toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi kemachiligi sohasida xavfsizlikni taʼminlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining kema qatnaydigan ichki suv yoʻllarida, tabiiy va sunʼiy barpo etilgan suv havzalarida suzish xavfsizligini va yuklarning ishonchli tashilishini taʼminlash, inson hayotini muhofaza qilish hamda kemachilik faoliyatini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-sentabrdagi 744-sonli qarori bilan tasdiqlangan Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi, shuningdek kemalar, shu jumladan kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanish sohasida davlat nazoratini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
a) Oʻzbekiston Respublikasining ichki kema yoʻllarida suzish qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
suv yoʻllari, tabiiy va sunʼiy barpo etilgan suv havzalarida kemalarning harakatlanish tartibi;
kemalarning jihozlari, qurilmalari va tizimlaridan foydalanishga doir talablar;
kemalar, tarkiblar gabaritlari va suv yoʻllarining holatiga umumiy talablar;
kemada suzish xavfsizligini taʼminlash va yordam koʻrsatish choralari;
b) Daryo transportini texnik ishlatish qoidalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
kemalarni texnik ishlatish boʻyicha asosiy talablar;
kemalarga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash qoidalari;
kemalarni texnik nazoratdan oʻtkazish va ularni tekshirish tartibi;
kemalarni taʼmirlash va uzoq muddatga saqlash uchun foydalanishdan chiqarishga doir talablar va shartlar;
v) Daryo transportida yuk tashish qoidalari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
kemalarda yuklarni tashishni tashkil etishga oid talab va shartlar;
yuk tashishni davlat tomonidan nazorat qilish tartibi;
yuklarni qabul qilish, joʻnatish, topshirish, kemalarga yuklash va hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi;
yuk tashish munosabatlari ishtirokchilarining javobgarligi.
2. Transport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov va transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 11-sentabr,
462-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-sentabrdagi 462-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining ichki kema yoʻllarida suzish
qoidalari
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Oʻzbekiston Respublikasining ichki kema yoʻllarida suzish qoidalari (keyingi oʻrinlarda — Qoidalar) Oʻzbekiston Respublikasining kema qatnaydigan suv yoʻllarida hamda tabiiy va sunʼiy barpo etilgan suv havzalarida kemalar harakatlanishining yagona tartibini belgilaydi.
2. Qoidalarda quyidagi asosiy tushuncha va atamalardan foydalaniladi:
aylanib olish — kemaning teskari kursga burilib olishi;
ayrilish — qarama-qarshi harakatlanish yoki oʻzib ketish davrida kemaning boshqa kemaga nisbatan manyovr qilib oʻtishi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat nazorat organlari mansabdor shaxslari — Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasining kemalarni, Favqulodda vaziyatlar vazirligining kichik hajmli kemalarni nazorat qilish vakolati berilgan mansabdor shaxslari;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-oktabrdagi 710-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2024-y., 09/24/710/0867-son)
yelkanli kema — shamol kuchining yelkanlarga taʼsiri natijasida harakatga keluvchi kema. Dvigatelga ega boʻlgan yelkanli kemada dvigateldan foydalanmasdan, yelkan yordamida harakatlanuvchi kema;
kemachilik — ichki kema yoʻllarida kemalardan foydalangan holda yuk, yoʻlovchi va bagaj, pochta joʻnatmalarini tashish, kema va boshqa suzuvchi vositalarni shatakka olish, qidiruv ishlarini amalga oshirish, foydali qazilmalarni qidirish va qazish, qurilish, yoʻl, gidrotexnik, suv osti texnik ishlarini bajarish, qutqaruv ishlari, suv obyektlarini muhofaza qilish, ularni ifloslantirishning oldini olish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish, choʻkkan mulkni koʻtarib olish, baliq ovlash, nazorat, ilmiy izlanish, oʻquv, sport, madaniy va boshqa maqsadlar uchun tadbirlar oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat;
kema — kemachilik maqsadida foydalaniladigan, asosiy dvigatelining quvvati 55 kVt (75 ot kuchi) va undan ortiq, yoʻlovchi sigʻimi 12 kishi va undan ortiq boʻlgan oʻziyurar, yuk koʻtarish qobiliyati 80 registr tonna va undan ortiq boʻlgan oʻziyurmas suzish vositalari;
kichik hajmli kema — asosiy dvigatelining quvvati 55 kVt (75 ot kuchi) va yoʻlovchi sigʻimi 12 kishidan ortiq boʻlmagan oʻziyurar kemalar, motorlarning quvvati va sonidan qatʼi nazar, osma motorli kemalar, suv mototsikllari (gidrotsikllar), yuk koʻtarish qobiliyati 80 registr tonnadan ortiq boʻlmagan oʻziyurmas kemalar (eshkakli qayiqlar va suv velosipedlari (katamaranlar)), yelkanli kemalar, havo bosimi bilan toʻldiriladigan yoki shishiriladigan motorsiz eshkakli qayiqlar;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-avgustdagi 484-sonli qarori bilan tasdiqlangan Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalari.
kema guvohnomasi — kemaga mulk huquqini belgilovchi va kemada mavjud boʻlishi shart hisoblangan hujjat;
kema haydovchisi guvohnomasi — kema yoki kichik hajmli kemalarni boshqarish huquqiga ega ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
kema yuradigan yoʻl — kemalarning harakatlanishi uchun moʻljallangan va joylarda hamda (yoki) xaritada belgilab qoʻyilgan ichki kema yoʻllari;
kema yuradigan yoʻl chizigʻi — kema yuradigan yoʻlning kengligi boʻyicha chegaralovchi shartli chiziq;
kema yuradigan asosiy yoʻl — suv havzalarining kemalar yuradigan boshqa yoʻllariga nisbatan asosiy hisoblangan yoʻl;
kechuv — odamlarni, yuklarni, avtomashinalarni, hayvonlarni daryoning yoki kanalning bir qirgʻogʻidan boshqa qirgʻogʻiga oʻtkazish uchun moʻljallangan suzish vositalari (eshkakli, motorli qayiqlar, paromlar, barjalar, pontonlar, katerlar);
Oldingi tahrirga qarang.
Kemachilik registri inspektori — Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalaridagi suv transporti boʻyicha mansabdor shaxslar;
(2-bandning oʻn beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-oktabrdagi 710-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2024-y., 09/24/710/0867-son)
Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining inspektori — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining boshligʻi, katta ofitseri va bosh mutaxassisi, shuningdek, favqulodda vaziyatlar hududiy boshqarmalarining bosh inspektorlari, Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining mansabdor shaxsi;
navigatsiya chiroqlari — kemalarning harakatlanish davrida barcha harakat qatnashchilarini turli rangdagi nur taratish orqali boʻlib turgan vaziyat toʻgʻrisida axborot yetkazuvchi maxsus yoritish chiroqlari;
Registr qoidalari — kemalardan foydalanish, ularni taʼmirlash va qurish davrida texnik talablar belgilangan normativ-huquqiy hujjatlar;
sol — yogʻochlardan, quvurlardan yoki ularni suv boʻyicha tashish uchun bir-biri bilan oʻzaro bogʻlangan buyumlardan tashkil etilgan suzish vositasi;
tezyurar kema — soatiga 30 km va undan ortiq tezlikka erisha oladigan kema;
traverz — kema kursiga yoki uning diametral tekisligiga perpendikulyar boʻlgan yoʻnalish. Biror-bir obyektning traverzida boʻlish — bu obyektga yoʻnaltirilgan chiziqda boʻlish va kema kursi bilan toʻgʻri burchak hosil qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
farvater — suv havzasidagi qatnov (navigatsiya) jihatdan xavfsiz boʻlgan kema oʻtish yoʻli;
(2-bandning yigirma ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-noyabrdagi 754-sonli qarori tahririda)
xavfsiz tezlik — manyovr qilish va vaziyat talablaridan kelib chiqib, belgilangan masofa chegarasida kemani toʻxtatish imkonini berish uchun tanlangan tezlik;
xos raqam — kema reyestriga kiritilgan va har bir kema uchun beriladigan raqam;
shataklanuvchi tarkib — arqon yordamida shatakka olinuvchi, shatakka olish uchun band boʻlgan shataklovchi kema (kemalar) qoʻshilgan holda bir yoki bir nechta bir-biriga oʻzaro bogʻlangan kemalar, sollar, barjalar va boshqa suzish vositalari;
eng kichik tezlik — kemaning mavjud sharoitlarda va vaziyatlarda boshqarishni saqlaydigan tezlikda harakatlanishi;
yuqoriga harakatlanayotgan kema — suv oqimiga qarshi harakatni amalga oshirayotgan kema:
daryolarda — etagidan boshiga qarab;
suv omborlarida — kema yuradigan asosiy yoʻlda va toʻgʻondan suv quyilish joyiga qarab, boshqa qoʻshimcha yoʻllarda — kema yuradigan asosiy yoʻldan qirgʻoqqa qarab;
kanal va koʻllarda — shartli oqimga qarshi harakatlanayotgan kema;
oʻziyurar kema — mexanik qurilma yordamida harakatga keltiriluvchi kema;
oʻziyurmas kema — mustaqil harakatlanish uchun mexanik qurilmaga ega boʻlmagan kema;
oʻtkazib yuborish — kemalardan birortasi ayrilish uchun toʻxtashi yoki tezlikni eng kichik tezlikkacha kamaytirish va xavfsiz ayrilish uchun turli manyovrlarni bajarish;
quyiga harakatlanayotgan kema — oqim boʻylab harakatlanayotgan kema;
harakatlanish chizigʻi — kema yuradigan yoʻlning oʻqi va oʻng yoki chap tomon chekkasi orasidagi qismi;
harakatdagi kema — langarda turmagan, qirgʻoqqa, prichalga bogʻlab qoʻyilmagan va sayozlikka oʻtirib qolmagan kema;
Oldingi tahrirga qarang.
chegara naryadi — Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish vazifasini bajaruvchi bir yoki bir nechta harbiy xizmatchi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-noyabrdagi 754-sonli qaroriga asosan oʻttiz yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
3. Ichki kema yoʻllarida harakatlanuvchi kemalar boshqa harakatlanuvchi suv transporti vositalarining harakatlanishiga xavf tugʻdirmasligi kerak.
Tegishli vakolatga ega boʻlmagan yuridik va jismoniy shaxslarning navigatsiya belgilarini va xavfsiz harakatlanishni tashkil etishning texnik vositalarini oʻzboshimchalik bilan olib tashlashi, oʻrnatishi, toʻsib qoʻyishi va shikastlantirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Kemalarning va tarkiblarning gabaritlari yoʻl gabaritlariga mos boʻlishi kerak. Ushbu talablarni bajarmaganlik uchun quyidagi mansabdor shaxslar javobgar hisoblanadilar:
dispetcher — gabariti mos boʻlmagan kema va tarkibni qatnovga chiqarish toʻgʻrisida bergan buyrugʻi uchun;
reyd kapitani — tarkibga kemalarni notoʻgʻri joylashtirgani va gabariti mos boʻlmagan tarkibni shakllantirgani uchun;
kema kapitani — gabariti mos boʻlmagan tarkibni shatakka qabul qilgani va qatnovga chiqqani uchun.
5. Kemalarning mexanizmlari, jihozlari, qurilmalari, tizimlari va taʼminoti texnik loyiha hujjatlariga muvofiq boʻlishi, texnik holati suzishning turli sharoitlarida xavfsiz ishlatilishini taʼminlashi, foydalanish shartlariga muvofiq malakali va yetarli ekipaj bilan butlangan boʻlishi shart.
6. Kema reyestriga kiritilgan kemalardan ichki kema yoʻllarida foydalanishga belgilangan tartibda ruxsat etiladi.
7. Ichki kema yoʻllarida faqat Oʻzbekiston Respublikasi bayrogʻi ostida suzishga yoʻl qoʻyiladi.
8. Kemalar suzish davrida Kemachilik registri inspektori tomonidan berilgan suzishga yaroqli ekanligi toʻgʻrisida guvohnoma, klassifikatsiya guvohnomasi va kema jurnallari (shtatlar jadvali, kema ekipajining roʻyxati (kema roʻyxati), kemani koʻrikdan oʻtkazish kitobi, vaxta jurnali, tekshiruvchi shaxslarning taklif-tavsiya jurnali, yongʻin-nazorat formulyari yoki formulyarni almashtiruvchi boshqa hujjat, radiojurnal — agar kemada radiostansiya oʻrnatilgan boʻlsa, mazkur Qoidalar, kemani xavfsiz boshqarish boʻyicha yoʻriqnomalar, trevogalar jadvaliga (yongʻin, suv, bortdan tashqarida odam) ega boʻlishi kerak.
2-bob. Kemachilik jihozlari, navigatsiya chiroqlari, koʻrish va tovush signallari
1-§. Umumiy qoidalar
9. Kema egalari quyosh botishidan chiqqunga qadar (tunda) hamda koʻrinish cheklangan vaqtda (tuman, chang-toʻzon, kuchli yogʻingarchilik) navigatsiya chiroqlaridan foydalanishlari shart.
Navigatsiya chiroqlari kabi qabul qilinishi mumkin boʻlgan yoki ularning koʻrinishini qiyinlashtiradigan, nazorat qilishga xalaqit beradigan boshqa chiroqlar oʻrnatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Navigatsiya belgilaridan quyosh chiqqandan botgunga qadar (kunduz kuni) foydalaniladi.
11. Kema taʼmirlash korxonalarining suv yoʻllarida yoki toʻxtab turish joylarida kema yuradigan suv yoʻllari chegarasidan tashqarida, taʼmirga yoki uzoq muddatga toʻxtab turgan kemalar, agar ular boshqa kemalarning harakatlanishiga toʻsqinlik qilmasa, belgilangan navigatsiya chiroqlari va belgilari bilan jihozlanmasligi mumkin.
12. Kichik hajmli va yelkanli kemalar oʻzlarining texnik pasportlariga muvofiq belgilangan navigatsiya chiroqlari va belgilariga ega boʻlishi shart.
2-§. Navigatsiya chiroqlari
13. Ichki kema yoʻllarida suzuvchi kemalar quyidagi navigatsiya chiroqlariga ega boʻlishi shart:
a) “tepa chirogʻi” — kemaning diametral tekisligi boʻyicha joylashgan, old tomonidan oʻng va chap bortlardagi traverzning orqasiga 22.5 gradusgacha gorizontni kamida 8 km masofada uzluksiz nur bilan 225 gradus yoritadigan oq chiroq.
“Tepa chirogʻi” quyidagicha oʻrnatiladi:
uzunligi 30 metrdan ortiq boʻlgan kemalarda — yuqori sahnadan kamida 6 metr balandlikda yoki sahnadagi yuklardan 4 metr balandlikda;
uzunligi 30 metrdan kam boʻlgan kemalarda — ustqurmadan kamida 2 metr balandlikda;
“Tepa chirogʻi” (agar ular bir nechta boʻlsa, ulardan pastdagisi), har qanday holatda ham bort chiroqlaridan kamida 1 metr balandlikda va ulardan oldin oʻrnatilgan boʻlishi shart.
Kema koʻpriklar, havo oʻtkazgichlar (quvurlar, aloqa va elektr kabellari) tagidan oʻtish uchun tepa chiroqlari oʻrnatilgan machtani yotqizishga majbur boʻlganda, kema old qismida zaxira “tepa chirogʻi”ni olib yurishi mumkin.
Agar machtada bir nechta signal chiroqlari koʻtarilsa, unda vertikal boʻyicha ularning orasi 1 metrdan kam boʻlmasligi shart;
b) “Bort chiroqlari” — oʻng bortdagi yashil va chap bortdagi qizil chiroqlar; old tomonidan har qaysi bortdagi traverzning orqasiga 22.5 gradusgacha gorizontni kamida 4 km masofada uzluksiz nur bilan 112.5 gradus yoritadi;
v) “Orqa chiroq” (gak chirogʻi) — kemaning orqa qismiga joylashtirilgan, uzluksiz aylanma nur bilan gorizontni 135 gradus yorituvchi, toʻgʻri yoʻnaltirilgan va orqani har qaysi bort boʻylab kamida 4 km masofada uzluksiz nur bilan yorituvchi oq chiroq;
g) “Gakabort chiroqlari” (koʻndalang qismi) gorizontni kamida 4 km masofada 180 gradus uzluksiz aylanma nur bilan yorituvchi chiroq. Bu chiroqlar traverzning oldidan koʻrinmasligi va gak chiroqlaridan kamida 0.5 metr pastda, imkon darajada bortlarga yaqin oʻrnatilishi shart;
d) “Aylanma (klotik) chirogʻi” — gorizontni 360 gradusda kamida 4 km masofada aylanma nur bilan yoritadigan chiroq;
e) “Chaqnaydigan yogʻduli (impulsli yogʻdu)” — kema traverzidan uning oldiga tomon tunda 4 kmdan kam boʻlmagan, kunduzi 2 kmdan kam boʻlmagan masofani 112.5 gradusda (diametral tekislikni 22.5 gradus yopib) aylanma nur bilan yoritadigan chaqnaydigan oq chiroq.
Chaqnaydigan impulsli yogʻdu kechasi ham, kunduzi ham qoʻllaniladi, yoki chaqnaydigan yogʻdu kunduzi kattaligi 0.6 m2 boʻlgan toʻrtburchak oq bayroq bilan almashtiriladi.
14. Oʻziyurmas kemalar, zemsnaryadlar va debarkaderlarning machtasidagi navigatsiya chiroqlari aylanma nur bilan kamida 4 km masofani 360 gradus yoritib turishi shart.
15. Navigatsiya chiroqlari va tovushli signallar qurilmalarining konstruksiyasi, texnik xarakteristikasi va kemalarga joylashtirilishi texnik loyiha hujjatlariga muvofiq boʻlishi shart.
3-§. Harakatdagi va toʻxtab turgan oʻziyurar yakka kemalarning navigatsiya chiroqlari va belgilari
16. Harakatdagi oʻziyurar yakka kema quyidagi navigatsiya chiroqlari bilan jihozlangan boʻlishi shart:
oldingi machtada koʻtariladigan oq tepa chirogʻi;
bort chiroqlari — maxsus qalqonlar bilan oldinga 1 metr chiqarib va kemaning boshqa bortidan bu chiroqlarning birortasini koʻrish mumkin boʻlmaydigan qilib oʻrnatilgan oʻng bortida yashil, chap bortida qizil chiroqlar. Uzunligi 30 metrdan kam boʻlgan kemalar uchun qalqonlar 0.5 metrga qisqartirilishi mumkin.
17. Kemaning diametral tekisligida yoki ustqurmasiga orqa tomondan oʻrnatiladigan gak oq chirogʻi, eni 5 metrdan ortiq boʻlgan kemalarning orqa tomon ustqurmalari devorlariga ikkita oq gakabort chirogʻi oʻrnatilishi shart.
18. 1-klass neft mahsulotlari, portlashga xavfli yoki zaharli vositalar, yongʻinga xavfli mahsulotlar bilan yuklangan oʻziyurar kema (quruq yuk tashiydigan yoki tanker) harakat davrida bort, gak, gakabort va machtada vertikal boʻyicha bir-birining tagida joylashgan uchta tepa chirogʻini yoqib yurishi va ularning yuqoridagisi oq, ikkita pastdagisi esa qizil boʻlishi shart.
Kunduz kuni kemada vertikal joylashgan, har birining kattaligi 1 m2 boʻlgan ikkita toʻrtburchak qizil bayroq boʻlishi shart.
19. 2, 3, 4-klass neft mahsulotlari yuklangan (yoki ularning qoldigʻi boʻlgan) yuk kemasi harakat davrida bort, gak va gakabort chiroqlarini va machtada bir-biriga vertikal oʻrnatilgan ikkita tepa chiroqlarini yoqib yuradi.
Chiroqlarning balanddagisi oq — pastdagisi qizil boʻlishi, kunduz kuni bunday kema machtasida kattaligi 1 m2 boʻlgan toʻrtburchak qizil bayroq boʻlishi shart.
20. Yongʻin oʻchiruvchi kema yongʻinni oʻchirish yoki halokatga uchragan kemaga yordam berish uchun borayotgan vaqtda unda bort, gak va gakabort chiroqlari, undan tashqari machtada 1 ta qizil “tepa chirogʻi” boʻlishi, kunduz kuni oldingi machtasida kattaligi 1 m2 boʻlgan 1 ta toʻrtburchak qizil bayroq koʻtarilgan boʻlishi shart.
Ichki kema yoʻllarida harakatlanayotgan barcha kemalar yongʻin oʻchiruvchi kemaning erkin va toʻsqinliksiz oʻtib ketishini taʼminlashi shart.
21. Bir qirgʻoqdan boshqa qirgʻoqqa kechuv ishlarini amalga oshiruvchi oʻziyurar kemalar harakatlanish va toʻxtab turish davrida oʻziyurar kemalar kabi navigatsiya chiroqlari va belgilariga ega boʻlishi shart.
22. Arqonli kechuv paromining machtasida yoki ustunida 4 metr masofadan gorizont boʻylab 360 gradusda koʻrinib turadigan oq rangli chiroq boʻlishi shart.
Qirgʻoqning ikki tomonida arqonning uchiga yaqin joyda arqonning holatini koʻrsatib turuvchi oq yorqin chiroq yoqib qoʻyilgan, chiroqning nurlari oʻtib ketayotgan boshqa kemalarni boshqarishga xalaqit bermasligi uchun chiroqlar tepasidan himoya qalpoqlari bilan toʻsib qoʻyilgan boʻlishi shart.
Kechuv paromiga xizmat koʻrsatuvchi xodimlar doimo kemalarning harakatini nazorat qilib turishi va ularning oʻtib ketishi uchun yoʻlni oʻz vaqtida boʻshatishi, qirgʻoqda toʻxtab turgan vaqtda esa arqonni suvning tubiga tushirib qoʻyishi shart.
23. Oʻziyurar kemalar toʻxtab turish vaqtida quyidagi chiroqlarga ega boʻlishi shart:
uzunligi 30 metr va eni 5 metrdan ortiq boʻlgan yuk kemalari — oldingi machtada gorizont boʻylab 360 gradusda koʻrinadigan bitta oq klotik chirogʻi, yurish koʻprikchasining chetida yurish tomonidan bitta 180 gradus atrofida koʻrinadigan oq chiroq va gakabort chiroqlari;
uzunligi 30 metr va eni 5 metrdan kam boʻlgan yuk kemalari toʻxtab turganda, machtada gorizont boʻylab 360 gradusda koʻrinadigan bitta aylanma oq chiroq;
kunduz kuni langarda toʻxtab turganda — old qismining yaxshi koʻrinadigan joyda qora shar.
24. 1-klass neft mahsulotlari hamda yongʻinga xavfli, portlovchi yoki zaharli vositalar yuklangan oʻziyurar kemalarning oldingi machtasida ikkita qizil chiroq, 2, 3 va 4-klass neft mahsulotlari yuklangan kemalarda — gorizont boʻylab 360 gradusda koʻrinadigan bitta qizil chiroq va qoʻshimcha old ustunda falshbortdan 2 metr balandlikda oq chiroq, yurish koʻprikchasining yurish tomonidan bitta oq chiroq va gakabort chiroqlari, kunduz kuni esa toʻrtburchak qizil bayroq boʻlishi shart.
25. Sayozlikka oʻtirib qolgan oʻziyurar kema oʻzi uchun belgilangan toʻxtab turish chiroqlarini, bundan tashqari uning yonidan boshqa kemalarning oʻtish imkoni boʻlsa, suzuvchan navigatsiya belgisi balandligidagi kema qismida, kema yuradigan yoʻlga chiqib turgan — aylanma oq chiroq, agar oʻtishning imkoni boʻlmasa — 3 ta aylanma qizil chiroq, kunduz kuni — koʻrinadigan joyga vertikal joylashgan 3 ta qora shar yoki shunga oʻxshash buyum oʻrnatishi lozim.
26. 1-klass neft mahsulotlari yuklangan kemalarning yonida navbatchilik qiluvchi teploxodlarda harakatlanish davridagi kabi tepa chiroqlari boʻlishi shart.
4-§. Arqonda va bort yonida shatakka olish
27. Boshqa kemani arqonda shatakka olgan kemada bort, gak va gakabort chiroqlari va undan tashqari quyidagilar boʻlishi shart:
quruq yuk tashuvchi kemalarni shatakka olish davrida — oldingi machtada vertikal joylashgan ikkita oq tepa chirogʻi;
1-klass neft yuklari hamda yongʻinga xavfli, portlovchi yoki zaharli vositalar yuklangan oʻziyurar kemalar 3 ta vertikal joylashgan tepa chiroq — bitta oq va undan yuqorida ikkita qizil chiroq, kunduz kuni shatakka olgan va shataklanuvchi kemaning oldingi machtasida ikkitadan vertikal joylashgan, kattaligi 1 m2 boʻlgan toʻrtburchak qizil bayroq boʻlishi shart;
2, 3, 4-klass neft mahsulotlari yuklangan (yoki ularning qoldigʻi boʻlgan) kemalarni shatakka olganda, machtada ikkita vertikal joylashgan tepa chiroqlari — bitta oq va undan yuqorida qizil chiroq, kunduz kuni shataklovchi va shatakka olinuvchi kemalarning oldingi machtalarida kattaligi 1 m2 boʻlgan bittadan toʻrtburchak qizil bayroq boʻlishi shart.
28. Tarkiblarni ikkita shataklovchi bilan shatakka olgan kemalarda quyidagi chiroqlar boʻlishi shart:
shatakka olgan kemalar izma-iz (kilvaterda) borayotgan boʻlsa, oldingisida mazkur Qoidalarda koʻzda tutilgan bort, gak va gakabort chiroqlari va undan tashqari machtada shatakka olingan tarkibdagi yukning turiga qarab tepa chiroqlari, shataklanuvchi kemada bort chiroqlaridan tashqari oldinga yurayotgan kema kabi chiroqlar va signallar boʻlishi, ayrilish va oʻzib ketish vaqtida hech qanday tovushli signallarni bermasligi va bayroqchani siltamasligi shart.
Oldinda harakatlanayotgan shataklovchi kemaning vaxta boshligʻi tarkib harakatini boshqarish, koʻrish va tovushli signallarni berish uchun javobgar hisoblanadi.
Yordam koʻrsatish davrida (sayozlikdan chiqarib olish) har bir shataklovchi oʻzi uchun mumkin boʻlgan signal chiroqlarini mustaqil yoqib boradi.
Tarkibni boshqarish uchun javobgar yordam koʻrsatish boʻyicha ishlarga rahbarlik qilayotgan shaxs hisoblanadi.
29. Bortlari bilan oʻzaro bogʻlangan kemalarda ichki bort chiroqlaridan tashqari ularning har biri uchun mumkin boʻlgan farqlovchi chiroqlar yoqilgan boʻlishi shart.
Tovushli va yogʻduli signallarni berish, tarkib harakatini xavfsiz boshqarish uchun javobgarlik shatakka olgan kema ekipajiga yuklanadi.
30. Shatakka olgan kemalardan birining borti yoniga bogʻlangan oʻziyurar kemaning machtasida bitta oq “tepa chiroq”, yurish koʻprikchasining yuradigan tomonining chekka qismidan bitta oq chiroq, gak va gakabort chiroqlari yoqilgan boʻlishi shart.
31. Boshqa kemani borti yonida shatakka olib borayotgan kemada gak va gakabort chiroqlari, machtada vertikal joylashgan uchta tepa — ikkita oq va ularning orasida bitta yashil chiroq, shatakka olingan kemaning machtasida gorizont boʻylab 360 gradusda koʻrinadigan bitta oq va bort tashqarisida bitta oq chiroq boʻlishi shart.
2, 3 va 4-klass neft mahsulotlari yuklangan boshqa kemaning borti yonida shatakka olgan kemada yashil “tepa chirogʻi” qizil chiroqqa, shatakka olingan kemaning machtasidagi oq chiroq esa qizil chiroqqa almashtirilishi shart.
32. Kichik shatakka oluvchi, shatakka olish usulidan qatʼi nazar va oʻziyurar kichik kemada harakatlanish davrida bort, gak va gakabort chiroqlari, machtasida ikkita vertikal joylashgan — bitta oq va undan yuqorida yashil “tepa chiroq” yoqilgan boʻlishi shart.
33. Shataklash bilan band boʻlgan mexanik dvigatelga ega boʻlgan kemada quyidagi chiroqlar yoqilgan boʻlishi shart:
asosi pastga yoʻnaltirilgan uchburchak shaklida joylashgan uchta tepa chiroq, ulardan yuqoridagisi diametral tekislikda joylashgan boʻlishi shart;
bort chiroqlarining asosi pastga yoʻnaltirilgan uchburchak shaklida joylashgan uchta orqadagi chiroqlar boʻlishi, kemaning eni 5 metr va undan kam boʻlsa — faqat bitta gak chirogʻi boʻlishi shart.
34. Neft mahsulotlari yuklangan yoki ularning qoldigʻi boʻlgan, portlovchi va zaharli vositalar yuklangan kemalarni shataklash bilan band boʻlgan mexanik dvigatelga ega kemada ayrilish va oʻzib ketish davrida mazkur Qoidalarning 33-bandida koʻrsatilgan chiroqlardan tashqari bitta doirasimon qizil chiroq boʻlishi shart.
5-§. Oʻziyurmas kemalarni shatakka olish va toʻxtab turish
35. Oʻziyurmas kemalar izma-iz yoki bort yonida shatakka olinganda hamda toʻxtab turgan davrida (shatakka oluvchi bilan yoki ularsiz) quyidagi chiroqlarga ega boʻlishi shart:
uzunligi 50 metrgacha boʻlgan kemalar — sahnadagi yukdan kamida 2 metr balandlikda, gorizont boʻylab 360 gradusda koʻrinib turadigan bitta oq chiroqqa;
uzunligi 50 metrdan ortiq boʻlgan kemalar — sahnadagi yukdan kamida 2 metr balandlikda, old va orqa qismida gorizont boʻylab 360 gradusda koʻrinib turadigan bittadan oq chiroqqa;
umumiy uzunligi 50 metrdan ortiq, bir nechta kemadan iborat boʻlgan tarkibni shatakka olish davrida har bir kemaning old qismida bittadan oq chiroq va orqadagi kemaning orqa qismida gorizont boʻylab 360 gradusda koʻrinib turadigan oq chiroqqa;
1-klass neft mahsulotlari hamda portlovchi yoki zaharli vositalar yuklangan kemalarda, ularning uzunligi va tarkibdagi kemalar sonidan qatʼi nazar, machtada vertikal joylashgan ikkita qizil chiroq, old va orqa flagshtoklarda bittadan oq chiroq, kunduz kuni esa machtada kattaligi 1 m2 boʻlgan ikkita toʻrtburchak qizil bayroq boʻlishi shart. Barcha chiroqlar gorizont boʻylab 360 gradusda koʻrinib turadigan boʻlishi shart;
2, 3, 4-klass yongʻindan xavfli mahsulotlar yuklangan kemalarda, ularning uzunligi va tarkibdagi kemalar sonidan qatʼi nazar machtada bitta qizil chiroq, old va orqa ustunlarda bittadan oq chiroq, kunduz kuni esa machtada kattaligi 1 m2 boʻlgan bitta toʻrtburchak qizil bayroq, barcha chiroqlar gorizont boʻylab 360 gradusda koʻrinib turadigan boʻlishi shart.
36. Oʻziyurmas kemalar toʻxtab turgan davrda ular arqonda shatakka olinib harakatlanish davridagi kabi chiroqlarga ega boʻlishi shart.
37. Qirgʻoq yonida bir-biriga birlashtirib bogʻlab qoʻyilgan kemalar guruhining signal chiroqlari kema yoʻli tomoniga turgan barcha oldindagi kemalarning old qismida, orqada turganlarining orqa qismida bittadan oq chiroq boʻlishi shart.
38. Neftni bir joydan boshqa joyga tashuvchi, neft bunker kemalari va tozalash stansiyalari, neft mahsulotlari yuklanadigan tegishli kattalikdagi oʻziyurmas kemalar kabi chiroq va belgilarga ega boʻlishi shart.
39. Debarkaderning machtasida bitta doirasimon oq chiroq va kema yuradigan yoʻl tomonidan koʻrinadigan ustqurma devorida bitta oq chiroq boʻlishi shart.
40. Arqonli kechuv paromida u toʻxtab turganida va bir qirgʻoqdan boshqa qirgʻoqqa harakat qilish davrida doirasimon bitta oq chiroq boʻlishi, arqonning har ikki tomonidan, ustki qismi himoyalovchi soyabon bilan yopilgan va chiroqlar yordamida yoritib koʻrsatilgan boʻlishi shart.
41. Uzunligi 50 metrdan kam boʻlgan suzuvchi pontonlar, nasos stansiyalari, choʻmilish uchun moʻljallangan joylarda kema yuradigan yoʻl tomonga bitta aylanma oq chiroq, uzunligi 50 metr va undan ortiq boʻlganda — har 50 metrga aylanma oq chiroqlar oʻrnatilgan boʻlishi shart.
42. Sollarning uzunligi 60 metrdan kam boʻlganda — solning yurish qismiga aylanma bitta oq chiroq: agar solning uzunligi 60 metrdan ortiq boʻlsa — solning uzunligi boʻylab, har 60 metrga aylanma chiroqlar boʻlishi shart.
43. Sollar tarkibiga yaqinlashayotgan boshqa sollar kemalari va shatak arqonlari sollarni shatakka olgan kemaning projektori yordamida yoritilishi shart.
44. Sollar kemalar yurish yoʻlida toʻxtab turgan vaqtda harakatlanuvchi kemalar kabi chiroqlarni yoqishi shart.
6-§. Texnik flot kemalari
45. Suv tubini chuqurlashtiruvchi va tozalovchi har qanday konstruksiyaga ega zemsnaryadlarda quyidagi chiroqlar boʻlishi shart:
machtada gorizont boʻylab 360 gradusda koʻrinib turadigan bitta yashil chiroq;
tuproqni oʻng sohilga tashlaydigan refulerli zemsnaryadlarda kema yoʻli tomonidan kemaning old va orqa qismlarida joylashgan tent balandligida ikkita doirasimon qizil chiroq, chap qirgʻoqda tashlash davrida xuddi shu joylarda ikkita oq chiroq;
oʻng qirgʻoqqa ishlagan davrda bittadan qizil yoki chap qirgʻoqqa ishlagan davrda quvurlar (pontonlar) uzunligida har 50 metr masofada bittadan oq chiroq;
zemsnaryadni ushlab turish uchun stan zanjirlari yoki motozavoznya qoʻllanilsa unda zanjir qaysi qirgʻoqqa uzatilganligiga qarab, bitta qizil yoki oq chiroq boʻlishi shart.
46. Lotokli zemsnaryadlarda, quvurlardagi (pontonlardagi) chiroqlardan tashqari xuddi refulerli zemsnaryadlar kabi chiroqlar boʻlishi shart, bundan tashqari, lotok agar u uzoqlashtirilgan va bortdan kema yoʻli tomonga chiqib turgan boʻlsa, tuproq tashlanadigan tomonga tegishli chiroq, oʻng qirgʻoqqa ishlaganda — qizil, chap qirgʻoqqa ishlaganda — oq chiroq, kema yoʻli chegarasidan tashqarida toʻxtab turgan va shatakka olingan vaqtda chiroqlar oʻziyurar kemalarning chiroqlari kabi quvurlarda (pontonlarda) har 60 metr orasida — oq chiroqlar bilan jihozlangan boʻlishi shart.
47. Gʻavvoslik ishlari bilan band boʻlgan botlar, koʻtargich kranlar va suv tubini tozalovchi zemsnaryadlarda suv osti ishlarini bajarish davrida tunda — machtada gorizont boʻylab 360 gradusda koʻrinadigan vertikal joylashgan ikkita yashil chiroq, kunduz kuni — machtada har biri 1 m2, vertikal boʻyicha masofa oraligʻi 0,5 metr boʻlgan ikkita toʻrtburchak yashil bayroq boʻlishi shart.
48. Zemsnaryadlarda suv osti ishlari bajarilmayotganda va ular toʻxtab turganda, shuningdek, ular shatakka olingan vaqtda oʻziyurmas kemalardagi kabi signal chiroqlari boʻlishi shart.
7-§. Baliq ovlashga moʻljallangan kemalar
49. Suv havzalarida baliq ovlash anjomlari bilan turgan, toʻrlarni oʻrnatayotgan yoxud tashlangan toʻrlar bilan oqim boʻyicha harakatlanuvchi kemalarda tunda oʻng qirgʻoqda ishlash vaqtida gorizont boʻylab 360 gradusda koʻrinadigan vertikal joylashgan ikkita qizil, chap qirgʻoqda — ikkita oq chiroq, kunduz kuni tegishli ikkita qizil va ikkita oq bayroq boʻlishi shart.
Tashlangan toʻrlarning uzunligi boʻyicha har 100 metrda qayiqlar yoki boshqa moslamalarning ustida tunda aylanma chiroqlar, kunduz kuni esa — navigatsiya belgilariga mos keladigan chiroqlar kabi rangdagi bayroqlar oʻrnatilishi shart.
50. Baliq ovlash bilan band boʻlgan kemalar oʻzlarining yonidan oʻtib ketuvchi kemalarni quyidagi signallarni berish orqali oldindan ogohlantirishi shart:
tunda — oʻng qirgʻoqda ishlash davrida yonib oʻchuvchi qizil chiroqni, chap qirgʻoqda esa — yonib oʻchuvchi oq chiroqni yoqib;
kunduz kuni — tegishli qizil yoki oq bayroqni siltab.
Oʻtib ketuvchi kema tegishli bortdan siltash orqali oʻtib ketish tomonini tasdiqlashi shart.
51. Toʻrlar va halqalarni oʻrnatish joylari, suv yoʻllari texnik uchastkalari, gidroinshoot egalari bilan kelishilgan holda belgilanishi va ular kemachilik faoliyatiga xalaqit bermasligi shart.
52. Baliq ovlash kemalariga quyidagilar taqiqlanadi:
baliq ovlash anjomlarini kema yoʻlining yarmidan ortigʻiga tashlash;
baliq ovlash anjomlarini kema yoʻliga tashlash va halqalarni har qanday turdagi koʻpriklarda yuqoridan yoki quyidan 1 km masofadan kam masofaga oʻrnatish;
cheklangan koʻrinish 1 km dan kam boʻlganda kema yoʻliga chiqish;
baliq ovlash anjomlarini yaqinlashib kelayotgan kemalar oldidan tashlashni boshlash;
kemachilik jihozlari bilan uygʻun boʻlgan poʻkakli baliq ovlash anjomlarini oʻrnatish.
53. Koʻllarda va suv omborlarida toʻr va yoyma toʻrda baliq ovlash vaqtida quyidagi chiroq va signallar boʻlishi shart:
tunda — machtada 225 gradusda yoyma nur bilan yoritadigan uch xil rangli chiroq:
gorizont boʻylab yoy boʻyicha 45 gradusda (oldi boʻyicha 22.5 gradusdan oʻngga va chapga) oq chiroq;
oʻngdan gorizont boʻylab 90 gradusda (22.5 gradusdan oʻng tomon oldi boʻyicha 22.5 gradusgacha traverz orqasigacha) nur bilan yoritadigan yashil chiroq;
chapdan shakli yashil chiroqqa oʻxshagan qizil chiroq;
ulardan pastda 135 gradus nur bilan yoritadigan oq chiroq.
