toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 10-fevraldagi PQ-4592-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 10-fevraldagi PQ-4592-son qaroriga muvofiq:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilganligi;
b) Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilanganligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tushadigan tamaki mahsulotlari uchun aksiz soligʻi yigʻimi summasining 7 foizi;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
v) Jamgʻarma mablagʻlaridan:
Oldingi tahrirga qarang.
onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalarini qurish va taʼmirlash, ularga asbob-uskunalar, dori vositalari, tibbiy jihozlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini sotib olishda;
(1-band “v” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklar boʻyicha yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb qilishda;
Oldingi tahrirga qarang.
Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan roʻyxat asosida ogʻir kasallikka chalingan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning respublikada yoʻlga qoʻyilmagan jarrohlik amaliyotlari boʻyicha xorijiy davlatlardagi jarrohlik operatsiyalari bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashda;
(1-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-oktabrdagi 656-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2021-y., 09/21/656/0996-son)
onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga respublika hududidagi davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarining yuqori texnologik tashxis qoʻyish va tibbiy yordam koʻrsatish xizmatlarini xarid qilish xarajatlarini qoplashda foydalanilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish yoʻnalishlari;
Jamgʻarma mablagʻlarini sarflash va boshqarish;
Jamgʻarmaga bemorlar tomonidan sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish yuzasidan murojaat etish va ularni koʻrib chiqish tartibi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishni hisobga olish va nazorat qilish.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) buyurtmasiga muvofiq onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalariga asbob-uskunalar, dori vositalari, tibbiy jihozlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini sotib olishda davlat xaridlari jarayonlari boʻyicha “Xaridlar markazi” davlat muassasasi:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
davlat xaridlari jarayonlarini amalga oshirish boʻyicha Vazirlik xarid komissiyasining ishchi organi;
xaridlar yuzasidan shartnomalarni imzolash boʻyicha kontragent;
shartnomaga muvofiq yetkazib berilgan tovarlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash va yetkazib berish boʻyicha agent etib belgilansin.
Bunda davlat xaridlari jarayonlarining natijalariga koʻra tuzilgan kontraktlar Jamgʻarma mablagʻlari doirasida Vazirlik va “Oʼzmedimpeks” DUK oʻrtasida tuziladigan vositachilik shartnomalari orqali moliyalashtiriladi.
4. Vazirlik manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 8-aprel,
193-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-apreldagi 193-son qaroriga
ILOVA
Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi hamda uning mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) Moliya vazirligi Gʻaznachiligida alohida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida jamlanadi va mazkur Nizomda belgilangan maqsadlarga sarflanadi.
3. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish yoʻnalishlari
4. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tushadigan tamaki mahsulotlari uchun aksiz soligʻi yigʻimi summasining 7 foizi;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalarini qurish va taʼmirlash, ularga asbob-uskunalar, dori vositalari, tibbiy jihozlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini sotib olish;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Oldingi tahrirga qarang.
onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklar boʻyicha yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb qilish;
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-noyabrdagi 657-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2022-y., 09/22/657/1018-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan roʻyxat asosida ogʻir kasallikka chalingan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning respublikada yoʻlga qoʻyilmagan jarrohlik amaliyotlari boʻyicha xorijiy davlatlardagi jarrohlik operatsiyalari bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-oktabrdagi 656-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2021-y., 09/21/656/0996-son)
onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga respublika hududidagi davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarining yuqori texnologik tashxis qoʻyish va tibbiy yordam koʻrsatish xizmatlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini sarflash va boshqarish
6. Jamgʻarmadan mablagʻlar ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq tarkibda shakllantirilgan Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash) qaroriga koʻra sarflanadi.
7. Jamgʻarma mablagʻlari boʻyicha daromad va xarajatlar smetasi Kengash takliflari asosida Vazirlik tomonidan ishlab chiqiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
8. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tashxis qoʻyiladigan va davolanadigan onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklar roʻyxati Vazirlik tomonidan Kengash bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
9. Jamgʻarma Kengashi tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq har yili 10-yanvarga qadar, zaruratga koʻra, yil davomida bir necha marotaba Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni (keyingi oʻrinlarda — bemorlar) sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish hajmini (keyingi oʻrinlarda — rejalashtirilgan koʻmak hajmi) tasdiqlaydi.
Bunda Jamgʻarma Kengashi:
a) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan har yili, zaruratga koʻra, yil davomida bir necha marotaba sogʻlomlashtirishga koʻmaklashiladigan bemorlar roʻyxatini (keyingi oʻrinlarda — roʻyxat) Vazirlik taqdim etgan statistik maʼlumotlar hamda ushbu bemorlarga tegishli tibbiyot xodimlari tomonidan qoʻyilgan tashxis va xulosalar asosida tasdiqlaydi.
roʻyxatga kiritiladigan bemorlar ularga qoʻyilgan tashxis asosida ularning holatining yengil, oʻrta ogʻir, ogʻir va oʻta ogʻirligidan kelib chiqib ajratiladi;
b) Jamgʻarma mablagʻlaridan bemorlarga:
Oldingi tahrirga qarang.
tibbiy yordam koʻrsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalariga asbob-uskunalar, tibbiy jihozlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini sotib olish yuzasidan takliflarni ishlab chiqadi;
(9-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
yil davomida bir nafar bemor uchun kasallik turiga qarab jamgʻarma mablagʻlari hisobidan koʻrsatiladigan yordam hajmi, qiymati va yetkazib beriladigan dori vositalarining turlari yuzasidan rejalashtirilgan koʻmak hajmini ishlab chiqadi;
yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb qilish uchun murakkab operatsiyalar roʻyxati, shuningdek, ushbu mutaxassislarni kelishi va ketishi bilan bogʻliq (mehmonxona hamda xizmat haqi va boshqalar) xarajatlari miqdori tasdiqlaydi;
respublika hududidagi davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlaridan xarid qilinadigan yuqori texnologik tashxis qoʻyish va tibbiy yordam koʻrsatish xizmat turlarini tasdiqlaydi.
10. Quyidagilar Kengash aʼzolarining vazifalari hisoblanadi:
Kengash majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal etishda ishtirok etish;
Kengash tomonidan koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha ovoz berish;
Kengash majlislarida shaxsan qatnashish, agar qatnashish imkoni boʻlmagan taqdirda, majlis kun tartibi boʻyicha oʻz fikrini yozma ravishda taqdim etishga haqlidirlar;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan maqsadlar boʻyicha ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali, shu jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining (keyingi oʻrinlarda — Markaz) rasmiy veb-sayti orqali oxirgi olti oy davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan yilda ikki marotaba hisobotni eʼlon qilish.
11. Kengash raisi:
Kengash majlisi kun tartibini belgilaydi va tasdiqlaydi;
Kengash qarorlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Kengash aʼzolariga yuklangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan ularning ishini muvofiqlashtiradi;
Kengashning samarali ishlashini taʼminlash uchun boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
12. Kengash kotibi:
ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan maqsadlarga Jamgʻarmadan mablagʻ ajratishga oid murojaatlarni Kengash majlisida koʻrib chiqishga tayyorlash uchun Kengashning aʼzolariga tegishliligi boʻyicha taqsimlaydi;
Kengash majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
majlisni oʻtkazish muddatlari va joyi boʻyicha Kengash raisiga takliflar kiritadi;
kun tartibidagi masalalari boʻyicha Kengash majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
Kengash aʼzolari va taklif etilgan shaxslarni majlis sanasi, vaqti, joyi va kun tartibi loyihasi boʻyicha xabardor qiladi;
Kengash bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Kengash aʼzolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
Kengash qarorlari ijrosining nazoratini yuritadi hamda Kengashga muntazam ravishda axborot kiritib boradi.
Kengash kotibi Kengash aʼzosi hisoblanadi.
13. Kengash oʻz majlislarini zaruratga koʻra, biroq har oyda kamida bir marta oʻtkazadi.
14. Kengash majlislarini Kengash raisi, u boʻlmagan taqdirda esa Kengash raisining oʻrinbosari boshqaradi.
15. Kengash majlisi unda Kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda oʻtkazilgan hisoblanadi.
16. Kengash majlisini oʻtkazish uchun kvorum yoki rais va uning oʻrinbosari boʻlmaganda, Kengash majlisini oʻtkazishning yangi sanasi eʼlon qilinadi.
17. Kengash majlisiga unda koʻrib chiqiladigan masalalarning xususiyatiga koʻra, manfaatdor vazirlik va idoralarning vakillari, tibbiyot sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar vakillari taklif etilishi mumkin.
18. Kengash qarori Kengashning majlisda qatnashgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, Kengash raisining yoki raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
19. Kengash qarorlari Kengash majlisi bayoni bilan rasmiylashtiriladi. Kengash majlisining bayoni Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.
20. Vazirlikning Buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi Jamgʻarmaning ishchi organi hisoblanadi.
