Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglament va odob komissiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglament va odob komissiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish, uning ishini tashkil etishning faol modelini, shu jumladan Senat aʼzolari tomonidan odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish boʻyicha yangicha tizimni joriy etish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining
6 va
8-moddalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglament va odob komissiyasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Odob-axloq komissiyasi tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Odob-axloq komissiyasi tarkibi
1-ilovaga;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Odob-axloq komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom
2-ilovaga;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolarining odob-axloq qoidalari
3-ilovaga;
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining namunaviy odob-axloq qoidalari
4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Odob-axloq komissiyasi senatorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolarining odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya etilishi ustidan taʼsirchan nazorat olib borsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 31-iyuldagi SQ-360-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining
namunaviy reglamenti va Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi
namunaviy nizomga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartishlar kiritilsin.
5. Xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlariga ushbu Qarorda bayon etilgan qoidalarni hisobga olgan holda:
xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining odob-axloq qoidalarini tasdiqlash;
xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining reglamenti va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomni qayta koʻrib chiqish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga oʻz faoliyatini reglament asosida olib borishlari hamda Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining odob-axloq qoidalari rioya etilishini taʼminlashlari uchun amaliy yordam koʻrsatib borsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2017-yil 28-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolarining odobi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi SQ-154-III-sonli Qarori;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2017-yil 25-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolarining odobi qoidalariga qoʻshimchalar va oʻzgartish kiritish toʻgʻrisida”gi SQ-217-III-sonli Qarori;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020-yil 20-yanvardagi “Reglament va odob komissiyasi tarkibi toʻgʻrisida”gi SQ-27-IV-sonli
Qarori;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 4-apreldagi “Reglament va odob komissiyasi tarkibi toʻgʻrisida”gi SQ-289-IV-sonli Qarori;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2017-yil 9-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglament va odob komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi KQ-215-III-sonli Qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
8. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
9. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023-yil 25-martdagi KQ-476-IV-sonli
qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Odob-axloq komissiyasining
| Burxanov Kutbidin Nukritdinovich | — | Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi, Komissiya raisi |
| Choʻlliyev Shuhrat Asqarovich | — | Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Komissiya raisi oʻrinbosari |
| Iminov Odiljon Karimovich | — | Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi |
| Marufova Gulnora Maxmudovna | — | Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasida doimiy asosda ishlovchi senator |
| Sadullayeva Faraxat Aminovna | — | Xorazm viloyati Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari |
| Suyarova Sanobar Zarfullayevna | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Jizzax shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori |
| Toshev Farmon Isxakovich | — | “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri |
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023-yil 25-martdagi KQ-476-IV-sonli
qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Odob-axloq komissiyasi toʻgʻrisida
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Odob-axloq komissiyasi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) vazifalarini, vakolatlarini, faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini, shuningdek uning ishini tashkil etish tartibini belgilab beradi.
2. Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati
Reglamentining (bundan buyon matnda Senat Reglamenti deb yuritiladi) normalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolarining odob-axloq qoidalariga (bundan buyon matnda Odob-axloq qoidalari deb yuritiladi) rioya etilayotganligi ustidan nazoratni taʼminlash va ularga rioya etish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish uchun tuziladi.
4. Komissiya (uning tarkibi) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) majlisida senatorlar orasidan Senat vakolatlari muddatiga saylanadi.
5. Komissiyaning soni va shaxsiy tarkibi Senat qaroriga asosan oʻzgartirilishi mumkin.
6. Komissiya oʻz faoliyatini qonuniylik, xolislik va adolatlilik tamoyillariga asosan olib boradi.
7. Komissiyaning faoliyati Senat qarori bilan muddatidan ilgari toʻxtatilishi mumkin.
8. Komissiya oʻz vakolatlari doirasida:
senatorlar Senat Reglamenti normalariga va Senat aʼzolarining Odob-axloq qoidalariga rioya etayotganligi, shu jumladan, Senat va uning organlari majlislarida doimiy ishtirok etayotganligi ustidan doimiy monitoring olib boradi;
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan senatorlarning xatti-harakatlari ustidan kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqadi;
Senat Raisining topshirigʻi, senatorlarning va fuqarolarning murojaatlari asosida yoxud oʻzining tashabbusi bilan oʻz majlislarida senatorlar tomonidan Senat Reglamenti normalari va Senat aʼzolarining Odob-axloq qoidalari, shuningdek umumeʼtirof etilgan axloq normalari buzilgan holatlarni koʻrib chiqadi hamda baholaydi;
Odob-axloq qoidalarini qoʻllash boʻyicha senatorlarga maslahat va tavsiyalar beradi;
senator maqomini tartibga soluvchi normalar buzilganligi toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqadi;
senatorning Senatning, oʻzi aʼzo boʻlgan Senat qoʻmitalarining majlislarida uzrli sababsiz hozir boʻlmasligi toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqadi;
Senat topshiriqlarining senator tomonidan bajarilmayotganligi toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqadi;
senatorlar orasida qoidabuzarliklarning oldini olish boʻyicha kompleks choralar koʻradi;
Senat aʼzolarining Odob-axloq qoidalari loyihasini ishlab chiqadi va Senat tasdigʻiga kiritadi, uni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
senatorlarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish hamda senator faoliyatining boshqa kafolatlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi;
Odob-axloq qoidalarini buzgan senatorga nisbatan taʼsir choralarini qoʻllash, shuningdek Senat Reglamenti qoidalari buzilgan holatlarni bartaraf etish toʻgʻrisida Senat Kengashiga takliflar kiritadi;
senator tomonidan Odob-axloq qoidalari talablari buzilgan taqdirda, senatordan va boshqa yuridik va jismoniy shaxslardan zarur axborotni soʻrab oladi;
Odob-axloq qoidalarining buzilishi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan xulosalar tayyorlaydi;
Senat va uning organlari majlisida oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan Komissiya xulosasini taqdim etadi;
senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish va uni chaqirib olish toʻgʻrisidagi materiallarni Senatda koʻrib chiqish uchun tayyorlaydi;
Senat aʼzolarini daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi materiallarni Senatda koʻrib chiqishi uchun tayyorlaydi;
Komissiya, uning majlislariga koʻrib chiqish uchun kiritilgan masalalarni hal qilish uchun ekspertlar va mutaxassislarni taklif qiladi;
senator tomonidan Odob-axloq qoidalari buzilgan taqdirda, unga tegishli boʻlgan zarur maʼlumotlarni soʻrab oladi;
Komissiya faoliyati masalalariga doir Senat qarorlari loyihalarini ishlab chiqadi.
Komissiya Senat va uning Kengashi qarorlariga, shuningdek ushbu Nizomga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
9. Komissiya Senat qoʻmitalari, devoni, boshqa organlar, mansabdor shaxslar va jamoatchilik bilan Komissiya vakolatiga doir masalalar yuzasidan hamkorlik qiladi.
10. Komissiya masalalarni Senatning yoki uning Kengashining topshirigʻiga binoan yoxud oʻz tashabbusi bilan koʻrib chiqadi.
