toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 4-aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023-yil 6-aprelda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi (bundan buyon matnda Davlat chegarasi deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining hududi doirasini (quruqlikni, suvni, yer qaʼrini va samoviy hududni) belgilovchi chiziqdan va bu chiziq boʻylab oʻtuvchi vertikal sathdan iborat.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Davlat chegarasini qoʻriqlash — jangovar-xizmat, tezkor-xizmat harakatlari, nazoratga oid, tezkor-qidiruv va rejimli tadbirlar majmui;
Davlat chegarasini himoya qilish — Oʻzbekiston Respublikasi milliy xavfsizligini taʼminlash tizimining tarkibiy qismi boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi xavfsizligini va hududiy yaxlitligini taʼminlash boʻyicha siyosiy, tashkiliy-huquqiy, diplomatik, iqtisodiy, mudofaaga, chegaraga, tezkor-qidiruvga, bojxonaga, tabiatni muhofaza qilishga oid, sanitariya-epidemiologik, fitosanitariyaga, karantinga oid va boshqa chora-tadbirlar koʻrish yoʻli bilan amalga oshiriladi;
Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punkti (bundan buyon matnda oʻtkazish punkti deb yuritiladi) — Davlat chegarasini kesib oʻtayotgan shaxslarga va transport vositalariga, shuningdek Davlat chegarasi orqali olib oʻtilayotgan tovarlarga nisbatan nazorat tartib-taomillari va ularni Davlat chegarasi orqali oʻtkazish amalga oshiriladigan, xalqaro qatnovlar uchun ochiq boʻlgan chegaraoldi temir yoʻl bekatlari va avtomobil yoʻllarining, daryo portlarining, aeroportlarning (aerodromlarning) maxsus jihozlangan hududi (uning bir qismi);
Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlaridagi davlat nazorati organlari (bundan buyon matnda davlat nazorati organlari deb yuritiladi) — Davlat chegarasini kesib oʻtayotgan shaxslarga va transport vositalariga, shuningdek Davlat chegarasi orqali olib oʻtilayotgan tovarlarga nisbatan nazoratni amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, bojxona organlari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, davlat veterinariya xizmati, oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha davlat xizmati;
delimitatsiya qilish — Oʻzbekiston Respublikasi va chegaradosh davlatlar oʻrtasida tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq Davlat chegarasi chizigʻini aniqlash, uning oʻtishini tavsiflash va uni xaritada grafik tarzda aks ettirish;
demarkatsiya qilish — Oʻzbekiston Respublikasi va chegaradosh davlatlar oʻrtasida tuzilgan delimitatsiya qilish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalariga muvofiq chegara belgilarini oʻrnatish yoʻli bilan joylarda Davlat chegarasi chizigʻini belgilash;
nazorat tartib-taomillari — Davlat chegarasini kesib oʻtayotgan shaxslarga va transport vositalariga, shuningdek Davlat chegarasi orqali olib oʻtilayotgan tovarlarga nisbatan davlat nazorati organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmui;
redemarkatsiya qilish — chegaradosh davlatlar bilan kelishuvga koʻra maxsus tashkil etilgan hukumatlararo komissiyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan holda, joylarda Davlat chegarasi chizigʻini tiklash va uni chegara belgilari bilan belgilash, shuningdek yoʻqotilgan chegara belgilarini tiklash, qoʻshimcha chegara belgilarini oʻrnatish;
talveg — kemalar qatnaydigan daryoda Davlat chegarasini belgilash uchun foydalanilishi mumkin boʻlgan, daryo oʻzani tubining chuqurroq uchastkalarini bogʻlab turuvchi chiziq;
farvater — suv havzasidagi qatnov (navigatsiya) jihatdan xavfsiz boʻlgan kema oʻtish yoʻli;
xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish — Oʻzbekiston Respublikasining chegaraboʻyi suv havzalaridan foydalanish, suv inshootlarini barpo etish, dehqonchilik, chorvachilik, ishlab chiqarish, tadqiqot, izlanish ishlarini amalga oshirish uchun yerdan, oʻsimlik va hayvonot dunyosidan foydalanish, konchilik ishlarini, geologik izlanishlarni hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish;
chegara zonasi — chegara mintaqasiga tutash boʻlgan, chegara rejimi joriy etiladigan chegaraoldi hududi yoki uning bir qismi;
chegara mintaqasi — Davlat chegarasiga bevosita tutash boʻlgan, Davlat chegarasi rejimi joriy etiladigan chegaraoldi hududining bir qismi;
chegara naryadi — Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish vazifasini bajaruvchi bir yoki bir nechta harbiy xizmatchi;
chegaraoldi hududi — Davlat chegarasiga tutash boʻlgan maʼmuriy-hududiy birlik (tuman, shahar) doirasidagi hudud.
5-modda. Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilishning asosiy prinsiplari
Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlash;
davlatlarning suverenitetini, hududiy yaxlitligini, davlat chegaralari daxlsizligi va buzilmasligini oʻzaro hurmat qilish;
chegara masalalarini tinch yoʻl bilan hal etish;
chet davlatlar bilan teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik asosida har tomonlama hamkorlik qilish;
chet davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik;
kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik.
6-modda. Davlat chegarasini belgilash va oʻzgartirish
Davlat chegarasini belgilash va oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat chegarasi delimitatsiya, demarkatsiya va redemarkatsiya qilinadi.
Davlat chegarasini delimitatsiya, demarkatsiya va redemarkatsiya qilish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish Oʻzbekiston Respublikasining va chegaradosh davlatlarning vakillaridan iborat boʻlgan hukumatlararo komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Hukumatlararo komissiyadagi Oʻzbekiston Respublikasi vakillarining tarkibi va ularning faoliyati tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan belgilanadi.
Davlat chegarasi quyidagicha belgilanadi:
quruqlikda — oʻziga xos nuqtalar, relyefning chiziqlari yoki aniq koʻrinib turadigan joylar (oriyentirlar) boʻyicha;
kemalar qatnaydigan daryolarda — daryoning bosh farvateri oʻrtasi yoki talvegi boʻylab;
kemalar qatnamaydigan daryolarda (jilgʻalarda) — ularning oʻrtasi yoki daryo (jilgʻa) asosiy oʻzanining oʻrtasi boʻylab;
chegara daryolarida, koʻllarida va boshqa suv havzalarida — Davlat chegarasi koʻl yoki boshqa suv havzasi qirgʻoqlariga chiqqan joylarni tutashtiruvchi toʻgʻri chiziq boʻyicha. Bunda daryo, jilgʻa, koʻl yoki boshqa suv havzasi orqali oʻtadigan Davlat chegarasi ular qirgʻoqlarining koʻrinishi yoki suv sathi oʻzgarganda ham, daryo, jilgʻa oqimi u yoki bu tomonga burilganda ham oʻzgarmaydi;
suv omborlarida va boshqa sunʼiy suv havzalarida — ular suv bilan toʻldirilguniga qadar Davlat chegarasining mazkur joydan oʻtgan chizigʻiga muvofiq;
chegara daryolari, koʻllari yoki boshqa suv havzalari orqali oʻtuvchi koʻpriklarda, toʻgʻonlar va boshqa inshootlarda — Davlat chegarasi suvning qaysi joyidan oʻtishidan qatʼi nazar, ushbu inshootlarning oʻrtasi yoki ularning texnologik oʻqi boʻylab.
7-modda. Davlat chegarasiga belgi qoʻyish
Davlat chegarasi joylarda aniq koʻrinib turadigan chegara belgilari bilan koʻrsatib qoʻyiladi.
Chegara belgilarining shakllari, oʻlchamlari, tavsiflari, tuzilishlari hamda ularni oʻrnatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-apreldagi 204-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasiga belgi qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Chegaradosh davlatlar oʻrtasida Davlat chegarasi yaxshi koʻrinib turishi uchun joylarda chegaraning butun uzunligi boʻyicha, shuningdek chegara daryolari, koʻllari va boshqa suv havzalari suvni muhofaza qilish zonalarining texnik tavsiflariga muvofiq tashqi chegaralari boʻylab tozalash mintaqasi belgilanadi.
Tozalash mintaqasi besh metrdan kam boʻlmagan kenglikda belgilanib, uning doirasida Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, jihozlash, qoʻriqlash va himoya qilish bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday faoliyat taqiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-apreldagi 204-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasiga belgi qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
2-bob. Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini oʻz vakolatlari doirasida taʼminlaydi;
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni amalga oshiruvchi davlat organlarining faoliyati tartibini belgilaydi;
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi hamda bajarilishini taʼminlaydi;
Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladi;
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishga jalb etiladigan kuchlar va vositalarning moliyaviy hamda moddiy jihatdan taʼminlanishini, ularning maxsus texnika va boshqa moddiy-texnika vositalari bilan jihozlanishini tashkil etadi;
Davlat chegarasini delimitatsiya, demarkatsiya va redemarkatsiya qilish masalalari yuzasidan davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi, shuningdek ular bilan bogʻliq ishlarni tashkil etadi hamda amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq Davlat chegarasida va chegara mintaqasida xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi;
chegara mintaqasi doirasida yer uchastkalarini berish va ulardan foydalanish masalalarini hal etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
9-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari Davlat chegarasini delimitatsiya, demarkatsiya, redemarkatsiya qilish va uning oʻtish chizigʻini aniqlashtirish natijalariga koʻra egalik qilishga, foydalanishga, ijaraga berilgan yoki boshqa asoslarga binoan olingan yer uchastkalarining, Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy-hududiy birliklarining chegaralari oʻzgarishi masalalari yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish uchun shart-sharoitlar yaratadi;
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni taʼminlash uchun yer uchastkalarini beradi;
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni taʼminlashda ishtirok etadi, shuningdek Davlat chegarasini jihozlashga koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishda ixtiyoriy asosda ishtirok etish uchun jalb qilishga koʻmaklashadi;
oʻtkazish punktlariga tutash boʻlgan hududlardagi yoʻlboʻyi infratuzilmasining yaratilishini va tegishli tartibini taʼminlaydi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
10-modda. Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishning yagona tizimi
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organlarining hamkorligini taʼminlash maqsadida Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishning yagona tizimi tashkil etiladi.
