1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.17.00.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari (shuningdek, 03.03.10.03ga qarang) / 01.17.10.00 Ijtimoiy jamgʻarmalar]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ijtimoiy sugʻurta, ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy himoya]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni koʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 1-martdagi PF-81-son Farmoni va 2022-yil 21-sentabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ-376-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 1-martdagi PF-81-son Farmoni bilan Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) sifatida qayta tashkil etilganligi hamda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) tuzilmasiga oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Jamgʻarmaning maqsadi, asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari;
Jamgʻarmani boshqarish, uning mablagʻlarini shakllantirish hamda faoliyat yuritish tartibi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari, mablagʻlarni boshqarish va taqsimlash tartibi;
Jamgʻarma xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish shartlari;
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari hisobining yuritilishi, Jamgʻarma tomonidan ajratiladigan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishini nazorat qilish tartibi.
3. Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasining vasiylik kengashi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
Jamgʻarma Vasiylik kengashi (keyingi oʻrinlarda — Vasiylik kengashi) Jamgʻarmaning oliy boshqaruv organi, Jamgʻarma Ijro etuvchi direksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) esa uning ijro organi hisoblanadi;
Direksiya ijrochi direktori Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisining tavsiyasiga asosan Vasiylik kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
Direksiya Jamgʻarma faoliyati natijalari boʻyicha har yil yakunida Vasiylik kengashiga, har chorak yakunida — Qoʻmita raisiga hisobot taqdim etadi;
Direksiya ijrochi direktori Qoʻmitaning boshqarma boshligʻiga, uning oʻrinbosari — boshqarma boshligʻining oʻrinbosariga, boshqa xodimlar esa mos ravishda Qoʻmitaning boshqa xodimlariga tenglashtiriladi;
Jamgʻarma xodimlariga Qoʻmita xodimlari uchun Davlat budjeti hisobidan toʻlanadigan mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish shartlari tatbiq etiladi hamda Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
Jamgʻarma Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalar boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
5. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
Qoʻmitaning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq har yili 300 mlrd soʻmgacha boʻlgan miqdorda Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;
6. Vasiylik kengashi:
Jamgʻarmaning har yillik daromadlari va xarajatlari boʻyicha prognoz koʻrsatkichlarni tasdiqlab borish;
Jamgʻarmaga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun manfaatdor vazirlik va idoralarni jalb etish;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanish boʻyicha tizimli nazorat oʻrnatish choralarini koʻrsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi Z.B. Maxkamova bir oy muddatda Direksiya shtat jadvalini uning boshqaruv xodimlari sonini 6 nafardan oshirmagan holda tasdiqlash hamda Direksiyani saqlash bilan bogʻliq xarajatlarning samaradorligini oshirish choralarini koʻrsin.
8. Qoʻmita bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2021-yil 14-apreldagi 210-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi Z.B. Mahkamova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 4-noyabr,
645-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-noyabrdagi 645-son qaroriga 1-ILOVA
Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) maqsadi, asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlarini, Jamgʻarmani boshqarish, uning mablagʻlarini shakllantirish va faoliyat yuritish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Vasiylik kengashining (keyingi oʻrinlarda — Vasiylik kengashi), Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) buyruq va qarorlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
3. Jamgʻarma Qoʻmita tuzilmasiga kiruvchi davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, Moliya vazirligining Gʻaznachiligida hisobvaraqlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan blankaga va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
4. Jamgʻarmaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi;
qisqartirilgan nomi — Oila va xotin-qizlar jamgʻarmasi;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Gosudarstvenniy selevoy fond podderjki semi i jenshin;
qisqartirilgan nomi — Fond podderjki semi i jenshin;
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — State fund for family and women support;
qisqartirilgan nomi — Family and women fund.
2-bob. Jamgʻarmaning maqsadi va vazifalari hamda huquq va majburiyatlari
5. Jamgʻarmaning asosiy maqsadi xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga moddiy yordam koʻrsatish, oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha bilim va koʻnikmalarni egallashda ularga koʻmaklashish va ragʻbatlantirishdan iborat.
6. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun tijorat banklariga resurs mablagʻlarini belgilangan tartibda joylashtirish;
xotin-qizlarga mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha bilim va koʻnikmalarni egallashlari uchun zarur sharoitlar yaratish bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirishga koʻmaklashish;
ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslar, nogironligi boʻlgan farzandlarini tarbiyalayotgan, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila aʼzosi boʻlgan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarga uy-joylarning boshlangʻich badalini qaytarmaslik sharti bilan toʻlab berish;
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, sogʻligʻini saqlash, xotin-qizlar sportini rivojlantirish, ularning mehnat va oʻqish sharoitlarini yaxshilash bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirishga koʻmaklashish.
7. Jamgʻarma oʻziga yuklangan vazifalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
qonunchilik hujjatlariga muvofiq ushbu Nizomda nazarda tutilgan faoliyatni taʼminlash uchun Vasiylik kengashining qarori asosida mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish;
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan Jamgʻarma vakolatlariga kiruvchi masalalarni hal etish uchun zarur axborotlarni soʻrash va olish;
Gʻaznachilikdagi oʻz hisobvaraqlarida ushbu Nizomda belgilangan manbalardan tushadigan mablagʻlarni jamgʻarish;
Jamgʻarma tomonidan ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish, huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga murojaat etish hamda Jamgʻarmani saqlash hamda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni qoplash bilan bogʻliq xarajatlardan tashqari barcha moliyalashtirishni belgilangan tartibda toʻxtatish;
vaqtincha boʻsh pul mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklarida depozitlarga joylashtirish;
Jamgʻarma vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
Jamgʻarma qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
8. Jamgʻarma oʻz vakolatlarini amalga oshirayotganda:
qonunchilik hujjatlari, ushbu Nizom talablari, Qoʻmita va Vasiylik kengashi qarorlarini toʻliq hamda oʻz vaqtida bajarishi;
Jamgʻarma mablagʻlarining ushbu Nizom doirasida ishlatilishini taʼminlashi hamda ulardan maqsadli va samarali foydalanishini nazorat qilishi;
oʻz faoliyatini amalga oshirish chogʻida olingan axborotning tarqatilishi qonun bilan cheklangan boʻlsa, uning maxfiyligiga rioya etishi shart.
Jamgʻarmaga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
3-bob. Jamgʻarmani boshqarish
9. Jamgʻarmaning boshqaruv organlari Jamgʻarma Vasiylik kengashi va Ijro etuvchi direksiyasidan (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) iborat.
Vasiylik kengashi Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish va nazorat qilishni amalga oshiruvchi oliy boshqaruv organ, Direksiya esa — ijro etuvchi organ hisoblanadi.
10. Vasiylik kengashi aʼzolari bir vaqtning oʻzida Direksiyada mehnat faoliyatini yuritishi mumkin emas.
11. Vasiylik kengashi:
Jamgʻarma mablagʻlari va boshqa mol-mulkidan foydalanilishi hamda Jamgʻarmaga yuklangan vazifalar bajarilishini nazorat qiladi;
Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar yillik parametrlarini hamda amalga oshiriladigan asosiy tadbirlar rejasini tasdiqlaydi;
umumiy tasdiqlangan parametrlar doirasida, zarurat boʻlganda, Jamgʻarma daromadlari (manbalar boʻyicha) va xarajatlarining prognoz parametrlariga oʻzgartirishlar kiritadi;
Direksiyani saqlash xarajatlari smetasini, shtatlar jadvalini tasdiqlaydi, zarurat boʻlgan taqdirda, tasdiqlangan boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida Direksiya tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisining tavsiyasiga asosan Direksiya ijrochi direktorini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Jamgʻarma oldiga qoʻyilgan vazifalarni hal etish uchun manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarni jalb qiladi, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalarini jalb etishga koʻmaklashadi;
Jamgʻarma xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish shartlarini qonunchilik talablari asosida belgilaydi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
12. Vasiylik kengashi Jamgʻarmaga yuklangan vazifalarning ijrosini tashkil qilish, tegishli loyihalarni ishlab chiqish, amaliyotga tatbiq etish va zarur tavsiyalar tayyorlanishini taʼminlash maqsadida davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, shuningdek, fuqarolardan iborat tarkibda ekspert guruhlari tashkil qilishi mumkin.