11. Komissiya uning raisi, rais oʻrinbosari va aʼzolaridan tarkibda faoliyat olib boradi.
12. Komissiya oʻz ishini yigʻilish shaklida tashkil etadi. Komissiya majlislari zaruratga qarab chaqiriladi.
13. Senat Reglamenti normalari va Senat aʼzolarining Odob-axloq qoidalari buzilishi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
14. Komissiya majlislarida taklif etilgan manfaatdor shaxslar ishtirok etishlari mumkin. Komissiya sayyor majlislar oʻtkazishga haqli.
15. Komissiya qarori ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Komissiya qarori, agar unga majlisda hozir boʻlgan Komissiya aʼzolarining koʻpchiligi ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi. Qarorni yoqlab va unga qarshi berilgan ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, Komissiya majlisiga raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
16. Komissiya faoliyatiga rais rahbarlik qiladi.
Komissiya ishini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
Komissiya majlislarini chaqiradi va olib boradi;
Komissiya tomonidan tayyorlangan qarorlar, xulosa va takliflarni Senatga, Senat Kengashiga taqdim etadi;
oʻz vakolatlari doirasida Komissiya aʼzolariga topshiriqlar beradi;
Komissiya aʼzolarini Komissiyaga kelib tushayotgan barcha hujjatlar va materiallardan xabardor qiladi;
Komissiya majlislarida ishtirok etish uchun manfaatdor shaxslarni taklif etadi;
Komissiya aʼzolarini Komissiya qarorlarining bajarilishi haqida xabardor qiladi;
Komissiya tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni imzolaydi.
17. Komissiya raisining oʻrinbosari:
Komissiya ish yurituvini taʼminlaydi;
Komissiya majlislari uchun materiallarni tayyorlash boʻyicha ishlarni tashkil etadi;
Komissiya aʼzolarini majlislar vaqti va kun tartibi toʻgʻrisida xabardor etish boʻyicha ishlarni tashkil qiladi;
rais boʻlmaganida uning vazifalarini bajarib turadi.
18. Komissiya aʼzosi majlisda ishtirok etishi va oʻziga yuklatilgan topshiriqlarni bajarishi shart.
Majlisda ishtirok etish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, Komissiya aʼzosi Komissiya raisiga yoki Komissiya raisi oʻrinbosariga majlisda ishtirok eta olmaslik sabablari haqida xabar beradi.
19. Senator tomonidan Odob-axloq qoidalarini buzish bilan bogʻliq oʻrganishni dastlabki tarzda oʻtkazish uchun quyidagilar asos boʻladi:
yuridik va jismoniy shaxslardan senator tomonidan Odob-axloq qoidalarini buzish bilan bogʻliq shikoyatlarning kelib tushishi;
ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali eʼlon qilingan senatorning nojoʻya harakatlariga doir xabarlar;
senator tomonidan qonun hujjatlari, axloq normalari va Odob-axloq qoidalarini buzish faktlari boʻyicha materiallarni koʻrib chiqish haqida Senat, uning Kengashi yoki Raisining koʻrsatmasi;
senator degan nomga dogʻ tushiruvchi nojoʻya xatti-harakatlar sodir etilganligi haqidagi korxona, tashkilot, muassasa va jamoat birlashmalari hamda mansabdor shaxslar bergan xabarlar;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning rasmiy xabarlari.
20. Anonim xabar va murojaatlar asosida oʻrganish oʻtkazilishi mumkin emas.
21. Odob-axloq qoidalarini buzish bilan bogʻliq oʻrganishlar Komissiya tomonidan bunday axborot kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kunlik muddatdan oshirmagan holda amalga oshiriladi, qoʻshimcha oʻrganish va (yoki) tekshirish, qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish talab etilganda esa, bir oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi.
Odob-axloq qoidalarini buzish bilan bogʻliq oʻrganish oʻtkazish uchun qoʻshimcha tekshirish oʻtkazish, materiallarni soʻrab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar koʻrish zarur boʻlgan hollarda, oʻrganish oʻtkazish muddati Senat Raisi tomonidan istisno tariqasida uzogʻi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchi xabardor qilinadi.
22. Komissiya majlisiga, haqiqiy holatlarni aniqlash va xolisona qaror qabul qilish maqsadida, oʻziga nisbatan masala koʻrib chiqilayotgan senator, zarur boʻlgan hollarda esa, murojaat qiluvchi va boshqa shaxslar taklif etiladi.
Komissiya majlisining vaqti va joyi haqida tegishli ravishda xabardor etilgan shaxslarning kelmasligi murojaatni koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi.
23. Oʻziga nisbatan oʻrganish oʻtkazilayotgan senator quyidagi huquqlarga ega:
oʻrganish tayinlanganligi va unga asos boʻlgan hujjat mazmuni bilan tanishib chiqish;
oʻrganish oʻtkazish boʻyicha Komissiya aʼzolari yuzasidan eʼtirozi boʻlgan taqdirda Senat raisiga asoslantirilgan raddiya berish;
hujjatlar, maʼlumotnomalar va boshqa dalillarni taqdim etish;
oʻrganish natijasidan norozi boʻlgan taqdirda Senatga belgilangan tartibda shikoyat qilish.
24. Senator oʻrganish yuzasidan soʻralgan zarur hujjatlarni va boshqa axborotlarni tegishli komissiyaga taqdim etishi lozim. Bunda, oʻrganish oʻtkazishga toʻsqinlik qilishga, Komissiya aʼzolariga oʻz vazifalarini amalga oshirishga xalaqit qilishga va ularga taʼsir oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
25. Odob-axloq qoidalarining senator tomonidan buzilganligi fakti aniqlangan taqdirda, Komissiya unga nisbatan quyidagi taʼsir koʻrsatish choralarini qoʻllash boʻyicha Senat Kengashiga masala kiritishga haqli:
senatorga Senat Reglamenti va Odob-axloq qoidalari takror buzilishiga yoʻl qoʻymaslikni koʻrsatib oʻtgan holda ogohlantirish berish;
senatordan Senat Kengashining yoki Senatning majlisida uzr soʻrashni talab etish;
senatorga Senatning majlisida tanbeh berish;
senatorni “adolatli senator”, “xalqparvar senator”, “mehnatkash senator” kabi maqomlaridan mahrum qilish;
senatorni Senatning yalpi majlislarida ishtirok etish va ovoz berish huquqidan muayyan muddatga mahrum qilish.
Komissiya senator ushbu Qoidalar buzilishiga yoʻl qoʻyganligi faktini Senatning majlisida oʻqib eshittirishi mumkin.
26. Senatorlar xatti-harakatiga doir quyidagi murojaatlar koʻrib chiqilmaydi:
komissiyada oldin koʻrib chiqilgan murojaat va aynan shu mazmundagi takror murojaatlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatiga oid hujjatlar mavjud boʻlmaganda;
qonun hujjatlarida belgilangan boshqa talablarga muvofiq boʻlmagan murojaatlar.
27. Komissiya qabul qilingan qaror haqida murojaat qiluvchiga, oʻziga nisbatan masala koʻrib chiqilgan senatorga va Senat Kengashiga yozma ravishda maʼlum qiladi.