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishning yagona tizimiga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati:
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
Davlat chegarasining qoʻriqlanishi va himoya qilinishini taʼminlaydi;
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishning yagona tizimiga kiruvchi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Davlat chegarasi xavfsizligiga tahdidlar toʻgʻrisida axborot taqdim etadi;
razvedka, kontrrazvedka va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiradi;
kontrabandaga qarshi kurashish choralarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasida boshqa davlatlarning tegishli chegara organlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqadi hamda qabul qiladi;
Davlat chegarasini delimitatsiya, demarkatsiya va redemarkatsiya qilishda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasining chegara vakillari faoliyatini tashkil etadi va ularga rahbarlik qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:
Davlat chegarasining samoviy hududda qoʻriqlanishi va himoya qilinishini amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat chegarasini himoya qilishda ishtirok etishini taʼminlaydi;
samoviy hududda yuzaga kelgan chegaraviy mojarolarni oʻz vakolatlari doirasida hal etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlarini va bojxona organlarini harbiy aerodromlar orqali amalga oshirilayotgan xalqaro qatnov aviareyslari haqida oldindan xabardor qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish tadbirlarini moddiy resurslar bilan hamda boshqa jihatdan taʼminlashda koʻmaklashadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi:
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga koʻmaklashadi;
oʻtkazish punktlaridagi rejimni saqlab turishda bojxona organlarining ishtirokini taʼminlaydi;
oʻtkazish punktlarida shaxslarning, transport vositalarining va tovarlarning bojxona nazoratidan oʻtishini hamda rasmiylashtirilishini amalga oshiradi;
bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlariga, shu jumladan kontrabandaga qarshi kurashish choralarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
oʻtkazish punktlarida nizoli vaziyatlarning, ommaviy tartibsizliklar va boshqa gʻayriqonuniy harakatlarning oldini olish boʻyicha tadbirlarda bojxona organlarining ishtirok etishini taʼminlaydi;
oʻtkazish punktlari faoliyatini tashkil etishga doir takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
14-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Davlat chegarasini qoʻriqlashga va himoya qilishga doir tadbirlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga koʻmaklashadi;
chegara zonalarida hamda chegaraoldi hududlarida karantin, sanitariya-epidemiologik va tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini oʻtkazishda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari bilan hamkorlikda Davlat chegarasini buzuvchilarni aniqlash boʻyicha surishtiruv oʻtkazadi;
chegara zonalarida chegara rejimiga rioya etilishi hamda oʻtkazish punktlariga tutash boʻlgan hududda huquq-tartibotga rioya etilishi ustidan nazorat qilishda ichki ishlar organlarining ishtirok etishini taʼminlaydi;
chegara zonalaridagi va chegaraoldi hududlaridagi huquq-tartibotning holati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlarini xabardor qiladi;
chegara qidiruv ishlari va operatsiyalari oʻtkazilayotgan vaqtda, shuningdek qurolli bostirib kirishni, boshqa fitnalarni daf etish yoki Davlat chegarasi orqali qonunga xilof ravishda ommaviy kesib oʻtishga toʻsqinlik qilish chogʻida Davlat chegarasiga yaqin joyning ayrim uchastkalariga yoki obyektlarga fuqarolarning kirishini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining taqdimnomasiga binoan vaqtincha cheklashni yoxud taqiqlashni taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlarini Davlat chegarasini kesib oʻtish uchun haqiqiy boʻlgan harakatlanish hujjatlarining namunalari bilan ularning tavsifini koʻrsatgan holda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining haqiqiy boʻlmagan harakatlanish hujjatlari toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlaydi;
chegara zonalarida va chegaraoldi hududlarida nizoli vaziyatlarning, ommaviy tartibsizliklar hamda boshqa gʻayriqonuniy harakatlarning oldini olish boʻyicha tadbirlarda ichki ishlar organlarining ishtirok etishini taʼminlaydi;
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlardan, surishtiruv, tergov organlaridan va suddan yashirinib yurgan, jinoiy jazoni oʻtashdan boʻyin tovlayotgan, qidiruvdagi shaxslar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlarini xabardor qiladi;
chegara zonalarida va chegaraoldi hududlarida ommaviy tadbirlarni oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bilan hamkorlikda fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash hamda jamoat tartibini saqlash choralarini koʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
15-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
chegara zonalarida va chegaraoldi hududlarida tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni favqulodda vaziyatlar sharoitlarida faoliyatni amalga oshirishga tayyorlash tadbirlarida ishtirok etadi;
chegara zonalarida va chegaraoldi hududlarida tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etadi, yongʻinlar sodir boʻlgan hududlarni aniqlaydi va ularning oʻchirilishini, odamlarni qutqarishni tashkil etadi, favqulodda vaziyatlar sharoitlarida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning harakatlarini muvofiqlashtiradi;
favqulodda vaziyatlar roʻy berishi tahdidi boʻlganda yoki favqulodda vaziyatlar roʻy berganda chegara zonalaridagi va chegaraoldi hududlaridagi aholini, ularning mol-mulkini xavfsiz hududlarga koʻchirish tadbirlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;
insonparvarlik yordami yuklarini Davlat chegarasi orqali olib oʻtish va yetkazib berish tadbirlarida ishtirok etadi;
chegara zonalarida va chegaraoldi hududlarida yashovchi aholining favqulodda vaziyatlar roʻy berishi tahdidi toʻgʻrisida yoki favqulodda vaziyatlar roʻy berganligi haqida xabardor etilishini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
16-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining Davlat chegarasidagi qurolli bostirib kirishlarga, boshqa fitnalar va ommaviy tartibsizliklarga chek qoʻyishga doir tadbirlarida ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda chegara zonalarida va chegaraoldi aholi punktlarida jamoat tartibini taʼminlashda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari bilan birgalikda Davlat chegarasini buzuvchilarning ehtimoliy harakatlanish yoʻnalishlarini toʻsadi, huquqbuzarlarni qidirishni, taʼqib etishni va qoʻlga olishni amalga oshiradi;
fuqarolarning chegara zonalarida va chegaraoldi hududlarida joylashgan turar joylarini, boshqa obyektlarini hamda transport vositalarini, shuningdek yuridik shaxslarning obyektlarini va transport vositalarini belgilangan tartibda koʻzdan kechirish chogʻida xavfsizlikni taʼminlashda ishtirok etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
17-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
Davlat chegarasida va oʻtkazish punktlarida sanitariya-gigiyenaga oid hamda epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshiradi;
oʻtkazish punktlarida tibbiy xizmat koʻrsatilishini tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishda koʻmaklashadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
18-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi:
Davlat chegarasini kesib oʻtayotgan jismoniy hamda yuridik shaxslar tomonidan veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga rioya etilishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga hayvonlarning yuqumli kasalliklarini qoʻzgʻatuvchilarning olib kirilishidan va tarqatilishidan himoya qilish boʻyicha tadbirlarning bajarilishi ustidan davlat veterinariya nazoratini amalga oshiradi;
hayvonlarni, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulotlarni hamda xom-ashyoni, veterinariya dori va texnika vositalarini, mikroorganizmlarning shtammlarini, ozuqalar hamda ozuqabop qoʻshimchalarni, oziq-ovqat mahsulotlarini Davlat chegarasi orqali olib oʻtishda qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan davlat veterinariya nazoratini amalga oshiradi;
Davlat chegarasi orqali kirib kelayotgan avtotransport vositalariga veterinariya-sanitariya jihatidan ishlov berishni, shuningdek Davlat chegarasida va oʻtkazish punktlarida veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq boshqa tadbirlarni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishda koʻmaklashadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
19-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi:
karantin ostidagi mahsulot Davlat chegarasi orqali olib oʻtilayotganda oʻsimliklar karantini qoidalariga hamda fitosanitariya talablariga rioya qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
chet davlatlardan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan karantin ostidagi mahsulotning hamda oʻsimliklar karantini obyektlarini tashuvchilarning karantin tekshiruvini va laboratoriya ekspertizasini oʻtkazadi;
oʻtkazish punktlarida oʻsimliklar karantini qoidalariga va fitosanitariya talablariga rioya etilishi boʻyicha davlat nazorati tadbirlarini amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishda koʻmaklashadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
20-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni tashqi siyosiy hamda xalqaro huquqiy jihatdan taʼminlaydi;
Davlat chegarasini va uning rejimini belgilash, oʻzgartirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazilishini tashkil etadi hamda ularda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasiga kirish hamda Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqiga doir hujjatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlarini chet davlatlarning harakatlanish hujjatlari namunalari bilan ularning tavsifini koʻrsatgan holda taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining chegara vakillari va Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa vazirligi vakillari tomonidan tartibga solinmagan masalalarni hamda chegaraviy mojarolarni hal etish boʻyicha siyosiy-diplomatik choralar koʻradi;
chegaradosh davlatlarni Davlat chegarasi orqali oʻtishni vaqtincha cheklash yoki toʻxtatib turish haqida xabardor qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bilan kelishilgan holda, chegaradosh davlatlarni Oʻzbekiston Respublikasining chegara vakillari tarkibi haqida xabardor qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
21-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
chegaraoldi hududida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishda koʻmaklashadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
22-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi:
chegaraoldi hududida joylashgan suv xoʻjaligi tizimi irrigatsiya va melioratsiya obyektlarining, shuningdek ular gidrotexnika inshootlarining texnik jihatdan soz holatda saqlanishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishda koʻmaklashadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
23-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi:
oʻtkazish punktlarida, chegaraoldi hududlarida va harbiy qismlarning hududlarida telekommunikatsiya tarmoqlarini, shu jumladan mobil aloqa, telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlar tarmoqlarini tashkil etadi hamda ularning ishlashini taʼminlaydi;
telekommunikatsiya tarmoqlarini tashkil etishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga koʻmaklashadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
24-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligining va uning tasarrufidagi tashkilotlarning Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va uning tasarrufidagi tashkilotlar:
Davlat chegarasida, oʻtkazish punktlarida va chegaraoldi hududlarida transport hamda yoʻl-transport infratuzilmasi obyektlarini moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish, taʼmirlash hamda ulardan foydalanish masalalarining kompleks yechimini oʻz vakolatlari doirasida taʼminlaydi;
tranzit transport yoʻlaklarini rivojlantirish, transport logistika tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilishini va chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlaydi;
transport sohasida davlat nazoratini amalga oshiradi, shu jumladan aviatsiya halokatlari va havo kemalari bilan bogʻliq hodisalar, shuningdek temir yoʻl hamda suv transportidagi avariyalar va halokatlar tekshiruvlarini tashkil etadi hamda oʻtkazadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va uning tasarrufidagi tashkilotlar qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
25-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi:
Davlat chegarasini delimitatsiya, demarkatsiya va redemarkatsiya qilish bilan bogʻliq boʻlgan yer tuzish, geodeziya, kartografiya, topografiya, gidrografiya boʻyicha ishlarni va oʻz vakolatlari doirasida boshqa faoliyatni tizimli asosda amalga oshiradi;
Davlat chegarasini delimitatsiya, demarkatsiya va redemarkatsiya qilish masalalari boʻyicha geodeziyaga oid axborotni, Yerni masofadan zondlash materiallarini, yer tuzishga, kartografiyaga, topografiyaga, gidrografiyaga oid materiallarni va boshqa materiallarni tayyorlaydi;
Davlat chegarasi bilan bogʻliq arxiv materiallarini oʻrganadi, delimitatsiya va demarkatsiya boʻyicha topografiya-geodeziya hamda kartografiya ishlarining texnologiyasini ishlab chiqadi, Davlat chegarasi chizigʻining oʻtish joyini tekshiradi va aniqlaydi;
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishga doir tadbirlarni topogeodezik jihatdan taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga muayyan hudud boʻyicha Davlat chegarasining oʻtishi toʻgʻrisidagi axborotni va boshqa maʼlumotlarni taqdim etadi;
kartografiyaga oid materiallarda Davlat chegarasining oʻtishi toʻgʻri aks ettirilishini taʼminlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
egalik qilishga, foydalanishga, ijaraga berilgan yoki boshqa asoslarga binoan olingan yer uchastkalari chegaralarini, Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari chegaralarini Davlat chegarasini delimitatsiya, demarkatsiya, redemarkatsiya qilish va Davlat chegarasining oʻtish chizigʻini aniqlashtirish natijalariga koʻra oʻzgartirish masalalari boʻyicha qarorlar loyihalarini tegishli mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritadi.
