1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.01.00 Umumiy qoidalar / 14.01.01.01 Sogʻliqni saqlash sohasida boshqaruv;
2.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.01.00 Umumiy qoidalar / 14.01.01.02 Sogʻliqni saqlashni moliyalashtirish va taʼminoti]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sogʻliqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Onkogematologik, onkologik, birlamchi immunodefitsit va davolash qiyin boʻlgan hamda qon tizimi kasalliklarini davolash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Gematologik va onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarni tibbiy-jihatdan yanada qoʻllab-quvvatlash, aholi orasida gematologik, onkogematologik skrining dasturlarini joriy qilish, ushbu kasalliklarga chalingan bemorlarga qoʻshimcha qulayliklar va shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2021-yil 27-maydagi PQ-5130-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2021-yil 27-maydagi PQ-5130-son qaroriga muvofiq:
2022-yil 1-yanvardan boshlab Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tarkibidan chiqarilganligi;
ilgʻor xorijiy tibbiyot muassasalarining tajribasidan kelib chiqqan holda Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan onkologiya yordamini takomillashtirish va onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun Davlat budjetidan 2022-yildan boshlab 125 mlrd soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda mablagʻ ajratilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 17-maydagi PF-136-son Farmoniga muvofiq Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazining Tibbiyot muassasalarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasini shakllantirish uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar miqdori tibbiyot muassasasi uchun ajratiladigan budjet mablagʻlarining umumiy hajmiga nisbatan 10 foiz etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) bir oy muddatda:
Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida (keyingi oʻrinlarda — markazlar) davolanayotgan har bir bemorning kasallik xususiyatidan kelib chiqqan holda, ularni davolash rejasi boʻyicha har bir markaz uchun alohida “yoʻl xarita”larini;
tuman (shahar)lar koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida hamda viloyat koʻp tarmoqli bolalar markazlarida ommaviy skrining usulida onkogematologik, onkologik va birlamchi immunodefitsit hamda qon tizimi kasalliklarini erta aniqlash boʻyicha maqsadli tekshiruvlar oʻtkazish tartibi, mezonlari va bemorlarni soha mutaxassislariga yoʻnaltirish tartibini tasdiqlasin;
b) bir oy muddatda markazlar mutaxassislarining ilmiy va amaliy salohiyatini inobatga olgan xolda ularning ilgʻor xorijiy tibbiyot muassasalariga malaka oshirishga yuborilishini tashkil etsin;
v) ikki oy muddatda Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi bilan birgalikda:
ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasi, xususan Germaniya standartlari asosida har ikki yilda gematologiya, onkogematologiya yoʻnalishlarida tashxislash va davolash standartlarini hamda klinik bayonnomalarini qayta koʻrib chiqib, tasdiqlasin;
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari uchun onkogematologik va gematologik kasalliklarni erta aniqlash boʻyicha maqsadli savolnomalarni tasdiqlasin;
onkogematologik va gematologik kasalliklarni erta aniqlash uchun maqsadli savolnomalarni tatbiq qilish maqsadida malakali mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar tashkil qilsin hamda hududlarga tashrif buyurgan holda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga yetkazsin;
g) 2023-yil 1-yanvarga qadar:
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda ilgʻor xorijiy tajribani batafsil oʻrgangan holda, respublikada bolalar onkogematologiyasi mutaxassisligi boʻyicha alohida kadrlarni tayyorlash (qayta tayyorlash) amaliyotini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
AQSh, Belarus, Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya va Rossiya kabi davlatlarning nufuzli klinika va markazlari mutaxassislarining uzoq muddatga ilmiy izlanishlarga, davolash va taʼlim berish uchun markazlarga jalb etilishini taʼminlasin;
d) 2023-yildan boshlab tibbiyot texnikum va kollejlarida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalari orasidan iqtidorli va salohiyatli, onkogematologiya yoʻnalishida faoliyatini davom ettirishga ishtiyoqi boʻlgan talabalarni saralab olish va amaliyot oʻtashga jalb etish tizimini joriy etsin, markazlarda tibbiyot texnikum va kollejlarining klinik bazasini tashkil etishga shart-sharoitlar yaratsin.
4. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
onkologik va onkogematologik kasalliklarning sabab va oqibatlari hamda ularni erta aniqlash masalalari, skrining tadbirlarining dolzarbligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aholining barcha qatlamlariga sodda va xalqchil tilda, shu jumladan videoroliklar koʻrinishida ommaviy axborot vositalari orqali doimiy ravishda yetkazish choralari koʻrilishini;
har oyda bir marta gematologiya hamda onkologiya yoʻnalishidagi tibbiyot xodimlari tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali onkogematologik kasalliklar sabab va oqibatlari hamda ularni davolash boʻyicha yaratilayotgan imkoniyatlar toʻgʻrisida aholiga murojaat qilish tizimi joriy qilinishni taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Toshkent shahar hokimligining leykoz, miyeloma, limfoma, aplastik va tugʻma gemolitik anemiya kasalliklariga chalingan bemorlarda autologik oʻzak hujayralari transplantatsiyasi amaliyotini oʻtkazish uchun moʻljallangan aseptik sharoitga ega qoʻshimcha ikkita besh qavatli binolarni (keyingi oʻrinlarda — obyekt) markazlar hududida qurish hamda tugallanmagan qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlarini yakunlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Obyekt qurilishi hamda tugallanmagan qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-fevraldagi PQ-4592-son qarori bilan tashkil etilgan Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilsin.
Bunda, obyekt boʻyicha bosh loyiha tashkiloti va bosh pudrat tashkiloti buyurtmachi tomonidan maxsus axborot portalida tanlov oʻtkazish toʻgʻrisida eʼlon joylashtirgan holda, qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish tartibiga asosan belgilansin.
Obyektni jihozlash ishlari amaldagi jihozlash meʼyorlari, shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan tasdiqlangan jihozlarning texnik parametrlariga muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
6. Qurilish vazirligi obyekt boʻyicha ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishi hamda qurilish-montaj ishlari shaharsozlik faoliyatida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etilgan holda amalga oshirilishi yuzasidan nazorat oʻrnatsin.
7. Markazlarda davolanayotgan bemorlarning yaqinlari uchun 200 oʻrinli hostel uchun yer maydoni ajratish hamda uni qurish ishlarini 2023-yil 1-aprelgacha yakunlab foydalanishga topshirish boʻyicha Toshkent shahar hokimi rahbarligida maxsus shtab tashkil etilsin.
Quyidagilar maxsus shtabning vazifalari etib belgilansin:
hostel qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun zarur yer maydonini ajratish, qurilayotgan hududda buziladigan, boshqa joyga koʻchiriladigan yoki rekonstruksiya qilinadigan binolar yuzasidan aholining qonuniy talablari bajarilishini taʼminlash;
birlamchi ruxsat beruvchi, loyihaoldi va loyiha hujjatlarining belgilangan tartibda sifatli tayyorlanishini taʼminlash, shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishini nazorat qilish;
hostel qurilish ishlari yuzasidan tizimli texnik nazorat amalga oshirilishini taʼminlash, qurilish jarayonida kamchiliklar va nuqsonlar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etish yuzasidan choralarni koʻrish;
hostel belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishini nazorat qilish.
Belgilansinki, hostel qurilishi homiylik xayriyalari hisobidan amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi markazlar va hududlardagi bolalar onkogematologiyasi boʻlimlarini qoʻshimcha zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar hamda jihozlar bilan taʼminlash uchun xalqaro moliya institutlarining mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin.
9. Vazirlar Mahkamasining “Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2021-yil 8-apreldagi 193-son qarorigailovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev, Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxodjayev zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 15-noyabr,
657-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-noyabrdagi 657-son qaroriga ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2021-yil 8-apreldagi 193-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandning “v” kichik bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalarini qurish va taʼmirlash, ularga asbob-uskunalar, dori vositalari, tibbiy buyumlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini sotib olishda”.
“onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalarini qurish va taʼmirlash, ularga asbob-uskunalar, dori vositalari, tibbiy buyumlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini sotib olish;
onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklar boʻyicha yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb qilish;”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2022-y., 09/22/657/1018-son)