toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari ijarasiga doir huquqiy munosabatlar takomillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Amaldagi qonunchilik hujjatlarida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga olish uchun oʻtkazilgan ochiq elektron tanlovda ishtirok etgan talabgorlar tomonidan koʻproq ball toʻplash maqsadida yerning normativ qiymatidan kelib chiqqan holda, yer uchastkasining ijara muddatiga hisoblanadigan qoʻshimcha toʻlovlar ixtiyoriy ravishda toʻlanishi belgilangan.
Bunda ushbu qoʻshimcha toʻlovlar tanlov oʻtkazilgan sanadagi normativ qiymat boʻyicha hisoblanishi va yer uchastkasining ijara muddatiga teng taqsimlanishi nazarda tutilgan.
Oʻz navbatida, undirilgan qoʻshimcha toʻlovlar tegishli hududda qishloq va suv xoʻjaligi tizimini rivojlantirish, xususan sugʻorish tizimlarini yaxshilash, zamonaviy sugʻorish va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, qishloq xoʻjaligi sohasiga ilmiy yangilik va innovatsion yondashuvlarni joriy qilish, kadrlar malakasini oshirish hamda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish tadbirlarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, bugungi kunda qoʻshimcha toʻlovlarning hisobini yuritish, ularni undirish muddatlari va sarflash tartibini aniq belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yoʻl qoʻymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 24-avgustdagi PF-198-son Farmoni qabul qilinganligi munosabati bilan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining ijarasiga doir qonunosti hujjatlarini ushbu Farmonga muvofiqlashtirish talab etilmoqda.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga olish huquqiga ega boʻlish uchun toʻlanadigan qoʻshimcha toʻlovlar hisobini yuritish, ularni undirish muddatlari va sarflash tartibini aniq belgilash, shuningdek, sohaga oid qonunchilik hujjatlarini oʻzaro muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qaroriga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali ijaraga olish huquqiga ega boʻlish uchun toʻlanishi zarur boʻlgan qoʻshimcha toʻlovlarning eng yuqori chegarasini belgilash;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning normativ qiymatidan kelib chiqqan holda yer uchastkasining ijaraga olish muddatiga hisoblanadigan qoʻshimcha toʻlovlar stavkalarini belgilash;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha ochiq elektron tanlov gʻolibi tomonidan qoʻshimcha toʻlovning 5 foizi ijara shartnomasi tuzilguniga qadar, qolgan qismi esa ijara muddatida, har bir yilga teng boʻlgan holda toʻlanishi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga olish huquqiga ega boʻlish uchun toʻlanadigan qoʻshimcha toʻlovlarning hisobini yuritish, ularni undirish muddatlarini va sarflash tartibini belgilash.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 3-aprel,
137-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-apreldagi 137-son qaroriga
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 3-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga olish huquqiga ega boʻlish uchun toʻlanadigan qoʻshimcha toʻlovlarning hisobini yuritish, ularni undirish muddatlarini belgilash va sarflash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 31-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
Oldingi tahrirga qarang.
(2 va 3-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-apreldagi 223-sonli qaroriga asosan 2024-yil 23-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2024-y., 09/24/223/0292-son)
4. Quyidagi mazmundagi 31-ilova bilan toʻldirilsin:
“Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qaroriga
31-ILOVA
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga olish huquqiga ega boʻlish uchun toʻlanadigan qoʻshimcha toʻlovlarning hisobini yuritish, ularni undirish muddatlarini belgilash va sarflash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga olish huquqiga ega boʻlish uchun yerning normativ qiymatidan kelib chiqqan holda toʻlanadigan qoʻshimcha toʻlovlar (keyingi oʻrinlarda — qoʻshimcha toʻlovlar) hisobini yuritish, ularni undirish muddatlarini belgilash va sarflash tartibini belgilaydi.
