1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tugatish. Sanatsiya va bankrotlik]
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“BANKROTLIK TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA OʻZGARTIShLAR VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekistan Respublikasining 2022-yil 12-apreldagi OʻRQ-763-sonli “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
LexUZ sharhi
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 474-II-sonli “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 5-mayda qabul qilingan “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-yil, № 5, 130-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda) oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 28-avgust,
668-I-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
BANKROTLIK TOʻGʻRISIDA
(yangi tahrirda)
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Bankrotlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Yuridik va jismoniy shaxslarning bankrot boʻlishi jarayonida yuzaga keladigan munosabatlar ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Ushbu Qonun oʻz faoliyatini davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiradigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining bankrotlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanilmoqda:
bankrotlik (iqtisodiy nochorlik) — xoʻjalik sudi tomonidan eʼtirof etilgan yoki qarzdor ixtiyoriy ravishda tugatilayotganida uning oʻzi eʼlon qilgan qarzdorning pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlar talablarini toʻla hajmda qondirishga qodir emasligi, shu jumladan budjetga va budjetdan tashqari fondlarga soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlarni taʼminlashga qodir emasligi;
qarzdor — pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlarning talablarini qondirishga va (yoki) majburiy toʻlovlarni ushbu Qonunda belgilangan muddat ichida toʻlash boʻyicha majburiyatlarni bajarishga qodir boʻlmagan yuridik shaxs yoki tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda amalga oshirayotgan jismoniy shaxs;
pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlar (bundan buyon matnda kreditorlar deb yuritiladi) — shunday yuridik yoki jismoniy shaxslarni, qarzdor ularning oldida majburiyatlar boʻyicha javobgar boʻladi, hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazganlik uchun qarzdor javobgar boʻlgan fuqarolar, shuningdek oʻz ishtirokidan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha qarzdor-yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari) bundan mustasno;
pul majburiyatlari — qarzdorning fuqarolik-huquqiy shartnoma boʻyicha hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra kreditorga muayyan pul summasini toʻlash majburiyatlari;
majburiy toʻlovlar — budjetga hamda budjetdan tashqari fondlarga toʻlanadigan soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar;
sudgacha sanatsiya qilish — qarzdorning mol-mulki egalari, qarzdor-yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari), qarzdorning kreditorlari va boshqa shaxslar tomonidan bankrotlikning oldini olish maqsadida, qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash boʻyicha koʻriladigan chora-tadbirlar;
tashqi boshqaruv — xoʻjalik sudi tomonidan bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish chogʻida tayinlanadigan hamda qarzdorning mol-mulkini boshqarish vakolatlarini tashqi boshqaruvchiga oʻtkazgan holda qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash maqsadida qoʻllaniladigan bankrotlik taomili;
moratoriy — qarzdor tomonidan pul majburiyatlari ijrosini hamda majburiy toʻlovlar toʻlanishini toʻxtatib qoʻyish;
tashqi boshqaruvchi — tashqi boshqaruvni hamda ushbu Qonunda belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshirish maqsadida xoʻjalik sudi tomonidan tayinlanadigan shaxs;
tugatishga doir ish yuritish — kreditorlarning talablarini mutanosib ravishda qondirish hamda qarzdorni qarzlardan qutulgan deb eʼlon qilish, taraflarni bir-biriga munosabatda gʻayriqonuniy xatti-harakatlardan himoyalash maqsadida bankrot deb topilgan qarzdorga nisbatan qoʻllaniladigan bankrotlik taomili;
ishonchli shaxs — tugatishga doir ish yuritish hamda ushbu Qonunda belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshirish uchun xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlanadigan shaxs;
kelishuv bitimi — taraflar oʻrtasida sud nizosini oʻzaro yon berish yoʻli bilan tugatishga asos boʻladigan bitim;
qarzdorning xodimlari vakili — bankrotlik taomili oʻtkazilayotganda oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun qarzdorning xodimlari vakolat bergan shaxs;
shaharni tashkil etuvchi korxona — xodimlari ularning oila aʼzolarini ham qoʻshib hisoblaganda tegishli aholi punkti aholisining kamida yarmini tashkil etuvchi yuridik shaxs;
qishloq xoʻjaligi korxonalari — qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkat xoʻjaliklari) va fermer xoʻjaliklari.
3-modda. Bankrotlik alomatlari
Yuridik shaxsning pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlar talablarini qondirishga va (yoki) majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyatini bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar va (yoki) toʻlov majburiyati yuzaga kelgan kundan eʼtiboran olti oy davomida qarzdor tomonidan bajarilmagan boʻlsa, uning bankrotlik alomati deb eʼtirof etiladi.
Jismoniy shaxsning (tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda amalga oshirayotgan shaxsning) pul mablagʻlari boʻyicha kreditorlar talablarini qondirishga va (yoki) majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyatini bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar va (yoki) toʻlov majburiyati ularni bajarish sanasi boshlangan paytdan eʼtiboran uch oy davomida qarzdor tomonidan bajarilmagan boʻlsa, agar majburiyatlarning summasi unga tegishli mol-mulkning qiymatidan oshib ketgan boʻlsa, uning bankrotlik alomati deb eʼtirof etiladi.
4-modda. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar xoʻjalik sudi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish ushbu Qonunning 3-moddasida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda xoʻjalik sudi tomonidan qoʻzgʻatiladi.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish koʻrilayotganda qarzdor-yuridik shaxsga tegishli mol-mulkning qiymati undirilishini umid qilib boʻlmaydigan debitorlik qarziga aylangan aylanma mablagʻlarni qaytarmay boshqa maqsadlarga ishlatish hisobga olinmagan holda belgilanadi.
5-modda. Xoʻjalik sudiga murojaat qilish huquqi
Pul majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan xoʻjalik sudiga murojaat etish huquqiga qarzdor, kreditor, prokuror ega.
Majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyatini bajarmaganligi munosabati bilan qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan xoʻjalik sudiga murojaat etish huquqiga qarzdor, prokuror, soliq organlari va boshqa vakolatli organlar ega.
Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza xoʻjalik sudiga bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi hamda oʻzga shaxslar tomonidan ham berilishi mumkin.
6-modda. Qarzdorning xoʻjalik sudiga murojaat etishi asoslari
Qarzdor pul majburiyatlarini bajarish va (yoki) majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyatini belgilangan muddatda bajarishga qodir boʻlmasligidan dalolat beruvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan xoʻjalik sudiga murojaat etishga haqli.
Agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, qarzdor-yuridik shaxs qarzdor mol-mulki egasining (egalarining) yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisidagi qarori yoki qarzdorning mol-mulki egasi tomonidan vakil qilingan organning yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisidagi qarori asosida qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan xoʻjalik sudiga murojaat etadi.
Qarzdor oʻzining mol-mulki sud xarajatlarini qoplashga yetarli darajada boʻlgan taqdirda, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisida xoʻjalik sudiga ariza berishi mumkin.
7-modda. Kreditorlar yigʻilishi
Bankrotlik taomili qoʻllanilayotganda barcha kreditorlarning manfaatlarini ushbu Qonunga muvofiq tashkil etiladigan kreditorlar yigʻilishi (qoʻmitasi) himoya qiladi. Xoʻjalik sudi qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizani ish yuritish uchun qabul qilib olgan paytdan eʼtiboran kreditorlar qarzdorga oʻz talablarini qondirish maqsadida yakka tartibda murojaat etishga haqli emas.
Qarzdorga nisbatan barcha xatti-harakatlar hamma kreditorlar nomidan kreditorlar yigʻilishi (qoʻmitasi) tomonidan amalga oshiriladi.
Kreditorlar, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, majburiy toʻlovlar talablari qismi boʻyicha — soliq organlari va boshqa vakolatli organlar kreditorlar yigʻilishining ovoz berish huquqiga ega boʻlgan qatnashchilaridir. Kreditorlar yigʻilishida qarzdorning xodimlari vakili ishtirok etadi.
Quyidagilarni qabul qilish kreditorlar yigʻilishi vakolati doirasiga kiradi:
kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi qaror;
kreditorlar qoʻmitasi aʼzolarini saylash, uning son tarkibini belgilash va aʼzolarning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisidagi qaror;
tashqi boshqaruvni joriy etish va uning muddatini uzaytirish hamda tegishli iltimosnoma bilan xoʻjalik sudiga murojaat etish toʻgʻrisidagi qaror;
qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan xoʻjalik sudiga murojaat etish haqidagi qaror;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa masalalarga doir qaror.
Kreditorlar yigʻilishini tashkil etish va oʻtkazish tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxs tomonidan amalga oshiriladi, kreditorlarning birinchi yigʻilishi bundan mustasno.
Kreditor yoki soliq organlari va boshqa vakolatli organlar kreditorlar yigʻilishida kreditor, soliq organi yoki boshqa vakolatli organning pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorga nisbatan kreditorlar yigʻilishini oʻtkazish sanasida belgilangan talablari jami summasiga mutanosib tarzdagi qogʻozlarga ega boʻladilar.
Agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, kreditorlar yigʻilishida qarzdor majburiyatlari umumiy summasining kamida uchdan ikki qismi miqdorida talabnomalar bildirayotgan, ovoz berish huquqi bor kreditorlar hozir boʻlgan taqdirda, yigʻilish vakolatli hisoblanadi. Kreditorlarning manfaatlarini yigʻilishda ishonchli shaxs ifodalashi mumkin. Kreditorlar yigʻilishida kvorum boʻlmasa, oʻn kunlik muddat ichida kreditorlarning takroriy yigʻilishi chaqiriladi, bu yigʻilish oʻtkaziladigan joy va vaqt toʻgʻrisida kreditorlar tegishli ravishda xabardor etilgan taqdirda, hozir boʻlgan kreditorlar ovozidan qatʼi nazar, yigʻilish vakolatli hisoblanadi.
(7-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Agar kreditor qarzdorning eʼtirof etilgan talablariga ega boʻlsa va mazkur ishda uning boshqa manfaatlari boʻlmasa, bunday kreditor kreditorlar yigʻilishida ovoz berish huquqiga ega boʻladi.
8-modda. Kreditorlar yigʻilishini chaqirish tartibi
Ariza koʻrib chiqish uchun qabul qilinganligi toʻgʻrisida xoʻjalik sudi tomonidan ajrim chiqarilgan paytdan eʼtiboran uch kun ichida kreditorlar yigʻilishi oʻtkaziladigan joy va vaqt haqidagi xabar matbuotda eʼlon qilinadi. Kreditorlarning birinchi yigʻilishi ariza koʻrib chiqish uchun qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi ajrim asosida xoʻjalik sudi tomonidan chaqiriladi hamda kreditorlar yigʻilishi oʻtkaziladigan joy va vaqt haqidagi xabar matbuotda eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran bir hafta ichida boʻlib oʻtishi kerak. Eʼlon qilish xarajatlari qarzdor hisobidan qoplanadi.
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Kreditorlarning keyingi yigʻilishlari tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs tashabbusi bilan, pul majburiyatlari va (yoki) qarzdorning majburiy toʻlovlari boʻyicha talablari kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan talablar umumiy summasining kamida uchdan bir qismini tashkil etadigan kreditorlar qoʻmitasining, kreditorning (kreditorlarning) va (yoki) soliq organlari hamda boshqa vakolatli organlarning talablariga binoan yoxud kreditorlarning uchdan bir qismi tashabbusi bilan chaqiriladi.
Kreditorlar yigʻilishi kreditorlar qoʻmitasining yoki kreditorning (kreditorlarning) tashabbusi bilan tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs tomonidan tashqi boshqaruvchiga, ishonchli shaxsga tegishli ariza bilan murojaat etilgan paytdan boshlab ikki haftalik muddat ichida chaqiriladi.
Agar kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi tomonidan boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, kreditorlar yigʻilishi qarzdor joylashgan manzilda oʻtkaziladi.
9-modda. Kreditorlar yigʻilishi tomonidan qaror qabul qilish tartibi
Ovozga qoʻyilgan masalalar yuzasidan kreditorlar yigʻilishi qarori, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, yigʻilishda hozir boʻlgan kreditorlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Har bir kreditor umumiy kreditorlik qarzidagi oʻz ulushiga mutanosib ovoz soniga ega boʻladi.
Kreditorlar yigʻilishi tomonidan barcha kreditorlar umumiy soniga nisbatan koʻpchilik ovoz bilan quyidagilar qabul qilinadi:
tashqi boshqaruvni joriy etish va (yoki) uning muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi qaror;
qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ishni yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan xoʻjalik sudiga murojaat etish haqidagi qaror;
tashqi boshqaruvchining, ishonchli shaxsning oʻzgartirilishi yoki vakolatlarini bekor qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan xoʻjalik sudiga murojaat etish haqidagi qaror.
Agar kreditorlarning yigʻilishida ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan qarorlarni qabul qilish uchun zarur kreditorlar ovozi soni yetarlicha hozir boʻlmagan boʻlsa, kreditorlarning takroriy yigʻilishi chaqiriladi, bu yigʻilish oʻtkaziladigan joy va vaqt toʻgʻrisida kreditorlar tegishli ravishda xabardor etilgan taqdirda bunday qarorlarni yigʻilish hozir boʻlgan kreditorlar ovozi soniga nisbatan koʻpchilik ovoz bilan qabul qilishga vakolatlidir.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga muvofiq qism bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda).
10-modda. Kreditorlarning talablari reyestri
Kreditorlarning talablari reyestrini tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs yuritadi.
Kreditorlarning talablari reyestrida har bir kreditor, pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha kreditor talablarining miqdori, har bir talabning qondirilish navbati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Kreditorlarga talablar reyestri bilan tanishish imkoniyati taʼminlanishi lozim.
11-modda. Kreditorlar qoʻmitasi
Kreditorlar qoʻmitasi kreditorlarning manfaatlarini himoya qiladi hamda tashqi boshqaruvchi va ishonchli shaxsning xatti-harakatlari ustidan ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda nazorat olib boradi.
Kreditorlar qoʻmitasi tarkibiga kreditorlar vakillari kreditorlar yigʻilishi tomonidan belgilanadigan miqdorda kiritiladi.
Agar qarzdorning kreditorlari soni yigirmatadan kam boʻlsa, kreditorlar yigʻilishining qaroriga binoan kreditorlar qoʻmitasining vazifalari kreditorlar yigʻilishi zimmasiga yuklanishi mumkin.
Kreditorlar qoʻmitasi oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda quyidagilarga haqlidir:
tashqi boshqaruvchidan qarzdorning moliyaviy ahvoli va tashqi boshqaruvning borishi toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishni talab qilish;
ishonchli shaxsdan tugatishga doir ish yuritishning borishi toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishni talab qilish;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda tashqi boshqaruvchi va ishonchli shaxsning harakatlari (harakatsizligi) ustidan xoʻjalik sudiga shikoyat qilish.
Kreditorlar qoʻmitasi quyidagilarni qabul qilishga haqlidir:
kreditorlar yigʻilishini chaqirish toʻgʻrisidagi qaror;
kreditorlar yigʻilishining tashqi boshqaruvchini vazifasidan ozod etish haqidagi tavsiyasi toʻgʻrisidagi qaror;
qarzdorning yirik bitimlarini hamda amalga oshirilishidan qarzdor manfaatdor boʻlgan bitimlarni tasdiqlash yoki tasdiqlashni rad etish toʻgʻrisidagi qaror.
Kreditorlar qoʻmitasining qarori kreditorlar qoʻmitasi aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
12-modda. Kreditorlar qoʻmitasini saylash
Kreditorlar qoʻmitasining aʼzolari kreditorlar yigʻilishi tomonidan tashqi boshqaruv va tugatishga doir ish yuritish amalga oshiriladigan davr uchun saylanadi. Kreditorlar yigʻilishining qaroriga binoan kreditorlar qoʻmitasi barcha aʼzolarining vakolatlari muddatidan ilgari bekor qilinishi mumkin. Bunday qaror kreditorlar qoʻmitasi barcha aʼzolariga nisbatan faqat bir paytning oʻzida qabul qilinishi mumkin. Kreditorlar qoʻmitasi saylovi kreditorlar yigʻilishida ovoz berish orqali amalga oshiriladi.
Eng koʻp ovoz olgan nomzodlar kreditorlar qoʻmitasi tarkibiga saylangan deb hisoblanadi.
Kreditorlar qoʻmitasining aʼzolari oʻz tarkibidan kreditorlar qoʻmitasining raisini saylashi mumkin.
Agar kreditorlar qoʻmitasi aʼzosi besh kishidan ortiq boʻlsa, albatta kreditorlar qoʻmitasining raisi saylanadi.
13-modda. Manfaatdor shaxslar
Quyidagilar qarzdorga nisbatan manfaatdor shaxslar deb eʼtirof etiladi:
qonun hujjatlariga muvofiq qarzdorga nisbatan bosh yoki tobe hisoblanmish yuridik shaxs;
qarzdorning rahbari, shuningdek kuzatuvchi kengash tarkibiga kiruvchi shaxslar, kollegial ijroiya organi, bosh buxgalter (buxgalter), shu jumladan bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritish qoʻzgʻatilgunga qadar bir yil davomida oʻz vazifasidan ozod etilgan shunday shaxslar;
yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari).
Ushbu Qonunda jismoniy shaxsga nisbatan manfaatdor shaxs deyilganda uning xotini (eri), ota-onasi, buva-buvilari, aka-ukalari, opa-singillari hamda bolasi, nevarasi, chevarasi, evarasi, opa-singil va aka-ukalarining bolasi, nevarasi, chevarasi, evarasi, xotinining (erining) opa-singillari va aka-ukalari tushuniladi.
Ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs, kreditorlarga nisbatan manfaatdor shaxslar ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda belgilanadi.
14-modda. Tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxsning javobgarligi
Ushbu Qonunga muvofiq tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs zimmasiga yuklangan majburiyatlarning qarzdorga yoki kreditorlarga zarar yetkazilishiga olib kelgan tarzda bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi tashqi boshqaruvchini, ishonchli shaxsni oʻz vazifalarini bajarishdan chetlashtirish uchun asos boʻlib xizmat qilishi mumkin.
Qarzdor va uning kreditorlari tashqi boshqaruvchidan, ishonchli shaxsdan tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxsning harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini talab qilishga haqlidir.
