toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni izchil davom ettirish, jumladan boshqaruvni takomillashtirish, sohani rivojlantirishning kelgusi istiqbollarini belgilash, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanishni tashkil etish orqali sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish maqsadida:
1. Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti (keyingi o‘rinlarda — Institut) etib qayta tashkil qilinsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-dekabrdagi PQ-4063-sonli “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 3-bandi.
2. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:
sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga qarshi kurashish hamda oldini olish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining barqaror tibbiy madaniyatini shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
ilg‘or va maqbul xorijiy tajriba asosida sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, o‘rta muddatli va uzoq muddatli rivojlanish ssenariylari va strategiyalari bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;
tibbiy statistikani shakllantirish va yuritish, statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirishda xalqaro standartlar va metodikalarni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, tibbiyot sohasidagi statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash, umumlashtirish, tahlil qilish, tarqatish va saqlash borasidagi ishlarni takomillashtirish.
Belgilansinki, 2024-yil 1-yanvardan Institut va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish shartlariga ko‘ra, tegishli ravishda, Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy boshqaruv organlari xodimlariga tenglashtiriladi.
3. Sog‘liqni saqlash vazirligi Institut bilan birgalikda ikki oy muddatda 2024 — 2026-yillarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanishni tizimli targ‘ib qilish va ommalashtirish dasturini ishlab chiqsin va unda, jumladan quyidagilarni nazarda tutsin:
sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan yiliga 25 tagacha promo-roliklar, dastur va teleko‘rsatuvlar tayyorlash;
uyali telefon foydalanuvchilariga kasalliklar profilaktikasi va sog‘lom turmush tarzi asoslari bo‘yicha har kuni qisqa xabarlar (SMS) yuborish;
jurnalistlar va boshqa matbuot vakillari o‘rtasida har yili “Sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha yilning eng yaxshi targ‘ibotchisi” tanlovini o‘tkazish;
bozorlar, samolyot, poyezd, avtobus, metro, supermarketlar va fuqarolar ommaviy yig‘iladigan boshqa joylarda sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha roliklar namoyish qilish, radiomaslahatlar taqdim qilish va bukletlar tarqatishni ta’minlash.
4. Sog‘liqni saqlash vazirligi xalqaro tashkilotlar va xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda 2023-yil yakuniga qadar ilg‘or xorijiy tajriba asosida quyidagilarga asosiy e’tiborni qaratgan holda “Aholi salomatligi — 2030” milliy strategiyasi ishlab chiqilishini ta’minlasin:
aholini maksimal qamrab olgan holda birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatini unga yanada yaqinlashtirish;
fuqarolarning sog‘lom turmush tarzini, sog‘lom ovqatlanishini va jismoniy faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularni aholi orasida har tomonlama targ‘ib qilish;
onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholining bu boradagi ehtiyojlarini qondirish;
ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘lamini kengaytirish;
sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish, qog‘ozbozlikka, asossiz byurokratiyaga va navbatlarga chek qo‘yish, aholiga tibbiyot muassasalariga murojaat qilganida qulayliklar yaratish;
zamonaviy va samarali boshqaruv usullarini joriy qilish va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish;
kadrlar salohiyatini oshirish, tibbiy ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish;
xususiy sektorni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish hamda yirik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish;
tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
farmatsevtika tarmog‘ini samarali tartibga solish.
5. Quyidagilar Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasiga o‘tkazilsin:
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-dekabrdagi 993-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori.
2024-yil 1-yanvardan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4890-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom.
6. Belgilansinki:
mazkur Farmonning 5-bandida ko‘rsatilgan muassasalar Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasiga mustaqil yuridik shaxs maqomi hamda ular faoliyatini moliyalashtirishning amaldagi manbalari va tartibini saqlab qolgan holda o‘tkaziladi;
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi farmatsevtika sanoati barqaror rivojlanishi uchun javobgarlikni to‘liq zimmasiga oladi;
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining kuzatuv kengashi tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi doirasida tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun jalb qilinadigan yetkazib beruvchilar (davlat va nodavlat)ni, xarid qilinadigan tibbiy yordamlar hajmini mustaqil belgilaydi va o‘z budjetini shakllantiradi;
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi 2027-yil 1-yanvardan Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibidan chiqadi va mustaqil jamg‘arma sifatida faoliyat yuritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha tasdiqlangan standartlarga muvofiq tibbiy xizmatlarning bazaviy narxlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi;
(6-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-fevraldagi PF-35-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/35/0204-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 26 fevraldagi PF-3214-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifadagi shaxslar ro‘yxati.
sog‘liqni saqlash vaziri va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijrochi direktori 2026-yilning yakuniga qadar tibbiy sug‘urtaning respublika bo‘ylab to‘liq joriy etilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
7. 2024-yil 1-yanvardan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida quyidagilarni birlashtirish orqali yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi) tashkil etilsin:
Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi;
Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi;
Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi;
Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bemor bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi PQ-217-sonli “Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bemor bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Quyidagilar 2024-yil 1-yanvardan Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