13. Vasiylik kengashi majlislari zaruratga koʻra oʻtkaziladi.
Vasiylik kengashi qarorlari majlisda qatnashayotgan Vasiylik kengashi aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, Vasiylik kengashi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
14. Direksiya Jamgʻarmaning ijro organi hisoblanadi. Unga Vasiylik kengashi qarori bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ijrochi direktor rahbarlik qiladi.
15. Direksiya:
Jamgʻarmaga ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi;
mablagʻlardan maqsadsiz foydalanilgan hollarda, mehnatga haq toʻlash boʻyicha toʻlovlardan tashqari moliyalashtirishni toʻxtatib turadi, keyinchalik ushbu masalani Vasiylik kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
milliy va chet el valyutasida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarini ochadi va yuritadi, belgilangan tartibda ular boʻyicha tegishli operatsiyalarni amalga oshiradi;
Jamgʻarmaga oʻtkazilgan mablagʻlarning amalda tushgan summasi boʻyicha tegishli tashkilotlardan axborotlar hamda statistik maʼlumotlarni soʻrab oladi;
Vasiylik kengashi roziligi bilan boʻsh mablagʻlarni qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklarida milliy valyutada depozitlarga joylashtiradi;
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari hisobini yuritadi, shuningdek, ular boʻyicha choraklik va yillik hisobotlarni shakllantiradi;
tasdiqlangan xarajatlar smetasida nazarda tutilmagan qoʻshimcha mablagʻlarni ajratish boʻyicha tushgan buyurtmalarni toʻplaydi, umumlashtiradi va koʻrib chiqish uchun Vasiylik kengashiga kiritadi;
Jamgʻarma Vasiylik kengashi qarorlari toʻliq va oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi boʻyicha choraklik va yillik hisobotlarni Vasiylik kengashiga va Moliya vazirligiga belgilangan tartibda taqdim etadi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
16. Direksiya ijrochi direktori:
Jamgʻarmaning joriy faoliyatini tashkil etadi va Jamgʻarmaga yuklangan vazifalar bajarilishi, shu jumladan, uning mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini taʼminlaydi;
Direksiya faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, qonunchilik hujjatlari, Vasiylik kengashi qarorlari, Qoʻmitaning buyruq va qarorlari bilan Jamgʻarmaga yuklangan vazifalar hamda funksiyalarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishini tashkil etadi;
Direksiya, uning tarkibiy boʻlinmalari faoliyati bilan bogʻliq koʻrsatkichlar, maqsadli indikatorlarga, sifatga va rivojlantirish dasturlarining samarali amalga oshirilishiga erishishni soʻzsiz taʼminlash yuzasidan amaliy choralar koʻradi;
Direksiya xodimlarini ishga qabul qilish va ishdan boʻshatish, ularni ragʻbatlantirish hamda intizomiy jazo choralarini qoʻllash haqida, shuningdek, Jamgʻarma xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlarni chiqaradi;
davlat organlari va tashkilotlari, xoʻjalik birlashmalari, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, xorijiy davlatlarning tegishli organlari va tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar oldida Jamgʻarma manfaatlarini ifodalaydi;
Vasiylik kengashi bilan kelishgan holda, Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi boʻyicha belgilangan tartibda tekshiruvlar tashkil qiladi, ularning natijalarini tahlil qiladi va koʻrib chiqish uchun Vasiylik kengashiga taklif kiritadi;
jismoniy va yuridik shaxslar, tijorat banklari bilan Jamgʻarma faoliyatiga tegishli kelishuvlar va shartnomalarni, shu jumladan, kredit, xoʻjalik va mehnat shartnomalarini hamda resurs va depozitlar shartnomalarini imzolaydi, Direksiya nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi;
shtatlar jadvalini, Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Direksiya taʼminotining xarajatlar smetasini tuzadi va tasdiqlash uchun Vasiylik kengashiga taqdim etadi;
Direksiyaning lavozim yoʻriqnomalari va boshqa ichki hujjatlarini tasdiqlaydi;
Jamgʻarma nomidan sudga va boshqa davlat organlariga daʼvolar taqdim etadi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
17. Direksiyaning taʼminoti budjet tashkilotlari uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan xarajatlar smetasi asosida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va sarflash
18. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Qoʻmitaning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq har yili 300 mlrd soʻmgacha boʻlgan miqdorda Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
19. Jamgʻarmaga uning daromadlari boʻyicha tushayotgan mablagʻlar Moliya vazirligi Gʻaznachiligidagi shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
