toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish hamda ularning faoliyat yuritish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini (keyingi oʻrinlarda — xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalari) akkreditatsiya qilish boʻyicha vakolatli davlat organining huquq va majburiyatlari;
xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish tartibi;
xorijiy tijorat tashkilotlari vakolatxonalarining xorijiy xodimlarini akkreditatsiya qilish tartibi;
xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalari faoliyatini tashkil etish va tugatish tartibi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ikki oy muddatda:
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali akkreditatsiya qilish, shu jumladan, portalda elektron raqamli imzosiz chet tilida ariza qoldirish imkoniyatini yaratsin;
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuniga xorijiy tijorat tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilganlik uchun davlat boji undirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev hamda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Kudratov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 7-fevral,
76-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-fevraldagi 76-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizom talablari Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy banklar vakolatxonalarini akkreditatsiya qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Ushbu Nizom quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
akkreditatsiya — Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini ochishga ruxsat berish tartiboti;
akkreditatsiya guvohnomasi — akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan berilgan, vakolatxonaning Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq faoliyat yuritish huquqini tasdiqlovchi hujjat;
akkreditatsiya kartochkasi — vakolatxonaning xorijiy xodimiga rasmiylashtirib berilgan shaxsiy akkreditatsiyani tasdiqlovchi hujjat;
akkreditatsiya qiluvchi organ — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;
vakolatxona — bosh tashkiloti Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotining manfaatlarini ifodalaydigan va himoya qiladigan alohida boʻlinma;
markaziy maʼlumotlar bazasi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasining Yuridik shaxslar, faoliyatini vakolatxona, filial yoki doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan chet el yuridik shaxslari va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarning markaziy maʼlumotlar bazasi;
xorijiy tijorat tashkiloti — chet davlat qonunchilik hujjatlariga muvofiq roʻyxatdan oʻtgan, tijorat faoliyati bilan shugʻullanish hamda chet elda vakolatxona ochish huquqiga ega boʻlgan firmalar, kompaniyalar, jamiyatlar, korporatsiyalar va boshqa tashkilotlar.
4. Xorijiy tijorat tashkilotlari oʻz vakolatxonalarini Oʻzbekiston hududida oʻz manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida akkreditatsiya guvohnomasi asosida ochadilar.
5. Akkreditatsiya guvohnomasi ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq rasmiylashtiriladi (uzaytiriladi).
6. Akkreditatsiya QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda, davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali akkreditatsiya guvohnomasini berish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
7. Vakolatxona yuridik shaxs hisoblanmaydi, xoʻjalik yoki tijorat faoliyatini amalga oshirmaydi.
Xorijiy aviakompaniyaning vakolatxonasi qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tartibda hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida tijorat faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Havo kodeksining 37-moddasi.
8. Xorijiy tijorat tashkilotlarini, vakolatxonalarni va ularning xodimlarini soliqqa tortish Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Akkreditatsiya guvohnomasini olish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish, guvohnoma berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
9. Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz vakolatxonasini ochishdan (akkreditatsiya muddatini uzaytirishdan) manfaatdor boʻlgan xorijiy tijorat tashkiloti davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, ushbu Nizomga 2-ilovadagi pasportga muvofiq elektron shaklda ariza beradi.
10. Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markazi xodimi — ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi arizani elektron shaklda mustaqil toʻldiradi. Uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda, arizaga belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma ilova qilinadi.
11. Ariza YIDXP orqali berilganda, ariza beruvchining elektron raqamli imzosi talab etilmaydi.
