toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda yuqumli boʻlmagan kasalliklar hamda ularning xavf omillarining oldini olish, davolash va nazorat qilish, aholining barvaqt oʻlim hamda kasallanishini kamaytirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, aholi salomatligini muhofaza qilish borasida profilaktika chora-tadbirlarini samarali muvofiqlashtirish tizimi mavjud emasligi fuqarolarning jismoniy faolligi darajasini qoʻllab-quvvatlash va sogʻlom turmush tarzini yuritishda kelishilgan choralar koʻrish imkonini bermayapti.
Aholining tibbiy va sanitar-gigiyenik madaniyati darajasining pastligicha qolayotganligi natijasida asosiy eʼtibor profilaktikaga emas, kasalliklar bilan kurashishga qaratilmoqda.
Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faolligini oshirishni tashkil qilish va boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5590-son Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar:
2019 — 2022-yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish Konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
2019 — 2022-yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari Dasturi (keyingi oʻrinlarda — chora-tadbirlar Dasturi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlaridan biri etib belgilansin — xodimlar jamoasining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash, ularning jismoniy faolligi darajasini oshirish maqsadida barcha zarur sharoitlarni yaratish, ushbu vazifalarga erishishga qaratilgan chora-tadbirlarni muntazam ravishda tashkil qilib borish.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligining:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Respublika diyetologiya oʻquv-ilmiy markazi negizida davlat muassasasi shaklida Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi huzurida yuridik shaxsni tashkil etmagan holda Markazning hududiy boʻlimlarini;
tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari huzuridagi “Salomatlik” markazlari negizida yuridik shaxsni tashkil etmagan holda Markazning tuman va shahar boʻlinmalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
4. Quyidagilar Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli boʻlmagan kasalliklar va ularning xavf omillariga qarshi kurashish hamda oldini olish boʻyicha maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va joriy etish;
sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va ommaviy sport harakatini tibbiyot profilaktikasi bilan integratsiyalashtirish boʻyicha ommaviy tadbirlarni oʻtkazish;
sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish masalalari boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
aholi salomatligi holatini monitoring qilishning yagona tizimini yaratish, zamonaviy axborot va innovatsion texnologiyalarini joriy etish bilan birga umrni uzaytirish va salomatlikni mustahkamlashga oid aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va tavsiyalarni tatbiq etishda koʻmaklashish;
umumeʼtirof etilgan xalqaro uslublar asosida doimiy populyatsiya tekshiruvlari va yuqumli boʻlmagan kasalliklarning xavf omillari boʻyicha soʻrovlar oʻtkazish;
notoʻgʻri ovqatlanish bilan bogʻliq kasalliklarning oldini olish va tarqalishi darajasini kamaytirish, keng koʻlamda tushuntirish ishlarini tashkil qilish va aholining sogʻlom turmush tarzi garovi sifatida toʻgʻri ovqatlanish targʻibotini kuchaytirish;
sifatning zamonaviy xalqaro standartlariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy turlarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazish;
taʼlim muassasalari bilan birgalikda yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olish va aholining sogʻlom turmush tarzini shakllantirish masalalari yuzasidan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va uzluksiz kasbiy rivojlanishi boʻyicha tadbirlarni tashkil qilish va ularda ishtirok etish.
5. Belgilansinki:
Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tashkiliy tuzilmasiga kiradi va unga hisobot beradi;
Markaz, uning hududiy boʻlimlari va tuman (shahar) boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boʻlinmalar) Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Respublika diyetologiya oʻquv-ilmiy markazi va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari huzuridagi “Salomatlik” markazlarining umumiy shtat birliklari va ish haqi fondi doirasida tashkil etiladi;
Markaz va uning hududiy boʻlinmalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, xalqaro moliya tashkilotlari va institutlarining grantlari va kreditlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari huzuridagi “Salomatlik” markazlari shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan boʻshagan mablagʻlar Markaz va uning hududiy boʻlinmalarining xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi hamda har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetini shakllantirishda ushbu maqsadlar nazarda tutiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Markaz aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, boshqa davlat boshqaruvi organlari, jamoat va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
(5-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Markaz unga yuklatilgan vazifalar doirasida vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlaridan zarur statistik va tahliliy maʼlumotlarni soʻrash va bepul olish huquqiga ega;
Markazni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshqaradi;
Markaz direktori mehnatga haq toʻlash sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining bosh boshqarma boshligʻiga tenglashtiriladi.
6. Markaz va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarining cheklangan umumiy soni 838 nafar etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda Markaz va uning hududiy boʻlinmalari nizomlari va tuzilmalarini tasdiqlasin, bunda Markaz direktoriga, zarur boʻlganda, tasdiqlangan tuzilmalarga xodimlarning cheklangan umumiy soni va ish haqi fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019-yilning 1-dekabriga qadar keng doirada oʻtkaziladigan jamoatchilik muhokamalari natijasida alkogol va tamaki mahsulotlar isteʼmolini cheklash boʻyicha, shuningdek, quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi qoʻshimcha chora-tadbirlarni qabul qilsin:
Alkogol mahsuloti idishining yorligʻida hamda tamaki mahsulotining qutisida (oʻrovida) tibbiy ogohlantirishlarni joylashtirish uchun asosiy maydon oʻlchamini kengaytirish;
tamaki mahsuloti qutisida (oʻrovida) matnli yozuv va rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirishlarni joylashtirish;
alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boruvchi organlarni hamda shunday nazoratni olib borishning mexanizmlarini aniqlashtirish;
jamoat joylari va transportning belgilanmagan joylarida alkogol va tamaki mahsulotlar isteʼmoli uchun javobgarlikni kuchaytirish;
jamoat joylarda va transportning belgilanmagan joylarida alkogol va tamaki mahsulotlari isteʼmolini cheklash maqsadida vakolatli shaxslar tomonidan (korxona, tashkilot, muassasalarning maʼmuriyatlari, shu jumladan jamoat joylarida joylashgan inshoot, bino (imorat), boshqa obyektlar hamda transport vositalarining egalari) choralar koʻrilmagani uchun javobgarlikni belgilash.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
a) respublikaning barcha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga:
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining arterial gipertoniya, qandli diabet, bronxial astma va oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalligi va boshqa yuqumli boʻlmagan kasalliklar boʻyicha klinik protokollar, standartlar hamda tavsiyalar talablarini;
qoʻllab-quvvatlovchi kuratorlik tizimi orqali tibbiy xizmatlarning uzluksiz baholash va sifatini oshirish mexanizmlarini;
har bir bemor uchun yuqumli boʻlmagan kasalliklar va xavf omillari boʻyicha salomatlik profillarini yaratishni nazarda tutgan dasturiy taʼminotini tatbiq etsin;
b) oziq-ovqat mahsulotlarni tarkibida yogʻlar, tuz va qand miqdori yuqori boʻlgan mahsulotlar toifasiga kiritish mezonlari va tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
v) tarkibida yogʻlar, tuz va qand miqdori yuqori boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish, ishlab chiqarish (tayyorlash), sotish va isteʼmolini cheklash boʻyicha takliflar kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab, Toshkent tibbiyot akademiyasi magistraturasining yangi “Nutritsiologiya” yoʻnalishini ochish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarida:
ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari;
haftasiga kamida bir marotaba xodimlarning jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlarda (yugurish, suzish, futbol, voleybol, basketbol, tennis va boshqalarda) ishtirok etishini nazarda tutadigan “Salomatlik kuni”;
muntazam ravishda xodimlar orasida ommaviylashgan sport turlari boʻyicha sport musobaqalari va boshqa jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar oʻtkazib borilishi amaliyotga joriy etilsin.
11. Davlat organlari va tashkilotlari texnologiya, ishlab chiqarish va ish sharoitlaridan kelib chiqib, xodimlariga ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslarni belgilasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:
a) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