(25-modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, yuridik shaxslarning hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishda ishtirok etishi
26-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishda ishtirok etishi
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni amalga oshiruvchi davlat organlariga koʻmaklashadi, ularga zarur axborotni taqdim etadi;
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ixtiyoriy asosda ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
27-modda. Yuridik shaxslarning Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishda ishtirok etishi
Chegaraoldi hududida oʻz faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar:
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni amalga oshiruvchi davlat organlariga koʻmaklashadi, ularga zarur axborotni taqdim etadi;
oʻz xodimlari tomonidan Davlat chegarasi rejimiga, chegara rejimiga va oʻtkazish punktlaridagi rejimga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha tegishli choralar koʻradi.
Yuridik shaxslar qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
28-modda. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishda ishtirok etishi
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishda ixtiyoriy asosda ishtirok etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishda ishtirok etishi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-yanvardagi 35-son “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlariga koʻmaklashuvchi “Chegara posbonlari” otryadlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
4-bob. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlarining va Harbiy havo kuchlarining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi huquq hamda majburiyatlari
29-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasida quyidagi huquqlarga ega:
oʻziga berilayotgan yer uchastkalarida zarur muhandislik-texnika inshootlari va toʻsiqlari qurilishini, aloqa liniyalari va telekommunikatsiya tarmoqlari oʻrnatilishini amalga oshirish, texnikani va qurol-yarogʻni joylashtirish hamda ulardan foydalanish;
joylarning har qanday uchastkalarida chegara naryadlarini joylashtirish hamda harakat qilish, transport vositalarini chegara naryadlari bilan kuzatib borish, transport vositalarini va tovarlarni qonunchilikka muvofiq koʻrikdan oʻtkazish;
razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatini va boshqa faoliyatni amalga oshirish;
Davlat chegarasi orqali oʻtayotgan, chegara zonasiga va chegara mintaqasiga kirayotgan shaxslarning kirish (chiqish) huquqiga doir hujjatlarini tekshirish, qonunchilikda belgilangan tartibda ularga tegishli belgilar qoʻyish yoki ushbu hujjatlarni olib qoʻyish;
qonunchilikka muvofiq oʻz vakolatlari doirasida maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish, tergovga qadar tekshiruvni, shuningdek soʻrov oʻtkazish tadbirlarini amalga oshirish;
oʻtkazish punktlarida chegara nazoratiga taqdim etilgan hujjatlarning haqiqiyligini aniqlash boʻyicha ekspertiza oʻtkazish hamda ekspert xulosalarini berish;
Oʻzbekiston Respublikasiga kirishi taqiqlangan, Davlat chegarasini kesib oʻtish huquqini beruvchi hujjatlarga ega boʻlmagan shaxslarni oʻzi kelgan mamlakatga qaytarib yuboriladigan paytga qadar, shuningdek maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turilgan va jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan shaxslarni maxsus jihozlangan joylarda saqlash;
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlardan, surishtiruv, tergov organlaridan va suddan yashirinib yurgan, jinoiy jazoni oʻtashdan boʻyin tovlayotgan, qidiruvdagi shaxslarni, tegishli davlat organlarini xabardor qilgan holda, ushlab turish;
Davlat chegarasi rejimi, chegara rejimi yoki oʻtkazish punktlaridagi rejim buzilishini sodir etgan shaxslarni maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining boʻlinmalariga shaxslarni taklif etish va ulardan oʻzlariga maʼlum boʻlgan Davlat chegarasini qonunga xilof ravishda kesib oʻtish holatlari yoki Davlat chegarasi rejimining, chegara rejimining yoki oʻtkazish punktlaridagi rejimning boshqa buzilishlari toʻgʻrisida tushuntirishlar olish. Zarur hollarda, huquqbuzarliklar holatlari toʻgʻrisida tushuntirishlar olish boshqa joylarda ham amalga oshirilishi mumkin;
Davlat chegarasi orqali oʻtayotgan yoʻlovchilar toʻgʻrisida korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan axborotni yigʻishni, unga ishlov berishni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasiga kirish yoki Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqiga doir yoxud chegara zonasiga yoki chegara mintaqasiga kirish huquqiga doir haqiqiy hujjatlarga ega boʻlmagan shaxslarni ular tomonidan hujjatlari lozim darajada rasmiylashtirilguniga qadar yoxud hujjatlarini yoʻqotganlik holatlari aniqlashtirilguniga va ularning shaxsi aniqlanguniga qadar Davlat chegarasi orqali, chegara zonasiga va chegara mintaqasiga oʻtkazmaslik;
oʻziga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasiga kirishga yoki Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishga doir vaqtincha cheklov belgilangan shaxslarni Davlat chegarasi orqali oʻtkazmaslik;
oʻtkazish punktlarida transport vositalarining toʻxtash (toʻxtab turish) joylarini va davomiyligini oʻtkazish punktlarida faoliyatni amalga oshiruvchi davlat nazorati organlari va transport tashkilotlari bilan kelishilgan holda belgilash;
chegara qidiruvlari va operatsiyalari oʻtkazilayotganda odamlarning sogʻligʻi va hayotini muhofaza qilish maqsadida chegara zonasining ayrim uchastkalarida shaxslarning hamda transport vositalarining harakatini cheklash yoki taqiqlash, zarur boʻlgan taqdirda odamlarni joyning bunday uchastkalariga kiritmaslik, ulardan oʻsha joyda qolishni yoki mazkur uchastkalarni tark etishni talab qilish;
Davlat chegarasining xavfsizligiga tahdid yuzaga kelganda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini, manfaatdor korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni xabardor qilgan holda, uning ayrim uchastkalarida turli ishlarni amalga oshirishni vaqtincha cheklash (bundan mudofaa ahamiyatiga molik ishlar yoki tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini tugatish bilan bogʻliq ishlar mustasno);
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga bostirib kirishni daf etish, chegara qidiruvlarini oʻtkazish, huquqbuzarliklar sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni taʼqib etish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yetkazish chogʻida, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj shaxslarni tibbiyot muassasalariga yetkazish uchun davlat organlarining, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tartibda foydalanish (bundan chet davlatlarning diplomatik, konsullik hamda boshqa vakolatxonalariga tegishli transport vositalari, shuningdek maxsus transport vositalari mustasno). Majburiy foydalanish natijasida transport vositasiga yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
30-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasida:
fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish boʻyicha choralar koʻrishi;
joylardagi Davlat chegarasi chizigʻining gʻayriqonuniy ravishda oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻymasligi;
Davlat chegarasida qurolli bostirib kirishga va boshqa fitnalarga chek qoʻyishi;
Davlat chegarasining qonunga xilof ravishda kesib oʻtilishiga yoʻl qoʻymasligi, Davlat chegarasini buzuvchilarni aniqlashi va ushlashi;
Davlat chegarasi rejimiga, chegara rejimiga va oʻtkazish punktlaridagi rejimga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi;
shaxslarni, transport vositalarini va tovarlarni Davlat chegarasi orqali oʻtkazishni qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirishi;
Davlat chegarasi orqali kontrabanda ashyolarining, tovarlarning va transport vositalarining qonunga xilof ravishda olib oʻtilishiga qarshi kurashishi, ularni aniqlashi hamda ushlab qolishi, shuningdek bunday harakatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha zarur choralar koʻrishi;
oʻtkazish punktlarida va ularga kirish joylarida shaxslar hamda transport vositalarining toʻplanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha choralar koʻrishi;
oʻtkazish punktlarida tartibsizliklar yuzaga kelishining oldini olishga va ularga chek qoʻyishga, oʻtkazish punktlarida faoliyatni amalga oshiruvchi davlat nazorati organlari xodimlarining xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan oldindan choralar koʻrishi;
qalbaki, belgilangan namunada boʻlmagan, notoʻgʻri rasmiylashtirilgan, oʻzga shaxsga tegishli boʻlgan hujjatlar bilan, vataniga qaytish sertifikati bilan qaytayotgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasiga kirish va Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini beruvchi hujjatlarini yoʻqotgan shaxslarga nisbatan soʻrovni hamda tushuntirish ishlarini amalga oshirishi;
Davlat chegarasining rejimini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga chek qoʻyishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
31-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlarining va Harbiy havo kuchlarining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasida quyidagi huquqlarga ega:
Davlat chegarasini qonunga xilof ravishda kesib oʻtish xavfi yuzaga kelganda yoki Davlat chegarasi qonunga xilof ravishda kesib oʻtilayotganda Oʻzbekiston Respublikasining samoviy hududidagi havo kemalarini va boshqa uchuvchi apparatlarni tanib olish uchun oʻzidagi mavjud vositalardan foydalanish;
vaziyatni aniqlash hamda Davlat chegarasi samoviy hududda qonunga xilof ravishda kesib oʻtilishining oldini olish yoki unga chek qoʻyish choralarini koʻrish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari boshqa qoʻshinlarining, tegishli davlat organlarining kuchlari va vositalarini qonunchilikda belgilangan tartibda jalb etish;
Davlat chegarasini samoviy hududda qonunga xilof ravishda kesib oʻtish xavfi yuzaga kelganda yoki Davlat chegarasi qonunga xilof ravishda kesib oʻtilganda yoxud parvozlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududining alohida hududlarida havo kemalari va boshqa uchuvchi apparatlar parvozlarini cheklash yoki taqiqlash;
Davlat chegarasining samoviy hududda qonunga xilof ravishda kesib oʻtilishi holatlarini aniqlashtirishda ishtirok etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
32-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlarining va Harbiy havo kuchlarining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasida:
havo kemalari va boshqa uchuvchi apparatlar tomonidan Davlat chegarasini kesib oʻtish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi;
Davlat chegarasini qonunga xilof ravishda kesib oʻtgan yoki uning samoviy hududidan foydalanish tartibini buzgan havo kemalarining va boshqa uchuvchi apparatlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi parvozlariga chek qoʻyishi;
samoviy hudud nazoratini tashkil etishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari bilan hamkorlikni taʼminlashi;
yengib boʻlmas kuch (fors-major) holatlari yuzaga kelganda havo kemalariga va boshqa uchuvchi apparatlarga koʻmaklashishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
5-bob. Davlat chegarasi rejimi
33-modda. Davlat chegarasi rejimini belgilash
Davlat chegarasi rejimi:
Davlat chegarasini jihozlash;
Davlat chegarasini shaxslar va transport vositalari tomonidan kesib oʻtish;
Davlat chegarasini chegara daryolari, koʻllari va boshqa suv havzalarida kesib oʻtish;
Davlat chegarasini samoviy hududda kesib oʻtish;
Davlat chegarasini oʻtkazish punktlaridan va havo yoʻlaklaridan tashqarida kesib oʻtish;
Davlat chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtish;
Davlat chegarasi orqali shaxslarni, transport vositalarini va tovarlarni oʻtkazish;
oʻtkazish punktlarida chegara nazoratini amalga oshirish;
shaxslarning, transport vositalarining va tovarlarning Davlat chegarasi orqali oʻtkazilishini vaqtincha cheklash yoki toʻxtatib turish;
Davlat chegarasida va chegara mintaqasida xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish;
chegaraviy mojarolarni hal etish tartibini belgilovchi qoidalar majmuidan iborat.
Davlat chegarasi rejimi Davlat chegarasida va chegara mintaqasida amal qiladi.
Davlat chegarasi rejimi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisidagi qonunchiligi va xalqaro shartnomalari bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 700-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
34-modda. Davlat chegarasini jihozlash
Davlat chegarasini jihozlash chegara belgilarini, tozalash mintaqalarini, chegara mintaqasini bunyod etishdan, ularni saqlash va ularning soz holda boʻlishini taʼminlashdan, ularni nazorat tarzida koʻzdan kechirishdan, shuningdek chegaradosh davlatlar bilan birgalikda Davlat chegarasi chizigʻining oʻtishini tekshirishni amalga oshirishdan iborat.
Davlat chegarasini jihozlash maqsadida chegara daryolari, koʻllari va boshqa suv havzalarining Oʻzbekiston Respublikasiga tegishli bir qismini hamda Oʻzbekiston Respublikasining ushbu suvlarda joylashgan orollarini oʻz ichiga olgan quruqlikdagi uchastkalari boʻylab chegara mintaqasi belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga chegara mintaqasi hududida yer uchastkalari:
joyning fizik-geografik shart-sharoitlaridan kelib chiqqan holda, chegara mintaqasining ichki chegarasidan boshlab muhandislik-texnika inshootlarini, toʻsiqlarini barpo etish, chegara yoʻllari, koʻpriklar va boshqa obyektlar qurish imkonini beradigan kenglikda;
tozalash mintaqasini jihozlash uchun, chegara belgilarini, boshqa muhandislik-texnika inshootlari va toʻsiqlarini oʻrnatish hamda ularni saqlash maqsadida doimiy foydalanishga beriladi.
Chegara mintaqasini belgilash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 700-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
35-modda. Davlat chegarasini shaxslar va transport vositalari tomonidan kesib oʻtish tartibi
Davlat chegarasini kesib oʻtish quyidagicha amalga oshiriladi:
quruqlikda, chegara daryolarida, koʻllarida va boshqa suv havzalarida — xalqaro temir yoʻllarning, avtomobil yoʻllarining, daryo qatnovi va boshqa qatnov yoʻllarining Davlat chegarasini kesib oʻtish uchun belgilangan joylarida;
samoviy hududda — xalqaro trassalarning Davlat chegarasini kesib oʻtish joylarida yoki ushbu maqsadlar uchun ajratilgan havo yoʻlaklarida.
Davlat chegarasini oʻtkazish punktlaridan tashqarida kesib oʻtishga ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq yoʻl qoʻyiladi.
Shaxslar va transport vositalari Davlat chegarasidan to avtomobil yoʻli va temir yoʻl oʻtkazish punktlarigacha yoki qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanayotganda:
belgilangan yoʻnalishni oʻzgartirish;
transport vositalariga shaxslarni chiqarishni, tovarlarni yuklashni hamda transport vositalaridan shaxslarni, tovarlarni tushirishni amalga oshirish;
har qanday uchuvchi apparatlarni va uchuvchisiz uchuvchi apparatlarni havoga koʻtarishni, qoʻndirishni yoki qabul qilishni amalga oshirish taqiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-noyabrdagi 912-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari va tovarlarni oʻtkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
36-modda. Chegara daryolarida, koʻllarida va boshqa suv havzalarida Davlat chegarasini kesib oʻtish tartibi
Davlat chegarasi oʻtadigan, shuningdek bevosita Davlat chegarasi chizigʻiga tutash boʻlgan hamda chegara mintaqasida joylashgan suv obyektlari chegara daryolari, koʻllari va boshqa suv havzalari hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining va chet davlatlarning kemalari hamda harbiy kemalari chegara daryolari, koʻllari va boshqa suv havzalarida Davlat chegarasini Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq kesib oʻtadi.
Chegara daryolari, koʻllari va boshqa suv havzalarida Oʻzbekiston Respublikasining hamda chet davlatlarning ichki suvlariga va portlariga kirmasdan Davlat chegarasini kesib oʻtuvchi kemalar qatnovi xalqaro shartnomalar asosida tartibga solinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining va chet davlatlarning kemalari hamda harbiy kemalari Davlat chegarasini kesib oʻtish chogʻida va ichki suvlarda Oʻzbekiston Respublikasi portlariga kirgan yoki kirmagan holda harakatlanayotganda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi portlaridan Davlat chegarasi tomon harakatlanayotganda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining talabiga koʻra:
agar mansublik (davlat yoki harbiy dengiz) bayrogʻi koʻtarilmagan boʻlsa, oʻz mansublik bayrogʻini koʻtarishi;
agar kemaning harakat yoʻnalishi suzish uchun taqiqlangan yoki vaqtincha xavfli boʻlgan hududga, shuningdek sunʼiy orol, qurilma yoki inshoot atrofida belgilangan xavfsizlik hududiga olib borsa yoxud suzish tartibining boshqacha tarzda buzilishiga olib kelsa, kemaning harakat yoʻnalishini (kursini) oʻzgartirishi;
kemaning ichki suvlarga kirish maqsadi, harakatlanish sxemasidan (chizigʻidan) chetga chiqishi sabablari toʻgʻrisida xabardor qilishi;
toʻxtashi va koʻzdan kechiruvchi guruhni kema bortiga tekshirish uchun qabul qilishi, kemaga va navigatsiyaga oid hujjatlarni, ekipaj aʼzolari va yoʻlovchilarning, yuklar va tovarlarning hujjatlarini taqdim etishi;
harakat yoʻnalishini (kursini) oʻzgartirishi va Oʻzbekiston Respublikasi portiga yoki koʻrsatilgan boshqa punktga borishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasining va chet davlatlarning kemalari hamda harbiy kemalariga quyidagilar taqiqlanadi:
suzish uchun taqiqlangan yoki vaqtincha xavfli boʻlgan hududga, shuningdek sunʼiy orol atrofida belgilangan xavfsizlik hududiga kirish yoki mazkur yoʻnalishning harakatlanish sxemasini (chizigʻini) oʻzgartirish, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari tomonidan oldindan ogohlantirilgan boʻlsa;
chegara nazorati amalga oshirilganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining ruxsatisiz yoki bunday ruxsatnoma shartlarini buzgan holda toʻxtash, odamlarni tushirish (chiqarish), tovarlarni yuklash (tushirish), suzuvchi vositalarni bortga qabul qilish yoki suvga tushirish, uchuvchi apparatlarni havoga koʻtarish, bortga qoʻndirish (qabul qilish), shuningdek ovchilik, tadqiqot, izlanish faoliyatini yoxud boshqa faoliyatni amalga oshirish, bundan odamlarni va kemalarni qutqarish zarurati yoki boshqa favqulodda vaziyatlar roʻy berishi bilan bogʻliq hollar mustasno.