Agar kema suvga nisbatan harakatda boʻlsa, mazkur bandda koʻrsatilgan chiroqlarga qoʻshimcha yana bort va orqa chiroqlar boʻlishi shart.
Kunduz kuni machtada diametri 0,5 metr, balandligi 0,75 metr boʻlgan qora silindr oʻrnatiladi.
54. Baliq ovlash bilan band boʻlmagan, biroq baliq ovlovchi kemalar tarkibiga kiruvchi kemalar tegishli hajmdagi oʻziyurar yoki oʻziyurmas kemalar kabi chiroqlarga ega boʻlishi shart.
8-§. Tovush signallariga umumiy talablar
55. Uzunligi 7 metr va undan ortiq boʻlgan mexanik dvigatelga ega kemalar hamda suv tubini chuqurlashtiruvchi zemsnaryadlar davomli va qisqa tovushli signallar beruvchi qurilmalarga ega boʻlishi shart.
Qurilmalar yordamida beriladigan tovushli signallar — uzunligi 20 metr va undan ortiq boʻlgan kemalardan berilganda 2 km dan kam boʻlmagan masofada, uzunligi 20 metrdan kam boʻlgan kemalardan berilganda — 1.0 km masofada eshitilishi shart.
56. Ekipajga ega oʻziyurmas kema tovushli signal berishi uchun qoʻngʻiroq yoki metall buyumga ega boʻlishi shart.
57. Tovushli signallar quyidagicha beriladi:
“Qisqa signal” — davomiyligi 1 soniyagacha boʻlgan tovushli signal;
“Davomli signal” — davomiyligi 4 soniyadan 6 soniyagacha boʻlgan tovushli signal.
58. Mazkur Qoidalar bilan koʻzda tutilmagan tovushli signallardan foydalanish taqiqlanadi.
59. Tovushli signallaridan viloyat markazlari va katta shaharlarda (halokat signali va avariya holatlarining oldini olish signallaridan tashqari) foydalanish mahalliy suzish qoidalari bilan belgilanadi.
60. Kema boshqa kemani xavf toʻgʻrisida ogohlantirmoqchi boʻlsa va undan bunday holatdan kelib chiqib (harakatni toʻxtatishga qadar) chora koʻrish talab etilsa, kamida beshta qisqa tovushli signal berishi shart.
Oʻziyurmas kemada tegishli tovushli signallar berish qurilmasi mavjud boʻlmasa, bu signallarni qoʻngʻiroqqa yoki metall buyumga tez-tez urib berishi shart.
61. Manyovr koʻrsatish va ogohlantirish signallari kemalar bir-biriga koʻrinib turganda quyidagicha beriladi:
“Men oʻz kursimni oʻng tomonga oʻzgartiraman” — bitta qisqa tovushli signal;
“Men oʻz kursimni chap tomonga oʻzgartiraman” — ikkita qisqa tovushli signal;
“Men orqaga harakatlanaman” — uchta qisqa tovushli signal;
“Men burilib olaman” yoki “Men toʻxtayman” — toʻrtta qisqa tovushli signal;
“Tezlikni oshirishni soʻrayman” — bitta qisqa va bitta davomli tovushli signal;
“Tezlikni pasaytirishni soʻrayman” — bitta davomli va bitta qisqa tovushli signal.
Oʻziyurmas kema bu signallarni qoʻngʻiroqqa tez-tez urib beradi.
“Toʻxtatishni soʻrayman” — bayroqni gorizont boʻylab siltash — kunduz kuni, oq chiroq — tunda;
“Eʼtibor beraman” — bitta davomli, uchta qisqa va bitta davomli signal oʻziga eʼtiborni qaratish uchun beriladi. Bu signal arqonli kechuvga yaqinlashganda, agar shatakka oluvchi kemalardan langar bogʻlangan zanjir va sudralma zanjir tashlangan boʻlsa beriladi.
Bu signalni bergandan soʻng paromli kechuvning ishchilari zudlik bilan kechuv arqonining bir uchini (mahkamlangan joyidan yechishi) yechib suv tubiga tushirishi shart;
“Men Sizni tushundim” — bitta davomli, bitta qisqa, bitta davomli, bitta qisqa tovushli signal;
“Radioaloqaga chiqishingizni soʻrayman” — bitta qisqa, bitta davomli, bitta qisqa tovushli signal;
“Qayiqni tushirishingizni va mening kemam borti yoniga kelishingizni soʻrayman” — bitta davomli, bitta qisqa, bitta davomli tovushli signal.
Bunday signal qirgʻoqdan boshqa kemadan, jihozlash postidan qayiqni chaqirish hamda boshqa kemadan borti yoniga kelishini soʻrash uchun beriladi;
“Bortdan tashqarida odam” — uchta davomli tovushli signal, bortdan odam yiqilib tushganda yoki choʻkayotgan odamni qutqarish uchun beriladi;
bitta davomli tovushli signal — kema portga, shlyuzga, kechuvlarga, suzuvchan pontonlarga yaqinlashganda beriladi;
bitta davomli, uchta qisqa tovushli signal — kema portdan joʻnab ketayotganda beriladi.
9-§. Koʻrinish cheklangan davrdagi signallar
62. 1 km dan uzoq koʻrishni cheklaydigan tuman, chang-toʻzon, qor yogʻishi, kuchli yomgʻir, qumli boʻron va boshqa noqulay sharoitlarda kema quyidagi signallarni berishi shart:
yurayotgan oʻziyurar kema — har 2 daqiqadan koʻp boʻlmagan oraliqda bitta davomli tovushli signal;
boshqa kemalarni yoki sollarni shatakka olgan kema — har 2 daqiqadan koʻp boʻlmagan oraliqda bitta davomli va ikkita qisqa tovushli signal;
kema yuradigan yoʻlda langarda yoki sayozlikda toʻxtab qolgan oʻziyurar yakka kema koʻrinish cheklangan davrda yaqinlashayotgan kemalarni ogohlantirish uchun bitta qisqa, bitta davomli, bitta qisqa tovushli signal berishi shart. Oʻziyurmas kema bunday holatda qoʻngʻiroqqa yoki metall buyumga tez-tez urish bilan tovushli signal berishi shart;
paromli kechuvlar va suzuvchan pontonlarda 2-3 daqiqalik tanaffus bilan qoʻngʻiroqqa urib tovushli signal berilishi shart.
10-§. Shatakka olingan kemalar bilan aloqa signallari
63. Shatakka oluvchining signallari asosiy tovushli signal qurilmalari bilan quyidagi tartibda berilishi shart:
“Shatakni boʻshat” — bitta davomli va bitta qisqa tovushli signal;
“Shatakni yigʻishtir” — bitta davomli va ikkita qisqa tovushli signal;
“Shatakni tashla” — bitta davomli va uchta qisqa tovushli signal;
“Shatakni bogʻla” — bitta davomli va ikkita qisqa va bitta davomli tovushli signal;
“Langarni tushir” — bitta davomli, ikkita qisqa va bitta davomli tovushli signal;
“Langarni koʻtar” — ikkita davomli va bitta qisqa tovushli signal;
“Rulda tur va izimga tush” — toʻrtta qisqa tovushli signal.
Bu signallarning roʻyxati yurish koʻprikchasiga osib qoʻyilgan boʻlishi shart.
64. Oʻziyurmas kemalardan signallar kunduz kuni — bayroqni siltash, tunda esa — oq chiroq bilan quyidagi tartibda berilishi shart:
“Signal tushunarli, bajarilmoqda” — kunduz kuni — bayroqchani gorizont boʻylab kemaning bakidan harakatlantirish: tunda esa rul rubkasiga oq chiroqni yoqish;
“Toʻxta” — kunduz kuni — bayroqni tik siltab harakatlantirib: tunda esa — kema orqa qismidan oq chiroqni tik harakatlantirish.
Signallarning roʻyxati rul rubkasiga osib qoʻyilgan boʻlishi shart.
11-§. Halokat signali
65. Kema halokatga uchragan taqdirda va boshqa kemadan yoki qirgʻoqdan yordam berilishi talab etilsa, quyidagi signallardan foydalanishi shart:
oʻziyurar kema — birvarakay yoki alohida-alohida qator davomli tovush signali yoxud tifon bilan uzluksiz sirena chalish va bu signalni qoʻngʻiroqqa yoki metall buyumga tez-tez urish bilan takrorlash;
oʻziyurmas kema — qoʻngʻiroq yoki metall buyumga tez-tez urish;
tunda barcha kemalar — aylanma chiroq yoki projektorni tez-tez yoqib-oʻchirish, kunduz kuni machtada bayroqni tik harakatlantirish;
tuman davrida signal berishga moʻljallangan har qanday apparat orqali uzluksiz signal berish;
qisqa vaqt oraligʻida (1 daqiqaga yaqin) qizil yulduzlar yogʻdusi paydo qiluvchi raketalar va granatalar otish;
parashyutli qizil rangli raketa yoki qizil rangli falshfeyer;
kemada olov yoqish (yonadigan bitum yoki yoqilgʻi moy bochkasidan);
toʻrtburchak bayroq va uning usti yoki ostida turgan shar yoki sharga oʻxshagan shakldan iborat signal;
toʻq sariq rang chiqaruvchi tutunli signal;
qoʻllarni ikki tomon yoyib, asta va takroriy koʻtarish va tushirish;
halokatning radio-telefon signallari.
66. Mazkur Qoidalarning 65-bandida koʻrsatilgan halokat yoki yordam zarurligi toʻgʻrisidagi signallarni boshqa maqsadlarda qoʻllash yoki oʻrnatish taqiqlanadi.
Halokat va yordam zarurligi toʻgʻrisidagi biror-bir signal kabi qabul qilinishi mumkin boʻlgan chalgʻituvchi signallardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Kemalar, tarkiblar gabaritlari va yoʻllarning holatiga umumiy talablar
67. Kanallar boʻylab harakatlanuvchi kemalar va tarkiblar eni boʻyicha quyidagicha zaxiraga ega boʻlishi shart (kemalarning yoki tarkiblarning bortlari orasidagi masofa hamda kemalar va kanallar qiyasi orasidagi masofa):
ikki yoʻlak boʻylab harakatlanish davrida — barcha ayrilayotgan kemalar va tarkiblarning 0.3 eni;
bir yoʻlak boʻylab harakatlanish davrida — kema yoki tarkibning 0.5 eni (tub boʻyicha);
ikki tomon yoʻnalishi boʻylab harakatlanayotgan yakka kemalarning uzunligi ularning belgilangan burilish radiusidan 3 baravar kichik;
quyi tomon harakatlanayotgan, qattiq bogʻlangan tarkibning uzunligi belgilangan burilish radiusidan 3.5 baravar, yuqori tomon harakatlanayotganda — 2 baravar kichik.
68. Ichki kema yoʻllarida kemachilik jihozlarini oʻrnatish, saqlab turish, kemalarning xavfsiz va uzluksiz harakatlanishi uchun sharoitlar yaratish suv yoʻllari texnik uchastkalari tomonidan amalga oshiriladi hamda ular kema egalarini suv yoʻllarining haqiqiy va kutilayotgan holati toʻgʻrisidagi axborotlar bilan taʼminlaydi.
69. Suv yoʻllari texnik uchastkalari ichki kema yoʻllarida quyidagi ishlarni amalga oshirishi shart:
kemachilik jihozlari, suzuvchi navigatsiya chiroqlarining uzoqdan koʻrinishini taʼminlash: oq chiroqlar — kamida 2.5 km, rangli chiroqlar — kamida 1.5 km;
suv omborlarida qirgʻoq jihozlari, suzuvchan navigatsiya chiroqlarining koʻrinish uzunligini ularning faoliyati chegarasida taʼminlash;
ichki kema yoʻllarida havo oʻtish joylari, koʻpriklarning kema yuradigan ustunlari orasi, qiyin uchastkalardan oʻtish sharoitlarini belgilangan talablar va kemachilik xavfsizligi qoidalariga muvofiqligini taʼminlagan holda, davriy nazorat qilish va kema egalarini belgilangan tartibda xabardor qilish;
ichki kema yoʻllarida joylashgan inshootlar (koʻpriklar, kechuvlar, havo va suv osti oʻtish yoʻllari, gavanlar, prichallar, reydlar) egalaridan mazkur Qoidalarning talablariga muvofiq ularning soz holatda saqlab turilishi va kemachilik jihozlari bilan taʼminlanishini talab qilish.
70. Ichki kema yoʻllarida inshootlar (koʻpriklar, dambalar, havo va suv osti oʻtish joylari, reydlar, prichallar) barpo etishga suv yoʻllari texnik uchastkalari bilan kelishgan holda yoʻl qoʻyiladi.
71. Ichki kema yoʻllarida joylashgan inshootlarning egalari quyidagilarni amalga oshirishi shart:
inshootlarda doimiy nazorat olib borish, flot ishining va inshootlarning xavfsizligini taʼminlagan holda ularni soz holatda saqlab turish;
kemachilik jihozlarining barcha belgilarini oʻrnatish va yaroqli holda saqlab turish;
vaqti-vaqti bilan va navigatsiya davrida hamda ish tugagandan soʻng akvatoriya, reydlar, zatonlar va prichallarni chiqindilardan, takelaj va begona buyumlardan tozalash;
suv yoʻllari texnik uchastkalari tomonidan belgilangan balandlik va oʻtish joyining chuqurligi hamda koʻtarma va suzuvchan koʻpriklarning kema yuradigan ustunlar oraligʻi gabaritlarini taʼminlash;
yuklash-tushirish ishlarini amalga oshirish uchun vaqtincha prichallarni tashkil etishga, ish tugagandan soʻng uni tashkil etgan egasi akvatoriyani kemachilikka xalaqit beradigan buyumlardan tozalash ishlarini amalga oshirgan holda, tegishli suv yoʻllari texnik uchastkasiga dalolatnoma asosida topshirganda yoʻl qoʻyiladi.
72. Prichal, reyd va pana joyda saqlanayotgan kemalarda suv sathining holati boʻyicha doimiy nazorat olib borilishi shart.
Kemalar sayozlikka oʻtirib qolishining oldini olish uchun qoziq oyoqqa va langarda turishga shay boʻlishi shart.
Kemalarni kran tagi yoʻllari, yoritish ustunlari va bu maqsad uchun moʻljallanmagan boshqa qurilmalarga bogʻlab qoʻyish taqiqlanadi.
73. Kemalarning va boshqa suzish vositalarining reydlarda va portlarning prichal oldilarida xavfsiz harakatlanishini nazorat qilish port boshliqlari va bunga masʼul etib tayinlangan shaxslarga yuklanadi.
74. Portga kelgan kemalar daryo floti dispetcheri yoki reyd kapitani koʻrsatgan joyga joylashtiriladi. Kema kapitanlari daryo floti dispetcheri yoki reyd kapitanidan xavfsiz harakatlanish sharoitlari, toʻxtab turish, suv chuqurligi va boshqa zarur maʼlumotlarni olishi shart.
75. Kemalarning harakatlanish va toʻxtab turish davrida quyidagilar taqiqlanadi:
kran qulochi, shlyup-balka va traplarni bortdan tashqariga tomon agʻdarib qoʻyish;
shlak, chiqindi, neft mahsulotlarining qoldigʻi, moylangan lattalarni bortdan tashqariga tashlash.
4-bob. Kemalarning harakati, manyovr qilishi va toʻxtab turishi
76. Ultra-qisqa toʻlqinli (UKV) radiostansiyalar bilan jihozlangan barcha kemalar oʻzaro harakatlarni oldindan kelishib olish uchun ularni ishlatib koʻrishlari, harakatlanish, manyovr qilish yoki langarda toʻxtab turish davrida tegishli kanalga doimo ishlab turgan boʻlishi shart.
77. Xavfli yuklar bilan yuklangan kemalar boshqa kemalar bilan UKV-radiostansiyasi orqali oʻzaro harakatlarni kelishish davrida kemalari bortida bunday yuklar mavjudligi toʻgʻrisida ularni xabardor qilishi shart.
78. Kemalar bilan mazkur Qoidalarga muvofiq tovush yoki chiroq signallari bilan almashish talab etilsa, bu signallarni berishdan oldin harakatlarni UKV-radiostansiyasi orqali oʻzaro kelishgandan soʻng amalga oshirishi shart.
79. Kema tartibga keltirilmaydigan, yaxshi koʻrinmaydigan va murakkab uchastkalarga yaqin kelganda va ular boʻyicha harakatlanayotgan davrda koʻrinish cheklangan sharoitlarda koʻrishning va suzishning qiyinlashishi UKV-radiostansiyasi boʻyicha boshqa kemalarni oʻzining joylashgan joyi va harakati toʻgʻrisida vaqti-vaqti bilan xabardor qilib turishi va boshqa kemadan ham bunday holatlar toʻgʻrisida belgilangan tovushli va chiroq signallarini olib turishi shart.
80. UKV-radiostansiyasi boʻyicha amalga oshirilgan chaqiriqqa javob olmagan kema boshqa kemaga UKV-radiostansiya yoʻq deb hisoblashi va shu vaziyatdan kelib chiqib harakat qilishi shart.
5-bob. Nazorat va xavfsiz tezlik
81. Kema haydovchisi doimiy ravishda koʻrish va eshitish orqali yetarli darajada nazoratni olib borishi hamda vaziyat va sharoitlarga qarab oʻzi boʻlib turgan vaziyatni toʻliq baholashi uchun oʻzida mavjud boʻlgan vositalar yordamida nazoratni olib borishi shart (toʻqnashish xavfi, urilib ketish, ustiga chiqib ketish, sayozlikka oʻtirib qolish, kursdan ogʻish).
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-iyuldagi 421-sonli qarori bilan tasdiqlangan Kema haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda kema haydovchisi guvohnomalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
82. Har bir kema mavjud holat va sharoitlarda xavfsiz suzishni taʼminlash uchun zarur va samarali harakatni amalga oshirish imkonini beradigan xavfsiz tezlik bilan harakatlanishi shart.
83. Kema haydovchisi xavfsiz tezlikni tanlash davrida boshqa omillar ichida quyidagilarga eʼtibor berishi shart:
suv yoʻli va kema gabaritlarining nisbiyligi;
ushbu hududda kemalar harakatining mavjudligi va intensivligi;
oʻz kemasining manyovr qilish qobiliyati, kemaning toʻliq toʻxtashi uchun yetarli boʻlgan masofa va bu sharoitlarda burilish qobiliyati;
oqim, shamol yoʻnalishi tezligi va suvning toʻlqinlanishi;
qirgʻoqdagi hamda oʻzida mavjud chiroqlarining koʻrinish holati, yorqinligi, navigatsiya belgilari va chiroqlarining mavjudligi.
6-bob. Kemalarning ayrilishi
84. Kemalar kema yuradigan yoʻl chegarasida — farvaterning oʻng tomonidan harakatlanishi, ayrilishlari uchun barcha xavfsiz choralarni koʻrishi shart.
Belgilangan kema yuradigan yoʻl chegarasida maxsus kemalardan tashqari boshqa kemalarning suzishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
85. Kemalar va tarkiblar qarama-qarshi harakatlanish davrida chap bortlari bilan ayrilishlari shart.
86. Quyidan harakatlanayotgan kema barcha holatlarda koʻrish masofasida yuqoridan kelayotgan kemadan (kechasi — uning farqlovchi chiroqlari bilan) chap bortlari bilan xavfsiz ayrilish choralarini koʻrishi shart.
Agar yoʻl sharoiti boʻyicha kemalarning ayrilishi qiyinchilik tugʻdirsa, kemalarning uchrashishi va ayrilishi eng qulay va xavfsiz joyda amalga oshirilishi shart.
87. Quyidan harakatlanayotgan kema birinchi boʻlib, qarama-qarshi kelayotgan kemaga 1.5 km qolganda davomli tovushli signal beradi va chap bortdan bayroqchani siltaydi.
Yuqoridan kelayotgan kema ayrilish uchun zudlik bilan koʻrsatilgan tomonga oʻtishi, bitta davomli tovushli signal berishi va chap tomondan bayroqchani siltashi shart. Bu holatda har bir kema tezlikni yetarlicha kamaytiradi va qarama-qarshi kema ortga qolgunga qadar ehtiyotkorlik bilan harakatlanadi.
88. Suv yoʻllarining mahalliy sharoiti tufayli qarama-qarshi kelayotgan kemani chap bortlar bilan oʻtkazib yuborishning imkoni boʻlmasa, quyidan harakatlanayotgan kema, istisno tariqasida, oldindan harakat boʻylab chap tomondan yurishi va yurishni eng past tezlikka kamaytirishi, harakatni toʻxtatishi va yuqoridan harakatlanayotgan kemani toʻsiqlarsiz oʻzining oʻng borti tomonidan oʻtkazish uchun kamida 1.5 km masofada ikkita qisqa tovushli signal berishi va oʻng tomondan bayroqchani siltashi shart.
Yuqoridan harakatlanayotgan kema zudlik bilan ikkita qisqa tovushli signal berishi va oʻng tomondan bayroqchani siltashi bilan signalni qabul qilganligini tasdiqlashi, oʻtkazib yuborayotgan kemaga yaqinlashganda oldindan tezlikni pasaytirishi (eng kichik tezlikkacha), tegishli tomonga burilishi va qancha bu zarur va xavfsiz hisoblansa, oʻtkazib yuborayotgan kema ortda qolgunga qadar harakatni shunday davom ettirishi shart.
89. Orqaga yurayotgan kema bort tomonidan uning oʻqiga yoʻnaltirilgan, kema yuradigan yoʻldan harakatlanayotgan kemani oʻtkazib yuborishi, buning uchun u birinchi boʻlib uch marotaba qisqa tovushli signal va tegishli bort tomonidan bayroqchani siltashi shart.
90. Agar suv omborining boshqa-boshqa trassalaridan harakatlanayotgan ikkita kema yoki tarkib bir-biridan yetarli masofada erkin oʻtishi mumkin boʻlsa, ular qirgʻoq boʻyicha oʻzlarini tutishi va kurs boʻyicha yoʻnalishlarini signallar almashtirmasdan davom ettirishlari mumkin.
92. Ayrilish, kemalar va tarkiblarning qarama-qarshi harakatlanishi yoki oʻzib ketishi davrida bortlari oralaridagi interval imkon qadar katta boʻlishi shart.
91. Agar quyi tomondan harakatlanayotgan kemaga bir-birining orqasidan boshqa kemalar yoki tarkiblar qarama-qarshi harakatlanib kelayotgan boʻlsa, ayrilish uchun signallar ularning har biriga alohida beriladi.
7-bob. Kemalardan oʻzib ketish tartibi
93. Kemalardan oʻzib ketish manevrlari oʻzib ketilayotgan kemaning (tarkibning) chap borti tomonidan amalga oshirilishi shart.
Oʻng bort tomondan oʻzib ketishga, istisno tariqasida, agar yoʻl, ob-havo va boshqa sharoitlar tufayli chap bort tomondan oʻzib ketishning imkoni boʻlmagan yoki qiyinchilik tugʻdirgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
94. Boshqa kemadan (tarkibdan) oʻzib ketishni koʻzlagan kema oʻzib ketiladigan kemaning yoki oxirgi bogʻlangan tarkibning ort qismiga kamida 500 metr qolganda, ikkita qisqa tovushli va bitta davomli tovushli signal berish yoʻli bilan oʻzib ketilayotgan kemadan (tarkibdan) ruxsat soʻrashi shart.
Oʻzib ketiluvchi kema soʻrovni olgandan soʻng zudlik bilan ikkita qisqa tovushli va bitta davomli tovushli signal berishi va qaysi bort tomondan oʻtishga ruxsatni bayroqchani siltashi, tezlikni pasaytirishi, qarama-qarshi tomonga oʻtishi va bu qancha zarur va xavfsiz boʻlsa, oʻzib ketish tugagunga qadar harakatni shunday davom ettirishi shart.
Oʻzib ketishning imkoni boʻlmaganda, oʻzib ketiluvchi kema “Ogohlantirish” (kamida besh marta qisqa) tovushli signal berishi shart. Bunday holatda oʻzib ketishga soʻrov takrorlanmasdan berilishi shart boʻlgan ruxsatni olgunga qadar yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzib ketishga ruxsat olgan oʻzib ketuvchi kema bayroqchani tegishli bort tomonidan siltashi va toʻliq oʻtib ketgunga va kema ortda qolgunga qadar oʻzib ketiluvchi kemadan oʻzini xavfsiz masofada tutishi shart.
95. Tezyurar kemalar qarama-qarshi harakatlanish davrida faqat chap bortlari tomonidan ayrilishlari shart, bu holda bayroqchani birinchi boʻlib yuqoridan kelayotgan kema siltaydi.
96. Tezyurar oʻzib ketiluvchi kema soʻrovni olgandan va oʻzib ketishga ruxsat bergandan soʻng zudlik bilan tezlikni pasaytirishi va oʻzib ketish tugagunga qadar suvga botgan holda harakatlanishi shart.
97. Boshqa kemalar bilan qaysi tomondan oʻzib ketish va ayrilishni tezyurar kema koʻrsatadi.
Qarama-qarshi harakatlanuvchi va oʻzib ketiluvchi kemalar koʻrsatilgan tomondan ayrilish yoki oʻzib ketishni tasdiqlashi va ayrilish yoki oʻzib ketish tugagunga qadar oʻz yoʻlidan burilmasligi shart.
98. Kema haydovchilariga quyidagilar taqiqlanadi:
bir vaqtning oʻzida uch yoki undan ortiq kema yon tomonidan perpendikulyar joylashganda oʻzib ketish va ayrilish. Kemalarning ayrilishi davrida bir vaqtning oʻzida oʻzib ketish uchun ruxsat berganlik uchun oʻzib ketiluvchi kemaning vaxta boshligʻi javobgar hisoblanadi;
avariya-taʼmirlash toʻsiqlari, kechuv paromlari, koʻprik oraliq ustunlarida va bir tomonlama harakat uchastkalarida ayrilish va kemalardan oʻzib ketish.
8-bob. Koʻpriklar, yaxshi koʻrinmaydigan va murakkab uchastkalar, arqonli kechuvlar, suv tubini chuqurlashtiruvchi zemsnaryadlardan oʻtib ketish
99. Kemalarning koʻprik ostidan faqat bu maqsad uchun moʻljallangan, tegishli navigatsiya belgilari va chiroqlari bilan jihozlangan ustunlar oraligʻidan oʻtishiga ruxsat beriladi.
100. Bitta kema yuradigan ustunli koʻprikka bir vaqtning oʻzida yuqoridan va quyidan kemalar yaqinlashganda, undan birinchi boʻlib oqim boʻyicha harakatlanayotgan kema yoki harakat yoʻnalishidan qatʼi nazar tezyurar kema oʻtishi shart.
Kemalar toʻplanib qolganda, avariya hodisalarini bartaraf etish uchun borayotgan va yongʻinga qarshi kemalar navbatsiz oʻtkaziladi.
101. Suzuvchan koʻpriklarning kemalarni oʻtkazish uchun moʻljallangan seksiyalari ularning egalari va kemaga ega korxonalar bilan kelishilgan holda, jadval boʻyicha belgilangan kunlar va soatlarda kunning yorugʻ vaqtlarida ajratilishi shart.
102. Temir yoʻl koʻpriklarining ustunlari ularning oʻrtasida joylashgan bitta yashil chiroq bilan yoritiladi, kema yoʻli egri boʻlganda ustunda birinchi chiroqdan bir metr pastda egri kema yoʻli yoʻnalishi boʻyicha ikkinchi yashil chiroq oʻrnatilishi shart.
103. Kema yuradigan yoʻlning holatiga, koʻpriklardagi, koʻprik oldi uchastkalaridagi turgʻun va suzuvchan belgilarga qarab turish hamda chuqurliklar, balandliklar va oqim xarakteri toʻgʻrisidagi axborotlarni berib turish, har kuni ertalab va kechqurun koʻprik tagi farvaterini tekshirib turish, zarur hollarda keyingi oʻzgarishlarga qarab belgilarni oʻzgartirib turish va bular haqida kema egalarini xabardor qilib turish suv yoʻllari texnik uchastkalariga yuklanadi.
Koʻprik oldi uchastkalaridagi kema yoʻlining chuqurligi yetarli boʻlmasa, ustun oralari tor va egri boʻlsa, oqim yoki shamol yoʻnalishi ustunlarga uriladigan, koʻrinish cheklangan boʻlsa (tuman, chang havo) suv yoʻllari texnik uchastkasi kemalarning koʻprik tagidan harakatlanishini toʻxtatadi va bu toʻgʻrisida kema egalarini xabardor qiladi.
104. Kema yoki tarkibning gabaritlari koʻprikning kema yuradigan ustunlari oraligʻi gabaritlariga va shatakka oluvchining quvvatiga mos boʻlishi shart.
Koʻprik fermasining eng past qismi va kemaning eng baland nuqtasi orasidagi zaxira 0.5 metrdan kam boʻlmasligi shart.
Oqim boʻyicha koʻprik tagidan yuk koʻtarish qobiliyati 500 tonnagacha boʻlgan ikkita barjadan iborat tarkibni shatakka olib oʻtkazishda, ular izma-iz bogʻlangan holda old qismi quyi tomon yoʻnaltirilgan, orqa tomondan zanjirlar suvga tushirilgan boʻlishi shart.
105. Ponton koʻpriklarining ajratilgan seksiyalari orqali tarkiblarni oʻtkazish faqat tegishli suv yoʻllarining texnik uchastkalari va koʻprik egalari bilan kelishilgan jadval boʻyicha belgilangan vaqtlarda, kunduz kuni amalga oshirilishi shart.
106. Ponton koʻpriklarning ajratilgan qismidan kemalarni va tarkiblarni oʻtkazish unga yaqin joylarda va kema yuradigan ustunlar oraligʻida kema tubidagi suv zaxirasi 10 sm dan kam boʻlganda taqiqlanadi.
Sayoz boʻlib qolgan kema yuradigan yoʻllarni kemaning harakatlantirish mexanizmlari bilan chuqurlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
107. Ponton koʻprigining ajratiladigan qismining eni tarkib enining uch baravaridan kam boʻlmasligi shart.
Ponton koʻprikning ajratilgan seksiyalari shunday oʻrnatilishi kerakki, kema yuradigan oraliq masofa qisqarmasligi shart.
Langarli pontonlar kema yoʻlining chetiga olib qoʻyilishi shart.
108. Barcha turdagi koʻpriklardan va kechuvlardan oʻtish davrida kemani kapitanning oʻzi boshqarishi shart.
Lotsmanning xizmatidan foydalangan davrda kapitandan javobgarlik olib qoʻyilmaydi.
Koʻprikning kemalar toʻxtash punktlari va koʻprik ustunlari orqali oʻtkazish uchun tarkiblarni shakllantirish koʻprik egasi bilan kelishiladi.
109. Quyidagi hollarda kemalar va tarkiblarni koʻprikning ajratilgan qismidan oʻtkazishga ruxsat etiladi:
oʻziyurar kemalarning dvigateli, harakatlantiruvchilari, rul va langar qurilmalari hamda masofadan avtomatik boshqarish tizimi soz holda boʻlganda;
kema texnik soz va boshqariladigan boʻlganda;
oʻziyurmas kemalarning langar va shatakka olish qurilmalari soz boʻlganda;
izma-iz yoki yonma-yon bogʻlangan va 15 metrdan kam boʻlmagan shatakka olingan 500 va 300 tonna boʻlgan ikkita barja yoki 500 tonnadan boʻlgan ikkita barjadan iborat boʻlgan tarkibni oqim boʻylab shatakka olganda, halqasining diametri 17 millimetrdan kam boʻlmagan har bir oxirgi barjadan 75 metr sudralma zanjir tashlanib harakat qilganda;
orqa tomoni bilan suv oqimi boʻylab bitta barjadan zanjir tashlamasdan tushirilganda;
oqimga qarshi harakat qilganda, kemaning quvvatiga yoki tarkibning vazniga qarab 15-20 metrgacha shatak arqoni bilan uchtagacha barja shatakka olinganda, oxirgi barjadan uzunligi 50-75 metr sudralma zanjir tashlanganda.
110. Bogʻlash, shatakka olish, langar va rul qurilmalari nosoz kemalarni ponton koʻpriklarning ajratilgan qismidan oʻtkazishga, agar bu kemalar taʼmirlash uchun borayotgan yoki yoʻl-yoʻlakay yuklangan boʻlsa, faqat kapitan murabbiy yoki reyd kapitani rahbarligida yoʻl qoʻyiladi.
Kapitan murabbiy yoki reyd kapitani muayyan vaziyat va sharoitlarga qarab, avariya holatlarining oldini olish choralarini koʻradi va kemalarni xavfsiz oʻtkazib yuborish uchun toʻliq javobgar hisoblanadi. Uning ixtiyoriga dvigatelining quvvati bu ishlarni bajarishga moʻljallangan oʻziyurar kema ajratilishi shart.
111. Oqim boʻyicha harakatlanuvchi tarkiblarning oraliq masofasi 1 km dan, oqimga qarshi harakatlanuvchilarning oraliq masofasi esa 600 metrdan kam boʻlmasligi shart.
112. Koʻprikka yaqin joylarda kema yuradigan yoʻl egri va ponton koʻprigiga suv oqimi yon tomondan boʻlsa, kapitan barjani shatakka oluvchining iziga yoʻnaltirish uchun yordamchi oʻziyurar kema talab qilishi mumkin.
113. Koʻprikka yaqin joylarda va koʻprikning kema yuradigan ustunlari orasidagi kema tubidagi suv zaxirasi 10 santimetrdan kam boʻlsa, kemalar va tarkiblarni oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
114. Kema kapitanlari koʻprik ustunlari orasidan kemalarning xavfsiz oʻtishini taʼminlash uchun kema boshqarish amaliyotida yoki alohida vaziyatlarda qoʻllaniladigan barcha choralarni koʻrishlari shart.
115. Arqonli kechuv paromlari kelayotgan kemalarga oʻz vaqtida kema yuradigan yoʻlni boʻshatishi va ular yaqinlashganda qirgʻoqdan harakatni boshlamasligi shart.
116. Semaforlar yuqori tomondan koʻprik ustunlarigacha kamida 2.5 km masofada, quyidan — koʻprikdan kamida 500 metr oldin oʻrnatiladi.
Navigatsiya belgilari ayrilish va oʻzib ketish murakkab boʻlgan yoʻl uchastkalariga yaqin joylarga oʻrnatiladi.
Ponton koʻpriklarga kirish joyida kema yuradigan yoʻlning gabaritlarini koʻrsatish uchun signal machtalari boʻlishi shart.
Koʻprikdagi signallarga qarab turish, semafor va navigatsiya belgilariga xizmat koʻrsatish suv yoʻllari texnik uchastkalari tomonidan amalga oshiriladi.
117. Kemalar qarama-qarshi kelayotgan kemalarni oldindan koʻrib boʻlmaydigan, tartibga keltirilmaydigan yaqqol koʻrinmaydigan, yoyilib oqadigan, egri va tor joyga kirish davrida tezlikni pasaytirishi va bitta davomli tovushli signal berishi shart.
Kechki vaqt bu signal yuqoriga yoʻnaltirilgan projektor chiroqlari nuri bilan takrorlanishi shart.
Kemalar bunday uchastkalarga kirgandan soʻng ikkita davomli tovushli signal berishi, bunday uchastka katta masofada boʻlsa ikkita davomli tovushli signalni har 2-3 daqiqada takrorlashi shart.
118. Qarama-qarshi harakatlanayotgan kema uchastkaning bandligiga ishonch hosil qilgandan soʻng xavfsiz ayrilishni (oʻtkazib yuborish) taʼminlash uchun choralar koʻrishi, agar uchastka bir tomonlama boʻlsa, qarama-qarshi kemani oʻtkazib yuborish uchun toʻxtashi shart.
119. Harakat bir tomonlama boʻlgan uchastkaga kirish uchun oqimga qarshi harakatlanayotgan kema xavfsiz joyga toʻxtashi va oqim boʻyicha harakatlanayotgan kemani oʻtkazib yuborishi shart.
120. Kema yuradigan yoʻlda ishlayotgan zemsnaryadga yaqinlashgan kema kamida 1 km masofadan bitta davomli tovushli signal berishi shart.
121. Zemsnaryad kemani oʻtkazib yuborish uchun unga yetarli boʻlgan kema yoʻli qismini boʻshatishi, bitta davomli tovushli signal berishi va oʻtish tomonini bayroqcha yoki impulsli chiroqni siltab koʻrsatishi, qorongʻi vaqtda esa tent chiroqlarini yoqib-oʻchirib — agar zemsnaryad chap qirgʻoqqa oʻtgan boʻlsa — oq, oʻng qirgʻoqqa oʻtgan boʻlsa — qizil chiroqlarni yoqib-oʻchirib signal berishi shart.
122. Qorongʻi vaqtda kema yuradigan yoʻlning chap tomoni chekkasida ishlayotgan zemsnaryad bitta aylanma oq, oʻng tomon chekkasida — bitta aylanma qizil chiroqni yoqib-oʻchirib signal berishi shart.
123. Zemsnaryad yonidan oʻtib ketishga ruxsat beruvchi signalni olgan kema tovushli signal bermasdan bayroqchani siltab javob qaytarishi va ehtiyot choralarini koʻrib oʻtishi shart.
124. Bir vaqtning oʻzida zemsnaryadga oqim boʻyicha va oqimga qarshi kemalar yaqinlashganda, oqim boʻyicha harakatlanayotgan yoki yoʻnalishidan qatʼi nazar, tezyurar kema birinchi navbatda oʻtkazib yuborilishi shart.
125. Oʻtkazib yuborishning imkoni boʻlmaganda, zemsnaryad yaqinlashib kelayotgan kemaga kamida 1 km qolganda 5-marta qisqa tovushli signal yoki tez-tez qoʻngʻiroq urib ogohlantirish signalini berishi shart.
Bunday signalni olgan kema zudlik bilan takroran soʻrov bermasdan ruxsat olgunga qadar harakatni toʻxtatishi shart.
126. Kema yuradigan yoʻllarda suv osti yoki gʻavvoslik ishlari bilan band boʻlgan kemalar yonidan oʻtish zemsnaryadlarning yonidan oʻtish kabi signallar almashish orqali amalga oshiriladi.
9-bob. Amudaryo daryosida suzish
127. Kema yoʻlining chuqurligi, kengligi, burilish radiusi, kemalarning tubi boʻyicha oʻrnatilgan suv zaxirasi boʻlgan kema yoʻli gabaritlari orasidagi nisbiylik muvofiq kelmaganda, daryoda quyidagi ishlar amalga oshirilgandan soʻng kemalar va tarkiblarning harakatlanishiga ruxsat beriladi:
barcha kemalar suvga botishi boʻyicha kema yoki tarkibni koʻp suvli uchastkaga oʻtish imkonini bermaydigan chuqurlikni koʻrsatuvchi signal machtasiga yoki qirgʻoq belgisiga yaqinlashganda toʻxtashlari va vaxta boshliqlari suv yoʻllari texnik uchastkasi xodimlaridan suv yoʻlining holati toʻgʻrisida axborot olishlari, agar suv yoʻllari xizmatining xodimlari boʻlmasa, yoʻlning sayoz uchastkasini tekshirishi;
suv yoʻllari texnik uchastkalari xodimlari tomonidan sayoz uchastkadan oʻtishga qarshilik boʻlmasa, suvning yoyilib oqish uchastkasi boshqa kema bilan band emasligini, suv tubidagi yer yumshoq va oson yuvish mumkin ekanligini tekshirishi;
kema tubida zaxira suv boʻlmagan sayoz uchastkaga kirishdan oldin shatakka olingan kemalarning komandasini oldindan sayozlik orqali harakatlanishi toʻgʻrisida ogohlantirishi;
sayoz uchastkaga kirishdan oldin vaxta boshligʻining ruxsati bilan tarkibni yechish, bogʻlangan zanjirlarni yigʻib olish, langarlarni koʻtarish hamda xavfsiz suzishni taʼminlovchi boshqa choralarni koʻrish.
Suv yoyilib oqqan uchastkada bir nechta tarkib yigʻilib qolganda, ularni yoyiq joydan oʻtkazish uchun suv yoʻllari texnik uchastkasi xodimi rahbarlik qiladi.
128. Kema tubida zaxira suv boʻlmagan va suv tubida tosh borligini bildiruvchi belgi bilan belgilangan va suv yoʻllari texnik uchastkalarining radio byulletenlarida eʼlon qilingan qattiq yerli uchastkada (tosh, shagʻal) harakatlanish taqiqlanadi.
Bunday holatlarda kemalarning tubidagi suv zaxirasi quyidagi jadvalda koʻrsatilganidan kam boʻlmasligi shart:

Chuqurligi, metrda

Oʻziyurar kemalar va shataklanuvchi tarkiblar,

mm da

Erkin yoʻllarda santimetrda

Kanallarda barchasi, mm da

Neft mahsulotlari va portlovchi vositalarni tashuvchi kemalar

Shatakka olingan oʻziyurmas kemalar

qumli va shagʻalli yerda, mm da

toshli yerda

qumli va shagʻalli yerda, mm da

toshli yerda, mm da

1.5 gacha

100

100

150

50

100

150

1.5 — 3.0

150

150

200

100

150

200

3 dan ortiq

200

200

250

150

200

300

129. Tarkiblar va suv yoʻllarining gabaritlari orasidagi eng kam yetarli nomuvofiqlik tegishli suv yoʻllari texnik uchastkalari tomonidan daryoning toʻlqinlanishi, navigatsiya davri, shataklovchilarning tortish quvvati va harakat yoʻnalishiga qarab belgilanishi shart.
Suv yoʻllarining sharoitlari va daryo boʻylab harakatlanish yoʻnalishiga qarab, navigatsiyaning turli davrlarida tarkiblarning uzunligi va suvga botishi qisqarishi mumkin.
130. Suv yoʻllari texnik uchastkalari daryoning nazorat gidropostida suv sathining 1 metrdan ortiq pasayganligini aniqlasalar, bu uchastkani murakkab joyining yuqori yoki quyi qismida haqiqiy chuqurlik koʻrsatilgan signal machtasi yoki qirgʻoq belgisi oʻrnatib, erkin harakatlanish uchun yopib qoʻyishlari shart.
Erkin harakatlanish uchun ogohlantiruvchi choralarni koʻrmasdan kemalarning xavfsiz harakatlanishiga tahdid soluvchi, yetarli chuqurlikka ega boʻlgan, biroq tor yoki aylanma yoʻl, suv usti yoki suv osti toʻsiqlariga ega boʻlgan uchastkalar ham yopilishi shart.
131. Agar kemalarning erkin harakatlanishiga cheklanishlar oʻrnatilgan boʻlsa, u holda suv yoʻllari texnik uchastkalarining masʼul xodimlari cheklanishlar oʻrnatilgan uchastkada oʻzan shaklining oʻzgarishi va flot harakati ustidan doimiy nazorat oʻrnatishi va suv sathini tez-tez oʻlchab turishi, eng chuqur joylarni ishora qozigʻi va bakenlar bilan oʻrab qoʻyishi, oʻtib ketayotgan kemalarni kuzatib qoʻyishi va kema boshqaruvchilarini suv yoʻllari holati toʻgʻrisida xabardor qilishi shart.
132. Kema yoʻllarida harakatlanish uchun cheklanish joriy etilganligi toʻgʻrisida suv yoʻllari texnik uchastkalarining boshliqlari va bu uchastkalarda harakatlanayotgan kema egalari xabardor qilinishi shart.
133. Kema kapitanlari ichki kema yoʻllari boʻyicha kemachilik jihozlarining mavjudligi va bu jihozlarning toʻgʻri oʻrnatilganligini kuzatib borishi va kema yoʻllarining oʻzgarib turishiga qarab, kema harakatini vaziyat boʻyicha muvofiqlashtirib borishi shart.
134. Ichki kema yoʻllarini belgilashda nomutanosiblik yoki kemachilik jihozlari belgilarini standart va turidan chetga ogʻishganligi aniqlanganda, kema kapitani suv yoʻllari texnika uchastkasiga mavjud holat boʻyicha xabar berishi va bu uchastkada suzadigan barcha kemalar uchun ogohlantirish yuborish yoʻli bilan avariya holatlarini bartaraf etishni taʼminlaydigan choralar koʻrishi shart.
Suv yoʻllarining texnik uchastkalari bu haqda kemachilik registri inspektori va kema egalarini xabardor qilishi shart.
135. Ichki kema yoʻllarida kuzatilgan nosozliklar va koʻrilgan choralar toʻgʻrisida kapitan vaxta jurnaliga qayd etishi shart.
Ichki kema yoʻlining sayoz, yoyiq va toʻlqinli yoyiq uchastkalarida tezlik pasaytirilishi shart.
136. Vaxtani olib borish vaqtidan qatʼi nazar, quyidagi uchastkalarda kemani kapitanning oʻzi boshqarishi shart:
Ayvajning quyi qismi, Kachiguzar, Oltin oroli, Xatirobod irmogʻi, Hayraton temir yoʻl koʻprigi, Ayritom, Oq togʻ, Gʻishtepa, Eski Termiz, Tuyamoʻyin, Taxiatosh, Toʻrtkoʻl koʻprigi, Beruniy koʻprigi, Qipchoq koʻprigi, Qipchoq buruni, 152-postning suv osti toshli yoʻli, Taxiatosh shlyuzining yuqori byef yoʻli, Xoʻjayli — Nukus avtomobil yoʻli, Begab, Qizil jar.
10-bob. Tarkiblarni shakllantirish
137. Tarkiblarni shakllantirish ishlari ichki kema yoʻllarining gabaritlari, kemalarning texnik holati, ularning yuk koʻtarish qobiliyati va suvga botishi, har bir kemaning alohida ishlatish sifatlari va tashilayotgan yukning turini inobatga olib amalga oshiriladi.
Tarkibning boshida birinchi boʻlib bogʻlanadigan eng uzun, enli va suvga koʻproq botishga ega boʻlgan kema qoʻyiladi.
Yuklangan kemalar bilan birga boʻsh kemalar ham tarkibga kiritilsa, ular tarkibning oxiriga joylashtiriladi.
138. Kemalarni tarkibga sirtmoq yoki boshqa uzun bogʻlamlar bilan bogʻlash hamda sahnadan ochilgan teshik, komings, karlings, shpil, klyuz va kemalarning bu maqsadga moʻljallanmagan qurilmalariga bogʻlash qatʼiyan taqiqlanadi.
Har bir bogʻlangan arqon istalgan vaqtda alohida erkin yechilish yoki boʻshatish imkonini berishi shart. Tarkibni bogʻlash uchun barja shkiperi javobgar hisoblanadi.
139. Shatakka oluvchi teploxodning kapitani teploxodning quvvatidan yuqori darajada foydalanishi, shatakka olishning eng samarali uslublarini qoʻllashi, tarkibga kemalarni qulay joylashtirishi, shatak, bogʻlash arqonlarining uzunligi va qalinligini toʻgʻri tanlashi hamda harakat tezligiga rioya etishi, oqimga qarshi harakatlanganda tinch oqimli uchastkadan foydalanishi shart.
140. Tarkiblarning oqim boʻyicha harakatlanish davrida suv yoʻlining toʻsatdan oʻzgarishi natijasida shatakka oluvchi sayozlikka oʻtirib qolgan vaqtda, shatakka olingan kemalar oʻz inersiyalarini kamaytirish va shatakka oluvchiga urilishning oldini olish maqsadida tarkibning barcha kemalari orqa tomonidan sudralma zanjirlar yoki maxsus tayyorlangan lot tashlashi shart.
Quvvati 300 — 400 ot kuchiga ega boʻlgan har bir shatakka oluvchi kemada 200 metrdan kam boʻlmagan, quvvati 100 — 180 ot kuchiga ega boʻlgan kemada 75 metrdan kam boʻlmagan zanjirlar boʻlishi shart.
141. Kemalarni lotsiz boshqarishda qisqa uchastkalarda, qachonki shatakka oluvchi shatakka olinuvchi kemalarga nisbatan kamroq suvga botishga ega boʻlsa, suzishga ruxsat etiladi.
11-bob. Chegara hududlarida suzish
142 Chegara hududlarida suzish Xalqaro bitimlar va Oʻzbekiston Respublikasining chegara hududlarida faoliyat yuritishni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari hamda mazkur Qoidalar bilan tartibga keltiriladi.
143. Yorituvchi kemachilik jihozlari mavjud boʻlmagan uchastkalarda kemalarning suzishiga kecha-kunduz ruxsat etiladi va ushbu uchastkalarda qorongʻilik va kunduz kuni havoning oʻzgarishi tufayli harakatlanish murakkablashsa, kema langarda yoki belgilangan qirgʻoqda toʻxtab turishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Toʻxtab turish joylari Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari chegara nazorati boʻlinmalari tomonidan suv yoʻllari texnik uchastkasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
(143-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-noyabrdagi 754-sonli qarori tahririda)
Farvaterda toʻxtab turgan vaqtda ov, choʻmilish hamda odamlarni bortga olish va tushirish, yuklarni yuklash va tushirish taqiqlanadi.
Kemalarni chegaradosh davlat qirgʻogʻiga yaqin joylarda langarda toʻxtab turishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
144. Chet elga suzadigan kemalarga chegarani kesib oʻtish huquqini beruvchi hujjatlar mavjud boʻlganda, xorij davlat portlari yoki pristanlariga toʻxtab turishga ruxsat beriladi.
Kemada avariya holati yoki tabiiy ofat sababli maxsus toʻxtab turish joyida toʻxtashning imkoni boʻlmasa, oʻng qirgʻoqning biror-bir joyida langarda turishi yoki bogʻlashga yoʻl qoʻyiladi, bu holda kema kapitanlari Chegara nazorati boʻlinmalariga chaqiruv signali berishlari shart.
145. Oʻng qirgʻoqda bogʻlash davrida kema komandasiga bogʻlash arqoni uzunligidan ortiq uzoqlikka borishi taqiqlanadi.
Qirgʻoqda olov yoqish, oʻtin tayyorlash, har xil buyumlarni qoldirish hamda zarurat boʻlmasdan qirgʻoq va sayozlikka chiqish taqiqlanadi.
Toʻxtab turish joyidan joʻnab ketganda, vaxta boshligʻi va barja shkiperi kemada komandaning toʻliqligi va qirgʻoqning holatini tekshirishi shart.
146. Kemadan qayiqlarni suvga tushirishga “Bort ortida odam” trevogasi boʻyicha sayoz joylarni oʻlchash ishlarini amalga oshirishda belgilarga xizmat koʻrsatish, ularni boshqa joyga koʻchirishda va avariya holatlarida ruxsat beriladi.
Qayiqda kamida ikki kishi boʻlishi, kema qayiqlarida balandligi 10 santimetrdan kam boʻlmagan harflar bilan kemaning bort raqami, nomi va kema egasining nomi yozilgan boʻlishi, tunda qayiqlar oq chiroq olib yurishlari shart.
147. Kemalarning Chegara nazorati boʻlinmalari bilan aloqalari quyidagi signallar yordamida oʻrnatiladi:
“toʻxtashni talab etaman” — tunda bitta qizil raketa otish, kunduz kuni — oq bayroqni siltash;
“Chegara nazorati boʻlinmalari vakillarini chaqirish” — ikkita davomli tovushli signal, bitta qisqa va bitta davomli tovushli signal berish;
koʻrish signali — kunduz kuni — machtada qizil bayroqni tushirish va koʻtarish, tunda — machta chiroqlarini yoqib oʻchirish.
148. Chegara hududlarida kemachilik jihozlari va belgilarini oʻrnatish suv yoʻllari texnik uchastkasi tomonidan Chegara nazorati boʻlinmalari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
149. Kemalar va ularning ekipaj aʼzolarini chegara hududlarida suzishga oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan kema xizmatiga asosan ruxsat beriladi. Kema kapitani chegara naryadining birinchi talabi boʻyicha kema xizmati hamda tegishli hujjatlarni taqdim etishi shart.
150. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi hududidagi daryo floti dispetcherlari va kema kapitanlari kema egasiga va chegara nazorati boʻlinmalariga quyidagi maʼlumotlarni yetkazishlari shart:
chegaradosh davlat hududi tomonidan kemalarni yoki obyektlarni egallab olishga urinishlar;
qirgʻoqqa chegara buzuvchilarni tushirishi yoki tushirish alomatlari sezilganda yoki chegara buzuvchilarning qirgʻoqdan joʻnab ketishi;
odamlarning suzish vositalari yoki ularsiz daryodan suzib oʻtishi;
kema bortidan odamlarning yoki suzish vositalarining yoʻqolishi;
qirgʻoqdan kemani olib qochish yoki oʻgʻirlash, shuningdek, belgilangan vaqtda prichalga qaytmaganligi yoki hujjatlarni rasmiylashtirmasdan joʻnab ketishi;
suzish vositasi yoki ularsiz suzayotgan odamlarni bortga olishning barcha holatlari.
Koʻrsatilgan maʼlumotlar aloqa kanallari boʻyicha Chegara nazorati boʻlinmalari bilan kelishilgan parol boʻyicha uzatilishi shart.
151. Kemalarga ega korxonalarning maʼmuriyati va daryo floti dispetcherlari kanal orqali xabarnomani olgandan soʻng zudlik bilan Chegara nazorati boʻlinmalarining tezkor xizmatlarini hamda oʻtkazish punkti nazorat boʻlimini xabardor qilishlari shart.
152. Kema kapitanlari daryoda qoʻlbola vositalarda yoki ularsiz, suzuvchi vositalarda suzuvchilarni aniqlasa — suzuvchilarni bortga olishi, suzuvchi vositalarini esa ushlab qolishi va zudlik bilan kema egalari va Chegara nazorati boʻlinmalariga kelishilgan parol orqali xabar berishi va keyin ularning koʻrsatmalari boʻyicha harakat qilishi shart.
153. Kema egalarining daryo floti dispetcherlari xabarni olgandan soʻng zudlik bilan Chegara nazorati boʻlinmalari va oʻtkazish punkti nazorat boʻlimi tezkor xizmatini xabardor qilishi hamda har kuni soat 08:00 va 20:00 da xorij davlati portlarida turgan kemalarni qoʻshgan holda oʻtish joylarida turgan kemalarning joylashganligi toʻgʻrisida maʼlumot beradi. Barcha maʼlumotlar lotsman xaritasi (kilometr bilan) yoki manzil (aholi punkti, togʻlar, qirgʻoq belgilari) boʻyicha beriladi.
154. Kema kapitanlari “General Moʻmin” va Ayvaj portlari koʻpriklaridan oʻtish davrida Chegara nazorati boʻlinmalari talablariga qatʼiy amal qilishi shart.
12-bob. Kemalarda xavfli yuklar va zararli gaz ajratib chiqaruvchi yuklarni tashish
155. Xavfli yuklarga neft mahsulotlari, portlovchi va tez alanga oladigan vositalar hamda suv bilan qoʻshilganda reaksiyaga kirishib, yuqori temperatura ajratib chiqaradigan yoki alanga oladigan kimyoviy yuklar kiradi. Zararli gaz ajratib chiqaradigan kimyoviy yuklarga suv yoki havo bilan qoʻshilganda, zararli gaz yoki kimyoviy yukning oʻzi changlanib ketadigan yuklar kiradi.
156. Mazkur Qoidalarning 155-bandida koʻrsatilgan yuklar bilan yuklangan yoki tushirgandan soʻng ularning qoldigʻi boʻlgan kemalar portda yoki reydlarda boshqa kemalardan alohida qoʻyilishi shart. Bunday kemalarni reydda ikki yoki undan koʻp yonma-yon bogʻlash yoki qoʻyish qatʼiyan taqiqlanadi.
157. Xavfli yuklar yuklangan kemalar toʻxtab turganda machtasida: kunduz kuni — qizil toʻrtburchak bayroq, tunda — akkumulyator batareyasi manbasidan yoritiladigan, butun gorizont boʻyicha koʻrinadigan bitta qizil chiroq, shatakka olingan davrda esa butun gorizont boʻyicha koʻrinadigan bitta oq chiroq boʻlishi shart.
13-bob. Koʻrinish cheklangan sharoitlarda kemalarning suzishi
158. Gorizont boʻylab koʻrinish masofasi 1 kmdan kam boʻlganda kemalarning harakatlanishi taqiqlanadi.
159. Koʻrinish cheklangan davrda kema yoki tarkib faqat langarda toʻxtab turish uchun joyni tanlash uchun oʻzining harakatini davom ettirishi mumkin. Bu holatda kema muntazam koʻrish va eshitish orqali vaziyatni nazorat qilib borishi, tegishli tovushli signallarni berishi hamda radioaloqa boʻyicha efirda, oʻzi boʻlib turgan vaziyat va joylashuvi toʻgʻrisida xabar berishi shart.
160. Keyingi harakat toʻgʻrisida qaror qabul qilishda haqiqiy koʻrish masofasi, harakat intensivligi, kemalar (tarkiblar) gabaritlarining suv yoʻli gabaritlariga nisbiyligiga alohida eʼtibor qaratishi shart.
161. Radioaloqa boʻyicha muloqot olib borish davrida oʻzaro harakatlar aynan shu kema bilan kelishib olayotganligini aniq bilishi shart.
162. Harakatlanuvchi va toʻxtab turgan kemalar koʻrinish cheklangan davrda quyidagi signallarni berish orqali atrofdagi kemalarni ogohlantirishi shart:
harakatdagi kemalar har 2 daqiqadan koʻp boʻlmagan oraliqda — bitta davomli tovushli signal;
kemalarni yoki sollarni shatakka olgan kema har 2 daqiqadan koʻp boʻlmagan oraliqda — bitta davomli va ikkita qisqa tovushli signal;
koʻrinish cheklangan davrda kema yuradigan yoʻl chegarasida langarda yoki sayozlikda turgan oʻziyurar kema yaqinlashayotgan kemalarni ogohlantirish uchun bitta qisqa, bitta davomli va bitta qisqa tovushli signal berishi shart. Ekipajga ega boʻlgan oʻziyurmas kema bunday holda qoʻngʻiroqqa yoki metall predmetga tez-tez urish bilan signal beradi.
14-bob. Kemalardan ayrilish (oʻtkazib yuborish) va oʻzib ketish
163. Koʻrish masofasi 1 kmdan kam boʻlgan davrda qarama-qarshi harakatlanayotgan kemalar bir-birlaridan ayrilish vaqtida ular oldindan radioaloqa boʻyicha qulayroq joyni kelishib olishlari va faqat chap bortlari bilan ayrilishlari shart.
164. Oqimga qarshi harakat qiluvchi kema kelishilgan joyga yetib kelganda, qancha zarur va xavfsiz boʻlsa oʻng tomonga oʻtishi, toʻxtashi yoki tezlikni eng kam tezlikkacha pasaytirishi va qarama-qarshi kelayotgan kemani (tarkibni) chap borti tomonidan oʻtkazib yuborishi shart.
165. Oqim boʻyicha harakat qiluvchi kema kelishilgan joyga yetib kelganda, oldindan tezlikni eng kam tezlikkacha pasaytirishi, qancha zarur va xavfsiz boʻlsa oʻng tomonga oʻtishi va qarama-qarshi kema ortga qolgunga qadar shunday tezlikda harakat qilishi shart.
166. Koʻrish masofasi cheklangan davrda kemalarning bir-biridan oʻzib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15-bob. Kemalarning toʻxtab turishi Langarda toʻxtab turgan kemalarga qoʻyiladigan talablar
167. Kemalar, tarkiblar va sollar maxsus ajratilgan reydlarda joylashish va toʻxtab turish tartibiga rioya etgan holda langarda turishlari shart.
168. Reydlarda kemalar, tarkiblar va sollarning joylashtirilishi va toʻxtab turishi mahalliy suzish sharoitlardan kelib chiqib ishlab chiqilgan mahalliy qoidalar va mazkur Qoidalar bilan oʻrnatilgan tartibda belgilanadi. Reydlar navigatsiya xaritalarida koʻrsatilgan boʻlishi shart.
169. Kemalar, tarkiblar va sollarning harakatlanish yoʻlida yoki reydlar boʻlmagan joylarda langarda turish uchun zarurat paydo boʻlganda, ular kema yuradigan yoʻlga yaqinroq boʻlgan, boshqa kemalarning harakatlanishiga va manyovr qilishiga xalaqit bermaydigan xavfsiz joyda langarda toʻxtab turish joyini tanlashi shart.
170. Kemalar, sollar, debarkader, zemsnaryad, suzuvchan koʻprik va boshqa suzuvchi vositalardan tashlangan langarlar harakatlanayotgan kemalarga xavf tugʻdirmasligi shart.
Kemalardan tashlangan toʻrt shoxli va admiralti langarlar oq va qizil hoshiya bilan boʻyalgan buylar (qalqovich) bilan belgilangan boʻlishi shart.
Buyning uzunligi shunday boʻlishi lozimki, langar tashlangandan soʻng buy ortiqcha zaxirasiz suvning yuzida boʻlishi shart.
Langar va bogʻlash zanjirlarini buysiz tashlash taqiqlanadi. Har bir langarda, uning vazni va mansubligi koʻrsatilgan tamgʻa boʻlishi shart.
171. Barcha kemalar toʻxtash zarur boʻlganda farvaterdan tashqarida, ustun va kema yoʻli oʻzgarishini koʻrsatib turadigan belgilardan 100 metrdan kam boʻlmagan masofada va boshqa kemalarning harakatlanishiga xalaqit bermaydigan joyda toʻxtashi shart.
Koʻprik, suv inshootlari oldidagi sayoz, burilish va tor joylar, debarkader hududi, yoʻlovchi va yuk prichallariga kirish joylari, kechuv joylari, navigatsiya belgilari, suv osti kabellari yotqizilgan joylar, suv osti oʻtish joylari, suv olinadigan joylar, suv qisilib oqadigan qirgʻoqlar va suv yoʻllari texnik uchastkasi tomonidan alohida eʼlon qilingan joylarda toʻxtab turish taqiqlanadi.
Kemachilikni siqib qoʻyayotgan kemalar va boshqa suzuvchi inshootlar ushbu kemalar va suzuvchi inshootlar egalari tomonidan boshqa joyga oʻtkazib qoʻyilishi shart.
Xuddi shunday prichal yonida turgan, yuklash operatsiyalari bilan band boʻlmagan yoki yuklash operatsiyalarini bajarishga yoki boshqa kemalarning harakatlanishiga xalaqit berayotgan kemalar ham boshqa joyga oʻtkaziladi.
Kemalar yoʻlovchi debarkaderlari va doklardan 200 metrdan kam boʻlmagan masofada langarda toʻxtab turishi yoki prichalga bogʻlanishi shart.
172. Neft mahsulotlari (yoki ularning qoldigʻi boʻlgan), portlovchi, zaharlovchi vositalar va tez alanga oladigan yuklar bilan yuklangan kemalar portlar va reydlarda, kemalarga ishlov berish boʻyicha mahalliy qoidalar bilan belgilangan maxsus joylarda alohida turadi. Boshqa kemalar bu kemalardan 300 metrdan kam boʻlmagan masofada joylashtiriladi.
173. Kemalar farvaterda yoki unga yaqin joyda toʻxtab turganda, qirgʻoqqa bogʻlangan yoki langarda toʻxtab turganda doimo nazorat ostida boʻlishi, vaxtadagilar esa mazkur Qoidalar bilan belgilangan signallarni berib borishi shart.
174. Shatakka oluvchi kema shatakka olingan kemani bogʻlash yoki uni langarga qoʻyish davrida u kema yuradigan yoʻlni ozod etmagunga qadar qoldirishi mumkin emas va shatakka oluvchining vaxta boshligʻi shatakka olingan kemaning ishonchli va xavfsiz toʻxtab turishiga ishonch hosil qilishi shart.
16-bob. Amudaryo daryosida komandasi boʻlmagan barjalar va boshqa kemalarning toʻxtab turishi
175. Komandasi boʻlmagan barjalar va boshqa kemalarning ularda signal chiroqlari boʻlmaganda, toʻxtab turishiga kema yuradigan suv yoʻllaridan tashqarida, ishonchli bogʻlash qurilmalari bilan jihozlangan toʻxtab turish uchun maxsus ajratilgan joylarda ruxsat etiladi.
176. Komandasi boʻlmagan barjalar va boshqa kemalarning ularda signal chiroqlari boʻlmaganda, kema yuradigan suv yoʻllari chegarasida toʻxtab turishiga faqat shatakka oluvchi bilan quyidagilar mavjud boʻlganda ruxsat etiladi:
uzunligi 50 metrdan kam boʻlgan kemalar bilan toʻxtab turganda — signal chiroqlari mazkur Qoidalarga muvofiq;
uzunligi 50 metrdan ortiq boʻlgan kemalar bilan toʻxtab turganda — signal chiroqlari mazkur Qoidalarga muvofiq va unga qoʻshimcha shatakka olgan kema yaqinlashayotgan va oʻtib ketayotgan kemalarga toʻxtab turgan kemalar yoki tarkibning joylashganligini koʻrsatuvchi kema projektori yoki boshqa nur taratuvchi qurilmalar.
Komandasi boʻlmagan barjalar va boshqa kemalarni nazoratsiz qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
17-bob. Xavfsizlik va yordam koʻrsatish choralari
1-§. Yordam koʻrsatish choralari
177. Kema boshqaruvchilari va shkiperlari kemachilik jihozlari va belgilarining shikastlanganligi hamda ichki kema yoʻllarida langar, bogʻlovchi zanjir, sudralma zanjir va boshqa buyumlarning yoʻqotilganligi sababli boshqa kemalarning xavfsiz suzishiga tahdid paydo boʻlganligi toʻgʻrisidagi barcha holatlarni post va qarama-qarshi kelayotgan kemalarga buyum yoʻqotilgan joyni aniq koʻrsatib xabar berishi, zudlik bilan choʻkkan buyumni koʻtarishi yoki ogohlantiruvchi belgilar bilan toʻsib qoʻyishi va bu haqda suv yoʻllari texnik uchastkasi hamda kema egalarini xabardor qilishi shart.
178. Kemada choʻkish xavfi tugʻilganda, kema kapitani yoki shkiperi hamda uni shatakka olgan kema farvaterni boʻshatish va avariyaga uchragan kemani biror qirgʻoqqa yoki sayoz joyga olib borish uchun barcha choralarni koʻrishi shart.
179. Suvda baxtsiz hodisa yuz berib, odamlar hayoti xavf ostida boʻlganda, uning yaqin atrofida joylashgan barcha kemalar zudlik bilan oʻzlarida mavjud vositalar bilan yordam berishlari shart.
180. Agar kemaning halokati muqarrar boʻlsa, kapitan yoʻlovchilarni qutqarish boʻyicha barcha choralarni koʻrgandan soʻng ekipajga kemani tark etishga ruxsat beradi. Kapitanning oʻzi kemani oxirida tark etishi shart.
181. Avariya holati boʻyicha kema kapitani yoki boshqa suzish vositasidagi masʼul shaxslar sxematik chizmalar, aybdorlar va jabrlanganlarning hamda guvohlarning (agar ular boʻlsa) tushuntirish xatlari bilan uch nusxada mazkur Qoidalarga ilovaga muvofiq shaklda Kemada sodir etilgan avariya toʻgʻrisida dalolatnoma tuzadi va vaxta jurnalidan hodisa toʻgʻrisidagi yozuvdan koʻchirma oladi.
Dalolatnomaning bir nusxasi hujjatlarni qayd etib yaqin joylashgan kemachilik registri inspektoriga, ikkinchi nusxasi qayd etilgan hujjatlarni ilova etib kema egasiga beriladi, uchinchi nusxasi esa oʻzida qoldiriladi.
Hujjat tuzish davrida kapitan bu ishga flot boshligʻi yoki kapitan-murabbiyning ishtirok etishini taʼminlashi shart.
182. Texnik nosozliklar natijasida yuzaga kelgan avariya hodisalari toʻgʻrisida kema kapitani yaqin joylashgan Kemachilik registri inspektorini xabardor qilishi va zudlik bilan uning talablarini bajarish choralarini koʻrishi shart.
183. Mazkur Qoidalarda koʻzda tutilmagan barcha holatlarda kema boshqaruvchisi kemani boshqarish amaliyotidan kelib chiqqan yoki bu holatning alohida vaziyatlarini hisobga olgan holda, suzish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha choralarni koʻrishi shart.
184. Ekipaj aʼzolari quyidagi trevogalar boʻyicha oʻz vazifalarini bilishi va aniq bajarishi shart:
yongʻin trevogasi;
suv trevogasi;
“Bortdan tashqarida odam” trevogasi.
Kemada trevogalar boʻyicha umumiy jadvallar quyidagi joylarda osilgan boʻlishi shart:
koʻprikchada;
oshxona yoki koridorda, barcha ekipaj koʻrishi mumkin boʻlgan joyda.
Alohida jadvallar varaqasi kayutalar boʻyicha osib qoʻyilgan boʻlishi shart.
Vaxta joylashgan joyda telefonlar roʻyxati, port maʼmuriyati va yongʻin komandasini xabardor qilish uchun koʻrsatib qoʻyilgan trevogalar boʻyicha jadval osib qoʻyilgan boʻlishi shart.
2-§. Komandasi boʻlmagan barjani shatakka qabul qilish davrida xavfsizlikni taʼminlash
185. Kema boshqaruvchisi barjani shatakka qabul qilishdan oldin oʻziyurmas flot boʻyicha qirgʻoq inspektori bilan birgalikda har bir barjaning texnik holatini aniqlash uchun ularni koʻrikdan oʻtkazadi.
Koʻrik davrida quyidagilar aniqlanishi shart:
qobiqning suv oʻtkazmasligi;
bogʻlash, shatakka olish va langar qurilmalarining sozligi;
toʻxtab turish uchun oʻrta qism bruslari va krinolin butunligi;
biriktirilgan inventarning mavjudligi;
kemani saqlab qolish uchun kurashga moʻljallangan va qoʻl ostida doim boʻlishi kerak boʻladigan materiallar va avariya inventarining mavjudligi;
suvga botishi, kren, different va yukning toʻgʻri joylashganligi.
186. Barjalardan iborat tarkibni shakllantirishdan va shatakka olishdan oldin kapitan (vaxta boshligʻi) ularning texnik holatini tekshirishi va “Kema jurnali”ga qayd etishi shart.
187. Shatakka oluvchining ekipaji barjalarni qabul qilib olganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma rasmiylashtirilgan vaqtdan boshlab, komandasi boʻlmagan barjalarning texnik holati, saqlanishi va ularga xizmat koʻrsatilishi uchun javobgar hisoblanadi.
Komandasi boʻlmagan barjalarni nazoratsiz qoldirish taqiqlanadi.
188. Shatakka oluvchining kapitani (vaxta boshligʻi) komandasiz barjalarni doim nazorat qilib turishi va bunday kemalar qanday holatda boʻlmasin, ulardan halokat signali kelmasligini eʼtiborga olishi shart.
Shatakka oluvchining ekipaji doimo yuqori safarbarlikka tayyor turishi va kemani saqlab qolish uchun kurashish inventari, aslaha hamda boshqa vositalar toʻliq va shtat joylarida boʻlishini taʼminlashi shart.
189. Yoʻlning murakkab uchastkasini oʻtish davrida kemalar suv osti toʻsiqlariga duch kelganda, unga chiqib ketganda yoki sayozlikka oʻtirib qolgan holatlarda vaxta boshligʻi zudlik bilan harakatni toʻxtatishi va kemalarning holatini tekshirishi shart.
190. Belgilangan punktga kelgandan soʻng kapitan (vaxta boshligʻi) kemalar bilan sodir etilgan holatlar toʻgʻrisida tuzilgan dalolatnomalarni ilova etgan holda (agar qatnov davomida sodir etilgan boʻlsa), kema egasiga bajarilgan qatnov boʻyicha bildirgi taqdim etadi.
3-§. Qayiqlarni teploxod borti yoniga qabul qilishda xavfsizlik choralari
191. Harakatlanayotgan teploxod borti yoniga qayiqlarning kelishiga yoʻl holati va boshqa sabablar boʻyicha xabardor qilish zarur boʻlganda yoʻl qoʻyiladi.
Harakatlanayotgan gʻildirakli teploxod yoniga qayiqlarning kelishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
192. Qayiq boshqaruvchisi teploxod borti yoniga kelishdan oldin kema oldidan kamida 1 km masofada “Qayiqni qabul qilishingizni soʻrayman” signalini quyidagi tartibda beradi:
Kunduz kuni — oq chiroq yoki oq bayroqni boshi tepasiga koʻtarib;
tunda — oq chiroqni doira qilib aylantirib.
193. Vaxta boshligʻi qayiqni qabul qilishga roziligini yoki rad etishni quyidagi tovushli signallar bilan beradi:
qayiqni oʻng bort tomondan qabul qilishda — bitta qisqa tovushli signal;
qayiqni chap bort tomondan qabul qilishda — ikkita qisqa tovushli signal;
qayiqni qabul qilishga rad etish — beshta tez-tez qisqa tovushli signal.
194. Bortiga qabul qilish uchun teploxodning roziligini olgan qayiq teploxodning bortiga uzatish uchun maxsus langar yoki arqonni tayyorlab teploxodning harakat yoʻnalishi boʻylab burilishi shart.
Qayiqni kema bortiga quyidagi joylardan qabul qilib olishga yoʻl qoʻyiladi:
gʻildirakli teploxodda — old bort knextlari joylashgan old qismidan;
gʻildirakli past bortli teploxodlarda — vaxta boshligʻining qarori boʻyicha old qismi yoki gʻildirakning orqa qismidan. Bunda qayiq qabul qilinayotgan shu bortning gʻildiragi toʻxtatib qoʻyilgan boʻlishi shart;
vintli teploxodlarda — bortning oʻrtasidan.
195. Bort yoniga qayiqni qabul qilish davrida vaxta boshligʻi xavfsiz qabul qilishni taʼminlash boʻyicha quyidagi choralarni koʻrishi shart:
maxsus langarni yoki arqonni qabul qilib olish uchun changak bilan odam yuborishi, oqimga qarshi burilishi yoki tinch oqar suvga oʻtishi;
mashina boʻlimining vaxta boʻyicha rahbarini mashinalar ish rejimini oʻzgartirishga tayyor turishi haqida ogohlantirishi.
4-§. Kechuvlarga qoʻyilgan talablar
196. Kechuvlardan foydalanish va ularga qarab turish mazkur Qoidalar talablariga muvofiq boʻlishi shart.
197. Daryo va boshqa suv havzalarida kechuvlarni tashkil etishda quyidagi ishlarni amalga oshirgandan keyin yoʻl qoʻyiladi:
daryo suvi oqimining tezligi eng kam va oqim yoʻnalishi qirgʻoqqa parallel boʻlgan hamda kema yoʻli tomonidan qulay va xavfsiz kelish uchun yetarli uzunlikdagi suv yoʻli uchastkasi boʻlishi;
odamlarni va avtomobillarni kemaga kelishi uchun qattiq qoplamaga ega boʻlgan tekis yer maydoni va unga kirish yoʻllari boʻlishi;
kemalarning turiga qarab, qirgʻoqda shvartov qurilmalarining toʻgʻri va mustahkam oʻrnatilgan boʻlishi.
Kemalarni daraxtlarga, yuqori kuchlanishdagi elektr ustunlariga va qirgʻoqdagi boshqa tasodifiy narsalarga bogʻlash taqiqlanadi;
odamlarni qirgʻoqdan kemaga qulay va xavfsiz oʻtishini taʼminlaydigan, balandligi 1 metrdan, eni 0.6 metrdan kam boʻlmagan, har bir metrda 80 kg yuk koʻtarish qobiliyatiga ega, uzunligi boʻylab yoy boʻyicha 0.04 metrdan ortiq egilmaydigan, tutqich va leyerlar bilan jihozlangan, mustahkam konstruksiyaga ega boʻlgan koʻprikchalar mavjud boʻlishi;
qiya oʻrnatiladigan koʻprikchalarda, ularning uzunligi boʻylab har 300 — 400 mm oraligʻida oʻlchamlari 300 — 500 mm x 50 x 30 mm boʻlgan koʻndalang yogʻoch reyka oʻrnatilgan boʻlishi;
kunduz kuni aniq koʻrinadigan va tunda yoritadigan ogohlantiruvchi belgilarning (suv chuqurligi, kechuv uchun foydalanishda boʻlgan kemaning yuk koʻtarish qobiliyati) mavjud boʻlishi;
kechuv ishlarini xavfsiz amalga oshirish boʻyicha yoʻriqnomalar mavjud boʻlishi, kemaga chiqishdan oldin va kema bortida odamlarga yoʻriqnoma oʻtkazilishi.
198. Kechuv uchun foydalaniladigan kemalar quyidagi talablarga javob berishi shart:
kemalar Kemachilik registri inspektorlari tomonidan texnik koʻriklardan oʻtkazilgan va Registrning kema hujjatlariga ega boʻlishi;
kechuv ishlarini amalga oshirayotgan shaxs kema haydovchisi guvohnomasiga ega boʻlishi va kema ekipajining barcha aʼzolari suzishni, choʻkayotgan odamni qutqarish usullarini va birinchi yordam berishni bilishi;
kechuv ishlariga jalb etilgan kemalar qutqaruv vositalari, avtomashina va hayvonlarni mahkamlash vositalari bilan jihozlangan boʻlishi;
bort himoya toʻsiqlari texnik loyiha hujjatlariga muvofiq boʻlishi va odamlarni bortdan tashqariga tushib ketishini istisno etishi;
eshkakli va motorli qayiqlar yuk vaterliniyasidan 10 santimetrdan baland boʻlgan qutqaruv himoya toʻsigʻi bilan jihozlangan boʻlishi;
kema bortiga kirish joyi yaqinida qutqaruv doirasi, shuningdek, uzunligi 25 metrdan kam boʻlmagan tashlanadigan arqon bogʻlangan bitta qutqaruv doirasi boʻlishi;
kemaning koʻrinadigan joyida yoʻlovchi sigʻimi va yuk koʻtarish qobiliyati toʻgʻrisidagi axborot osib qoʻyilgan hamda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi:
“Haydovchilar! Mashinalarni tormozga va birinchi uzatmaga qoʻyinglar, bogʻichlarni tekshiring”;
“Bortga yaqinlashmang, himoya toʻsiqlariga suyanmang!”;
“Silkinishdan ehtiyot boʻling!”.
199. Xavfsizlik talablariga javob bermagan kechuvlarning ishlatilishi Kemachilik registri inspektori tomonidan taqiqlanadi.
Kechuvlar faoliyatini tiklashga faqat kamchiliklarni bartaraf etgandan va Kemachilik registri inspektori tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgandan soʻng yoʻl qoʻyiladi.
200. Yoʻlovchi va yuklar xavfsiz va ishonchli tashilishi uchun kechuv ishlarini tashkil etgan korxona rahbari va uni amalga oshirayotgan kema kapitani javobgar hisoblanadi.
17-bob. Yakunlovchi qoida
201. Mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasining ichki kema yoʻllarida suzish qoidalariga
ILOVA