ishlab chiqarish gimnastikasining namunaviy mashqlar kompleksini;
transportda qatnash jihatidan qulayligi va masofani inobatga olgan holda korxonalar, tashkilotlar va muassasalar xodimlariga shugʻullanish uchun tavsiya etiladigan sport inshootlari roʻyxatini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-aprelga qadar tuman (shaharlar) boʻyicha zonalarga boʻlib hamda ish faoliyatining tavsiflari, mashgʻulotlarning narxi, ish vaqti va boshqa maʼlumotlarni keltirib oʻtgan holda, sport inshootlarining yagona bazasini yaratsin hamda Internet tarmogʻiga joylashtirilishini taʼminlasin.
13. Belgilansinki, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari jamoasiga sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratish, shu jumladan sport obyektlariga shugʻullanish (qurish, jihozlash) boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish tegishli davlat organlari va tashkilotlarning budjetdan tashqari mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining aholining keng qatlamlari orasida quyidagilarni oʻz ichiga olgan “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
aholining umumiy jismoniy tayyorgarligi darajasiga sport normativlarini va davlat talablarini belgilash;
aholining turli yoshdagi guruhlari oʻrtasida sport musobaqalarini oʻtkazish;
yuqori koʻrsatkichlarga erishgan fuqarolarni “Alpomish” va “Barchinoy” I, II va III darajali koʻkrak nishonlari bilan taqdirlashni joriy etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testlarni oʻtkazishni tashkil qilish toʻgʻrisida hukumat qarorini qabul qilsin.
15. Quyidagilar:
Markazning davlat organlari va tashkilotlari bilan samarali hamkorligini taʼminlash, shu jumladan yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olish, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish boʻyicha sifatli chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan taʼsirchan nazorat oʻrnatish — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov;
Oldingi tahrirga qarang.
Markaz va uning hududiy boʻlinmalari faoliyatini talab darajasida tashkil etish, jamiyat sogʻligʻini saqlashni taʼminlash, aholini sogʻlom turmush tarziga daʼvat qilish boʻyicha choralar koʻrish, fuqarolarda oʻzining va atrofdagilarning salomatligi uchun masʼullik hissini shakllantirish — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri A.Sh. Inoyatov;
(15-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oldingi tahrirga qarang.
aholi, ayniqsa yoshlar orasida jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishni ommalashtirish boʻyicha tadbirlarni tashkillashtirish hamda aholining keng qatlamlari uchun sport inshootlari va inventaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlash — Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov;
(15-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oldingi tahrirga qarang.
taʼlim muassasalari oʻquv dasturlariga oʻquvchilarni sogʻlom turmush tarzini olib borish va jismoniy faolligi darajasini oshirishni taʼminlash tadbirlarini kiritish, taʼlim muassasalari hududida oʻquvchilarning salomatligiga ziyon yetkazadigan oziq-ovqat mahsulotlari sotilishiga yoʻl qoʻymaslik — Oʻzbekiston Respublikasining maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri I.Yu. Abduraxmonov;
(15-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Konsepsiya va chora-tadbirlar Dasturida belgilangan tadbirlarni sifatli, oʻz vaqtida va toʻliq bajarish boʻyicha shaxsiy javobgarlik — davlat organlari va tashkilotlarning rahbarlari zimmasiga yuklansin.
16. Markaz Toshkent shahri, Olmazor tumani, Farobiy koʻchasi, 2-uy manzili boʻyicha joylashtirilsin.
17. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 18-dekabr,
PQ-4063-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-dekabrdagi PQ-4063-son qaroriga
1-ILOVA
2019 — 2022-yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish
Konsepsiyasi
1-bob. Nosogʻlom turmush tarzi va yetarlicha boʻlmagan jismoniy faollik natijasida yuzaga kelgan aholi salomatligining bugungi holati
Yurak qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli oʻsmalar, nafas olish aʼzolarining surunkali kasalliklari va qandli diabet kabi yuqumli boʻlmagan kasalliklar butun dunyoda nogironlik va oʻlimlarning asosiy sabablaridir. Ular asosan yuqori qon bosimi, tamaki va alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilish, qondagi xolesterinning yuqori darajasi, ortiqcha tana vazni, meva va sabzavotlarni yetarlicha isteʼmol qilmaslik va sust jismoniy faollik kabi xavfli omillar tufayli yuzaga keladi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, keyingi bir necha oʻn yil ichida ortiqcha tana vazni va semizlik muammosi butun dunyoda kuchayib bormoqda. 2015-yilning oʻzida yuqumli boʻlmagan kasalliklar 40 million odamning umriga zavol boʻldi, bu esa dunyo boʻyicha barcha oʻlim holatlarining 70 foizini tashkil qiladi.
Oʻzbekistonda har yili barcha oʻlim holatlarining 78 foizi yuqumli boʻlmagan kasalliklar tufayli yuz bermoqda. 2017-yilda jinsi va yoshi boʻyicha standartlashtirilgan oʻlim sabablari umumiy tuzilmasida birinchi oʻrinni qon aylanish tizimi kasalliklari (69 foiz), shu jumladan yurak ishemik kasalligi, arterial gipertoniya va uning asoratlari (miokard infarkti, bosh miyaga qon quyilishi) egalladi. Ulardan keyin xavfli oʻsmalar (8 foiz), qandli diabet (3 foiz) va nafas olish aʼzolarining surunkali kasalliklari (3 foiz) joy oldi.
2014-2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda respublikaning 18 — 64 yoshdagi aholisi orasida oʻtkazgan tadqiqot natijalari quyidagilarni koʻrsatdi:
har kuni aholining uchdan ikki qismi (67 foiz) sabzavot va mevalarni yetarli miqdorda isteʼmol qilmaydi (400 grammdan kam);
aholining yarmi ortiqcha vaznga ega (tana vazni indeksi ≥ 25 kg/m2);
katta yoshdagi aholining har beshinchisida semizlik aniqlangan (tana vazni indeksi ≥ 30 kg/m2);
aholining 46 foizida qondagi xolesterin darajasi ortganligi qayd qilingan;
erkaklarning 42 foizi va ayollarning 1,5 foizi tamaki chekadi;
aholining deyarli uchdan bir qismida yuqori arterial bosim (≥ 140/90 mm Hg) qayd qilinmoqda;
aholining 9 foizi och qoringa qondagi glukozaning ortgan darajasiga ega (≥6,1 mol/1);
40 — 64 yoshdagi aholining beshdan bir qismi oʻn yil ichida yurak qon-tomir kasalliklari rivojlanishi xavfiga ega;
aholi orasida bir kunda isteʼmol qilinayotgan tuz miqdori oʻrtacha 14,9 grammni tashkil qiladi, bu esa Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan koʻrsatkichdan (kuniga koʻpi bilan 5 gramm) 3 baravar ortiq.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining baholashiga koʻra, 2016-yilda yuqumli boʻlmagan kasalliklar yetkazgan iqtisodiy zarar taxminan 9,3 trillion soʻmni tashkil qildi, bu esa mamlakat yalpi ichki mahsulotining 4,7 foiziga teng.
Mutaxassislar xavfli omillar profilaktikasi va yuqumli boʻlmagan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordamni tashkil qilish va koʻrsatish tizimini yaxshilash orqali Oʻzbekistonda yuqumli boʻlmagan kasalliklar sababli barvaqt oʻlim topish holatlari 31 foizining oldini olish yoki kechiktirish mumkinligini taʼkidlamoqda.
2-bob. Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish tizimini tashkil qilishdagi muammolar va kamchiliklar
Hozirgi paytda respublika aholisini sogʻlom ovqatlanish bilan taʼminlash sohasida quyidagi kamchiliklar mavjud:
qand-shakar oʻrnini bosuvchi tabiiy mahsulotlar yetarli hajmda ishlab chiqarilmasligi;
taʼlim muassasalarida isteʼmol qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi foydali moddalarning sifat va mutanosiblik talablariga mos kelmasligi;
oziq-ovqat mahsulotlarida zarur vitaminlar va minerallar darajasining pastligi;
ayniqsa, kechki paytlarda haddan tashqari ovqatlanishning oʻsishi.
Bugʻdoy unini mikronutriyentlar bilan boyitish darajasi ishlab chiqarilayotgan va import qilinayotgan barcha navdagi unning 30 foizini tashkil qilmoqda. Mikronutriyentlar bilan boyitilgan bugʻdoy unini aholining taxminan 56 foizi isteʼmol qiladi. Temir yetishmasligi anemiyasining profilaktikasini taʼminlash uchun aholining 90 foizini qamrab olish lozim.
Mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarining kimyoviy tarkibi boʻyicha maʼlumotlar mavjud emas, bu esa aholi uchun sogʻlom ovqatlanish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishni qiyinlashtiradi. Tabiiy va iqtisodiy sharoitlar, milliy anʼanalar, demografik va boshqa xususiyatlarni hisobga olgan holda kasb va jins-yosh guruhlari boʻyicha differensiyalashtirilgan ovqatlanish meʼyorlari ishlab chiqilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Qonuni va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi va isteʼmol qilinishini cheklash boʻyicha boshqa qonun hujjatlari qoidalariga rioya qilish past darajada qolmoqda. 2017-yilda Qashqadaryo viloyatida oʻtkazilgan jamoatchilik monitoringi natijalari quyidagilarni koʻrsatdi:
74 foiz tashkilotlar, muassasalar, korxonalarning hududi va binolarida tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va (yoki) xonalar tashkil qilinmagan;
