toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 31.10.2003
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YAKKA TARTIBDAGI VRAChLIK FAOLIYATI (XUSUSIY VRAChLIK FAOLIYATI) TO‘FRISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-oktabrdagi 477-sonli“Tibbiy faoliyatni va farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Sog‘liqni saqlash sohasida tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish va iqtisodiy islohotni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yakka tartibdagi vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati) to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xususiy vrachlik faoliyatiga maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish bo‘yicha komissiya tuzsin va vrachlik faoliyatining ushbu turi ustidan nazoratni ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 21-iyul,
378-son
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 21-iyuldagi 378-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Yakka tartibdagi vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati) to‘g‘risida
NIZOM
1. Yakka tartibdagi vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati)* to‘g‘risida Nizom “O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublikada tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1992-yil 26-apreldagi 85-son qaroriga va boshqa normativ hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan.
* Bundan keyin “Xususiy vrachlik faoliyati” deb ataladi.
2. Xususiy vrachlik faoliyati bu vrachlarning kishi kasalliklarini tashxis qilish, davolash va uning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, kasalliklar xavfi omillari va kasallik asoratini aniqlashdan iborat barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga hamda mulkiy javobgarligiga olib shaxsiy daromad (foyda) olish uchun jismoniy shaxslar tomonidan tibbiy yordamning qulayligi va uning aholiga yaqinligini kengaytirish, vrachni erkin tanlashni ta’minlash maqsadida amaldagi qonunchilik doirasida amalga oshiriladigan tashabbuskor vrachlik faoliyatidir.
“Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslardan ro‘yxatga olganlik uchun undiriladigan yig‘im va bunday shaxslarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq yakka tartibda vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati) bilan shug‘ullanish uchun olinadigan ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imining cheklangan stavkasi eng kam oylik ish haqining yarmi miqdorida belgilanadi.
3. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi vrachlik diplomiga ega bo‘lgan va tanlagan ixtisosi bo‘yicha kamida besh yil ishlagan shaxslarga mahalliy davlat organlarida ro‘yxatdan o‘tgandan hamda xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziya olgandan keyin beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus komissiyasi tomonidan yakka tartibda vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati) bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziya berilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yarmi miqdorida yig‘im olinadi.
4. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradigan litsenziya olish uchun ushbu Nizomning 1-ilovasida ko‘rsatib o‘tilgan tegishli hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida maxsus tashkil etilgan komissiyaga topshiriladi.
Litsenziyani berish (bermaslik) to‘g‘risidagi qaror turli rasmiylashtirilgan hujjatlar olingan kundan boshlab 20 kundan kechikmay qabul qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus komissiyasi litsenziyani berishda ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatning aniq turlarini aniq tibbiy mutaxassisliklar bo‘yicha belgilaydi.
5. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi vrach istalgan bankda hisob-kitob va boshqa schyotlarni ochishga haqlidir.
6. O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash uchun kelgan, vrachlik diplomi bo‘lgan xorijiy davlat fuqarolari O‘zbekiston Respublikasi hududida xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan taqdirda ushbu Nizomning 4-bandida ko‘rsatilgan talablardan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida kasbi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida belgilangan talablarga mos kelishini aniqlash uchun (agar xalqaro shartnoma yoki bitimlarda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa) oldindan attestatsiyadan o‘tishlari kerak.
7. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziya besh yilgacha muddat bilan beriladi. Arizachining asoslangan iltimosiga binoan litsenziyaning amal qilish muddati, belgilangan miqdordagi poshlinani tegishli ravishda to‘lagan holda yana shuncha muddatga uzaytirilishi mumkin. Litsenziya muddatini uzaytirish yozma ravishda tasdiqlanadi.
Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish haqidagi ariza uning amal qilish davri tugashidan kamida ikki oy oldin beriladi.
8. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziya uni bergan tashkilot tomonidan quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
a) agar litsenziya olish uchun topshirilgan hujjatlarda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar mavjudligi aniqlansa;
b) agar xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxs litsenziyada ko‘zda tutilmagan yoki O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida xususiy vrachlik faoliyatida qo‘llanish taqiqlangan faoliyat bilan shug‘ullansa;
v) tibbiy yordamga bo‘lgan huquqlari milliy, irqiy, jinsiy yoki til tamoyillari bo‘yicha fuqarolarning kamsitilishiga doir vrachlarning xatti-harakatlari to‘g‘risida bir necha marta va asoslangan shikoyatlar tushsa;
g) bemorga tez tibbiy yordam ko‘rsatilmasa:
d) noto‘g‘ri davolashni tayinlash yoki noto‘g‘ri tashhis qo‘yish bemorning o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa;
e) vrachlik siri buzilganda yoki unga rioya qilinmaganda;
j) O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan asoslarga binoan bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan organ bu haqda xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazgan joydagi hokimlikka ham yozma ravishda ma’lum qiladi.
Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs litsenziya berilmagani yoki xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyasini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni olgan vaqtdan boshlab o‘ttiz kun muddatda litsenziya bermaslik to‘g‘risidagi qaror hamda xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyasini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror va ko‘rgan zararini undirish bo‘yicha sudga shikoyat bilan murojaat qilishga haqlidir.
9. Erkin raqobatni cheklash maqsadida xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchining obro‘siga putur yetkazishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
10. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi vrachga tegishli tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan ko‘pi bilan uch nafar tibbiyot xodimini (feldsher, hamshira, laborant, texnik-protezist va shu kabilarni) yordamchi ishga yollashiga ruxsat etiladi.
Fuqaro yoki fuqarolar guruhi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda faqat xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etilgandagina uch nafardan ortiq tibbiyot xodimlarini yollashga ruxsat beriladi.
Yordamchi tibbiyot xodimlarini ishga yollash kontrakt asosida amalga oshirilishi kerak.
11. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi vrach O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga majburiy ajratmalar o‘tkazadi, budjetga soliqlar to‘laydi. Vrachning va yordamchi tibbiyot xodimlarining faoliyati mehnat stajiga kiradi va mehnat daftarchasiga yoziladi.
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi xuzurida xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi vrachlarga tashkiliy va uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tibbiy xizmatlar qiymati kalkulatsiyasini, O‘zbekiston Respublikasining budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga majburiy ajratmalar, shuningdek, ish bilan ta’minlash jamg‘armasiga, kasaba uyushmasi tashkilotiga badallar hamda budjet soliqlari miqdorlarini aniqlash bo‘yicha konsalting guruhi tashkil qilinishi mumkin.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 1-martdagi 103-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2001-y., 5-son, 20-modda)
12. Xususiy vrachlik faoliyati sanitariya-gigiyena talabiga javob beradigan, vrachning mulki hisoblangan uyda yoki u ijaraga olgan maxsus tashkil etilgan kabinetlarda, ofislarda amalga oshiriladi. Davlat tibbiyot muassasalarida xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etilmaydi. Xususiy kabinetlarning jihozlari ixtisoslik sohasiga muvofiq keluvchi assortimentda egalari mablag‘iga, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan anjomlar bilan, xarid qilinadi (ularning ro‘yxati mazkur faoliyat uchun litsenziya berish vaqtida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi).
13. Xususiy vrachlik faoliyatini amalga oshirish ustidan nazorat litsenziya bergan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan shu vazifalarni bajarish yuklatilgan soliq, va boshqa davlat organlari tomonidan tashkil qilinadi.
14. Vrach xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanganda xususiy tartibda yoki davolash muassasalarida ishlayotgan boshqa mutaxassislardan maslahatlar olishi, pulli asosda, bemorlar bilan kelishuvga ko‘ra konsiliumlar tashkil etishi, tibbiyot muassasalarida mavjud bo‘lgan barcha diagnostika va davolash vositalaridan xo‘jalik hisobi bo‘yicha foydalanishi mumkin.
15. Vrach xususiy vrachlik faoliyatini amalga oshirishda zarur tibbiy hujjatlarni yuritadi va bemorning salomatligi bo‘yicha yozma xulosa, barcha tibbiyot muassasalarida foydalanish mumkin bo‘lgan tavsiyanomalar berish huquqiga egadir. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi vrachning kasallik varaqalari hamda ish, o‘qish va shu kabilardan ozod qilish bo‘yicha ma’lumotnomalar berishiga ruxsat etilmaydi.
16. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi vrach ko‘rsatgan tibbiy xizmat qiymati kalkulatsiyasi, vrachning malakasini, moddiy-texnikaviy ta’minlanganlik darajasini va tibbiyot xodimlarining zaruriy mehnat sarflarini hisobga olgan holda, 2-ilovaga muvofiq belgilanadi.
17. Xususiy vrachlik faoliyatiga ruxsat etilgan vrachlik ixtisoslari ro‘yxati 3-ilovada berilgan.
18. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi vrach odamlarning salomatligiga yetkazilgan zarar uchun, shuningdek, faoliyatdagi moliyaviy va boshqa turdagi qoidabuzishlar uchun ma’muriy yoki jinoiy tartibda xususiy vrachlik faoliyatini to‘xtatishga qadar javob beradi.
19. O‘z ixtisosi bo‘yicha uch yildan ko‘p vaqt ishlagan vrachga u vrachlar malakasini oshirish institutida yoki boshqa tegishli sog‘liqni saqlash muassasalarida tajriba orttirishdan o‘tgan taqdirda xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi.
20. Vrachlar xususiy vrachlik faoliyatini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat etilgan diagnostika, kasallikning oldini olish va davolash usullarini, dori-darmonlarni qo‘llaydilar.
21. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi vrachlar sog‘liqni saqlash tashkilotlariga, agar buni aholi salomatligini muhofaza qilish manfaatlari talab qilsa, tekshiruv va sud tashkilotlariga esa ularning talablariga binoan fuqarolarning kasalliklari to‘g‘risida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni xabar qilishlari shart. Sog‘liqni saqlash tashkilotlariga aniqlangan venerik, lepra, mikrosporiya, trixofitiya, chesotka, tuberkulez kasalliklari to‘g‘risida axborot berilishi kerak. Ruhiy kasal, aqli zaif yoki holati yaqqol o‘zgarib turadigan bemor aniqlangan taqdirda vrachlar bu haqda bemorning turar joyidagi psixonyevrologik dispanserga xabar qilishga majburdirlar.
22. O‘q va pichoqdan yaralangan, yo‘l-transport jarohati olgan bemorlar murojaat etishganda vrachlar bu shaxslar to‘g‘risida ichki ishlar organlariga xabar qilishlari shart.
23. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi vrachning faoliyati quyidagi hollarda to‘xtatiladi:
a) xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan vrachning o‘z qaroriga binoan;
b) xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyaning amal qilish muddati tugagan va uning muddati belgilangan tartibda uzaytirilmagan taqdirda;
v) litsenziya ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan asoslarda uni bergan organ tomonidan bekor qilingan taqdirda;
g) O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
24. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi vrachlar narkotik va ularga tenglashtirilgan hamda bemorlar tomonidan imtiyozli asosda sotib olinadigan dori-darmonlar va tibbiyot ashyolaridan boshqa dori-darmonlarga retsept yozib berish huquqiga egadirlar.
25. Retseptlarning yuqoridagi chap burchagiga sog‘liqni saqlash muassasasi nomi o‘rniga vrachning familiyasi, ismi, otasining ismi, manzili, telefon raqami yoziladi va vrachning shaxsiy muhri bosiladi. Davolash-kasallikning oldini olish muassasalarining retsept qog‘ozlaridan foydalanish taqiqlanadi.
26. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi vrachlar bemorlarni qabul qilishni tashkil etishda sanitariya-epidemiyaga qarshi qoidalarga amal qilishga, aseptika va antiseptika qoidalariga qat’iy rioya etishga, muolajalar o‘tkazish natijasida amaldagi sanitariya-gigiyena norma va qoidalarining buzilishi natijasida bemorda asoratlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka majburdirlar.
27. Xususiy vrachlik faoliyatida taqiqlangan diagnostika va davolash tadbirlari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
28. Xususiy vrachlik faoliyatini amalga oshirish uchun vrachga u xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan hududdagi sog‘liqni saqlash organlari rahbarining ruxsati bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi xo‘jalik tashkilotlari orqali tibbiy texnika buyumlari, mebellar, anjomlar xarid qilish imkoniyati beriladi.
Yakka tartibdagi vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati) to‘g‘risida Nizomga
1-ILOVA
Yakka tartibdagi vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati)ni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining litsenziya beruvchi maxsus komissiyasiga taqdim etiladigan hujjatlar
RO‘YXATI
1. Ariza
2. Hokimlikning ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorining nusxasi
3. Hududdagi sanitariya-epidemiya stansiyasining binolarning sanitariya-gigiyena talablariga mosligi to‘g‘risidagi xulosasi
4. Hududiy boshqaruv organlarining (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmalari va boshqarmalarining) vrach ishlayotgan joydagi davolash muassasasi tibbiy Kengashining qarori yoki attestatsiya komissiyasining qarori asosidagi iltimosnomasi
5. Vrachlik diplomining nusxasi.
6. Davlat poshlinasi to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov topshiriqnomasining nusxasi yoki bankning boshqa hujjati
Yakka tartibdagi vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati) to‘g‘risida Nizomga
2-ILOVA
Xususiy vrachlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi vrach tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar qiymatining
KAL’KULATSIYASI
1. Ish haqi
2. Ish haqiga ustama
3. Ish yuritish va xo‘jalik ishlari xarajatlari
4. Diagnostika tekshiruvlari va davolash muolajalari o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan bog‘lov materiallari va dori-darmonlarga qilingan xarajatlar
5. Boshqa xarajatlar
Joriy xarajatlar yig‘indisi
6. Bino, inshoot va asosiy vositalarning eskirishi
7. Yumshoq anjomlarning eskirishi Xarajatlar yig‘indisi
Xarajatlar yig‘indisi
8. Rentabellik
9. Soliqlar
Jami xarajatlar
Yakka tartibdagi vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati) to‘g‘risida Nizomga
3-ILOVA
Yakka tartibdagi vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati) bilan shug‘ullanishga ruxsat etilgan vrachlar ixtisosi
Ro‘YXATI
1. Terapevt
2. Kardiolog
3. Gastroenterolog
4. Nyevropatolog
5. Endokrinolog
6. Gematolog
7. Jarroh
8. Bolalar jarrohi
9. Travmotolog-ortoped
10. Urolog
11. Onkolog
12. Stomatolog
13. Akusher-ginekolog
14. Pediatr
15. Oftalmolog
16. Otolaringolog
17. Revmatolog
18. Allergolog
19. Proktolog
20. Seksapatolog
21. Vrach-genetik
22. Psixoterapevt
23. Pulmonolog
24. Dermatovenerolog
25. Fizioterapevt