‎Kema bilan sodir etilgan avariya toʻgʻrisida
‎DALOLATNOMA

‎‎20___ yil __________ oyi _____ kuni __________________________________

‎‎(tuzilgan joyi)‎

‎‎Biz, quyida imzo chekuvchilar___________________________________________

‎‎(lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi)

‎‎_________________________________________________________________________________________________

‎‎(boshqa guvohlar uchun — har birining yashash manzili)

‎‎quyidagilar toʻgʻrisida dalolatnoma tuzdik:
‎‎Teploxod _______________________________________________________________________________________________________‎
‎quvvati _____________________________________ ot kuchi, suvga botishi _____________________________________________ sm,‎
‎tegishliligi____________________________________________________________________________________________________‎
‎harakatlanishi _____________________ boʻsh yoki ______________ kemadan iborat tarkib bilan.

(daryo boʻyicha yuqori, quyi)‎‎

‎‎tarkib uzunligi ____________________________ metr, eni _________________________ metr,

‎‎(har bir kemaning suvga botishi koʻrsatilsin)

‎‎‎tarkib kemalarining suvga botishi ________ metr‎
‎Tarkibni bogʻlash usuli quyidagicha _________________________________________________________________________________

(bayon etilsin)‎

‎‎Agar sollar tarkibi shatakka olingan boʻlsa, uning raqami va egasi hamda gabarit oʻlchamlari (uzunligi, eni, suvga botishi, biriktirish usuli koʻrsatilsin) ______________________________________________________________________________________________
‎Olib borayotgan kemaning paluba boʻyicha vaxtadagilari _______________________________________________________________________________________________________________

‎‎(lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi, diplom boʻyicha mutaxassisligi)

‎‎mashina boʻyicha komandasi ________________________________________________________________________________________

‎‎‎‎(lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi, diplom boʻyicha mutaxassisligi)

‎‎Ob-havo holati: shamol yoʻnalishi va kuchi, koʻrinishi, farvaterdagi kemachilik jihozlarining holati: lozim boʻlgan qirgʻoq va suzuvchi belgilarning mavjudligi, ularning joylashishi va yoritishi, navigatsiya belgisida koʻrsatilgan chuqurlikning haqiqiy chuqurlik bilan mosligi.
‎Avariya quyidagi sharoitlarda sodir etildi (avariya sodir etilgan joyning aniq manzili, vaqti, bajarilgan barcha manyovrlar, avariyagacha va avariya vaqtida yurish tezligi, shatakka olgan kemaning vaxta boshligʻi tomonidan avariya sodir etilishidan oldin va avariya vaqtida kema shkiperi yoki sol brigadiriga berilgan barcha koʻrsatmalar batafsil koʻrsatib bayon etilsin).
‎Avariyani zudlik bilan bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan choralar koʻrsatilsin. Agar kemalar va sollarning toʻqnashuvi sodir etilgan boʻlsa, qarama-qarshi yoki oʻzib ketayotgan kemalar (sollar) tegishli tovush va koʻrish signallari bilan jihozlanganligi, ularning toʻgʻri qoʻllanilganligi, signallar bilan oʻzaro almashish vaqtlari bayon etilsin.
‎Agar avariya kema yoki sol toʻxtab turgan joyda sodir etilgan boʻlsa (suv sathining tushib ketishi, suv kirganligidan choʻkib qolishi, yongʻin va boshqalar), u sodir etilgan barcha sharoit va vaziyatlar bayon etilsin.
‎Mexanizm yoki ularning detallari, harakatlantiruvchi va kemaning boshqa qurilmalari singanda yoki shikastlanganda, shikastlanish nimadan iboratligi, mexanizmlar va detallarning avariyagacha toʻgʻri ishlaganligi, oxirgi qishki toʻxtab turish davrida va qaysi kema taʼmirlash ustaxonasi yoki zavodda shikastlangan detal taʼmirga jalb etilganligi bayon etilsin.
‎Sol shikastlanganda uning biriktirilishi. Biriktirish, shakllantirish va jihozlash qoidalari talablariga muvofiqligi koʻrsatilsin (shatakka olingan sol bilan avariya sodir boʻlganda avariya toʻgʻrisidagi dalolatnoma sol brigadiri ishtirokida tuziladi).
‎Dalolatnomaning xulosa qismida quyidagilar koʻrsatilsin:
‎a) odamlar bilan baxtsiz holatlar boʻlganmi, agar yuz bergan boʻlsa, baxtsiz hodisalarning oldini olish va odamlarni qutqarish uchun qanday choralar koʻrilganligi qayd etilsin;
‎Halok boʻlganlarning yoki jarohatlanganlarning familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash manzili;
‎b) yuklar yoʻqotilishi yoki ishdan chiqishi, xususan, qaysilari va qancha miqdorda;
‎v) avariyada ishtirok etgan kemalarning toʻxtab qolganligi vaqti (soatlarda);
‎g) avariyani bartaraf etish boʻyicha yordam koʻrsatish uchun boshqa kemalarning sarflagan vaqti (soatlarda).
‎Dalolatnomani tuzgan shaxslar va uni tuzishda ishtirok etgan shaxslarning (avariya holati guvohlarining) imzolari.
‎Dalolatnomaga avariya joyining quyidagilar koʻrsatilgan sxematik chizmasi ilova qilinadi:
‎Oqim yoʻnalishi, kemalarning avariyagacha, avariya vaqtida va avariyadan keyingi joylashuvi, farvater jihozlari belgilarining joylashuvi.