Senat qarorining loyihasi Komissiya tomonidan Senat Kengashiga koʻrib chiqishi uchun kiritilganda, unga qisqa tushuntirish xati va boshqa zarur materiallar ilova qilinadi.
28. Komissiyaning qarori ustidan Senat Kengashiga shikoyat qilinishi mumkin. Senat Kengashi Komissiya qarorini bekor qilishga va oʻz vakolati doirasida boshqa qaror qabul qilishga haqli.
29. Murojaat uning tashabbuskori tomonidan Komissiya qarori qabul qilinguniga qadar qaytarib olinishi mumkin.
Taraflar yarashgan, shuningdek senator oʻz xohishi bilan oshkora uzr soʻragan hollarda, senator taʼsir choralari qoʻllanilishidan ozod etilishi mumkin.
30. Komissiya majlisi, agar unda Komissiya aʼzolari umumiy sonining yarmidan koʻpi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
31. Komissiya majlislari yakuni boʻyicha qaror qabul qiladi.
32. Komissiya faoliyatiga moddiy-texnik, axborot va boshqa xizmatlarni koʻrsatishni Senat devoni taʼminlaydi.
33. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023-yil 25-martdagi KQ-476-IV-sonli
qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolarining
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolarining Odob-axloq qoidalari (bundan buyon matnda Odob-axloq qoidalari deb yuritiladi) “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi
Qonuniga, umum qabul qilingan odob normalariga muvofiq ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi (bundan buyon matnda senator deb yuritiladi) uchun uning oʻz senatorlik vakolatlarini amalga oshirish chogʻida majburiy boʻlgan xulq-atvorning maʼnaviy-axloqiy prinsiplari va xulq-atvor qoidalarini belgilaydi.
2. Odob-axloq qoidalari senatorning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan kafolatlangan huquq va erkinliklarini cheklamaydi.
3. Senator oʻz vakolatlarini amalga oshirayotganda Oʻzbekiston Respublikasining
Konstitutsiyasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy Qonuniga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi
Qonuniga, boshqa qonunlarga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Reglamentiga, shuningdek ushbu Qoidalarga amal qiladi.
4. Senator oʻz faoliyatida jamiyatda umum qabul qilingan odob-axloq prinsiplariga qatʼiy rioya etishi, fuqarolarning, mansabdor shaxslarning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini hurmat qilishi, shuningdek senator nomiga dogʻ tushiradigan va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) nufuziga, umuman davlat manfaatlariga putur yetkazadigan xatti-harakatlardan oʻzini tiyishi lozim.
5. Senator oʻz vazifalarini vijdonan va halol bajarishi, oʻzi aʼzo boʻlgan qoʻmitaning (komissiyaning) ish rejalarida, qarorlarida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlashi, oʻz malakasini yuqori darajada saqlab turishi, oʻzining nazariy bilimlari va amaliy koʻnikmalarini takomillashtirib borishi kerak.
6. Senatda doimiy asosda ishlovchi senator oʻz vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari boshqa haq toʻlanadigan faoliyat turlari bilan shugʻullanishi mumkin emas.
Senatorning ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishi uning asosiy kasbiy vazifalarini bajarishga zarar yetkazmasligi kerak.
7. Senator oʻz kasbiy faoliyatini quyidagi prinsiplar asosida amalga oshirishi kerak:
umumdavlat va mintaqaviy manfaatlar uygʻunligi;
inson va fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi;
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa qonun hujjatlariga rioya etish;
fuqarolarning manfaatlarini ifodalash;
senatorlik faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi.
8. Senator Senat majlislarida, oʻzi saylangan qoʻmitalar va komissiyalar majlislarida ishtirok etishi shart. Majlisda ishtirok etish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, senator bu haqda tegishincha Senat Raisiga, qoʻmita va komissiya raisiga oldindan xabar qilishi shart.
Senat, uning qoʻmitalari va komissiyalari majlislarida Senat aʼzolariga masalalarni erkin muhokama qilish va jamoa boʻlib hal qilish imkoniyati beriladi.
9. Senat, uning Kengashi, qoʻmita va komissiyaning majlisida senator:
oʻz nutqida senatorlarning yoki boshqa shaxslarning shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan qoʻpol, haqoratomuz ibora va soʻzlarni, imo-ishoralarni qoʻllamasligi;
majlislarni oʻtkazishga xalaqit beradigan harakatlarga yoʻl qoʻymasligi — soʻzga chiqqanlarning soʻzini boʻlmasligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Reglamentining
53-moddasida nazarda tutilgan tartibga zid ravishda oʻz fikrini bayon qilishga urinmasligi;
oʻtirgan joyidan baqirmasligi, muhokama etilayotgan masala yuzasidan soʻzga chiqqanlarning oʻz nuqtai nazarini erkin bayon etishiga toʻsiqlar vujudga keltirmasligi;
turli uzrsiz sabablarga koʻra majlislar zalidan namoyishkorona chiqib ketmasligi;
kun tartibidagi muhokama qilinayotgan masaladan imkon qadar chetga chiqib soʻzlamasligi, biror shaxsning shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi asossiz ayblovga yoʻl qoʻymasligi;
soʻzga chiqish, senatorlik faoliyatining boshqa shakllarini amalga oshirish chogʻida bila turib yolgʻon va notoʻgʻri axborotdan foydalanmasligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Reglamentining va ushbu Qoidalarning talablarini buzadigan boshqa xatti-harakatlarni sodir etmasligi kerak.
10. Senator ushbu Qoidalarning
9-bandida koʻrsatilgan xatti-harakatlarni sodir etgan taqdirda, majlisda raislik qiluvchi:
bunday qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi toʻgʻrisida senatorni ogohlantirishga;
senatorni soʻzlash huquqidan mahrum qilishga;
senatordan majlislar zalini tark etishni talab qilishga;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Odob-axloq komissiyasidan (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tegishli senatorning xatti-harakatiga baho berishni soʻrashga haqli.
11. Senator ovoz berish kartochkasining lozim darajada saqlanishi va foydalanilishini taʼminlashi shart. Ovoz berishni boshqa senatorga yoki oʻzga shaxsga ishonib topshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Senatorlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar jinsi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi, ijtimoiy mavqeyi va siyosiy mansubligidan qatʼi nazar teng huquqlilik, bir-birini oʻzaro hurmat qilish asosida yoʻlga qoʻyiladi.
13. Senatorlar tanqidga sabr-toqat bilan yondashishi, oʻziga nisbatan bildirilgan tanqidiy fikrlarga qoʻpollik bilan munosabat bildirishga yoʻl qoʻymasligi kerak.
14. Senatorlar oʻz ishida har qanday masalani erkin jamoaviy muhokama qilish, fikrlar xilma-xilligini hurmat qilish prinsiplariga asoslanishi, nizolarga yoʻl qoʻymasligi, kelishmovchiliklarni ochiq fikr almashish orqali bartaraf etish yoʻllarini birgalikda izlashi kerak.
15. Senator muntazam xalq bilan muloqot qilib turadi. Senatorning aholi bilan oʻzaro munosabatlari oʻzaro hurmat, fuqarolar tomonidan koʻtarilgan muammolar va masalalarga senatorning eʼtibor bilan munosabatda boʻlishiga asoslanadi.