Chet davlatlar kemalarining hamda harbiy kemalarining Oʻzbekiston Respublikasining ichki suvlariga va portlariga kirishi, shuningdek ularda boʻlishi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-sentabrdagi 462-son “Oʻzbekiston Respublikasi kemachiligi sohasida xavfsizlikni taʼminlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
37-modda. Davlat chegarasini samoviy hududda kesib oʻtish tartibi
Davlat chegarasini kesib oʻtish joyidan oʻtkazish punkti tomonga borayotgan va ortga qaytayotgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining samoviy hududi orqali tranzit tarzida uchib oʻtayotgan havo kemalari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tasarrufidagi tegishli tashkilotning quyidagi talablarini bajarishi shart:
agar yoʻnalish taqiqlangan yoki parvozlar uchun vaqtincha xavfli boʻlgan hududga olib borsa, yoʻnalishni oʻzgartirishi;
Oʻzbekiston Respublikasining samoviy hududiga kirish maqsadi yoki uchish rejasidan chetga chiqish sabablari toʻgʻrisida xabardor qilishi;
qoʻnishni belgilangan joyda amalga oshirishi.
Havo kemalariga Davlat chegarasidan to oʻtkazish punktigacha borish yoki ortga qaytish chogʻida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining samoviy hududi orqali tranzit tarzida uchib oʻtish chogʻida quyidagilar taqiqlanadi:
xalqaro parvozlar uchun ochiq boʻlmagan aeroportlarga yoki aerodromlarga qoʻnish, shuningdek ulardan uchish;
uchish rejasida koʻrsatilmagan aeroportlarga yoki aerodromlarga qoʻnish, shuningdek ulardan uchish;
aeroportlardan va aerodromlardan tashqariga qoʻnish;
belgilangan (tavsiya etilgan) havo trassalaridan va harakat yoʻnalishlaridan chetga chiqish;
aeronavigatsiyaga oid axborot hujjatlarida eʼlon qilingan taqiqlangan zonalarning va parvozlar cheklangan zonalarning hududlari ustidan uchib oʻtish.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablar tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yoki odamlarning hayotiga, sogʻligʻiga va xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa vaziyatlar roʻy bergan yoki roʻy berish xavfi yuzaga kelgan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Insonparvarlik reyslarini, shuningdek davlat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq xalqaro parvozlarni bajarish chogʻida havo kemalari xalqaro parvozlar uchun ochiq boʻlmagan aeroportlarga yoki aerodromlarga istisno tariqasida qoʻnishi mumkin. Mazkur parvozlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa davlat organlari bilan kelishilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tasarrufidagi tegishli tashkilot tomonidan berilgan maxsus ruxsatnoma mavjud boʻlgan taqdirda bajariladi.
Oʻzbekiston Respublikasining asosiy va eksklav hududlari oraligʻida havo kemalarining parvozlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda chegara nazorati va davlat nazoratining boshqa turlaridan oʻtkazilmagan holda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-noyabrdagi 912-son “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
38-modda. Oʻtkazish punktlaridan va havo yoʻlaklaridan tashqarida Davlat chegarasini kesib oʻtish tartibi
Oʻtkazish punktlaridan tashqarida Davlat chegarasini kesib oʻtish Oʻzbekiston Respublikasining chegaradosh davlatlar bilan kelishuvlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Oʻtkazish punktlaridan va havo yoʻlaklaridan tashqarida Davlat chegarasini kesib oʻtishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:
favqulodda holat joriy etilganda, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar roʻy berganda yoki odamlarning hayotiga, sogʻligʻiga hamda xavfsizligiga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining yoki chet davlatlarning havo kemalari, kemalari va harbiy kemalari xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa hollarda;
Oʻzbekiston Respublikasining yoki chet davlatlarning shikastlangan daryo kemalari, chet davlatlarning harbiy kemalari shatakka olinganda;
qutqarilgan odamlarni tashishda;
Oʻzbekiston Respublikasi yoki chet davlatlar kemalarining ekipaji aʼzolariga birlamchi shoshilinch yordam koʻrsatishda.
Alohida hollarda, xoʻjalik faoliyatini amalga oshirishda (chorva mollarini haydab oʻtishda va boshqa hollarda), shuningdek suv, transport, sanoat va qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan chegaralararo obyektlarga, telekommunikatsiyalar tarmoqlari va elektr uzatish liniyalariga xizmat koʻrsatishda, ularni taʼmirlashda, ulardan foydalanishda Davlat chegarasini kesib oʻtish mazkur masala Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli davlat organlari tomonidan chegaradosh davlatning vakolatli organlari bilan kelishilganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining ruxsati bilan oʻtkazish punktlaridan tashqarida ham amalga oshirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish boʻyicha majburiyatlarini bajarish chogʻida chegaradosh davlatning vakolatli organlari bilan kelishuvga koʻra, Davlat chegarasini oʻtkazish punktlaridan tashqarida kesib oʻtish huquqi beriladi.
39-modda. Tovarlarni Davlat chegarasi orqali olib oʻtish
Tovarlarni Davlat chegarasi orqali olib oʻtish Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida hamda xalqaro shartnomalarida belgilangan joylarda va tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 700-son “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
40-modda. Shaxslarni, transport vositalarini va tovarlarni Davlat chegarasi orqali oʻtkazish
Shaxslarni, transport vositalarini va tovarlarni Davlat chegarasi orqali oʻtkazish belgilangan oʻtkazish punktlarida amalga oshiriladi.
Davlat chegarasi orqali oʻtkazish shaxslarning va transport vositalarining Davlat chegarasini kesib oʻtishiga, Oʻzbekiston Respublikasiga tovarlarni olib kirishni yoki Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqishni amalga oshirishga ruxsat berishdan iboratdir.
Davlat chegarasi orqali oʻtkazish uchun quyidagilar asos boʻladi:
jismoniy shaxslar uchun — Oʻzbekiston Respublikasiga kirish yoki Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqiga doir haqiqiy hujjatlarning mavjudligi;
transport vositalari va tovarlar uchun — transport vositalariga va tovarlarga doir qonunchilikda nazarda tutilgan hujjatlarning mavjudligi.
Oʻtkazish punktida nazorat tartib-taomillari tugallanganidan keyin hamda shaxs, transport vositasi oʻtkazish punktidan tashqariga chiqib ketganda va tovarlar olib chiqilganda Davlat chegarasi orqali oʻtkazish yakunlangan deb hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasiga kirishiga qonunchilikka muvofiq ruxsat etilmagan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqi vaqtincha cheklangan shaxslar Davlat chegarasi orqali oʻtkazilmaydi.
Oʻtkazish punktlarining roʻyxati, joylashishi, ularni qurish (rekonstruksiya qilish), ochish (yopish) tartibi, ularda davlat nazoratini tashkil etish, shuningdek oʻtkazish punktlarida shaxslarni, transport vositalarini va tovarlarni Davlat chegarasi orqali oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 28-martdagi 89-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari toʻgʻrisidagi nizom.
41-modda. Oʻtkazish punktlarida chegara nazoratini amalga oshirish
Chegara nazorati oʻtkazish punktlarida shaxslarga, transport vositalariga va tovarlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari tomonidan amalga oshiriladigan davlat nazoratining bir turi boʻlib, u quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
shaxslarning hujjatlarini tekshirishni, shu jumladan shaxsga doir biometrik maʼlumotlarga ishlov berish orqali tekshirishni;
shaxslarning ogʻzaki soʻrovini;
Oʻzbekiston Respublikasiga kirishiga qonunchilikka muvofiq ruxsat etilmagan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqi vaqtincha cheklangan shaxslarning Davlat chegarasi orqali oʻtkazilishining oldini olishni;
bojxona organlari bilan hamkorlikda transport vositalarini va tovarlarni qonunchilikda belgilangan tartibda koʻzdan kechirishni va koʻrikdan oʻtkazishni;
transport vositalarini va tovarlarni kuzatib turishni, shuningdek oʻtkazish punktidan Davlat chegarasigacha kuzatib borishni va undan ortga qaytishda kuzatib kelishni;
davlat nazorati organlarining oʻtkazish punktlarida tegishli nazorat tartib-taomillari amalga oshirganligi toʻgʻrisidagi qaydlari mavjudligini tekshirishni;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida va xalqaro shartnomalarida belgilangan boshqa nazorat tartib-taomillarini.
Oʻtkazish punktining faoliyat koʻrsatishi xavfsizligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining va boshqa vakolatli davlat organlarining harbiy xizmatchilari (xodimlari) tomonidan shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish tartib-taomili amalga oshirilishi mumkin.
42-modda. Shaxslarning, transport vositalarining va tovarlarning Davlat chegarasi orqali oʻtkazilishini vaqtincha cheklash yoki toʻxtatib turish
Ayrim oʻtkazish punktlarida Davlat chegarasi orqali shaxslarning, transport vositalarining hamda tovarlarning oʻtkazilishi quyidagi asoslarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vaqtincha cheklanishi yoki toʻxtatib turilishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasining milliy xavfsizligini taʼminlash maqsadida;
vakolatli davlat organining Oʻzbekiston Respublikasi yoki chet davlatlar hududida odamlar, hayvonlar va oʻsimliklarning karantinli hamda boshqa xavfli yuqumli kasalliklari yuzaga kelishi va tarqalishi toʻgʻrisidagi axborotiga asosan;
tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar roʻy berganda;
chegaradosh davlat vakolatli organlarining murojaatlariga asosan;
oʻtkazish punkti hududida qurilish-texnik ishlar olib borilayotganda.