21. Ishchi organ:
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlarining yillik moliyaviy rejasini ishlab chiqadi;
daromadlar va xarajatlar smetalarini tayyorlaydi, shuningdek, ularga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritadi;
Jamgʻarma tushumlarini koʻpaytirish va uning mablagʻlaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
Kengash roziligi bilan qoʻshimcha daromadlarni jalb etish maqsadida vaqtincha boʻsh mablagʻlarni belgilangan tartibda tijorat banklari depozitlariga joylashtiradi;
Jamgʻarmaning tushumlar manbalari boʻyicha daromadlari hamda asosiy xarajatlari yoʻnalishlari boʻyicha hisobini yuritadi;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Kengash qarorlari asosida ushbu Nizomning 5-bandi ikkinchi xatboshisida belgilangan tadbirlar doirasida xaridlarni tashkil etish boʻyicha buyurtmalar ishlab chiqilishini va ishlab chiqilgan buyurtmalarni Kengash bilan kelishgan holda xarid jarayonlarini tashkil etilishi, shuningdek, xarid jarayonlari natijalariga koʻra vositachilik shartnomalari tuzilishi va moliyalashtirilishini taʼminlaydi;
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari boʻyicha hisobotlarini muntazam ravishda Kengashga kiritadi va Kengash yigʻilishlarida ishtirok etadi;
har chorak yakuni boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida hisobot tayyorlaydi hamda Vazirlikka koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etadi.
22. Vazirlik:
Jamgʻarma mablagʻlarini ushbu Nizomga hamda Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari smetasiga muvofiq tasarruf etadi;
har yili 25-dekabrgacha Jamgʻarmaning kelgusi yil uchun daromadlari va xarajatlari smetalarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
zarur hollarda, tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetalariga belgilangan tartibda tegishli oʻzgartirishlar kiritadi;
Kengash qaroriga muvofiq qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Jamgʻarma mablagʻlaridan moliyalashtiriladigan shartnomalarni tuzadi;
Jamgʻarma tomonidan ajratilgan mablagʻlar boʻyicha, shu jumladan, shartnomani uzaytirish va oʻzgartirish boʻyicha Kengash bilan kelishgan holda tegishli oʻzgartirishlar kiritadi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qiladi;
Jamgʻarmaning chorak yakuni boʻyicha daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi hisobotini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasini bajarish boʻyicha choraklik va yillik hisobotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim qiladi.
23. Kengash taklifi hamda Vazirlik xulosasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-sentabrdagi PQ-3948-son qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish natijalari Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar roʻyxatida keltirilgan mamlakat va xalqaro tashkilotlarda roʻyxatdan oʻtgan bemorlarni davolash uchun zarur boʻlgan dori vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazmasdan, Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan xarid qilish va bemorlarga ishlatishga ruxsat beriladi.
4-bob. Jamgʻarmaga bemorlar tomonidan sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish yuzasidan murojaat etish va ularni koʻrib chiqish tartibi
24. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan har yilga sogʻlomlashtirishga koʻmaklashiladigan bemorlar roʻyxatiga kiritilgan bemorlar tomonidan rejalashtirilgan koʻmak hajmiga qoʻshimcha takliflar boʻlgan taqdirda, shuningdek, roʻyxatga kiritilmagan bemorlar tomonidan Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan yordam koʻrsatish yuzasidan Markazning rasmiy veb-sayti orqali elektron murojaat qilinadi.
25. Markaz kelib tushgan murojaatlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda koʻrib chiqish va tahlil qilgan holda, Kengashning navbatdagi majlisiga muhokama uchun kiritishga masʼul hisoblanadi.
26. Murojaatlar koʻrib chiqish va tegishli qaror qabul qilish uchun Markaz tomonidan Kengash kotibiga Kengash majlisidan besh kun oldin taqdim etiladi.
27. Kengash kotibi murojaatlar Jamgʻarmaning tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq hamda tasdiqlangan ushbu daromadlar va xarajatlar smetasiga oʻzgartirish kiritish imkoniyatlarini inobatga olgan holda, Kengash majlisida koʻrib chiqilishini taʼminlaydi.
28. Koʻrib chiqilgan murojaatlar yuzasidan Kengash qarorlari Kengash majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va ushbu bayonnomadan koʻchirma Markaz tomonidan uch kun muddatda murojaat egasiga yuboriladi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishni hisobga olish va nazorat qilish
29. Jamgʻarma mablagʻlarining tushumi va ulardan foydalanishning buxgalteriya hisobini yuritish, shuningdek, hisobotlarni tuzish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Vazirlik tomonidan amalga oshiriladi.
30. Jamgʻarmaning joriy moliya yilida foydalanilmagan (oʻzlashtirilmagan) mablagʻlari keyingi moliya yiliga oʻtadi.
31. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanish belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan nazorat qilinadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. Ushbu Nizomni amalga oshirishda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
33. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