Boshqa shaxslarning ishlarini boshqarish va (yoki) mol-mulkini boshqarishga doir faoliyatni amalga oshirish huquqi cheklangan shaxslar (diskvalifikatsiya qilingan shaxslar), shuningdek ushbu Qonunning 13-moddasida koʻrsatilgan manfaatdor shaxslar tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs boʻlishi mumkin emas.
15-modda. Tashqi boshqaruvchiga, ishonchli shaxsga haq toʻlash
Oʻz vazifasini bajarganligi uchun tashqi boshqaruvchiga, ishonchli shaxsga toʻlanadigan oylik haq miqdori kreditorlar yigʻilishi tomonidan belgilanadi hamda xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlanadi.
Tashqi boshqaruvchiga, ishonchli shaxsga, shuningdek ular faoliyat koʻrsata olishini taʼminlash uchun jalb etiladigan shaxslarga haq, agar kreditor bilan kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, qarzdor mol-mulki hisobidan toʻlanadi.
16-modda. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi
Mol-mulkining tarkibida davlat mulki ulushi boʻlgan qarzdorning iqtisodiy nochorligi toʻgʻrisidagi masala hal etilayotganda davlat manfaatlarini korxonalarning iqtisodiy nochorligi toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha vakolatli organ (bundan buyon matnda bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi deb yuritiladi) himoya qiladi.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi:
ushbu Qonunga muvofiq bankrotlik taomillarining amalga oshirilishini taʼminlaydi;
toʻlovga qobiliyatsiz va zarar koʻrib ishlayotgan korxonalar hisobini yuritadi;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning (kichik va oʻrta korxonalar, mikrofirmalar bundan mustasno) rahbarlariga yoki boshqa mansabdor shaxslarga korxonaning moliya-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi materiallarni taqdim etmaganlik yoxud oʻz vaqtida taqdim etmaganlik uchun jarima soladi;
(16-modda ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
tashqi boshqaruvchilar va ishonchli shaxslar tariqasida faoliyat olib borayotgan jismoniy shaxslarga nisbatan malaka va kasbga oid talablarni belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi
(16-modda ikkinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga muvofiq beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
17-modda. Korxonalarning iqtisodiy qodirligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish majburiyati
Bankrotlik alomatlari aniqlangan taqdirda soliq organlari, iqtisodiyot va statistika organlari bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organiga mol-mulkida davlat mulki ulushi boʻlgan korxonalar toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etishlari, shuningdek bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining soʻroviga binoan korxonalarning iqtisodiy qodirligi toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlarni taqdim etishlari shart.
18-modda. Bankrotlik taomillari
Qarzdor-yuridik shaxsning bankrotligi toʻgʻrisidagi ish koʻrilayotganda quyidagi taomillar qoʻllaniladi:
kelishuv bitimi;
tashqi boshqaruv;
tugatishga doir ish yuritish;
bankrotlikning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa taomillari.
Qarzdor-jismoniy shaxsning bankrotligi toʻgʻrisidagi ish koʻrilayotganda quyidagi taomillar qoʻllaniladi:
kelishuv bitimi;
tugatishga doir ish yuritish;
bankrotlikning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa taomillari.
19-modda. Suddan tashqari bajariladigan taomillar
Suddan tashqari bajariladigan taomillar sudgacha sanatsiya qilish yoki ixtiyoriy tugatilish boʻlishi mumkin.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.03.00 Sudgacha sanatsiya]
II BOB. SUDGAChA SANATSIYA QILISh
20-modda. Sudgacha sanatsiya qilish asosi
Sudgacha sanatsiya qilish qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisidagi ish yuritish qoʻzgʻatilgunga qadar amalga oshiriladi hamda qarzdorning toʻlov qobiliyatini, iqtisodiy jihatdan qodirligini tiklash hamda kelgusida samarali faoliyat koʻrsatishi uchun sharoitlar yaratib berishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyadi.
Bankrotlikning oldini olish maqsadida qarzdorning muassislari (qatnashchilari), mol-mulk egasi bankrot deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi ariza xoʻjalik sudiga taqdim etilgunga qadar qarzdorni moliyaviy jihatdan sogʻlomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni koʻradi. Qarzdorni moliyaviy jihatdan sogʻlomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar qarzdor bilan tuzilgan kelishuvga asosan kreditorlar yoki boshqa shaxslar tomonidan ham koʻrilishi mumkin.
21-modda. Sudgacha sanatsiya qilishning obyekti va subyektlari
Sudgacha sanatsiya qilishning obyekti qarzdor shaxsdir.
Sudgacha sanatsiya qilishning subyektlari qarzdor-yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari), qarzdorning mol-mulki egasi, davlat organlari va boshqa shaxslar boʻlishi mumkin.
22-modda. Sudgacha sanatsiya qilishning asosiy chora-tadbirlari
Sudgacha sanatsiya qilishning asosiy chora-tadbirlari quyidagilardan iborat:
qarzdorlikni oʻzaro hisobga olishni tashkil etish;
toʻlash muddati oʻtkazib yuborilgan qarzlarni toʻliq yoki qisman sotib olish;
ishlab chiqarishni raqobatbardosh mahsulot chiqarishga moslab qayta ixtisoslashtirish;
chetdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish;
xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash;
qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanishi va faoliyatini davom ettirishidan manfaatdor boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan moliyaviy yordam koʻrsatish;
qarzdorning faoliyatni davom ettirishi uchun qarzdor bilan kreditor (kreditorlar) oʻrtasida kreditorlarga toʻlanadigan toʻlovlar muddatini kechiktirish va (yoki) uni boʻlib-boʻlib toʻlash yoki qarzlardan siylov berish toʻgʻrisidagi ahdlashuvga erishishga qaratilgan kelishuv;
majburiy toʻlovlarni toʻlash va davlat kreditlarini qaytarishni sanatsiya muddatiga kechiktirish;
qarzdor-yuridik shaxsni qayta tashkil etish.
Sudgacha sanatsiya qilish taomili boshqa chora-tadbirlarni ham qamrab olishi mumkin.
Sudgacha sanatsiya qilishni davlat mablagʻlarini jalb etgan holda oʻtkazishni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan organ amalga oshiradi.
Sudgacha sanatsiya qilish chogʻida davlat tomonidan yordam koʻrsatish qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
23-modda. Sudgacha sanatsiya qilishni oʻtkazish muddati
Qarzdorni sudgacha sanatsiya qilish oʻn ikki oydan yigirma toʻrt oygacha muddatga joriy etiladi.
24-modda. Sudgacha sanatsiya qilishni bekor qilish
Sudgacha sanatsiya qilish uni oʻtkazishning belgilangan muddati tugaganligi yoki uning samarasizligi aniqlanganligi munosabati bilan bekor qilinishi mumkin.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.04.00 Bankrotlik toʻgʻrisida ixtiyoriy ravishda eʼlon qilish]
III BOB. QARZDORNI IXTIYORIY RAVIShDA BANKROT DEB EʼLON QILISh
25-modda. Qarzdorni ixtiyoriy ravishda bankrot deb eʼlon qilish asoslari va shartlari
Qarzdorning bankrotlik alomatlari mavjud boʻlgan taqdirda qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, qarzdor-jismoniy shaxs kreditorlar hamda qarzdorning mol-mulki egasi roziligi bilan, shuningdek qarzdorning mol-mulkida davlat mulkining ulushi boʻlgan hollarda esa bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining ruxsati bilan qarzdorni bankrot deb eʼlon qilishi va uning tugatilishini maʼlum qilishi mumkin.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining yoki mazkur qarzdorning kreditorlaridan birortasining qarzdorni ixtiyoriy ravishda tugatish toʻgʻrisidagi qarorga rozi boʻlmaganligi xoʻjalik sudida bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritish qoʻzgʻatilishiga olib keladi.
Qarzdorni ixtiyoriy ravishda tugatish toʻgʻrisidagi qarorni qarzdorning mol-mulki egasi, qarzdor mol-mulkida davlat mulkining ulushi boʻlgan hollarda esa, shuningdek bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi tasdiqlagan paytdan boshlab qarzdor tugatilish jarayonida deb hisoblanadi.
26-modda. Bankrot deb eʼlon qilish hamda qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilish tartibi
Ushbu Qonun 25-moddasining birinchi qismida belgilangan shartlarga rioya etgan holda qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, qarzdor-jismoniy shaxs matbuotda qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisidagi yoki uning ixtiyoriy ravishda tugatilishi haqidagi eʼlonni chop etadi.
(26-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Eʼlonda kreditorlar tomonidan talablar taqdim etish hamda qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishiga qarshi kreditorlarning eʼtirozlarini bildirish muddati koʻrsatiladi, bu muddat eʼlon chiqqan paytdan eʼtiboran ikki oydan kam boʻlmasligi kerak.
Qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, qarzdor-jismoniy shaxs kreditorlarning talablarini koʻrib chiqishi, ularni kreditorlar talablarining reyestriga kiritishi hamda ushbu Qonunning VI-bobida nazarda tutilgan tartibda kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga kirishishi shart, ushbu bobning xoʻjalik sudlarining tugatishga doir ish yuritishdagi faoliyatini tartibga solib turuvchi qoidalari bundan mustasno.
Qarzdor ixtiyoriy ravishda tugatilayotganda ishonchli shaxsning majburiyatlarini qarzdorning mol-mulki egasi (egalari) tomonidan tayinlanadigan tugatish komissiyasining raisi (tugatuvchi) bajaradi.
27-modda. Qarzdorning tugatilishiga qarshi kreditorlar tomonidan eʼtiroz bildirilishi
Qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishiga qarshi aqalli bitta kreditorning yozma eʼtirozi mavjud boʻlgan taqdirda ham qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, qarzdor-jismoniy shaxs kreditorlar talablarini hamda qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishiga qarshi kreditorlar eʼtirozlarini bildirish muddati tugagan paytdan boshlab ikki haftalik muddat ichida qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan xoʻjalik sudiga murojaat etishi shart.
Kreditorlarning har biri qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishi yakunlangunga qadar qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan xoʻjalik sudiga murojaat etishi mumkin.
Xoʻjalik sudi tomonidan bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan taqdirda tugatish jarayoni toʻxtatilishi kerak.
28-modda. Ixtiyoriy ravishda tugatish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
Ushbu Qonunning 25—27-moddalarida nazarda tutilgan talablar buzilgan hollarda, qarzdor oʻz mol-mulkini yashirganda, uchinchi shaxslarga noqonuniy tarzda oʻtkazganda qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, qarzdor-jismoniy shaxs, qarzdorning muassislari (ishtirokchilari), qarzdorning mol-mulki egasi qondirilmagan talablar miqdorida kreditorlar oldida javobgar boʻladilar. Bunday talablar qarzdor tugatilgan paytdan boshlab uch yil davomida taqdim etilishi mumkin.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.05.00 Sudda bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish tartibi]
IV BOB. BANKROTLIK TOʻGʻRISIDAGI IShLARNI XOʻJALIK SUDIDA KOʻRISh
29-modda. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni qoʻzgʻatish asoslari
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritish ushbu Qonunning 5-moddasiga muvofiq xoʻjalik sudiga murojaat etish huquqiga ega boʻlgan shaxsning arizasi asosida xoʻjalik sudi tomonidan qoʻzgʻatiladi.
30-modda. Qarzdorning arizasi
Qarzdorning arizasi xoʻjalik sudiga yozma ravishda beriladi va tegishincha qarzdor-yuridik shaxsning rahbari yoki uning oʻrnini bosuvchi shaxs yoxud qarzdor-jismoniy shaxs tomonidan imzolanadi.
pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlar talablarining qarzdor tomonidan eʼtiroz bildirilmayotgan miqdordagi summasi;
qarzdorning xodimlariga toʻlanishi kerak boʻlgan, ularning hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplash, mehnatiga haq toʻlash va ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlash boʻyicha qarz summasi;
mualliflik shartnomasi boʻyicha toʻlanishi kerak boʻlgan haq summasi;
majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlik miqdori;
kreditorlarning talablarini toʻla hajmda qondirish imkoniyati yoʻqligining asoslari;
umumiy sudlar, xoʻjalik sudlari koʻrish uchun qabul qilgan qarzdorga nisbatan daʼvo arizalari toʻgʻrisidagi, shuningdek soʻzsiz (akseptsiz) hisobdan chiqarish uchun taqdim etilgan ijro hujjatlari va boshqa hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qarzdordagi bor mol-mulk, shu jumladan debitorlik qarzining pul mablagʻlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qarzdorning bankdagi hisobvaragʻi raqamlari, bankning pochta manzili;
bankrotlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud xarajatlarini toʻlash uchun yetarli mol-mulk borligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati.
Qarzdorning arizasida bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni toʻgʻri hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar, shuningdek qarzdorda iltimosnomalar boʻlsa, ular ham koʻrsatiladi.
Qarzdor-jismoniy shaxsning arizasida tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan uning majburiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham koʻrsatiladi.
Kreditorlarga hamda ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga qarzdor oʻz arizasidan nusxalar yuborishi shart.
31-modda. Qarzdorning arizasiga ilova qilinadigan hujjatlar
Qarzdorning oʻzini bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizasiga Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ham ilova qilinadi:
qarz borligini, shuningdek kreditorlarning talabini qarzdor toʻla hajmda qondirishga qodir emasligini tasdiqlovchi hujjatlar;
qarzdorning arizasiga asos boʻlgan boshqa holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar.
Qarzdorning arizasiga quyidagilar ham ilova qilinadi:
kreditorlik va debitorlik qarzlarini izohlagan hamda kreditorlar va arizachining qarzdorlari pochta manzilini koʻrsatgan holda tuzilgan kreditorlar va arizachi qarzdorlarining roʻyxati;
soʻnggi hisobot sanasigacha boʻlgan davrga taalluqli buxgalterlik balansi yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjatlar;
qarzdor-jismoniy shaxsning mol-mulki tarkibi va qiymati toʻgʻrisidagi hujjatlar;
qarzdorning mol-mulki egasi yoki qarzdor muassislarining (ishtirokchilarining) qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilish haqidagi qarori;
agar yigʻilish qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza berilgunga qadar oʻtkazilgan boʻlsa, bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrishda ishtirok etish uchun qarzdorning xodimlari vakili saylangan yigʻilish bayonnomasi.
32-modda. Kreditorning arizasi
Kreditorning arizasi xoʻjalik sudiga yozma shaklda beriladi. Kreditor-yuridik shaxsning arizasi uning rahbari yoki vakili tomonidan, kreditor-jismoniy shaxsning arizasi esa shu jismoniy shaxsning oʻzi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
arizachining nomi (familiyasi, ism-sharifi) va uning pochta manzili;
qarzdorning nomi (familiyasi, ism-sharifi) va uning pochta manzili;
toʻlanishi kerak boʻlgan foizlar va neustoykalar (jarimalar, penyalar) miqdori koʻrsatilgan holda qarzdorga arizachi qoʻyayotgan talablarning miqdori;
qarzdorning talab kelib chiqishiga sabab boʻlgan kreditor oldidagi pul majburiyati, shuningdek uni bajarish muddati;
kreditor talablarining asosliligini tasdiqlovchi dalillar, shu jumladan sudning qonuniy kuchga kirgan qarori, koʻrsatilgan talablar qarzdor tomonidan tan olinganligini tasdiqlovchi dalillar, notariusning ijro xati;
ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati.
Kreditorning arizasida bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni toʻgʻri hal qilish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatiladi, shuningdek kreditorda iltimosnomalar boʻlsa, ular ham aks ettirilishi mumkin.
Kreditor arizaning nusxasini qarzdorga yuborishi shart.
33-modda. Kreditorlar talablarini birlashtirish
Qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi kreditorning arizasi turli majburiyatlar boʻyicha birlashtirilgan qarzdorlikka asoslangan boʻlishi mumkin.
Kreditorlar qarzdorga nisbatan oʻz talablarini birlashtirishga hamda sudga bitta ariza bilan murojaat etishga haqlidirlar. Bunday ariza oʻz talablarini birlashtirgan kreditorlar tomonidan imzolanadi.
34-modda. Kreditorning arizasiga ilova qilinadigan hujjatlar
Kreditorning qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizasiga Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ham ilova qilinadi:
qarzdorning kreditor oldidagi pul majburiyatlari, shuningdek bu majburiyatlar boʻyicha qarz mavjudligini va uning miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar;
kreditorning arizasiga asos boʻlgan boshqa holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar.
Kreditorning vakili tomonidan imzolangan arizaga arizani imzolagan shaxsning ariza berishga vakolati borligini tasdiqlovchi ishonchnoma ham ilova qilinadi.
Kreditorning arizasiga, agar bor boʻlsa, quyidagilar ham ilova qilinadi:
kreditorning qarzdorga nisbatan talablarini koʻrgan umumiy sud yoki xoʻjalik sudining qarori;
ijro hujjati (ijro varaqasi, qarzdor tomonidan akseptlangan toʻlov talablari, notariusning ijro xati va boshqalar) yoki kreditorning talablari qarzdor tomonidan tan olinganligini tasdiqlovchi dalillar.
35-modda. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining arizasi
Mol-mulkida davlat mulkining ulushi boʻlgan qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisidagi ish yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi ariza xoʻjalik sudiga bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi tomonidan yozma shaklda, ushbu qarzdor-subyektning iqtisodiy nochorligini tasdiqlovchi zarur hujjatlar ilova etilgan holda beriladi.
36-modda. Soliq organining va boshqa vakolatli organlarning arizasi
Soliq organi va boshqa vakolatli organlar qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisida xoʻjalik sudiga beradigan ariza kreditorning arizasi uchun nazarda tutilgan talablarga javob berishi kerak.
Soliq organi va boshqa vakolatli organlarning qarzdor-yuridik shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizasiga qonun hujjatlariga muvofiq majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzni olishga doir chora-tadbirlar koʻrilganligi dalillari ilova qilinishi kerak.
37-modda. Prokurorning arizasi
Prokuror qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan xoʻjalik sudiga quyidagi hollarda murojaat etishga haqlidir:
u bankrotlik yashirilgan holatlarni aniqlaganda;
majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorning qarzi boʻlganda yoki aylanma mablagʻlari qaytarilmay boshqa maqsadlarga ishlatilganda;
Oʻzbekiston Respublikasi oldidagi pul majburiyatlari boʻyicha kreditor manfaatlarini koʻzlab;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oʻzga hollarda.