Izoh. Sol tarkiblari bilan avariya sodir etilganda, avariya toʻgʻrisidagi dalolatnomaga sol qismlarini yigʻishtirish natijalari va uni yigʻishtirishga qarshilik qilgan sabablar toʻgʻrisida, agar shunday holatlar mavjud boʻlsa, qoʻshimcha dalolatnoma tuziladi (choʻkkanlik, kuchli toʻlqin bilan tarqalib ketishi va boshqalar) va ushbu dalolatnoma avariya toʻgʻrisidagi asosiy dalolatnomaga ilova qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-sentabrdagi 462-son qaroriga
2-ILOVA
Daryo transportini texnik ishlatish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Daryo transportini texnik ishlatish qoidalari (keyingi oʻrinlarda — Qoidalar) Oʻzbekiston Respublikasining kema qatnaydigan ichki suv yoʻllarida, tabiiy va sunʼiy barpo etilgan suv havzalarida daryo transporti vositalaridan (keyingi oʻrinlarda — kema) foydalanish davrida suzish xavfsizligini taʼminlash, suvda inson hayotini muhofaza qilish, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va yuklarni ishonchli tashishga qaratilgan texnik ishlatish asoslarini belgilaydi.
2. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
davlat nazorat organlarining mansabdor shaxslari — Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasining kemalarni, Favqulodda vaziyatlar vazirligining kichik hajmli kemalarni nazorat qilish vakolati berilgan mansabdor shaxslari;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-oktabrdagi 710-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2024-y., 09/24/710/0867-son)
texnik ishlatish — kemalardan texnik loyiha hujjatlariga yoki oʻrnatilgan texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarga muvofiq belgilangan vazifalari boʻyicha xavfsiz va samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida ularni texnik soz holda saqlash boʻyicha kema ekipaji, korxona va tashkilot ishchi-xodimlari tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat;
texnik xizmat koʻrsatish — kemani, kema texnik qurilmalari, korpus konstruksiyalari, mexanizmlari va tizimlarini (keyingi oʻrinlarda kema qurilmalari va mexanizmlari) texnik soz holda saqlash va ulardan belgilangan texnik ishlatish koʻrsatkichlariga rioya etish;
texnik foydalanish — kema qurilmalari va mexanizmlarining belgilangan vazifa va texnik ishlatish koʻrsatkichlariga muvofiq ishlashini taʼminlash;
taʼmirlash — kema qurilmalari va mexanizmlarining texnik holati hamda belgilangan texnik ishlatish koʻrsatkichlarini tiklash.
3. Qoidalar kemalardan belgilangan maqsad va texnik koʻrsatkichlariga muvofiq avariyasiz va samarali foydalanish uchun ularning yaroqli holatda saqlanishini taʼminlash boʻyicha kema ekipaji aʼzolarining, korxona va tashkilot ishchi-xodimlarining kemalarga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha vazifalarini belgilaydi.
4. Qoidalar talablari foydalanishda, loyihalashda, qurishda, taʼmirlashda va qayta jihozlashda boʻlgan kemalarga tatbiq etiladi.
5. Kemalarda texnik ishlatish boʻyicha qoidalar va yoʻriqnomalar mavjud boʻlmasa, ularni ishlatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
2-bob. Kemalarni texnik ishlatish boʻyicha asosiy talablar
1-§. Kema egasi boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar hamda kema ekipajiga talablar
6. Mazkur Qoidalar mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, kema egasi boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — kema egasi), belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi ostida suzadigan va kema reyestriga kiritilgan kemalarga tatbiq etiladi.
7. Kema egasi kemani foydalanishga qabul qilib olgan vaqtdan boshlab, uni texnik ishlatish uchun toʻliq javobgar hisoblanadi.
8. Kemalardan foydalanishga ularda kema hujjatlari va amalda boʻlgan Registr hujjatlari mavjud boʻlganda yoʻl qoʻyiladi.
9. Belgilangan vazifasidan qatʼi nazar, foydalanishda boʻlgan kema quyidagi talablarga javob berishi shart:
lozim darajada texnik soz holatda boʻlishi;
belgilangan vazifasiga muvofiq ekipaj aʼzolari bilan taʼminlanishi;
bortida aniqlash belgilari — kema nomi, roʻyxatga olingan porti va belgisi, bort raqami mavjud boʻlishi;
kemada uning texnik holati yaroqli ekanligini tasdiqlovchi kema va Registr hujjatlarining mavjud boʻlishi;
texnik qismlari, radioaloqa va navigatsiya boʻyicha zarur hujjatlar va qoʻllanmalarning mavjud boʻlishi;
belgilangan vazifa va suzish hududiga qarab yetarli darajada moddiy-texnik taʼminoti, zaxira qismlari, yonilgʻi-moylash materiallari, avariya-qutqaruv va yongʻinga qarshi vositalari, kemani saqlab qolish uchun kurash vositalari va asbob uskunalarga ega boʻlishi.
10. Kemalarni texnik ishlatish davrida quyidagilar taʼminlangan boʻlishi shart:
kema qurilmalari va mexanizmlarining konstruktiv, texnik, sanitariya, ekologiya talablariga muvofiq ishonchli, xavfsiz va avariyasiz ishlatilishi;
suvda yoʻlovchi, kema ekipaji hayotini muhofaza qilish va atrof-muhit ifloslanishining oldini olishi;
tashilayotgan yuklarning saqlanishi;
mehnat xavfsizligi, kema ekipajining dam olish sharoitlari yaratilishi;
boshqa kemalarning suzishiga xavf tugʻdirmaslik, kanal, port inshootlari, navigatsiya tizimlariga shikast yetkazmaslik;
kema qurilmalari va mexanizmlari, avariya-qutqaruv vositalarining favqulodda vaziyatlarda doimiy shay holda boʻlishi;
kema ekipaji kemani saqlab qolish uchun kurashish va suvda halokatga uchragan shaxslarga yordam berish uchun doimiy shay boʻlishi;
kema qurilmalari va mexanizmlarining belgilangan texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarga muvofiq ishlatishga shay boʻlishi;
kema qurilmalari va mexanizmlarining texnik holati qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq boʻlishi.
11. Kema qurilmalari va mexanizmlarida suzish sifatini yoʻqotishga olib kelgan avariya holatlari sodir boʻlganda, kema kapitani uni avariya sodir etilgan portda yoki birinchi kirgan portda kemachilik registri inspektoriga texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun taqdim etishi shart.
12. Kema egasi davlat nazorati organlari mansabdor shaxslariga ularning oʻz xizmat vazifalarini bajarish uchun toʻsqinliklarsiz kemalarda boʻlishini taʼminlashi shart.
13. Kemaning boshqaruv tarkibi — kapitan, mexanik va ularning yordamchilari hamda shkiper lavozimlarini egallashi uchun ular kema haydovchisi guvohnomasiga ega boʻlishi shart.
14. Kema ekipaji aʼzolari har yili bir marta xavfsizlik texnikasi va malaka bilimlarini tekshirishdan oʻtkazishlari shart.
15. Faoliyati kemachilik bilan bogʻliq boʻlgan ishga qabul qilinuvchi shaxslar ushbu ishni bajarishga yaroqli ekanligini tasdiqlovchi tibbiy koʻrikdan oʻtishga jalb etilishi va keyinchalik bu xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish davriyligi kema egalari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi shart.
2-§. Kemalarni texnik ishlatish
16. Kema egasi tomonidan kemalarni texnik ishlatish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar oʻz ichiga quyidagilarni olishi shart:
kemalarda texnik ishlatish ishlarini boshqarish va tashkil etish;
korxona maʼmuriy boshqaruv tarkibidan kemalarni texnik ishlatish boʻyicha masʼul shaxsni tayinlash;
kema qurilmalari va mexanizmlarini texnik yaroqli holatda saqlash uchun kema boshqaruv tarkibiga biriktirish;
kemalarda daryo transporti sohasiga oid qonunchilik hujjatlari, mazkur Qoidalar talablarining bajarilishi va kema hujjatlarining amal qilish muddatini nazorat qilish;
kemalarni texnik koʻriklardan oʻtkazishni tashkil etish;
kema ekipaji aʼzolarining mehnat va dam olishi rejimini tashkil etish;
kemani xavfsiz texnik ishlatish uchun zarur boʻlgan jihozlar bilan taʼminlash;
favqulodda vaziyatlar davrida kema egasi va kema bilan aloqalarni tashkil etish;
kemalarni taʼmirlash sifati va muddatini nazorat qilish;
kemalar tarkibi va texnik holatining hisobini yuritish va nazorat qilish;
avariya holatlarini aniqlash, tahlil qilish va hisobini yuritish va ularni bartaraf etish boʻyicha tadbirlar ishlab chiqish;
kemalarga texnik xizmat koʻrsatish, ularni taʼmirlash va jihozlash, foydalanishda boʻlgan kemani taʼmirga chiqarish uchun sarflanadigan mablagʻni rejalashtirish.
17. Kema ekipaji tomonidan kemani texnik ishlatish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar oʻz ichiga quyidagilarni olishi shart:
kemalarda vaxta xizmati tarkibi va joylashuvi boʻyicha vaxta jadvalini ishlab chiqish, bunda vaxta xizmati boʻyicha jadval kema kapitani tomonidan tasdiqlanadi;
kema qurilmalari va mexanizmlarini texnik yaroqli va toza holatda saqlash;
kemalardan texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlariga muvofiq belgilangan vazifalari boʻyicha xavfsiz va samarali foydalanish;
kema qurilmalari va mexanizmlarini texnik ishlatish boʻyicha kema egasi tomonidan belgilangan yoqilgʻi, yoqilgʻi-moylash materiallari sarfi, yoqilgʻi va moy turlari rejimiga rioya etish, bunda ularning hisobi har kuni muvofiq ravishda kema va mashina vaxta jurnallarida qayd etiladi;
texnik oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish, bunda texnik oʻquv mashgʻulotlari, guruh rahbarlari va tarkibi, mashgʻulot oʻtkazish tarkibi kema kapitani tomonidan tasdiqlanadi;
kema egasiga belgilangan shaklda hisobot hujjatlarini taqdim etish.
18. Kemani texnik ishlatish boʻyicha kema ekipaji aʼzolarining javobgarligi quyidagicha belgilanadi:
kemani texnik ishlatish boʻyicha umumiy javobgarlik kema kapitani zimmasida boʻladi;
kema texnik qurilmalari, tizimlari, uzatmalari va paluba usti mexanizmlarini texnik ishlatish boʻyicha javobgarlik kema mexanigi zimmasida boʻladi;
kema korpusi konstruksiyalari, yopqichlar (qopqoqlar), xonalar va paluba qurilmalarini texnik ishlatish boʻyicha javobgarlik kema kapitanining katta yordamchisi zimmasida boʻladi;
kemaning alohida qurilma va mexanizmlarini texnik ishlatish boʻyicha shu qurilma va mexanizmlariga biriktirilgan boshqaruv tarkibidagi shaxs (kema ekipaj aʼzolari) javobgar hisoblanadi;
belgilangan vazifalarni bajarish davrida kema tizimlari va korpusi konstruksiyalaridan texnik foydalanish uchun javobgar vaxta xizmati xodimlari hisoblanadi.
Kema kapitani kemani texnik ishlatishni tashkil etish boʻyicha umumiy rahbarlikni kemaning katta mexanigiga topshirishi mumkin.
19. Kema boshqaruv tarkibi (kema ekipaji aʼzolari) kema qurilmalarining ishlash tamoyili, texnik ishlatish tavsifi, konstruksiya elementlari va oʻzlariga biriktirilgan mexanizmlarning xususiyatini yetarli darajada bilishi va ularni ishlatish uchun doimiy shay holda saqlashi, oʻz vaqtida nazorat organlariga texnik koʻrikdan oʻtkazishga taqdim etishi va texnik hujjatlarni toʻgʻri yuritilishini taʼminlashi shart.
20. Kemaning barcha qurilmalari va mexanizmlaridan belgilangan vazifalariga muvofiq foydalanish shart.
Qurilmalar va mexanizmlarning oldida ularni ishga tayyorlash, ishga tushirish, ish rejimini nazorat qilish va toʻxtatish boʻyicha kema mexanigi yoki kapitanning katta yordamchisi tomonidan tasdiqlangan yoʻriqnomalar osib qoʻyilgan boʻlishi shart.
21. Kema boshqaruv tarkibi shaxslari (ekipaj aʼzolari) kemaga tayinlangandan keyin quyidagi ishlarni amalga oshirishlari shart:
oʻzlariga biriktirilgan kema qurilmalari, korpus konstruksiyalari va tizimlarini tekshirish, kemani qabul qilish davrida esa ularni ishlatib koʻrish;
oʻzlariga biriktirilgan boʻlinma boʻyicha kema hujjatlarining amal qilish muddati, toʻliqligi va ularni yuritish;
qoʻl ostidagi tarkib bilan shaxsan tanishish;
kema taʼminoti, hujjatlari va normativ hujjatlar mavjudligini tekshirish;
boʻlinmani qabul qilganligi toʻgʻrisida dalolatnoma bilan rasmiylashtirish va kema mexanigi yoki kapitan katta yordamchisini xabardor qilish va oʻz navbatida, bu haqda kema kapitanini xabardor qilish.
22. Kema kapitani, katta mexanigi yoki kapitan katta yordamchisi (kema ekipaji aʼzolari) oʻzgarganda, oʻz boʻlinmalarining texnik holati boʻyicha tegishli ravishda qabul qilib olayotgan kema katta mexanigi yoki kapitan katta yordamchisini xabardor qiladi va bu haqda kema kapitaniga axborot beriladi.
23. Kemalar belgilangan vazifalari boʻyicha mahalliy suzish sharoitlariga muvofiq belgilangan meʼyordagi taʼminot bilan butlangan boʻlishi shart.
Kema taʼminotining toʻliqligi uchun javobgar kema egasi hisoblanadi.
Kema taʼminoti uchun buyurtma kema kapitani tomonidan beriladi, bunda buyurtma meʼyor va reja asosida hamda uni kemada mavjud boʻlgan qoldiq qismiga qarab tuziladi.
24. Kemaga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash davrida qoʻllaniladigan taʼminot, jihozlar, zaxira qismlar va materiallar ularning sifatini tasdiqlovchi sertifikatlarga ega, standartlar va texnik shartlarga muvofiq boʻlishi shart.
3-§. Kemalardan texnik foydalanish
25. Kema, kema qurilmalari va mexanizmlaridan foydalanish kema ekipaji tomonidan amalga oshiriladi.
Texnik foydalanish qurilma va mexanizmlarni ishga tayyorlash, ishga tushirish va ish rejimini oʻzgartirish, belgilangan va haqiqiy texnik tavsifini solishtirish, chetga ogʻishlarni baholash va qayd etish, texnik holatini nazorat qilish va hisobini yuritishni oʻz ichiga oladi.
26. Kema, kema qurilmalari va mexanizmlaridan foydalanish boshqaruv postidan amalga oshiriladi.
Kemalardagi boshqaruv postlari vaxta va navbatchi postlarga ajratiladi.
Vaxta posti — unda doim vaxta xodimi boʻlishini talab etadi.
Navbatchi post — unda vaxta xodimi doim boʻlishini talab etmaydi.
27. Kemada vaxta va navbatchi postlarni belgilash kemani avtomatlashtirilganidan kelib chiqib, kemasozlik korxonasining yoʻriqnomalari, oʻrnatilgan texnik vositalari va tizimlari, loyiha hujjatlari va modernizatsiyasiga qarab, kema egasi tomonidan belgilanadi.
28. Vaxta va navbatchi postlardan kema qurilmalari va mexanizmlaridan texnik foydalanish faqat vaxta xizmati xodimlari yoki kema kapitani, kema kapitanining katta yordamchisi yoki kema mexanigi tomonidan tayinlangan kema ekipajining boshqa aʼzolari tomonidan amalga oshiriladi va bu haqda kema yoki mashina jurnalida qayd etiladi.
29. Kema qurilmalari va mexanizmlaridan texnik foydalanish qatʼiy ravishda qonunchilik hujjatlari, ishlab chiqaruvchi zavod yoʻriqnomalari, mazkur Qoidalar va kema egasi tomonidan tasdiqlangan yoʻriqnomalar talablari asosida amalga oshirilishi shart.
Koʻrsatilgan hujjatlar talabidan chetga chiqishga faqat kema kapitani yoki mexanigi ruxsati bilan, agar kemada inson hayoti, kema xavfsizligiga tahdid paydo boʻlganda yoki avariya holatlarida kechiktirib boʻlmaydigan vaziyatlarda esa kema kapitanining vaxta yordamchisi yoki vaxta mexanigi ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi va bunday holatlar boʻyicha kema va mashina jurnallarida tegishli yozuvlar qayd qilinishi hamda kema kapitani va kema egasi xabardor qilinishi shart.
30. Kemaning asosiy dvigatellarini boshqarish bevosita vaxta mexanigi, masofadan turib boshqarish esa kema kapitanining vaxta yordamchisi tomonidan amalga oshiriladi.
Kema kapitani va vaxtada boʻlgan uning yordamchilari asosiy dvigatellar va muvofiqlashtiriluvchi vintni masofadan boshqarish hamda ularning ishlash rejimi boʻyicha yoʻriqnomaning tegishli qismlarini yaxshi bilishi shart.
31. Kema, kema qurilmalari va mexanizmlarning holati va ishlash rejimini nazorat qilish maxsus oʻlchov asboblari yordamida uzatiladigan nazorat-oʻlchov priborlari va avariya-ogohlantirish signallari koʻrsatkichlari boʻyicha ishlash muhitining tahlili hamda kema qurilmalari va mexanizmlarining umumiy holatini koʻrish, shovqin va tebranishlarni kuzatish orqali amalga oshiriladi.
Nosozliklar aniqlanishi kerak boʻlgan boshqariladigan parametrlar roʻyxati ishlab chiqaruvchi zavod va kema egasi yoʻriqnomalari bilan belgilanadi.
32. Barcha avariya-ogohlantirish va himoya signallari doim ish holatida va ishlab chiqaruvchi zavod yoʻriqnomalari, kema qurilmalari va mexanizmlarini texnik ishlatish qoidalari, kema egasi tomonidan tasdiqlangan reja-jadval asosida davriy tekshirib turilishi shart.
Nazorat tariqasida tekshirish va ehtiyotdan taʼmirlash davrida oʻchirish faqat kema kapitani yoki mexanigi ruxsati bilan amalga oshiriladi va bu haqda kema va mashina jurnallariga qayd etiladi hamda vaxta xizmati xodimlari xabardor qilinadi.
33. Manevrlarni qayd qilish pribori kemani manevr qilish va uning harakatlanish rejimida ham doim ishlash holatida boʻlishi, uni oʻchirishga faqat nosozliklarni bartaraf etish davrida kema kapitanining vaxta yordamchisi ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi va bu haqda kema va mashina jurnallarida qayd etiladi.
Manevrlarni qayd etish priborining oʻrnatilgan joyiga qarab, vaxta davomida kamida bir marta vaxta mexanigi yoki kema kapitanining vaxta yordamchisi tomonidan koʻrsatkichlarning toʻgʻri ekanligi tekshirilishi shart.
Manevrlarni qayd etish priborining tasmasi kamida bir yil kema mexanigida saqlanishi va undan keyin saqlash uchun kema egasiga topshirilishi shart.
34. Avariya himoya qurilmalari muvofiqlashtirilgan va zarur hollarda vakolatli organlar tomonidan tamgʻalangan boʻlishi va kemadan foydalanish davrida tamgʻalarni yechish holatlari mashina jurnallarida qayd etilishi shart.
Avariya himoya qurilmalarining tamgʻasi kema kirgan birinchi portda tegishli muvofiqlashtirilgandan va tekshirib koʻrilgandan soʻng tiklanishi shart.
35. Kemaning barcha oʻlchov vositalari yaroqli holda boʻlishi va amaldagi guvohnoma yoki oʻrnatilgan tartibda tekshirilganligi toʻgʻrisida tamgʻaga ega boʻlishi shart.
36. Avariya-ogohlantirish signallari va avariya himoya vositalari ishlab ketganda, vaxta mexanigi bu haqda kema kapitanining vaxta yordamchisini va kema mexanigini xabardor qilishi, kema qurilmalari va mexanizmlaridagi nosozliklarning kelib chiqish sabablarini aniqlashi va bartaraf etish choralarini koʻrishi shart.
Avariya-ogohlantirish signallari va avariya himoya vositalari muntazam xato ishlab tursa, vaxta mexanigi kema kapitanining vaxta yordamchisini xabardor qilgan holda ularni oʻchirishga va kema qurilmalari va mexanizmlari ish rejimini tiklashga haqli. Kema va mashina jurnallarida bu haqda tegishli yozuvlar qayd etilishi shart.
Vaxta mexanigi tomonidan avariya-ogohlantirish signallari va avariya himoya vositalari ishdan chiqqan yoki oʻchirilgan kema qurilmalari va mexanizmlarining ishlash koʻrsatkichlari ustidan nazoratni kuchaytirish boʻyicha choralar koʻrilishi shart.
37. Kema shikastlanishi tufayli tashilayotgan yuk yoki odamlar hayotiga tahdid paydo boʻlganda, kema kapitanining vaxta yordamchisi avariya-ogohlantirish signallari va avariya himoya vositalarini oʻchirish toʻgʻrisida mustaqil qaror qabul qiladi.
Avariya-ogohlantirish signallari va avariya himoya vositalari oʻchirilishining har qanday holati boʻyicha kema kapitanining vaxta yordamchisi zudlik bilan bu haqda vaxta mexanigiga xabar beradi va kema kapitaniga axborot beradi hamda bu haqda kema va mashina jurnallarida qayd etadi.
38. Mashina boʻlimining markaziy boshqaruv posti va yurish koʻprikchasidagi asosiy boshqaruv postida mashina telegrafida koʻzda tutilgan, kema energetik qurilmasining old va orqaga ishlaydigan barcha rejimida eshkak vinti yoki qadami muvofiqlashtiriluvchi vintning aylanish chastotasi koʻrsatilgan jadval boʻlishi shart.
39. Foydalanish davrida kema qurilmalari va mexanizmlarida aniqlangan nosozliklar ular ishdan toʻxtatilgandan keyin bartaraf etilishi, vaziyat bunga yoʻl qoʻymaganda esa, vaxta xizmati xodimlari odamlarning xavfsizligini va kema qurilmalari, mexanizmlari shikastlanishining oldini olishi shart.
40. Kema qurilmalari va mexanizmlaridagi nosozliklarni bartaraf etish uchun ularni toʻxtatish va ishga tushirish kema mexanigi ruxsati bilan amalga oshiriladi va kema kapitani hamda uning vaxta yordamchisi xabardor qilinadi.
41. Kemaning asosiy dvigatellari kutilmagan vaziyatda ishdan toʻxtab qolganda (majburiy, oʻz-oʻzidan yoki avtomatik himoyaning ishga tushishi natijasida), vaxta mexanigi bu haqda zudlik bilan yurish koʻprikchasidagi kema kapitanining vaxta yordamchisini va katta mexanikni xabardor qilishi shart.
Kemaning asosiy texnik qurilmalari kutilmagan vaziyatda ishdan toʻxtab qolganda, vaxta xizmati xodimlari zaxirada boʻlgan texnik qurilmalarni (agar ular mavjud boʻlsa) ishga tushirishga va bu haqda kema kapitani, uning vaxta yordamchisi va mexanigini xabardor qilishi shart.
Har qanday holatda ham kema texnik qurilmalarini ishdan toʻxtatishga sabab boʻlgan nosozliklarni zudlik bilan aniqlash va bartaraf etish choralari koʻrilishi shart.
Kema texnik qurilmalarining ishdan toʻxtatishga sabab boʻlgan nosozliklarni bartaraf etmasdan ularni ishlatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
42. Kema, kema qurilmalari va mexanizmlarining ish rejimi, ularni ishlatish sharoitlari, kema maʼmuriyatining kema qurilmalari va mexanizmlarini ishlatish boʻyicha bergan koʻrsatmalari, ularni bartaraf etish choralari kemaning hisobot hujjatlarida aks ettirilishi shart.
43. Kemaning harakatlanish rejimi kapitan tomonidan belgilanadi. Oddiy va alohida suzish sharoitlarida kema, kema qurilmalari va mexanizmlarining ish rejimini belgilash, saqlab turish va oʻzgartirish tartibi hamda inson hayotiga, kema va yukning xavfsizligiga tahdid paydo boʻlgan davrda ekipaj tarkibining harakati ishlab chiqaruvchi zavod yoʻriqnomalari va mazkur Qoidalar bilan belgilanadi.
Kema suzishining alohida sharoitlari, uning manevr rejimida ishlash (shvartov jarayonlari, kanallardan va tor yoʻllardan oʻtish, portga kirish va undan chiqish, kemalarning ayrilishi, muz va tuman davrida suzish) jarayonlari hisoblanadi.
44. Alohida suzish sharoitlarida qoʻshimcha ishlatish talab etiladigan kemaning barcha texnik vositalari vaxta xizmati xodimlari tomonidan oldindan ishlatishga shay holga tayyorlab qoʻyilgan boʻlishi shart.
45. Kema kapitanining vaxta yordamchisi manevrlar boshlanishidan kamida 1 soat, portga kirishdan oldin esa 1.5-2 soat oldin, biroq asosiy dvigatellarni ishlab chiqargan zavod yoʻriqnomasida koʻrsatilganidan kam boʻlmagan vaqt ichida dvigatellardagi yuklama asta-sekin kamaytirib borilishi toʻgʻrisida vaxta mexanigini xabardor qilishi shart, avariya holatlarining oldini olish va qutqarish jarayonlari bundan mustasno.
Manevrlar tugagandan soʻng kapitanning vaxta yordamchisi bu haqda vaxta mexanigini xabardor qiladi.
46. Vaxta mexanigi kutilayotgan manevrlar toʻgʻrisida xabarni olgandan keyin zudlik bilan mashina boʻlimidagi markaziy boshqaruv postiga yetib kelishi va bu haqida katta mexanikni ogohlantirishi va kemaning texnik vositalarini manevr qilish rejimiga tayyorlashi shart.
Asosiy dvigatellar va qadami muvofiqlashtiriluvchi vintni yurish koʻprikchasidan masofadan boshqarish davrida ularni manevrlarga va orqaga yurishga tayyorlashni kapitanning vaxta yordamchisi amalga oshiradi va bu haqda u oldindan vaxta mexanigini ogohlantiradi.
Vaxta mexanigi yurish koʻprikchasidan berilgan koʻrsatma boʻyicha asosiy dvigatellar va qadami muvofiqlashtiriluvchi vintni boshqarishni oʻziga olish uchun doim shay turishi shart.
47. Suzishning alohida sharoitlarida kemaning elektr stansiyasi kemadagi elektr energiyasini isteʼmol qiluvchi asosiy vositalarini shunday taʼminlagan boʻlishi kerakki, elektr energiyasi manbaidan birining ishdan chiqishi kemaning energiyasiz qolishiga olib kelmasligi shart.
48. Kemaning zaxira va avariya texnik vositalarini ishlatishga tayyor ekanligi davriy tekshirib turilishi, agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha nazarda tutilgan boʻlmasa, ularni tekshirish ikki haftada kamida bir marta amalga oshirilishi shart.
49. Kemalarning tayyorgarlik holati toʻxtab turish sharoiti va rejimiga qarab, kema egasi tomonidan doimiy yoki maʼlum muddatga belgilanadi.
Kemaning doimiy tayyorgarligiga kema egasi tomonidan belgilangan, imkon qadar eng qisqa vaqt ichida uning energetik qurilmasi va boshqa zarur texnik vositalari ishga tushirilishini taʼminlash kiradi.
Kema maʼlum muddatda ishga tayyorlanganda, vaxta xizmati kemaning energetik qurilmasi va boshqa texnik vositalarini belgilangan vaqtda ishga tushirilishini taʼminlashi shart.
50. Toʻxtab turish davrida kemani ishga tayyorgarlik darajasi kema kapitani tomonidan belgilanadi, bunda kapitan kemaning tayyorgarlik darajasidan doim xabardor boʻlib turishi shart.
4-§. Kemalarga texnik xizmat koʻrsatish
51. Kemalarning texnik vositalari, korpus konstruksiyalari va tizimlariga texnik xizmat koʻrsatish kema egasi tomonidan tasdiqlangan kemalarga texnik xizmat koʻrsatish reja jadvali asosida amalga oshiriladi.
Kemalarga texnik xizmat koʻrsatish kemani texnik soz holatda saqlash, texnik holatini nazorat qilib turish, nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish, yeyilgan va ishdan chiqqan detal va uzellarni almashtirishga yoʻnaltirilgan ishlar majmuasini oʻz ichiga olishi shart.
52. Texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha ishlar mexanizmlar ishlashdan toʻxtatilgandan keyin kema kapitanini xabardor qilgan holda, mexanik (katta mexanik) yoki kema kapitanining birinchi yordamchisi ruxsati bilan amalga oshiriladi.
53. Kema texnik vositalari, korpus konstruksiyalari va tizimlariga texnik xizmat koʻrsatish rejali-ehtiyotdan texnik xizmat koʻrsatish tizimi asosida reja-jadval, ularning haqiqiy texnik holatini tavsiflaydigan nazorat-oʻlchash asboblari yoki diagnostika va putur yetkazmaydigan oʻlchash natijalari tahlili asosida amalga oshiriladi.
54. Texnik xizmat koʻrsatishni belgilangan hajmda va muddatda bajarish, texnik qurilmalariga qarab turish ishlari kema boshqaruv va oddiy tarkib ishchilariga biriktiriladi.
Kema mexanigi texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha bajarilgan ishlarni doim nazorat qilib turishi shart.
55. Kemalarga har kunlik texnik xizmat koʻrsatish kema ekipaji tomonidan amalga oshiriladi.
Kema texnik qurilmalariga rejali davriy texnik xizmat koʻrsatish ishlab chiqaruvchi zavodning yoʻriqnomalariga muvofiq kema ekipaji yoki kemasozlik korxonalari ishchilari tomonidan amalga oshiriladi.
56. Texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha ishlarni bajarish davrida aniqlangan barcha nosozliklar va nuqsonlar bartaraf etilishi shart.
Agar nosozliklar va nuqsonlarni bartaraf etish imkoni boʻlmasa va bu nosozliklar xavf tugʻdirmasa, Kemachilik registri inspektori foydalanish boʻyicha cheklov belgilagan holda kemadan vaqtincha foydalanishga ruxsat beradi.
57. Kemaning barcha asosiy mexanizmlari va tizimlari, ularni yechish va yigʻish uchun zarur boʻlgan maxsus asbob-uskunalar bilan jihozlangan boʻlishi shart.
Zaxira qismlar, maxsus asbob-uskunalar va moslamalar doim yaroqli holda, ularning sifatli saqlanishini taʼminlaydigan, koʻrik uchun qulay boʻlgan oson olinadigan maxsus joylarda oʻrnatilgan boʻlishi shart.
5-§. Kemalarni taʼmirlash
58. Kemalarni taʼmirlash ishlari ixtisoslashtirilgan kema taʼmirlash korxonalarida amalga oshiriladi.
Kemalarni taʼmirlash uchun foydalanishdan chiqarish kema egasining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
59. Kemalarni taʼmirlash quyidagi turlarga ajratiladi:
kema egasi tomonidan tasdiqlangan kemalarni taʼmirlash rejasiga asosan bajariladigan ishlarni nazarda tutuvchi — rejali taʼmirlash;
kema qurilmalari va mexanizmlarining avariya davrida olgan shikastlanishlarini bartaraf etish bilan bogʻliq boʻlgan — rejadan tashqari taʼmirlash.
60. Kemani taʼmirlash boʻyicha shartnoma, taʼmirlash ishlari roʻyxati, nosozliklar dalolatnomasi va bajariladigan taʼmirlash ishlari roʻyxati kemani taʼmirlash uchun asosiy hujjatlar hisoblanadi.
Belgilangan taʼmirlash ishlari roʻyxatini tuzish uchun dastlabki materiallar boʻlib quyidagilar hisoblanadi:
kema texnik vositalari va konstruksiyalarining texnik holati qayd etilgan formulyar va jurnallar;
nazorat qiluvchi organlarning dalolatnomalari, taqdimnomalari va talablari;
ruxsat etilgan yemirilish meʼyorlari;
taʼmirlash oldidan aniqlangan nosozliklar, foydalanish jarayonida amalga oshirilgan kuzatishlar va koʻriklar natijalari;
normativ hujjatlar boʻyicha belgilangan talablar;
kema boʻyicha konstruktorlik va texnik loyiha hujjatlar.
61. Kema egasi kemani taʼmirga qoʻyishdan oldin quyidagi ishlarni amalga oshirishi shart:
zarur boʻlganda kemasozlik korxonasi vakillarini taʼmirlash hujjatlari, belgilangan taʼmirlash ishlarining xususiyatlari va hajmini aniqlash maqsadida kemada boʻlishini taʼminlash;
belgilangan taʼmirlash ishlari roʻyxatini Kemachilik registri inspektori bilan kelishish;
shartnoma shartlariga muvofiq kemani taʼmirlashga tayyorlash;
kemasozlik korxonasiga belgilangan taʼmirlash ishlarining roʻyxati, kemani modernizatsiya qilish va qayta jihozlash boʻyicha texnik loyiha boʻyicha ish chizmalarini topshirish;
taʼmirlash davrida kemaning xavfsiz toʻxtab turishini taʼminlash uchun ekipaj aʼzolari tarkibi va sonini tasdiqlash.
62. Kemani taʼmirlashga tayyorlash boʻyicha ishlarning oʻz vaqtida amalga oshirilishi boʻyicha kema kapitani javobgar hisoblanadi.
Kemani taʼmirlashga tayyorlash boʻyicha ishlarga kema mexanigi va kapitan yordamchisi rahbarlik qiladi.
63. Taʼmirlashga tayyor kemani kemasozlik korxonasiga topshirish dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Dalolatnoma imzolangan sana taʼmirlash ishlari boshlangan sana hisoblanadi.
Taʼmirlashga jalb etilgan kemani taʼmirlash jarayonida ish chizmalari, eskizlar va texnologik jarayonlarni ishlab chiqish ehtiyoji paydo boʻlganda, ularni kemasozlik korxonasi ishlab chiqadi.
64. Kemani taʼmirlash davrida kema egasi va kemasozlik korxonasi tomonidan javobgar shaxslar tayinlanadi va bir-birini xabardor qiladi.
65. Kemani taʼmirlash davrida Kemachilik registri inspektori va kema egasi tomonidan texnik nazorat olib boriladi.
Taʼmirlash davrida foydalaniladigan kemaning texnik qurilmalari va konstruksiyalari boʻyicha konstruktorlik, texnik loyiha va texnologik jarayonlar hujjatlari kema egasi va Kemachilik registri inspektori bilan kelishilishi shart.
Kemachilik registri nazorati ostida boʻlgan mexanizmlar va jihozlar hamda kemaga oʻrnatiladigan buyumlar va materiallar tegishli hujjatlarga (sertifikatlarga) ega boʻlishi shart.
66. Kemasozlik korxonasiga taʼmirlash uchun topshirilgan kemaning texnik vositalari, konstruksiyalari va kemaning oʻzini toʻliq texnik koʻrikdan oʻtkazish, taʼmirlash boʻyicha ishlab chiqilgan konstruktorlik va taʼmirlash hujjatlarini koʻrib chiqish hamda nuqsonlarni aniqlash, oraliq, shvartov va yurish sinovlarida Kemachilik registri inspektorining ishtirok etish tartibi kemasozlik korxonasi va Kemachilik registri bilan tuziladigan shartnoma bilan belgilanadi.
67. Kemani (dokka) taʼmirlashga qoʻygandan soʻng kemasozlik korxonasi va kema egasining vakillari kemaning tag qismini tekshirishdan oʻtkazadi, zarurat boʻlganda taʼmirlash ishlari va muddatini aniqlash uchun kema texnik vositalari va konstruksiyalarining alohida qismlaridagi nuqsonlarni aniqlaydi.
Kemaning texnik qurilmalari va konstruksiyalarini taʼmirlash xususiyatlarini aniqlash uchun taʼmir oldi sinovlardan oʻtkazish talab etilsa, kema egasi sinovlar oʻtkazilishini taʼminlashi shart.
68. Taʼmirlash davrida texnik nazorat olib borish uchun zarur boʻlgan konstruktorlik, texnik loyiha va texnologik jarayonlar hujjatlari Kemachilik registri inspektorining talabi boʻyicha unga taqdim etilishi shart.
69. Kemasozlik korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan texnik qurilmalar va konstruksiyalarda aniqlangan nuqsonlar boʻyicha taʼmirlash ishlari roʻyxatining toʻliqligi va sifati uchun kemasozlik korxonasi javob beradi. Kemasozlik korxonasi nuqsonlarni aniqlash uchun kema egasi vakilini va zarur hollarda Kemachilik registri inspektorini taklif etishi mumkin.
70. Kemani dokdan tushirish kema kapitanining kema suvga tushirishga tayyor ekanligi toʻgʻrisidagi yozma koʻrsatmasi bilan amalga oshiriladi.
Kemasozlik korxonasi tomonidan kemaning choʻkmasligi uchun korpus va uning yopqichlarida suv oʻtkazmaslik taʼminlangan boʻlishi shart.
71. Kapitan, mexanik va ularning yordamchilari yoki kema boshqaruv tarkibi aʼzolari kemada taʼmirlash ishlarini bajarish davrida oʻz boʻlinmalarida quyidagi ishlarni amalga oshirish shart:
kemasozlik korxonasi tomonidan nuqsonlarni aniqlash ishlarini amalga oshirishda ishtirok etish;
taʼmirlash ishlari roʻyxati, konstruktorlik, texnik loyiha va texnologik jarayonlar hujjatlari boʻyicha ishlar toʻliq va sifatli bajarilishini nazorat qilish;
taʼmirlash ishlarining oʻz muddatida bajarilishini nazorat qilish va belgilangan vaqtda kemani taʼmirlashdan chiqarish choralarini koʻrish;
kema texnik qurilmalari va korpus konstruksiyalarining asosiy qismlarini oraliq qabul qilish hamda kemada taʼmirlash ishlari tugagandan soʻng yakuniy qabul qilish.
72. Kemasozlik korxonasi tomonidan kema egasiga topshiriladigan texnik qurilmalar va korpus konstruksiyalari oldindan tekshirilgan boʻlishi va dalolatnoma bilan rasmiylashtirilgan boʻlishi shart.
Kema egasi kemani kapital taʼmirdan qabul qilib olish davrida Kemachilik registri inspektorlarini jalb etadi.
73. Kemada taʼmirlash ishlari yakunlangandan soʻng kemasozlik korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan, kema egasi va Kemachilik registri inspektori bilan kelishilgan dastur boʻyicha kema tegishli sinovlardan oʻtkaziladi.
Sinov davrida bajarilgan ishlarning sifati, barcha tizimlar, mexanizmlar va jihozlarning belgilangan koʻrsatkichlari boʻyicha oʻzaro ishlashi tekshiriladi.
Sinov davrida kema tizimlari va konstruksiyalariga xizmat koʻrsatishni kema ekipaji taʼminlaydi.
Taʼmirdan keyin oʻtkaziladigan sinov ishlari kemasozlik korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
Agar sinov davrida kemachilik xavfsizligiga tahdid soladigan nuqsonlar paydo boʻlsa, ular bartaraf etilgandan keyin kema egasi yoki Kemachilik registri inspektori talabi boʻyicha sinov ishlari qaytadan oʻtkaziladi.
74. Taʼmirga jalb etilgan kemaning kemasozlik korxonasi akvatoriyasida xavfsiz toʻxtab turishi uchun kemasozlik korxonasi maʼmuriyati javobgar hisoblanadi.
Kemasozlik korxonasi maʼmuriyati quyidagilarga rioya etishi shart:
qirgʻoq inshootlari va shvartov qurilmalarini yaroqli holatda saqlash;
kema kapitani bilan kemaning toʻxtab turish joyi, shartlari, shvartov qilish tartibini kelishish va ularga zarur yordamlarni koʻrsatish;
ob-havo sharoitidan qatʼi nazar, kemasozlik korxonasi akvatoriyasida kemalarni taʼmirlash davrida xavfsiz toʻxtab turishini taʼminlash;
kema kapitanlari bilan birgalikda har kuni nazoratni amalga oshirish va kemalarning xavfsiz turishini taʼminlash boʻyicha tezkor choralarni koʻrish;