2. Qoʻshimcha toʻlovlar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning maʼmuriy reglamenti hamda Yuridik shaxslarga qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning maʼmuriy reglamentiga muvofiq hisoblab chiqiladi.
Qoʻshimcha toʻlovlarning hisobi ushbu Nizomga ilova qilingan sxemaga muvofiq yuritiladi.
2-bob. Qoʻshimcha toʻlovlarning hisobini yuritish
3. Qoʻshimcha toʻlovlar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tanlovda ijara huquqini yutib olish uchun koʻproq ball toʻplash maqsadida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining ijara davri muddatiga teng taqsimlangan holda ixtiyoriy ravishda toʻlanadi va tegishli tuman (shahar) budjetiga yoʻnaltiriladi.
4. Qoʻshimcha toʻlovlarning hisobini yuritish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida har bir tuman (shahar) uchun daromadlar boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari ochiladi.
Qoʻshimcha toʻlovlarning hisobi tuman (shahar) soliq inspeksiyasi va (yoki) tuman (shahar) hokimining qaroriga muvofiq boshqa vakolatli organlar tomonidan yuritiladi.
5. Qoʻshimcha toʻlovlar sarflanishini nazorat qilib borish uchun budjet tizimi budjetlari xarajatlarining vazifa jihatidan tasnifidan kelib chiqib, har bir tarmoq xarajatlari alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarda yuritiladi.
3-bob. Qoʻshimcha toʻlovlarni undirish muddatlarini belgilash tartibi
6. Ijara davri muddatiga teng taqsimlanadigan qoʻshimcha toʻlovlarni toʻlash grafigi (keyingi oʻrinlarda — toʻlash grafigi) ochiq elektron tanlov natijalari boʻyicha eng yuqori ballga ega boʻlgan talabgor (keyingi oʻrinlarda — tanlov gʻolibi) va tuman (shahar) hokimligi oʻrtasida tuziladigan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasining ijara shartnomasiga ilova qilinadi.
Qoʻshimcha toʻlovlar tanlov gʻolibining yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan boshlab hisoblanadi.
Bunda tanlov gʻolibi tomonidan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlarini ijaraga olish huquqiga ega boʻlish uchun zimmasiga olingan qoʻshimcha toʻlovning dastlabki toʻlov sifatida operator maxsus hisobvaragʻiga toʻlangan va tuman (shahar) mahalliy budjetiga oʻtkazib berilgan 5 foiz qismi inobatga olinadi va qoʻshimcha toʻlov summasidan kamaytiriladi.
7. Qoʻshimcha toʻlovlarning bir kalendar yili uchun hisoblangan miqdori toʻlash grafigiga muvofiq tanlov gʻolibi tomonidan toʻlanadi.
Toʻlash grafigida qoʻshimcha toʻlovlarning har bir kalendar yili uchun hisoblangan miqdori hisobot yilida 15-aprel va 15-oktabrga qadar teng ulushlarda toʻlanishi nazarda tutiladi.
Bunda qoʻshimcha toʻlovlar toʻlash grafigida belgilangan muddatdan oldin ham toʻlanishi mumkin.
Qoʻshimcha toʻlovlar ijara davri muddatiga boʻlib toʻlanganda, qolgan summa toʻlov amalga oshirilgan sanadagi normativ qiymatni oʻtgan yildagi yer normativ qiymatiga nisbatan oʻzgarish koeffitsiyentini koʻpaytirish orqali hisoblanadi.
8. Qoʻshimcha toʻlovlar tanlov gʻolibi tomonidan toʻlash grafigida belgilangan muddatda toʻlanmagan yoki toʻliq toʻlanmagan taqdirda, tuman (shahar) soliq inspeksiyasi va (yoki) tuman (shahar) hokimining qaroriga muvofiq boshqa vakolatli organlar tomonidan belgilangan tartibda undirish choralari koʻriladi.
4-bob. Qoʻshimcha toʻlovlarni sarflash tartibi
9. Qoʻshimcha toʻlovlar qatʼiy ravishda investitsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturlariga muvofiq tegishli tuman (shahar)da qishloq va suv xoʻjaligi infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan, sugʻorish tizimlarini yaxshilash, zamonaviy sugʻorish va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish uchun zarur infratuzilmani yaratish, yer tuzish ishlarini institutsional rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi sohasidagi eng soʻnggi ilmiy yangilik va innovatsion yondashuvlarni joriy etish, kadrlar malakasini oshirish hamda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish tadbirlarini moliyalashtirish uchun tuman (shahar) hokimi qaroriga muvofiq yoʻnaltiriladi.