Prokurorning arizasi xoʻjalik sudiga, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Qonunda kreditorning arizasiga nisbatan nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda beriladi.
38-modda. Kreditorlarning talablarini taʼminlashga doir chora-tadbirlar
Xoʻjalik sudi bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxsning arizasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksiga muvofiq kreditorlarning talablarini qondirish chora-tadbirlarini koʻrishga haqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksida nazarda tutilgan chora-tadbirlardan tashqari xoʻjalik sudi tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs roziligisiz bitimlarni amalga oshirishni taqiqlab qoʻyishi, qarzdorga qimmatli qogʻozlarni, valyuta qimmatliklarini va boshqa mol-mulkni uchinchi shaxslarga saqlash uchun topshirishni yuklashi hamda qarzdorning mol-mulki saqlanishini taʼminlashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni koʻrishi mumkin.
Kreditorlarning talablarini taʼminlashga doir chora-tadbirlar tegishincha tashqi boshqaruv joriy etilgunga va tashqi boshqaruvchi tayinlangunga qadar yoki xoʻjalik sudi tomonidan qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisida, tugatishga doir ish yuritishni boshlash va ishonchli shaxs tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingunga qadar yoki xoʻjalik sudi tomonidan kelishuv bitimi tasdiqlangunga qadar yoxud xoʻjalik sudi tomonidan qarzdorni bankrot deb topishni rad etish haqida qaror qabul qilingunga qadar amal qiladi.
Xoʻjalik sudi ushbu modda uchinchi qismida nazarda tutilgan holatlar yuzaga kelgunga qadar kreditorlarning talablarini taʼminlashga doir chora-tadbirlarni bekor qilishga haqlidir.
39-modda. Qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza yuzasidan qarzdor tomonidan bildirilgan yozma fikr
Kreditor, prokuror, soliq organi yoki boshqa vakolatli organning arizasi qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi ajrimni olgan kundan eʼtiboran qarzdor besh kunlik muddat ichida xoʻjalik sudiga, arizachiga, ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga ariza yuzasidan yozma fikrini yoʻllashi, shuningdek arizada koʻrsatilmagan barcha kreditorlarni oʻziga nisbatan uni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ish yuritish qoʻzgʻatilganligidan xabardor qilishi shart. Qarzdorning xoʻjalik sudiga yuborilayotgan yozma fikriga ariza yuzasidan bildirilayotgan yozma fikrning nusxasi, koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar arizachiga hamda ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksida nazarda tutilgan maʼlumotlardan tashqari quyidagilar ham qarzdorning yozma fikrida koʻrsatiladi:
arizachining talabiga qarshi qarzdordagi mavjud eʼtirozlar;
pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlar oldidagi, qarzdorning xodimlari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha, majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzning umumiy summasi;
qarzdordagi bor mol-mulk, shu jumladan uning bank hisobvaragʻida turgan pul mablagʻlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, bankdagi hisobvaraqlarining tartib raqamlari va bankning pochta manzili;
arizachining qarzdor tan olgan talablarini qondirish dalillari.
Qarzdorning yozma fikri yoʻqligi bankrotlik toʻgʻrisidagi ish koʻrilishiga monelik qilmaydi.
40-modda. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni sudda koʻrishga tayyorlash
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni sudda koʻrishga tayyorlash sudya tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni sudda koʻrishga tayyorlash paytida, shuningdek bankrotlik toʻgʻrisidagi ish koʻrilayotganda xoʻjalik sudi qarzdorning moliyaviy ahvolini aniqlash uchun ekspertiza tayinlashga haqli.
(40-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
401-modda. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish muddati
Xoʻjalik sudining majlisida bankrotlik toʻgʻrisidagi ish ariza koʻrib chiqishga qabul qilinganligi haqida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oydan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqilishi lozim.
(401-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga muvofiq kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
41-modda. Qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi yoki kreditorlarning talablarini rad etish toʻgʻrisidagi qaror
Xoʻjalik sudining qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qarori ushbu Qonunning 3-moddasida nazarda tutilgan bankrotlik alomatlari aniqlangan hollarda qabul qilinadi. Qarzdor-yuridik shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi xoʻjalik sudining qarorida qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqidagi koʻrsatma aks ettirilishi lozim.
Xoʻjalik sudining qarzdor-jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi qarorida qarzdorning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtganligi oʻz kuchini yoʻqotganligi koʻrsatiladi.
Xoʻjalik sudining qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qarori, agar xoʻjalik sudi tomonidan boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, darhol ijro etilishi kerak.
Kreditorlarning qarzdorga nisbatan taqdim etgan talablari rad etilgan taqdirda xoʻjalik sudi maʼnaviy ziyon va moddiy zarar kompensatsiyasi miqdorini belgilashga hamda uni qarzdorning foydasiga undirib olishga haqli.
42-modda. Qarzdor bankrot deb topilganligi toʻgʻrisidagi xabarning xoʻjalik sudi tomonidan eʼlon qilinishi
Qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi xabar qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilgan xoʻjalik sudi tomonidan oʻn kunlik muddat ichida matbuotda eʼlon qilinadi.
(42-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Eʼlonda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
bankrot deb topilgan qarzdorning nomi va boshqa rekvizitlari;
qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisidagi ishni yuritayotgan xoʻjalik sudining nomi;
xoʻjalik sudining qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan sana;
kreditorlarning talablari bildirilishi uchun belgilangan muddat, bu muddat eʼlon berilgan sanadan eʼtiboran ikki oydan kam boʻlmasligi kerak;
ishonchli shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Xoʻjalik sudining qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi qarori bekor qilinganligi haqidagi xabar ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibda eʼlon qilinadi.
43-modda. Xoʻjalik sudining qarzdorni bankrot deb topishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori
Xoʻjalik sudining qarzdorni bankrot deb topishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori quyidagi hollarda qabul qilinadi:
bankrotlik alomatlari aniqlanmaganda;
xoʻjalik sudi bankrotlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror qabul qilgunga qadar kreditorlarning arz qilgan talablari qanoatlantirilganda;
soxta bankrotlik aniqlanganda;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Qarzdorda yetarli miqdorda likvid mol-mulk borligidan shohidlik beruvchi dalillar boʻlgan taqdirda xoʻjalik sudi qarzdorning iltimosnomasiga binoan bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrishni keyinga qoldirishga, qarzdorga kreditorlarning talablarini sud tomonidan belgilangan muddatda qondirishni taklif etishga haqli, bu muddat oʻttiz kundan oshmasligi kerak.
44-modda. Qarzdorni bankrot deb topishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish oqibatlari
Xoʻjalik sudi tomonidan qarzdorni bankrot deb topishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizaning qabul qilinishi oqibati boʻlgan harakatlarning tugatilishi uchun asos boʻladi.
45-modda. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni tugatish asoslari
Qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklangan yoki kelishuv bitimi tuzilgan hollarda xoʻjalik sudi bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni tugatadi.
46-modda. Mol-mulkida davlat mulkining ulushi boʻlgan qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisidagi ish yuritishning xususiyatlari
Qarzdorning mol-mulkida davlat mulkining ulushi boʻlgan taqdirda xoʻjalik sudi ish yuritish qoʻzgʻatilganligi haqida bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organini belgilangan muddatda xabardor qiladi.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi xabarni olgan kundan eʼtiboran ikki haftalik muddat ichida xoʻjalik sudiga sanatsiyani oʻtkazish maqsadga muvofiq ekanligi yoki muvofiq emasligi xususidagi oʻz qarorini maʼlum qiladi.
Kreditorlar sanatsiya qilishga rozi boʻlgan taqdirda bankrotlik toʻgʻrisidagi ish tugatiladi.
Kreditorlar sanatsiya qilishga rozi boʻlmagan taqdirda ishni koʻrish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(46-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.08.00 Tashqi boshqaruv]
V BOB. TAShQI BOShQARUV
47-modda. Tashqi boshqaruvni joriy etish tartibi
Tashqi boshqaruv xoʻjalik sudi tomonidan kreditorlar yigʻilishining qarori, qarzdorning mol-mulki egasi yoki bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining arizasi asosida joriy etiladi, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Xoʻjalik sudining tashqi boshqaruvni joriy etish toʻgʻrisidagi ajrimi darhol ijro etilishi kerak hamda uning ustidan qonun hujjatlarida belgilangan muddatda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Tashqi boshqaruv, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, oʻn ikki oydan yigirma toʻrt oygacha muddatga joriy etiladi.
Kreditorlar yigʻilishining iltimosnomasiga, bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining qaroriga yoki tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan tashqi boshqaruv uchun belgilangan muddat xoʻjalik sudi tomonidan ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddatlar doirasida qisqartirilishi yoki uzaytirilishi mumkin.
48-modda. Tashqi boshqaruvni joriy etish oqibatlari
Tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdan eʼtiboran:
qarzdorning rahbari oʻz vazifalarini bajarishdan chetlashtiriladi, qarzdorning ishlarini boshqarish tashqi boshqaruvchi zimmasiga yuklanadi;
qarzdorning boshqaruv organlari vakolatlari bekor qilinadi. Qarzdorning rahbari va qarzdorning boshqa boshqaruv organlari vakolatlari tashqi boshqaruvchiga oʻtadi, ushbu Qonunga muvofiq boshqa shaxslarga (organlarga) oʻtadigan vakolatlar bundan mustasno. Qarzdorning boshqaruv organlari tashqi boshqaruvchi tayinlangan paytdan eʼtiboran uch kunlik muddat ichida yuridik shaxsning buxgalteriya hujjatlari va boshqa hujjatlari, muhr va shtamplari, moddiy va boshqa qimmatli ashyolari tashqi boshqaruvchiga topshirilishini taʼminlashi shart;
kreditorlarning talablarini taʼminlash yuzasidan ilgari koʻrilgan chora-tadbirlar bekor qilinadi;
qarzdorning mol-mulkini xatlash va oʻziga tegishli mol-mulkni tasarruf etish yuzasidan qarzdorga nisbatan barcha cheklashlar faqat bankrotlik jarayoni doirasida qoʻllanilishi mumkin;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, pul majburiyatlari va qarzdorning majburiy toʻlovlari boʻyicha kreditorlar talablari qondirilishiga nisbatan moratoriy joriy etiladi.
Tashqi boshqaruv tugaganidan keyin qarzdor pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlar boʻyicha kreditorlarga toʻlashi shart boʻlgan neustoykalar (jarimalar, penyalar), shuningdek yetkazilgan zarar summalarini tashqi boshqaruvni joriy etish paytidagi miqdorlarda toʻlash talab qilinishi mumkin.
49-modda. Kreditorlarning talablarini qondirishga nisbatan moratoriy joriy etish
Kreditorlarning talablarini qondirishga nisbatan moratoriy tashqi boshqaruv joriy etilgunga qadar bajarilish muddati kelgan pul majburiyatlariga va majburiy toʻlovlarga tatbiq etiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlar yuzasidan moratoriyning amal qilish muddati mobaynida:
undiruv soʻzsiz (akseptsiz) tarzda sodir etiladigan ijro hujjatlari va boshqa hujjatlar boʻyicha undiruvni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi;
pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlar bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun, shuningdek toʻlanishi lozim boʻlgan foizlar uchun neustoykalar (jarimalar, penyalar) va boshqa moliyaviy (iqtisodiy) sanksiyalar qoʻllanilmaydi.
Tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdagi pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlar boʻyicha kreditorlar talablarining summasiga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va miqdorda foizlar hisoblab qoʻshiladi.
Tashqi boshqaruvchi shartnomani bajarishdan ushbu Qonunning 56-moddasiga muvofiq bosh tortganligi natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi kreditorlarning talablariga ham moratoriy tatbiq etiladi.
Ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar bajarilish muddati tashqi boshqaruv joriy etilganidan keyin kelgan pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Moratoriyning amal qilishi fuqarolarning mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan, alimentlar undirish hamda mualliflik shartnomalari asosida haq toʻlash boʻyicha talablariga, shuningdek hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qarzdor javobgar boʻlgan fuqarolarning talablariga tatbiq etilmaydi.
50-modda. Tashqi boshqaruvchi nomzodini taqdim etish tartibi
Tashqi boshqaruvchining nomzodi tashqi boshqaruvni joriy etish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan kreditorlar yigʻilishi tomonidan maʼqullanadi.
Tashqi boshqaruvchining nomzodi kreditorlar yigʻilishiga kreditorlarning har biri tomonidan, soliq organi yoki boshqa vakolatli organ, qarzdor yoki qarzdorning mol-mulki egasi tomonidan taklif etilishi mumkin.
Kreditorlar yigʻilishi tomonidan qaror qabul qilishning ushbu Qonunning 9-moddasida nazarda tutilgan tartibiga muvofiq kreditorlar ovozini eng koʻp olgan shaxsning nomzodi xoʻjalik sudiga taklif etiladi.
Tashqi boshqaruv xoʻjalik sudi tomonidan kreditorlar yigʻilishining qarori boʻlmagan holda joriy etilayotgan boʻlsa, xoʻjalik sudi tashqi boshqaruvni joriy etish toʻgʻrisida ajrim chiqargan paytdan eʼtiboran bir haftalik muddat ichida kreditorlar yigʻilishi tashqi boshqaruvchi nomzodini koʻrib chiqish, maʼqullash va uni xoʻjalik sudiga taqdim etishga haqlidir.
Tashqi boshqaruvchining nomzodi taqdim etilmagan taqdirda, xoʻjalik sudi tashqi boshqaruvchini bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi tomonidan taklif etilgan nomzodlar orasidan tayinlaydi.
51-modda. Tashqi boshqaruvchini tayinlash
Tashqi boshqaruvchi xoʻjalik sudi tomonidan tashqi boshqaruvni joriy etish bilan bir paytda tayinlanadi.
Tashqi boshqaruvchini tashqi boshqaruvni joriy etish bilan bir paytda tayinlashning imkoni boʻlmasa, xoʻjalik sudi tashqi boshqaruvchini tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdan eʼtiboran oʻn kunlik muddat ichida tayinlaydi.
Tashqi boshqaruvchini tayinlash toʻgʻrisida xoʻjalik sudi ajrim chiqaradi.
Tashqi boshqaruvchini tayinlash toʻgʻrisidagi ajrim darhol ijro etilishi kerak va uning ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
52-modda. Tashqi boshqaruvchini vakolatlaridan ozod etish
Tashqi boshqaruvchini vakolatlaridan xoʻjalik sudi quyidagi hollarda ozod etishi mumkin:
zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditorlar yigʻilishining qarori asosida. Bunday holda kreditorlar yigʻilishining qarorida yangi tashqi boshqaruvchi nomzodi toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlishi kerak;
bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining qarori asosida;
uning oʻz arizasiga binoan;
uning tashqi boshqaruvchi etib tayinlanishiga monelik qiladigan holatlar aniqlangan taqdirda;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Tashqi boshqaruvchini vakolatlaridan ozod etish toʻgʻrisidagi ajrim darhol ijro etilishi kerak va uning ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
53-modda. Tashqi boshqaruvchining huquq va majburiyatlari
Tashqi boshqaruvchi rahbar vakolatlarini amalga oshiradi.
Tashqi boshqaruvchi quyidagilarga haqli:
kreditorlar yigʻilishini hamda kreditorlar qoʻmitasini chaqirish;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan cheklashlarni hisobga olgan holda qarzdorning mol-mulkini tasarruf etish;
qarzdor nomidan kelishuv bitimi tuzish;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan miqdorda va tartibda haq olish;
agar ushbu Qonunda yoki kreditorlar bilan kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, oʻz vazifalarini amalga oshirishni taʼminlash uchun boshqa shaxslarni ularning faoliyatiga qarzdor mablagʻlaridan haq toʻlagan holda shartnoma asosida ishga jalb etish;
oʻz majburiyatlarini bajarishni muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisida xoʻjalik sudiga ariza taqdim etish;
ushbu Qonunning 56-moddasida belgilangan tartibda qarzdorning shartnomalarini bajarishdan bosh tortganligini bildirish.
Oʻz vakolatlarini amalga oshirish chogʻida tashqi boshqaruvchi qarzdorni bankrotlikka olib borganligi munosabati bilan uning pul majburiyatlari boʻyicha qonun hujjatlariga muvofiq subsidiar javobgar boʻlgan uchinchi shaxslarga nisbatan talablar qoʻyishga haqlidir.
Tashqi boshqaruvchi:
qarzdorning mol-mulkini oʻz tasarrufiga qabul qilishi va uni inventarizatsiya qilishi;
qarzdorning uchinchi shaxslarda turgan mol-mulkini qidirishga, aniqlashga va qaytarib olishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrishi;
tashqi boshqaruvni yuritish hamda kreditorlar bilan hisob-kitob qilish uchun maxsus hisobvaraq ochishi;
tashqi boshqaruv rejasini ishlab chiqishi va uni tasdiq uchun kreditorlar yigʻilishiga (qoʻmitasiga) taqdim etishi;
buxgalterlik, statistika hisobini va hisobotini yuritishi;
qarzdorga kreditorlar qoʻygan talablar yuzasidan belgilangan tartibda eʼtirozlar bildirishi;
qarzdorning qarzini undirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishi;
kreditorlar talablarining reyestrini yuritishi;
tashqi boshqaruv rejasini amalga oshirish yakunlari boʻyicha kreditorlar yigʻilishiga hisobot taqdim etishi;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirishi shart.
Oʻz huquq va majburiyatlarini amalga oshirish chogʻida tashqi boshqaruvchi qarzdor hamda uning kreditorlari manfaatlarini hisobga olgan holda harakat qilishi shart.
54-modda. Kreditorlarning talablari
Kreditorlar qarzdorga nisbatan oʻz talablarini tashqi boshqaruv amal qilayotgan muddatning istalgan vaqtida taqdim etishga haqlidir. Mazkur talablar tashqi boshqaruvchiga qarzdorning pochta manzili boʻyicha yuboriladi. Kreditorlarning ushbu modda toʻrtinchi qismiga muvofiq belgilangan deb eʼtirof etiladigan talablari bu talablarni belgilangan deb bilish imkonini beruvchi hujjatlar ilova etilgan holda tashqi boshqaruvchiga yuboriladi.