12. Arizani koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
13. Akkreditatsiya guvohnomasini berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.
Ariza YIDXP orqali taqdim etilganda, ariza beruvchidan davlat xizmatlari markazi orqali murojaat etganda toʻlanadigan summaning 90 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.
14. Akkreditatsiya guvohnomasi berilganligi uchun davlat boji summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) davlat xizmatlari markazi orqali murojaat etilganda:
18 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar — akkreditatsiya qiluvchi organning Rivojlanish va moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasining maxsus hisobvaragʻiga;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
11,25 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga (shu jumladan, 0,5 foizi yigʻim toʻlanganligi Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanganligi uchun);
qolgan mablagʻlar — akkreditatsiya qiluvchi organning Rivojlanish va moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasining maxsus hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun davlat boji toʻlanganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
15. Xorijiy tijorat tashkilotining vakolatxonasi xorijiy tijorat tashkilotining xohishiga koʻra bir yildan uch yilgacha muddatga akkreditatsiya qilinadi (akkreditatsiya muddati uzaytiriladi).
16. Xorijiy tijorat tashkiloti tomonidan taqdim etilgan vakolatxonani akkreditatsiya qilish yoki akkreditatsiya muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan besh ish kuni mobaynida koʻrib chiqilib, akkreditatsiya qilish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Xorijiy tijorat tashkiloti akkreditatsiya qiluvchi organning vakolatxonani akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida ijobiy qarori qabul qilingan kundan boshlab bir oy mobaynida ushbu Nizomning 13-bandida belgilangan toʻlovni amalga oshirishi lozim. Toʻlov amalga oshirilmagan taqdirda, xorijiy tijorat tashkiloti akkreditatsiya qiluvchi organga ushbu Nizom talablariga muvofiq arizani yangidan taqdim etadi.
17. Quyidagilar vakolatxonani akkreditatsiya qilish yoki akkreditatsiya muddatini uzaytirishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganligi yoki ular belgilangan tartibda rasmiylashtirilmaganligi;
taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumot keltirilganligi;
vakolatxona toʻgʻrisidagi nizomning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga zidligi;
akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan xorijiy tijorat tashkiloti yoki vakolatxona Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligini buzganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot aniqlanganligi.
Arizani takroran koʻrib chiqishda akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan avvalgi rad etish asoslarida bayon etilmagan sabablarning keltirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, avval koʻrsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar bilan bogʻliq rad etish sabablari keltirilishi bundan mustasno.
Xorijiy tijorat tashkiloti akkreditatsiya qilish yoki uning muddatini uzaytirishning rad etilishidan norozi boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga murojaat qilishga haqli.
18. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning arizasi koʻrib chiqilmasdan qoldiriladi. Bunda davlat xizmati koʻrsatilgani uchun toʻlov summasi qaytarilmaydi.
19. Vakolatxona ushbu Nizomga 3-ilovada koʻrsatilgan shaklga muvofiq akkreditatsiya guvohnomasi rasmiylashtirilgan kundan boshlab ochilgan hisoblanadi.
20. Oʻz vakolatxonasi faoliyatini davom ettirishdan manfaatdor boʻlgan xorijiy tijorat tashkiloti akkreditatsiya qiluvchi organga akkreditatsiya guvohnomasining amal qilish muddati tugashidan kamida bir oy oldin ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq ariza hamda tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali elektron shaklda murojaat qilishi lozim.
21. Vakolatxonani akkreditatsiya qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, akkreditatsiya qiluvchi organ ushbu Nizomga 4-ilovada koʻrsatilgan shaklga muvofiq akkreditatsiya guvohnomasiga qoʻshimcha rasmiylashtiradi.
22. Akkreditatsiya qiluvchi organ akkreditatsiya qilingan vakolatxonalar toʻgʻrisidagi axborotning bir kun muddatda axborot tizimlari orqali markaziy maʼlumotlar bazasiga kiritilishini taʼminlaydi. Bunda vakolatxona bir vaqtning oʻzida joylashgan hududi boʻyicha davlat soliq xizmati organida hisobga qoʻyiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
3-bob. Vakolatxona faoliyatini tashkil etish