a) Davlat budjetidan har yili ajratiladigan 350 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar;
b) spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish xarajatlari uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;
v) iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish uchun Davlat budjetidan har yili ajratiladigan 50 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar;
g) Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasalar va tashkilotlarning bo‘sh turgan binolari, ko‘chmas mulk obyektlari va yer uchastkalarini ommaviy savdolar (auksion)da sotishdan tushadigan mablag‘larning Davlat budjetiga o‘tkaziladigan qismining 50 foizi. Bunda tushumlar quyidagi ulushlarda taqsimlanadi:
46 foizi — O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga;
46 foizi — Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasiga;
5 foizi — Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasiga;
3 foizi — Sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga;
d) Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning mol-mulkini ijaraga berishdan tushadigan tushumlarning mahalliy budjetlarga o‘tkaziladigan qismining 100 foizi. Bunda tushumlar quyidagi ulushlarda taqsimlanadi:
40 foizi — davlat mulkini balansda saqlovchiga;
25 foizi — Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasiga;
20 foizi — Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markaziga;
e) xalqaro moliya institutlarining, hukumat va nohukumat tashkilotlarning grantlari va texnik ko‘mak mablag‘lari;
j) G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi tomonidan Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasining vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
z) jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
i) qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
9. Belgilansinki, Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari quyidagilarga sarflanadi:
sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davlat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, dasturiy mahsulotlar sotib olish va axborot-kommunikatsiya tarmoqlariga texnik xizmat ko‘rsatish;
tibbiy asbob-uskunalar, kompyuterlar, planshetlar, multimedia va tarmoq qurilmalari, dasturiy ta’minotlarni xarid qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish va rivojlantirish;
sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davlat tibbiyot muassasalarining xodimlarini xorijda tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, o‘qitish, malaka oshirish va tajriba almashishni respublikada tashkil etish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish;
sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasalar va tashkilotlarning kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish;
onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun mutaxassislarni, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;
mahalliy va xorijiy ekspertlar va konsalting tashkilotlarini jalb qilish, sog‘liqni saqlash sohasidagi keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirish maqsadida ekspertlik guruhi faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish;
onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalarini kapital va joriy ta’mirlash, qurish va rekonstruksiya qilish, ularga asbob-uskunalar, dori vositalari, tibbiy buyumlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini xarid qilish;
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida og‘ir kasallikka chalingan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning respublikada amalga oshirilmaydigan jarrohlik amaliyotlarini xorijiy mamlakatlarda o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;
onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarga respublika hududidagi davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarining yuqori texnologik tashxis va davolash-profilaktika xizmatlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash;
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi xodimlarini o‘qitish, qayta tayyorlash va stajirovkasini tashkil etish, shu jumladan xorijiy mamlakatlarga tashriflarini, O‘zbekiston hududidan tashqarida o‘tkaziladigan konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishini, xizmat safariga yuborilishini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;
oliy va o‘rta tibbiyot ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalariga maxsus stipendiyalar to‘lashga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish;
Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi va uning direksiyasi, shuningdek, Institut va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;
Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga qaratilgan boshqa tadbirlarni hamda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish.
10. 2024-yil 1-yanvardan Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati tuzilmasida vazirlik boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi direksiyasi tashkil etilsin.
11. Belgilansinki:
Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi mazkur Farmonda nazarda tutilgan birlashtirilayotgan jamg‘armalarning barcha majburiyatlari va daromadlar manbalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari uning kuzatuv kengashi qaroriga asosan qat’iy ravishda ushbu Farmonda ko‘rsatilgan yo‘nalishlarga sarflanadi;
Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasining joriy moliya yilida foydalanilmagan (o‘zlashtirilmagan) mablag‘lari keyingi moliya yiliga o‘tkaziladi.
12. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Adliya vazirligi bir oy muddatda Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni hamda uning kuzatuv kengashi tarkibini tasdiqlasin.
Bunda, Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini sarflashning shaffof tartibini, uning daromadlari va xarajatlari to‘g‘risida hisobdorlikni, shuningdek, faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash masalalarini nazarda tutish.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
14. Sog‘liqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
15. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Sh. Inoyatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 6-sentabr,
PF-156-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-sentabrdagi PF-156-son Farmoniga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-14-son Farmonida:
“2. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi” bo‘limining 4-pozitsiyasi chiqarib tashlansin;
“12. Sog‘liqni saqlash vazirligi” bo‘limida:
“Jami boshqaruv shtat birliklari soni” va “Davlat budjeti hisobidan” ustunlaridagi “4” raqami “5” raqami bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi 2-pozitsiya bilan to‘ldirilsin:

2.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi

42

23

19

shu jumladan direktor o‘rinbosarlari soni

2

2

;

2-bandning 2.4-kichik bandi chiqarib tashlansin;
12-band quyidagi mazmundagi 12.2-kichik band bilan to‘ldirilsin:
“12.2. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi”;
2.4-pozitsiya chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi 12.2-pozitsiya bilan to‘ldirilsin:

12.2

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi

Farmagentlik

Farmagentstvo

;

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4592-son qarorining 9-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2024-yil 1-yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tushadigan tamaki mahsulotlari uchun aksiz solig‘i yig‘im summasining 7 foizi”.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi “Ma’muriy islohotlar doirasida sog‘liqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-197-son qarori 3-ilovasining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tashkiliy tuzilmasi

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi

Salomatlik va strategik rivojlanish instituti

“O‘zmedimpeks” davlat muassasasi

“IT-Med” davlat muassasasi

“Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi” davlat muassasasi

“Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi” davlat muassasasi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi

Ilmiy-tadqiqot va tibbiy ta’lim muassasalari, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash muassasalari

“O‘ztibtexnika” davlat muassasasi

Respublika tibbiyot va yordamchi tashkilotlar

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tizimidagi respublika tashkilotlari

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi,

viloyatlar va Toshkent shahri sog‘liqni saqlash boshqarmalari

 

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tizimidagi hududiy tashkilotlar

 

Ilmiy-tadqiqot va tibbiy ta’lim muassasalari, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash muassasalarining hududiy bo‘linmalari va bo‘limlari (filiallari)

Hududiy tibbiyot va yordamchi tashkilotlar

 

Xususiy va idoraviy tibbiyot tashkilotlari

Tuman (shahar)lar tibbiyot birlashmalari

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tizimidagi tuman (shahar) tashkilotlari

Tuman (shahar)lar markaziy shifoxonalari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, tug‘uruq majmualari, ixtisoslashtirilgan shifoxona va dispanserlar

 

.

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.09.2023-y., 06/23/156/0684-son; 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son; 01.03.2025-y., 06/25/35/0204-son)