Tashqi boshqaruvchi kreditorlarning taqdim etilgan talablarini koʻrib chiqadi va ularni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha tegishli talab olinganidan keyin uzogʻi bilan ikki hafta ichida kreditorlar talablarining reyestriga tegishli yozuv kiritadi. Koʻrib chiqish natijalarini tashqi boshqaruvchi tegishli kreditorga kreditor talabi olingan paytdan eʼtiboran uzogʻi bilan bir oylik muddat ichida maʼlum qiladi.
Tashqi boshqaruvchining kreditorlar talablarini koʻrib chiqishi natijalari yuzasidan eʼtirozlar bu eʼtirozlar olingan paytdan eʼtiboran bir oylik muddat ichida kreditor tomonidan bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrayotgan xoʻjalik sudiga bildirilishi mumkin.
Kreditorlarning ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan muddatda eʼtirozlar bildirilmagan talablari qondirilish miqdori, tarkibi va navbati tashqi boshqaruvchi tomonidan aniqlanadigan belgilangan talablar deb hisoblanadi.
55-modda. Qarzdorning mol-mulkini tasarruf etish
Qarzdorning mol-mulki egasi yoki taʼsis hujjatlarida vakolat berilgan organlar qarzdorning mol-mulkini tasarruf etish boʻyicha qaror qabul qilishga yoki tashqi boshqaruvchining vakolatlarini boshqacha tarzda cheklashga haqli emas, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Agar ushbu Qonunda yoki tashqi boshqaruv rejasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, yirik bitimlar va manfaatdorlik nazarda tutilgan bitimlar tashqi boshqaruvchi tomonidan faqat kreditorlar yigʻilishining (qoʻmitasining) roziligi bilan amalga oshiriladi.
Yirik bitimlar jumlasiga balans qiymati qarzdorning koʻchmas mol-mulkini yoki bitim tuzish paytidagi aktivlari balans qiymatining 10 foizidan koʻprogʻini tashkil etuvchi boshqa mol-mulkini tasarruf etishga olib keluvchi bitimlar kiradi.
Tashqi boshqaruvchiga yoki kreditorga nisbatan manfaatdor shaxslar taraf boʻlgan bitimlar manfaatdorlik nazarda tutilgan bitimlar deb eʼtirof etiladi.
56-modda. Qarzdorning shartnomalarini bajarishdan bosh tortish
Tashqi boshqaruvchi tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdan eʼtiboran uch oylik muddat ichida qarzdorning tashqi boshqaruv joriy etilgunga qadar tuzilgan shartnomalarini bajarishdan bosh tortishga haqlidir.
Qarzdorning shartnomalarni bajarishdan bosh tortish faqat barcha taraflar tomonidan toʻliq yoki qisman bajarilmagan shartnomalarga nisbatan, quyidagi holatlardan biri mavjud boʻlgan taqdirda bildirilishi mumkin:
qarzdorning shartnomasini bajarish oʻxshash holatlarda tuziladigan ayni shunday shartnomalarga solishtirganda qarzdor uchun zarar keltiradigan boʻlsa;
shartnoma uzoq muddatli (bir yildan ortiq muddatga tuzilgan) yoki faqat uzoq istiqbolda qarzdor uchun ijobiy natijalar olishga moʻljallangan boʻlsa;
qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklashga monelik qiluvchi boshqa holatlar mavjud boʻlsa.
Qarzdorning kontragenti qarzdordan shartnomalarni bajarishdan bosh tortganlik oqibatida kelib chiqqan real zararning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqlidir.
57-modda. Qarzdor tuzgan bitimlarning haqiqiy emasligi
Qarzdor tuzgan bitim, shu jumladan qarzdor tomonidan tashqi boshqaruv joriy etilgunga qadar tuzilgan bitim qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan xoʻjalik sudi tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Qarzdor bilan manfaatdor shaxs oʻrtasida tuzilgan bitim, agar mazkur bitimning bajarilishi natijasida kreditorlarga zarar yetkazilgan yoki yetkaziladigan boʻlsa, tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan xoʻjalik sudi tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza qabul qilinganidan keyin qarzdor bilan muayyan kreditor yoki oʻzga shaxs oʻrtasida tuzilgan bitim, agar mazkur bitim qarzdorning pul majburiyatlari boʻyicha ayrim kreditorlarning talablarini boshqalarinikiga nisbatan afzalroq qondirilishiga olib kelsa, tashqi boshqaruvchining yoki kreditorning arizasiga binoan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritish qoʻzgʻatilgandan keyin yoki qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisida ariza berishdan oldin, qarzdorning ishtirokchisi qarzdorning ishtirokchilari tarkibidan chiqqanligi munosabati bilan unga mol-mulkdagi ulushini toʻlash (ajratib berish) bilan bogʻliq boʻlgan olti oylik muddat ichida qarzdor-yuridik shaxs tomonidan tuzilgan bitim tashqi boshqaruvchining yoki kreditorning arizasiga binoan haqiqiy emas deb topilishi mumkin, shunday bitim boʻyicha olingan barcha narsalar qarzdorga qaytariladi. Bunday holda ushbu Qonunning 83-moddasiga muvofiq ishtirokchi oltinchi navbatdagi kreditor deb eʼtirof etiladi.
58-modda. Qarzdorning tashqi boshqaruv chogʻida yuzaga kelgan pul majburiyatlari
Qarzdorning tashqi boshqaruv joriy etilganidan keyin yuzaga kelgan pul majburiyatlari miqdori kreditorlar talablarining reyestriga muvofiq kreditorlar talablari summasining 20 foizidan ortiqroqni tashkil etgan hollarda qarzdorning yangi pul majburiyatlarini keltirib chiqaruvchi bitimlar, tashqi boshqaruv rejasida nazarda tutilgan bitimlarni istisno etganda, tashqi boshqaruvchi tomonidan faqat qarzdorning mol-mulki egasi va kreditorlar yigʻilishining (qoʻmitasining) roziligi boʻlganda tuzilishi mumkin.
59-modda. Qarzdorning xarajatlarini tartibga solish
Qarzdorning isteʼmolga, shu jumladan qarzdor xodimlarining mehnatiga haq toʻlashga sarflanadigan xarajatlarining koʻpayishiga olib keluvchi qarorlar tashqi boshqaruvchi tomonidan kreditorlar yigʻilishining (qoʻmitasining) roziligi bilangina qabul qilinishi mumkin, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
60-modda. Tashqi boshqaruv rejasi
Tashqi boshqaruvchi bu ishga tayinlanganidan keyin bir oylik muddat ichida tashqi boshqaruv rejasini ishlab chiqib, tasdiq uchun qarzdorning mol-mulki egasiga va kreditorlar yigʻilishiga (qoʻmitasiga) taqdim etishi kerak.
Tashqi boshqaruv rejasida qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash chora-tadbirlari nazarda tutilishi kerak.
Qarzdorning toʻlov qobiliyati ushbu Qonunning 3-moddasida belgilangan bankrotlik alomatlari boʻlmagan taqdirda tiklangan deb eʼtirof etiladi. Tashqi boshqaruv rejasida qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash muddati nazarda tutilishi kerak.
Tashqi boshqaruvchi kreditorlar yigʻilishining (qoʻmitasining) talabiga binoan tashqi boshqaruvning borishi haqida kreditorlar oldida hisobot beradi.
61-modda. Tashqi boshqaruv rejasini koʻrib chiqish
Tashqi boshqaruv rejasi kreditorlarning yigʻilishi (qoʻmitasi) tomonidan koʻrib chiqiladi, yigʻilish tashqi boshqaruvchi tomonidan tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdan eʼtiboran ikki oydan kechiktirmay chaqiriladi. Tashqi boshqaruvchi barcha kreditorlarga kreditorlar yigʻilishi oʻtkaziladigan sana va joyni yozma ravishda xabar qiladi hamda mazkur yigʻilish oʻtkaziladigan kundan kamida bir hafta oldin ularga tashqi boshqaruv rejasi bilan tanishib chiqish imkoniyatini beradi.
Kreditorlar yigʻilishining ovoz berish huquqiga ega boʻlgan ishtirokchilari qarzni undirib olish huquqiga ega boʻlgan kreditorlardir.
Kreditorlar yigʻilishida tashqi boshqaruvchi hamda qarzdorning xodimlari vakili ovoz berish huquqisiz ishtirok etish huquqiga ega.
Tashqi boshqaruv rejasi yigʻilishda ishtirok etayotgan kreditorlarning yarmidan koʻproq ovozini olgan boʻlsa, tasdiqlangan deb hisoblanadi.
Kreditorlar yigʻilishi quyidagilardan birini qabul qilishga haqli:
tashqi boshqaruv rejasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror;
tashqi boshqaruv rejasini rad etish hamda qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan xoʻjalik sudiga murojaat etish haqidagi qaror;
tashqi boshqaruv rejasini rad etish hamda tashqi boshqaruvchini chetlashtirib, ayni bir paytning oʻzida yangi tashqi boshqaruvchining nomzodini tasdiqlash hamda tegishli iltimosnoma bilan xoʻjalik sudiga murojaat etish toʻgʻrisidagi qaror. Ushbu qaror tashqi boshqaruvning yangi rejasini koʻrib chiqish uchun kreditorlarning navbatdagi yigʻilishi chaqiriladigan muddatni nazarda tutgan boʻlishi va bu muddat Kreditorlar yigʻilishi ushbu qarorni chiqargan kundan eʼtiboran bir oydan oshib ketmasligi kerak.
Kreditorlar yigʻilishi (qoʻmitasi) tomonidan tasdiqlangan tashqi boshqaruv rejasi va kreditorlar yigʻilishining (qoʻmitasining) bayonnomasi kreditorlar yigʻilishi (qoʻmitasi) oʻtkazilgan kundan soʻng besh kundan kechiktirmay tashqi boshqaruvchi tomonidan xoʻjalik sudiga taqdim etiladi.
62-modda. Tashqi boshqaruv muddatini uzaytirish
Kreditorlarning yigʻilishi tashqi boshqaruv rejasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilgan boʻlsa va unda nazarda tutilgan tashqi boshqaruv muddati belgilangan dastlabki muddatdan ortiq boʻlsa, agar tashqi boshqaruv muddatini uzaytirish yoki tashqi boshqaruvning tasdiqlangan rejasini amalga oshirish qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanishiga olib keladi dyeyish uchun yetarli asoslar boʻlsa, xoʻjalik sudi tashqi boshqaruv muddatini uzaytiradi. Bunday holda umumiy muddat yigirma toʻrt oydan oshib ketmasligi lozim.
63-modda. Qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash chora-tadbirlari
Qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash uchun quyidagi chora-tadbirlar koʻrilishi mumkin:
ishlab chiqarishni qayta ixtisoslashtirish;
norentabel ishlab chiqarishlarni yopish;
debitorlik qarzlarini undirish;
qarzdor mol-mulkining bir qismini sotish;
qarzdorning talabidan oʻzganing foydasiga voz kechish;
qarzdor majburiyatlarining uchinchi shaxslar tomonidan bajarilishi;
qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklashning boshqa usullari.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan chora-tadbirlardan tashqari bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining taqdimnomasiga binoan xoʻjalik sudi mol-mulkida davlat mulkining ulushi boʻlgan qarzdorning faoliyat koʻrsatmayotgan obyektlarini konservatsiya qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarishi mumkin.
64-modda. Qarzdorning korxonasini (biznesini) mulkiy majmua sifatida sotish
Kreditorlarning talablarini qondirish maqsadida tashqi boshqaruv rejasida qarzdorning korxonasini (biznesini) sotish nazarda tutilishi mumkin.
Qarzdorning korxonasi (biznesi) sotilayotganida qarzdorning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga moʻljallangan barcha turdagi mol-mulki, shu jumladan yer uchastkalari, imoratlari, binolari, uskunalari, inventari, xomashyosi, mahsuloti, talab qilish huquqi, shuningdek qarzdorning, uning tovarlari, ishi va xizmatining oʻziga xosligini koʻrsatuvchi vositalari (firma nomi, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari), qarzdorga tegishli boʻlgan boshqa mutlaq huquqlari uning tasarrufidan chiqariladi, oʻzga shaxslarga oʻtkazilishi mumkin boʻlmagan huquq va majburiyatlar bundan mustasno.
Tashqi boshqaruvchi korxonani kreditorlar yigʻilishining roziligi bilan, xaridor oʻziga xizmat koʻrsatuvchi bankning tegishli kafolatini taqdim etgan taqdirda, bir yildan ortiq boʻlmagan muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan realizatsiya qilishga haqli
(64-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga muvofiq uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Ushbu moddaga muvofiq qarzdorning korxonasi (biznesi) sotilayotganida qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza xoʻjalik sudi tomonidan qabul qilingan sanagacha boʻlgan qarzdorning pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlari korxona (biznes) tarkibiga kiritilmaydi.
Korxona (biznes) sotilayotganda korxona (biznes) sotilayotgan paytda amal qilib turgan barcha mehnat shartnomalari oʻz kuchini saqlab qoladi; ish beruvchining huquq va majburiyatlari korxonani (biznesni) sotib oluvchi ixtiyoriga oʻtadi.
Korxonani (biznesni) sotishdan kelgan tushum summasi qarzdor mol-mulkining tarkibiga kiritiladi.
Korxonani (biznesni) sotish, agar tashqi boshqaruv rejasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, ochiq kimoshdi savdosi oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Tashqi boshqaruvchi kimoshdi savdosini tashkil etuvchi sifatida ish koʻradi yoki ushbu maqsad uchun ixtisoslashtirilgan tashkilotni jalb etib, uning xizmatiga qarzdorning mol-mulki hisobidan haq toʻlaydi.
Tashqi boshqaruvchi korxona (biznes) ochiq kimoshdi savdosida sotilishi toʻgʻrisidagi eʼlonni rasmiy nashrlarda, kimoshdi savdosi oʻtkaziladigan sanadan kamida oʻttiz kun oldin eʼlon qilishi shart. Eʼlonda savdo obyekti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda savdo obyekti bilan tanishish tartibi, korxonani (biznesni) sotib olish uchun ariza berishning eʼlon chiqqan kundan eʼtiboran ikki haftadan kam va bir oydan ortiq boʻlishi haqiqiy hisoblanmaydigan muddat chegarasi va qonun hujjatlarida belgilangan boshqa maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Agar eʼlonda koʻrsatilgan muddat davomida bir qatnashchidan ariza tushgan boʻlsa, korxonani (biznesni) sotish boʻyicha kimoshdi savdosi oʻtkazilmaydi. Kreditorlar yigʻilishining (qoʻmitasining) roziligi boʻlgan taqdirda korxona (biznes) kimoshdi savdosi oʻtkazilmagan holda sotilishi mumkin.
Kimoshdi savdosi auksion shaklida oʻtkaziladi, ushbu Qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.
Kimoshdi savdosi tanlov asosida oʻtkazilgan taqdirda esa, tanlov shartlari kreditorlar yigʻilishi (qoʻmitasi) tomonidan maʼqullanishi lozim.
Auksion gʻolibi boʻlgan shaxs hamda kimoshdi savdosi tashkilotchisi auksion oʻtkazilgan kuni bayonnomani imzolaydilar, bu bayonnoma shartnoma kuchiga ega boʻladi.
Agar kimoshdi savdosi tanlov shaklida oʻtkazilgan boʻlsa, tanlov gʻolibi va kimoshdi savdosi tashkilotchisi tanlov oʻtkazilgan kuni imzolagan bayonnoma asosida, ushbu sanadan eʼtiboran yigirma kundan kechiktirmay shartnoma imzolanadi.
Kimoshdi savdosida gʻolib chiqqan shaxs va kimoshdi savdosi tashkilotchisi auksion yoki tanlov oʻtkazilgan kuni kimoshdi savdosi natijalari toʻgʻrisida shartnoma kuchiga ega boʻlgan bayonnomani imzolaydilar. Kimoshdi savdosida gʻolib chiqqan shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda toʻlagan zakalatidan mahrum boʻladi.
Kimoshdi savdosida gʻolib chiqqan shaxsning bayonnomani yoki shartnomani imzolashdan bosh tortganligi munosabati bilan mazkur shaxs mahrum boʻlgan zakalat summasi kimoshdi savdosi tashkilotchisining ushbu tadbirni oʻtkazishga ketgan chiqimlari chegirib tashlangan holda qarzdor mol-mulkining tarkibiga kiritiladi.
Korxonani (biznesni) sotishdan kelgan tushum summasi hisobidan kreditorlarning talablarini qarzdor toʻla hajmda qondirish imkoniyatiga ega boʻlgan hollarda tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan xoʻjalik sudi tomonidan bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritish tugatilishi lozim.
Agar korxonani (biznesni) sotishdan kelgan tushum summasi kreditorlar talablarini toʻla hajmda qondirishga yetarli boʻlmasa, tashqi boshqaruvchi kreditorlarga kelishuv bitimi tuzishni taklif etadi.
Korxonani (biznesni) mulkiy majmua sifatida sotishdan kelgan tushum summasi tugatish massasini tashkil etadi hamda ushbu Qonunda nazarda tutilgan navbat tartibida taqsimlanishi kerak.
65-modda. Qarzdor mol-mulkining bir qismini sotish
Qarzdorning mol-mulki inventarizatsiya qilinganidan va baholanganidan keyin tashqi boshqaruvchi, agar tashqi boshqaruv rejasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, mol-mulkni ochiq kimoshdi savdosida sotishga kirishishga haqli.
Kimoshdi savdosi auksion shaklida oʻtkaziladi, ushbu moddaning uchinchi va oʻninchi qismlarida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno.
(65-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Muomala qobiliyati cheklangan mol-mulk faqat yopiq kimoshdi savdosida sotilishi mumkin. Yopiq kimoshdi savdosida qonun hujjatlariga muvofiq mulk huquqida yoki boshqa ashyoviy huquqlarda mazkur mol-mulkka ega boʻla oladigan shaxslar ishtirok etadilar.
Tashqi boshqaruvchi kimoshdi savdosi tashkilotchisi sifatida ish koʻrishi yoki kimoshdi savdosini oʻtkazishni ixtisoslashtirilgan tashkilotga shartnoma asosida topshirishi mumkin. Kimoshdi savdosini oʻtkazayotgan ixtisoslashtirilgan tashkilot qarzdorga va tashqi boshqaruvchiga nisbatan manfaatdor shaxs boʻlishi mumkin emas.