I-bosqich

Sogʻliqni saqlash vazirligi

• Jamgʻarma mablagʻlari boʻyicha daromad va xarajatlar smetasi Kengash takliflari asosida ishlab chiqish.

Belgilangan muddatlarda

• Jamgʻarmaning kelgusi yil uchun daromadlari va xarajatlari smetalarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlash.

har yili 25-dekabrga qadar

• Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish.

Doimiy

• Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi hisobotini koʻrib chiqish va tasdiqlash.

har chorak yakuni boʻyicha

• Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasini bajarish boʻyicha choraklik va yillik hisobotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim qilish.

Belgilangan muddatlarda

II-bosqich

Sogʻliqni saqlash vazirligi, Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish kengashi

• Jamgʻarma mablagʻlarini Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash) qaroriga muvofiq sarflash.

Doimiy

• Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tashxis qoʻyiladigan va davolanadigan onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklar roʻyxatini Sogʻliqni saqlash vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) tomonidan Kengash bilan kelishilgan holda tasdiqlash.

• Jamgʻarma Kengashi tomonidan tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni (keyingi oʻrinlarda — bemorlar) sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish hajmini (keyingi oʻrinlarda — rejalashtirilgan koʻmak xajmi) tasdiqlash.

har yili 1-fevralga qadar, zaruratga koʻra, yil davomida bir necha marotaba

III-bosqich

Jamqarma mablagʻlarini boshqarish kengashi, Sogʻliqni saqlash vazirligi

Bemorlarga rejalashtirilgan koʻmak xajmi doirasida Jamgʻarma mablagʻlaridan:

Doimiy

• onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalariga asbob-uskunalar, dori vositalari, tibbiy jihozlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini sotib olish;

• onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklar boʻyicha yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb qilish;

• onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga respublika hududidagi davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarining yuqori texnologik tashxis qoʻyish va tibbiy yordam koʻrsatish xizmatlarini xarid qilish xarajatlarini qoplashga foydalaniladi.