tamaki mahsulotlarini sotuvchi savdo obyektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida qonunchilikni buzish holatlari (yigirma yoshga yetmagan shaxslarga sigareta sotish yoki sigaretalarni donalab sotish, yigirma yoshga yetmagan shaxslarga sigareta sotishga yoʻl qoʻyilmasligi hamda sigaretalarning inson salomatligiga salbiy taʼsiri haqida ogohlantiruvchi yozuvlarning yoʻqligi) aniqlangan.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida yuqumli boʻlmagan kasalliklarning xavfli omillariga ega bemorlarni barvaqt aniqlash tizimi yetarlicha rivojlanmagan, bemorlarga sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik, tamaki va alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilishdan voz kechish masalalari boʻyicha maslahatlar berish lozim darajada oʻtkazilmaydi.
2015 — 2017-yillarda Qashqadaryo va Fargʻona viloyatlaridagi 8 ta oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlarida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining arterial gipertoniya va qandli diabet boʻyicha klinik protokoli sinovdan oʻtkazildi.
Buning natijasida arterial gipertoniya va qandli diabet ikkinchi turini birlamchi aniqlash deyarli ikki baravarga ortdi, yurak qon-tomir kasalliklari xavfi 30 foizdan yuqori boʻlgan bemorlar hamda yuqumli boʻlmagan kasalliklar xavfli omillariga ega sogʻlom bemorlar aniqlandi, ular uchun bemorga yordam koʻrsatish shaxsiy rejalari tuzildi.
Qoʻlga kiritilgan ijobiy natijalarni hisobga olgan holda, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining ekspertlari tomonidan mazkur tajriba natijalarini birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining barcha muassasalari amaliyotiga joriy qilish maqsadga muvofiqligi asoslab berildi.
Yuqumli boʻlmagan kasalliklarning mavjud monitoring tizimi ijtimoiy himoyalanmagan aholi guruhlarining ijtimoiy-iqtisodiy jihatlarini (etnik kelib chiqishi, maʼlumoti, daromadlar darajasi va boshqalarni) oʻrganish imkonini bermaydi. Yuqumli boʻlmagan kasalliklar xavfli omillarining tarqalganligini oʻrganish boʻyicha ijtimoiy tadqiqotlar oʻtkazish uchun zarur moliyaviy resurslar ajratilmayapti.
Barcha darajalarda tibbiy maʼlumotlarni yigʻish va qayd qilishning yagona elektron tizimi joriy qilinmagan, bu esa monitoringni amalga oshirish jarayonini ancha qiyinlashtiradi va uning sifatini pasaytiradi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tibbiy hujjatlardagi yozuvlar unifikatsiyalashtirilmagan va ixtiyoriy shaklda yoziladi, bemorlarning salomatlik koʻrsatkichlari turli tibbiy hujjatlarda takrorlanadi, maʼlumotlarni statistik qayta ishlash va tahlil qilish qogʻozda amalga oshiriladi.
Natijada, yuqumli boʻlmagan kasalliklarning mavjud monitoring tizimi samarali boshqaruv qarorlari qabul qilinishini taʼminlamaydi.
Fuqarolarni sogʻlom turmush tarzini olib borishga jalb qilish boʻyicha targʻibot ishlari yetarli darajada amalga oshirilmayapti. Mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar faqat miqdoriy va statistik ahamiyatga ega (2017-yilda 200 mingdan ortiq tadbirlar oʻtkazildi, lekin ular samarali va taʼsirchan natijalarni bermayapti).
Axborot-maʼrifiy kampaniyalar qisqa davom etadi va muntazam ravishda oʻtkazilmaydi. Xalqaro tajriba bunday chora-tadbirlar sogʻlom muhitni barpo etish boʻyicha qonunchilik bazasini takomillashtirish, sogʻlom oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishni ragʻbatlantirish, aholini oʻz feʼl-atvorini oʻzgartirishga yoki ish beruvchilarni tashkilot xodimlari orasida sogʻlom muhitni yaratishga undovchi iqtisodiy va maʼmuriy mexanizmlarni qoʻllash kabi boshqa chora-tadbirlar bilan birgalikda amalga oshirilganida samarali boʻlishini koʻrsatadi.
Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligini kuchaytirish sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha faoliyat yoʻlga qoʻyilmagan.
Toshkent tibbiyot akademiyasining Jamiyat salomatligini saqlash maktabi oʻquv dasturining mazmuni koʻp jihatdan sogʻliqni saqlash sohasini boshqarish boʻyicha mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan. Toshkent tibbiyot akademiyasi “Bolalar va oʻsmirlar gigiyenasi va ovqatlanish gigiyenasi” kafedrasining oʻquv dasturi sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatida ishlaydigan ovqatlanish gigiyenasi boʻyicha sanitar vrachlarni tayyorlashga moʻljallangan. Natijada, sogʻlom va parhez ovqatlanish hamda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish sohasida zamonaviy bilimlar, koʻnikmalar va mahoratga ega boʻlgan mutaxassislarning jiddiy yetishmasligi kuzatilmoqda.
Tibbiy oliy taʼlim muassasalarining koʻpchilik oʻqituvchilari yetarlicha amaliy ish tajribasiga ega emas. Tahlillar shu koʻrsatadiki, ayni paytda, xorijda oʻqituvchilar oʻqitish jarayonini koʻpincha davlat va xususiy tashkilotlarda mutaxassis va ekspert sifatida ishlash bilan birgalikda olib boradilar.
Mamlakatda yuqumli boʻlmagan kasalliklarning profilaktikasi va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish uchun respublika darajasida ham, hududiy darajada ham masʼul muassasalar mavjud emas.
3-bob. Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faollik darajasini oshirish maqsadlari, ustuvor yoʻnalishlari va vazifalari
2019 — 2022-yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faollik darajasini oshirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining 2013 — 2020-yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi va ularga qarshi kurashish boʻyicha global harakatlar rejasi, 2015 — 2020-yillarda oziq-ovqat mahsulotlari va ovqatlanish sohasida harakatlar rejasi, 2016 — 2025-yillarda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqasi uchun jismoniy faollik sohasidagi strategiyasi, Tamakiga qarshi kurashish boʻyicha hadli konvensiya, 2012 — 2020-yillarda Yevropada alkogolni zararli isteʼmol qilishni kamaytirish boʻyicha harakatlar rejasi kabi hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Konsepsiya Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish boʻyicha zamonaviy yondashuvlarni oʻz ichiga olgan.
Konsepsiyaning maqsadi yuqumli boʻlmagan kasalliklar va ularning xavfli omillarining oldini olish, davolash hamda nazorat qilish, barvaqt oʻlim holatlari va jamiyat uchun kasalliklar yukini kamaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish yoʻli bilan mamlakat aholisi orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishdan iborat.
Konsepsiyaning strategik ustuvor yoʻnalishlari:
a) yuqumli boʻlmagan kasalliklarning quyidagi xavfli omillariga qarshi kurashish:
nosogʻlom ovqatlanish;
yetarli boʻlmagan jismoniy faollik;
ortiqcha tana vazni;
tamaki va alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilish, shu jumladan chilim va elektron sigaretalarni chekish;
arterial bosimning yuqoriligi, qondagi glukoza va xolesterinning yuqori darajasi;
b) kasalliklarning quyidagi guruhlariga qarshi kurashish:
yurak-tomir kasalliklari (arterial gipertoniya, miokard infarkti, insult);
qandli diabet;
nafas olish aʼzolarining surunkali kasalliklari (oʻpka surunkali obstruktiv kasalliklari, bronxial astma);
xavfli oʻsmalar (sut bezi raki, bachadon boʻyni raki, oʻpka raki).
Konsepsiyaning asosiy vazifalari:
1. Sogʻlom muhitni yaratish va sogʻlom turmush tarzi foydasiga toʻgʻri tanlov boʻyicha tashabbuslarni shakllantirish va omma orasida keng yoyish.
2. Taʼlim, tibbiyot, sport muassasalari, korxonalar, tashkilotlar va jamoat joylarida sogʻlom muhitni shakllantirish boʻyicha nodavlat sektor rolini kuchaytirish.
3. Aholi oʻrtasida yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish sohasida davlat-xususiy sherikligi mexanizmlarini joriy qilish va uning imkoniyatlarini kengaytirish.
4. Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi va ularni nazorat qilish boʻyicha chora-tadbirlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlar mablagʻlari, tijorat banklarining imtiyozli kreditlari, grantlar hamda qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan barqaror moliyalashtirish.
5. Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi va aholi orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish boʻyicha axborot-maʼrifiy faoliyatni takomillashtirish;
6. Yuqumli boʻlmagan kasalliklarning milliy integratsiyalashgan epidemiologik nazorati axborot tizimini, shu jumladan xavfli omillar va asosiy yuqumli boʻlmagan kasalliklar boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarga erishishni baholash va monitoring qilish tizimini yaratish.
7. Xavf guruhiga kiruvchi va yuqumli boʻlmagan kasalliklarga chalingan bemorlarga xavfli omillarni barvaqt aniqlash va nazorat qilishga alohida eʼtibor qaratgan holda profilaktika, davolash va konsultativ yordam tizimini takomillashtirish.
8. Yuqumli boʻlmagan kasalliklarning profilaktikasi va aholi orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish sohasiga jalb etilgan barcha sektorlarning kadrlar va ilmiy-tadqiqot salohiyatini rivojlantirish.
4-bob. 2019 — 2022-yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholi jismoniy faollik darajasini oshirish boʻyicha faoliyatning asosiy yoʻnalishlari
1. Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faollik darajasini oshirish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish
1. Tarkibida yogʻlar, tuz va qand miqdori yuqori boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilish targʻiboti va reklamasini cheklash sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish.
2. Alkogol va tamaki mahsulotlarini tarqatish va isteʼmol qilishni cheklash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlarni oʻrnatishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish.