Kimoshdi savdosiga qoʻyilgan mol-mulkning boshlangʻich bahosi tashqi boshqaruvchi tomonidan belgilanadi va u balans (qoldiq) qiymatidan kam boʻlishi mumkin emas.
Kimoshdi savdosi gʻolibi sotish narxini tanlov yakunlari boʻyicha tuzilgan bayonnoma yoki oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan muddatda, lekin kimoshdi savdosi oʻtkazilgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay toʻlashi shart.
Qarzdorning birinchi kimoshdi savdosida sotilmay qolgan mol-mulki takroriy kimoshdi savdosiga qoʻyiladi.
Qarzdorning takroriy kimoshdi savdosida sotilmay qolgan mol-mulki kimoshdi savdosi oʻtkazmay tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida tashqi boshqaruvchi tomonidan realizatsiya qilinishi mumkin.
Tashqi boshqaruvchi mol-mulkning bir qismini kreditorlar yigʻilishining roziligi bilan, xaridor oʻziga xizmat koʻrsatuvchi bankning tegishli kafolatini taqdim etgan taqdirda, bir yildan ortiq boʻlmagan muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan realizatsiya qilishga haqli.
Tashqi boshqaruvchi arzonbaho va tez ishdan chiqadigan mol-mulkni, shuningdek xomashyo va tayyor mahsulot qoldiqlarini tashqi boshqaruv jarayonida kreditorlar yigʻilishining roziligi bilan, auksion savdosi oʻtkazmasdanoq oldi-sotdi shartnomalari asosida sotishga haqli.
(65-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga muvofiq toʻqqizinchi va oʻninchi qismlar bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda).
66-modda. Qarzdorning talabidan oʻzganing foydasiga voz kechish
Qarzdorning talabidan oʻzganing foidasiga voz kechish tashqi boshqaruvchi tomonidan kreditorlar yigʻilishining (qoʻmitasining) roziligi bilan talab qilish huquqlarini ochiq kimoshdi savdosida sotish orqali amalga oshirilishi mumkin.
67-modda. Qarzdor pul majburiyatlarining Qarzdorning mol-mulki egasi yoki uchinchi shaxs tomonidan bajarilishi
Qarzdorning mol-mulki egasi tashqi boshqaruv tugagunga qadar istalgan vaqtda kreditorlar talablarining reyestriga muvofiq barcha kreditorlarning talablarini bir yoʻla qondirishga haqlidir.
Qarzdorning pul majburiyatlari uchinchi shaxs (uchinchi shaxslar) tomonidan bajarilishiga, bunday bajarish kreditorlar talablarining reyestriga muvofiq barcha kreditorlarning talablarini bir yoʻla qoplangan taqdirda, yoʻl qoʻyiladi.
68-modda. Tashqi boshqaruv yakunlari boʻyicha tashqi boshqaruvchining hisoboti
Tashqi boshqaruvning belgilangan muddati tugashidan kamida oʻn besh kun oldin, shuningdek tashqi boshqaruvni muddatidan ilgari tugatish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda tashqi boshqaruvchi kreditorlar yigʻilishiga hisobot taqdim etishi shart.
Hisobotda quyidagilar boʻlishi kerak:
qarzdorning soʻnggi hisobot davri uchun balansi;
qarzdor foyda va zararlarining hisobi;
qarzdorning pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlari boʻyicha kreditorlarning talablarini qondirishga qaratilishi mumkin boʻlgan erkin pul mablagʻlari mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
qarzdorning qolgan debitorlik qarzi tafsiloti hamda qarzdorning amalga oshirilmay qolgan talab qilish huquqlari toʻgʻrisidagi maʼlumot;
qarzdorning qolgan kreditorlik qarzini toʻlash imkoniyati toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlar.
Tashqi boshqaruvchining hisobotiga kreditorlar talablarining reyestri ilova qilingan boʻlishi kerak.
Tashqi boshqaruvchi hisobotni taqdim etish bilan bir vaqtda kreditorlar yigʻilishiga quyidagi takliflardan birini kiritadi:
qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanganligi munosabati bilan tashqi boshqaruvni tugatish toʻgʻrisidagi taklif;
kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi taklif;
tashqi boshqaruv muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi taklif;
tashqi boshqaruvni tugatish hamda qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan xoʻjalik sudiga murojaat etish haqidagi taklif.
69-modda. Tashqi boshqaruvchining hisobotini koʻrib chiqish
Tashqi boshqaruvchining hisoboti tashqi boshqaruvning belgilangan muddati tugagandan soʻng oʻn kundan kechiktirmay yoki tashqi boshqaruvni muddatidan ilgari tugatish uchun asoslar yuzaga kelganidan keyin oʻn besh kundan kechiktirmay chaqiriladigan kreditorlar yigʻilishi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Tashqi boshqaruvchi tashqi boshqaruvning belgilangan muddati tugashiga kamida oʻn besh kun qolganda barcha kreditorlarga kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarni yuborishi shart.
Kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarda kreditorlar yigʻilishini oʻtkazish vaqti, joyi, shuningdek tashqi boshqaruvchining hisoboti bilan tanishish tartibi haqidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak.
Tashqi boshqaruvchining hisobotini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha kreditorlar yigʻilishi quyidagi qarorlardan birini qabul qilishga haqli:
qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanganligi va u kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga kirishganligi munosabati bilan tashqi boshqaruvni tugatish toʻgʻrisidagi qaror;
tashqi boshqaruvning belgilangan muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan xoʻjalik sudiga murojaat etish haqidagi qaror;
qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan xoʻjalik sudiga murojaat etish haqidagi qaror;
kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi qaror.
70-modda. Tashqi boshqaruvchi hisobotining xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlanishi
Tashqi boshqaruvchining kreditorlar yigʻilishi tomonidan koʻrib chiqilgan hisoboti va kreditorlar yigʻilishining bayonnomasi kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilgan sanadan keyin besh kundan kechiktirmay xoʻjalik sudiga yuboriladi.
Tashqi boshqaruvchining hisobotiga kreditorlar talablarining reyestri va kreditorlar yigʻilishi qabul qilgan qarorga qarshi ovoz bergan yoki ovoz berishda ishtirok etmagan kreditorlarning shikoyatlari ilova qilingan boʻlishi kerak.
Tashqi boshqaruvchining hisoboti hamda kreditorlarning shikoyatlari xoʻjalik sudi tomonidan majlisda koʻrib chiqiladi.
Majlis oʻtkaziladigan vaqt va joy toʻgʻrisida tashqi boshqaruvchi hamda shikoyat bergan kreditorlar xabardor qilinadilar.
Agar kreditorlar yigʻilishi qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanganligi va u kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga kirishganligi munosabati bilan tashqi boshqaruvni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan boʻlsa, tashqi boshqaruvchining hisoboti xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlanishi kerak, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Agar xoʻjalik sudi tomonidan kreditorlarning shikoyatlari asosliligi yoki qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanganligi alomatlari yoʻqligi aniqlansa, xoʻjalik sudi tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlashni rad etadi.
Tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlash yoki tasdiqlashni rad etish yoxud tashqi boshqaruv muddatini uzaytirish yoki kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Kreditorlar yigʻilishining qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida iltimosnomasi boʻlganda, shuningdek tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlashni xoʻjalik sudi rad etgan yoki bu hisobot tashqi boshqaruvning belgilangan muddati tugagandan soʻng bir oy muddat ichida taqdim etilmagan taqdirda xoʻjalik sudi qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
71-modda. Tashqi boshqaruvchi hisobotining xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlanishi oqibatlari
Tashqi boshqaruvchi hisobotining xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlanishi bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni tugatish uchun asos boʻladi.
Kreditorlar yigʻilishi tomonidan qabul qilingan iltimosnoma boʻlganda xoʻjalik sudi kreditorlar bilan hisob-kitob qilish tugallanadigan muddatni belgilashga haqlidir.
Xoʻjalik sudi tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlash toʻgʻrisida ajrim chiqaradi hamda kreditorlar bilan hisob-kitob qilish tugallanadigan muddatni belgilaydi, bu muddat ajrim chiqarilgan kundan boshlab olti oydan oshmasligi kerak. Bunday holda bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish kreditorlar bilan hisob-kitob qilib boʻlinganidan keyin tugatiladi.
Agar xoʻjalik sudi tomonidan belgilangan muddatda kreditorlar bilan hisob-kitob qilinmagan boʻlsa, xoʻjalik sudi qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
72-modda. Kreditorlar bilan hisob-kitob
Ushbu Qonun 70-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan hollarda kreditorlar bilan hisob-kitoblar tashqi boshqaruvchi tomonidan kreditorlar talablarining reyestriga muvofiq, xoʻjalik sudi tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlagan kundan boshlab amalga oshiriladi.
Kreditorlar bilan hisob-kitoblar ushbu Qonunning 83-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Qarzdorning pul majburiyatlarini bajargan paytdan boshlab tashqi boshqaruvchi kreditorlar talablarining reyestriga tegishli yozuvni kiritadi.
73-modda. Kreditorlar talablarining qondirilishi
Kreditorlarning qondirilgan talablari, shuningdek voz kechish haqi yoki majburiyatning yangilanishi yoxud pul majburiyatlari oʻzgacha tarzda tugatilganligi toʻgʻrisida kelishuvga erishilgan talablar, shuningdek ushbu Qonun boʻyicha qondirilgan deb eʼtirof etiladigan boshqa talablar qondirilgan deb hisoblanadi.
74-modda. Tashqi boshqaruvchining vakolatlarini tugatish tartibi
Tashqi boshqaruvning tugatilishi tashqi boshqaruvchining vakolatlari tugatilib, qarzdorning va qarzdor mol-mulki egasining boshqa boshqaruv organlari vakolatlari qayta tiklanishiga olib keladi.
Agar tashqi boshqaruv kelishuv bitimi qabul qilinishi yoki kreditorlarning talablari tugallanishi orqali tugallansa, tashqi boshqaruvchi yangi rahbar tayinlangunga (saylangunga) qadar oʻz vazifalarini qarzdorning rahbari vakolatlari doirasida bajarishni davom ettirib turadi.
Agar xoʻjalik sudi tomonidan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan hamda boshqa shaxs ishonchli shaxs etib tayinlangan boʻlsa, tashqi boshqaruvchi ishlarni ishonchli shaxsga topshirgunga qadar oʻz vazifalarini bajarishni davom ettirib turadi.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.09.00 Tugatish jarayoni]
VI BOB. TUGATIShGA DOIR ISh YURITISh
75-modda. Tugatishga doir ish yuritishni boshlash
Xoʻjalik sudi tomonidan qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi tugatishga doir ish yuritishning boshlanishiga olib keladi.
Qarzdor bankrot deb eʼlon qilingan paytdan boshlab qarzdorning oʻz mol-mulkini tasarrufidan chiqarishi, oʻzga shaxsga berishi va pul majburiyatlarini toʻlashi taqiqlanadi, hisob-kitob hisobvaragʻi boʻyicha operatsiyalar, dividendlar va majburiy toʻlovlar toʻlash toʻxtatib qoʻyiladi. Qarzdorning barcha qarz majburiyatlari muddati oʻtib ketgan deb hisoblanadi, unga yangi talablarni taqdim etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qarzdor qarzlarining barcha turlari boʻyicha penyalar va foizlar hisoblash bekor qilinadi. Qarzdorning mol-mulkiga undiruvni qaratishga nisbatan barcha cheklashlar olib tashlanadi. Agar qabul qilingan qarorlar qonuniy kuchga kirmagan boʻlsa, xoʻjalik sudida koʻrilayotgan qarzdor ishtirokidagi barcha mulkiy nizolar tugatiladi. Shu paytdan boshlab mulkiy yoki moliyaviy tusdagi barcha talablar qarzdorga faqat tugatishga doir ish yuritish doirasida qoʻyilishi mumkin.
76-modda. Tugatishga doir ish yuritish ishtirokchilari
Ishonchli shaxs, kreditorlar yigʻilishi (qoʻmitasi), qarzdor va boshqa manfaatdor taraflar tugatishga doir ish yuritishning ishtirokchilaridir.
Xoʻjalik sudi bankrotlik toʻgʻrisida qaror qabul qilgan taqdirda ayni shu sud tomonidan ishonchli shaxs boshchiligida tugatish komissiyasi tuziladi. Mol-mulkida davlat mulkining ulushi boʻlgan qarzdor bankrot deb eʼlon qilingan taqdirda, ishonchli shaxs boshchiligidagi tugatish komissiyasini bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi tuzadi. Ishonchli shaxsni xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlash tashqi boshqaruvchini tayinlash uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
(77-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Tugatish komissiyasi:
qarzdor-bankrot joylashgan erdagi rasmiy matbuotda uning tugatilishi toʻgʻrisidagi hamda kreditorlarning talabnomalar bildirish tartibi xususidagi eʼlonni chop etishi;
qarzdor-bankrotning tugatilishini kreditorlarga va manfaatdor taraflarga maʼlum qilishi;
qarzdor-bankrotning pul mablagʻlarini bitta bankda yagona soʻm va yagona valyuta hisobvaraqlarida jamlashi;
qarzdor-bankrotning mol-mulki, shu jumladan garovdagi mol-mulki toʻgʻrisidagi hisobotni tuzishi;
tugatish balansini tuzishi va uni xoʻjalik sudiga taqdim etishi;
qarzdor-bankrotni tugatish rejasini tayyorlashi;
joriy ishlarni tugallashi;
qarzdor-bankrotni tugatishni manfaatdor taraflar foydasini koʻzlab bosqichma-bosqich amalga oshirishi;
kreditorlarga, xoʻjalik sudiga, soliq organlari va boshqa vakolatli organlarga, oʻzga manfaatdor tashkilotlarga va shaxslarga qarzdorning mol-mulki hamda qarzdorni tugatish jarayonining berishi haqidagi zarur axborotni berib turishi;
qarzdor-bankrotni tugatish oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi yakunlovchi hisobotni tayyorlashi va uni xoʻjalik sudiga taqdim etishi shart.
Mol-mulkida davlat mulkining ulushi boʻlgan qarzdor-bankrot tugatish komissiyasining eng koʻp ish muddati, qoida tariqasida, bir yildan oshishi mumkin emas. Tugatish komissiyasining ish muddati alohida hollarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻpi bilan yana olti oyga uzaytirilishi mumkin.
Qarzdor-bankrotni tugatish bilan bogʻliq ishlar tugatish komissiyasi tomonidan belgilangan muddatda tugallanmagan va kreditorlar mol-mulkning bir qismini qarzni qoplash hisobiga olishdan bosh tortgan taqdirda mol-mulkning realizatsiya qilinmagan qismi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat mulkiga oʻtadi.
Tugatish komissiyasining xatti-harakatlari ustidan xoʻjalik sudiga shikoyat qilish mumkin.
(77-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga muvofiq uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlar bilan almashtirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
78-modda. Ishonchli shaxsning vakolatlari
Ishonchli shaxs tasdiqlangan paytdan boshlab qarzdorning ishlarini boshqarish boʻyicha barcha vakolatlar, shu jumladan qarzdorning mol-mulkini tasarruf etish vakolatlari uning ixtiyoriga oʻtadi.
Qarzdorning boshqaruv organlari (tashqi boshqaruvchi) ishonchli shaxs tasdiqlangan paytdan boshlab uch kun ichida qarzdorning buxgalterlik va boshqa hujjatlari, muhr va shtamplari, moddiy va boshqa qimmatli narsalari ishonchli shaxsga berilishini taʼminlaydi. Koʻrsatib oʻtilgan majburiyatni bajarishdan bosh tortilgan taqdirda qarzdorning boshqaruv organlari (tashqi boshqaruvchi), shu jumladan qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, qarzdor-jismoniy shaxs qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Ishonchli shaxs:
qarzdorning mol-mulkini oʻz tasarrufiga qabul qilib oladi, uni inventarizatsiya qiladi va baholaydi hamda uni saqlash chora-tadbirlarini koʻradi;
kreditorlar yigʻilishi va kreditorlar qoʻmitasini chaqiradi;
kreditorlar talablarining reyestrini yuritadi va bu talablarni koʻrib chiqadi;
qarzdor tugatilganda qarzdorning xodimlari huquqlari va manfaatlarini himoya qiladi;
kreditorlarning qarzdorga nisbatan bildirgan talablari boʻyicha belgilangan tartibda eʼtirozlar bildiradi;
qarzdorning shartnomalarini bajarishni ushbu Qonunning 56-moddasida belgilangan tartibda rad etadi;
qarzdorning uchinchi shaxslarda turgan mol-mulkini qidirish, aniqlash va qaytarishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻradi;
qonun hujjatlariga muvofiq qarzdorning saqlanishi shart boʻlgan hujjatlarini saqlash uchun topshiradi;
ushbu Qonunda belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oʻz vakolatlarini amalga oshirish chogʻida ishonchli shaxs qarzdorni bankrotlikka olib kelganligi munosabati bilan qonun hujjatlariga muvofiq uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgar boʻlgan uchinchi shaxslarga talablar taqdim etishga haqli.
Undirilgan summalar tugatish massasiga kiritiladi va ular ushbu Qonunda belgilangan navbat tartibida faqat kreditorlarning talablarini qondirish uchun ishlatilishi mumkin.
Oʻz vakolatlarini amalga oshirish chogʻida ishonchli shaxs qarzdorning hamda uning kreditorlarining manfaatlarini hisobga olgan holda harakat qilishi shart.
79-modda. Bankrotni tugatish rejasi
Qarzdor-bankrotni tugatish rejasida quyidagilar aks ettirilishi lozim:
qarzdor-bankrotning moliyaviy ahvoli toʻgʻrisidagi maʼlumot;
kreditorlarning talabnomalarini qondirish shartlari, tartibi, navbati va mutanosibligi;
qarzdor-bankrot mol-mulki egasining, mehnat jamoasining manfaatlari hisobi;
sotilishi kerak boʻlgan mol-mulkning roʻyxati;
mol-mulkni sotish usuli, joyi va vaqti;
sud xarajatlarini toʻlash, ekspertlar, tugatish komissiyasi aʼzolari, ishonchli shaxs va boshqa shaxslarning faoliyatiga haq toʻlash shartlari.