IV-bosqich

Murojaatchi

Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan har yilga sogʻlomlashtirishga koʻmaklashiladigan bemorlar roʻyxatiga kiritilgan bemorlar tomonidan rejalashtirilgan koʻmak xajmiga qoʻshimcha takliflar boʻlgan taqdirda, shuningdek, roʻyxatga kiritilmagan bemorlar tomonidan Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan yordam koʻrsatish yuzasidan Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining (keyingi oʻrinlarda — Markaz) rasmiy veb-sayti orqali elektron murojaat qilish.

Qoʻshimcha taklif boʻlgan hollarda

V-bosqich

Markaz

Markazga kelib tushgan murojaatlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda koʻrib chiqish va tahlil qilgan holda, Kengashning navbatdagi majlisiga muhokama uchun kiritish.

Byelgilangan muddatlarda

VI-bosqich

Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish kengashi

Murojaatlar Jamgʻarmaning tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq hamda tasdiqlangan ushbu daromadlar va xarajatlar smetasiga oʻzgartirish kiritish imkoniyatlarini inobatga olgan holda, Kengash majlisida koʻrib chiqish.

Belgilangan muddatlarda

Markaz

Koʻrib chiqilgan murojaatlar yuzasidan Kengash qarorini Kengash majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtirish va ushbu bayonnomadan koʻchirmani Markaz tomonidan murojaat egasiga yuborish.

Uch kun muddatda

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlarini boshqarish kengashi
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

Sabirov Ulugʻbek Yusupxonovich

Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari, Kengash raisi

2.

Qayumov Abduraxman Abdumavlyanovich

Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, Kengash raisining oʻrinbosari

3.

Varisova Maksuda Azizovna*

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati (kelishuv asosida)

4.

Ganiyev Doniyor Avazovich*

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati (kelishuv asosida)

5.

Tillashayxov Mirzagolib Nigmatovich

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori

6.

Sharipov Alisher Mirhamidovich

Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori

7.

Mirtalipov Mirazim Mirsamatovich*

Sogʻliqni saqlash vazirligining moliyalashtirish va rejalashtirish boshqarmasi boshligʻi

8.

Ibragimova Sapura Zaxidovna*

Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti shifokori

9.

Iskandarov Kamol Zayniddinovich*

Bolalar milliy tibbiyot markazi shifokori

10.

Umarova Aziza Farxadovna

“SmartGov consulting” konsaltinglik byurosining ijrochi direktori (kelishuv asosida)

11.

Xodjaxanova Munira Abdukaxxarovna

“EZGU AMAL” jamoat fondi vasiylik kengashi raisi (kelishuv asosida)

12.

Qodirov Mirzoxidjon Muxtarovich

Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy ekspertizasi va standartlash Davlat markazi DUK direktori

13.

Maxmudova Aziza Jumanovna

Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining ilmiy-ishlar boʻyicha oʻrinbosari, Kengash kotibi

Izoh. Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtganlari taqdirda ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoki tegishli majburiyatlarni bajarish zimmasiga yuklatilgan masʼul shaxslar kengash tarkibiga kiritiladi.
* Ushbu Kengash aʼzolarining lavozimlari oʻzgarib, Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida faoliyatlarini davom ettirsalar, Kengash qarori bilan ular Kengash tarkibida faoliyatlarini davom ettirishlari mumkin.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi PQ-5199-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2021-y., 07/21/5199/0721-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2021-y., 09/21/193/0311-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2021-y., 07/21/5199/0721-son, 26.10.2021-y., 09/21/656/0996-son; 15.11.2022-y., 09/22/657/1018-son; 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)