23. Vakolatxona uni tashkil etgan xorijiy tijorat tashkiloti tomonidan mol-mulk bilan taʼminlanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ishlab chiqilgan va xorijiy tijorat tashkiloti rahbari tasdiqlaydigan vakolatxona toʻgʻrisidagi nizom asosida faoliyat koʻrsatadi. Bunda vakolatxona toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilmagan faoliyat turlari bilan shugʻullanish taqiqlanadi.
24. Vakolatxonaga xorijiy tijorat tashkilotining belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnomasi va oʻz vakolati bayon etilgan vakolatxona toʻgʻrisidagi nizom asosida ish koʻruvchi vakolatxona boshligʻi rahbarlik qiladi.
25. Vakolatxona boshligʻi akkreditatsiya qiluvchi organning soʻroviga muvofiq xorijiy tijorat tashkiloti va vakolatxona faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadi.
26. Vakolatxona xodimlari ham chet el fuqarolaridan, ham Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan iborat boʻlishi mumkin. Bunda vakolatxonaga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qabul qilinadigan chet el fuqarolarining ulushi qirq foizdan ortiq boʻlmasligi, biroq besh kishidan oshishi mumkin emas. Vakolatxonaga ishga qabul qilingan xorijiy fuqarolar akkreditatsiya qilinishi kerak.
27. Vakolatxonaning xorijiy xodimlari uchun akkreditatsiya kartochkasi keyinchalik uzaytirilish imkoniyati bilan oʻn ikki oy muddatga yoki vakolatxona akkreditatsiya qilingan muddatdan, ishonchnoma muddatidan kelib chiqqan holda, belgilangandan kam muddatga beriladi.
28. Vakolatxona boshligʻini akkreditatsiya qilish uchun ariza akkreditatsiya qiluvchi organga xorijiy tijorat tashkiloti tomonidan, vakolatxona xodimlarini akkreditatsiya qilish uchun ariza xorijiy tijorat tashkiloti yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida vakolatxona boshligʻi tomonidan beriladi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
ushbu Nizomga 5-ilovada keltirilgan namunaviy shaklga muvofiq oʻzbek va ingliz tillarida yozilgan ikki nusxadagi shaxsiy varaqa;
pasport (identifikatsiyalovchi ID-kartasi) nusxasi. Bunda ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari tomonidan roʻyxatga olinganlik toʻgʻrisida maʼlumot boʻlishi shart;
vakolatxona boshligʻiga berilgan ishonchnoma yoki xodimni vakolatxonaga ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi hujjat nusxasi.
29. Ariza akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan besh ish kuni mobaynida koʻrib chiqilib, akkreditatsiya qilish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
30. Quyidagilar vakolatxona xodimlarini akkreditatsiya qilishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganligi yoki ular belgilangan tartibda rasmiylashtirilmaganligi;
taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumot keltirilganligi.
31. Akkreditatsiya kartochkasi ushbu Nizomga 6-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq xorijiy xodimga rasmiylashtirib beriladi.
32. Akkreditatsiya qilingan xorijiy xodimlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq faqat akkreditatsiya qilingan vakolatxonada Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining tasdiqnomasini olmasdan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirishga haqlidirlar.
33. Xorijiy xodimlarga Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatga beriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-apreldagi PQ-3836-son “Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 21-noyabrdagi 408-son “Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning oʻzbekiston respublikasiga kelishlari, ketishlari, bu yerda boʻlishlari va tranzit oʻtishlari tartibi toʻgʻrisida”gi qarori.
34. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini vakolatxonaga ishga qabul qilishi Oʻzbekiston Respublikasining mehnat qonunchiligiga muvofiq rasmiylashtiriladi.
35. Akkreditatsiya muddati tugagan va uzaytirilmagan xorijiy xodimlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlish huquqini tasdiqlovchi boshqa qonuniy asoslar mavjud boʻlmagan taqdirda, ular qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi hududini tark etishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyuldagi PQ-3836-son “Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 21-noyabrdagi 408-son “Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning oʻzbekiston respublikasiga kelishlari, ketishlari, bu yerda boʻlishlari va tranzit oʻtishlari tartibi toʻgʻrisida”gi qarori.
36. Vakolatxona oʻz ehtiyojlari uchun sarflangan quyidagi xarajatlarni qoplash bilan bogʻliq hisob-kitoblarni amalga oshirishga haqlidir:
vakolatni amalga oshirish xarajatlari;
vakolatxona ehtiyojlari uchun tovar-moddiy boyliklarni xarid qilish boʻyicha sarf-xarajatlar;
vakolatxona xodimlarining ish haqi boʻyicha hisob-kitoblar;
xizmat safari xarajatlari;