Senator joylarga chiqib, aholi bilan oʻtkazilgan muloqotlar jarayonida rasmiyatchilik va koʻzboʻyamachilik, soxta hisobotlar berish, uchrashuvlarga oʻz oʻrniga boshqa odamlarni yuborish, oʻrganilayotgan masalaning tub ildiziga yetib bormaslik kabi holatlarga yoʻl qoʻymaydi.
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻradi;
jismoniy va yuridik shaxslardan tushgan arizalar, takliflar, shikoyatlarni koʻrib chiqadi, ularda koʻrsatilgan masalalarning toʻgʻri va oʻz vaqtida hal etilishiga oʻz vakolatlari doirasida koʻmaklashadi;
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini oldindan belgilangan grafik asosida shaxsan qabul qilishi lozim.
17. Senator fuqarolar bilan ishlashga vijdonan va halol yondashishi shart. Senatorning xulq-atvori aholining parlament vakillariga va umuman davlat hokimiyatiga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga yordam berishi kerak. Fuqarolar bilan shaxsan muloqotga kirishganda senator bilimdon, halol va adolatli shaxs timsolida namoyon boʻlishga intilishi lozim.
18. Senator oʻzi bajarayotgan ishlardan oʻzi aʼzo boʻlgan Senat qoʻmitasini belgilangan tartibda vaqti-vaqti bilan, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda xabardor qilib turadi. Senator tomonidan taqdim etiladigan axborot toʻliq, toʻgʻri va xolisona boʻlishi kerak.
19. Senatorning Senat devoni xodimlari bilan oʻzaro munosabati hurmat, professionallik asosida amalga oshiriladi.
Senator Senat devoni xodimlari uchun oʻrnak boʻlishi, ularga xushmuomalalik bilan munosabatda boʻlishi, ularni jinsi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi va ijtimoiy mavqeyi boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻymasligi lozim.
Senator Senat devoni xodimlaridan shaxsiy manfaatlari yoʻlida yoki ularning xizmat majburiyatlariga kirmaydigan vazifalarda foydalanishi mumkin emas.
20. Senator ommaviy axborot vositalarida, matbuot konferensiyalarida, boshqa jamoat tadbirlaridagi, omma oldidagi bayonotlarida, shu jumladan, Internet tarmogʻida ochilgan shaxsiy sahifalarida, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida (blog, post, izohlar qoldirishda):
Senatning nufuzini tushirishga olib kelishi yoki uning oʻz vakolatlarini vijdonan amalga oshirishiga shubha tugʻdirishi mumkin boʻlgan harakatlardan (harakatsizlikdan) tiyilishi;
oʻzining xatti-harakati, axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramasligi hamda asosli va konstruktiv tanqidni toʻgʻri qabul qilishi;
davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolarning faoliyatiga nisbatan eʼtirozlari boʻlsa, ularni asoslangan, aniq muammoga qaratilgan holda bayon etishi, tekshirilmagan, isbotlanmagan maʼlumot va dalillardan foydalanmasligi;
yuridik shaxslarning ishchanlik obroʻsiga, jismoniy shaxslarning shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan asossiz, yolgʻon yoki notoʻgʻri maʼlumotlarni tarqatmasligi;
fuqarolar bilan muloqot qilishda ularning shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan qoʻpol, haqoratomuz ibora va soʻzlarni qoʻllamasligi hamda asossiz ayblovlarga yoʻl qoʻymasligi, qonunga xilof xatti-harakatlarga daʼvat etmasligi hamda bila turib yolgʻon va notoʻgʻri axborotdan foydalanmasligi kerak.
Senator ommaviy chiqishi chogʻida sud tizimi va sudyalar haqida tanqidiy fikr bildirishda ularning mustaqilligi va xolisligiga taʼsir koʻrsatmasligi, tanqidiy fikr dalillar bilan asoslangan va aniq boʻlishi hamda sudga hurmatsizlikni ifoda etmasligi lozim. Senator sudlar siyosatdan xoli ekanligi va tanqidlarga javob berishi uning xolisligini shubha ostiga qoʻyishi mumkinligini inobatga olishi zarur.
21. Agar senatorning omma oldidagi bayonotlarida fuqarolarning shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga, yuridik shaxsning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan fikrlar mavjud boʻlsa, senator oʻz fikrlarining yanglishligi yoxud notoʻgʻriligini oshkora tan olishi hamda shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga daxl qilingan fuqaro va (yoki) yuridik shaxsdan uzr soʻrashi kerak.
22. Senator boshqa senatorlarning kasbiy va shaxsiy sifatlarini oshkora shubha ostiga qoʻymasligi lozim.
23. Senator oʻziga rasman vakolat berilgan hollardagina Senat nomidan soʻzlashi mumkin.
24. Senatorning oʻz maqomidan fuqarolar, jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda foydalanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
25. Senator oʻz maqomidan oʻzi uchun, shuningdek oʻzining qarindoshlari va boshqa yaqin kishilari uchun naf, foyda, tijoratga oid yoki boshqa imtiyozlar olish maqsadida foydalanmasligi, turli davlat organlariga va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga shaxsiy masalalar boʻyicha murojaat qilayotganda oʻz maqomidan foydalanmasligi, senatorlik faoliyatini bajarish bilan bogʻliq tarzda haq olmasligi lozim.
26. Senator senatorlik blankalaridan faqat oʻz vakolatlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan rasmiy xat, soʻrovlar va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishda foydalanishi shart.
27. Senator oʻz vakolatlarini amalga oshirishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni, agar ushbu maʼlumotlar:
Senatning, qoʻmita va komissiyaning yopiq majlislarida koʻrib chiqilgan masalalarga taalluqli boʻlsa;
davlat siri, qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirga taalluqli boʻlsa;
senatorning daxlsizligini cheklashga yoki senator tomonidan ushbu Qoidalarning buzilganligi bilan bogʻliq boʻlsa;
fuqarolarning shaxsiy hayotiga oid sir boʻlsa va senatorga ularni oshkor etmaslik sharti bilan ishonib maʼlum qilingan boʻlsa, oshkor etmasligi lozim.
28. Senator davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar tomonidan oʻziga taqdim etilgan rasmiy xizmatga oid maʼlumotdan shaxsiy naf koʻrish uchun foydalanishga haqli emas.
29. Senator rasmiy delegatsiyalar tarkibida va chet ellik fuqarolar bilan uchrashuvlarda oliy davlat vakillik organining vakili ekanligini namoyish eta olishi lozim.
30. Senator rasmiy delegatsiyalar tarkibida chet davlatlarda boʻlgan paytida xizmat safarining maqsad va vazifalarini roʻyobga chiqarishga, Senat nufuzini va umuman Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini himoya qilishga koʻmaklashishi, oʻzi borgan mamlakatning qonun hujjatlari talablariga hamda rasmiy va norasmiy tadbirlarni oʻtkazish chogʻida umum qabul qilingan odob normalariga rioya etishi kerak.
31. Senator xizmatdan tashqari vaqtda senatorning yuksak nomiga dogʻ tushiradigan, oʻzining shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsiga, Senatning nufuziga va umuman davlat manfaatlariga putur yetkazadigan xatti-harakatlardan tiyilishi shart.