20. Jamgʻarma mablagʻlar tushishining toʻliqligi Vasiylik kengashi tomonidan nazorat qilinadi.
21. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlari sarflanadigan asosiy yoʻnalishlar hisoblanadi:
Qoʻmita va Jamgʻarmaga yuklangan vazifalarni amalga oshirish;
xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni, hunarmandchilikni tashkil etishda hamda shunday faoliyat uchun belgilangan tartibda imtiyozli kreditlar ajratishda tijorat banklarida resurslar va depozitlar joylashtirish orqali koʻmaklashish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash bilan bogʻliq chora-tadbirlarni moliyalashtirish;
xotin-qizlarga va ularning bandligini taʼminlovchi tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda subsidiya va grantlar, shu jumladan, ularga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni, hunarmandchilikni tashkil etish uchun subsidiyalar ajratish;
yosh qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oilani shakllantirish, uning maʼnaviy-axloqiy negizlari va anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha maqsadli ishlar olib borilishiga koʻmaklashish;
ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, shu jumladan, nogironligi boʻlgan, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalardagi xotin-qizlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda moddiy qoʻllab-quvvatlash;
(21-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
xotin-qizlarni kasblarga oʻrgatish va ularning bandligini taʼminlashga koʻmaklashadigan hamda muammolari bilan shugʻullanadigan nodavlat notijorat tashkilotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga Vasiylik kengashi tomonidan ishlab chiqilgan tartib asosida grant mablagʻlarini ajratish;
zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan xotin-qizlarning moslashuviga va salomatligini mustahkamlashga koʻmaklashish maqsadida ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markazlarni hamda ularning boʻlinmalarini saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash, ularni moddiy qoʻllab-quvvatlash;
xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, oʻrganishlar davomida aniqlangan ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga koʻmaklashish xarajatlarini moliyalashtirish;
ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslar, nogironligi boʻlgan farzandlarini tarbiyalayotgan, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila aʼzosi boʻlgan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarga uy-joylarning boshlangʻich badalini qaytarmaslik sharti bilan toʻlab berish;
(21-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻtkaziladigan respublika miqyosida hamda xalqaro tadbirlarni tashkil etishga, Oʻzbekiston delegatsiyasining xalqaro tadbirlarda ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;
xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar bilan ishlash, xotin-qizlar masalalari boʻyicha davlat va jamoat tashkilotlari bilan aloqalar hamda xotin-qizlar muammolari bilan ishlash yoʻnalishlaridan kelib chiquvchi tadbirlarni qoʻllab-quvvatlash;
Respublika xotin-qizlar tadbirkorlik markazi, uning hududiy boʻlinma (filial)larini saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash, faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, ularda tashkil etilgan oʻquv kurslarining mutaxassislariga soatbay haq toʻlash;
“Ayollar maslahat kengashlari” va mahallalarda faoliyat yuritayotgan boshqa jamoatchilik tuzilmalari aʼzolarini ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini moliyalashtirish;
ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, shu jumladan, nogironligi boʻlgan, shu bilan birga, tezkor tibbiy yordamga yoki jarrohlik amaliyotiga muhtoj, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila vakillarini (jinsi va yoshidan qatʼi nazar) davolatishga va ularning sogʻlom hayotga qaytishiga moddiy koʻmaklashish;
(21-bandning oʻn oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan taʼminlagan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida har yili bir marotaba har birining qiymati 50 million soʻm boʻlgan loyihalar tanlovini oʻtkazish;
yangi ish boshlayotgan kasanachilar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, rivojlantirish va takomillashtirish hamda ularga uslubiy yordam berish uchun xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida lider kasanachilarni jalb etgan holda oʻquv kurslari tashkil etish;
Direksiyani saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash.
22. Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasi Vasiylik kengashi bilan kelishilgan holda roʻyxatdan oʻtkazish uchun Qoʻmitaga taqdim etiladi.
23. Jamgʻarmadan pul mablagʻlar tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasi hamda Vasiylik kengashining qarori asosida ajratiladi.
Xarajatlar smetasida koʻzda tutilmagan yoki Jamgʻarmaga yuklatilgan topshiriqlarni bajarish bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar uchun mablagʻlar Vasiylik kengashining qarori asosida sarflanadi.
24. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish ishlari daromadlar va xarajatlar smetasi doirasida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
25. Direksiya Jamgʻarmaga ajratilgan mablagʻlardan foydalanilishi va keyingi hisobot davrida kutilayotgan xarajatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni koʻrib chiqish uchun Vasiylik kengashining navbatdagi yigʻilishiga kiritadi.
26. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga olib qoʻyilmaydi va ulardan keyingi yilda foydalaniladi.
5-bob. Jamgʻarmaning faoliyatini nazorat qilish
27. Jamgʻarmaning moliya-xoʻjalik faoliyati Vasiylik kengashining qaroriga binoan Jamgʻarmaning yillik faoliyati yakunlari boʻyicha tekshiriladi.
28. Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
29. Vasiylik kengashining talabiga koʻra Direksiya tomonidan Jamgʻarmaning moliyaviy faoliyati toʻgʻrisidagi barcha hujjatlar taqdim etilishi shart.
30. Jamgʻarmaning moliyaviy faoliyatini tekshirish natijalari boʻyicha Vasiylik kengashi:
hisobotlar va boshqa moliyaviy hujjatlardagi maʼlumotlarning ishonchli ekanligiga baho beradi;
buxgalteriya hisobi yuritilishi va moliyaviy hisobot taqdim etish tartibi buzilgan holatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotni;
aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar, shuningdek, Jamgʻarmaning moliyaviy faoliyati samaradorligini oshirishga oid takliflarni oʻz ichiga olgan qaror qabul qiladi.
6-bob. Hisobga olish va hisobot
31. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi toʻgʻrisidagi hisobot har chorakda Vasiylik kengashi tomonidan koʻrib chiqiladi va Direksiya tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
32. Jamgʻarma buxgalteriya va statistika hisobi hamda hisobotini yuritadi, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa toʻlovlarni toʻlaydi.
33. Direksiya har yil yakuni boʻyicha Vasiylik kengashiga Jamgʻarma faoliyati natijalari toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
34. Jamgʻarmaning buxgalteriya balansi hisobot yilidan keyingi yilning 31-martiga qadar Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
35. Jamgʻarma qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
36. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1756-moddasi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-noyabrdagi 645-son qaroriga 2-ILOVA
Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasining vasiylik kengashi
TARKIBI
1.
Z.B. Maxkamova
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi, Vasiylik kengashi raisi
2.
E.M. Muxitdinov
—
bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari
3.
E.I. Basitxanova
—
sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari
4.
D.Sh. Sultanov
—
moliya vazirining oʻrinbosari
5.
G.A. Rashidova
—
AT “Xalq banki” boshqaruvi raisining oʻrinbosari
6.
A.A. Abdumuxtorov
—
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining oʻrinbosari (kelishuv asosida)
7.
M.A. Nurmatova
—
Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi, Vasiylik kengashi kotibi
Izoh: Vasiylik kengashi aʼzosi boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.11.2022-y., 09/22/645/0994-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)