kutilayotgan ob-havo oʻzgarishi va avariya holatlari paydo boʻlganda, kema xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻriladigan choralar toʻgʻrisida kema kapitanlarini xabardor qilish.
75. Taʼmirga jalb etiladigan kemalarni qishki mavsumga tayyorlash, shvartov, kingstonlar, kema tizimlari va xonalarni isitish, agar shartnomada boshqacha belgilab qoʻyilmagan boʻlsa, kema ekipaji tomonidan amalga oshiriladi.
76. Kemaning umumiy mustahkamligi, barqarorligi va suzuvchanligiga taʼsir qiluvchi barcha ishlar (ogʻir vaznli yuklarning joyini oʻzgartirish, ballast va yoqilgʻini nasoslar yordamida boshqa joyga oʻtkazish, qobiqni va suv oʻtkazmaydigan pereborkalarni teshish, bort orti va kesib oʻtuvchi armaturalarni yechish) faqat kema kapitani bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
77. Taʼmirda boʻlgan kemaning yongʻin xavfsizligi boʻyicha kema kapitani javobgar hisoblanadi.
Kemadagi ish joylarida yongʻin xavfsizligini taʼminlash, ish vaqtida yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etish, kemasozlik korxonasi akvatoriyasi va toʻxtab turish hududida yongʻinga qarshi vositalarining ishga shayligi uchun kemasozlik korxonasi maʼmuriyati javobgar hisoblanadi.
Kemadagi yongʻinga qarshi va suv chiqarib tashlash tizimini taʼmirlash davrida ularning vazifasini bajaruvchi vositalar kemasozlik korxonasi tomonidan taqdim etiladi.
78. Meteorologiya sharoitlari sababli dokdagi ishlar majburan toʻxtatilganda, kemasozlik korxonasi va kema egasi vakillari ishtirokida dalolatnoma tuziladi.
Dalolatnomaga ishlarni davom ettirishga taʼsir qiluvchi gidrometeorologiya sharoitlari toʻgʻrisida Gidrometeorologiya xizmati agentligi maʼlumotnomasi ilova qilinishi mumkin.
79. Taʼmirlash ishlari tugagandan soʻng:
kemasozlik korxonasi yoki Kemachilik registri inspektoriga topshirilgan barcha hujjatlar kemaga qaytarilishi;
kemasozlik korxonasi tomonidan kema egasi vakiliga taʼmirlash boʻyicha hujjatlar va bajarilgan ishlarning haqiqiy bahosi koʻrsatilgan holda amalga oshirilgan taʼmirlash ishlarining roʻyxati taqdim etilishi;
kema egasi va kapitani kemani qabul qilib olish toʻgʻrisidagi dalolatnomani imzolashi shart.
Kemani qabul qilib olish toʻgʻrisidagi dalolatnoma imzolangan sana taʼmirlash ishlari tugagan sana hisoblanadi.
80. Kafolat muddati ichida bajarilgan taʼmirlash ishlarining sifatsizligi bilan bogʻliq boʻlgan nuqsonlar aniqlanganda, kema egasi tomonidan eʼtiroz dalolatnomasi tuziladi va kemasozlik korxonasiga taqdim etiladi.
Aniqlangan nuqsonlar kemasozlik korxonasi tomonidan shartnomada qayd etilgan muddatda bartaraf etiladi.
3-bob. Kemalarning texnik nazorati va ularni tekshirish
1-§. Umumiy qoidalar
81. Barcha kemalar loyihalashtirish, qurish, qayta jihozlash, taʼmirlash davrida kema egalari bilan tuzilgan shartnomalarda belgilab qoʻyilgan muddatlarda, foydalanish davrida esa kema hujjatlarida belgilab qoʻyilgan muddatlarda quyidagi talablar boʻyicha majburiy davlat va idoraviy tekshirishga, texnik nazorat va texnik koʻriklarga jalb qilinadi:
kemachilik xavfsizligi;
texnik holati;
sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi;
yongʻin xavfsizligi;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish;
mehnatni muhofaza qilish.
82. Davlat va idoraviy tekshirish, texnik nazorat va texnik koʻriklar kemada qonunchilik hujjatlari talablari bajarilganligini tasdiqlash maqsadida amalga oshiriladi.
Texnik nazorat, tekshirish va texnik koʻriklar kemalarning xususiyatlari, belgilangan vazifasi va mahalliy suzish sharoitini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
83. Davlat texnik nazorati, tekshirish va texnik koʻrik Kemachilik registri inspektori tomonidan amalga oshiriladi.
Nazorat natijalari boʻyicha Kemachilik registri inspektori kemaga qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan shakldagi guvohnomalar beradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-apreldagi 167-sonli “Daryo transportida davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
2-§. Texnik nazorat
84. Kema, uning tizimlari, korpus konstruksiyalari va taʼminotining texnik holati, suzish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qonunchilik hujjatlari talablarining bajarilganligi Kemachilik registri inspektori tomonidan beriladigan kema hujjatlarida qayd etiladi.
85. Kema kapitani quyidagi hollarda kema, uning tizimlari, korpus konstruksiyalarini navbatdan tashqari texnik koʻrikka taqdim etishi shart:
sodir etilgan avariya sababli kemada suzish sifatlaridan biri yoʻqolganda yoki foydalanishda cheklashlar paydo boʻlganda;
oldin berilgan klassni tiklashda;
texnik ekspertiza oʻtkazishda;
texnik holati boʻyicha eʼtirozlar tasdiqlanganda;
Kemachilik registri inspektori talabi boʻyicha;
ruxsat etilmagan suzish hududidan bir martalik oʻtish uchun.
Kemada oʻtkazilgan navbatdan tashqari texnik koʻrik davriy texnik koʻrik sifatida qabul qilinadi.
86. Kema, tizimlari, korpus konstruksiyasi, yongʻindan konstruktiv himoya, oʻt oʻchirish tizimlari, yongʻin signalizatsiyasi, yongʻinga qarshi jihozlar va taʼminotiga oʻrnatilgan talablarning bajarilganligini tekshirish natijalari boʻyicha Kemachilik registri inspektori tomonidan kema hujjatlari beriladi, tiklanadi, tasdiqlanadi yoki amal qilish muddati uzaytiriladi.
87. Kemaning yongʻinga qarshi jihozlarining holati va muvofiqligi ustidan idoraviy nazoratni kema egasi tomonidan vakolat berilgan boʻlinma amalga oshiradi.
Kemadagi yongʻinga qarshi jihozlarning texnik holatini tekshirish kemaga yukni yuklashdan, yoʻlovchi kemalarida esa yoʻlovchilarni chiqarishdan oldin amalga oshiriladi.
88. Kemada mehnatni muhofaza qilish talablarining bajarilganligi ustidan nazorat Kemachilik registri inspektori va Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasining hududiy inspeksiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
89. Ishchi-xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha qonuniy huquq va manfaatlarining davlat nazoratini Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi hamda uning hududiy inspeksiyalari, jamoatchilik nazoratini tegishli kasaba uyushmalari organlari yoki mehnat jamoasining vakolatli vakillari amalga oshiradi.
90. Kema, uning tizimlari, korpus konstruksiyalarining texnik holatini davriy tekshirish kema mexanigi yoki u vakolat bergan kema ekipajining boshqaruv tarkibi aʼzosi tomonidan, kemani texnik yaroqli saqlash boʻyicha inspektorlik tekshiruvi ishlari esa kema egasi tomonidan amalga oshiriladi.
Inspektorlik tekshiruvidan oʻtkazish tartibi, tekshirish hajmi va komissiya tarkibi kema egasi tomonidan belgilanadi.
Inspektorlik tekshiruvlaridan qatʼi nazar, flotning masʼul shaxslari kemaning texnik holatini doimiy nazorat qilib turadilar.
4-bob. Kemani qatnovga tayyorlash
91. Kema ekipaji kemani oʻz vaqtida qatnovga chiqish uchun tayyorlashi shart.
Tayyorlash ishlariga umumiy rahbarlikni kema kapitani amalga oshiradi.
Joʻnab ketishdan oldin kemada barcha yuk operatsiyalari tugatilgan, barcha turdagi taʼminotlar qabul qilib olingan, texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlari yakunlangan va kema tizimlari ishga shay holga keltirilgan boʻlishi shart.
92. Kema joʻnab ketish uchun shay holga keltirilganligi toʻgʻrisida kema mexanigi va kapitan yordamchisi kema kapitaniga axborot beradilar.
Kema, uning tizimlari, korpus konstruksiyalarining texnik holati suzish xavfsizligi, inson hayoti va atrof-muhit muhofaza qilinishiga hamda yuklarning ishonchli tashilishiga shubha uygʻotganda, kapitan qatnovga chiqishni bekor qiladi.
Kemada qatnovga chiqishdan oldin aniqlangan kamchiliklar kema kapitani taqdimnomasi asosida, zarur hollarda Kemachilik registri inspektorining texnik nazorati ostida kema egasi tomonidan bartaraf etiladi.
93. Kemada belgilangan kema hujjatlari mavjud boʻlmaganda hamda uning amal qilish muddatlari koʻzda tutilgan qatnov davrida tugasa, kemaning qatnovga chiqishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Belgilangan kema hujjatlari mavjud boʻlmasdan yoki amal qilish muddati oʻtgan hujjatlar bilan qatnovga chiqqanlik uchun kema kapitani va port maʼmuriyati javobgar hisoblanadi.
94. Kema kapitani qatnovga chiqishdan oldin kemada yuklash, barqarorlik va choʻkmaslik boʻyicha yoʻriqnoma talablari bajarilganligi va butun qatnov davomida saqlanishiga ishonch hosil qilishi, kemani yuklashdan oldin barqarorlik, mustahkamlik va choʻkmaslik, shuningdek, bitta yoki bir nechta boʻlinmalar suv bilan toʻlganda yuklarning joylashishi va mahkamlanishi boʻyicha kemaning suzuvchanlik va choʻkmaslik qobiliyati hisob-kitob qilgan boʻlishi shart.
95. Kemaga yuklanishi kerak boʻlgan yuklar roʻyxatini tuzish va ularni yuklash davrida kemaning suvga botishi hisobga olinishi, suzish davrida har qanday holatda ham suv usti borti belgilangan suzish hududi uchun kemaning yuk markasida koʻrsatilgan qiymatidan kam boʻlmasligi shart.
Kemada yuklash jarayonlarini amalga oshirish davrida belgilangan meʼyorlardan ortiq boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik, kema korpusidagi yuklama va paydo boʻlayotgan kuchlanishlar nazorat qilib turilishi shart.
96. Kemani qatnovga tayyorlash davrida uning barcha tizimlari va korpus konstruksiyalari qonunchilik hujjatlari, ishlab chiqaruvchi zavod yoʻriqnomalari va mazkur Qoidalarga muvofiq talab etilgan rejimlarda ishlatish imkoniyatini taʼminlaydigan holatga keltirilishi shart.
Nosozliklarni aniqlash, texnik koʻrikdan oʻtkazish va texnik xizmat koʻrsatish yoki taʼmirlash ishlari hamda uzoq muddat ishlatilmaganligi sababli yechib olingan va yigʻilgandan keyin kema tizimlari va korpus konstruksiyalarini ishga tayyorlash ularga biriktirilgan boshqaruv tarkib ishtirokida, asosiy dvigatellar esa bevosita kema mexanigi ishtirokida amalga oshirilishi shart.
97. Kema tizimlari va korpus konstruksiyalarini ishga tushirish uchun tayyorlash davrida belgilangan vaqtda ularni shikastlanish va nosozliklarsiz ishga tushirish hamda talab etilgan ish rejimiga keltirish imkonini beradigan holati taʼminlanishi shart.
Ishga tushirish uchun tayyorlash barcha elementlarni puxta tekshirish, zarur hollarda ularning tarkibiy elementlarini muvofiqlashtirish ishga tushirish va orqaga qaytarish qurilmalarni, boshqarishni nazorat qilish, signalizatsiya, himoya tizimlari va agar zarur boʻlsa — isitish, burash va sinov tariqasida ishga tushirishni oʻz ichiga olishi shart.
Sinov tariqasida ishga tushirish barcha boshqaruv postlaridan amalga oshirilishi shart.
98. Kema kapitani kemaning belgilangan vaqtda joʻnab ketishi boʻyicha farmoyish berilgandan keyin kapitan yordamchisi va kema mexanigi vaxta boʻyicha kapitan yordamchisi va vaxta mexanigiga tegishli ravishda belgilangan vaqtda va tartibda kema, kema tizimlari va korpus konstruksiyalarini ishga tushirishga hamda joʻnab ketishga tayyorlashga koʻrsatma beradi.
Koʻrsatma oldindan kema tizimlari va korpus konstruksiyalarini ishga tushirish uchun sarflanadigan vaqtni hisobga olgan holda beriladi.
99. Vaxta mexanigi kapitanning vaxta yordamchisi bilan birgalikda energetik qurilmani ishga tushirishga tayyorlashdan oldin markaziy boshqaruv postlaridagi barcha aloqa vositalarini va boshqa boshqaruv postlaridagi aloqa vositalarini markaziy post bilan bogʻlanganligini hamda koʻrsatkichlarning holati, zarur hollarda ularni talab etilgan holatga keltirilishi, avariyaviy yoritish, yongʻinga qarshi, suv chiqarib tashlash va quritish vositalarining ishlashini tekshirishi shart.
100. Kema energetik qurilmasini ishga tushirishga tayyorlash davrida vaxta mexanigi yurish koʻprikchasidan kapitanning vaxta yordamchisi bergan buyruqlarini va kema mexanigi topshiriqlarini, asosiy jarayonlarning bajarilgan vaqti, tekshirish, oʻlchash ishlarini mashina jurnaliga yozib borishi shart.
Masofadan boshqarishga jihozlangan asosiy dvigatellarni ishga tushirishga tayyorlash davrida ular qoʻlda boshqarishga oʻtkaziladi.
101. Asosiy dvigatellar eshkak vali bilan turlicha biriktirilgan boʻlsa ham uni aylantirish vaxta mexanigi rahbarligida amalga oshiriladi. Agar ular qattiq bogʻlangan boʻlsa (shuningdek, reduktor orqali), uni aylantirishga kapitanning vaxta yordamchisi ruxsat berishi va oldindan kema shvartovda ishonchli turganligiga va harakatlanuvchilar oldida odamlar, suzish vositalari va boshqa narsalar yoʻqligiga ishonch hosil qilinishi shart.
Eshkak vali bilan qattiq bogʻlangan asosiy dvigatellarni sinash tariqasida ishga tushirish kapitanning vaxta yordamchisi va mexanik ruxsati bilan katta mexanik nazorati ostida amalga oshirilishi shart.
Eshkak vali quvurida ajratuvchi qurilma mavjud boʻlganda, kapitanning vaxta yordamchisi ruxsati talab etilmaydi.
102. Asosiy dvigatellarni tayyorlash ishlari tugagandan keyin vaxta mexanigi kema mexanigiga bu haqda xabar beradi va uning ruxsati bilan yurish koʻprikchasida boʻlgan kapitanning vaxta yordamchisini xabardor qiladi.
Asosiy dvigatellarni masofadan boshqarish tizimi mavjud boʻlganda, vaxta mexanigi elektromexanik bilan birgalikda dvigatellar toʻxtab turgan vaqtda tizimni tekshirishi, sinov tariqasida dvigatellarni ishlatib koʻrishi va asosiy dvigatellarni boshqaradigan boshqaruv postini belgilashi va mashina jurnaliga bu haqda qayd etishi zarur.
103. Kemani qatnovga chiqishga tayyorlash davrida kapitanning vaxta yordamchisi kapitan va uning katta yordamchisidan kema tizimlari va korpus konstruksiyalarini ishga tushirish boʻyicha olgan buyruq va koʻrsatmalarni, bajarishga sarflangan vaqt va tugagan vaqt, oʻtkazilgan tekshirish va oʻlchash ishlari toʻgʻrisida kema jurnaliga qayd etib borishi shart.
104. Kema qatnovga chiqishidan oldin kapitanning katta yordamchisi va kema mexanigi kemaning suzishga tayyor ekanligini, kema tizimlari va korpus konstruksiyalarining shayligini tekshirishi va shayligi toʻgʻrisida kema kapitanini xabardor qilishi shart.
Tekshirish davrida quyidagilarga alohida eʼtibor berilishi shart:
rul, langar va deydvud qurilmalari;
avariya mexanizmlari, qurilmalari, yoritish jihozlari;
qutqarish, yongʻindan himoya, aloqa, tovush va yorugʻlik signallari vositalari;
mashina telegrafi;
quritish tizimi, tashqi teshiklarning yopqichlari (korpus, ustqurma, rubka va tushish joylari);
suv oʻtkazmaydigan va yongʻinga qarshi yopqichlar va ularni boshqarish qurilmalari;
avariya jihozlari;
palubadagi yuk va boshqa buyumlarni yurish boʻyicha mahkamlanishi.
Tekshirish natijalari kema va mashina jurnallariga tegishligicha qayd etilishi shart.
105. Asosiy dvigatellarni boshqaruv postidan masofadan boshqarishda ularni ishga tushirish kema kapitani yoki kapitanning vaxta yordamchisi tomonidan amalga oshiriladi.
Vaxta mexanigi ishga tushirish davrida markaziy boshqaruv postida boʻlishi va zarur hollarda yurish koʻprikchasidan berilgan buyruq boʻyicha asosiy dvigatellarni boshqarishni oʻz zimmasiga olishi shart.
Asosiy dvigatellarning xavfsiz ishlashiga tahdid paydo boʻlganda, masofadan boshqarish tizimi ishdan chiqqanda va boshqa favqulodda vaziyatlarda vaxta mexanigi asosiy dvigatellarni boshqarishni oʻz zimmasiga olishi va bir vaqtning oʻzida bu haqda kapitanning vaxta yordamchisini xabardor qilishi shart.
5-bob. Kemalarni uzoq muddatga saqlash uchun foydalanishdan chiqarish
106. Kemalarni uzoq muddatga saqlash uchun foydalanishdan chiqarish (keyingi oʻrinlarda — saqlash) toʻgʻrisidagi qaror kema egasi tomonidan qabul qilinadi va buyruq bilan rasmiylashtiriladi.
107. Kemalarni saqlash kema tizimlari va korpus konstruksiyalarini (sovuq holda saqlash) saqlash yoki kema tizimlari va korpus konstruksiyalarini ekspluatatsiya qilishga tayyor holda saqlash (ekspluatatsiya zaxirasi) yoʻli bilan amalga oshiriladi.
108. Kemani ekspluatatsiya zaxirasida saqlash davrida kema, kema tizimlari va korpus konstruksiyalarining ishlash holati kema ekipaji tomonidan taʼminlanadi va kemani foydalanishda boʻlgan flot tarkibiga kiritish uchun qoʻshimcha vaqt talab etmaydi.
109. Sovuq holda saqlash davrida kemaning barcha tizimlari va korpus konstruksiyalari foydalanishdan chiqariladi, saqlanishi uchun toʻliq konservatsiya qilinadi hamda ularga qarab turish uchun qisqartirilgan ekipaj biriktiriladi.
Kemani saqlashdan chiqargandan keyin uni harakatdagi flot tarkibiga kiritish uchun ekipaj bilan butlash, kema tizimlari va korpus konstruksiyalarini konservatsiyadan chiqarish, ish jarayonida tekshirish, shvartov hamda yurish sinovlari oʻtkazish ishlari amalga oshiriladi.
110. Kema egasi iqtisodiy jihatlarni hisobga olgan holda, kemani saqlashning biror-bir turini tanlashi, kemani xavfsiz saqlanishini taʼminlash uchun ekipaj bilan toʻliq butlashi mumkin.
111. Kemalar xar qanday turdagi saqlash davrida barqarorligi, choʻkmasligi, xavfsiz saqlanishini taʼminlash uchun kema egasi kemaning xavfsiz saqlash choralari boʻyicha reja ishlab chiqadi va port maʼmuriyati bilan kelishadi.
Rejada quyidagilar koʻrsatiladi:
kema nomi va uning asosiy oʻlchamlari;
rejalashtirilayotgan saqlash muddati;
saqlash turi;
saqlash joyi;
saqlash davrida foydalanishdan chiqarish, konservatsiya qilish yoki taʼmirlashga jalb qilinadigan texnik vosita va konstruksiyalar roʻyxati;
kemani saqlash davrida suv, bugʻ va elektr energiyasi, shuningdek, quritish va yongʻinni oʻchirish vositalari va tizimlari bilan taʼminlash;
saqlash davrida ekipaj tarkibi boʻlishi va vaxta xizmatini tashkil qilish;
korpus, suv oʻtkazmaydigan yopqichlar, kingstonlar, deydvud qurilmasi, yongʻinga qarshi vositalar va yongʻin oʻchirish tizimlarining holati;
yoqilgʻi va moy zaxiralarining mavjud boʻlishi, ularning kemada joylashuv chizmasi;
saqlashning butun davri uchun kema korpusining suv oʻtkazmasligi, choʻkib ketmasligi, barqarorligi, yongʻin xavfsizligi va kemaning xavfsiz saqlanishini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish;
ekipaj yoki vaxta tarkibi uchun sanitariya va boshqa zarur tizimlarning ishlashini taʼminlash;
ekipaj yoki vaxta tarkibi uchun oziq-ovqatni tashkil etish;
favqulodda vaziyatlarda, shuningdek, yongʻin sodir boʻlganda, kemada barqarorlik va choʻkmaslik xususiyatlari yoʻqolganda, ekipaj yoki vaxta tarkibining harakatlari.
112. Kemani saqlash davrida kema egasining ruxsati va port maʼmuriyatining roziligi bilan unda alohida texnik vositalar va konstruksiyalarni taʼmirlash yoki modernizatsiya qilish ishlarini bajarishga ruxsat beriladi. Kema egasi kemani saqlash va taʼmirlash yoki modernizatsiya ishlari xavfsiz bajarilishi uchun barcha zarur qoʻshimcha chora-tadbirlarni taʼminlaydi.
113. Kemalardan mavsumiy foydalanish va kemalar guruhlarining sovuq holda saqlash xususiyatiga (saqlash hududi va sharoitiga) qarab, kema egasi quyidagi tadbirlarni amalga oshirishi shart:
kemalarda vaxta xizmati toʻgʻrisida nizom, shtatlar jadvali va lavozim yoʻriqnomalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
kemalarning xavfsiz va avariyasiz toʻxtab turishini taʼminlash uchun masʼul shaxsni tayinlash;
kemalarni joylashtirish rejasini ishlab chiqish va port maʼmuriyati tomonidan tasdiqlash;
kemani saqlashga topshirish (qabul qilish), saqlashdan chiqarish tartibi toʻgʻrisida nizomni ishlab chiqish, port maʼmuriyati bilan kelishish va tasdiqlash;
kemalarni xavfsiz va avariyasiz saqlashni taʼminlash boʻyicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish, port maʼmuriyati bilan kelishish va tasdiqlash.
114. Port maʼmuriyati kemalarni xavfsiz va avariyasiz saqlashni taʼminlash uchun quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
kemalarni saqlashning butun davri uchun portning alohida akvatoriyasini ajratish;
kemalarni joylashtirish rejasini tasdiqlash;
kemalarni lozim darajada saqlashga topshirish uchun tayyor ekanligini tekshirish;
kemalarni saqlash davrida ular ustidan nazoratni amalga oshirish.
115. Port maʼmuriyati tomonidan kemaning tayyor ekanligi tekshirilgandan keyin kema egasi kemani saqlash uchun ajratilgan akvatoriyaga joylashtiradi.
Tekshiruv natijalari boʻyicha dalolatnoma tuziladi, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
kemaning nomi;
rejalashtirilgan saqlash muddati;
saqlash turi;
saqlash joyi;
saqlash davrida kemaning xavfsiz va avariyasiz turishi uchun masʼul shaxs;
tamgʻalangan xonalar, sisternalar va tizimlar roʻyxati;
port maʼmuriyati vakolatli shaxslarining imzosi va tuzilgan sanasi.
Dalolatnomaga kemaning xavfsiz va avariyasiz saqlanishini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar reja nusxasi, vaxta xizmati toʻgʻrisida nizom, shtatlar jadvali va lavozim yoʻriqnomalari ilova qilinadi.
6-bob. Kema va uning egalariga talablar
1-§. Kemalarga talablar
116. Barcha kemalar suv havzalarini ifloslantirishga qarshi maxsus qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi shart.
117. Chiqindilar, oqova suvlar, shu jumladan, tozalangan va zararsizlantirilgan oqova suvlarni kemalardan suv havzalariga hamda suvdan foydalanish hududi chegarasiga chiqarib tashlash taqiqlanadi.
118. Kemachilik registri inspektorining suv havzalarini kemalardan ifloslantirishning oldini olish boʻyicha texnik nazorati quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
kema va uning uskunalarini ifloslantirishning oldini olishga moʻljallangan qismining texnik hujjatlarini koʻrib chiqish va kelishish;
kemadagi quyidagi uskunalarning tayyorlanishi va ularning oʻrnatilishini nazorat qilish:
tozalash uskunalarini;
tarkibida neft boʻlgan va oqova suvlarni soʻrib chiqarish, uzatish va chiqarib tashlash tizimlarini, shuningdek, yigʻuvchi sisternalar va standart toʻkish birikmalarini;
neft quyuvchi kemalar yuk tizimining kemalardan ifloslantirishning oldini olishga moʻljallangan uskunalarini;
chiqindilarni yigʻish uchun moʻljallangan uskunalarni.
Kemachilik registri inspektorining nazorati ostida qurilgan yoki oʻrnatilgan uskunalar, jihozlar va tizimlar koʻrikdan oʻtkaziladi.
119. Uskuna, jihoz va tizim elementlarini hamda ogohlantiruvchi priborlarni kemalarga oʻrnatish kemani loyihalashtirish davrida Kemachilik registri inspektori bilan kelishilishi shart.
Loyihalashtirish davrida oqova suvlar, chiqindilarni (oziq-ovqat, maishiy va foydalanilgan mahsulotlar qoldigʻi) yigʻish uchun alohida uskunalarni (sisternalarni) oʻrnatish koʻzda tutilishi shart.
120. Yigʻish uskunalarining (sisternalarining) sigʻimi kemani butun ishlatilishi davrida yigʻiladigan chiqindilarni va oqova suvlarni saqlash uchun yetarli boʻlishi shart.
121. Kemalarni dastlabki va navbatdagi texnik koʻriklardan oʻtkazish davrida hududiy Kemachilik registri inspektori tomonidan kemaga ichki suzish kemalaridan ifloslantirishning oldini olish toʻgʻrisida guvohnoma beriladi.
Guvohnoma 4 yil muddatga beriladi va har yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish davrida tasdiqlanadi.
2-§. Kemalarni texnik ishlatish bilan band boʻlgan xodimlarning majburiyatlari va javobgarligi
122. Kemalarni texnik ishlatish bilan band boʻlgan xodimlar quyidagi ishlarni amalga oshirishlari shart:
a) kema mexanizmlarining ishonchli ishlashi va ulardan samarali foydalanishni uzluksiz taʼminlash;
b) dvigatel va mexanizmlarning optimal rejimda ishlashini taʼminlash;
v) taʼmirlash ishlari, texnik qarovlar va boshqa profilaktika tadbirlarini oʻz vaqtida bajarish;
g) nazariy va amaliy bilimlarini muntazam oshirib borish, bir-biriga yaqin kasblarni oʻzlashtirib borish;
d) kema mexanizmlarini samarali ishlatish boʻyicha aniq tadbirlar ishlab chiqish va joriy etish, ish uslublarini takomillashtirish;
e) belgilangan muddatlarda kema va uning asosiy elementlarini Registrga texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun taqdim etish.
123. Kemalarda doimiy texnik nazorat kema egasi tomonidan amalga oshiriladi.
Kemalarda maxsus nazoratni hududiy Kemachilik registri inspektori va port maxsus boʻlinmasining mansabdor shaxslari amalga oshiradi.
Kema egasi oʻz vaqtida nazorat qiluvchi idoralarning vakillarini kemani koʻrikka yoki texnik koʻrikka taqdim etiladigan joyi va vaqti toʻgʻrisida xabardor qilishi va nazorat ostida boʻlgan obyektlarni texnik koʻrikka shaylashi lozim.
124. Kemalarni texnik ishlatishni tashkil etish, transport, texnika va yordamchi flotning soz holatda saqlanishi uchun javobgarlik kemadan foydalanayotgan korxonaning kema xoʻjaligi xizmati (bunday xizmat mavjud boʻlmaganda — bosh muhandis) zimmasida boʻladi.
Kema xoʻjaligi xizmatining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi kema egasi tomonidan mahalliy suzish sharoitlarini hisobga olgan holda belgilanadi va tasdiqlanadi.
125. Kemani texnik soz holatda saqlash, kemada ishlarni, shu jumladan, yuklash va tushirish ishlarini toʻgʻri tashkil etish, texnik koʻriklarni oʻz vaqtida oʻtkazish uchun kapitan yoki shkiper, zemsnaryad va uning tarkibidagi kemalarda (motozavoznya, oʻziyurar shalanda) — komandir, bir-biriga yaqin kasbni egallaganda — kapitan-mexanik (komandir — mexanik) javobgar hisoblanadi.
126. Kema mexanigi kema mexanizmlari va qurilmalarining sozligi va uzluksiz ishlashi uchun javobgar hisoblanadi. Kema mexanigiga uning yordamchilari va mashina komandasi boʻysunadi.
Mexanik kema mexanizmlari boʻyicha texnik hujjatlarning oʻz vaqtida va toʻgʻri toʻldirilishi, belgilangan tartibda va vaqtda hisobotlar taqdim etilishi, rejalashtirilgan texnik koʻriklar oʻz vaqtida oʻtkazilishini nazorat qilib turishi shart.
127. Komandasiz ishlatilayotgan kemaning yongʻinga qarshi kurashish jihozlarining holati uchun shu kema biriktirilgan kemaning kapitani; yuklash-tushirish ishlari davrida — uchastka, prichal boshliqlari, reydda turgan davrida — reyd kapitanlari va daryo floti dispetcherlari javobgar hisoblanadi.
128. Kapitan (komandir, shkiper) kema va ekipaj xavfsizligi uchun javobgar hisoblanadi.
Tarkibni shatakka olishdan boshlab oxirgi punktga toʻxtashiga qadar shataklanuvchi tarkibning ekipaji shataklovchi kemaning kapitaniga, zemsnaryad komandiriga esa — zemsnaryad karvonidagi yordamchi kemalarning ekipaji boʻysunadi.
Qatnov davomida ekipajsiz oʻziyurmas kemalarning texnik holati, ulardagi yuklarning saqlanishi va ularga xizmat koʻrsatish uchun javobgar, kemani qabul qilib olish dalolatnomasi tuzilgandan yoki kema jurnaliga (xabarnoma) imzo qoʻyilgan vaqtdan boshlab shataklovchi kemalar va yuk kemalarining ekipaji hisoblanadi.
129. Kemada kapitan-mexanik (komandir-mexanik) rahbarligi ostida quyidagi ishlar amalga oshirilishi shart:
kema ekipaj aʼzolarini vaxta boʻyicha taqsimlash va vaxta jadvalini tuzish;
ekipajga mexanizmlar, tizimlar, qurilmalar, jihozlarni biriktirgan holda jadval, hamda trevogalar: yongʻin, suv, “bort ortida odam” jadvallarini tuzish;
texnik oʻquvlar oʻtkazish;
xavfsizlik texnikasi, mehnatni muhofaza qilish va ishlab chiqarish sanitariyasi qoidalari va normalarining bajarilishi hamda mehnat va dam olish rejimlariga rioya etilishini nazorat qilish;
yongʻin xavfsizligi qoidalari talablarining bajarilishini taʼminlash;
texnik koʻriklar oʻtkazilishi va koʻriklar jadvallarining bajarilishini nazorat qilish.
130. Kema ekipajining har bir aʼzosi boʻlinmalar boʻyicha maxsus jadval bilan oʻzlariga biriktirib qoʻyilgan mexanizmlar, tizimlar, qurilmalar, jihozlarning texnik holati, saqlanishi va oʻz vaqtida xizmat koʻrsatilishi uchun hamda kema boʻyicha umumiy tashkiliy-texnik tadbirlar rejasining bajarilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
131. Kemaning saqlanishi hamda yuqori muhandislik darajasida texnik ishlatish uchun shaxsiy javobgarlik:
kema boʻyicha — kapitan (komandir) va mexanikka;
kemalar guruhi boʻyicha — reyd kapitani va reyd mexanigiga;
flot boʻyicha — ularning boshliqlari, flot boʻyicha boshliq oʻrinbosarlari va bosh muhandislarga yuklanadi.
132. Portlarda yuklash yoki tushirish davrida kema va yuklarning saqlanishi uchun port maʼmuriyati bilan bir qatorda kema kapitani ham javobgar hisoblanadi.
133. Kemada va uning elementlarida oʻtkazilgan texnik koʻriklar sifati uchun texnik koʻrik oʻtkazgan hamda unda ishtirok etgan shaxslar javobgar hisoblanadi.
134. Mazkur Qoidalarning talablariga javob bermaydigan kemaning suzishga chiqqanligi uchun kema kapitani yoki shkiperi hamda kemani suzishga chiqarish toʻgʻrisida koʻrsatma bergan shaxs javobgar hisoblanadi.
135. Korxonaning kemalarni texnik ishlatish boʻyicha javobgar shaxslari kema xoʻjaligi xizmati va boshqa xodimlari navigatsiya davri tugagandan soʻng kemalarni texnik ishlatish davrida aniqlangan nuqsonlar, nosozliklar va ularni bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan choralarni umumlashtirishi, flot ishini tahlil qilishi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqishi shart.
7-bob. Kemalarni qurish, qayta jihozlash va taʼmirlash boʻyicha ishlarni tashkil etish
1-§. Kemalarni qurish, taʼmirlash va qayta jihozlash ishlarini amalga oshirish davrida korxonalarga talablar
136. Kemalarni qurish, qayta jihozlash va taʼmirlash (keyingi oʻrinlarda — kemasozlik) ishlarini amalga oshiruvchi korxonalarning majburiyatlari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi ularning nizomlarida belgilab qoʻyilgan boʻlishi shart.
137. Kemasozlik ishlari hududiy Kemachilik registri inspektori nazorati ostida amalga oshiriladi.
Korxonalar tomonidan kemasozlik davrida bajariladigan ishlarning texnik loyiha hujjatlari va texnik topshiriqqa muvofiqligi ustidan texnik nazorat olib borish boʻyicha masalalar korxona va Kemachilik registri inspektori bilan tuzilgan oʻzaro shartnomalar bilan tartibga keltiriladi.
138. Kemasozlik korxonalarning hududlari qurilish normalari talablari, ishlab chiqarish binolari va inshootlari, sanitariya-maishiy va xizmat koʻrsatish binolarini joylashtirish texnologiyalari talablariga javob berishi, jihozlangan prichalga ega boʻlishi, suv, bugʻ, siqilgan havo, elektr energiyasi va baland ovozda xabar qilish vositalari bilan jihozlangan boʻlishi shart.
139. Kemasozlik korxonalarining akvatoriyalari quyidagi talablarga javob berishi shart:
kemalarni qishki saqlash davrida toʻgʻri joylashtirish va taʼmirlash ishlarini kemalardan sexlarga oʻtkazish va taʼmirlanayotgan kemalarga ishchilarni oʻtkazish, materiallar, uzel va detallarni yetkazib berish imkoniga ega boʻlishi;
dvigatellar, agregatlar, mexanizmlar va materiallarni tushirish va yuklash koʻzda tutilgan kemalarni boshqa joyga koʻchirish hamda ularni qish sharoitlarida (akvatoriyani isitish) kema koʻtarish inshootlariga koʻchirish imkoni taʼminlangan boʻlishi;
toʻsuvchi va prichal qurilmalari va kemalarni shvartov sinovlaridan oʻtkazish uchun zarur qurilmalar mavjud boʻlishi;
kema gabaritlariga mos keladigan erkin kema yoʻlining mavjud boʻlishi;
daryo yoki suv omborlarining barcha holatlarida (suv toshqini, muz oqishi, shamol, suv sathining oʻzgarib turishi) hamda yongʻin davrida kemalarning xavfsiz toʻxtab turishi kafolatlangan boʻlishi;
kemalar karvonini qirgʻoq bilan bogʻlovchi ishonchli aloqa vositalari, elektr yoritgichlar, yongʻinga qarshi mexanizatsiyalashtirilgan suv yetkazuvchi qurilma va dastlabki oʻt oʻchirish vositalari, kemalarning suv yetkazib beruvchi kommunikatsiyalarga borish yoʻllari hamda korxonaning akvatoriya bazalarining mahalliy xususiyatlaridan kelib chiqib, yongʻin xavfsizligi xizmatining koʻrsatmalari boʻlishi;
taʼmirlashda yoki saqlashda boʻlgan kemalarning suvga botishidan kelib chiqib, kafolatlangan chuqurlikka ega boʻlishi;
qoʻriqlash postlari tomonidan barcha karvonga yoki uning alohida kemalarini nazorat qilish imkonini taʼminlashi.
Kemalarni saqlashga qoʻyishdan oldin baza akvatoriyasi sinchiklab tekshirilgan, suv tubi tozalangan, suv osti toʻsiqlaridan tozalangan va zarurat boʻlganda chuqurlashtirish ishlari amalga oshirilgan boʻlishi shart.
140. Kemasozlik korxonasining akvatoriyasi va unga kirish yoʻllarini chuqurlashtirish va choʻkindilardan tozalash ishlari suv yoʻllari texnik uchastkalari tomonidan bajariladi.
141. Kemasozlik korxonasi oʻziga biriktirilgan kemaning quvvati, oʻlchami, turi va soniga muvofiq keladigan kema koʻtarish inshootlarining biror-bir turiga ega boʻlishi shart.
2-§. Kemasozlik korxonalari xodimlarining majburiyatlari va javobgarliklari
142. Kemasozlik korxonalariga biriktirilgan flotning but saqlanishi va sifatli taʼmirlanishi uchun kemasozlik korxonasi rahbari javobgar hisoblanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 700-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi rejimi toʻgʻrisidagi nizom.
143. Kemasozlik korxonalarining ishlab chiqarish bilan band boʻlgan xodimlari kema tizimlari va korpus konstruksiyalarini texnik ishlatish boʻyicha qoidalar va yoʻriqnomalarni, mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi va ishlab chiqarish sanitariyasi qoidalari hamda mazkur Qoidalar talablarini yaxshi bilishlari va ularga rioya etishlari shart.
144. Kemasozlik ishlarini amalga oshiruvchi xodimlarning bilimlarini tekshirish korxona rahbari tomonidan tasdiqlangan reja-jadvalga asosan Kemachilik registri inspektori ishtirokida oʻtkaziladi.
Kema qobigʻini payvandlash ishlarini amalga oshiruvchi xodimlarning payvandlash boʻyicha ishlarining namunalari tegishli sinovlardan oʻtkazilishi va bu haqda bilimini tekshirishdan oʻtkazish varaqasiga tegishli yozuv qayd etilishi shart.
145. Mazkur Qoidalarga muvofiq suv havzalarining kema saqlash punktlarida kemalarni joylashtirish va saqlash, navigatsiya davrida hamda kuzgi va bahorgi muz oqishi davrida kemalarni xavfsiz saqlashni taʼminlash boʻyicha korxonalar tomonidan maxsus yoʻriqnomalar ishlab chiqilishi shart.
8-bob. Portlar
1-§. Umumiy qoidalar
146. Portlar yuk toifalari, ularga ishlov berish va amalga oshirilayotgan tashishlarga qarab maxsus texnika va mexanizmlar bilan jihozlangan boʻlishi shart.
147. Portlarning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
yuklarni va yoʻlovchilar ishonchli tashilishini taʼminlash;
barcha turdagi kemalarga texnik va navigatsiya xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha kompleks ishlarni amalga oshirish;
yuklash-tushirish ishlari, port orqali joʻnatiladigan yuklarni boshqa transportga yuklash ishlarini tashkil etish va amalga oshirish;
kemalarga va vagonlarga oʻrnatilgan meʼyorlarga muvofiq oʻz vaqtida ishlov berilishini taʼminlash;
port faoliyatini rivojlantirish boʻyicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish;
kompleks mexanizatsiyalashtirish, avtomatlashtirish kompleksini va ilgʻor texnologik jarayonlar hamda mehnatni tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish;
ixtiyorida boʻlgan port inshootlari, yordamchi xoʻjaliklar, aloqa vositalari, flot va boshqa vositalarni taʼmirlash;
obyektlarda va kemalarda yongʻinga qarshi tadbirlarni amalga oshirish;