Shaxsiy oʻzaro munosabatlarda senator kamtar, halol, xushmuomala boʻlishi va hech kimga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlmasligi lozim.
32. Kundalik turmushda odob normalariga rioya etish ushbu Qoidalarning ajralmas qismidir. Senator kiyinishi uslubining sipoligi va kamtaronaligi bilan ajralib turishiga harakat qilishi lozim.
Senator ayniqsa oʻz vakolatlarini amalga oshirish chogʻida oʻta dabdabali kiyim-bosh kiymasligi, ortiqcha bezaklar va boshqa aksessuarlar taqmasligi kerak.
33. Odob-axloq qoidalari buzilgan taqdirda senatorning xulq-atvori toʻgʻrisidagi masala Komissiya tomonidan koʻrib chiqilishi yoki Senat majlisiga koʻrib chiqish uchun kiritilishi mumkin.
Komissiya ushbu Qoidalarni buzgan senatorga nisbatan quyidagi taʼsir koʻrsatish choralarini qoʻllash boʻyicha Senat Kengashiga masala kiritishga haqli:
senatorga Senat reglamenti va ushbu Qoidalar takror buzilishiga yoʻl qoʻymaslikni koʻrsatib oʻtgan holda ogohlantirish berish;
senatordan Senat Kengashining yoki Senatning majlisida uzr soʻrashni talab etish;
senatorga Senatning majlisida tanbeh berish;
senatorni “adolatli senator”, “xalqparvar senator”, “mehnatkash senator” kabi maqomlaridan mahrum qilish;
senatorni Senatning yalpi majlislarida ishtirok etish va ovoz berish huquqidan muayyan muddatga mahrum qilish.
Komissiya senator ushbu Qoidalar buzilishiga yoʻl qoʻyganligi faktini Senatning majlisida oʻqib eshittirishi mumkin.
34. Qonunda nazarda tutilgan alohida hollarda senatorning vakolatlari Senat majlisida qabul qilingan qarorga asosan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Bunday masalani koʻrib chiqish uchun senator degan yuksak nomga dogʻ tushirgan xulq-atvor asos boʻlishi mumkin.
35. Senator tomonidan umum qabul qilingan odob normalarini qoʻpol tarzda buzadigan yoki senatorning yuksak nomiga dogʻ tushiradigan xatti-harakatlar sodir etilgan taqdirda, u qonunda belgilangan tartibda chaqirib olinishi yoxud Senat qarori bilan vakolati muddatidan oldin tugatilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023-yil 25-martdagi KQ-476-IV-sonli
qaroriga
4-ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining
1. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining namunaviy odob-axloq qoidalari (bundan buyon matnda Odob-axloq qoidalari deb yuritiladi) “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi
Qonuni, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining
namunaviy reglamenti hamda Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi
namunaviy nizomga, shuningdek umumeʼtirof etilgan odob normalariga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining (bundan buyon matnda deputatlar deb yuritiladi) oʻz deputatlik vakolatlarini amalga oshirishda rioya etishi lozim boʻlgan xulq-atvor qoidalarini belgilaydi.
2. Odob-axloq qoidalari deputatlarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda qonunlari bilan kafolatlangan huquq va erkinliklarini cheklamaydi.
3. Deputat oʻz vakolatlarini amalga oshirishi chogʻida Oʻzbekiston Respublikasining
Konstitutsiyasiga, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining
Qonuniga va boshqa qonunchilik hujjatlariga, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining reglamentiga va ushbu qoidalarga amal qiladi.
4. Deputat oʻz faoliyatida jamiyatda umum qabul qilingan odob-axloq prinsiplariga qatʼiy rioya etishi, fuqarolarning, mansabdor shaxslarning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmatini yoki ishchanlik obroʻsini hurmat qilishi, shuningdek deputat nomiga dogʻ tushiradigan va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) nufuziga, umuman davlat manfaatlariga putur yetkazadigan xatti-harakatlardan oʻzini tiyishi lozim.
5. Deputat oʻz vazifalarini vijdonan va halol bajarishi, oʻzi aʼzo boʻlgan siyosiy partiya, partiya guruhi va Kengash doimiy komissiyasi rejalarida, Kengash qarorlarida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlashi, oʻz malakasini yuqori darajada tutib turishi, nazariy bilimlari va amaliy koʻnikmalarini takomillashtirib borishi kerak.
6. Kengashda doimiy asosda ishlaydigan deputat oʻz vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari boshqa haq toʻlanadigan faoliyat turlari bilan shugʻullanishi mumkin emas. Deputatning ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishi uning asosiy kasbiy vazifalarini bajarishiga zarar yetkazmasligi kerak.
7. Deputat oʻz kasbiy faoliyatini quyidagi prinsiplar asosida amalga oshiradi:
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi;
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa qonun hujjatlariga rioya etish;
saylovchilarning, oʻzini deputatlikka nomzod qilib koʻrsatgan siyosiy partiyaning manfaatlarini Kengashda ifodalash;
deputatlik faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi, oʻz faoliyati toʻgʻrisida saylovchilarni doimiy xabardor qilib borish.
8. Deputat Kengashning sessiyalarida, shuningdek oʻzi tarkibida boʻlgan doimiy komissiya va siyosiy partiya guruhining majlislarida ishtirok etishi shart.
Sessiya yoki majlisda ishtirok etish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, deputat bu haqda Kengash raisi, Kengash kotibiyati mudiri, doimiy komissiya raisi, partiya guruhi rahbariga kamida bir kun oldin (ishtirok etish imkoniyatiga toʻsqinlik qiluvchi toʻsatdan yuzaga kelgan vaziyat boʻyicha sessiya yoki majlis boshlanishidan oldin) xabar qilishi shart.
9. Deputat Kengash sessiyasi, doimiy komissiya va partiya guruhi majlislarida:
oʻz nutqida deputatlarning yoki boshqa shaxslarning shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan qoʻpol, haqoratomuz ibora va soʻzlarni, imo-ishoralarni qoʻllamasligi;
sessiya, majlislarni oʻtkazishga xalaqit beradigan harakatlarga yoʻl qoʻymasligi — soʻzga chiqqanlarning soʻzini boʻlmasligi, Kengash faoliyatiga oid qonunchilikda nazarda tutilgan tartibga zid ravishda oʻz fikrini bayon qilishga urinmasligi;
baqirmasligi, muhokama etilayotgan masala yuzasidan soʻzga chiqqanlarning oʻz nuqtai nazarini erkin bayon etishiga toʻsiqlar vujudga keltirmasligi;
turli uzrsiz sabablarga koʻra majlislar zalidan namoyishkorona chiqib ketmasligi;
kun tartibidagi muhokama qilinayotgan masaladan imkon qadar chetga chiqib soʻzlamasligi, biror shaxsning shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi asossiz ayblovga yoʻl qoʻymasligi;
soʻzga chiqish, deputatlik faoliyatining boshqa shakllarini amalga oshirish chogʻida bila turib yolgʻon va (yoki) notoʻgʻri axborotdan foydalanmasligi;
Kengash Reglamenti va ushbu Qoidalarning talablarini buzadigan boshqa xatti-harakatlarni sodir etmasligi kerak.