ijara, kommunal toʻlovlar va soliqlar.
Vakolatxonalar qonunchilikda majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan mahsulotlarni raqamli markirovkalash maqsadida markirovka kodlarini taqdim etish, shu jumladan, bojxona omborlarida ushbu mahsulotlarni raqamli markirovkalash yuzasidan xizmatlar koʻrsatish uchun hisob-kitoblarni amalga oshirishga haqlidir. Bunda mazkur hisob-kitoblar tijorat faoliyati sifatida qaralmaydi.
37. Vakolatxonalar Oʻzbekiston Respublikasi hududida davlat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlar hamda jismoniy shaxslar bilan oʻzaro munosabatlarini qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiradi.
38. Vakolatxonalar hisob-kitoblarni xorijiy tijorat tashkiloti tomonidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiradilar.
39. Quyidagilar vakolatxonaning milliy valyutadagi mablagʻlari manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ayirboshlagan chet el valyutasi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 29-avgustdagi 18/5-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari.
xorijiy tijorat tashkilotining oʻz qaroriga koʻra vakolatxona ixtiyorida qoladigan Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasidagi mablagʻlar.
4-bob. Vakolatxona faoliyatini tugatish
40. Vakolatxona faoliyati:
akkreditatsiya muddati tugashi bilan xorijiy tijorat tashkiloti vakolatxona akkreditatsiyasini uzaytirish toʻgʻrisida murojaat qilmagan taqdirda;
xorijiy tijorat tashkiloti qaroriga koʻra;
sud qaroriga koʻra;
akkreditatsiya qilgan organning qaroriga koʻra, xorijiy tijorat tashkiloti yoki vakolatxona tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari, shu jumladan vakolatxonani akkreditatsiya qilish yoki akkreditatsiya muddatini uzaytirish shartlari buzilgan hollarda;
akkreditatsiya qilgan organning qaroriga koʻra, vakolatxona tomonidan uning nizomida nazarda tutilmagan faoliyat turi bilan shugʻullanish holatlari aniqlanganda;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida vakolatxonaga ega boʻlgan xorijiy tijorat tashkiloti tugatilganda — tugatilgan paytdan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran tugatiladi, uning oʻzgartirilishi, qoʻshib yuborilishi va qoʻshib olinishi bundan mustasno.
Oʻzgartirish, qoʻshib yuborish va qoʻshib olish natijasida qayta tashkil etilgan xorijiy tijorat tashkiloti uning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxonasi faoliyatini davom ettirish istagida boʻlgan taqdirda, akkreditatsiya qiluvchi organga ushbu Nizomga 2-ilovada nazarda tutilgan tartib va shaklda akkreditatsiya guvohnomasini qayta rasmiylashtirish uchun ariza topshiradi.
Akkreditatsiya guvohnomasini qayta rasmiylashtirish uchun davlat boji undirilmaydi.
Ushbu bandda nazarda tutilgan hollarda vakolatxona faoliyati muddatidan oldin tugatilgan taqdirda, vakolatxonani akkreditatsiya qilish va vakolatxona uchun akkreditatsiya muddatini uzaytirish uchun toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi.
41. Xorijiy tijorat tashkiloti yoki uning vakolatxonasi xorijiy tijorat tashkilotining tugatilganligi yoki qayta tashkil etilganligi toʻgʻrisida ikki hafta muddatda akkreditatsiya qiluvchi organni xabardor qilishi shart.
Xorijiy tijorat tashkilotining tugatilganligi yoki qayta tashkil etilganligi toʻgʻrisida vakolatxona xabar qilganda yoki akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan bu haqidagi maʼlumotlar mustaqil aniqlangan taqdirda, akkreditatsiya qiluvchi organ vakolatxonani xorijiy tijorat tashkiloti tugatilgan yoki qayta tashkil etilgan kundan eʼtiboran tugatilishi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
42. Xorijiy tijorat tashkiloti akkreditatsiya qiluvchi organning vakolatxona faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi qaroridan norozi boʻlsa, sudga murojaat qilishga haqlidir.
43. Akkreditatsiya muddati tugashi bilan, shuningdek, akkreditatsiya qiluvchi organning qaroriga koʻra vakolatxona faoliyati tugatilgan hollarda, akkreditatsiya qiluvchi organ vakolatxonani qabul qilingan qaror toʻgʻrisida xabardor qiladi.
44. Akkreditatsiya qiluvchi organ vakolatxona faoliyati tugatilganligi toʻgʻrisida xabar olingandan soʻng bir kun muddatda:
tegishli maʼlumotlarning markaziy maʼlumotlar bazasiga kiritilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasini xabardor qiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
45. Ushbu Nizom talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalariga akkreditatsiya guvohnomalarini rasmiylashtirish yoki guvohnomalarning amal qilish muddatini uzaytirish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Chora-tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz vakolatxonasini ochishdan manfaatdor boʻlgan xorijiy tijorat tashkiloti

Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali:

a) vakolatxonani akkreditatsiya qilish uchun zarur hujjatlarni ilova qilgan holda ariza yuboradi;

Xohishiga koʻra

b) akkreditatsiya guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni ilova qilgan holda ariza yuboradi.

Vakolatxonaga berilgan akkreditatsiya guvohnomasining amal qilishi muddati tugashidan bir oy avval

2-bosqich

Davlat xizmatlari markazi, YIDXP

Ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni avtomatik ravishda akkreditatsiya qiluvchi organga yuboradi.

Real vaqt rejimida

3-bosqich

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (akkreditatsiya qiluvchi organ)

1. Tegishli hujjatlarni qabul qiladi va ularni koʻrib chiqadi.

2. Vakolatxonani akkreditatsiya qilish yoxud rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

3. Vakolatxonani akkreditatsiya qilishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar bartaraf etilgandan keyin xorijiy tijorat tashkiloti tomonidan hujjatlar qayta taqdim etilgan taqdirda, hujjatlarni qayta koʻrib chiqadi.

Ariza qabul qilingan kundan boshlab besh ish kuni ichida

4-bosqich

Akkreditatsiya qiluvchi organ

1. Agar vakolatxonani akkreditatsiya qilish boʻyicha ijobiy qaror qabul qilingan boʻlsa, ariza beruvchini bu haqda xabardor qiladi va davlat bojini toʻlash uchun oʻz hisobvaragʻining rekvizitlarini taqdim etadi.

2. Agar vakolatxonani akkreditatsiya qilish rad etilgan boʻlsa, ariza beruvchiga rad etishning aniq sabablari va koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etib hujjatlarni qayta koʻrib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli muddat koʻrsatilgan holda xabar qiladi.

Qaror qabul qilingan kun real vaqt rejimida

5-bosqich

Xorijiy tijorat tashkiloti

Davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun davlat boji toʻlanganligini axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlaydi.

Mablagʻlar tushgan kundan boshlab bir ish kuni davomida

Akkreditatsiya qiluvchi organ

1. Davlat boji toʻlanganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlangan taqdirda, vakolatxonani QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan akkreditatsiya guvohnomasini rasmiylashtiradi.

2. Akkreditatsiya guvohnomasi rasmiylashtirilgandan soʻng davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali topshiradi.

Vakolatxona akkreditatsiyasi uchun toʻlov akkreditatsiya qiluvchi organ hisobvaragʻiga tushgandan keyin

Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalariga akkreditatsiya guvohnomalarini rasmiylashtirish
PASPORTI

1.

Hujjat nomi:

Akkreditatsiya guvohnomasi

2.

Hujjatni olish talab etiladigan faoliyat (harakatlar):

Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalari faoliyat yuritishi

3.

Ariza beruvchilar toifasi:

Xorijiy tijorat tashkiloti

4.