Qarzdor-bankrotni tugatish rejasi kreditorlar bilan kelishib olinishi kerak va u, agar talablar jami summasining kamida uchdan ikki qismini ifoda etuvchi kreditorlar tomonidan qoʻllab-quvvatlansa, maʼqullangan deb hisoblanadi. Agar tugatish rejasi maʼqullanmasa, kreditorlar esa qarzdor-bankrotni tugatishga doir oʻz rejalarini belgilangan muddatda taqdim etmasalar, ishonchli shaxs tugatish komissiyasi taklif etgan rejani tasdiqlaydi.
Qarzdorning oʻzi ish qoʻzgʻatish tashabbuskori boʻlgan taqdirda, u oʻz tugatish rejasini taqdim etishga haqli.
Tasdiqlangan tugatish rejasi asosida mol-mulk sotiladi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qarzdorga bildirilgan talabnomalar qondiriladi.
80-modda. Tugatish massasi. Qarzdorning mol-mulkini baholash
Qarzdor-bankrotning barcha aktivlari, balanslarda koʻrsatilgan yoki koʻrsatilmaganligidan qatʼi nazar, tugatish massasini shakllantiruvchi asosni tashkil etadi.
Auksionda sotilayotgan mol-mulk uchun balans (qoldiq) qiymat boshlangʻich baho boʻladi.
Quyidagilar tugatish massasiga kirmaydi:
qarzdor xodimlarining xususiy mulkidagi mol-mulk;
ishonchli (trast) boshqaruvdagi, qarzdor ijara huquqi asosida foydalanayotgan mol-mulk;
garov narsasi, ushbu Qonunning 82-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
qarzdorga javobgarlik asosida saqlash uchun berilgan tovarlar;
qonun hujjatlariga muvofiq qarzdorning mulki boʻlmagan boshqa mol-mulk.
Qarzdorning balansida belgilanganidan boshqa maqsadda yoki tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin boʻlmagan ijtimoiy va kommunal infratuzilma obyektlari boʻlgan taqdirda, qarzdor bankrot deb eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran bir oylik muddat ichida tugatish komissiyasining qarori bilan ular qoldiq qiymati boʻyicha mahalliy hokimiyat organlariga beriladi. Mazkur obyektlarni realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlar tugatish massasiga kiritiladi
(80-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga muvofiq qism bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda).
81-modda. Tugatishga doir ish yuritish davomida qarzdorning hisobvaraqlari
Ishonchli shaxs tugatishga doir ish yuritish davomida qarzdorning bitta bankdagi faqat yagona soʻm va yagona valyuta hisobvaraqlaridan foydalanishi shart.
Qarzdorning tugatishga doir ish yuritish ochilayotgan paytda maʼlum boʻlgan, shuningdek tugatishga doir ish yuritish jarayonida aniqlangan bankdagi boshqa hisobvaraqlari aniqlanishi bilanoq ishonchli shaxs tomonidan yopilishi lozim. Ana shu hisobvaraqlardagi qarzdorga tegishli pul mablagʻlarining qoldigʻi qarzdorning asosiy hisobvaragʻiga oʻtkazilishi lozim.
Tugatishga doir ish yuritish davomida kelib tushgan pul mablagʻlari ham qarzdorning asosiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Asosiy hisobvaraqdan ushbu Qonunning 83-moddasida nazarda tutilgan tartibda kreditorlarga qarzlar hamda ushbu moddaning beshinchi qismida koʻrsatilgan xarajatlar toʻlanadi.
Quyidagilar qarzdorning asosiy hisobvaragʻidan toʻlanadi:
ishonchli shaxsga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar;
qarzdorning joriy kommunal va foydalanish toʻlovlari;
qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritish boshlanganligi haqidagi maʼlumotni eʼlon qilish, shuningdek qarzdorning kreditorlarini bundan xabardor qilish bilan bogʻliq xarajatlar;
tugatishga doir ish yuritishni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar.
Ishonchli shaxs kreditorlar yigʻilishiga va kreditorlar qoʻmitasiga ularning talabiga binoan qarzdorning pul mablagʻlaridan foydalanganlik toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
82-modda. Kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qondirish
Kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qondirish qarzdorning garovga qoʻyilgan mol-mulki (garov narsasi) sotilganidan keyin tushgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi. Bu mablagʻlarning kreditorlarning talablarini ushbu Qonunning 83-moddasida belgilangan navbat boʻyicha qondirishga moʻljallanadi.
Agar garovga qoʻyilgan mol-mulkni (garov narsasini) sotishdan tushgan summa kreditorlarning garov bilan taʼminlangan barcha talablarini toʻla qondirish uchun yetarli boʻlmasa, unda talablarning qolgan qismi ushbu Qonunning 83-moddasida belgilangan navbat boʻyicha toʻlanishi kerak.
Sud xarajatlarini, tashqi boshqaruvchiga, ishonchli shaxsga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni, joriy kommunal va foydalanish toʻlovlarini qoplash, shuningdek qarzdorning tashqi boshqaruv va tugatishga doir ish yuritish jarayonida yuzaga kelgan majburiyatlariga doir talablarni qondirish navbatdan tashqari tarzda amalga oshiriladi.
Budjetga, budjetdan tashqari fondlarga toʻlovlarni hamda ish haqi toʻlash uchun pul mablagʻlari berilishini nazarda tutuvchi toʻlov (ijro) hujjatlari boʻyicha, alimentlarni undirishga doir talablarni qondirish uchun hisobvaraqdan pul mablagʻlarini oʻtkazish yoki berishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha, mualliflik shartnomalari asosida haq toʻlash, shuningdek hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi, xoʻjalik subyektlarining budjetga toʻlovlar boʻyicha hamda mehnatga oid va unga tenglashtirilgan huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan talablar boʻyicha majburiyatlari teng darajada bajarilishini taʼminlovchi talablar birinchi navbatda qondiriladi. Mazkur talablar toʻliq qondirilganidan soʻng ijtimoiy sugʻurta boʻyicha talablar hamda fuqarolarning ularning mol-mulkiga jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashga doir talablari qondiriladi.
Majburiy sugʻurta boʻyicha talablar, shuningdek banklarning kreditlari va bank kreditlari sugʻurtasi boʻyicha talablar ikkinchi navbatda qondiriladi.
Kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablari uchinchi navbatda qondiriladi.
Kreditorlarning garov bilan taʼminlanmagan talablari toʻrtinchi navbatda qondiriladi.
Aksiyalar egalarining talablari beshinchi navbatda qondiriladi.
Qolgan barcha talablar oltinchi navbatda qondiriladi.
Har qaysi navbat boʻyicha talablar oldingi navbat talablari toʻla-toʻkis bajarilganidan keyin qondiriladi.
Undirib olinayotgan summa bir navbatning barcha talablarini toʻla-toʻkis qondirishga yetarli boʻlmagan taqdirda bu talablar har bir undiruvchi olishi lozim boʻlgan summaga mutanosib ravishda qondiriladi.
Oxirgi toʻlov toʻlanganligi toʻgʻrisida rasmiy matbuotda maxsus xabar eʼlon qilinadi.
Mol-mulk qiymatining kreditorlar talablari qondirilganidan va ish yuritish xarajatlari toʻlanganidan keyingi qoldigʻini tugatilayotgan qarzdor mol-mulkining egasi (egalari) oladi.
Tugatish jarayonida qarzdorning sotilmay qolgan mol-mulkidan mol-mulkning egasi (egalari) koʻrsatmasi boʻyicha foydalaniladi.
Mol-mulk yetarli emasligi sababli qondirilmay qolgan qarz majburiyatlari uzilgan deb hisoblanadi.
84-modda. Qarzdorning mol-mulkini sotish
Qarzdorning mol-mulki inventarizatsiya qilinganidan va baholanganidan keyin ishonchli shaxs, agar kreditorlar yigʻilishi (qoʻmitasi) tomonidan qarzdorning mol-mulkini sotishning boshqacha tartibi belgilangan boʻlmasa, ushbu mol-mulkni ochiq kimoshdi savdosida sotishga kirishadi.
Qarzdorning mol-mulkini sotish tartibi va muddatlari kreditorlar yigʻilishi (qoʻmitasi) tomonidan maʼqullangan boʻlishi kerak.
Qarzdorning muomala qobiliyati cheklangan mol-mulki faqat yopiq kimoshdi savdosida sotilishi mumkin. Yopiq kimoshdi savdosida qonunga muvofiq mulk huquqida yoki boshqa ashyoviy huquqda mazkur mol-mulkka ega boʻla oladigan shaxslar ishtirok etadilar.
Ishonchli shaxs kimoshdi savdosi tashkilotchisi sifatida ish olib borishi yoki kimoshdi savdosini oʻtkazishni ixtisoslashtirilgan tashkilotga shartnoma asosida topshirishi mumkin. Kimoshdi savdosini oʻtkazayotgan ixtisoslashtirilgan tashkilot qarzdorning yoki ishonchli shaxsning manfaatdor shaxsi boʻlishi mumkin emas.
Birinchi kimoshdi savdosida sotilmay qolgan mol-mulk takroriy kimoshdi savdosiga qoʻyiladi yoki kimoshdi savdosi oʻtkazmay tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida ishonchli shaxs tomonidan realizatsiya qilinadi.
Qarzdorning korxonasini sotish ushbu Qonunning 64-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
85-modda. Tugatish jarayonida qarzdorning talab qilish huquqlaridan oʻzganing foydasiga voz kechish
Ishonchli shaxs, agar kreditorlar yigʻilishi (qoʻmitasi) tomonidan qarzdorning talab qilish huquqlarini sotishning (oʻzganing foydasiga voz kechishning) boshqacha tartibi belgilangan boʻlmasa, qarzdorning talab qilish huquqlarini ochiq kimoshdi savdosiga qoʻyishga haqli.
Qarzdorning talab qilish huquqlarini ochiq kimoshdi savdosida sotish (oʻzganing foydasiga voz kechish) ushbu Qonunning 66-moddasida nazarda tutilgan normalarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
86-modda. Ishonchli shaxsning faoliyatini nazorat qilish
Ishonchli shaxs har oyda kamida bir marta kreditorlar qoʻmitasiga (yigʻilishiga) oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobot, qarzdorning moliyaviy ahvoli hamda tugatishga doir ish yuritish boshlangan paytdagi va ish yuritish jarayonidagi mol-mulki toʻgʻrisidagi, shuningdek boshqa axborot taqdim etadi.
Ishonchli shaxs xoʻjalik sudining talabiga binoan tugatishga doir ish yuritish taomilini oʻtkazishga taalluqli barcha maʼlumotlarni taqdim etishi shart.
87-modda. Ishonchli shaxsni chetlashtirish
Ishonchli shaxs oʻz zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditorlar yigʻilishining (qoʻmitasining) iltimosnomasiga yoki bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining taqdimnomasiga binoan xoʻjalik sudi uni oʻz vazifalarini bajarishdan chetlashtiradi hamda yangi ishonchli shaxsni tayinlaydi.
88-modda. Ishonchli shaxsning hisoboti
Kreditorlar bilan hisob-kitoblar qilib boʻlinganidan keyin ishonchli shaxs xoʻjalik sudiga tugatishga doir ish yuritishni oʻtkazish natijalari toʻgʻrisida hisobot taqdim etishi shart.
Tugatishga doir ish yuritishni oʻtkazish natijalari toʻgʻrisida xoʻjalik sudiga ishonchli shaxs tomonidan hisobot taqdim etilganidan soʻng agar mol-mulk egasi ikki haftalik muddat ichida kreditorlarning talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulkka boʻlgan huquqlari toʻgʻrisida ariza bermagan boʻlsa, ishonchli shaxs bu xususda mahalliy davlat hokimiyati organlarini xabardor qiladi
(89-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda).
Mahalliy davlat hokimiyati organlari bunday xabarni olgan paytdan eʼtiboran bir oylik muddat ichida mol-mulkni balansga oladi va uni saqlab turishga doir barcha xarajatlarni koʻtaradi.
90-modda. Tugatishga doir ish yuritish taomilini yakunlash
Tugatishga doir ish yuritish taomilini oʻtkazish natijalari toʻgʻrisida ishonchli shaxs tomonidan taqdim etilgan hisobot koʻrib chiqilganidan keyin xoʻjalik sudi tugatishga doir ish yuritish yakunlanganligi toʻgʻrisida ajrim chiqaradi va uni yuridik shaxslarni davlat roʻyxatiga oluvchi organga oʻn kun ichida yuboradi.
Xoʻjalik sudining ajrimi yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga qarzdor tugatilganligi toʻgʻrisida yozuv kiritilishi uchun asosdir.
Yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga qarzdor tugatilganligi toʻgʻrisidagi yozuv kiritilgan paytdan boshlab ishonchli shaxsning vakolatlari bekor qilinadi, tugatishga doir ish yuritish yakunlangan, qarzdor esa tugatilgan deb hisoblanadi.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.10.00 Kelishuv bitimi]
VII BOB. KELIShUV BITIMI
91-modda. Kelishuv bitimini tuzish tartibi
Xoʻjalik sudi tomonidan bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishning har qanday bosqichida qarzdor va kreditorlar kelishuv bitimini tuzishga haqlidir.
Kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi qarorni kreditorlar nomidan kreditorlar yigʻilishi qabul qiladi. Kreditorlar yigʻilishining kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi qarori kreditorlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi va qaror, agar ushbu Qonunning 83-moddasida belgilangan birinchi, ikkinchi va uchinchi navbat majburiyatlari boʻyicha barcha kreditorlar uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan deb hisoblanadi.
Kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi qaror qarzdor nomidan tegishincha qarzdor-jismoniy shaxs yoki qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxs tomonidan qabul qilinadi.
Kelishuv bitimida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladigan uchinchi shaxslarning kelishuv bitimida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyiladi.
Kelishuv bitimi xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlanishi kerak, bu haqda bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatib oʻtiladi. Agar kelishuv bitimi tugatishga doir ish yuritish jarayonida tuzilsa, xoʻjalik sudi kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Kelishuv bitimi xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlangan kundan eʼtiboran qarzdor va kreditorlar uchun kuchga kiradi va ular uchun majburiy hisoblanadi. Kuchga kirgan kelishuv bitimini bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yoʻl qoʻyilmaydi.
92-modda. Kelishuv bitimining shakli
Kelishuv bitimi yozma shaklda tuziladi.
Qarzdor nomidan kelishuv bitimini tegishincha qarzdor-jismoniy shaxs yoki qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxs imzolaydi. Kreditorlar nomidan kelishuv bitimini kreditorlar yigʻilishi tomonidan vakil qilingan shaxs imzolaydi.
Agar kelishuv bitimida uchinchi shaxslar ishtirok etayotgan boʻlsa, ular nomidan kelishuv bitimini tegishincha jismoniy shaxs, yuridik shaxsning rahbari yoki ularning vakillari imzolaydi.
93-modda. Kelishuv bitimining mazmuni
Kelishuv bitimida qarzdor pul majburiyatlarining miqdori, ularni bajarish tartibi va muddatlari toʻgʻrisidagi va (yoki) qarzdorning pul majburiyatlarini voz kechish haqini berish, majburiyatlarni yangilash, qarzni kechish yoʻli bilan yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oʻzga usullar bilan tugatish toʻgʻrisidagi qoidalar boʻlishi kerak.
Kelishuv bitimida quyidagilar boʻlishi mumkin:
pul majburiyatlarining toʻlanishi kechiktirilganligi yoki boʻlib-boʻlib toʻlanishi toʻgʻrisidagi shartlar;
qarzdorning talabidan oʻzganing foydasiga voz kechish toʻgʻrisidagi shartlar;
qarzdorning pul majburiyatlarini uchinchi shaxslar tomonidan bajarish toʻgʻrisidagi shartlar;
qarzdan siylov qilish toʻgʻrisidagi shartlar;
kreditorlarning talablarini qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa usullar bilan qondirish toʻgʻrisidagi shartlar.
Kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi masala boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmagan, shuningdek uni tuzishga qarshi ovoz bergan kreditorlar uchun kelishuv bitimining shartlari uni tuzishni yoqlab ovoz bergan, shu navbatdagi kreditorlar uchun belgilangan shartlardan yomon boʻlishi mumkin emas.
94-modda. Kelishuv bitimining xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlanishi shartlari
Kelishuv bitimi hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun qarzdor javobgar boʻlgan fuqarolarning qarzlari toʻlab boʻlingandan keyin tuzilishi mumkin.
Qarzdor, tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxs kelishuv bitimi imzolangan paytdan eʼtiboran besh kun ichida xoʻjalik sudiga kelishuv bitimi tuzilganligini tasdiqlovchi ariza taqdim etishi kerak.
Kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinishi lozim:
kelishuv bitimining matni;
kelishuv bitimini tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan kreditorlar yigʻilishining bayonnomasi;
barcha kreditorlarning ularning manzili va qarz summasini koʻrsatgan holda tuzilgan roʻyxati;
ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan fuqarolarning qarzlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi masala boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmagan yoki kelishuv bitimini tuzishga qarshi ovoz bergan kreditorlarning yozma eʼtirozlari.
Kelishuv bitimi koʻriladigan sana haqida xoʻjalik sudi manfaatdor taraflarni xabardor qiladi. Xabardor qilingan shaxslarning hozir boʻlmasligi ishni koʻrishga monelik qilmaydi.
95-modda. Kelishuv bitimining xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlanishi oqibatlari
Tashqi boshqaruv jarayonida xoʻjalik sudi tomonidan kelishuv bitimining tasdiqlanishi kreditorlar talablarining qondirilishiga joriy etilgan moratoriy hamda bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishning tugatilishi uchun asosdir. Agar kelishuv bitimi xoʻjalik sudi tomonidan tugatishga doir ish yuritish davrida tasdiqlangan boʻlsa, xoʻjalik sudining qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qarori ijro etilmasligi kerak.
Kelishuv bitimi xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlangan paytdan boshlab tashqi boshqaruvchi va ishonchli shaxsning vakolatlari bekor qilinadi. Tashqi boshqaruvchi va qarzdor-yuridik shaxsning ishonchli shaxsi qarzdorning rahbari tayinlangunga (saylangunga) qadar oʻz vakolatlarini bajarishni davom ettirib turadilar.