Davlat chegarasi orqali oʻtkazish vaqtincha cheklanganligi yoki toʻxtatib turilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan paytdan eʼtiboran 48 soat ichida tegishli davlatlarga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xabarnoma yuboriladi.
Davlat chegarasi orqali oʻtkazish vaqtincha cheklanishi yoki toʻxtatib turilishi yuzasidan choralar joriy etilishidan 24 soat oldin Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari tomonidan chegaradosh davlatlarning chegara organlari xabardor qilinadi.
43-modda. Davlat chegarasida va chegara mintaqasida xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish
Davlat chegarasida xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasining va chegaradosh davlatlarning milliy xavfsizligiga zarar yetkazmasligi yoki zarar yetkazish xavfini yuzaga keltirmasligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari tomonidan Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish boʻyicha vazifalarni bajarishda toʻsqinliklarni vujudga keltirmasligi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari tomonidan chegara mintaqasida quyidagilarga nisbatan qoʻshimcha rejim cheklovlari va taqiqlari joriy etilishi mumkin:
chegara mintaqasiga begona shaxslarning kirishiga;
xoʻjalik faoliyati hamda boshqa faoliyat amalga oshiriladigan hududlarga kirishga;
suzish vositalarining chegara daryolariga, koʻllariga va boshqa suv havzalariga kirishiga.
Chegara daryolarida, koʻllarida va Oʻzbekiston Respublikasining ichki suvlaridagi boshqa suv havzalarida harakatlanuvchi kichik hajmli kemalar pristanlarda, prichallarda, boshqa toʻxtash punktlarida majburiy ravishda hisobga olinadi hamda saqlanadi. Ushbu kemalarning toʻxtash punktlaridan chiqishi va ushbu punktlarga qaytishi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari tomonidan belgilanadi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Davlat chegarasida va chegara mintaqasida xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 700-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
44-modda. Chegaraviy mojarolarni hal etish
Davlat chegarasidagi Davlat chegarasi rejimining Oʻzbekiston Respublikasining yoki chegaradosh davlatlarning manfaatlariga daxldor tarzda buzilishi bilan bogʻliq boʻlgan hodisa chegaraviy mojarodir.
Chegaraviy mojarolarni hal etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq belgilanadi.
45-modda. Oʻzbekiston Respublikasining chegara boʻyicha vakillari
Davlat chegarasi rejimiga rioya etilishiga doir masalalarni hal qilish va chegaraviy mojarolarni bartaraf etish uchun Oʻzbekiston Respublikasining chegara boʻyicha vakillari tayinlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi chegara boʻyicha vakillarining vakolatlari va faoliyatni amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi va chet davlatlar harbiy havo kemalarining, boshqa harbiy obyektlarining yoki harbiy xizmatchilarining harakatlari bilan bogʻliq boʻlgan chegaraviy mojarolarni hal etish Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, shuningdek tegishli davlat organlari vakillarining ishtirokida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining chegara boʻyicha vakillari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining vakillari tomonidan hal etilmagan masalalar va chegaraviy mojarolar diplomatik tartibda hal qilinadi.
46-modda. Davlat chegarasi rejimining buzilishi
Quyidagi qoidalarni buzish Davlat chegarasi rejimining buzilishidir:
Davlat chegarasini shaxslar va transport vositalari tomonidan kesib oʻtish;
Davlat chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtish;
Davlat chegarasida va chegara mintaqasida boʻlish, xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish.
47-modda. Davlat chegarasini buzuvchilar
Davlat chegarasini buzuvchilar quyidagilardan iborat:
oʻtkazish punktlaridan tashqarida Davlat chegarasini kesib oʻtgan yoki kesib oʻtishga urinayotgan yoxud oʻtkazish punktlarida Davlat chegarasini kesib oʻtish tartibini buzgan holda, Davlat chegarasini kesib oʻtgan yoki kesib oʻtishga urinayotgan shaxslar;
ichki suvlarga, shuningdek chegara daryolariga, koʻllariga va boshqa suv havzalariga Davlat chegarasini kesib oʻtishning belgilangan tartibini buzgan holda kirgan chet el kemalari va harbiy kemalari;
Davlat chegarasini samoviy hududda kesib oʻtish tartibini buzgan holda Davlat chegarasini kesib oʻtgan havo kemalari va boshqa uchuvchi apparatlar.
Davlat chegarasini oʻtkazish punktlaridan tashqarida har qanday texnik yoki boshqa vositalar bilan kesib oʻtish ham Davlat chegarasini buzishdir.
6-bob. Chegara rejimi
48-modda. Chegara rejimini belgilash
Chegara zonasiga kirish (undan chiqish), undan oʻtish, u yerda boʻlish (yashash), harakatlanish, xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish tartibi va qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi hududida chegara rejimi toʻgʻrisidagi nizomda belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida chegara rejimi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Chegara zonasida chegara rejimiga rioya etilishi ustidan nazorat qilish ichki ishlar organlarining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining zimmasiga oʻz vakolatlari doirasida yuklatiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 700-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
49-modda. Chegara zonasini belgilash
Chegara zonasi Davlat chegarasiga tutash boʻlgan tuman, shahar, shaharcha, qishloq va ovul hududi doirasida chegara rejimini taʼminlash uchun belgilanadi.
Chegara zonasini belgilash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 700-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
50-modda. Shaxslarning chegara zonasiga kirishi (undan chiqishi), undan oʻtishi, u yerda boʻlishi (yashashi), harakatlanishi, xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirishi
Chegara zonasiga kirish (undan chiqish), undan oʻtish, u yerda boʻlish (yashash) va harakatlanish:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan — shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan chegara zonasiga kirish uchun beriladigan ruxsatnomalarga asosan;
chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar xalqaro qatnov yoʻllari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish maqsadida oʻtkazish punkti tomonga harakatlanayotganda — shaxsni tasdiqlovchi hamda Davlat chegarasini kesib oʻtish huquqini beruvchi hujjatlarga asosan amalga oshiriladi. Mazkur toifadagi shaxslar tomonidan harakatlanish yoʻnalishini oʻzgartirish taqiqlanadi.
Chegara zonasida xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish chogʻida quyidagilar taqiqlanadi:
Oʻzbekiston Respublikasining milliy xavfsizligiga zarar yetkazish;
chegara rejimi buzilishiga sabab boʻladigan holatlarni yuzaga keltirish;
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining oʻz vazifalarini bajarishiga monelik qilish.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan chegara zonasida xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 700-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
51-modda. Davlat chegarasidagi profilaktik mintaqa
Oʻzbekiston Respublikasi hududini hayvonlarning yuqumli kasalliklari kirib kelishi va tarqalishidan muhofaza qilish maqsadida Davlat chegarasi boʻylab zarur veterinariya xavfsizligini taʼminlovchi profilaktik mintaqa belgilanadi, u yerda hayvonlarni boqish va saqlash taqiqlanadi.
Profilaktik mintaqaning kengligi, uni toʻsib qoʻyish tartibi va uning rejimi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 700-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
52-modda. Chegara rejimining buzilishi
Chegara zonasiga kirish (undan chiqish), undan oʻtish, u yerda boʻlish (yashash) va harakatlanish, xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish tartibiga shaxslar tomonidan rioya etilmasligi chegara rejimining buzilishidir.
7-bob. Oʻtkazish punktlaridagi rejim
53-modda. Oʻtkazish punktlaridagi rejimni belgilash
Oʻtkazish punktlaridagi rejim nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish, shaxslarning va transport vositalarining oʻtkazish punktlariga kelishi, u yerda boʻlishi hamda u yerdan chiqishi, tovarlarning olib kirilishi, turishi va olib chiqilishi, oʻtkazish punktlari hududida xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilovchi qoidalar majmuini oʻz ichiga oladi.
Oʻtkazish punktlaridagi rejim Oʻzbekiston Respublikasining Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan barcha davlat nazorati organlari xizmat faoliyatining zarur shart-sharoitlarini saqlab turish maqsadida belgilanadi.
Oʻtkazish punktlaridagi rejim quyidagilarga yoʻl qoʻymasligi kerak:
shaxslarning va transport vositalarining Davlat chegarasini qonunga xilof ravishda kesib oʻtishiga;
tovarlarning Davlat chegarasi orqali qonunga xilof ravishda olib oʻtilishiga;
begona shaxslarning oʻtkazish punktlaridagi kirish cheklangan joylarga, xonalarga (obyektlarga) va transport vositalariga kirishiga.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati oʻtkazish punktlarida faoliyatni amalga oshiruvchi davlat nazorati organlari va tashkilotlar bilan kelishilgan holda:
shaxslarning va transport vositalarining harakatlanish, tovarlarning olib oʻtilishi sxemasini, shuningdek transport vositalari uchun harakatlanish tartibini hamda toʻxtash joylarini belgilaydi;
nazorat tartib-taomillari amalga oshiriladigan xonalarga va boshqa joylarga, shuningdek transport vositalariga kirish tartibini belgilaydi;
oʻtkazish punktlarida rejimga rioya etilishiga doir choralarni ishlab chiqadi va nazoratni taʼminlaydi.
Oʻtkazish punkti hududiga qurolni, portlovchi moddalarni, portlatish qurilmalarini, zaharli va radioaktiv moddalarni, shuningdek odamlarning hayotiga yoki sogʻligʻiga xavf tugʻdiruvchi boshqa moddalarni hamda buyumlarni olib kirish (undan olib chiqish) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining ruxsati bilan amalga oshiriladi, bundan mazkur tovarlarning Davlat chegarasi orqali olib oʻtilishi hollari mustasno.