reydlarda, prichal yonlarida kemalarning suzishi va toʻxtab turishi uchun xavfsiz sharoitlarni yaratish, yuklash-tushirish va boshqa ishlarning xavfsiz bajarilishini taʼminlash
2-§. Akvatoriyalar, ichki kema yoʻllari va reydlar
148. Akvatoriyalar, ichki kema yoʻllari, reydlar, prichal oldining chuqurligi va boshqa texnik tavsifining nisbiyligi ushbu uchastkalarda foydalanilayotgan kemalarning tavsifiga va yuklarga ishlov berish hajmiga muvofiq boʻlishi hamda kemalarning xavfsiz suzishini taʼminlashi shart.
149. Port akvatoriyasi suv yoʻllari texnik uchastkalari tomonidan navigatsiya jihozlari va belgilari bilan jihozlanishi shart.
150. Port akvatoriyasida quyidagilar mavjud boʻlishi shart:
kemalar va shatakka olinuvchi tarkiblarning erkin oʻtishi uchun zarur oʻlchamlarga ega boʻlgan kema yuradigan yoʻl va prichalga kirish yoʻlagi;
kemalar tarkiblarini shakllantirish va taqsimlash, suv yuzida ishlarni bajarish va daryo transporti toʻxtab turishi uchun reydlar.
151. Reyd va prichal chuqurliklari, ushbu reyd va prichalning vazifalari, xizmat koʻrsatilayotgan kemalarning oʻlchamlari, suv yoʻllarining tavsifi, suv tubidagi yerning qattiqligi, kema differenti uchun zaxira chuqurlik, toʻlqinlanish, ushbu reyd va prichalga choʻkindi kirib qolishi va ulardan tozalanishi suv yoʻllari texnik uchastkalari va port tomonidan belgilanadi hamda taʼminlanadi.
152. Port maʼmuriyati ichki kema yoʻllaridagi toʻsiqlar va yoʻllarning haqiqiy chuqurligi toʻgʻrisida yoʻl axborot varaqalari yoki boshqa vosita yordamida kema boshqaruvchilarini xabardor qilishi shart.
153. Reydlar yetarli miqdorda toʻgʻri joylashtirilgan mustahkam qirgʻoq moslamalariga hamda reyd chegarasini koʻrsatib turuvchi — kunduz kuni yaxshi koʻrinadigan belgilar va tunda yoritiladigan chiroqlarga ega boʻlishi shart.
Ekipajsiz boʻlgan barjalarning toʻxtab turishi uchun reydlar barja-buy yoki reyd pontonlari bilan jihozlangan boʻlishi shart.
154. Yuklarning turiga qarab reydlar quruq yuk tashiydigan, neft quyiladigan, tez alanga oladigan, yongʻinga xavfli va portlovchi yuklarga moʻljallangan maxsus reydlarga boʻlinadi.
Neft quyiladigan va maxsus reydlar oqim boʻyicha barcha reydlardan quyida joylashgan boʻlishi shart.
Bajariladigan ishlarning hajmi va tavsifiga qarab reydlarda uchastkalar tashkil etiladi:
kelish uchastkalari — kelgan kemalar tarkibini taqsimlash va kemalarni toʻxtab turishi uchun;
joʻnatish uchastkalari — kemalarni joʻnab ketishga tayyorlash va tarkibni shakllantirish uchun;
yuklash-tushirish uchastkalari — suzuvchi holatda tanaffus qilish va yuklash-tushirish ishlarini amalga oshirish uchun;
ekipajsiz boʻlgan barjani langarsiz toʻxtab turishi uchun;
quruq yuk tashiydigan kemalarni tozalash va yuvish uchun.
Reydlar va suv yoʻli uchastkalarining orasi yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga muvofiq boʻlishi shart.
155. Kemalar va prichallarni toʻlqinlardan va muz oqimidan hamda akvatoriyani choʻkindi kirib qolishidan himoya qilish uchun tashkil etiladigan toʻsuvchi va himoya qiluvchi qurilmalar va suv inshootlari soz holda saqlanishi, oʻz vaqtida taʼmirlanishi shart.
156. Bahorgi suv toshqini davrida koʻmilib qoladigan toʻsuvchi va himoya qurilmalari va inshootlarining oldida kemachilik jihozlari oʻrnatilishi shart.
157. Portlarda suv inshootlarini barpo etish va rekonstruksiya qilish, prichallarga va reydlarga kirish joylarida suv tubini chuqurlashtirish boʻyicha barcha ishlar suv yoʻllari texnik uchastkalari bilan kelishilgan holda inshoot egalari tomonidan amalga oshiriladi.
3-§. Navigatsiya jihozlari
158. Navigatsiya jihozlari ichki kema yoʻllarida kemalarning xavfsiz va erkin suzishini taʼminlashi shart.
Kemalarning qatnovi va tavsifiga qarab quyidagi navigatsiya jihozlari qoʻllanilishi shart:
kecha-kunduz harakatni taʼminlovchi — yorituvchi;
kunning faqat yorugʻ vaqtlarida kemalarning harakatini taʼminlovchi — yoritmaydigan;
kunning qorongʻu vaqtida kema projektori ishlatilganda suzish imkonini beruvchi — nur qaytaruvchi.
159. Navigatsiya jihozlari ichki kema yoʻllarida harakat boshlanganda (navigatsiya boshlanishi) kemalarni qishki toʻxtab turish uchun joylashtirish tugagunga qadar ishlashi shart.
Suzuvchi belgilar (bakenlar, buylar) ichki kema yoʻllari muzdan toza boʻlgandan soʻng 3 kun ichida oʻrnatilishi va ichki kema yoʻllarida muz qoplamasi (kichik muz parchalari) paydo boʻlgunga qadar ishlashi shart.
160. Navigatsiya jihozlari va belgilarini oʻrnatish boʻyicha ishlarni tashkil etish, ularni saqlab turish suv yoʻllari texnik uchastkalari tomonidan amalga oshiriladi.
Suv yoʻllari texnik uchastkalari navigatsiya jihozlariga xizmat koʻrsatish davrida xavfsizlik texnikasi boʻyicha yoʻriqnomalar ishlab chiqishi shart.
Kema qatnaydigan yoʻllardan foydalanuvchi korxonalarning talablari asosida navigatsiya jihozlarini oʻrnatish suv yoʻllari texnik uchastkalari tomonidan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
161. Ichki kema yoʻllaridagi navigatsiya jihozlari va belgilarining shakli, oʻlchamlari va tavsifi standart va normalarga muvofiq boʻlishi shart.
4-§. Reyd, yordamchi va transport floti
162. Transport kemalariga xizmat koʻrsatish, tarkiblarni shakllantirish va taqsimlash, yuklash-tushirish ishlari va xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq ishlarni bajarish uchun portlar reyd va yordamchi xizmat koʻrsatuvchi flotga ega boʻlishlari shart.
163. Reyd flotining tarkibidan yongʻinning oldini olish uchun kecha-kunduz uzluksiz navbatchilik qilishga moʻljallangan, yaxshi foydalanish va shatakka olish xususiyatiga, kuchli suv tortadigan yongʻin nasoslari, koʻpik bilan oʻchirish qurilmalari, oʻt oʻchirish quvurlari va radio aloqa vositalari bilan jihozlangan va maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan ekipajga ega kema ajratilgan boʻlishi shart.
Reyd ishlarini bajaruvchi reyd navbatchi kemasi yongʻinni bartaraf etish uchun doimo shay holda turishi shart.
164. Flotga kompleks navigatsiya xizmati koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan portlar pol tagidagi tozalanmagan suvlarni va oqova tizimidan ishlov berilmagan suvlarni tortib olishga, akvatoriyadan oqib kelgan yogʻochlarni va neft mahsulotlari qoldiqlarini yigʻib olishga moʻljallangan maxsus kemalar bilan jihozlangan boʻlishi shart.
5-§. Port hududlariga belgilanadigan talablar
165. Port hududida joylashgan inshootlar, qurilmalar va jihozlar quyidagilarga ega boʻlishi shart:
port ishlari tez va xavfsiz bajarilishini taʼminlovchi maydonlarga;
portga kirish yoʻllari, shu jumladan, port ichi avtomobil yoʻllari, yuklarni portga kiritish va chiqarib ketish uchun temir yoʻllarga;
quvurlar tizimi, yomgʻir suvlari, yer osti va iflos suvlarni qaytarish uchun suv chiqarib tashlaydigan va suv kanalizatsiyasi qurilmalariga;
port tutashib turgan qoʻshni hududdan ajratuvchi toʻsiqlarga;
portda mavjud boʻlgan barcha turdagi transportlar va yuklash-tushirish mashinalarining erkin ishlashini taʼminlovchi va yuklarni qulay taxlash imkonini beruvchi port ichki yoʻllari va maydonlarining mustahkam qoplamalariga;
kemalardan axlatlarni, oziq-ovqat qoldiqlarini, chiqindilarni va quruq mahsulotlarni qabul qilish uchastkasiga.
166. Port prichallari yuk turlari va aylanmasi boʻyicha ixtisoslashgan boʻlishi shart.
Yuklash-tushirish ishlarini jadallashtirish va kemalarning turib qolish vaqtini qisqartirish maqsadida portlarda kemaga tez ishlov berish uchun maxsus prichallar tashkil etilishi mumkin.
167. Ishlarning hajmi va tavsifiga qarab, prichallarda quyidagilar mavjud boʻlishi shart:
kirish suv yoʻllari, zarur akvatoriya maydoni, prichal, yuklash-tushirish mexanizmlari, ishlab chiqarish xonalari, kirib borish yoʻllari, ustaxonalar va maishiy-xizmat binolari;
kemalar bilan aloqada boʻlish uchun tushish joylari hamda kemadan qirgʻoqqa va qirgʻoqdan kemaga oʻtish uchun xavfsiz oʻtish moslamalari;
yuklash-tushirish ishlari uchun zarur moslamalar va inventarlar majmuasi va zaxirasiga ega boʻlgan jihozlar va qurilmalar;
qulay kirish yoʻllariga ega yuk omborxonalari va ochiq omborxona maydonlari;
zarur elektr taʼminoti, yoritish va ishonchli aloqa vositalari;
toʻgʻri joylashtirilgan va mustahkam oʻrnatilgan shvartov qurilmalari;
qirgʻoqqa kemaning urilishini soʻndiruvchi moslamalar (rimlar, bruslar, kranslar);
belgilangan meʼyor boʻyicha yongʻinga qarshi kurashish va qutqaruv jihozlari;
kunduz kuni aniq koʻrinadigan va tunda yoritiladigan reyd belgilari;
ogohlantiruvchi belgilar;
muhandislik kommunikatsiyasi (suv quvurlari, kanalizatsiya), yongʻinga qarshi hovuzlarga borish yoʻllari, yongʻinga qarshi avtomashinalarni joylashtirish uchun pirslar;
quruq axlatlarni yigʻish uchun konteynerlar, shahar suv quvuridan isteʼmol suvini kemaga uzatish gidrantlari, prichal oldida turgan kemalarga zarur kuchlanishdagi elektr energiyasi berish uchun transformator kolonkalari;
kemalarning port telefon tarmogʻiga ulanishi uchun rozetkalar.
168. Prichal va suzuvchi debarkaderlar oqim tezligi kam boʻlgan yoʻl uchastkasida, toʻlqin va muz oqimi taʼsiridan himoyalangan hududda joylashtirilgan boʻlishi shart.
169. Prichal uzunligi va kemalar orasidagi intervallar texnologik va yongʻin xavfsizligi qoidalari meʼyorlariga muvofiq boʻlishi shart.
170. Yuk-yoʻlovchi prichallarida yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish joylari va ularga xizmat koʻrsatish yuklarga ishlov berish joylaridan toʻsiqlar bilan ajratilgan boʻlishi shart.
171. Har bir prichal oldi maydonlarida hamda yuk omborxonalarida va debarkaderlarda, loyiha yoki izlanish maʼlumotlariga muvofiq yuklarni taxlash uchun joylarda ruxsat etilgan bosim kattaligi va chegarasi koʻrsatilgan holda maxsus belgilar qoʻyilishi shart.
172. Suzuvchi prichallar va debarkaderlar qirgʻoq bilan mustahkam bogʻlangan, ishonchli va xavfsiz tutqichlar va himoya toʻsiqlar bilan jihozlangan, xavfsizlik texnikasi talablariga muvofiq sinovdan oʻtkazilgan oʻtish yoʻlagiga ega boʻlishi shart.
Prichallar orasidagi uzilish masofasi mahalliy suzish sharoitlariga muvofiq qabul qilinishi, biroq yongʻin xavfsizligi qoidalarida belgilangan meʼyordan kam boʻlmasligi shart.
173. Yuk ortish mexanizmlari yordamida kemalar, vagonlar va avtotransport vositalarini yuklash va tushirish davrida yuklar va tara hamda transport vositalarining saqlanishi va xavfsiz ish sharoitlari taʼminlangan boʻlishi shart.
174. Yuk ortish va tushirish mexanizmlarini boshqaruvchi shaxslar vakolatli organlar tomonidan beriladigan maxsus guvohnomalarga ega boʻlishlari shart.
175. Qirgʻoq va suzuvchi yuk koʻtarish kranlari vakolatli organlar tomonidan belgilangan muddatlarda tekshiruvdan oʻtkazilgan boʻlishi shart.
176. Suzuvchan yuk ortish kranlari pontonlarining texnik holati Kemachilik registri inspektori tomonidan koʻrikdan oʻtkazilgan boʻlishi shart.
Suzuvchan yuk ortish kranlaridan texnik foydalanish va ularga texnik xizmat koʻrsatish tartibi, ularni ishlab chiqargan zavod yoʻriqnomalari va maxsus yoʻriqnomalar bilan belgilanadi.
6-§. Port xodimlarining majburiyatlari va javobgarligi
177. Port binolari, inshootlari, yuk ortish mexanizmlari, reyd kemalarini ishlatish, ularni soz holatda saqlash, portning hududi va akvatoriyalarida ishlarni toʻgʻri tashkil etish uchun javobgar port boshligʻi hisoblanadi.
Portning ayrim obyektlarini ishlatish va soz holatda saqlab turish uchun ushbu obyektlarning rahbarlari javobgar hisoblanadilar.
Harakat xavfsizligi, kemalarning reydda toʻxtab turishi va ularga ishlov berish uchun javobgar port boshligʻi, bosh muxandis, daryo floti dispetcheri va reyd kapitani hisoblanadi.
178. Port boshligʻi portga kirish yoʻllari gabarit oʻlchamlarini saqlab turish, suv yoʻllari tubini chuqurlashtirish va tozalash ishlari oʻtkazilishini nazorat qilib turishi shart.
179. Portning akvatoriyasidagi belgilangan gabarit oʻlchamlarni saqlab turish hamda suv tubini tozalash, qirgʻoq va suzuvchi kemachilik jihozlarini oʻrnatish va ularni saqlab turish, suv inshootlarining himoya qurilmalari hamda portning reyd chegaralarida oʻrnatilgan toʻsuvchi belgilarni oʻrnatish va saqlab turish uchun shu port chegarasida joylashgan suv yoʻllari texnik uchastkasi boshligʻi javobgar hisoblanadi.
9-bob. Port va flot ishini tashkil etish
1-§. Tarkibni shakllantirish va qatnovga joʻnatish
180. Belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kemalar va tarkibni qatnovga joʻnatish tartibi flotning harakat jadvali bilan belgilanadi.
Tarkibni shakllantirish korxona tomonidan tasdiqlangan jadvallarga muvofiq amalga oshiriladi.
181. Reydlarda tarkibni shakllantirish daryo floti dispetcheri, reyd kapitani va shatakka oluvchi kema kapitani koʻrsatmasi boʻyicha amalga oshirilishi shart.
182. Tarkibni shakllantirish uchun reja tuzish davrida daryo floti dispetcheri quyidagilarga rioya etishi shart:
harakat jadvali bilan belgilangan tarkibning vazn meʼyorlari va uning harakat tezligiga amal qilishi;
kema tagida yetarli suv chuqurligi zaxirasi boʻlishi;
tarkibni shakllantirish davrida belgilangan suzish hududi boʻyicha harakat xavfsizligining taʼminlanishi;
tarkib gabarit oʻlchamlarining suv yoʻllari, shlyuzlar va boshqa suv usti inshootlari gabaritlariga muvofiq boʻlishi;
manevr ishlarining qulay bajarilishi.
183. Tarkibni shakllantirish davrida reyd kapitani yoki shataklovchi kema kapitani belgilangan meʼyorlarga muvofiq tarkib boshida suv kam qarshilik koʻrsatadigan va boshqariladigan kemani tanlashi shart.
184. Kemalarni qatnovga joʻnatishga faqat daryo floti dispetcherining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
Ruxsat quyidagilarga muvofiq berilishi shart:
belgilangan shakldagi dispetcherlik ruxsatnomasi;
radio-telefon bilan qabul qilingan va kemaning vaxta jurnalida qayd etilgan koʻrsatma.
Kemani qatnovga joʻnatish uchun koʻrsatma berishda daryo floti dispetcheri quyidagilarni hisobga olishi shart:
kemaning qatnovga joʻnatishga shayligi;
yoʻnalish va uchastkalar boʻyicha kemalarning taqsimlanishi jadvalda belgilanganligi;
ob-havo maʼlumoti, suv sathi, muz oqimi va yoʻl holati.
185. Quyidagi kemalarni qatnovga joʻnatish taqiqlanadi:
tarkib va yuklarning xavfsizligiga tahdid soluvchi nosoz kemalar;
tegishli signallar tizimi va aloqa vositalari, suv chiqarib tashlaydigan va yongʻinga qarshi vositalari mavjud boʻlmagan kemalar;
gabarit oʻlchamlari suv yoʻllari gabarit oʻlchamlariga mos kelmaydigan kemalar.
186. Kemalarning kapitanlari va shkiperlariga quyidagilar taqiqlanadi:
daryo floti dispetcherining ruxsati boʻlmaganda, suzish huquqini beruvchi hujjatlarning amal qilish muddati tugaganda va kema gabarit oʻlchamlari kema yuradigan suv yoʻllari gabarit oʻlchamlariga mos kelmaganda qatnovga joʻnab ketish;
jadvalda va dispetcherlik farmoyishida koʻzda tutilmagan yuklar va yoʻlovchilarni tashish boʻyicha ishlarni bajarish;
Kemachilik registri inspektori tomonidan texnik koʻrikdan oʻtkazilmagan kemalarda koʻl va suv omborlariga chiqish.
187. Qatnovga joʻnab ketishdan oldin kema kapitanlari kemalarning sozligi, tarkibni toʻgʻri va ishonchli bogʻlanganligi, takelaj mavjudligi, aloqa va signallar tizimining nuqsonsiz ishlashi va tashish hujjatlari mavjudligini tekshirishi shart.
188. Kapitan va mexaniklar kemalarning oʻz vaqtida qatnovga joʻnatilishini taʼminlashi, dispetcher farmoyishida belgilangan kemalar va tarkiblarning harakat tezligi jadvaliga rioya etishi shart.
189. Ekipajsiz barjalar shatakka oluvchilarga biriktirilganda ularning texnik holati, saqlanishi, kemachilik jihozlari, tashilayotgan yuklar va kemada boʻlgan inventarning saqlanishini shatakka olgan kemaning kapitani taʼminlashi shart.
190. Kemani shlyuzdan oʻtkazish davrida kapitan va vaxta boshligʻi shlyuz dispetcheri koʻrsatmalaridan tashqari kema oʻtadigan shlyuzlardan kemalarni va tarkiblarni oʻtkazish qoidalari talablarini ham bajarishi shart.
Kemaning vaxta boshligʻi shlyuz dispetcheri koʻrsatmalarini bajargan holda, oʻzi shaxsan kema va tarkibning koʻtarilishi va tushirilishini nazorat qilishi shart.
191. Harakat davrida shatakka olish va shvartov arqonlarini kesish va yechib tashlashga insonlar hayotiga shubhasiz tahdid paydo boʻlganda, kema va tarkib bilan sodir etilishi muqarrar boʻlgan avariyaning ogʻir oqibatlarining oldini olish va kamaytirish maqsadida ruxsat etiladi.
Shatakka olish va shvartov arqonlarini kesish va yechib tashlash toʻgʻrisidagi koʻrsatmani berish huquqiga faqat kema kapitani yoki uning lavozimini egallagan shaxs ega hisoblanadi.
192. Kemani yoki tarkibni toʻxtatish zarurati paydo boʻlganda, vaxta boshligʻi kapitanni xabardor qilishi shart.
Agar keyinchalik harakatlanishning imkoni boʻlmasa, kapitan quyidagilarni bajarishi shart:
kema yoki tarkibni xavfsiz joyga oʻtkazishi va uni ishonchli bogʻlash;
kema yoki tarkibni toʻsib turuvchi belgilar oʻrnatish;
qatnovni davom ettirish choralarini koʻrish;
daryo floti dispetcheriga toʻxtab qolganligi sababi, kerak boʻladigan yordam va harakatni davom ettirish uchun moʻljallangan vaqt toʻgʻrisida xabar berish.
193. Oʻziyurmas kemalarning shkiperlari oʻz kemalarining yoʻl davomida olgan shikastlanishlari toʻgʻrisida shatakka olgan kemaning vaxta boshligʻini xabardor qilishi va bu shikastlanishlarni ekipaj kuchi va mavjud vositalar bilan bartaraf etish choralarini koʻrishi shart.
2-§. Port ishini tashkil etish
194. Port ishini tashkil etish uchun portning sutkalik ish rejasi ishlab chiqiladi va port rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Portning sutkalik ish rejasida kemalarga ishlov berish va xizmat koʻrsatish texnologik jarayonlari aks ettiriladi.
195. Portning texnologik jarayonlari quyidagi hujjatlar bilan rasmiylashtiriladi:
kemalarga ishlov berish jadvali;
kemalarni yuklash ishlari texnologik xaritalari;
yuklash rejasi.
Texnologik xaritalarda yuklash-tushirish ishlarini maksimal mexanizatsiyalashtirish va xavfsiz ish sharoitlari koʻzda tutilgan boʻlishi shart.
Kemalardan temir yoʻl transportiga yoki aksincha, yuklash ishlari amalga oshirilayotgan portda alohida shartnomaga muvofiq port va temir yoʻl stansiyasi ishining yagona texnologik jarayoni tuzilishi mumkin.
196. Portda reyd ishlari belgilangan texnologik jarayon va sutkalik ish rejimi asosida bajarilishi shart.
197. Tarkibni langarga, toʻxtab turgan kemalarga, ponton yoki suzuvchi buylarga bogʻlab qoʻyish daryo floti dispetcherining koʻrsatmasi boʻyicha tarkibni olib kelgan shataklovchi tomonidan amalga oshirilishi shart.
Kemalarni yuklash-tushirish prichallariga joylashtirish, prichalning u joyidan bu joyiga olib qoʻyish, barjalarni olib ketish, tarkibni shakllantirish reyd kemalari tomonidan reyd kapitani rahbarligida amalga oshirilishi shart.
Reyd kemalariga ega boʻlmagan yuklash-tushirish punktlariga kelgan kemalarni prichallarga qoʻyish bu kemalarni olib kelgan shataklovchi tomonidan amalga oshiriladi.
198. Portga ishlov berishga jalb etish uchun kelgan kemalar qatnovga joʻnab ketgunga qadar port ixtiyorida boʻladi.
199. Reydlarga qoʻyilgan kemalar suv sathining tebranishi, oqimning kuchayishi, shtorm (poʻrtana) paydo boʻlishi va boshqa kemalarning reyd boʻyicha harakatini hisobga olgan holda ishonchli bogʻlangan boʻlishi shart.
Port va port chegarasidagi oraliq punktlarda boʻlgan butun vaqt davomida kemalarning xavfsiz toʻxtab turishi va yuklarning saqlanishini tashkil etish uchun port maʼmuriyati javobgar hisoblanadi.
200. Shatakka oluvchilarga quyidagilar taqiqlanadi:
kema va tarkibni farvater (kema yuradigan asosiy yoʻl) chegarasida qoʻyish, ularni kemachilik jihozlari belgilari va bogʻlash uchun moʻljallanmagan predmetlarga bogʻlash;
tarkibni tarqatish davrida kemalarni ushbu yukni qabul qilib olishga moʻljallanmagan prichalga qoʻyish;
kema yoki tarkibdan uni toʻliq toʻxtamasdan yoki bogʻlamasdan uzoqlashish.
201. Reyd kapitani barcha texnologik jarayonlarga bevosita rahbarlik qiladi va reydda turgan kemalarning xavfsiz saqlanishi uchun javobgar hisoblanadi.
3-§. Portda kemalarga kompleks xizmat koʻrsatish
202. Portga kelgan kemalar kema egalarining buyurtmalari boʻyicha ushbu port tomonidan kompleks xizmat koʻrsatilishi taʼminlanadi.
Kemalarga koʻrsatgan xizmat uchun toʻlovlar kema egasi tomonidan xizmat koʻrsatilgan davrdagi tarif boʻyicha portning taqdim etgan hisob varaqasi asosida amalga oshiriladi.
Barcha turdagi xizmat uchun buyurtmalar kema kapitani tomonidan kema portga kelishidan bir kun oldin, oʻtish davomiyligi bir kundan kam boʻlganda esa kema kelishidan 2 soat oldin kechikmay daryo floti dispetcheriga berilishi shart.
203. Transport kemalariga kompleks xizmat koʻrsatish port tomonidan, texnik flot kemalariga xizmat koʻrsatishni tashkil etish esa suv yoʻllari texnik uchastkalari tomonidan amalga oshiriladi.
204. Portlarda kompleks xizmat koʻrsatish davrida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
port ishlatish xizmati: yuklash ishlarini bajarish, yuklash ishlari tugagandan soʻng kemalarni yuk qoldiqlaridan tozalash, suvlarni kemadan chiqarib tashlash, komandasiz barjani qabul qilish va xizmat koʻrsatish, kemalarning poli tagidagi suvlarni va ishlatilgan moylarni, chiqindi va oziq-ovqat qoldiqlarini qabul qilish, yoʻl axborotnomasini berish, lotsman xizmati, ekipajni isteʼmol suvi, oziq-ovqat, tibbiy vositalar bilan taʼminlash;
rejadan tashqari va avariya taʼmirlash boʻyicha ishlarni yaqin oradagi korxonalar va suzuvchi texnik yordam stansiyalari kuchlari bilan tashkil etish.
205. Portda kemalarga kompleks xizmat koʻrsatishni tashkil etish daryo floti dispetcheriga yuklanadi.
Kemalarga xizmat koʻrsatish boʻyicha buyurtmalarning bajarilishi boʻyicha nazoratni port maʼmuriyati amalga oshiradi.
10-bob. Daryo transporti vositalarini nazorat qilish
206. Barcha kemalarda loyihalashtirish, qurish, qayta jihozlash, taʼmirlash va foydalanish davrida vakolatli davlat organlari tomonidan ularning texnik holati, xavfsiz suzish sharoitlari, sanitariya, yongʻin, ekologiya va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat olib borilishi va ular texnik koʻriklarga jalb etilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
207. Kemalarning texnik holati boʻyicha belgilangan qonunchilik hujjatlari talablarining bajarilishi ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasining Kemachilik registri inspektorlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligining Kichik hajmli kemalar inspeksiyasi inspektorlari amalga oshiradi.
(207-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-oktabrdagi 710-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2024-y., 09/24/710/0867-son)
Kemachilik registri va Kichik hajmli kemalar inspeksiyasi inspektorlari kemalarni texnik koʻriklardan oʻtkazadi, texnik holati yaroqli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarni beradi, tiklaydi, tasdiqlaydi yoki amal qilish muddatini uzaytiradi.
208. Daryo transportida nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlarining mansabdor shaxslari kemalardan belgilangan vazifalariga muvofiq toʻgʻri foydalanishni nazorat qilish boʻyicha quyidagilarga haqli:
kemalardan toʻgʻri foydalanilishi, ularning tabelda qayd etilgan taʼminot va inventar bilan butlanganligi, ular tomonidan suzish va foydalanish xavfsizligi taʼminlanishi boʻyicha qoidalar va talablar bajarilishi, kemalar suzadigan yoʻllar va kemalar suzadigan vaziyatning holati ustidan nazorat qilish, ekipaj aʼzolarining bilimlarini tekshirish;
kema hujjatlarining amal qilish muddati tamom boʻlganda, kemalar malakali ekipaj bilan butlanmaganda, bortda avariya-qutqaruv, yongʻinga qarshi inventar mavjud boʻlmaganda, suzib yuruvchi qurilmalarda odamlarning xavfsizligiga tahdid soluvchi nuqsonlar boʻlganda, kemalardan foydalanish, yongʻinga qarshi va sanitariya xavfsizligi qoidalari talablari buzilganda kemalardan foydalanishni taqiqlash;
agar suzish vositalarining texnik holati suzishning va foydalanishning xavfsizligini yoki suzish vositalarining xavfsiz toʻxtab turishini taʼminlamasa, ulardan foydalanishni taqiqlash;
xavfsiz suzish sharoitlarini, odamlarning hayoti muhofaza qilinishini, ichki kema yoʻllarida yuklarning ishonchli tashilishini, kemalardan ifloslantirishning oldini olishni taʼminlovchi suzish vositalariga qoʻyiladigan talablar bajarilishini texnik nazorat qilish.
11-bob. Yakunlovchi qoida
209. Mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-sentabrdagi 462-son qaroriga
3-ILOVA
Daryo transportida yuk tashish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining ichki kema yoʻllarida daryo transportida yuk tashish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
daryo floti boʻyicha navbatchi dispetcher — portda yuklash va tushirish ishlarini tashkil etuvchi va ularga rahbarlik qiluvchi mansabdor shaxs;
davlat nazorati organlari — shaxslarni, transport vositalarini va tovarlarni Davlat chegarasi orqali oʻtkazishda ishtirok etuvchi chegara, bojxona, sanitariya-epidemiologiya, fitosanitariya va veterinariya nazorati organlari;
joʻnab ketish porti — kemaning harakatlanishi boshlanadigan port;
joʻnatish porti — bojxona nazorati ostida yuklarni tushirish, qabul qilish, saqlash, kemaga yuklash va joʻnatish boshlanadigan port;
joʻnatish bojxona posti — bojxona nazorati ostida yuklarni tashish boshlanadigan hududda joylashgan bojxona xizmati organi;
kema kapitani — kemani boshqarish, unga rahbarlik qilish hamda suzish xavfsizligini taʼminlash, kemada tartib-intizomni saqlash, kemadagi odamlarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, kemaning hamda unda tashiladigan yuklarning butligi uchun zarur boʻlgan choralarni koʻrish uchun kema egasi tomonidan tayinlangan mansabdor shaxs;
konosament — daryo transportida yuk tashish shartnomasi tuzilganligi, yukning yuk tashuvchi tomonidan qabul qilinganligi va yuk yetkazib berilganligini tasdiqlovchi transport (tashish) hujjati;
manzil porti — bojxona nazorati ostida yuklarni tashish, tushirish, qabul qilish, saqlash va topshirish tugallanadigan port;
manzil bojxona posti — bojxona nazorati ostida yuklarni tashish tugallanadigan hududda joylashgan bojxona xizmati organi;
port — qirgʻoq boʻyi yer uchastkasi va ichki suv akvatoriyasida joylashgan, yoʻlovchi va kemalarga xizmat koʻrsatish, yuklarni qabul qilish, tushirish, ortish, qisqa muddatli saqlash va topshirish, boshqa transport turlari bilan birgalikda harakat qilish maqsadida maxsus jihozlangan inshootlar majmui;
tara — tashish, yuklash, joylashtirish, tushirish va omborda saqlash jarayonida ichidagi yuklarga shikast yetkazilishidan himoya qilish imkoniyatiga ega boʻlgan buyum;
tarali dona yuklar — alohida yuk oʻrinlari bilan taqdim etiladigan, taraga joylashtirilgan, oʻzining shakli, vazni va oʻlchamlari bilan tavsiflanadigan yuk birligi;
transport (tashish) hujjati — transport yuk xati, konosament yoki tashish shartnomasi yoxud tovarlarni tashish boʻyicha shartnoma tuzilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjat;
shkiper — yuklarni bir yoki bir nechta oʻziyurmas yuk kemalariga yuklash, yuklarni kemaga toʻgʻri joylashtirish, mahkamlash va tushirish ishlariga javobgar shaxs (oʻziyurmas kema kapitani);
yuk joʻnatuvchi — oʻzi yoki yuk egasi nomidan harakat qiluvchi va transport (tashish) hujjatlariga muvofiq joʻnatish portidan yukni joʻnatish vakolatiga ega shaxs;
yuk tashuvchi — yuk tashish shartnomasiga muvofiq yukni joʻnatish portida yuk joʻnatuvchidan qabul qilish, daryo transportida manzil portiga yetkazib berish va yuk oluvchiga topshirish, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida va yuk tashish shartnomasida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajaruvchi shaxs;
yuk oluvchi — yuk tashish shartnomasiga muvofiq manzil portida yukni olish vakolatiga ega shaxs;
yuk qabul qiluvchi-topshiruvchi — yuklarni qabul qilish, topshirish va ularning hisobini yuritish uchun port tomonidan tayinlangan javobgar shaxs;
qoʻshma naryad — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali shaxslarni, transport vositalarini va yuklarni oʻtkazish boʻyicha birgalikdagi nazoratni amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining chegara nazorati boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda — chegara nazorati boʻlinmalari) (chegara naryadi) va bojxona xizmati organi (bojxona naryadi), sanitariya-epidemiologiya xizmati, fitosanitariya va veterinariya nazorati organlari xodimlaridan iborat boʻlgan naryad.
3. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida mazkur Qoidalarda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
2-bob. Yuk tashishni tashkil etish
1-§. Yuk tashish shartnomasi va uning shartlari
4. Yuklar yuk tashish shartnomasiga asosan tashiladi. Yuk tashish shartnomasi boʻyicha yuk tashuvchi yuk joʻnatuvchi tomonidan oʻziga ishonib topshirilgan yukni belgilangan manzilga yetkazib berish va yuk oluvchiga topshirish, yuk joʻnatuvchi esa yukni tashib berganlik uchun belgilangan haqni toʻlash majburiyatini oladi.
5. Daryo transportida yuk tashish davrida yuk joʻnatuvchining talabiga muvofiq tovarlarni taqsimlovchi hujjat sifatida unga konosament beriladi.
Konosament bir vaqtning oʻzida yuk tashuvchi tomonidan yuklar qabul qilib olinganligi va tashish shartnomasi tuzilganligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
6. Tashishning umumiy shartlari Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Transport toʻgʻrisida”gi Qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
7. Yuk tashish shartnomasida yuklarni yuk tashuvchiga topshirish, joʻnatish portida saqlash, yetkazib berish muddati, yuklarning miqdori va vazni hamda tomonlarning kelishuvi boʻyicha boshqa shartlar koʻrsatiladi.
8. Joʻnatish va manzil port orasida kemaning boshqa portga kirishi yuk tashish shartnomasida koʻrsatiladi.
9. Yuk tashish hamda tashish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa ishlarni bajarish uchun haq toʻlash yuk tashish shartnomasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Agar yuk tashish shartnomasida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, yuklarni kemaga yuklash va ularni kemadan portga tushirish port tomonidan yuk joʻnatuvchi yoki yuk oluvchining hisobidan amalga oshiriladi.
10. Yuk tashuvchi tashishga qabul qilingan yuklarning joʻnatish va manzil portini qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilgan holda oʻzgartirishi, yuk toʻgʻrisidagi deklaratsiyada koʻrsatilgan bir yukni boshqa turdosh yuk bilan almashtirishi yuk joʻnatuvchi yoki yuk oluvchining yozma talabiga muvofiq amalga oshiriladi.
11. Yuk joʻnatuvchi manzil portini oʻzgartirmasdan yuk oluvchini oʻzgartirishi mumkin.
Yuk oluvchini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi talabnoma konosamentlarga ilova qilingan holda, joʻnatish bojxona organi va joʻnatish portiga taqdim etiladi.
12. Manzil portini oʻzgartirishni talab qilgan yuk joʻnatuvchi mazkur oʻzgartirish natijasida vujudga keladigan xarajatlar boʻyicha yuk tashuvchi va birinchi koʻrsatilgan manzildagi yuk oluvchi oldida javobgar hisoblanadi.
13. Yengib boʻlmaydigan kuch, yaʼni favqulodda va muayyan sharoitlarda oldini olib boʻlmaydigan vaziyatlar (fors-major) oqibatida tashishga qabul qilingan, lekin hali joʻnatilmagan yuklarning manzil portini oʻzgartirish yuk tashuvchi tomonidan yuk joʻnatuvchi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi, bunda yuk joʻnatuvchi haqiqiy bosib oʻtilgan masofa boʻyicha haq toʻlaydi.
14. Yuklarning manzil portini oʻzgartirishga ularning yaroqlilik (saqlash) muddati doirasida yoʻl qoʻyiladi.
15. Mazkur Qoidalarning 13-bandida nazarda tutilgan holatlar yuz berganligi sababli kemaning manzil portiga kelishining imkoni boʻlmasa, yuk tashuvchi bu haqda yuk joʻnatuvchi yoki yuk oluvchini xabardor qilishi lozim.
16. Tomonlarning kelishuviga muvofiq yuklar yuk joʻnatuvchining kuzatuvchisi ishtirokida tashiladi.
17. Yukni kemaga yuklash kechikkanligi uchun aybdor boʻlgan taraf qonunchilik hujjatlarida yoki yuk tashish shartnomasida belgilangan tartibda va miqdorda jarima toʻlaydi.
18. Yukni yuk joʻnatuvchining aybi bilan joʻnatish portiga qaytarib olib kelish, tushirish va saqlash xarajatlari yuk joʻnatuvchi tomonidan qoplanadi.
2-§. Kemaga qoʻyiladigan talablar
19. Yuk tashuvchi tomonidan yuk tashish uchun jalb qilinayotgan kema Daryo transportini texnik ishlatish qoidalari va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq boʻlishi hamda yuklarni manzil portiga xavfsiz va ishonchli yetkazish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
20. Rejalashtirilgan yukning yuk joʻnatuvchi yoki yuk oluvchi tomonidan oʻzgartirilishi kemani qayta jihozlashni talab qilsa, yuk tashuvchi qoʻshimcha tuzilgan shartnoma asosida yuk joʻnatuvchi yoki yuk oluvchining hisobidan kemani qayta jihozlaydi.
3-§. Yuk va taraga qoʻyiladigan talablar§
21. Yuklar yuk joʻnatuvchi tomonidan texnik shartlarga muvofiq keladigan milliy standartlar, xalqaro (mintaqaviy) standartlarga muvofiq, texnik shartlarda nazarda tutilmagan yuklar esa yuk tashuvchi bilan kelishilgan va ularning toʻliq saqlanishini taʼminlaydigan soz taralar va oʻramlarda taqdim etilishi shart.
22. Yuklarni tashishga tayyorlashda kemaning yuk sigʻimi, yuk turlari va ularning vazniga qarab kemaga joylashtirilishi hisobga olinishi shart.
23. Yuklarni kemaga joylashtirish va tashish tartibi yuk tashish shartnomasi bilan belgilanadi.
Bitta yuk joʻnatuvchi tomonidan bitta manzilga, bitta kemada bir xil oʻramlar va taralarda tashiladigan yuklar bitta konosament bilan joʻnatilishi shart.
24. Oʻzining fizik-kimyoviy xususiyatlariga va tashish shartlariga koʻra oʻramlangan holda tashiladigan tarali dona yuklar yuk tashuvchiga xuddi shunday holatda taqdim etiladi.
25. Yuk joʻnatuvchi yukni oʻramlash uchun zarur materiallarni yuk bilan birgalikda portga taqdim etadi. Koʻp marta foydalaniladigan, yuklarni kema bortiga mahkamlash uchun moʻljallangan kema moslamalari yuk tashuvchi tomonidan taqdim etiladi.
26. Tara va oʻramlarda tashilayotgan yuklarni port omborlariga kiritish va kemaga yuklash davrida ular yuk qabul qiluvchi-topshiruvchi va shkiper tomonidan tashqi tekshiruvdan oʻtkaziladi. Bunda tara va oʻramlarning sozligi, yukning tashishga yaroqliligi, zarur rekvizitlarning mavjudligi, plombalarning buzilmaganligi va ularning hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiqligi tekshiriladi.
27. Tashuvga qabul qilinadigan oʻramli va tarali dona yuklarning oʻrni markirovkalash belgisiga, maxsus ishlov berish talab etiladigan yuklar esa maxsus belgiga ega boʻlishi lozim.