3. Respublikaga mikronutriyentlar bilan boyitilmagan birinchi nav bugʻdoy unini olib kirishni (import qilishni) cheklash boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
4. Ommaviy isteʼmol qilinadigan mahsulotlardagi kaloriya darajasini kamaytirish va ular tarkibidagi yogʻlar, tuz va qand miqdorining maqsadli darajalarini oʻrnatish hamda porsiyalarining tavsiya qilinuvchi miqdorlarini aniqlash maqsadida ularning standartlari va retsepturalarini qayta koʻrib chiqish.
5. Zararli mehnat sharoitlariga ega sanoat korxonalari uchun profilaktik ovqatlanish standartlarini qayta koʻrib chiqish.
6. Tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda ular taʼmining jozibadorligini orttiruvchi ingrediyentlardan (xushboʻy hid beruvchi moddalar) foydalanish tartibini oʻrnatish.
2. Aholining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish
1. Sogʻlom oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishni ragʻbatlantirish va tarkibida yogʻlar, tuz, qand miqdori yuqori boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish, ishlab chiqarish (tayyorlash) va sotishni cheklash boʻyicha bozor mexanizmlarini joriy qilish.
2. Turli dehqonchilik sharoitlarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibi va sifatini, shuningdek, milliy taomlarning farmakodinamik xususiyatlarini oʻrganish boʻyicha ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borish.
3. Nutritsiologiya sohasidagi zamonaviy yutuqlar asosida aholining yoshi, jinsi va kasbi boʻyicha turli guruhlari uchun ovqatlanishning maqbul meʼyorlarini qayta koʻrib chiqish.
4. Ovqatga qoʻshiladigan qoʻshimchalarni (rang, xushboʻy hid beruvchi moddalar, konservantlar va boshqalar) qoʻllash ustidan nazoratni kuchaytirish.
5. Umumiy ovqatlanish korxonalarining taomnomalariga sabzavotlar, mevalar va boshqa foydali oziq-ovqat mahsulotlarining kiritilishini ragʻbatlantirish.
3. Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni qabul qilish
1. Taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlariga sogʻlom turmush tarzini olib borish hamda oʻquvchilarning (talabalarning) sogʻlom ovqatlanishi va jismoniy faolligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni joriy qilish.
2. Aholi xavfsiz va faol harakatlanishi uchun shart-sharoitlarni (piyodalar va velosiped haydovchilari uchun yoʻlkalar) yaratish.
3. Jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun hududlar va sport inshootlarini, shu jumladan davlat-xususiy sherikligi asosida qurish va rekonstruksiya qilish, turli yosh guruhlari foydalanishi mumkin boʻlgan sport seksiyalarining qamrovi va turlarini kengaytirish.
4. Ish beruvchilar tomonidan xodimlarning ish vaqti davomida ishlab chiqarish gimnastikasi komplekslarini bajarishlari uchun maxsus tanaffuslar belgilash.
5. Ish beruvchilar tomonidan xodimlarning ishlab chiqarish gimnastikasi komplekslarini bajarishlari uchun tegishli sport inventarlari bilan jihozlangan xonalarni ajratish.
6. Kasaba uyushmalarining xodimlar boʻsh vaqtlarini tashkil qilishdagi rolini oshirish orqali korporativ sportni rivojlantirishni ragʻbatlantirish.
7. Jamoat obyektlaridan (maktab, tibbiyot, sport va koʻngilochar muassasalar, turar joylar va koʻp kvartirali uylar) foydalanayotgan shaxslarning jismoniy faolligini majburiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy qilish.
8. Sport obyektlarining tumanlar (shaharlar) boʻyicha zonalarga boʻlib hamda ish faoliyatining tavsiflari, mashgʻulotlar narxi, ish vaqti va boshqa maʼlumotlarni keltirib oʻtgan holda yagona maʼlumotlar bazasini yaratish va Internet tarmogʻiga joylashtirish.
9. Aholining keng qatlamlari orasida “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testlarini oʻtkazishni tashkil qilish.
4. Sogʻliqni saqlash muassasalari tomonidan yuqumli boʻlmagan asosiy kasalliklar boʻyicha koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash
1. Respublika birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining arterial gipertoniya, qandli diabet, bronxial astma va oʻpka surunkali obstruktiv kasalliklari va boshqa yuqumli boʻlmagan kasalliklar boʻyicha klinik protokollari, standartlari va tavsiyalarini joriy qilish.
2. Tibbiyotning oʻrta boʻgʻini xodimlari tomonidan aholini vrachdan oldin koʻrikdan oʻtkazish punktlarini tashkil qilish.
3. Yuqumli boʻlmagan kasalliklarga chalingan bemorlarni oʻzlarini parvarishlash va salomatlik holatini nazorat qilishga oʻrgatish.
4. Qoʻllab-quvvatlovchi kuratorlik tizimi orqali birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida uzluksiz baholash va xizmatlar sifatini oshirish mexanizmlarini joriy qilish.
5. Har bir bemor uchun xavfli omillar va yuqumli boʻlmagan kasalliklar boʻyicha salomatlik profilini (ovqatlanish xarakteri, tamakiga qaramlikning mavjudligi, tana vazni indeksi, arterial bosim, qondagi qand va xolesterin darajasi va boshqalar) yaratishni nazarda tutuvchi dasturiy taʼminotni ishlab chiqish va uni birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga joriy qilish.
5. Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faollik darajasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni monitoring qilish va baholash tizimini takomillashtirish
1. Aholi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining isteʼmol qilinishi hamda isteʼmolchilarning ushbu ovqat mahsulotlarga munosabatini baholashni oʻz ichiga olgan keng koʻlamli monitoringni amalga oshirish.
2. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida yuqumli boʻlmagan kasalliklarning epidemiologik monitoringini amalga oshirish protokolini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish.
3. Tibbiyot muassasalarining hisobga olish va hisobot hujjatlariga yuqumli boʻlmagan kasalliklarning xavfli omillari boʻyicha koʻrsatkichlarni kiritish orqali ushbu kasalliklar boʻyicha tibbiy-statistika hisobi va hisoboti tizimini takomillashtirish.
4. Asosiy kasalliklar boʻyicha kasalliklarning tobora avj olishini, asoratlarning rivojlanishini kuzatib borish imkoniyatini beruvchi registrlarni joriy qilish.
5. Aholi orasida xalqaro qabul qilingan standart metodologiya (HBSC, STEPS va boshqalar) asosida keng koʻlamli tadqiqotlar oʻtkazish.
6. Sogʻlom atrof-muhitni yaratish boʻyicha jamoatchilik monitoringi tizimini joriy qilish.
6. Kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish
1. Yetakchi xorijiy jamiyat sogʻliqni saqlash muassasalari bilan hamkorlikda oliy tibbiy taʼlim muassasalari tibbiyot-profilaktika yoʻnalishidagi kafedralari oʻqituvchilarining jamiyat salomatligi va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, sogʻlom ovqatlanish, diyetologiya masalalari boʻyicha malakasini oshirish.
2. Oliy tibbiy taʼlim muassasalarining tibbiyot-profilaktika yoʻnalishiga ixtisoslashgan kafedralari, shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasining Jamiyat sogʻligʻini saqlash maktabi hamda tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimining oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqish va ularni xalqaro talablarga moslashtirish.
3. Tibbiyot institutlarining tibbiy-profilaktika yoʻnalishidagi soha kafedralari hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi Jamiyat sogʻligʻini saqlash maktabining oʻquv dasturlarini Yevropa mintaqasining jamiyat sogʻligʻini saqlash maktablari assotsiatsiyasi (ASPHER — The Association of Schools of Public Health in the European Region) tomonidan akkreditatsiya qilinishini taʼminlash.
4. Oʻrta tibbiy xodimlarni “Diabetik oyoq yuzi boʻyicha tibbiy hamshira — podiatr”, “Sogʻlom ovqatlanish boʻyicha maslahatchi”, “Tamakidan voz kechish boʻyicha maslahatchi”, “Bronxial astma boʻyicha maslahatchi” hamda boshqa yoʻnalishlarda ixtisoslashtirish va sertifikatlash dasturlarini ishlab chiqish.
5-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
Konsepsiyani amalga oshirish natijasida quyidagilar:
aholi tomonidan sabzavot va mevalar isteʼmol qilinishini 15 foizga oshirish;
osh tuzi isteʼmol qilinishini 15 foizga qisqartirish;
vitaminlar va zarur minerallar bilan boyitilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish ulushini oshirish;
aholining jismoniy faolligi darajasini 10 foizga oshirish;
alkogol va tamaki mahsulotlari isteʼmolini 10 foizga qisqartirish;
yuqori arterial bosimga ega bemorlar sonining oʻsishini toʻxtatib turish;
semirish va qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlar sonining oʻsishini toʻxtatib turish;
tibbiy muassasalarni yuqumli boʻlmagan asosiy kasalliklarni davolash uchun zarur boʻlgan bazaviy diagnostik testlar, jihozlar va asosiy dori vositalari bilan taʼminlanganligi darajasini 50 foizga yetkazish;
infarkt va insultning oldini olish uchun yuqori xavf darajasiga ega va yuqumli boʻlmagan kasalliklarga chalingan bemorlarning kamida 50 foizini zarur dori-darmon terapiyasi hamda maslahatlar bilan taʼminlash;
aholi orasida yurak qon-tomir kasalliklari, xavfli oʻsmalar, qandli diabet va oʻpka surunkali obstruktiv kasalliklaridan barvaqt oʻlim holatlari darajasini 10 foizga qisqartirish kutilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-dekabrdagi PQ-4063-son qaroriga
2-ILOVA
2019 — 2022-yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari
Dasturi
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmlari

Ijro muddatlari

Masʼul ijrochilar

I. Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash
va jismoniy faolligi darajasini oshirish
sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish

1.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish:

tamaki mahsulotini isteʼmol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va xonalarga talablar oʻrnatish;

savdo obyektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida tamaki mahsulotlarini qoʻyish va namoyish qilinishiga yoʻl qoʻymaslik;

alkogol mahsuloti idishining yorligʻida hamda tamaki mahsulotining qutisida (qadogʻida) tibbiy ogohlantirishlarni joylashtirish uchun asosiy maydon oʻlchamini kengaytirish;

alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boruvchi organlarni hamda shunday nazoratni olib borishning mexanizmlarini aniqlashtirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni

2019-yil
1-dekabr

Sogʻliqni saqlash vazirligi

(A. Shadmanov),

Davlat soliq qoʻmitasi (B. Musayev), Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi (N. Sharipov),

Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov),

“Oʻzstandart” agentligi (D. Sattarov), Adliya vazirligi (R. Davletov), Bosh prokuratura (A. Mavlonov), manfaatdor vazirlik va idoralar

2.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni loyihasini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish:

a) quyidagilar alkogol va tamaki mahsulotlarini jamoat joylarida va transportning belgilanmagan joylarida isteʼmol qilganlik;

etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;

b) jamoat joylarida va transportning belgilanmagan joylarida alkogol va tamaki mahsulotlari isteʼmolini cheklash boʻyicha vakolatli shaxslar tomonidan (korxona, tashkilot, muassasalarning maʼmuriyatlari, shu jumladan jamoat joylarida joylashgan inshoot, bino (imorat), boshqa obyektlar hamda transport vositalarining egalari) choralar koʻrilmagani uchun javobgarlikni belgilash.

Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni

2019-yil

1-dekabr

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Adliya vazirligi (R. Davletov), Davlat soliq qoʻmitasi (B. Musayev),

Bosh prokuratura (A. Mavlonov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

3.

Tamaki mahsuloti qutisida (qadogʻida) matnli yozuv va rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirishlarni joylashtirish talablarini belgilash.

Normativ-huquqiy hujjat

2019-yil

1-dekabr

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

“Oʻzstandart” agentligi (D. Sattarov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

4.

Oziq-ovqat mahsulotlarini tarkibida yogʻlar, tuz va qand miqdori yuqori boʻlgan mahsulotlar toifasiga kiritish mezonlari va tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash.

Normativ-huquqiy hujjat

2020-yil

1-iyun

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

“Oʻzstandart” agentligi (D. Sattarov),

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov),

“Oʻzbekoziqovqatxolding” XK (T. Jalilov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

5.

Ommaviy isteʼmol qilinadigan mahsulotlardagi kaloriya darajasini kamaytirish va ular tarkibidagi yogʻlar, tuz va qand miqdorining maqsadli darajalarini oʻrnatish, shuningdek, ularning standartlari va retsepturalarini qayta koʻrib chiqish, shuningdek porsiyalarning tavsiya qilinuvchi miqdorlarini belgilash maqsadida ularning standartlari va retsepturalarini qayta koʻrib chiqish.

Tashkiliy
chora-tadbirlar

2019-yil

1-may

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

“Oʻzstandart” agentligi (D. Sattarov),

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov),

“Oʻzbekoziqovqatxolding” XK (T. Jalilov)

6.

Zararli mehnat sharoitlariga ega sanoat korxonalari uchun profilaktik ovqatlanish standartlarini qayta koʻrib chiqish.

Sanitariya qoidalari va meʼyorlari

2020-yil

1-iyun

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (Sh. Kudbiyev),Oʻzbekiston Respublikasi kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi (K. Rafikov)

7.

Tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda ular taʼmining jozibadorligini orttiruvchi ingrediyentlardan (xushboʻy hid beruvchi moddalardan) foydalanish tartibini belgilash.

Normativ hujjat

2019-yil

1-aprel

“Oʻzstandart” agentligi (D. Sattarov),

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov)

8.

Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tamakiga qarshi kurashish boʻyicha doiraviy konvensiyasining Tamaki mahsulotlari noqonuniy savdosini tugatish toʻgʻrisidagi protokoli ratifikatsiya qilinishi boʻyicha ijtimoiy-moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish va uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini tahlil qilish.

Oʻrganish natijalari boʻyicha Protokolni ratifikatsiya qilish zarurati boʻyicha takliflar kiritish.

Tahliliy maʼlumotnoma

2019-yil
1-sentabr

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

Moliya vazirligi (A. Xaydarov),

Iqtisodiyot vazirligi (B. Xodjayev),

Davlat bojxona qoʻmitasi (M. Azimov),

Davlat soliq qoʻmitasi (B. Musayev)

9.

Respublikaga mikronutriyentlar bilan boyitilmagan birinchi nav bugʻdoy unini olib kirishni (import qilishni) cheklash boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

Tahliliy maʼlumotnoma

2019-yil
1-iyun

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

Davlat bojxona qoʻmitasi (M. Azimov),

“Oʻzdonmahsulot” AJ (F. Pulatov),

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

10.

Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi, uning hududiy boʻlimlari, tuman (shahar) boʻlinmalarining faoliyatini tashkil qilish, shu jumladan:

nizomlarni tasdiqlash hamda ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish;

ularni zarur oʻquv va laboratoriya uskunalari, mebel va kompyuter texnikasi bilan jihozlash;

ularni yuklangan vazifalarni lozim darajada bajara oladigan yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirish;

ularning faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqish va joriy qilish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2019-yil
1-fevral

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov), Adliya vazirligi (R. Davletov), Moliya vazirligi (A. Xaydarov)

II. Aholining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish

11.

Quyidagilar boʻyicha bozor mexanizmlarini joriy qilish:

a) sogʻlom oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish (tayyorlash) va sotishni ragʻbatlantirish;

b) tarkibida yogʻlar, tuz, qand miqdori yuqori boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish, ishlab chiqarish va sotishni cheklash, jumladan:

ortiqcha kaloriyalar isteʼmol qilinishini qisqartirish va ortiqcha vazn (semirish) xavfini kamaytirish maqsadida porsiyalar miqdori va oʻrovlar oʻlchamlarini cheklash;

isteʼmolchilarni sogʻlom oziq-ovqat mahsulotlari sotib olishiga yoʻnaltirish strategiyasini (sogʻlom oziq-ovqat mahsulotlarini savdo obyektida oʻziga jalb qiladigan muhitda va peshtaxtalarning) ishlab chiqish.