Vakolatli organ:

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

5.

Hujjatni olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar:

I. Akkreditatsiya guvohnomasini olish uchun:

a) ariza.

Arizada quyidagilar koʻrsatiladi*:

xorijiy tijorat tashkiloti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (nomi, kelib chiqish mamlakati, mulkchilik shakli, tashkiliy-huquqiy shakli, roʻyxatdan oʻtganlik guvohnomasi raqami, taʼsischilari (ishtirokchilari), manzili, ustav jamgʻarmasi, aloqa maʼlumotlari, faoliyati tarixi);

xorijiy tijorat tashkiloti faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (xodimlarining umumiy soni, faoliyat turi, mahsulot (tovar) nomenklaturasi, soʻnggi moliya yilida tovar (ish, xizmat) ayirboshlash hajmi);

xorijiy tijorat tashkiloti rahbariyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (F.I.O, fuqaroligi, aloqa maʼlumotlari);

mavjud shuʼba korxonalar, vakolatxonalar, filiallar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, Oʻzbekiston Respublikasi korxonalari va tashkilotlari bilan amaliy va boshqa turdagi aloqalar, bajarilishiga vakolatxona koʻmaklashadigan shartnomalar va bitimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);

vakolatxonani ochish muddati;

ariza toʻldiruvchi shaxs toʻgʻrisida maʼlumotlar (F.I.O., aloqa maʼlumotlari);

b) tegishli chet davlat qonunchilik hujjatlariga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan xorijiy tijorat tashkilotining taʼsis hujjatlari (ustav, taʼsis shartnomasi);

v) xorijiy tijorat tashkiloti joylashgan mamlakatda uning rasmiy ravishda roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi, tegishli davlat organi tomonidan berilgan hujjat (davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki savdo reyestridan koʻchirma, savdo litsenziyasi);

g) vakolatxona boshligʻiga xorijiy tijorat tashkiloti tomonidan berilgan pasport (identifikatsiya ID-kartasi) maʼlumotlari va unga berilayotgan vakolatlar toʻliq koʻrsatilgan ishonchnoma;

d) xorijiy tijorat tashkiloti rahbariyati tomonidan shaxsiy imzo va tashkilot muhri (agar mavjud boʻlsa) bilan tasdiqlangan vakolatxona toʻgʻrisidagi nizom.

II. Akkreditatsiya guvohnomasi muddatini uzaytirish uchun:

a) ariza.

Arizada quyidagilar koʻrsatiladi*:

xorijiy tijorat tashkiloti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

xorijiy tijorat tashkiloti rahbariyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

mavjud shuʼba korxonalar, vakolatxonalar, filiallar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, Oʻzbekiston Respublikasi korxonalari va tashkilotlari bilan amaliy va boshqa turdagi aloqalar, bajarilishiga vakolatxona koʻmaklashadigan shartnomalar va bitimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);

vakolatxonaning akkreditatsiya muddatini uzaytirish muddati;

ariza toʻldiruvchi shaxs toʻgʻrisida maʼlumotlar (F.I.O., aloqa maʼlumotlari).

b) xorijiy tijorat tashkiloti tomonidan vakolatxona boshligʻiga uning pasport (identifikatsiya ID-kartasi) maʼlumotlari va unga berilayotgan vakolatlar toʻliq koʻrsatilgan ishonchnoma (akkreditatsiya qiluvchi organga ilgari taqdim etilgan ishonchnomaning muddati oʻtgan taqdirda);

v) vakolatxonaning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumot (pochta manzili, aloqa maʼlumotlari, vakolatxona xodimlarining pasport (identifikatsiya ID-kartasi) maʼlumotlari, xorijiy tijorat tashkilotining Oʻzbekiston Respublikasidagi asosiy tashqi iqtisodiy faoliyati natijalari, xususan, investitsiyalar oqimi, imzolangan kelishuv, shartnoma, kontraktlar boʻyicha maʼlumotlar, mahalliy hamkorlar toʻgʻrisida maʼlumotlar, xayriya-homiylik tadbirlarida ishtiroki toʻgʻrisida maʼlumotlar);

g) ijara shartnomasining yoki egallab turgan binoga huquqni tasdiqlovchi boshqa fuqarolik-huquqiy shartnoma nusxasi.