Deputatning deputatlik faoliyatidagi tashqi koʻrinishi va kiyinish uslubi aholining Kengashga hurmatini, shu jumladan deputatning nufuzini oshirishga xizmat qilishi kerak.
Deputat oʻz deputatlik faoliyati davomida uning vakolati va shaxsini tasdiqlovchi hujjat hisoblangan guvohnomani oʻzi bilan birga olib yurishi, koʻkrak nishonini koʻkrakning chap tomoniga taqib yurishi shart.
10. Deputat ushbu Qoidalarning
9-bandida nazarda tutilgan xatti-harakatlarni sodir etgan taqdirda, tegishli sessiya yoki majlisda raislik qiluvchi:
bunday qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi toʻgʻrisida deputatni ogohlantirishga;
deputatni soʻzlash huquqidan mahrum qilishga;
deputatdan majlislar zalini tark etishni talab qilishga;
Kengashning Odob-axloq masalalari boʻyicha komissiyasidan (bundan buyon matnda Odob-axloq komissiyasi deb yuritiladi) deputatning xatti-harakatlariga baho berishni soʻrashga haqli.
11. Deputat sessiya yoki majlisda shaxsan ovoz berishi shart.
Ovoz berishni boshqa deputat yoki oʻzga shaxsga bergan deputatning xatti-harakatlari boʻyicha Odob-axloq komissiyasi yoki uning taklifi bilan Kengash tomonidan ushbu Qoidalarda hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining
Qonunida belgilangan taʼsir choralari qoʻllanilishi mumkin.
12. Deputatlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar jinsi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi, ijtimoiy mavqeyi va siyosiy mansubligidan qatʼi nazar teng huquqlilik, bir-birini oʻzaro hurmat qilish asosida yoʻlga qoʻyiladi.
13. Deputatlar tanqidga sabr-toqat bilan yondashishi, oʻziga nisbatan bildirilgan tanqidiy fikrlarga qoʻpollik bilan munosabat bildirishga yoʻl qoʻymasligi kerak.
14. Deputatlar oʻz ishida har qanday masalani erkin jamoaviy muhokama qilish, fikrlar xilma-xilligini hurmat qilish prinsiplariga asoslanishi, nizolarga yoʻl qoʻymasligi, kelishmovchiliklarni ochiq fikr almashish orqali bartaraf etish yoʻllarini birgalikda izlashi kerak.
15. Deputat saylovchilar bilan doimiy aloqada boʻlib turadi. Deputatning saylovchilar bilan munosabatlari oʻzaro hurmat qilish, saylovchilar tomonidan koʻtariladigan muammolar va masalalarga deputatning eʼtibor bilan munosabatda boʻlishiga asoslanadi.
qoida tariqasida, bir oyda kamida bir marotaba saylovchilar uchun qabul tashkil etishi;
saylovchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrishi;
saylovchilardan tushgan takliflar, arizalar, shikoyatlarni koʻrib chiqishi, ularda koʻrsatilgan masalalarning toʻgʻri va oʻz vaqtida hal etilishiga oʻz vakolatlari doirasida koʻmaklashishi;
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini oldindan belgilangan grafik asosida shaxsan qabul qilishi lozim.
17. Deputat saylovchilar bilan ishlashga vijdonan va halol yondashishi, ular bilan boʻladigan uchrashuvlarda shaxsan ishtirok etishi, bu jarayonda rasmiyatchilikka yoʻl qoʻymasligi hamda soxta axborotlar taqdim etmasligi shart.
18. Deputat oʻz deputatlik faoliyati haqida saylovchilarni belgilangan tartibda vaqti-vaqti bilan, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda xabardor qiladi.
Deputat tomonidan saylovchilarga taqdim etiladigan axborot toʻliq, toʻgʻri va xolisona boʻlishi kerak.
19. Deputat uni deputatlikka nomzod qilib koʻrsatgan siyosiy partiya va partiya guruhi bilan aloqa bogʻlab turadi hamda ularning ustavida (nizomida) belgilangan odob-axloq va intizom qoidalariga amal qiladi.
Deputat Kengashda uni deputatlikka nomzod qilib koʻrsatgan siyosiy partiya manfaatlarini ifoda etadi.
20. Deputat Kengash kotibiyati xodimlari uchun oʻrnak boʻlishi, ularga xushmuomalalik bilan munosabatda boʻlishi, ularni jinsi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi va ijtimoiy mavqeyi boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻymasligi lozim.
Deputat Kengash kotibiyati xodimlaridan shaxsiy manfaatlari yoʻlida yoki ularning xizmat majburiyatlariga kirmaydigan vazifalarda foydalanishi mumkin emas.
21. Deputat ommaviy axborot vositalari, matbuot konferensiyalari, boshqa jamoat tadbirlaridagi, omma oldidagi bayonotlarida, shu jumladan, Internet tarmogʻida ochilgan shaxsiy sahifalarida, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida (blog, post, izohlar qoldirishda):
Kengashning, uni nomzod qilib koʻrsatgan siyosiy partiya va partiya guruhining nufuzini tushirishga olib kelishi yoki uning oʻz vakolatlarini vijdonan amalga oshirishiga shubha tugʻdirishi mumkin boʻlgan harakatlardan tiyilishi;
oʻzining xatti-harakati, axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramasligi hamda asosli va konstruktiv tanqidni toʻgʻri qabul qilishi;
davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolarning faoliyatiga nisbatan eʼtirozlari boʻlsa, ularni asoslangan, aniq muammoga qaratilgan holda bayon etishi, tekshirilmagan, isbotlanmagan maʼlumot va dalillardan foydalanmasligi;
yuridik shaxslarning ishchanlik obroʻsiga, jismoniy shaxslarning shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan asossiz, yolgʻon yoki notoʻgʻri maʼlumotlarni tarqatmasligi;
fuqarolar bilan muloqot qilishda ularning shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan qoʻpol, haqoratomuz ibora va soʻzlarni qoʻllamasligi, asossiz ayblovlarga yoʻl qoʻymasligi, qonunga xilof xatti-harakatlarga daʼvat etmasligi hamda bila turib yolgʻon va notoʻgʻri axborotdan foydalanmasligi kerak.
Deputat ommaviy chiqishi chogʻida sud tizimi va sudyalar haqida tanqidiy fikr bildirishda ularning mustaqilligi va xolisligiga taʼsir koʻrsatmasligi, tanqidiy fikr dalillar bilan asoslangan va aniq boʻlishi hamda sudga hurmatsizlikni ifoda etmasligi lozim. Deputat sudlar siyosatdan xoli ekanligi va tanqidlarga javob berishi uning xolisligini shubha ostiga qoʻyishi mumkinligini inobatga olishi zarur.
22. Agar deputatning omma oldidagi bayonotlarida fuqarolarning shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga, yuridik shaxsning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan fikrlar mavjud boʻlsa, deputat oʻz fikrlarining yanglishligi yoki notoʻgʻriligini oshkora tan olishi hamda shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga daxl qilingan fuqaro va (yoki) yuridik shaxsdan uzr soʻrashi kerak.