Kelishuv bitimi tasdiqlangan paytdan eʼtiboran tegishincha qarzdor-jismoniy shaxs yoki qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxs kreditorlarning qarzini toʻlashga kirishadilar.
96-modda. Kelishuv bitimini tasdiqlashning xoʻjalik sudi tomonidan rad etilishi
Ushbu Qonunning 94-moddasi birinchi qismida koʻrsatilgan fuqarolarning qarzlarini toʻlashga doir majburiyatlar bajarilmagan taqdirda xoʻjalik sudi kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etadi.
Xoʻjalik sudi kelishuv bitimini tasdiqlashni quyidagi hollarda rad etishga haqlidir:
kelishuv bitimini tuzishning ushbu Qonunda belgilangan tartibi buzilganda;
kelishuv bitimining shakliga rioya etilmaganda;
uchinchi shaxslarning huquqlari buzilganda;
kelishuv bitimining shartlari qonun hujjatlariga zid boʻlganda.
Kelishuv bitimini tasdiqlash rad etilganligi toʻgʻrisida xoʻjalik sudi ajrim chiqaradi va uning ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
97-modda. Kelishuv bitimini tasdiqlashning rad etilishi oqibatlari
Xoʻjalik sudi tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlashning rad etilishi toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan taqdirda bitim tuzilmagan deb hisoblanadi.
Xoʻjalik sudi tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqarilishi yangi kelishuv bitimi tuzilishiga monelik qilmaydi.
98-modda. Kelishuv bitimining haqiqiy emasligi
Qarzdor, kreditor yoki prokurorning arizasiga binoan kelishuv bitimi xoʻjalik sudi tomonidan quyidagi hollarda haqiqiy emas deb topilishi mumkin:
kelishuv bitimi ayrim kreditorlar uchun afzallik berilishini yoki ayrim kreditorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishini nazarda tutuvchi shartlarga ega boʻlsa;
bitimni haqiqiy emas deb topish uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslar mavjud boʻlsa.
99-modda. Kelishuv bitimini haqiqiy emas deb topishning oqibatlari
Kelishuv bitimining haqiqiy emas deb topilishi bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni qayta tiklash uchun asosdir. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni qayta tiklash toʻgʻrisida xoʻjalik sudi ajrim chiqaradi va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin.
Kelishuv bitimi haqiqiy emas deb topilgan taqdirda kreditorlarga toʻlanishi lozim boʻlgan, lekin kechiktirilgan va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlanishi belgilangan talablari yoki qarzlarning siylovi ularning qondirilmagan qismi miqdorida tiklanadi.
Kelishuv bitimining haqiqiy emas deb topilishi ushbu Qonunning 94-moddasi birinchi qismida koʻrsatilgan fuqarolarning qarzni toʻlash hisobidan olgan narsalarini qarzdorga qaytarish majburiyatini keltirib chiqarmaydi.
Bitimni haqiqiy emas deb topishning ushbu modda bilan tartibga solinmagan qismida bitimni haqiqiy emas deb topishning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oqibatlari kelib chiqadi.
Kelishuv bitimi haqiqiy emas deb topilganda qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisidagi ish yuritishni qayta tiklash haqidagi xabar xoʻjalik sudi tomonidan rasmiy nashrda qarzdor hisobidan eʼlon qilinadi.
Kreditorlarning kelishuv bitimi shartlari asosida hisob-kitob qilib boʻlingan talablari, agar ushbu Qonunga zid kelmasa, qondirilgan deb hisoblanadi. Kelishuv bitimining muayyan kreditorlar ustunligini yoki boshqa kreditorlar huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishini nazarda tutuvchi shartlariga muvofiq talablari qondirilgan kreditorlar kelishuv bitimini bajarish tartibida olgan barcha narsalarini qaytarishlari shart.
Kelishuv bitimi qarzdor tomonidan bajarilmagan taqdirda kreditorlar kelishuv bitimida nazarda tutilgan hajmdagi talablarni taqdim etishga haqli.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritish qoʻzgʻatilgan taqdirda kelishuv bitimi tuzgan kreditorlar talablarining hajmi kelishuv bitimida nazarda tutilgan shartlar asosida belgilanadi.
VIII BOB. QARZDOR-YuRIDIK ShAXSLAR AYRIM TOIFALARINING BANKROTLIGI XUSUSIYATLARI
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.11.00 Yuridik shaxslar ayrim toifalarining bankrotlik xususiyatlari / 09.03.11.01 Shaharni tashkil etuvchi korxonaning bankrotligi]
§ 1. Shaharni tashkil etuvchi korxonalarning bankrotligi
101-modda. Shaharni tashkil etuvchi korxonaning bankrotligi toʻgʻrisidagi ishni koʻrish
Shaharni tashkil etuvchi korxonaning bankrotligi toʻgʻrisidagi ish koʻrilayotganda tegishli mahalliy davlat hokimiyati organi ishda ishtirokchi shaxs sifatida eʼtirof etiladi.
Ishda ishtirok etayotgan shaxslar sifatida xoʻjalik sudi tomonidan davlat boshqaruv organlari ham jalb etilishi mumkin.
Shaharni tashkil etuvchi korxona maqomini tasdiqlovchi dalillar xoʻjalik sudiga qarzdor tomonidan taqdim etilishi kerak.
102-modda. Tashqi boshqaruv muddatini uzaytirish
Tashqi boshqaruv mahalliy davlat hokimiyati organining iltimosnomasi boʻlgan taqdirda xoʻjalik sudi tomonidan uzogʻi bilan bir yil muddatga uzaytirilishi mumkin.
Shaharni tashkil etuvchi korxonaning moliyaviy ahvolini uning faoliyatiga investitsiya kiritish, xodimlarni ishga joylashtirish, yangi ish joylarini yaratish yoʻli bilan hamda qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklashning boshqa usullari bilan yaxshilash rejasi tashqi boshqaruvni ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatdan koʻproq muddatga uzaytirish uchun asos boʻla oladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organi yoki davlat boshqaruv organining iltimosnomasiga binoan qarzdorning majburiyatlari yuzasidan kafillik berish sharti bilan shaharni tashkil etuvchi korxonani tashqi boshqaruv muddati besh yilgacha uzaytirilishi mumkin. Bunday holda qarzdor va uning kafili kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatlardan kechikmay kirishishlari shart.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan talablarga rioya qilinmasligi qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash uchun asos boʻladi.
103-modda. Shaharni tashkil etuvchi korxonani sotish
Shaharni tashkil etuvchi korxona kreditorlarning talablarini qondirish maqsadida tashqi boshqaruv chogʻida sotilishi mumkin. Qarzdor-shaharni tashkil etuvchi korxonani sotish tanlov oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Quyidagilar tanlovning majburiy shartlari hisoblanadi:
shaharni tashkil etuvchi korxona sotilayotgan paytda unda ishlab turgan xodimlarning kamida 70 foizi uchun ish joylarini saqlab qolish;
shaharni tashkil etuvchi korxonaning faoliyat sohasi oʻzgartirilgan taqdirda mazkur xodimlarni qayta oʻqitish yoki ishga joylashtirish borasida xaridorning majburiyatlari.
Tanlovning boshqa shartlari faqat kreditorlar yigʻilishining roziligi bilan, ushbu Qonunning 9-moddasida nazarda tutilgan tartibda belgilanishi mumkin.
Agar shaharni tashkil etuvchi korxona tanlov shartlarida sotilmagan boʻlsa, u auksionda sotiladi.
104-modda. Bankrot deb topilgan qarzdor-shaharni tashkil etuvchi korxonaning mol-mulkini sotish
Bankrot deb topilgan qarzdor-shaharni tashkil etuvchi korxonaning mol-mulki sotilayotganda ishonchli shaxs birinchi kimoshdi savdosida sotish uchun korxonani yagona mulkiy majmua sifatida taklif etmogʻi lozim.
Agar qarzdor-shaharni tashkil etuvchi korxonaning mol-mulki yagona mulkiy majmua sifatida sotilmagan boʻlsa, qarzdorning mol-mulkini sotish ushbu Qonunning 65-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.11.00 Yuridik shaxslar ayrim toifalarining bankrotlik xususiyatlari / 09.03.11.02 Qishloq xoʻjaligi korxonasi bankrotligi]
§ 2. Qishloq xoʻjaligi korxonalarining bankrotligi
105-modda. Qishloq xoʻjaligi korxonalari bankrotligining xususiyatlari
Qishloq xoʻjaligi korxonalarining bankrotligi toʻgʻrisida ish yuritish qoʻzgʻatilgunga qadar ularga nisbatan “Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda sudgacha sanatsiya qilish qoʻllanilishi mumkin.
Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi maqsadlarida ishlatilayotgan va bankrot deb topilgan qishloq xoʻjaligi korxonasiga tegishli boʻlgan koʻchmas mol-mulk obyektlari sotilayotganda ushbu obyektlarni sotib olishda boshqa shartlar teng boʻlgani holda aynan shu hududda joylashgan qishloq xoʻjaligi korxonalari ustun huquqdan foydalanadilar.
Qishloq xoʻjaligi korxonasi bankrotlik oqibatida tugatilgan taqdirda unga berilgan yer uchastkalari yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uning tasarrufidan chiqarilishi yoki boshqa shaxsga berilishi mumkin.
106-modda. Tashqi boshqaruv
Qishloq xoʻjaligi korxonasiga tashqi boshqaruv yetishtirilgan (ishlab chiqarilgan, ishlab chiqarilib qayta ishlangan) qishloq xoʻjaligi mahsulotini realizatsiya qilish uchun zarur vaqtni hisobga olgan holda qishloq xoʻjaligi ishlarining tegishli davri tugagunga qadar boʻlgan muddatga joriy etiladi. Mazkur muddat ushbu Qonun 47-moddasining uchinchi qismida belgilangan muddatlardan uch oydan koʻproqqa oshib ketmasligi lozim.
Tashqi boshqaruv muddati mobaynida tabiiy ofatlar va boshqa fors-major vaziyatlar tufayli qishloq xoʻjaligi korxonasining ishlab chiqarishida pasayish va moliyaviy holatida yomonlashish sodir boʻlgan boʻlsa, tashqi boshqaruv muddati bir yilga uzaytirilishi mumkin.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.11.00 Yuridik shaxslar ayrim toifalarining bankrotlik xususiyatlari / 09.03.11.04 Banklar bankrotligi]
§ 3. Banklarning bankrotligi
107-modda. Banklarni bankrot deb topish asosi
Bankni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza xoʻjalik sudi tomonidan koʻrish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya qaytarib olinganidan keyingina qabul qilinadi.
Qarzdor-bankning ixtiyoriy ravishda oʻzini bankrot deb eʼlon qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
108-modda. Bankning bankrotligi toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishning xususiyatlari
Qarzdor-bank kreditorlarning talablarini qondirishga qodir boʻlmagan taqdirda yuzaga keladigan munosabatlar hamda banklarning bankrotligi toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishning xususiyatlari qonunlarda belgilangan tarzda tartibga solinadi.
Bankka tashqi boshqaruv joriy etilmaydi.
Ishda ishtirokchi shaxslar ushbu Qonunda nazarda tutilganlardan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, shuningdek fuqarolarning omonatlarini kafolatlovchi (sugʻurtalovchi) tashkilotdir.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.11.00 Yuridik shaxslar ayrim toifalarining bankrotlik xususiyatlari / 09.03.11.03 Sugʻurta tashkilotlari bankrotligi]
§ 4. Sugʻurta tashkilotlarining bankrotligi
109-modda. Sugʻurta tashkilotining bankrotligi toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish
Qarzdor-sugʻurta tashkilotining bankrotligi toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda xoʻjalik sudlov ishida ishtirokchi shaxs sugʻurta faoliyati ustidan nazorat qiluvchi davlat organidir.
110-modda. Sugʻurta tashkilotining mulkiy majmuasini sotish
Sugʻurta tashkilotining mulkiy majmuasini sotish tashqi boshqaruv jarayonida ushbu Qonunning 64-moddasiga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.
Sugʻurta tashkilotining mulkiy majmuasini sotib oluvchi faqat sugʻurta tashkiloti boʻlishi mumkin.
Sugʻurta tashkilotining mulkiy majmuasi tashqi boshqaruv jarayonida sotilgan taqdirda sugʻurta tashkilotining mol-mulki sotilgan sanagacha sugʻurta hodisasi boshlanmagan sugʻurta shartnomalari boʻyicha barcha huquq va majburiyatlar majmuani sotib olgan shaxsga oʻtadi.
Tugatishga doir ish yuritish oʻtkazilayotganida sotib oluvchi qarzdor-sugʻurta tashkiloti bankrot deb topilgan sanaga qadar sugʻurta hodisasi boshlanmagan shartnomalarni zimmaga olishga rozi boʻlgandagina sugʻurta tashkilotining mulkiy majmuasi sotilishi mumkin.
111-modda. Sugʻurta tashkilotlari bankrot boʻlgan taqdirda sugʻurta qildiruvchilarning talab qilish huquqlari
Xoʻjalik sudi sugʻurta tashkilotini bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan taqdirda bunday tashkilot sugʻurtalovchi sifatida tuzgan, mazkur qaror qabul qilingan sanaga qadar sugʻurta hodisasi boshlanmagan barcha shartnomalar bekor qilinadi, ushbu Qonun 110-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Sugʻurta qildiruvchilar (naf oluvchilar) ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga binoan bekor qilingan shartnomalar boʻyicha sugʻurtalovchiga toʻlangan sugʻurta mukofotining sugʻurta shartnomasining amal qilish muddati bilan bu shartnoma amal qilgan muddat oʻrtasidagi farqqa mutanosib tarzdagi qismi, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, qaytarilishini talab qilishga haqlidir.
Sugʻurta qildiruvchilar (naf oluvchilar) xoʻjalik sudi sugʻurta tashkilotini bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgunga qadar sugʻurta hodisasi boshlangan sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurta summasi toʻlanishini tugatish komissiyasidan talab qilishga haqlidir.
112-modda. Kreditorlarning talablarini qondirish
Xoʻjalik sudi sugʻurta tashkilotini bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan taqdirda birinchi va ikkinchi navbatdagi kreditorlarning talablari quyidagi tartibda qondirilishi kerak:
birinchi navbatda — kreditorlarning shaxsiy majburiy sugʻurta shartnomalari boʻyicha talablari;
ikkinchi navbatda — kreditorlarning boshqa majburiy sugʻurta shartnomalari boʻyicha talablari;
uchinchi navbatda — boshqa kreditorlarning — sugʻurta qildiruvchilarning (naf oluvchilarning) talablari, shu jumladan ushbu Qonun 111-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan shaxslarning talablari;
toʻrtinchi navbatda — boshqa kreditorlarning talablari.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.11.00 Yuridik shaxslar ayrim toifalarining bankrotlik xususiyatlari / 09.03.11.05 Qimmatli qogʻozlar bozori kasb qatnashchilarining bankrotligi]
§ 5. Qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilarining bankrotligi
113-modda. Qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilarining bankrotligi xususiyatlari
Qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi boʻlmish yuridik yoki jismoniy shaxsning bankrotligi toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganida xoʻjalik sudlov ishida ishtirokchi shaxs qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va nazorat qiluvchi vakolatli davlat organidir.
Qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilarining bankrotligi taomillarining ushbu Qonun bilan tartibga solinmagan xususiyatlari, shuningdek qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilari mijozlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir chora-tadbirlar qonunlarda belgilab qoʻyilishi mumkin.
Qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilari bankrotligining oldini olish va ularning toʻlov qobiliyatini tiklashning sudgacha taomillarini oʻtkazish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilab qoʻyiladi.
114-modda. Tashqi boshqaruvchiga va ishonchli shaxsga taalluqli talablar
Qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining bankrotligi toʻgʻrisidagi ish boʻyicha tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxsda qimmatli qogʻozlar bozorining faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va nazorat qiluvchi vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan litsenziya boʻlishi kerak.
115-modda. Tashqi boshqaruv va tugatishga doir ish yuritish xususiyatlari
Mijozlarning qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining tasarrufida boʻlgan qimmatli qogʻozlari va boshqa mol-mulki tugatish massasiga kiritilmaydi.
Tashqi boshqaruv yoki tugatishga doir ish yuritish joriy etilgan paytdan boshlab mijozlarning qolgan qimmatli qogʻozlari, agar tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxsning mijozlar bilan kelishuvida boshqacha qoidalar nazarda tutilgan boʻlmasa, mijozlarga qaytarilishi lozim.
Qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi boʻlmish tashkilotning tashqi boshqaruvi chogʻida tashqi boshqaruvchi ushbu tashkilotga mijozlar tomonidan boshqarish uchun berilgan qimmatli qogʻozlarni mijozlarning roziligi bilan va ularning nomidan qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining tegishli litsenziyasiga ega boʻlgan boshqa tashkilotga berishi mumkin.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.12.00 Yakka tartibdagi tadbirkorning bankrotligi]
IX BOB. JISMONIY ShAXSNING BANKROTLIGI
116-modda. Jismoniy shaxsning bankrotligini tartibga solish
Jismoniy shaxsning (tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda amalga oshirayotgan shaxsning) bankrotligi bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan, agar mazkur bobda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Qonunning I—IV boblari qoidalari qoʻllaniladi.
117-modda. Qarzdor-jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza
Jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza xoʻjalik sudiga qarzdor-jismoniy shaxs, kreditor, prokuror, shuningdek soliq organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan berilishi mumkin.
Jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisida ariza berish huquqiga kreditorlar ham ega, hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, alimentlarni undirish toʻgʻrisidagi talablar boʻyicha, shuningdek shaxsiy tusdagi boshqa talablar bilan chiquvchi kreditorlar bundan mustasno.
Jismoniy shaxsni bankrot deb topish taomili amalga oshirilayotgan paytda hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, alimentlarni undirish toʻgʻrisidagi, shuningdek shaxsiy tusdagi boshqa talablarni qoʻyayotgan kreditorlar oʻz talablarini taqdim etishga haqlidir. Mazkur kreditorlarning talablari, agar ular bankrotlik taomili qoʻllanilayotganda bildirilmagan boʻlsa, jismoniy shaxsning bankrotligi taomili tugaganidan keyin ham oʻz kuchini saqlab qoladi.