Transport vositalarining oʻtkazish punktlari hududidan chiqib ketishi (toʻxtash joyini oʻzgartirishi) tegishli davlat nazorati organlari bilan kelishilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Oʻtkazish punktidan chiqish yoki oʻtkazish punktiga kirish chogʻida yoʻlovchilarni transport vositalariga chiqarish (ulardan tushirish) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Davlat chegarasi orqali olib oʻtilayotgan tovarlarni oʻtkazish punktlarida yuklash (tushirish) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlarini xabardor qilgan holda, bojxona organlarining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
54-modda. Oʻtkazish punktidagi qoʻshimcha rejim qoidalari
Oʻtkazish punktida bevosita nazorat tartib-taomillari amalga oshiriladigan hududlar, xonalar belgilanadi va qonunchilikda nazarda tutilgan qoʻshimcha rejim qoidalari joriy etiladi.
55-modda. Shaxslarning va transport vositalarining oʻtkazish punktlariga kirishi hamda oʻtkazish punktlaridan chiqishi, tovarlarni oʻtkazish punktlariga olib kirish va oʻtkazish punktlaridan olib chiqish tartibi
Shaxslarning va transport vositalarining oʻtkazish punktlariga kirishi hamda oʻtkazish punktlaridan chiqishi, tovarlarni oʻtkazish punktlariga olib kirish va oʻtkazish punktlaridan olib chiqish shaxslarda Oʻzbekiston Respublikasiga kirish yoki Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqiga doir hujjatlar, transport vositalariga va tovarlarga nisbatan esa qonunchilikda nazarda tutilgan hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda belgilangan joylarda amalga oshiriladi.
Oʻtkazish punktlarida faoliyatni amalga oshiruvchi davlat nazorati organlarining vakillarini, boshqa organlar va tashkilotlarning xodimlarini hamda ularning transport vositalarini oʻtkazish punktlari hududiga kiritish:
temir yoʻl, avtomobil va daryo oʻtkazish punktlarida — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari tomonidan beriladigan;
aviatsiya oʻtkazish punktlarida — Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tasarrufidagi tegishli tashkilot tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bilan kelishilgan holda beriladigan ruxsatnomalar boʻyicha amalga oshiriladi.
Oʻtkazish punktlarida faoliyatni amalga oshiruvchi davlat nazorati organlari, boshqa organlar hamda tashkilotlar harbiy xizmatchilari va xodimlarining oʻtkazish punktlariga kirishi hamda oʻtkazish punktlaridan chiqishi ustuvor tartibda amalga oshiriladi.
56-modda. Yoʻlovchilarni xalqaro tashishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarning huquq va majburiyatlari
Yoʻlovchilarni xalqaro tashishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar:
Davlat chegarasini kesib oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi axborotni olish;
shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq yoʻlovchilarning shaxsga doir maʼlumotlarini ularning yozma roziligisiz toʻplash, ularga ishlov berish, ularni saqlash va ulardan foydalanish huquqiga ega.
Yoʻlovchilarni xalqaro tashishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Yoʻlovchilarni xalqaro tashishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga va bojxona organlariga xalqaro qatnov yoʻllarida harakatlanuvchi yoʻlovchilar hamda ularning bagaji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oldindan taqdim etishi;
oʻziga tegishli boʻlgan (oʻzi foydalanadigan) transport vositalariga shaxslarning qonunga xilof ravishda chiqishining (ulardan tushishining) va ulardan Davlat chegarasini qonunga xilof ravishda kesib oʻtish uchun foydalanishining oldini olish boʻyicha choralar koʻrishi shart.
Yoʻlovchilarni xalqaro tashishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
57-modda. Oʻtkazish punktlarida Davlat chegarasini kesib oʻtayotgan shaxslarning huquq va majburiyatlari
Oʻtkazish punktlarida Davlat chegarasini kesib oʻtayotgan shaxslar oʻtkazish punktidagi rejim, nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish ketma-ketligi va tartibi toʻgʻrisidagi axborotni, shuningdek oʻtkazish punktining faoliyat koʻrsatishi bilan bogʻliq boshqa axborotni olish huquqiga ega, bundan foydalanilishi qonun bilan cheklangan axborot mustasno.
Oʻtkazish punktlarida Davlat chegarasini kesib oʻtayotgan shaxslar davlat nazorati organlari xodimlarining talabiga koʻra:
Oʻzbekiston Respublikasiga kirish yoki Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqiga doir hujjatlarni taqdim etishi;
Davlat chegarasi orqali olib oʻtilayotgan tovarlar toʻgʻrisida xabardor qilishi;
transport vositalarini va tovarlarni koʻrikdan oʻtkazish yoki koʻzdan kechirish uchun taqdim etishi shart, bundan Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida va xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Oʻtkazish punktlarida Davlat chegarasini kesib oʻtayotgan shaxslarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Oʻtkazish punktlarida Davlat chegarasini kesib oʻtayotgan shaxslarga oʻtkazish punktlari hududida quyidagilar taqiqlanadi:
nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish jarayonini foto- va video- qayd etish vositalari orqali tasvirga olish;
nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish jarayoniga toʻsqinlik qiluvchi mobil aloqa vositalari orqali soʻzlashuvlar olib borish;
tekshirish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar ichida boshqa narsalarni qoldirish;
davlat nazorati organlari xodimlarini nazorat tartib-taomillarini amalga oshirishning belgilangan tartibini buzishga undashga (moyil qilishga) qaratilgan harakatlarni sodir etish;
nazorat tartib-taomillarini amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi boshqa harakatlarni amalga oshirish.
58-modda. Oʻtkazish punktlarida xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish
Xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi shaxslarga oʻtkazish punktlariga kirish (ulardan chiqish) uchun ruxsatnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tasarrufidagi tegishli tashkilot tomonidan beriladi.
Oʻtkazish punktlarida xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish chogʻida quyidagilar taqiqlanadi:
Oʻzbekiston Respublikasining milliy xavfsizligiga zarar yetkazish;
odamlarning hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazish;
tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzish;
chegaradosh davlatlarga zarar yetkazish yoki shunday zarar yetkazilishi xavfini yuzaga keltirish;
davlat nazorati organlariga nazorat tartib-taomillarini amalga oshirishda toʻsqinlik qilish.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oʻtkazish punktlarida xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 700-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
59-modda. Oʻtkazish punktlaridagi rejimni buzish
Shaxslarning va transport vositalarining oʻtkazish punktlarida boʻlish hamda harakatlanish tartibiga rioya etmaganligi, oʻtkazish punktlaridagi kirish cheklangan joylarga va transport vositalariga shaxslarning gʻayriqonuniy ravishda kirishi oʻtkazish punktlaridagi rejimni buzish deb hisoblanadi.
8-bob. Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish sohasida jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni (xizmat hayvonlarini), qurol-yarogʻ va harbiy texnikani qoʻllash
60-modda. Jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni, qurol-yarogʻ va harbiy texnikani qoʻllash shartlari
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Mudofaa vazirligining, Ichki ishlar vazirligining, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining hamda Milliy gvardiyasining harbiy xizmatchilari (xodimlari) (bundan buyon matnda harbiy xizmatchilar (xodimlar) deb yuritiladi) Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni amalga oshirish chogʻida faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda hamda tartibda jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni, qurol-yarogʻ va harbiy texnikani qoʻllash huquqiga ega.
Jismoniy kuch ishlatilishidan, maxsus vositalar, qurol-yarogʻ va harbiy texnika qoʻllanilishidan avval ularni qoʻllash niyati toʻgʻrisida aniq ifodalangan ogohlantirish boʻlishi kerak, bundan shunday ogohlantirishning imkoni boʻlmagan yoki ularning qoʻllanilishini kechiktirish odamlarning hayoti hamda sogʻligʻi uchun bevosita xavf soladigan va boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan hollar mustasno.
Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar, qurol-yarogʻ va harbiy texnika qoʻllanilishi yuzaga kelgan vaziyatga, shaxslar xatti-harakatlarining xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq boʻlishi kerak. Bunda harbiy xizmatchilar (xodimlar) har qanday zararning imkon qadar kam boʻlishiga intilishi shart.
Jismoniy kuch ishlatish maxsus vositalarni, qurol-yarogʻ va harbiy texnikani qoʻllash chogʻida harbiy xizmatchi (xodim) atrofdagi shaxslarning xavfsizligini taʼminlash yuzasidan barcha choralarni koʻrishi shart.
Jismoniy kuch ishlatilganligi, maxsus vositalar, qurol-yarogʻ va harbiy texnika qoʻllanilganligi natijasida tan jarohati olgan shaxslarga birinchi yordam koʻrsatilishi kerak.
Harbiy xizmatchilar (xodimlar) jismoniy kuch ishlatilgan, maxsus vositalar, qurol-yarogʻ va harbiy texnika qoʻllanilgan har bir holat toʻgʻrisida bevosita boshligʻiga darhol axborot berishi shart.
Jismoniy kuch ishlatilganligi va maxsus vositalar qoʻllanilganligi natijasida jismoniy yoxud yuridik shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga yoki mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat haqida, shuningdek qurol-yarogʻ va harbiy texnika qoʻllanilgan barcha hollar toʻgʻrisida tegishli prokurorga darhol xabar beriladi.
Qonunga xilof ravishda jismoniy kuch ishlatgan, maxsus vositalarni, qurol-yarogʻ va harbiy texnikani qoʻllagan harbiy xizmatchilar (xodimlar) qonunga muvofiq javobgar boʻladi.
Agar jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalarning, qurol-yarogʻ va harbiy texnikaning qoʻllanilishi qonunda belgilangan asoslarga koʻra hamda tartibda amalga oshirilgan boʻlsa, harbiy xizmatchi (xodim) jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni, qurol-yarogʻ va harbiy texnikani qoʻllash chogʻida jismoniy hamda yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻlmaydi.