6.

Arizani koʻrib chiqish uchun toʻlanadigan yigʻim miqdori:

Yigʻim undirilmaydi

7.

Hujjat berilganligi uchun undiriladigan yigʻim:

Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq davlat boji undiriladi.

8.

Arizani koʻrib chiqish muddati:

Besh ish kuni

9.

Ruxsat etishga oid talab va shartlar:

Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tartibda hamda Oʻzbekiston Respublikasining halqaro shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyatini amalga oshirish

10.

Hujjatni berishda kelishiladigan organlar:

Mavjud emas

11.

Hujjatning amal qilish muddati:

1 yildan 3 yilgacha

12.

Izoh:

Ushbu Pasportning 5-bandida nazarda tutilgan hujjatlar:

notarial tasdiqlangan holda davlat tilida yoki rus tilida taqdim etilishi;

xorijiy tijorat tashkiloti roʻyxatdan oʻtkazilgan davlatdagi Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasasida, u mavjud boʻlmagan taqdirda esa xorijiy tijorat tashkiloti roʻyxatdan oʻtkazilgan davlatning tashqi ishlar organlarida, ushbu davlatning Oʻzbekiston Respublikasidagi konsullik muassasasida yoki diplomatik vakolatxonasida belgilangan tartibda legallashtirilishi, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentida tasdiqlanishi kerak.

Agar ushbu hujjatlarga 1961-yil 5-oktabrdagi xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Gaaga Konvensiyasiga muvofiq apostil qoʻyilgan yoxud hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq tuzilgan holda taqdim etilgan boʻlsa, legallashtirish talab etilmaydi.

Agar ushbu Pasportning 5-bandida nazarda tutilgan hujjatlarning bir qismi xorijiy tijorat tashkiloti roʻyxatdan oʻtgan davlatning qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan boʻlsa, xorijiy tijorat tashkiloti akkreditatsiya qiluvchi organga xorijiy tijorat tashkiloti taʼsis etilgan mamlakatning Tashqi ishlar vazirligi yoxud mazkur mamlakatning Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonasining tasdiqnomasini taqdim etadi.

Ushbu Pasportning 5-bandida nazarda tutilgan hujjatlar ular berilgan yoxud tuzilgan kundan boshlab olti oy muddatdan kechiktirmasdan, akkreditatsiya qiluvchi organga taqdim etilishi lozim.

Ariza beruvchilar akkreditatsiya qiluvchi organga yuborilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgardir.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

A K K R E D I T A T S I Y A
‎G U V O H N O M A S I

C E R T I F I C A T E _O F
‎A C C R E D I T A T I O N

__________

___-son

№ ___

___________

kk/oo/yyyy

dd/mm/yyyy

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Ministry of Investment, Industry and Trade of the Republic of Uzbekistan hereby permits

_____________ “____________”

___________________

(mamlakat nomi)

(korxona nomi)

(organizational legal form)

___________________ga

“___________” _____________

(tashkiliy-huquqiy shakli)

(company name)

(country name)

“____________________”

to open its representative office in the Republic of Uzbekistan by the name

nomi bilan oʻz vakolatxonasini ochishga ruxsat beradi.

“____________________”

Vakolatxona oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.

The Representative office carries out its activities in accordance with the legislation of the Republic of Uzbekistan.

Mazkur guvohnoma __________ gacha haqiqiy deb This certificate is valid until ____________.
hisoblanadi.

kk/oo/yyyy

‎dd/mm/yyyy‎

QR-code

Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA

A K K R E D I T A T S I Y A
‎G U V O H N O M A S I G A

QOʻ S H I M CH A

A D D I T I O N _T O
‎C E R T I F I C A T E _O F
‎A C C R E D I T A T I O N

__________

___-son

№ ___

___________

kk/oo/yyyy

dd/mm/yyyy

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Ministry of Investment, Industry and Trade of the Republic of Uzbekistan extends the period of Certificate of Accreditation of Representative office of

_____________ “____________”

___________________

(mamlakat nomi)

(korxona nomi)

(organizational legal form)

___________________ga

“___________” _____________

(tashkiliy-huquqiy shakli)

(company name)

(country name)

“____________________”

by the name “____________________”

nomli vakolatxonasini ochish uchun berilgan guvohnoma muddatini uzaytiradi.