23. Deputat boshqa deputatlarning kasbiy va shaxsiy sifatlarini oshkora shubha ostiga qoʻymasligi lozim.
24. Deputat oʻziga rasman vakolat berilgan hollardagina Kengash nomidan soʻzlashi mumkin.
25. Deputat oʻz maqomidan fuqarolar, jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda foydalanishi mumkin emas.
Deputatning oʻz maqomidan, shu jumladan, nazorat vakolatlaridan:
oʻzi, yaqin qarindoshlari va oʻziga yaqin boshqa shaxslar uchun manfaat, xizmatlar, tijoratga oid yoki boshqa naf olishga;
oʻz shaxsiy va yaqinlarining manfaati yoʻlida foydalanishga va bu vakolat orqali davlat organlari mutasaddilariga tazyiq oʻtkazishga;
sud hokimiyati organlari faoliyatiga aralashishga, shaxsiy masalalar boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari, davlat xizmatchilari va boshqa shaxslarga taʼsir oʻtkazishga;
ijroiya hokimiyati organlarining kadrlar siyosatiga aralashishga, muayyan shaxslarni ishga qabul qilish, lavozimini koʻtarish yoki moddiy yoxud maʼnaviy ragʻbatlantirishga undashga;
davlat organlarining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilishga, ularni oʻz faoliyatini qonunchilikka zid ravishda amalga oshirishga undashga;
qonunchilikda nazarda tutilmagan imtiyozlar, preferensiyalar yoki afzalliklarni olish yoxud boshqa qonunchilikka zid maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
26. Deputat moddiy manfaatdorlik evaziga Kengash sessiyasi yoki uning organlari majlisida biror masalani olib chiqishi yoki uni qoʻllab-quvvatlab ovoz berishi mumkin emas.
27. Deputat Kengash, uning organlari hamda deputatlik blankalaridan faqat deputatlik vakolatlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan rasmiy xat, soʻrov va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishda foydalanishi shart.
Deputat davlat mulkining but saqlanishini taʼminlashi hamda oʻziga ishonib topshirilgan davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi lozim.
28. Deputat deputatlik vakolatlarini amalga oshirishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni, agar ushbu maʼlumotlar:
Kengashning yopiq sessiyasi yoki uning organlari yopiq majlislarida koʻrib chiqilgan masalalarga taalluqli boʻlsa;
davlat siri, qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirga taalluqli boʻlsa;
deputatning daxlsizligini cheklashga yoki deputat tomonidan ushbu Qoidalarning buzilganligi bilan bogʻliq boʻlsa;
saylovchilarning yoki boshqa shaxslarning shaxsiy hayotiga oid sir boʻlsa va deputatga ularni oshkor etmaslik sharti bilan ishonib maʼlum qilingan boʻlsa, oshkor etmasligi lozim.
29. Deputat davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar tomonidan oʻziga taqdim etilgan rasmiy xizmatga oid maʼlumotdan shaxsiy naf koʻrish uchun foydalanishga haqli emas.
30. Deputat rasmiy delegatsiyalar tarkibida va chet ellik fuqarolar bilan uchrashuvlarda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organining vakili ekanligini namoyish eta olishi lozim.
31. Deputat rasmiy delegatsiyalar tarkibida chet davlatlarda boʻlgan paytida xizmat safarining maqsad va vazifalarini roʻyobga chiqarishga, Kengashning nufuzini va umuman Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini himoya qilishga koʻmaklashishi, oʻzi borgan mamlakatning qonun hujjatlari talablariga hamda rasmiy va norasmiy tadbirlarni oʻtkazish chogʻida umum qabul qilingan odob normalariga rioya etishi kerak.
32. Deputat xizmatdan tashqari vaqtda deputatning yuksak nomiga dogʻ tushiradigan, oʻzining shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsiga, Kengashning nufuziga putur yetkazadigan, deputatlik vakolatlarini suiisteʼmol qilish deb baholanadigan har qanday xatti-harakatlardan tiyilishi, shu jumladan:
jamoat joylarida (kafe, restoran va boshqa koʻngilochar maskanlarda) oʻzini tutish qoidalariga rioya etishi, atrofdagilarning eʼtiborini tortuvchi ortiqcha va salbiy harakatlarga yoʻl qoʻymasligi;
dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlarga yoʻl qoʻymasligi;
jamoat tartibi va xavfsizligiga qarshi qaratilgan xatti-harakatlarni sodir etmasligi, boshqalarni noqonuniy harakatlarga daʼvat qilmasligi shart.
Shaxsiy oʻzaro munosabatlarda deputat kamtar, halol, xushmuomala boʻlishi va hech kimga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlmasligi lozim.
33. Kundalik turmushda odob normalariga rioya etish ushbu Qoidalarning ajralmas qismidir. Deputat kiyinishi uslubining sipoligi va kamtaronaligi bilan ajralib turishiga harakat qilishi lozim.
Deputat ayniqsa deputatlik vakolatlarini amalga oshirish chogʻida oʻta dabdabali kiyim-bosh kiymasligi, ortiqcha bezaklar va boshqa aksessuarlar taqmasligi kerak.
34. Deputat oʻz faoliyatida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymasligi, begʻaraz va xolis boʻlishi kerak. Basharti, Kengash sessiyasi, doimiy komissiya yoki partiya guruhi majlisida deputat bevosita yoxud yaqin qarindoshlari orqali shaxsiy manfaatdorlikka ega boʻlgan masala koʻrib chiqilayotgan boʻlsa, u bu haqda raislik qiluvchini xabardor qilishi shart.
Raislik qiluvchi manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish maqsadida shaxsiy manfaatdorligi boʻlgan deputatning muhokamalarda soʻz olish huquqini cheklashi mumkin.
35. Deputat oʻz vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovgʻa olishi taqiqlanadi.
Deputat alohida xizmatlari uchun Kengashning qarori asosida, shuningdek musobaqalar va tanlovlarda erishgan yutuqlari, davlat bayramlari, nishonlanadigan sanalar hamda boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan mukofotlash natijasida yoxud xizmat safarlari, xorijlik delegatsiyaning Oʻzbekistonga tashrifi vaqtida, shuningdek xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan sovgʻalar olishi mumkin.
Xizmat safarlari, xalqaro, xorijiy delegatsiyaning Oʻzbekistonga tashrifi vaqtida, shuningdek xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olingan sovgʻa qiymati bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravaridan oshmasligi lozim, ushbu miqdordan oshadigan sovgʻalar Kengash mulki boʻlib, Kengashga taqdim etilishi shart.
36. Deputat oʻz vakolatlarini amalga oshirish chogʻida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlishi va korrupsiyaga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlarning (harakatsizlikning) oldini olishi shart.
Agar deputat korrupsiya faktlari toʻgʻrisidagi axborotga ega boʻlsa, u korrupsiyaning oldini olish uchun zarur choralar koʻrishi, shu jumladan Kengash yoki uning organlari rahbarlarini yoki korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakolatli davlat organiga darhol xabar qilishi yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat etishi kerak.