Chora-tadbirlar kompleksi

Tasdiqlash — 2019-yil

1-aprel

Amalga oshirish — 2019 — 2021-yillar

Moliya vazirligi (A. Xaydarov),

Davlat soliq qoʻmitas� (B. Musayev)

Iqtisodiyot vazirligi (B. Xodjayev),

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

Davlat bojxona qoʻmitasi (M. Azimov),

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

12.

Turli dehqonchilik sharoitlarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibi va sifatini, shuningdek, milliy taomlarning farmakodinamik xususiyatlarini oʻrganish boʻyicha ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borish.

Oʻrganish asosida mahalliy oziq-ovqatlarning tarkibidagi mikroelementlar va vitaminlar boʻyicha elektron maʼlumotnoma tuzish.

Elektron maʼlumotnomani Internet tarmogʻiga joylashtirish.

Chora-tadbirlar kompleksi

Tasdiqlash — 2019-yil

1-mart

Amalga oshirish — 2019-2020-yillar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (B. Yusupov),

Innovatsion rivojlanish vazirligi, (I. Abduraxmonov),

Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev)

13.

Nutritsiologiya sohasidagi zamonaviy yutuqlar asosida aholining yoshi, jinsi va kasbi boʻyicha turli guruhlari uchun ovqatlanishning maqbul meʼyorlarini qayta koʻrib chiqish.

Sanitariya qoidalari va meʼyorlariga oʻzgartirishlar kiritish

2020-yil

1-noyabr

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

“Oʻzbekoziqovqatxolding” XK (T. Jalilov)

14.

Zamonaviy innovatsion texnologiyalarni qoʻllagan holda, eksportga moʻljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini, shu jumladan:

tarkibida tabiiy ravishda talab qilinayotgan darajada funksional ingrediyentlar yoki ularning guruhlari talab darajasida mavjud boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini;

har qanday funksional ingrediyent yoki ularning guruhlari bilan qoʻshimcha boyitilgan tabiiy mahsulotlarni;

tarkibidan zararli komponent olib tashlangan tabiiy mahsulotlar;

tarkibidagi ehtimoliy funksional ingrediyentlar oʻz fiziologik faolligini namoyon qila boshlaydigan yoki ushbu faollik kuchayadigan tarzda modifikatsiya qilingan tabiiy mahsulotlar;

u yoki bu modifikatsiyalar natijasida tarkibiga kiruvchi funksional ingrediyentlarning biologik oʻzlashtirilishi ortadigan tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari;

yuqorida koʻrsatilgan texnologiyalar majmuasini qoʻllash natijasida insonning jismoniy va ruhiy salomatligini saqlash qolish va yaxshilash hamda kasalliklar yuzaga kelishi xavfini pasaytirish qobiliyatiga ega boʻluvchi tabiiy oziq-ovqat mahsulotlarini;

jismoniy faollikni va salbiy omillarga turgʻunlikni orttirishga moʻljallangan ixcham oʻralgan porsiyali funksional ovqatlanish mahsulotlarini ishlab chiqish va yetishtirish.

Chora-tadbirlar kompleksi

Tasdiqlash — 2019-yil

1-iyun

Amalga oshirish — 2019-2020-yillar

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (B. Yusupov),

Iqtisodiyot vazirligi (B. Xodjayev),

Tashqi savdo vazirligi (J. Xodjayev),

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

“Oʻzbekoziqovqatxolding” XK (T. Jalilov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

15.

Quyidagilarni amalga oshirish orqali oziq-ovqat qoʻshimchalaridan (rang beruvchi, xushboʻy hid beruvchi, konservantlar va boshqalar) foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish:

sinov laboratoriyalarini zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash;

oziq-ovqat sanoatida qoʻllaniladigan qoʻshimcha moddalarning tarkibini oʻrganish;

oziq-ovqat qoʻshimchalarining yoʻl qoʻyilgan konsentratsiyalarini aniqlash.

Chora-tadbirlar kompleksi

Tasdiqlash — 2019-yil

1-mart

Amalga oshirish — 2020

1-yanvar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

Moliya vazirligi (A. Xaydarov),

“Oʻzstandart” agentligi (D. Sattarov),

“Oʻzbekoziqovqatxolding” XK (T. Jalilov),

“Oʻzdonmahsulot” AJ (F. Pulatov)

III. Sogʻlom muhitni shakllantirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki

16.

Taʼlim va tibbiyot muassasalarida sogʻlom turmush tarzini olib borish uchun shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan:

mazkur muassasalarning hududlarida tarkibida yogʻlar, tuz va qand miqdori yuqori boʻlgan mahsulotlarni reklama qilish, tayyorlash va sotishga yoʻl qoʻymaslik;

taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlariga oʻquvchilarning sogʻlom turmush tarzini olib borish va jismoniy faolligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni joriy qilish;

sogʻlom ovqatlanish meʼyorlarini ishlab chiqish va taʼlim muassasalari amaliyotiga joriy qilish;

shu jumladan turli yosh guruhlari foydalanishi mumkin boʻlgan sport seksiyalarining qamrovini kengaytirish, davlat-xususiy sherikligi asosida;

oʻquvchilarni xavfsiz va faol harakatlanishi (piyodalar va velosiped haydovchilari uchun yoʻlkalar) uchun shart-sharoit yaratish;

oʻquv mashgʻulotlari boshlangunga qadar va oʻquv mashgʻulotlari vaqtida besh daqiqalik gimnastika mashgʻulotlarini tashkil qilish;

oʻquvchilar orasida muntazam oʻtkaziluvchi sport musobaqalarini tashkil qilish;

taʼlim muassasalarida tamaki va alkogol mahsulotlarining isteʼmol qilinishiga yoʻl qoʻymaslik ustidan nazoratni taʼminlash.

Tashkiliy chora-tadbirlar kompleksi

2019 — 2022-yillar

Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov), Maktabgacha taʼlim vazirligi (A. Shin), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Madjidov), Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D. Nabiyev), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov), Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi (K. Rafikov), Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi (K. Kuranbayev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

17.

Yoʻl harakati xavfsizligi hamda piyodalar, velosiped haydovchilari, gʻildirak yordamida harakatlanishning boshqa usullaridan (shu jumladan, gʻildirakli oʻrindiq, konki, rolikli konki) foydalanuvchilar va jamoat transporti yoʻlovchilarining shaxsiy xavfsizligini taʼminlash.

Chora-tadbirlar kompleksi

Tasdiqlash — 2019-yil

1-mart

Amalga oshirish — 2019 — 2022-yillar

Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov),

Avtomobil transporti agentligi (D. Dexkanov)

18.

Qishloqlar, posyolkalar va ovullar hamda shaharlar, posyolkalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarida sogʻlom turmush tarzini olib borishga koʻmaklashuvchi shart-sharoitlarni yaratish, shu jumladan:

har bir mahallalarda aholini sogʻlom turmush tarzi yuritishiga keng targʻib qiluvchi “Salomatlik maktabi”ni tashkil qilish, vazifalarini belgilash va faoliyatini taʼminlash;

tarkibida yogʻlar, tuz, qand miqdori yuqori boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash va sotishni cheklash;

umumiy ovqatlanish korxonalarining menyulariga sabzavotlar, mevalar va boshqa foydali oziq-ovqat mahsulotlarining kiritilishini ragʻbatlantirish;

harakatlanishning xavfsiz va faol usullari uchun infrastrukturani rivojlantirish, shu jumladan piyodalar va velosiped haydovchilari uchun yoʻlkalar qurish va (yoki) qayta qurish;

jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun hududlar va inshootlarni, shu jumladan davlat-xususiy sherikligi asosida qurish va rekonstruksiya qurish;

parklar hududlarida bepul sport maydonchalarini qurish va kengaytirish ;

xavfsiz bolalar maydonchalari qurilishini tashkil qilish;

tegishli hududlarda alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish va isteʼmol qilish qoidalari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha jamoatchilik nazoratini oʻrnatish;

tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish uchun ajratilgan maxsus belgilangan joylar va (yoki) xonalardan tashqari, jamoat joylarida hamda jamoat transportining barcha turlarida alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisidagi ogohlantiruvchi belgilarni joylashtirishni tashkil qilish;

uyushmagan aholining turli yosh guruhlari uchun “Eʼzozli ayollar” ijtimoiy harakati negizida faol turmush tarzini olib borish boʻyicha klublar tashkil qilish.

Tashkiliy
chora-tadbirlar kompleksi

2019 — 2022-yillar

“Mahalla” jamgʻarmasi (Sh. Javlonov),

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D. Nabiyev),

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

Davlat soliq qoʻmitasi (B. Musayev)

Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov),

Qurilish vazirligi (A. Toʻxtayev),

“Oʻzbekoziqovqatxolding” XK (T. Jalilov),

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

19.