3-bob. Yuk tashishni davlat tomonidan nazorat qilish.
1-§. Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi
28. Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan va olib chiqilayotgan kemadagi tovarlar va ekipaj aʼzolari va yoʻlovchilarning shaxsiy buyumlari, valyuta boyliklari bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazilishi shart.
29. Bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati Bojxona kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
30. Kemalarning Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelishi va Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketishini rasmiylashtirish quyidagi tarkibdagi davlat nazorati organlari tomonidan amalga oshiriladi:
chegara nazorati boʻlinmalari xodimlari;
bojxona xizmati organlari xodimlari;
sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari;
oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha davlat xizmati xodimlari, (urugʻlar, oʻsimliklar va oʻsimlik mahsulotlari olib kiriladigan chegara punktlari yoki hududlarida);
manzil yoki joʻnatish porti vakillari.
Zarur hollarda, davlat nazorati organlari tarkibiga boshqa xizmatlar xodimlari ham kiritilishi mumkin.
31. Kemalarning bojxona rasmiylashtiruvi uchun buyurtma daryo floti boʻyicha navbatchi dispetcher tomonidan beriladi.
Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi sanitariya nazorati oʻtkazilgandan keyin amalga oshiriladi.
Sanitariya nazorati tugagunga qadar kemaga biror-bir shaxsning kirishi va chiqishi taqiqlanadi.
32. Chet elga joʻnab ketuvchi kemalar portda turgan vaqtda chegara nazorati boʻlinmalari va bojxona organlarining nazorati ostida boʻladi.
Kemalarning turar joyini oʻzgartirish (boshqa joyga bogʻlash) chegara nazorati boʻlinmalari va bojxona organlarini xabardor qilgan holda amalga oshirilishi shart.
33. Chegara nazorati boʻlinmalari va bojxona organlari tomonidan chegara va bojxona nazorati amalga oshirilayotgan kemalarning yoniga toʻxtash, shuningdek, bortdan qirgʻoqqa yoki qirgʻoqdan bortga biror-bir buyumlarni uzatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
34. Bojxona organlarining mansabdor shaxslari oʻz xizmat vazifalarini bajarish uchun kema bortiga istalgan vaqtda chiqishi mumkin.
Kema kapitani yoki shkiper mazkur Qoidalarning 35-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni bojxona nazoratidan oʻtkazish uchun taqdim etishi, zarur hollarda, bojxona organining mansabdor shaxslariga oʻz xizmat vazifalarini bajarishlari uchun maishiy va xizmat xonalarini ajratib berishi shart.
2-§. Kemalar va yuklarning bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur hujjatlar
35. Daryo transportida tashishlarni bojxona rasmiylashtiruvida quyidagi hujjatlardan foydalaniladi:
umumiy deklaratsiya — kema va uning kelishi yoki joʻnab ketishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan hujjat;
yuk toʻgʻrisidagi deklaratsiya — kema anjomlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya va kema ekipajining shaxsiy buyumlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga kiritilmagan, kema bortida mavjud boʻlgan yuklar (tovarlar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan hujjat;
kema anjomlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya — kema va ekipaj aʼzolarining ehtiyoji uchun moʻljallangan tovarlar (oziq-ovqat mahsulotlari, yonilgʻi-moylash mahsulotlari, kemaning material-texnik taʼminotlari) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan hujjat;
kema ekipajining shaxsiy buyumlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya — ekipaj aʼzolariga tegishli shaxsiy buyumlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan hujjat;
kema xizmati — kemaning nomi va egasi, kema roʻyxatdan oʻtkazilgan port, kema turi, kema ekipaji aʼzolarining familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili, fuqaroligi, lavozimi, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarining turi, seriyasi va tartib raqami hamda guvohnoma raqami toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan hujjat;
yoʻlovchilar roʻyxati;
transport hujjatlari;
tashilayotgan tovarlarga tijorat hujjatlari;
xalqaro pochta joʻnatmalarini kuzatib borish uchun Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlarida belgilangan hujjatlar.
Umumiy, yuk, kema anjomlari, va kema ekipajining shaxsiy buyumlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyalar kema kapitani yoki boshqa vakolatli shaxs tomonidan imzolanadi.
Kema xizmati port rahbari yoki vakolat berilgan boshqa shaxs hamda xodimlar boʻlimi boshligʻi tomonidan imzolanadi.
36. Transport (tashish) hujjatlarida Umumjahon bojxona tashkilotining Tovarlarni tavsiflash va kodlashtirishning uygʻunlashtirilgan tizimiga muvofiq tovarlarning nomi va kamida oltita belgi darajasidagi kodlari (xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari bundan mustasno), yuk oʻrinlari soni, brutto va netto ogʻirligi (kilogrammda), joylashtirish tavsifi va faktura qiymati koʻrsatilishi shart.
37. Kema bortida boʻlgan xavfli yuklar (xavfli xususiyatlarga ega boʻlgan, tashish va saqlash davrida alohida ehtiyot choralarini koʻrishni talab qiluvchi moddalar va tovarlar) toʻgʻrisida maʼlumotlar alohida koʻrsatilishi shart.
3-§. Oʻzbekiston Respublikasiga kirishda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi
38. Kema Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasiga kirganligi toʻgʻrisida daryo floti boʻyicha navbatchi dispetcher tomonidan manzil bojxona postiga kamida 1 soat oldin onlayn rejimda elektron shaklda xabar beriladi.
Xabarda quyidagi elektron maʼlumotlar boʻladi:
manzil port va kemaning nomi;
yuk toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (Umumjahon bojxona tashkilotining Tovarlarni tavsiflash va kodlashtirishning uygʻunlashtirilgan tizimiga muvofiq tovarlarning nomi va kamida oltita belgi darajasidagi kodlari (xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari bundan mustasno), yuk oʻrinlari soni, brutto va netto ogʻirligi (kilogrammda), joylashtirish tavsifi va faktura qiymatining) nomi va miqdori yoki kemaning yuksiz ekanligi toʻgʻrisida maʼlumot;
kemaning portga kelish vaqti.
39. Davlat nazorati organlari xodimlari kema bortiga kelgandan soʻng shkiper bojxona rasmiylashtiruvi uchun manzil bojxona posti xodimiga mazkur Qoidalarning 35-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etishi shart.
40. Manzil bojxona posti xodimi taqdim etilgan hujjatlarni tekshirib chiqqandan soʻng tushiriladigan yuklar konosamentlari va yuk kuzatuv hujjatlarini belgilangan tartibda rasmiylashtiruvini amalga oshiradi.
41. Hujjatlar rasmiylashtirilgandan soʻng kemada manzil bojxona posti xodimi tomonidan bojxona nazorati oʻtkaziladi.
Kema bojxona nazoratidan kema kapitani yoki shkiperi tomonidan tayinlangan kuzatuvchi ishtirokida oʻtkaziladi.
Kema kapitani yoki shkiperi kemaning barcha xonalarida bojxona nazorati oʻtkazilishini taʼminlaydi.
Tryumlar, shkaflar, qutilar va boshqa yopiq obyektlarning bojxona nazoratidan oʻtkazish uchun zarur sharoit kuzatuvchi tomonidan taʼminlanadi.
Yoʻlovchilarning va kema ekipaji aʼzolarining shaxsiy buyumlari Bojxona kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq ularning egalari yoki ularning ishonchli vakillari ishtirokida bojxona rasmiylashtiruvi va nazoratidan oʻtkaziladi.
Bojxona rasmiylashtiruvi tugagandan soʻng manzil bojxona organi tomonidan yuklarni tegishli bojxona (port) omboriga tushirishga ruxsat beriladi.
42. Kemada tovar va ashyolarni noqonuniy olib kirish hamda olib chiqish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, xonalar, tryumlar, shkaflar, qutilar va boshqa yopiq obyektlar manzil bojxona posti xodimi tomonidan muhrlanadi va bu holat maʼmuriy ish yoki jinoyat ishini qoʻzgʻatishga asos boʻladi.
43. Davlat nazorati organlarining faoliyati kema portga kelgan vaqtdan boshlab 3 soat ichida tugallanishi shart.
4-§. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi
44. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketadigan kemaning joʻnab ketishi davrida konosamentlar va yuklash topshiriqnomasi portning tijorat boʻlimi tomonidan joʻnatish bojxona xizmati organiga onlayn rejimda elektron shaklda taqdim etiladi.
Joʻnatish bojxona posti xodimi hujjatlarning qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini tekshirib, konosamentlar va yuk bilan birga joʻnatiladigan barcha yuk kuzatuv hujjatlarini belgilangan tartibda rasmiylashtiruvini amalga oshiradi.
45. Portning tijorat boʻlimi tomonidan joʻnatish bojxona posti xodimidan hujjatlar qabul qilib olingandan soʻng daryo floti boʻyicha navbatchi dispetcherga kema va yuklarning joʻnatishga tayyor ekanligi haqida xabar beriladi.
Konosamentlar va yuk bilan birga joʻnatiladigan boshqa hujjatlar shkiperga topshiriladi.
46. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketadigan kemaning joʻnab ketishi davrida daryo floti boʻyicha navbatchi dispetcher tomonidan joʻnatish bojxona xizmati organiga tovarlar va transport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan olib chiqilishi kutilayotganligi toʻgʻrisida xabar beriladi.
Joʻnatish bojxona posti xodimi davlat nazorati xodimlari bilan birgalikda bojxona nazoratini oʻtkazishga kirishadi.
Yuklash va kemada bajariladigan boshqa ishlar bojxona nazorati boshlanishidan oldin tugatilgan boʻlishi, shuningdek, kema yaqinida boshqa suzuvchi vosita va begona shaxslar boʻlmasligi lozim.
47. Davlat nazorati organlari xodimlari kema bortiga kelgandan soʻng mazkur Qoidalarning 35-bandida nazarda tutilgan hujjatlar shkiper tomonidan joʻnatish bojxona posti xodimiga taqdim etiladi.
48. Transport (tashish) hujjatlaridagi maʼlumotlar hujjatlarni qabul qilgan joʻnatish bojxona posti xodimi tomonidan kema va yuk bojxona nazoratidan oʻtkaziladi hamda yuklash topshiriqnomasida koʻrsatilgan maʼlumotlar bilan solishtiriladi va barcha hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
49. Kema ekipaji aʼzolari tomonidan bojxona ishi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari bajarilmagan taqdirda, joʻnatish bojxona posti xodimi nazoratni toʻxtatishga haqli.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
5-§. Chegara nazorati
50. Yuk tashish davrida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtishlarning oldini olish maqsadida chegara nazorati boʻlinmalari tomonidan chegara nazorati amalga oshiriladi.
51. Chet eldan Oʻzbekiston Respublikasi portlariga kirib kelayotgan yoki chet elga chiqib ketayotgan barcha kemalar chegara nazoratidan oʻtkaziladi.
52. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketadigan, shu jumladan, chet el portlariga kirmasdan suzadigan kemalar Oʻzbekiston Respublikasi portlariga kelganda, portda toʻxtab turganda va portdan joʻnab ketayotganda chegara nazoratidan oʻtkaziladi.
53. Chet elga chiqib ketadigan kemalarning ular toʻxtab turgan joydagi oʻtkazish punkti rejimiga rioya qilishlari, shuningdek, kemada vaxta xizmatining olib borilishi chegara nazorati boʻlinmalari tomonidan nazorat qilinadi.
54. Chet elga chiqib ketadigan kemalarda tashilayotgan transport vositalari, konteynerlar va boshqa katta hajmli yuklar kemaga yuklashdan oldin yoki undan tushirilgandan keyin tekshiriladi.
55. Chegara nazorati boʻlinmalariga daryo flotining dispetcher xizmati tomonidan har kuni Oʻzbekiston Respublikasi portiga kirib kelayotgan va undan chiqib ketadigan kemalar toʻgʻrisida xabar beriladi.
56. Kemalarni nazorat qilish davrida bojxona xizmati organi va kemalarga xizmat koʻrsatuvchi boshqa xizmatlar bilan oʻzaro harakatlar chegara nazorati boʻlinmalari komandiri tomonidan texnologik sxema va jadvalga muvofiq tashkil etiladi.
57. Chegara nazorati davrida kema kapitani yoki shkiperi tomonidan tayinlangan kuzatuvchi barcha xonalarga birinchi boʻlib kirishi va oxirida chiqishi shart.
Yuklarni tekshirish davrida maxsus xizmat itlari va texnik vositalardan foydalanilishi mumkin.
Davlat nazorati organlari oʻz ishini tugatgandan keyin chegara nazorati boʻlinmasi komandirining va bojxona xizmati organi rahbarining ruxsati bilan kema tark etiladi.
6-§. Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelish davrida chegara nazorati
58. Qoʻshma naryadning kemada chegara va bojxona nazoratini oʻtkazishdagi vazifalari kema portga kelishidan 30 daqiqa oldin chegara nazorati boʻlinmalari va manzil bojxona xizmati organi rahbarlari tomonidan belgilab olinadi.
59. Qoʻshma naryad oʻz faoliyatini kema bortida sanitariya-epidemiologiya, oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha davlat xizmatlari hamda boshqa davlat nazorati organlari xodimlari bilan birgalikda amalga oshiradi.
60. Chegara nazorati boʻlinmalari kema ekipaji, kema ekipajining kema xizmatiga kiritilmagan aʼzolari va yoʻlovchilar sonini kema kapitanidan aniqlaydi hamda kema ekipaji aʼzolari va kema bortida boʻlgan boshqa shaxslarni pasport nazoratidan oʻtkazadi.
61. Qoʻshma naryad tomonidan kema kapitani yoki shkiperi tomonidan tayinlangan kuzatuvchi ishtirokida kemaning barcha boʻlinmalari, tryumlari, shkiper xonasi va kemadagi tovarlar tekshiriladi.
Kema ekipajining va kema bortida boʻlgan boshqa shaxslarning shaxsiy buyumlari ularning ishtirokida tekshiriladi.
62. Davlat nazorati organlarining xodimlari oʻz faoliyatini tugatganidan soʻng chegara nazorati boʻlinmasi komandiri va bojxona posti xodimining ruxsati bilan yuklar kemadan tushiriladi.
63. Oʻzbekiston Respublikasiga kemani shatakka olib kelgan va darhol Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketadigan kema tekshiruvdan oʻtkazilmaydi, biroq uning portga kirishi va portdan chiqib ketishi chegara nazorati boʻlinmalari tomonidan kuzatib turiladi.
7 §. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketish davrida chegara nazorati
64. Chegara nazorati boʻlinmalari kemaning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketish vaqti toʻgʻrisidagi axborotni daryo floti boʻyicha navbatchi dispetcherdan qoʻshma naryad toʻplanishidan 30 daqiqa oldin oladi.
65. Qoʻshma naryad kema turadigan joyga kelib, prichal va unga tutash joylarni koʻzdan kechiradi, barcha begona shaxslarni chiqarib yuboradi va kema hamda atrof kuzatilishini tashkil qiladi.
66. Qoʻshma naryad oʻz faoliyatini mazkur Qoidalarning 59-bandida koʻrsatib oʻtilgan davlat nazorati organlari xodimlari bilan birgalikda amalga oshiradi.
67. Chegara nazorati boʻlinmalari kema ekipaji, kema ekipajining kema xizmatiga kiritilmagan aʼzolari va yoʻlovchilar sonini kema kapitanidan aniqlaydi hamda kema ekipaji aʼzolari va kema bortida boʻlgan boshqa shaxslarni pasport nazoratidan oʻtkazadi.
68. Qoʻshma naryad tomonidan kema kapitani yoki shkiperi tomonidan tayinlangan kuzatuvchi ishtirokida kemaning barcha boʻlinmalari, tryumlari, shkiper xonasi va kemadagi tovarlar tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Kema ekipajining va kema bortida boʻlgan boshqa shaxslarning shaxsiy buyumlari ularning ishtirokida tekshiriladi.
69. Davlat nazorati organlarining xodimlari oʻz faoliyatini tugatganidan soʻng kema chegara nazorati boʻlinmasi komandiri va bojxona xizmati organi rahbarining ruxsati bilan chet elga joʻnab ketadi.
4-bob. Yuklarni qabul qilish va joʻnatish
1-§. Joʻnatish portida yuklarni qabul qilish
70. Yuklar joʻnatish portida yuk tashish shartnomasiga muvofiq toʻgʻridan-toʻgʻri kemaga yuklash yoki port omborlarida vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadi.
71. Yuklarni qabul qilish transport (tashish) hujjati asosida amalga oshiriladi va yukni tushirish, yuklash va saqlashga qabul qilish dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
Dalolatnomaga kiritilgan tuzatishlar “Tuzatilgan” degan yozuv bilan qayd qilinadi hamda yuk qabul qiluvchi-topshiruvchi va shkiperning imzosi bilan tasdiqlanadi.
72. Yuk joʻnatuvchi tomonidan yuklash topshiriqnomasi olingandan soʻng yukni tushirish, yuklash va saqlashga qabul qilish dalolatnomasi tuziladi va yuk bojxona nazorati ostida kemaga yuklanadi.
73. Yuklash topshiriqnomasida kema nomi, joʻnatish va manzil porti, yukning turi va miqdori, uning alohida xususiyatlari, oʻram turi, yuk oʻrinlarining belgisi va raqami, portga kelib tushgan yukning yukni tushirish, yuklash va saqlashga qabul qilish dalolatnomasi va transport (tashish) hujjatining raqami koʻrsatilishi shart.
74. Eksport, import va tranzit yuklarni yuklash yoki tushirish yuklash topshiriqnomasi asosida ikki ish kuni ichida amalga oshiriladi.
75. Yuklash topshiriqnomasi yuk joʻnatuvchi tomonidan kemaga yuk ortish boshlanishidan 48 soat oldin, port omborlarida saqlanayotgan yuklar boʻyicha esa yuk tashish shartnomasida koʻrsatilgan muddatlarda uch nusxada taqdim etilishi shart.
76. Yuklash topshiriqnomasi joʻnatish portining muhri va joʻnatish bojxona organining tegishli belgisi bilan tasdiqlangan boʻlishi hamda unga yuk bilan birgalikda yuboriladigan barcha hujjatlar ilova qilinishi shart.
77. Yuklash topshiriqnomasining bir nusxasi joʻnatish bojxona organi xodimiga, ikkinchi nusxasi yuk oluvchiga berish uchun shkiperga beriladi, uchinchi nusxasi joʻnatish portida qoldiriladi.
78. Yuk tashishni amalga oshirish uchun yuk joʻnatuvchi tomonidan sakkiz nusxada konosament tuziladi va imzolangan holda yuk joʻnatuvchiga taqdim etiladi.
79. Konosamentga unda koʻrsatilgan yuk kema bortiga ortilgan vaqt boʻyicha sana qoʻyiladi va shkiper tomonidan imzolanadi.
Konosamentni yuklash tugashidan oldin imzolashga yoki unga boshqa sanani koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
80. Konosamentning ikki nusxasi joʻnatish bojxona organiga, olti nusxasi manzil portga yetkazish uchun shkiperga beriladi, shundan ikki nusxasi yuk oluvchining yukni olganligi toʻgʻrisidagi imzosi bilan joʻnatish portiga qaytarish uchun shkiperga taqdim etiladi.
2-§. Yuklarni kemaga qabul qilish va joylashtirish
81. Yuklarni kemaga yuklashdan oldin joʻnatish porti tomonidan yuklar roʻyxati tuziladi va port rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
82. Joʻnatish porti omborxonalaridagi yuklarning holati shkiper tomonidan ular kemaga yuklanishidan oldin tekshirilishi shart.
83. Nazorat tasmalari yoki tamgʻalari buzilgan, belgilari toʻliq va aniq boʻlmagan, shikast yetkazilgan tarali dona yuklar mazkur kamchiliklar bartaraf etilgandan keyin yuklashga qabul qilinadi, yuklarni mavjud kamchiliklar bilan qabul qilib olishga yuk oluvchining yozma roziligi boʻlgan hollar bundan mustasno.
84. Yuklarning kamchiliklari transport(tashish) hujjatida qayd etilishi shart.
85. Kemani yuklash rejasi shkiper tomonidan yuklar roʻyxatiga asosan ishlab chiqiladi.
86. Shkiper yuklarni kemaga qabul qilishdan oldin yuklash topshiriqnomasi toʻgʻri toʻldirilganligi va yuklar toʻgʻrisida zarur maʼlumotlar mavjudligini tekshiradi hamda ularni joʻnatish porti tomonidan tuzilgan yuklar roʻyxati bilan solishtiradi.
87. Yuklarni kemaga yuklashdan oldin ular konosamentga asosan turi boʻyicha partiyalarga ajratilishi shart.
88. Shkiper yuklarni kemaga qabul qilish oldidan yuklarning tashish uchun yaroqliligini tekshirishi, tekshirish natijasida biror-bir kamchilik aniqlangan taqdirda, ularning bartaraf etilishini yuk joʻnatuvchidan talab qilishi shart.
89. Yuklar joʻnatish bojxona posti xodimi, ombor mudiri, shkiper va yuk joʻnatuvchi ishtirokida kemaga yuklanadi.
90. Ish texnologiyasida kamchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, yuklash yoki tushirish ishlari mazkur kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar shkiper tomonidan toʻxtatib turiladi.
91. Yuklash yoki tushirish davrida yuklarning hisobi ombor mudiri, yuk qabul qiluvchi-topshiruvchi, shkiper, joʻnatish yoxud manzil bojxona posti xodimi va yuk joʻnatuvchi yoki yuk oluvchi tomonidan olib boriladi.
92. Yuklarning hisobi yukni tushirish, yuklash va saqlashga qabul qilish dalolatnomasida qayd etib boriladi.
93. Quyidagi yuklarni bitta konosament bilan qabul qilishga va qoʻshib tashishga yoʻl qoʻyilmaydi:
tez buziladigan yuklarni tez buzilmaydigan yuklar bilan;
tashish davrida alohida rejimni talab qiluvchi yuklarni bunday rejimni talab qilmaydigan yuklar bilan;
bojxona va sanitariya nazorati ostida, shuningdek, boshqa maxsus tartibda tashiladigan yuklarni bunday tartib tatbiq etilmaydigan yuklar bilan;
yaroqlilik (saqlash) muddati turli xil boʻlgan yuklar bilan.
94. Yuklarning bir partiyasini toʻliq yuklab yoki tushirib boʻlmasdan, boshqa yuk partiyasini yuklash yoki tushirish taqiqlanadi.
95. Manzil portga tushirish davrida aralashgan holda kelganligi aniqlangan yuklar bir vaqtning oʻzida partiyalar boʻyicha ajratilgan holda tushirilishi, mazkur holat manzil porti va yuk oluvchi tomonidan shkiper ishtirokida erkin shaklda tuziladigan dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi hamda dalolatnoma nusxasi joʻnatish portiga yuborilishi shart.
96. Yuklar transport (tashish) hujjati asosida kema bortida topshiriladi va qabul qilinadi.
Zarur hollarda, yuklash yoki tushirish ishlari xavfsizligini taʼminlash uchun yuk qabul qiluvchi-topshiruvchi va shkiperning kema bortida boʻlishiga yoʻl qoʻyilmasa, yuklarni qabul qilish yoki topshirish qirgʻoqda — kranning qulochi doirasida amalga oshiriladi.
97. Yukning umumiy vazni oʻlchash yoki yuk oʻrinlarida koʻrsatilgan umumiy vaznni hisoblash yoʻli bilan aniqlanadi.
98. Yukning vazni, agar yuk tashish shartnomasida boshqacha usul koʻrsatilmagan boʻlsa, tashuvchi tomonidan belgilangan tartibda aniqlanadi.
Yuk tashish shartnomasida yukning vaznini shartli ravishda yoki kemaning suvga botishini hisoblash yoʻli bilan aniqlash nazarda tutiladi.
99. Yuklarni boshqaruv tarkibisiz kemaga yuklash va undan tushirishda hujjatlar tarkibsiz kema biriktirilgan kemaning boshqaruv tarkibi tomonidan rasmiylashtiriladi.
3-§. Shikast yetkazilgan (buzilgan), saqlanmagan yoki buzilganlik alomatlari boʻlgan yuklarni qabul qilish va topshirish
100. Manzil portga shikast yetkazilgan (buzilgan), saqlanmagan yoki buzilganlik alomatlari boʻlgan yuklar shkiper ishtirokida manzil bojxona posti xodimi, yuk qabul qiluvchi-topshiruvchi va yuk oluvchi tomonidan qabul qilinadi.
101. Quyidagi hollarda yuk qabul qiluvchi-topshiruvchi tomonidan tijorat dalolatnomasi tuziladi:
yukning nomi, ogʻirligi yoki oʻrinlar soni transport (tashish) hujjatida koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiq boʻlmasa;
yukka shikast yetkazilgan (buzilgan) boʻlsa;
hujjatlarsiz yuk yoki yuksiz hujjatlar aniqlansa.
102. Yuk oluvchi yukni olish uchun shartnomada koʻrsatilgan muddatda kelmagan taqdirda, tijorat dalolatnomasi tuziladi va ushbu dalolatnoma kamida uchta shaxs — port boshligʻi yoki uning oʻrnini bosuvchi shaxs, yuk qabul qiluvchi-topshiruvchi va omborxona mudiri tomonidan imzolanadi.
Tijorat dalolatnomasining bir nusxasi yuk oluvchiga berilishi, ikkinchi nusxasi esa besh kun ichida joʻnatish portiga yuborilishi shart.
103. Yukni qabul qilish yukni tushirish, yuklash va saqlashga qabul qilish dalolatnomasi bilan rasmiylashtirilgan boʻlsa, soz taradagi shikast yetkazilgan yuk uchun joʻnatish porti javobgar hisoblanadi.
Shikast yetkazilgan (buzilgan) holda keltirilgan yuklar toʻgʻrisida konosamentning orqa tomoniga tegishli yozuv kiritiladi.
104. Eksport yoki import yuklarni tashishda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan xabar-dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
105. Tarasi yoki oʻramlariga, shuningdek, nazorat tasmalari yoki plombalariga shikast yetkazilgan yuklar ochib tekshiriladi, zarur hollarda bunday yuklar shkiper, ombor mudiri va manzil yoki joʻnatish bojxona posti xodimi ishtirokida tegishli port omborida qayta oʻlchanadi va tekshirish dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
106. Ichidagi yukni olish imkoniyatini istisno etadigan, lekin shikast yetkazilganlik (buzilganlik) alomatlari mavjud boʻlgan tarali dona yuklar ochib tekshirilmasdan yukni tushirish, yuklash va saqlashga qabul qilish dalolatnomasida qayd etiladi.
107. Tushirish ishlari tugagandan keyin shikast yetkazilganlik (buzilganlik) alomatlari bilan qabul qilingan yuklar boʻyicha tijorat dalolatnomasi tuziladi va yuk oluvchining arizasiga koʻra tegishli bojxona rejimi joriy etiladi.
108. Yuklar tushirilgandan soʻng manzil port tomonidan yuklarni qabul qilinganligi toʻgʻrisida konosamentlarga belgi qoʻyiladi va ular shartnomada belgilangan muddatda joʻnatish portiga qaytariladi.
4-§. Konteynerlarni qabul qilish va topshirish
109. Konteynerlar konteyner terminali mudiri tomonidan joʻnatish yoki manzil bojxona posti xodimi ishtirokida soni, raqamlari, tamgʻalari va kuzovlarining butligi koʻzdan kechirilib qabul qilinadi yoki topshiriladi.
110. Kuzov ichidagi yukni olish imkonini beradigan darajada shikast yetkazilgan yoki tamgʻalarining izi aniq boʻlmagan konteynerlar kemaga qabul qilinmaydi.
111. Texnik soz va soz tamgʻada yetkazilgan konteyner ichidagi yukning saqlanishi uchun yuk tashuvchi javobgar hisoblanmaydi.
112. Kuzov ichidagi yukni olish imkonini beradigan darajada shikast yetkazilgan yoki tamgʻalarining izi aniq boʻlmagan yoxud tamgʻasi buzilgan konteynerlar yuk qabul qiluvchi-topshiruvchi va konteyner terminali mudiri ishtirokida qoʻshma naryad tomonidan manzil portida ochiladi va tekshiriladi.
113. Tekshirish natijasi boʻyicha tijorat dalolatnomasi tuzilgandan, tegishli yozuvlar konosamentga kiritilgandan soʻng yuk texnik soz konteynerga yuklanadi va bojxona posti xodimi hamda konteyner terminali mudiri tomonidan tamgʻalanadi.
Kuzov ichidagi yukni olish imkonini bermaydigan shikast yetkazilgan konteynerlar ochilmaydi, lekin shikastlanish tavsifi va oʻlchamlari koʻrsatilgan holda tijorat dalolatnomasi tuziladi.
114. Tamgʻalarining izi aniq boʻlmagan yoki tamgʻasi buzilgan konteynerlardagi yuklarni tekshirish ishlari boshqa yuklarga ishlov berish jarayonining pasayishiga olib kelsa, konteynerlar bojxona posti xodimi tomonidan yuk qabul qiluvchi-topshiruvchi va konteyner terminali mudiri ishtirokida vaqtincha muddatga tamgʻalanadi.
Qoʻshma naryad vaqtincha muddatga tamgʻalangan konteynerlardagi yuklarni uch kun ichida yuk qabul qiluvchi-topshiruvchi, konteyner terminali mudiri va yuk oluvchi ishtirokida tekshiradi va tijorat dalolatnomasi rasmiylashtirilgandan soʻng konteynerlar bojxona organi xodimi hamda konteyner terminali mudiri tomonidan tamgʻalanadi hamda tijorat dalolatnomasining nusxasi yuk oluvchiga beriladi.
5-§. Yuklarni manzil port tomonidan qabul qilish, saqlash va topshirish
115. Manzil portga kelgan yuklar port omborlarida bojxona nazorati ostida saqlanadi va yuk tashish shartnomasiga muvofiq yuk oluvchiga topshiriladi.
116. Manzil port tomonidan yuk oluvchiga yuk kelgan kuni, yuk belgilangan muddatdan oldin kelgan boʻlsa, keyingi kuni soat 12:00 gacha xabarnoma yuboriladi.
117. Yuklar yuk kuzatuv hujjatlariga asosan tranzit yoki erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgandan keyin yuk oluvchiga topshiriladi.
118. Yuk oluvchi yukni port omboridan yuk tashish shartnomasida koʻrsatilgan muddatdan kechiktirmay olib ketishi shart.
Xavfli va tez buziladigan yuklar kema bortidan toʻgʻridan-toʻgʻri yuk oluvchining transportiga yuklanadi va zudlik bilan bojxona nazorati ostida olib ketiladi.
119. Yuk oluvchilar tomonidan oʻz vaqtida olib ketilmaganligi oqibatida manzil portda yuklar yigʻilib qolganda, yuklar saqlash uchun bojxona organi bilan kelishilgan holda boshqa bojxona omborlariga joylashtirilishi mumkin, bunda yuklarni boshqa bojxona omboriga joylashtirish yuk oluvchining hisobidan amalga oshiriladi.
120. Yuklar yuk oluvchiga manzil port tomonidan ularning soni va taralarning holati tekshirib topshiriladi.
121. Yukning vazni standart yoki yuk joʻnatuvchi koʻrsatgan vaznga yoki haqiqiy vazni yuk oʻrinlarida koʻrsatilgan vaznga mos kelmasa, shikast yetkazilgan yuk oʻrinlarining vazni tekshiriladi.
122. Sochma va toʻkib solinadigan yuklarning vazni yuk qabul qiluvchi-topshiruvchi, ombor mudiri, manzil bojxona posti xodimi tomonidan yuk oluvchi ishtirokida tekshiriladi.
Tarozi koʻrsatkichlaridagi yukning haqiqiy vaznining tafovuti hujjatda koʻrsatilgan vazndan kam boʻlmasa, shuningdek, tabiiy yoʻqotish meʼyorlaridan oshmasa, yuk toʻliq deb hisoblanadi.
123. Yuk oluvchi tomonidan konosament boʻyicha tashilayotgan yukning kamomadi yoki unga shikast yetkazilganligi toʻgʻrisida yuk tashuvchiga oʻz vaqtida xabar berilmagan taqdirda, yuk konosament shartlariga muvofiq toʻliq olingan hisoblanadi.
Yuk oluvchi tomonidan yuk tashuvchi ishtirokida koʻrib chiqilgan va tekshirilgan yuk boʻyicha yuk tashuvchiga xabar berish talab qilinmaydi.
124. Manzil port yuk oluvchi tomonidan yuk tashish shartnomasida belgilangan muddatda qabul qilinmagan yoki olib ketilmagan yuk toʻgʻrisida yuk joʻnatuvchiga xabar berishi, yuk joʻnatuvchi esa talab qilinmagan yuklar boʻyicha zarur choralar koʻrishi shart.
125. Yuk oluvchi shikast yetkazilgan (buzilgan) yoki yaroqlilik (saqlash) muddati oʻtgan yuklarni olishdan bosh tortsa, agar yuk tashuvchi bunda oʻzining aybsizligini isbotlab bersa, yukni qaytarib olib ketish bilan bogʻliq xarajatlar yuk joʻnatuvchi hisobidan qoplanadi.
5-bob. Yuk tashish munosabatlari ishtirokchilarining javobgarligi
1-§. Yuk tashuvchining javobgarligi
126. Yuk tashuvchi yuklarni tashish davrida yetkazilgan zarar uchun qonunchilik hujjatlari, mazkur Qoidalar va yuk tashish shartnomasi talablariga muvofiq javobgar hisoblanadi.
Yuk tashuvchining qonunchilik hujjatlari va mazkur Qoidalarda belgilab qoʻyilgan javobgarligini cheklash yoki bartaraf etish haqidagi kelishuvlariga yoʻl qoʻyilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi.
127. Agar yuk tashuvchi yukning yoʻqolishi, kam chiqishi yoki shikastlanishida (buzilishida) oʻzining aybi yoʻqligini isbotlay olmasa, tashish uchun qabul qilib olgan yukning yoʻqolganligi, kam chiqqanligi yoki unga shikast yetkazilganligi (buzilganligi) uchun javobgar boʻladi.
128. Quyidagi hollarda yuk tashuvchi ayni shu holat natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgar hisoblanmaydi:
yuk joʻnatuvchi yuklarni nosoz va nozik taralarda topshirganligi toʻgʻrisida yozma ravishda koʻrsatgan boʻlsa;
yoʻqotish kema palubasida tashishga ruxsat berilgan yuklarda tashish natijasida vujudga kelgan tabiiy yoʻqotish meʼyorlari doirasida boʻlsa yoki yuk yoʻlda qaytadan tushirib yuklanmagan, tegishli belgilari mavjud soz taralarda va texnik soz kemada kelgan yoki yuklarning sifatli tashilganligini tasdiqlovchi boshqa alomatlar mavjud boʻlsa;
tez buziladigan yuklarni belgilangan rejimni taʼminlamaydigan kemalarda tashishga yuk joʻnatuvchi tomonidan yozma rozilik berilgan boʻlsa;
yuk joʻnatuvchi saqlash yoki tashish davrida saqlanishi alohida shartlar va xavfsizlik choralarini talab qiladigan yuklarning alohida xususiyatlarini transport (tashish) hujjatida koʻrsatmagan holda tashishga topshirgan boʻlsa.
129. Yuk tashish shartnomasida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, kemaning halokati yoki boshqa baxtsiz hodisa tufayli tashish davrida yoʻqotilgan yuk uchun tashish haqi undirilmaydi, toʻlangan boʻnak yuk joʻnatuvchiga qaytariladi.
Agar kema halokatidan keyin yuk saqlab qolingan boʻlsa, yuk tashuvchiga saqlab qolingan yukni tashiganlik va haqiqiy bosib oʻtilgan masofa uchun haq toʻlanadi.
130. Yuk tashish shartnomasida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, yuk tashish vaqtida yetkazilgan zarar yuk tashuvchi tomonidan quyidagi miqdorda toʻlanadi:
yuk yoʻqolgan yoxud kam chiqqan taqdirda — yoʻqolgan yoki kam chiqqan yukning qiymati miqdorida;
yukka shikast yetkazilgan (buzilgan) taqdirda — uning qiymati qancha pasaygan boʻlsa, shuncha summa miqdorida, shikastlangan (buzilgan) yukni tiklash mumkin boʻlmaganida esa uning qiymati miqdorida;
bahosini transport (tashish) hujjatida koʻrsatgan holda tashishga topshirilgan yuk yoʻqolgan taqdirda — yukning transport (tashish) hujjatida koʻrsatilgan qiymati miqdorida.
131. Yuk tashuvchi haqiqiy zararni toʻlash bilan birga yoʻqolgan, kam chiqqan yoki shikastlangan (buzilgan) yukni tashish uchun olgan tashish haqini, agar u yukning bahosiga kirmasa, qaytarib beradi.
132. Kema ekipaji va kemada boʻlgan boshqa shaxslar tomonidan kemadagi yuklardan, istisno tariqasida, inson hayotini, kemani yoki boshqa yuklarni saqlab qolish maqsadida foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
133. Yuklarni yetkazib berish muddati kechikkanligi uchun yuk tashuvchi yuk oluvchi oldida qonunchilik hujjatlarida yoki yuk tashish shartnomasida belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi.
2-§. Yuk joʻnatuvchi va yuk oluvchining javobgarligi
134. Yuk joʻnatuvchi yuk toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning yetarli emasligi yoki notoʻgʻriligi, muomalada boʻlishi yoxud daryo transportida tashilishi cheklangan yoki taqiqlangan yukni taqdim etganligi, tashish davrida saqlanishi alohida shartlar va xavfsizlik choralarini talab qiladigan yuklar toʻgʻrisida yuk tashuvchini xabardor qilmaganligi uchun qonunchilik hujjatlarida va yuk tashish shartnomasida belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatlar natijasida yuzaga kelgan oqibatlarni bartaraf etish bilan bogʻliq ishlar uchun yuk joʻnatuvchi tomonidan haq toʻlanadi.
135. Yuk joʻnatuvchi quyidagi hollarda kemaning turib qolishi, shuningdek, boshqa zararlar uchun yuk tashuvchi va uchinchi shaxslar oldida javobgar hisoblanadi:
qonunchilik hujjatlarida belgilangan hujjatlar oʻz vaqtida topshirilmagan, lozim darajada rasmiylashtirilmagan yoki yetarli boʻlmasa;
transport (tashish) hujjatidagi, yukni yuklash topshiriqnomasidagi maʼlumotlar notoʻgʻri yoki toʻliq boʻlmasa;
yuklar yuk tashuvchiga oʻz vaqtida taqdim qilinmasa;
yuk joʻnatuvchining vositalari bilan bajariladigan yuklash ishlari kechiksa.
136. Kemaning turib qolganligi uchun aybdor boʻlgan yuk joʻnatuvchi yoki yuk oluvchi yuk tashuvchiga yetkazilgan zararni qoplashi shart.
137. Tashish haqi oʻzining tabiiy xususiyatlari, xususan, ichki buzilishi, qurib qolishi, sochilishi, toʻkilishi natijasida kamayishi yoki boshqa fizik-kimyoviy xususiyatlari bilan farqlanadigan yuklar yuk joʻnatuvchi tomonidan yashirilgan, sifatsiz taralarga joylashtirilgan yoki yuk joʻnatuvchiga bogʻliq boshqa sabablar oqibatida shikast yetkazilgan (buzilgan) va saqlanmagan boʻlsa yuk tashuvchiga toʻliq toʻlanadi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
138. Mazkur Qoidalarning talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2023-y., 09/23/462/0697-son; 31.10.2024-y., 09/24/710/0867-son)