37. Quyidagi holatlar deputat ustidan Odob-axloq qoidalarini buzish bilan bogʻliq oʻrganishni dastlabki tarzda oʻtkazishga asos boʻladi:
saylovchilardan deputat tomonidan Odob-axloq qoidalarini buzish bilan bogʻliq shikoyatlarning kelib tushishi;
OAV, jumladan Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali eʼlon qilingan deputatning nojoʻya harakatlariga doir xabarlar;
deputat tomonidan qonun hujjatlarini, umum qabul qilingan odob normalarini, Odob-axloq qoidalarini buzish faktlari boʻyicha materiallarni koʻrib chiqish haqida Kengash raisining koʻrsatmasi;
deputat degan nomga dogʻ tushiruvchi nojoʻya xatti-harakatlar sodir etilganligi haqidagi korxona, tashkilot, muassasa va jamoat birlashmalari hamda mansabdor shaxslar bergan xabarlar;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning rasmiy xabarlari;
Odob-axloq komissiyasi tashabbusi.
38. Anonim xabar va murojaatlar asosida oʻrganish oʻtkazilishi mumkin emas.
39. Odob-axloq qoidalarini buzish bilan bogʻliq oʻrganishlar Odob-axloq komissiyasi tomonidan, bunday axborot kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kunlik muddatda amalga oshiriladi, qoʻshimcha oʻrganish va (yoki) tekshirish, qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish talab etilganda esa, bir oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi.
Odob-axloq qoidalarini buzish bilan bogʻliq oʻrganish oʻtkazish uchun qoʻshimcha tekshirish oʻtkazish, materiallarni soʻrab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar koʻrish zarur boʻlgan hollarda, oʻrganish oʻtkazish muddati Kengash raisi tomonidan istisno tariqasida uzogʻi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.
40. Oʻziga nisbatan oʻrganish oʻtkazilayotgan deputat Kengash yoki Odob-axloq komissiyasining oʻrganish tayinlash haqidagi qarori hamda unga asos boʻluvchi murojaat (shikoyat, xabar) mazmuni bilan tanishtiriladi.
41. Oʻziga nisbatan oʻrganish oʻtkazilayotgan deputat quyidagi huquqlarga ega:
oʻrganish tayinlanganligi va unga asos boʻlgan hujjat mazmuni bilan tanishib chiqish;
oʻrganish oʻtkazish boʻyicha Odob-axloq komissiyasi aʼzolari yuzasidan eʼtirozi boʻlgan taqdirda Kengash raisiga asoslantirilgan raddiya berish;
hujjatlar, maʼlumotnomalar va boshqa dalillarni taqdim etish;
oʻrganish natijasidan norozi boʻlgan taqdirda Kengashga belgilangan tartibda shikoyat qilish.
42. Deputat zimmasiga koʻrilayotgan ish yuzasidan oʻzining aybsizligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emas.
43. Deputat oʻrganish yuzasidan soʻralgan zarur hujjatlarni va boshqa axborotlarni Odob-axloq komissiyasiga taqdim etishi lozim. Bunda, oʻrganish oʻtkazishga toʻsqinlik qilishga, Odob-axloq komissiyasi aʼzolariga oʻz vazifalarini amalga oshirishga xalaqit qilishga va ularga taʼsir oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
44. Odob-axloq komissiyasi ish yuzasidan quyidagi huquqlarga ega:
oʻrganish oʻtkazishga aloqador boʻlgan, boshqa idoralar yurituvida boʻlgan hujjatlarni talab qilib olish, tanishib chiqish va nusxa olish;
oʻrganish oʻtkazilayotgan deputatdan tushuntirishlar olish;
zaruratga koʻra, oʻrganish uchun tor doiradagi mutaxassis (ekspert)larni jalb qilish.
45. Oʻrganish yakuni boʻyicha Odob-axloq komissiyasi tomonidan xulosa qabul qilinadi va Kengashning navbatdagi sessiyasi tasdigʻiga kiritiladi.
46. Oʻrganish xulosasi Kengash sessiyasi tomonidan tasdiqlangan kundan eʼtiboran kuchga kirgan hisoblanadi.
47. Odob-axloq komissiyasi ushbu Qoidalarni buzgan deputatga nisbatan quyidagi taʼsir koʻrsatish choralaridan birini qoʻllash boʻyicha Kengashga xulosa kiritishga haqli:
deputatga ushbu Qoidalarni buzishga yoki qoʻyilmasligini koʻrsatib oʻtgan holda ogohlantirish berish;
deputatdan Odob-axloq komissiyasi, doimiy komissiya majlisi yoki Kengash sessiyasida rasman uzr soʻrashni talab etish;
deputat tomonidan ushbu Qoidalarning buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi faktini Kengash sessiyasida oʻqib eshittirish;
“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining
Qonunida belgilangan taʼsir choralarini qoʻllash.
48. Deputat tomonidan umum qabul qilingan odob normalarini, deputatlik odobini qoʻpol tarzda buzadigan, deputatning yuksak nomiga dogʻ tushiradigan, davlat hokimiyati vakillik organlarining obroʻsiga putur yetkazadigan xatti-harakatlar, nojoʻya ishlar sodir etilgan taqdirda, u qonunda belgilangan tartibda chaqirib olinishi yoki uning vakolatlari Kengash qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.
49. Deputat oʻziga nisbatan qoʻllanilgan taʼsir chorasi yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishincha viloyat, Toshkent shahar Kengashiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, Oliy Majlis Senatiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023-yil 25-martdagi KQ-476-IV-sonli
qaroriga
5-ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti va Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga kiritilayotgan oʻzgartishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 31-iyuldagi SQ-360-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining
namunaviy reglamentiga quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
“odob-axloq masalalari boʻyicha komissiya”;
2) 88-modda
ikkinchi qismidagi “Reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha doimiy komissiya” degan soʻzlar “Odob-axloq masalalari boʻyicha doimiy komissiya” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
“Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining odob-axloq qoidalariga rioya qilishi”;
birinchi qismidagi “Deputatlik odobi qoidalariga” degan soʻzlar “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining odob-axloq qoidalariga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi qismidagi “Deputatlik odobi qoidalari” degan soʻzlar “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining odob-axloq qoidalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 31-iyuldagi SQ-360-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi
namunaviy nizomga quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 4-band
birinchi qismidagi “Reglament va deputatlik odobi masalalari komissiyasi” degan soʻzlar “Odob-axloq masalalari boʻyicha doimiy komissiya” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 10-band
ikkinchi qismidagi “reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha” degan soʻzlar “odob-axloq masalalari boʻyicha” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
birinchi xatboshisidagi “Reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha doimiy komissiya” degan soʻzlar “Odob-axloq masalalari boʻyicha doimiy komissiya” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshisidagi “Deputatlik odobi qoidalarini” degan soʻzlar “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining odob-axloq qoidalarini” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
yettinchi xatboshisidagi “Deputatlik odobi qoidalari” degan soʻzlar “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining odob-axloq qoidalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
sakkizinchi xatboshisidagi “Deputatlik odobi qoidalarini” degan soʻzlar “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining odob-axloq qoidalarini” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.