Ish joylarida sogʻlom turmush tarzini olib borishga koʻmaklashuvchi shart-sharoitlarni yaratish, shu jumladan:

piyodalar uchun yoʻlkalar qurish va jismoniy faollikni ragʻbatlantiruvchi koʻrsatkichlarni oʻrnatish;

ish beruvchilar tomonidan xodimlarning ish vaqti davomida ishchilar ishlab chiqarish gimnastikasi komplekslarini bajarishlari uchun maxsus tanaffuslar belgilanishi;

ish beruvchilar tomonidan ishchilarning ishlab chiqarish gimnastikasi komplekslarini bajarishlari uchun sport inventarlari bilan jihozlangan xonalar ajratilishi;

xodimlar boʻsh vaqtlarini tashkil qilishdagi kasaba uyushmalarining rolini oshirish orqali korporativ sportni rivojlantirishni ragʻbatlantirish;

ish joylarida alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish va isteʼmol qilish qoidalarining buzilishiga yoʻl qoʻymaslik ustidan samarali nazoratni taʼminlash;

ish joylarini attestatsiyadan oʻtkazilishini taʼminlash.

Tashkiliy
chora-tadbirlar kompleksi

2019 — 2022-yillar

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (Sh. Kudbiyev),

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi (K. Rafikov),

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov), Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D. Nabiyev),

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

20.

Loyiha tashkilotlari jamoat obyektlarini (maktab, tibbiyot, sport va koʻngilochar muassasalar, turar joylar, koʻp kvartirali uylar va boshqalar) loyihalashtirishda ushbu obyektlardan foydalanayotgan shaxslarning jismoniy faolligini qoʻllab-quvvatlash uchun imkoniyatlar yaratishni nazarda tutishlari shart boʻlgan tartibni oʻrnatish.

Idoraviy normativ hujjatlar

2019-yil

1-iyun

Qurilish vazirligi (A. Tuxtayev),

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D. Nabiyev), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov)

21.

Sport obyektlarining tumanlar (shaharlar) boʻyicha zonalarga boʻlib hamda ish faoliyatining tavsiflari, mashgʻulotlarning narxi, ish vaqti va boshqa maʼlumotlarni keltirib oʻtgan holda yagona maʼlumotlar bazasini yaratish va Internet tarmogʻiga joylashtirish

Tashkiliy chora-tadbirlar

2019-yil
1-iyun

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D. Nabiyev),Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov),
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

IV. Sogʻliqni saqlash muassasalari tomonidan yuqumli boʻlmagan asosiy kasalliklar boʻyicha
koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash

22.

Quyidagilarni amalga oshirish orqali respublika birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining arterial gipertoniya, qandli diabet, bronxial astma, oʻpka surunkali obstruktiv kasalliklari va boshqa yuqumli boʻlmagan kasalliklar boʻyicha klinik protokollari, standartlari hamda tavsiyalarining talablarini joriy qilish:

sogʻliqni saqlash organlarining bosh mutaxassislari, umumiy amaliyot vrachlari va patronaj hamshiralarini oʻqitishni tashkil qilish;

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida davolash-diagnostika xizmatlarini koʻrsatish, laboratoriyalarni reaktivlar bilan jihozlash, bemorlarni asosiy dori vositalari bilan taʼminlash;

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiya qilgan asosiy dori vositalarini davlat tomonidan kafolatlangan hajmdagi tibbiy yordam roʻyxatiga kiritish;

birlamchi-tibbiy sanitariya yordami muassasalarining sifat koʻrsatkichlari va muassasaning yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi boʻyicha faoliyati koʻrsatkichlarini shakllantirishni nazarda tutgan holda statistik hisobotlar yuritishni qayta koʻrib chiqish va maqbullashtirish;

tibbiyot oʻrta boʻgʻini xodimlari tomonidan aholini vrachdan oldin koʻrikdan oʻtkazish punktlarini tashkil qilish;

yuqumli boʻlmagan kasalliklarga chalingan bemorlarni oʻzlarini parvarishlash va salomatlik holatini nazorat qilishga oʻqitish;

sogʻlom ovqatlanish va jismoniy faollik, tamaki va alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilishdan voz kechish boʻyicha, shu jumladan ishonch telefonlari va “tezkor aloqa tarmogʻi” orqali qisqa maslahatlar berish

Tashkiliy
chora-tadbirlar kompleksi

2019 — 2022-yillar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

Moliya vazirligi (A. Xaydarov),

Davlat statistika qoʻmitasi (B. Begalov),

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

23.

Har bir bemor uchun xavfli omillar va yuqumli boʻlmagan kasalliklar boʻyicha salomatlik profilini (ovqatlanish xarakteri, tamakiga qaramlikning mavjudligi, tana vazni indeksi, arterial bosim, qondagi qand va xolesterin darajasi va boshqalar) yaratishni nazarda tutuvchi dasturiy taʼminotni ishlab chiqish va birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga joriy qilish.

Dasturiy taʼminot

2022-yil
1-yanvar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov)

24.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi qoʻllab-quvvatlovchi kuratorlik tizimi orqali birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida uzluksiz baholash va xizmatlar sifatini orttirish mexanizmlarini joriy qilish:

tibbiy xodimlar xizmatlarini baholashning standart usullari, sifat koʻrsatkichlari va indikatorlar toʻplamini ishlab chiqish;

tibbiy xizmatlar sifatini oshirishda yagona yondashuvni taʼminlash maqsadida mutaxassis-kuratorlarni qoʻllab- quvvatlovchi kuratorlik tamoyillariga oʻrgatish;

tibbiy xodimlar faoliyatida tizimli va shaxsiy muammolarni, boʻshliqlarni aniqlash hamda ish sifatini oshirish va oʻz ustida ishlash boʻyicha tavsiyalar berish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2020-yil
1-yanvar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov)

25.

Quyidagilarni amalga oshirish orqali yuqumli boʻlmagan kasalliklar sohasida ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish tizimini takomillashtirish:

faoliyat natijalari va sifatini baholash indikatorlari toʻplamini oʻz ichiga olgan ijtimoiy xizmatlar paketini ishlab chiqish;

tibbiy va ijtimoiy soha xodimlari uchun tibbiy-ijtimoiy yordamning yangi reglamentlarini ishlab chiqish va joriy qilish;

tibbiy va ijtimoiy soha xodimlari hamkorligining mexanizmlarini takomillashtirish, shu jumladan aholining yuqumli boʻlmagan kasalliklar boʻyicha birgalikda ishlashni tashkil qilish boʻyicha qoʻllanmalar ishlab chiqish va joriy qilish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2019-yil
1-dekabr

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov)

V. Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faollik
darajasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni monitoring qilish va baholash tizimini takomillashtirish

26.

Aholi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini, shu jumladan, muayyan nomli oziq-ovqat mahsulotlarini amalda isteʼmol qilinishini tahlil qilish hamda isteʼmolchilarning ushbu oziq-ovqat mahsulotlariga munosabatlarini baholashni oʻz ichiga olgan keng koʻlamli monitoringni amalga oshirish.

Tashkiliy chora-tadbirlar kompleksi

2020-yil 1-yanvar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

Iqtisodiyot vazirligi (B. Xodjayev),

“Oʻzbekoziqovqatxolding” XK (T. Jalilov)

27.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi yuqumli boʻlmagan kasalliklarni epidemiologik monitoringini amalga oshirish protokolini ishlab chiqish:

epidemiologik monitoring koʻrsatkichlari roʻyxati;

koʻrsatkichlarni jamlash va tahlil qilishda ishtirok etuvchi muassasalar roʻyxati;

koʻrsatkichlarni tahlil qilish metodologiyasi;

koʻrsatkichlarni toʻplashning davriyligi va boshqalar.

Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi

2019-yil

1-sentabr

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov)

28.

Tibbiyot muassasalarining hisobga olish va hisobot hujjatlariga yuqumli boʻlmagan kasalliklarning xavfli omillari boʻyicha koʻrsatkichlarni kiritish orqali ushbu kasalliklar boʻyicha tibbiy-statistika hisobi va hisoboti tizimini takomillashtirish.

Asosiy kasalliklar (qandli diabet, xavfli oʻsmalar, onkologik kasalliklar, miokard infarkti, insult va boshqalar) boʻyicha kasalliklarning tobora avj olishini, ular asoratlarining rivojlanishini kuzatib borish imkoniyatini beruvchi registrlarni ishlab chiqish va joriy qilish.

Chora-tadbirlar kompleksi

Tasdiqlash — 2019-yil

1-aprel

Amalga oshirish — 2021-yil

1-yanvar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov), Davlat statistika qoʻmitasi (B. Begalov)

29.