61-modda. Jismoniy kuch ishlatish
Harbiy xizmatchilar (xodimlar) shaxsan oʻzi yoki boʻlinma (guruh) tarkibida Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni amalga oshirish chogʻida quyidagi maqsadlarda jismoniy kuch ishlatishga, shu jumladan qoʻl ostidagi vositalardan foydalangan holda jismoniy kuch ishlatishga haqli:
huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qoʻyish, shuningdek huquqbuzarlarni ushlash;
qoʻriqlanadigan obyektlarni, oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, portlovchi moddalarni, portlatish qurilmalarini, transport vositalarini egallab olishga boʻlgan urinishlarga chek qoʻyish;
qurolli qarshilik koʻrsatishi mumkin boʻlgan shaxslarni ushlash, olib borish, qoʻriqlab borish va qoʻriqlash, ushbu shaxslar qochishga urinishini, atrofdagilarga yoki oʻziga zarar yetkazishini bartaraf etish;
oʻziga va boshqa fuqarolarga qilingan hujumni qaytarish;
oʻzining qonuniy talablariga qarshilik koʻrsatilishini bartaraf etish.
Harbiy xizmatchilar (xodimlar) ushbu Qonunda maxsus vositalarning, qurol-yarogʻ va harbiy texnikaning qoʻllanilishiga ruxsat etilgan hollarda ham jismoniy kuch ishlatish huquqiga ega.
Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari koʻrinib turgan shaxslarga, yoshi aniq koʻrinib turgan yoki maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish taqiqlanadi, bundan ularning qurolli qarshilik koʻrsatganligi, fuqarolarning yoxud harbiy xizmatchining (xodimning) hayoti va sogʻligʻiga tahdid etib, hujum qilganligi hollari mustasno.
62-modda. Maxsus vositalarni qoʻllash
Harbiy xizmatchilar (xodimlar) Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni amalga oshirish chogʻida rezina tayoqlar, qoʻlkishanlar kabi maxsus vositalarni yoki boshqa bogʻlash vositalarini, elektroshok qurilmalarini, chalgʻitma taʼsir koʻrsatuvchi nur-tovushli moslamalarni, suv bilan zarba beruvchi mashinalarni, koʻzdan yosh oqizuvchi moddalarni, transport vositalarini majburiy toʻxtatish vositalarini va xizmat hayvonlarini quyidagi maqsadlarda qoʻllash huquqiga ega:
oʻziga va boshqa fuqarolarga qilingan hujumni qaytarish;
Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining obyektlariga qilingan hujumni qaytarish;
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish boʻyicha oʻz xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida oʻzining qonuniy talablariga boʻysunmaslikni yoki qarshilik koʻrsatilishini bartaraf etish;
huquqbuzarliklarning va ommaviy tartibsizliklarning oldini olish, ularni aniqlash hamda bartaraf etish;
huquqbuzarlarni ushlash, huquqbuzarliklar sodir etgan yoki oʻz shaxsini tasdiqlashdan boʻyin tovlayotgan shaxslarni, agar mazkur shaxslar jismonan yoki boshqacha tarzda qarshilik koʻrsatayotgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining yoki bojxona organlarining xizmat xonalariga yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlarga olib borish;
ushlangan shaxslarni qoʻriqlab borish va qoʻriqlash.
Harbiy xizmatchilar (xodimlar) ushbu Qonunda qurol-yarogʻ va harbiy texnikani qoʻllash ruxsat etilgan barcha hollarda maxsus vositalarni qoʻllash huquqiga ega.
Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari koʻrinib turgan shaxslarga hamda yoshi aniq koʻrinib turgan yoki maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan maxsus vositalarni qoʻllash taqiqlanadi, bundan ularning qurolli qarshilik koʻrsatganligi yoki harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) yoxud boshqa fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga haqiqatda tahdid etib, hujum qilganligi hollari mustasno.
Odamning boshiga, boʻyniga, oʻmrov suyagiga, qorniga, jinsiy aʼzolariga, yurak sohasiga rezina tayoq bilan zarbalar berish taqiqlanadi, bundan odamning qurolli qarshilik koʻrsatganligi yoki harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) yoxud boshqa fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga haqiqatda tahdid etib, hujum qilganligi hollari mustasno.
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni amalga oshirish chogʻida harbiy xizmatchilar (xodimlar) tomonidan qoʻllaniladigan maxsus vositalar roʻyxati qonunchilikda belgilanadi.
63-modda. Xizmat hayvonlarini qoʻllash
Xizmat hayvonlari maxsus vositalarning turlaridan biri boʻlib, chegara naryadlarini kuchaytirish uchun moʻljallangan hamda chegara zonasida, chegaraoldi hududida va oʻtkazish punktlarida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash hamda bartaraf etishda, shuningdek huquqbuzarlarga nisbatan jismoniy, ruhiy va boshqacha taʼsir koʻrsatishda foydalaniladigan itlar, otlar va yuk tashuvchi hayvonlar xizmat hayvonlari jumlasiga kiradi.
Harbiy xizmatchilar (xodimlar) Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni amalga oshirish chogʻida xizmat hayvonlarini quyidagi maqsadlarda qoʻllaydi:
chegara naryadlarini kuchaytirish, huquqbuzarlarni izlash va ushlash, davlat organlarining obyektlarini qoʻriqlash;
shaxslarni, transport vositalari va tovarlarni koʻrikdan oʻtkazish, kontrabanda ashyolarini aniqlash maqsadida joylarni koʻzdan kechirish;
harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) harakatlanishi va yuklarni tashish;
huquqbuzarlarga nisbatan jismoniy, ruhiy va boshqacha taʼsir koʻrsatish;
boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etish.
64-modda. Qurol-yarogʻ va harbiy texnikani qoʻllash
Harbiy xizmatchilar (xodimlar) Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish chogʻida qurol-yarogʻni va harbiy texnikani quyidagi maqsadlarda qoʻllaydi:
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qurolli bostirib kirishni qaytarish hamda Davlat chegarasidagi qurolli hujumlarga va boshqa fitnalarga chek qoʻyish;
havo kemalari va boshqa uchuvchi apparatlar tomonidan samoviy hududda Davlat chegarasi buzilishlariga chek qoʻyish;
agar Davlat chegarasining buzilishini bartaraf etishni yoki Davlat chegarasini buzuvchilarni ushlashni boshqa vositalar va usullarni qoʻllagan holda amalga oshirish mumkin boʻlmasa, Davlat chegarasini qonunga xilof ravishda kesib oʻtgan yoki kesib oʻtishga urinayotgan shaxslarni ushlash hamda transport vositalarini toʻxtatish;
Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining obyektlariga qilingan hujumni qaytarish;
oʻziga hamda boshqa fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdiradigan hujumni qaytarish;
xavf-xatar signalini berish yoki yordamga chaqirish, harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) hamda boshqa fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga tahdid solayotgan hayvonni zararsizlantirish.
Qurol-yarogʻ va harbiy texnikani qoʻllash harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) quyidagi hollarda taqiqlanadi:
ayollarga, nogironlik belgilari koʻrinib turgan shaxslarga, yoshi aniq koʻrinib turgan yoki maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan, bundan ularning qurolli hujum qilganligi, qurolli qarshilik koʻrsatganligi yoki harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) yoxud boshqa fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga haqiqatda tahdid etib, guruh boʻlib hujum qilganligi hollari mustasno;
Davlat chegarasini qonunga xilof ravishda kesib oʻtgan yoxud kesib oʻtishga urinayotgan jismoniy shaxslarga nisbatan, agar bu haqiqatan ham tasodifan yoki baxtsiz hodisa yoxud yengib boʻlmas kuch holatlari oqibatida roʻy bergan (roʻy berayotgan) boʻlsa.
Qurol-yarogʻ va harbiy texnikani qoʻllashdan avval ularni qoʻllash niyati haqida ochiq-ravshan tarzda ifodalangan ogohlantirish va (yoki) ogohlantiruvchi oʻq uzish amalga oshirilishi kerak, bundan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qurolli bostirib kirishni qaytarish, Davlat chegarasidagi qurolli hujumlarga va boshqa fitnalarga chek qoʻyish, Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining obyektlariga qilingan hujumni qaytarish hollari, shuningdek harbiy xizmatchining (xodimning) yoki fuqaroning hayotiga bevosita xavf mavjud boʻlgan hollar mustasno.
Davlat chegarasini buzuvchilarga qarshi qurol-yarogʻ va harbiy texnika ularning kuch ishlatganligiga javoban yoki huquqbuzarliklarga barham berishni yoki huquqbuzarlarni ushlashni boshqa vositalar bilan amalga oshirish mumkin boʻlmagan hollarda ham qoʻllaniladi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
65-modda. Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni amalga oshiruvchi harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) qonuniy talablarini bajarishning majburiyligi
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni amalga oshiruvchi harbiy xizmatchining (xodimning) oʻz vakolatlari doirasida qoʻyilgan qonuniy talablari barcha davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
66-modda. Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni amalga oshiruvchi harbiy xizmatchilarni (xodimlarni) huquqiy hamda ijtimoiy jihatdan muhofaza qilish
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni amalga oshiruvchi harbiy xizmatchilarni (xodimlarni) huquqiy hamda ijtimoiy jihatdan muhofaza qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
67-modda. Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilish tadbirlarini moliyaviy hamda moddiy-texnika jihatidan taʼminlash
Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilish tadbirlarini moliyaviy jihatdan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilish tadbirlarini moddiy-texnika jihatidan taʼminlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
68-modda. Davlat organlarining Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilish bilan bogʻliq boʻlgan qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
Davlat organlarining Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilish bilan bogʻliq boʻlgan qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
69-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
70-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida”gi 820-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 9, 217-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1999-yil 20-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 821-I-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 9, 218-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 621-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 5, 90-modda) XX moddasi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 14-yanvarda qabul qilingan “Ijro ishi yuritish takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-199-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 1, 1-modda) 8-moddasi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Qishloq va suv xoʻjaligida iqtisodiy islohotlar chuqurlashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-240-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 12, 472-modda) 10-moddasi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-416-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 12, 383-modda) 17-moddasi;
7) Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-476-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 4, 224-modda) 35-moddasi;
8) Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevralda qabul qilingan “Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi baʼzi davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-522-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 2, 47-modda) 26-moddasi;
9) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelida qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-683-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 109-moddasi.
71-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
72-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
73-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 13-sentabr,
OʻRQ-868-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.09.2023-y., 03/23/868/0699-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)