Tuman (shahar) hokimi qarorining loyihalari tuman (shahar) irrigatsiya boʻlimlari va tuman (shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimlari tomonidan tayyorlanadi.
Bunda tuman (shahar) hokimining qarori qoʻshimcha toʻlovlardan tuman (shahar) budjetiga haqiqatda kelib tushgan mablagʻlar doirasida qabul qilinadi.
10. Tuman (shahar) hokimining qabul qilingan qarori tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga kiritiladi.
11. Tuman (shahar) budjetida jamlangan mablagʻlarning Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari hamda boshqa tuman (shahar) budjetiga oʻtkazilishiga yoki qayta taqsimlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Qishloq va suv xoʻjaligi infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan, sugʻorish tizimlarini yaxshilash, zamonaviy sugʻorish va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish uchun zarur infratuzilmani yaratish, yer tuzish ishlarini institutsional rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi sohasidagi eng soʻngi ilmiy yangilik va innovatsion yondashuvlarni joriy etish, kadrlar malakasini oshirish hamda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish tadbirlarini bajarish boʻyicha xarajatlar smetalarini tuzish, tasdiqlash, roʻyxatdan oʻtkazish va ularga oʻzgartirishlar (qoʻshimchalar) kiritish, shuningdek, ular yuzasidan tuzilgan shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish va xarajatlarni amalga oshirish budjet qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
13. Qoʻshimcha toʻlovlarning ikki yil davomida toʻlash grafigida belgilangan muddatda toʻlanmasligi yoki toʻliq toʻlanmasligi Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasi birinchi qismining 9-bandiga asosan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarning bekor qilinishiga asos boʻladi.
14. Yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar bekor qilinganda, tanlov gʻolibining qoʻshimcha toʻlovlarni toʻlash boʻyicha majburiyatlari yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar bekor qilingan sanadan boshlab toʻxtatiladi.
15. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga olish huquqiga ega boʻlish uchun toʻlanadigan qoʻshimcha toʻlovlarning hisobini yuritish, ularni undirish muddatlarini belgilash va sarflash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Qoʻshimcha toʻlovlarning hisobini yuritish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Qoʻshimcha toʻlovlarning hisobini yuritish maqsadida axborot tizimida har bir tuman (shahar) uchun daromadlar boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarini ochadi.

Belgilangan muddatlarda

2-bosqich

Jismoniy va yuridik shaxslar

Tanlovda ijara huquqini yutib olish uchun koʻproq ball toʻplash maqsadida belgilangan tartibda hisoblab chiqilgan qoʻshimcha toʻlovlarni ixtiyoriy ravishda qishloq xoʻjaligi yer maydonlarining ijara davri muddatiga teng taqsimlangan holda toʻlaydi.

15-aprel va 15-oktabrga qadar

3-bosqich

Tuman (shahar) hokimlari

1. Qoʻshimcha toʻlovlardan tuman (shahar) budjetiga haqiqatda kelib tushgan mablagʻlar doirasida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun qarorlarni qabul qiladi.

2. Tuman (shahar) hokimining qabul qilingan qarorini tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga kiritadi.

Belgilangan tartibda

4-bosqich

Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi

Tuman (shahar) hokimi tomonidan qabul qilingan qarorni tasdiqlaydi.

Belgilangan tartibda

5-bosqich

Tuman (shahar) hokimlari

Qabul qilingan qaror asosida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltiradi.

Belgilangan tartibda

”.

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2023-y., 09/23/137/0186-son; 22.04.2024-y., 09/24/223/0292-son)