Oʻzbekiston aholisi orasida xalqaro qabul qilingan standart metodologiya asosida keng koʻlamli tadqiqotlar oʻtkazish, shu jumladan:

HBSC tekshiruvi — maktab yoshidagi bolalar orasida salomatlik sohasida feʼl-atvorni oʻrganish;

GYTS tekshiruvi — maktab oʻquvchilari orasida tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning tarqalganligini oʻrganish;

STEPS tekshiruvi — katta yoshdagi aholi orasida yuqumli boʻlmagan kasalliklar xavfli omillarining tarqalganligini oʻrganish;

anemiya (temir moddasi, V12 vitamini yetishmasligi), yod yetishmasligi, foliy kislotasi va A vitamini yetishmasligining tarqalganligi va sabablarini oʻrganish;

aholi tomonidan tuz isteʼmol qilish darajasini oʻrganish.

Chora-tadbirlar kompleksi

Tasdiqlash — 2019-yil

1-iyun

Amalga oshirish — 2019 — 2022-yillar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi (R. Izamov),

Iqtisodiyot vazirligi (B. Xodjayev),

manfaatdor vazirlik va idoralar

30.

Quyidagilarni amalga oshirish yoʻli bilan sogʻlom muhitni barpo qilish boʻyicha jamoatchilik monitoringi tizimini joriy qilish:

jamoat joylari va jamoat transportida tamaki va alkogoldan xoli boʻlgan muhitni yaratishga qaratilgan qonunchilikka rioya qilinishining jamoatchilik monitoringini oʻtkazish metodologiyasi va vositalarini ishlab chiqish;

jamoatchilik va vakolatli organlarni jamoatchilik monitoringi natijalaridan xabardor qilish;

sogʻlom turmush tarzini olib borishga koʻmaklashayotgan savdo obyektlari, umumiy ovqatlanish korxonalari, park hududlari va boshqa obyektlar hamda alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish va isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzayotganlar reytingini tuzish va Internet tarmogʻida eʼlon qilish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2019 — 2022-yillar

Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti (R. Kamilov),

Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi (T. Narbayeva),

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi (K. Kuranbayev),

“Mahalla” jamgʻarmasi (Sh. Javlonov),

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi (K. Rafikov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov), Milliy teleradiokompaniya (A. Xodjayev)

VI. Kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish

31.

Oʻrta tibbiy xodimlarni tayyorlash, ixtisoslashtirish va malakasini oshirish dasturlarini takomillashtirish, shu jumladan:

oʻquv dasturlarining tarkibida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli boʻlmagan kasalliklarning xavfli omillari profilaktikasi, bemorlarni oʻzlarini parvarishlash va salomatlik holatini nazorat qilishga oʻrgatish, shuningdek, tibbiy yordam koʻrsatish sifatini oshirish boʻyicha oʻquv dasturlaridagi fanlar ulushini koʻpaytirish;

oʻrta tibbiy xodimlarni “Diabetik oyoq yuzi boʻyicha tibbiy hamshira — podiatr”, “Sogʻlom ovqatlanish boʻyicha maslahatchi”, “Tamakidan voz kechish boʻyicha maslahatchi”, “Bronxial astma boʻyicha maslahatchi” va boshqa yoʻnalishlarda ixtisoslashtirish va sertifikatlash dasturlarini ishlab chiqish.

Oʻquv dasturlariga oʻzgartirishlar kiritish

2020-yil
1-iyul

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov), Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi (R. Izamov),
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Madjidov)

32.

Yetakchi xorijiy sogʻliqni saqlash muassasalari (shu jumladan Qozogʻiston Respublikasi Jamiyat sogʻligʻini saqlash oliy maktabi) bilan yaqin aloqalarni oʻrnatish orqali oliy tibbiy taʼlim muassasalari tibbiyot-profilaktika yoʻnalishidagi kafedralari oʻqituvchilarining jamiyat salomatligi va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, sogʻlom ovqatlanish, diyetologiya masalalari boʻyicha malakasini oshirish.

Tashkiliy chora-tadbirlar kompleksi

2020-yil
1-dekabr

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Madjidov), Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U. Tashkenbayev),

Tashqi ishlar vazirligi (A. Kamilov)

33.

Oliy tibbiy taʼlim muassasalari tibbiyot-profilaktika yoʻnalishidagi soha kafedralari hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining Jamiyat sogʻligʻini saqlash maktabi va tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimining oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqish va ularni xalqaro talablarga moslashtirish.

Oʻquv dasturlariga oʻzgartirishlar kiritish

2019-yil
1-iyul

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Madjidov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov)

34.

Tibbiyot institutlarining tibbiy-profilaktika yoʻnalishidagi soha kafedralari hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi Jamiyat sogʻligʻini saqlash maktabining oʻquv dasturlarini Yevropa mintaqasining jamiyat sogʻligʻini saqlash maktablari assotsiatsiyasi (ASPHER — The Association of Schools of Public Health in the European Region) tomonidan akkreditatsiya qilinishini taʼminlash.

Tashkiliy chora-tadbirlar kompleksi

2022-yil
1-yanvar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Madjidov)

35.

Xalqaro standartlarni inobatga olgan holda nutritsiologiya, diyetologiya va jamiyat sogʻligʻini saqlash sohalaridagi mutaxassislarni malaka talablarini qayta koʻrib chiqish.

Malaka talablari

2019-yil
1-iyul

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Madjidov)

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U. Tashkenbayev)

VII. Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasini taʼminlash, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash,
jismoniy faolligini oshirish sohasida axborot-maʼrifiy faoliyatni takomillashtirish

36.

Sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik darajasini oshirish, sogʻlom turmush tarzini olib borish, tamaki va alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilinishidan voz kechish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish va ommaviy axborot vositalari, shu jumladan Internet tarmogʻi hamda ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish.
Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash, jismoniy faollik darajasini oshirish boʻyicha bannerlar, plakatlar, bukletlar va boshqa axborot-maʼrifiy materiallarni tayyorlash, shu jumladan, ularni savdo obyektlari, umumiy ovqatlanish korxonalari, tibbiy va taʼlim muassasalari, shahar va tumanlarning markaziy koʻchalari, odamlar koʻp toʻplanadigan joylar, jamoat transportida joylashtirish yoʻli bilan tarqatish.

Axborot-maʼrifiy materiallar

2019 — 2022-yillar

Milliy teleradiokompaniya (A. Xodjayev),

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D. Nabiyev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

37.

Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash, jismoniy faollik darajasini oshirish boʻyicha videoroliklarni tayyorlash va televideniyada (kuniga praym-taym soatlarida kamida 1-marta) hamda Internet tarmogʻi orqali namoyish qilish, uyali telefon foydalanuvchilariga har kuni sms-xabarlarni joʻnatish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2019 — 2022-yillar

Milliy teleradiokompaniya (A. Xodjayev),

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D. Nabiyev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

38.

Sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlayotgan mutaxassislar va mashhur insonlar ishtirokida telekoʻrsatuvlar tayyorlash.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2019 — 2022-yillar

Milliy teleradiokompaniya (A. Xodjayev),

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D. Nabiyev), Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi (K. Kuranbayev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

39.

Fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, taʼlim muassasalari, savdo obyektlari, umumiy ovqatlanish korxonalari va boshqa tashkilotlarda sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik darajasini oshirish va sogʻlom turmush tarzini olib borish boʻyicha davra suhbatlari, seminarlar oʻtkazish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2019 — 2022-yillar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D. Nabiyev),

Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov),

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Madjidov), Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi (K. Kuranbayev), “Mahalla” jamgʻarmasi (Sh. Javlonov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

40.

“Sogʻlom hayotga qadam tashla!”, “Sogʻlom muhitni (tamaki va alkogoldan xoli) tanlaymiz!” shiorlari ostida konsertlar, teatr tomoshalari, sport musobaqalarini oʻtkazish.

Tashkiliy
chora-tadbirlar

2019 — 2022-yillar

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D. Nabiyev), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi (K. Kuranbayev)

41.

Har yili “Sogʻlom mahalla”, “Sogʻlom maktab”, “Sogʻlom korxona” va h.k. tanlovlarini oʻtkazish.

Tanlov gʻoliblarini aniqlash mezonlarini ishlab chiqish va tasdiqlash.

Tanlov natijalari asosida sogʻlom turmush tarzini olib borish koʻrsatkichi boʻyicha mahalla, maktab, tashkilotlarning reytingini tuzish va Internet tarmogʻida joylashtirish.

Tashkiliy
chora-tadbirlar kompleksi

2019 — 2022-yillar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov),

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D. Nabiyev),

Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov),

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi (K. Kuranbayev),

“Mahalla” jamgʻarmasi (Sh. Javlonov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-noyabrdagi PF-5870-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2019-y., 06/19/5870/4010-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2018-y., 07/18/4063/2347-son; 09.11.2019-y., 06/19/5870/4010-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)