologiyalari. Eʼlon qilinmagan imkoniyatlar ustidan nazorat darajasi axborotini himoyalash vositasi dasturiy taʼminot klassifikatori” davlat standarti talabiga asosan nazorat qilishning uchinchi darajasi taʼminlanishi talab etiladi.
40. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi apparat va dasturiy qismlarining oʻzaro bogʻliqligi hamda integratsiyalangan holda ishlashi texnik loyihalashtirish bosqichida taʼminlanishi zarur.
41. Joriy etilayotgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimini “Maʼmuriy amaliyot” moduli yoki boshqa axborot tizimlari bilan integratsiya qilish tartibi hamda ularning oʻzaro bir-biri bilan bogʻlanish interfeyslari toʻgʻrisidagi yechimlar texnik loyihalashtirish davrida qabul qilinadi.
42. Axborot xavfsizligi dasturiy taʼminoti maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimining ulanish obyektlari va maʼlumotlarini potensial xavflardan, tasodifiy harakatlardan va tashqi hujumlardan himoya qilishni taʼminlash zarur.
43. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimining axborot xavfsizligi dasturiy taʼminoti quyidagi talablarga javob berishi shart:
maʼlumotlarga ruxsatsiz kirishdan himoyalash;
dasturiy taʼminot va foydalanuvchilar faoliyatini roʻyxatdan oʻtkazish hamda hisobga olish;
axborotni aloqa kanallari orqali uzatish, saqlash va qayta ishlash jarayonida ruxsatsiz modifikatsiyadan himoyalash;
maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimining resurslariga kirishni boshqarish;
aloqa kanallaridan uzatilayotgan maʼlumotlarning kriptografik usullar orqali maxfiyligini taʼminlash;
viruslardan himoyalash;
dasturiy taʼminotga noqonuniy kirishdagi maʼlumotlarni tahlil qilish;
dasturiy taʼminot konfiguratsiyasida yuzaga kelgan xatoliklar hamda kamchiliklarni aniqlash.
11-§. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimini sinovdan oʻtkazishga qoʻyiladigan talablar
44. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi joriy etilganidan keyin oʻn kun sinov tariqasida ishlaydi.
45. Sinov muddatida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar oʻn kun muddatda vakolatli organ tomonidan tahlil qilinadi va mazkur texnik talablarda nazarda tutilgan qoidalarga zid boʻlmagan “Tizimni oʻrganish boʻyicha xulosa” tasdiqlanib, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimidan foydalanishga ruxsat beriladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2024-y., 09/24/148/0240-son; 16.05.2025-y., 09/25/318/0444-son)