The Representative office carries out its activities in accordance with the legislation of the Republic of Uzbekistan.

Vakolatxona oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.

Pursuant to this Certificate the validity of activities of the Representative office

Mazkur guvohnomaga asosan vakolatxonaning faoliyat muddati _________ yilgacha uzaytirildi.

prolonged up to ____________.

kk/oo/yyyy

dd/mm/yyyy

QR-code

Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining
‎vakolatxonalari xodimlarini akkreditatsiya qilish uchun toʻldiriladigan
‎SHAXSIY VARAQA

Shaxsiy maʼlumotlar
‎‎(bosh harflar bilan pasportda (identifikatsiyalovchi
‎ID-kartasida) koʻrsatilganidek)‎

Rasm oxirgi 6 oylik

boʻlishi shart
‎(3.5 x 4.5 sm)

‎‎Familiyasi: _________________________
Ismi: ______________________________
Tugʻilgan sanasi: _____________________
Tugʻilgan joyi: _______________________
Fuqaroligi: _________________________
Pasport (identifikatsiyalovchi ID-kartasi)
‎raqami: _____________________________
Lavozimi: __________________________
Manzili: ___________________________
Bogʻlanish uchun maʼlumotlar
(Oʻzbekiston Respublikasida)
Manzili (tuman, koʻcha, uy raqami):
‎___________________________________
Telefon raqami: _____________________
Elektron pochta manzili: _______________
Izoh:

1. Ilova qilingan barcha hujjatlar haqqoniy va yaxshi koʻringan boʻlishi shart.

2. Fotosuratda hech qanday zarar yoki iflosliklar, fon yorugʻligi yoki yuzning soyasi boʻlmasligi kerak. Yuz barcha xususiyatlar aniq koʻrinadigan va tabiiy teri rangi bilan fotosuratda markazlashtirilgan boʻlishi kerak.

APPLICATION FORM

Personal data
(in BLOCK letters as appeared in the passport (ID-card))

Please attach

rhotographs

taken within

the last 6 months

front view
‎(3.5 x 4.5 cm)

‎‎Family name: _________________________
First name: ___________________________
Date of birth: _________________________
Place of birth: _________________________
Current nationality:_____________________
Passport (ID-card) number:_______________
Representative position: _________________
Address: ____________________________
Contact data
(In the Republic of Uzbekistan)
Address (district, street, house number):‎
‎___________________________________
Telephone number: _____________________
E-mail: ______________________________
Note:

1. All documents should be valid and legible.

2. The photo should have no damage or impurities, no background light or shadow over face. The face should be centered in the photo with all the features clearly visible and natural skin tone.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
6-ILOVA
Xorijiy xodimning akkreditatsiya kartochkasi namunasi
(old tomoni)
(orqa tomoni)
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-fevraldagi 76-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy tijorat tashkilotlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish tartibi va ularning faoliyati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2000-yil 23-oktabrdagi 410-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy tijorat tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish tartibi va ularning faoliyati toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2011-yil 28-oktabrdagi 290-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2017-yil 14-iyuldagi 499-son qaroriga ilovaning 13-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2020-yil 10-avgustdagi 472-son qaroriga 1-ilovaning 1-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Yuridik shaxslar, faoliyatini vakolatxona, filial yoki doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan chet el yuridik shaxslari va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va saqlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 4-sentabrdagi 539-son qaroriga 3-ilovaning 1-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2022-yil 2-apreldagi 149-son qaroriga 7-ilovaning 1-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2022-yil 1-noyabrdagi 631-son qaroriga 6-ilovaning 1-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2024-y., 09/24/76/0109-son)