118-modda. Qarzlarni toʻlash rejasi
Jismoniy shaxsning arizasiga qarzlarni toʻlash rejasi ilova qilinishi mumkin, rejaning nusxalari kreditorlarga va ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga joʻnatiladi.
Kreditorlarning eʼtirozi boʻlmasa, xoʻjalik sudi qarzlarni toʻlash rejasini tasdiqlashi mumkin, bu esa bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritilishini uzogʻi bilan ikki oygacha boʻlgan muddatga toʻxtatib turish uchun asos boʻladi.
Qarzlarni toʻlash rejasi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
uni amalga oshirish muddati;
qarzdorga yoki uning oila aʼzolariga isteʼmol uchun har oyda qoldiriladigan summaning miqdori;
kreditorlarning talablarini qondirishga har oyda joʻnatish moʻljallanayotgan summaning miqdori.
Xoʻjalik sudi bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslarning asoslantirilgan iltimosnomasiga binoan qarzlarni toʻlash rejasini oʻzgartirishi, shu jumladan uni amalga oshirish muddatini uzaytirishi yoki qisqartirishi, qarzdorga yoki uning oila aʼzolariga isteʼmol uchun har oyda qoldiriladigan summa miqdorini koʻpaytirishi yoki kamaytirishi mumkin.
Agar qarzdor qarzlarni toʻlash rejasini bajarishi natijasida kreditorlarning talablari toʻla hajmda qoplansa, bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish tugatilishi kerak.
119-modda. Jismoniy shaxslarning tugatish massasiga kirmaydigan mol-mulki
Qonun hujjatlariga muvofiq undiruvni qaratish mumkin boʻlmagan mol-mulk tugatish massasiga kirmaydi.
Xoʻjalik sudi qarzdorning hamda bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning asoslantirilgan iltimosnomasiga binoan jismoniy shaxsning qonun hujjatlariga muvofiq undiruvni qaratish mumkin boʻlgan, nolikvid mol-mulkini yoxud realizatsiya qilinganda tushgan daromad kreditorlarning talablarini qondirishga mohiyatan taʼsir etmaydigan mol-mulkini tugatish massasidan chiqarishga haqli.
Jismoniy shaxsning ushbu modda ikkinchi qismining qoidalariga muvofiq tugatish massasidan chiqariladigan mol-mulkining umumiy qiymati eng kam ish haqining ellik baravaridan ortiq boʻlmasligi kerak. Bunday mol-mulkning roʻyxati xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlanib, bu haqda ajrim chiqariladi.
120-modda. Jismoniy shaxs bitimlarining haqiqiy emasligi
Qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza xoʻjalik sudiga berilganidan keyin jismoniy shaxsning oʻz mol-mulkini tasarrufdan chiqarish yoki manfaatdor shaxslarga boshqa usullar bilan berish bilan bogʻliq bitimlari oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimlardir.
Kreditorning talabiga binoan xoʻjalik sudi oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim haqiqiy emasligining oqibatini jismoniy shaxsning bitim predmeti boʻlgan mol-mulkini jismoniy shaxs mol-mulki tarkibiga qaytarish tariqasida yoki undiruvni manfaatdor shaxslarda turgan tegishli mol-mulkka qaratish tariqasida qoʻllanadi.
121-modda. Jismoniy shaxsning bankrotligi toʻgʻrisidagi ishning xoʻjalik sudi tomonidan koʻrilishi
Xoʻjalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish bilan bir paytda jismoniy shaxsning mol-mulkini xatlab qoʻyadi, qonun hujjatlariga muvofiq undiruvni qaratish mumkin boʻlmagan mol-mulk bundan mustasno. Qarzdorning pul majburiyatlari bajarilishi xususida uchinchi shaxslar tomonidan asoslantirilgan kafillik berilgan yoki boshqa kafolatlangan taʼminot taqdim etilgan taqdirda xoʻjalik sudi jismoniy shaxsning iltimosnomasiga binoan jismoniy shaxsning mol-mulkini (jismoniy shaxs mol-mulkining bir qismini) xatlovdan chiqarishi mumkin.
Jismoniy shaxsning arizasiga binoan xoʻjalik sudi jismoniy shaxs kreditorlar bilan hisob-kitob qilishi yoki kelishuv bitimiga erishishi uchun bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrishni uzogʻi bilan bir oy muddatga keyinga qoldirishi mumkin.
Jismoniy shaxsga nisbatan meros ochilganligi toʻgʻrisida maʼlumot boʻlgan taqdirda, xoʻjalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ish yuritishni meros taqdiri toʻgʻrisidagi masala qonunda belgilangan tartibda hal qilingunga qadar toʻxtatib turishga haqli.
Agar jismoniy shaxs ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan muddatda kreditorlarning talablari qondirilganligini koʻrsatuvchi dalillarni taqdim etmagan va belgilangan muddatda kelishuv bitimi tuzilmagan boʻlsa, xoʻjalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
122-modda. Jismoniy shaxs bankrot deb topilishining oqibatlari
Xoʻjalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan paytdan eʼtiboran:
qarzdorning pul majburiyatlarini bajarish muddati kelgan deb hisoblanadi;
qarzdorning barcha majburiyatlari boʻyicha neustoykalar (jarimalar, penyalar), foizlar qoʻshish va boshqa moliyaviy (iqtisodiy) sanksiyalar bekor qilinadi;
qarzdordan barcha ijro hujjatlari boʻyicha, alimentlar undirish toʻgʻrisidagi talablarga doir ijro hujjatlari bundan mustasno, shuningdek hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talablar boʻyicha amalga oshiriladigan undiruvlar bekor qilinadi.
Jismoniy shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qarorni xoʻjalik sudi aniqlangan barcha kreditorlarga ular oʻz talablarini taqdim etadigan muddatni koʻrsatgan holda joʻnatadi, bu muddat ikki oydan oshmasligi kerak. Xoʻjalik sudining ana shunday qarorini yuborish jismoniy shaxs hisobidan amalga oshiriladi.
Xoʻjalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan paytdan boshlab uning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganligi oʻz kuchini yoʻqotadi, shuningdek faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun unga berilgan litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.
(122-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrdagi 175-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 1-2-son, 23-modda).
Bankrot deb topilgan jismoniy shaxs uning bankrotligi eʼtirof etilgan kundan eʼtiboran bir yil ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatga olinishi mumkin emas.
Xoʻjalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi qaror nusxasini ayni shu shaxsni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatga olgan organga yuboradi.
123-modda. Xoʻjalik sudining qarorini bajarish
Xoʻjalik sudining qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qarori hamda undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisidagi ijro varaqasi qarzdorning mol-mulki sotilishini amalga oshirish uchun sud ijrochisiga yuboriladi. Qarzdor-jismoniy shaxsning barcha mol-mulki sotilishi kerak, ushbu Qonunga muvofiq tugatish massasiga kirmaydigan mol-mulk bundan mustasno.
Qarzdor bedarak yoʻqolgan taqdirda jismoniy shaxsning koʻchmas mol-mulkini yoki qimmatli koʻchar mol-mulkini doimiy boshqaruv zarur boʻlganda xoʻjalik sudi mazkur maqsadlar uchun ishonchli shaxsni tayinlaydi va unga toʻlanadigan haq miqdorini belgilaydi. Bu holda qarzdor-jismoniy shaxsning mol-mulki ochiq kimoshdi savdosida sotiladi.
Qarzdorning mol-mulkini sotishdan tushgan, shuningdek mavjud naqd pul mablagʻlari jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan xoʻjalik sudining depozitiga kiritiladi.
124-modda. Kreditorlarning talablarini koʻrish
Xoʻjalik sudi kreditorlar tomonidan ushbu Qonun 122-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan muddatda bildirilgan talablarni koʻradi. Koʻrish natijalari asosida xoʻjalik sudi kreditorlarning talablarini qondirish tartibi va miqdori toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
125-modda. Kreditorlarning talablarini qondirish tartibi
Kreditorlarning talablari xoʻjalik sudi depozitiga kiritilgan pul mablagʻlari hisobidan qondirilgunga qadar bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish va xoʻjalik sudining jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi qarorini bajarish bilan bogʻliq xarajatlar qoplanadi.
Kreditorlarning talablarini navbat boʻyicha qondirish quyidagicha amalga oshiriladi:
birinchi navbatda budjetga va budjetdan tashqari fondlarga majburiy toʻlovlar xususidagi talablar, hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazganlik uchun qarzdor javobgar boʻlgan fuqarolarning talablari tegishli vaqtbay toʻlovlarni kapitallashtirish yoʻli bilan, aliment undirish toʻgʻrisidagi talablar, shuningdek mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotgan shaxslar mehnatiga haq toʻlash va ularga ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlash boʻyicha hisob-kitob qilishni nazarda tutuvchi hamda mualliflik shartnomalari boʻyicha haq toʻlashga doir talablar qondiriladi;
ikkinchi navbatda kreditorlarning pul majburiyatlari boʻyicha qarzdorning mol-mulki garovi bilan taʼminlangan talablari qondiriladi;
uchinchi navbatda boshqa kreditorlar bilan hisob-kitob qilinadi.
Har qaysi navbat boʻyicha talablar oldingi navbat talablari toʻla-toʻkis bajarilganidan keyin qondiriladi.
Xoʻjalik sudining depozitida pul mablagʻlari yetarli boʻlmagan taqdirda bu mablagʻlar tegishli navbatdagi kreditorlar oʻrtasida ular talablarining summasiga mutanosib tarzda taqsimlanadi.
126-modda. Qarzdorni majburiyatlardan ozod qilish
Bankrot deb topilgan jismoniy shaxs kreditorlar bilan hisob-kitob qilish tugaganidan keyin kreditorlarning jismoniy shaxsni bankrot deb topish taomili amalga oshirilayotganda bildirilgan talablarini kelgusida bajarishdan ozod etiladi, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablar bundan mustasno.
Kreditorlarning hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talablari, alimentlarni undirish toʻgʻrisidagi talablar, shuningdek shaxsiy tusdagi, xoʻjalik sudining jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi qarorini ijro etish tartibida bajarilmagan yoki qisman bajarilgan yoxud jismoniy shaxsni bankrot deb topish taomili amalga oshirilayotganida bildirilmagan boshqa talablar oʻz kuchida qoladi va jismoniy shaxsni bankrot deb topish taomili tugallanganidan keyin tegishincha toʻla hajmda yoki qondirilmagan qismi hajmida bildirilishi mumkin.
Qarzdor tomonidan mol-mulkning yashirilganligi yoki uning oʻz mol-mulkini uchinchi shaxslarga gʻayriqonuniy tarzda berganligi faktlari aniqlangan taqdirda bankrotlik jarayonida talablari qondirilmay qolgan kreditor undiruvni ana shu mol-mulkka qaratish talabini taqdim etishga haqli.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.13.00 Soddalashtirilgan bankrotlik jarayoni]
X BOB. BANKROTLIK TAOMILINI SODDALAShTIRISh
§ 1. Tugatilayotgan qarzdor bankrotligining xususiyatlari
127-modda. Tugatilayotgan qarzdorning bankrotligi
Agar qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmaganligi va (yoki) ustav fondini shakllantirmaganligi munosabati bilan uni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan qarzdor-yuridik shaxsning mol-mulki qiymati kreditorlarning talablarini qondirishga yetarli boʻlmasa, bunday yuridik shaxs ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda tugatiladi. Shu bilan birga davlat yuridik shaxsning kreditori boʻlgan taqdirda, yuridik shaxsni tugatish qonun hujjatlarida ana shu toifadagi yuridik shaxslar uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar aniqlangan taqdirda tugatish komissiyasi qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan xoʻjalik sudiga yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli choralarni koʻrishi uchun davlat soliq xizmati organlariga murojaat etishi shart.
(127-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda).
128-modda. Tugatilayotgan qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisidagi ishni koʻrish xususiyatlari
Xoʻjalik sudi tugatilayotgan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilib, ishonchli shaxsni tasdiqlaydi.
Kreditorlar tugatilayotgan qarzdorga boʻlgan oʻz talablarini tugatilayotgan qarzdor bankrot deb topilganligi toʻgʻrisidagi eʼlon chop etilgan paytdan boshlab bir oylik muddat ichida taqdim etishga haqli.
129-modda. Qarzdorni bankrotlik tartibida tugatishdan bosh tortish oqibatlari
Ushbu Qonun 127-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablarning buzilishi yuridik shaxslarning davlat reyestriga yuridik shaxs tugatilganligi toʻgʻrisidagi yozuvni kiritishni rad etish uchun asos boʻladi.
§ 2. Hozir boʻlmagan qarzdorning bankrotligi
130-modda. Hozir boʻlmagan qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisida ariza berishning xususiyatlari
Qarzdor-jismoniy shaxs yoki amalda oʻz faoliyatini tugatgan qarzdor-yuridik shaxsning rahbari hozir boʻlmagan va uning qayerdaligini aniqlashning imkoni boʻlmagan taqdirda, qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza kreditorlik qarzi miqdoridan qatʼi nazar kreditor, bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi, soliq organi yoki boshqa vakolatli organ, shuningdek prokuror tomonidan berilishi mumkin.
131-modda. Hozir boʻlmagan qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisidagi ishni koʻrish
Xoʻjalik sudi hozir boʻlmagan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qarzdorni bankrot deb topish haqidagi arizani oʻz ish yurituviga qabul qilib olgan kundan eʼtiboran ikki haftalik muddat ichida qaror qabul qiladi.
Xoʻjalik sudining qarori bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organiga yuboriladi, bu organ mazkur qarorni olgan kundan eʼtiboran bir haftalik muddat ichida xoʻjalik sudiga ishonchli shaxs nomzodini taqdim etadi. Xoʻjalik sudi ishonchli shaxsni bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi xodimlari orasidan tayinlashi mumkin.
Ishonchli shaxs oʻzi aniqlagan barcha kreditorlarni qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qiladi, ular bu xabarni olgan kundan eʼtiboran bir oylik muddat ichida ishonchli shaxsga oʻz talablarini taqdim etishlari mumkin.
Ishonchli shaxs qarzdorning mol-mulkini topgan taqdirda xoʻjalik sudi uning iltimosnomasiga binoan bankrotlikning soddalashtirilgan taomilini bekor qilish hamda ushbu Qonunda nazarda tutilgan bankrotlikning umumiy taomiliga oʻtish toʻgʻrisida ajrim chiqarishi mumkin.
XI BOB. YAKUNLOVChI QOIDALAR
132-modda. Bankrotlikka olib kelgan gʻayrihuquqiy harakatlar
Bankrotlikka olib kelgan gʻayrihuquqiy harakatlar deyilganda mansabdor shaxslarning yoki qarzdor mol-mulki egalarining yoxud kreditor (kreditorlar) yoki boshqa shaxslarning qasddan qilgan xatti-harakatlari bilan bogʻliq, qarzdorga yoki kreditorga (kreditorlarga) zarar yetkazgan qoidabuzarliklar tushuniladi.
Quyidagilar ham gʻayrihuquqiy harakatlar jumlasiga kiradi:
qarzdor mol-mulkining yoki majburiyatlarining hammasini yoki bir qismini yashirish;
qarzdorning xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq hisobga olishning har qanday hujjatini yashirish, yoʻq qilish, soxtalashtirish;
mol-mulkni (shu jumladan pul mablagʻlarini) yashirish maqsadida boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga berib yuborish;
buxgalterlik hujjatlariga zarur yozuvlarni kiritmaslik;
qarzdorning kreditga olingan va haqi toʻlanmagan mol-mulkining hammasini yoki bir qismini sotish, yoʻq qilish, garov sifatida qoʻyish;
mansabdor shaxslarning yoki qarzdor mol-mulki egalarining shaxsiy manfaatlarini yoxud uchinchi shaxslarning manfaatlarini koʻzlab qarzdorning toʻlovga qobiliyatsizligini oshirish;
aylanma mablagʻlarni qaytarmay boshqa maqsadlarga ishlatish;
kreditorlarga toʻlanadigan toʻlovlardan siylov olish yoki toʻlovni boʻlib-boʻlib toʻlashga erishish uchun kreditorlarni chalgʻitish maqsadida oʻzining nochorligini qasddan yolgʻon (soxta) eʼlon qilish;
kreditorga (kreditorlarga) zarar yetkazish maqsadini koʻzlagan holda boshqa har qanday usul bilan qasddan bankrotlikka olib kelish;
kreditorning talablarini boshqa kreditorlarning zarariga afzalroq qondirish, shunday qondirishga rozilik berish;
soliqlar va qarzlarni toʻlashdan qochish maqsadida qarzdorning qasddan oʻzini oʻzi tugatishi.
Bankrotlikni keltirib chiqargan gʻayrihuquqiy harakatlar olgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishlari mumkin.
133-modda. Tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxsning arizalarini va kreditorlarning shikoyatlarini koʻrish
Tashqi boshqaruv yoki tugatishga doir ish yuritish jarayonida tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs bergan arizalar, shu jumladan ular bilan kreditorlar oʻrtasida kelib chiqqan kelishmovchiliklar toʻgʻrisidagi arizalar, shuningdek kreditorlarning oʻz huquq va manfaatlari buzilganligi xususidagi shikoyatlari tegishli ariza va shikoyatlar olingan kundan eʼtiboran ikki haftalik muddatdan kechiktirmay xoʻjalik sudi tomonidan koʻriladi. Ularni koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi.
Tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs va qarzdorning xodimlari vakili oʻrtasidagi kelishmovchiliklar ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatlarda koʻriladi.
Pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar tarkibi, miqdori va ularni toʻlash navbati xususida kreditorlar, soliq organlari va boshqa vakolatli organlar bilan tashqi boshqaruvchi yoxud ishonchli shaxs oʻrtasida kelib chiqadigan kelishmovchiliklar xoʻjalik sudi tomonidan ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda koʻriladi.
Mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslar mehnatiga haq toʻlash va ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlashga doir talablarning tarkibi va miqdori xususida qarzdorning xodimlari vakili bilan tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs oʻrtasida kelib chiqadigan kelishmovchiliklar xoʻjalik sudi tomonidan ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda koʻriladi.
Xoʻjalik sudining ajrimi ustidan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda shikoyat qilinishi mumkin.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 167, 168-moddalar; 1999-y., 9-son, 229-modda; 2000-y., 5-6-son, 153-modda; 2001-y., 1-2-son, 23-modda)