toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 05.11.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-noyabrdagi 645-sonli “Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 5-martdagi PQ-5020-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 5-martdagi PQ-5020-son qaroriga muvofiq:
a) Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) sifatida qayta tashkil etilganligi;
b) quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslar, nogironligi boʻlgan farzandlarini tarbiyalayotgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarga uy-joylarning boshlangʻich badalini toʻlab berish;
xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, sogʻligʻini saqlash, ayollar sportini rivojlantirish, mehnat va oʻqish sharoitlarini yaxshilash bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirishga koʻmaklashish;
xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun tijorat banklariga resurs mablagʻlarini belgilangan tartibda joylashtirish;
xotin-qizlarga mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha bilim va koʻnikmalarni egallashi uchun zarur sharoitlar yaratish bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirishga koʻmaklashish.
2. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq har yili 300 milliard soʻmgacha boʻlgan miqdorda ajratiladigan Davlat budjeti mablagʻlari;
vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3. Quyidagilar:
Jamgʻarmaning maqsadi, asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlarini, Jamgʻarmani boshqarish, mablagʻlarini shakllantirishni hamda faoliyat yuritish tartibini nazarda tutuvchi Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Vasiylik kengashi tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Ijro etuvchi direksiyasi xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash razryadlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
Jamgʻarma Vasiylik kengashi va Ijro etuvchi direksiyasi Jamgʻarmaning boshqaruv organlari hisoblanadi;
Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi raisi Vasiylik kengashi raisi vazifasini amalga oshiradi;
Vasiylik kengashi tarkibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashining qarori bilan amalga oshiriladi;
Jamgʻarma Ijro etuvchi direksiyasi har yil yakuni boʻyicha Vasiylik kengashiga Jamgʻarma faoliyati natijalari toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi;
Jamgʻarma xodimlariga davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlash va ragʻbatlantirishning barcha shartlari qoʻllanilsin.
5. Jamgʻarma Ijro etuvchi direksiyasiga direksiyaga ajratilgan mablagʻlar hisobidan bitta yengil avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq baʼzi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri R.T. Mamatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 14-aprel,
210-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi 210-son qaroriga
1-ILOVA
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) maqsadi, asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlarini, Jamgʻarmani boshqarish, mablagʻlarini shakllantirish va faoliyat yuritish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Vasiylik kengashining (keyingi oʻrinlarda — Vasiylik kengashi) qarorlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Jamgʻarma davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, Moliya vazirligining Gʻaznachiligida hisobvaragʻiga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan blankaga va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
4. Jamgʻarmaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi;
qisqartirilgan nomi — Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Gosudarstvenniy tselevoy fond podderjki jenщin;
qisqartirilgan nomi — Fond podderjki jenщin;
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — State Trust Fund for Womenʼs Support;
qisqartirilgan nomi — Fund for Womenʼs Support.
2-bob. Jamgʻarmaning maqsadi va vazifalari hamda huquq va majburiyatlari
5. Jamgʻarmaning asosiy maqsadi xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish, shu jumladan, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga moddiy yordam koʻrsatish, xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha bilim va koʻnikmalarni egallashda koʻmaklashishdan iborat.
6. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarga, nogironligi boʻlgan farzandlarini tarbiyalayotgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarga uy-joylarning boshlangʻich badalini toʻlab berish;
xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, sogʻligʻini saqlash, ayollar sportini rivojlantirish, mehnat va oʻqish sharoitlarini yaxshilash bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirishga koʻmaklashish;
xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun tijorat banklariga resurs mablagʻlarini belgilangan tartibda joylashtirish;
xotin-qizlarga mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha bilim va koʻnikmalarni egallashlari uchun zarur sharoitlar yaratish bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirishga koʻmaklashish.
7. Jamgʻarma oʻziga yuklangan vazifalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
qonunchilik hujjatlariga muvofiq ushbu Nizomda nazarda tutilgan faoliyatni taʼminlash uchun Vasiylik kengashining qarori asosida mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish;
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan Jamgʻarma vakolatlariga kiruvchi masalalarni hal etish uchun zarur axborotlarni soʻrash va olish;
gʻaznachilikdagi oʻz hisobvaraqlarida ushbu Nizomda belgilangan manbalardan tushadigan mablagʻlarni jamgʻarish;
Jamgʻarma tomonidan ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish, huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat etish hamda moliyalashtirishni belgilangan tartibda toʻxtatish;
vaqtinchalik boʻsh mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklarida depozitlarga joylashtirish;
Jamgʻarma vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
Jamgʻarma qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
8. Jamgʻarma oʻz vakolatlarini amalga oshirayotganda:
qonunchilik hujjatlari, ushbu Nizom talablari va Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi hamda Vasiylik kengashi qarorlarini toʻliq hamda oʻz vaqtida bajarishi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishini nazorat qilishi;
oʻz faoliyatini amalga oshirish chogʻida olingan axborotning tarqatilishi qonun bilan cheklangan boʻlsa, uning maxfiyligiga rioya etishi shart.
Jamgʻarmaga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
3-bob. Jamgʻarmani boshqarish
9. Jamgʻarmaning boshqaruv organlari Jamgʻarma Vasiylik kengashi va Ijro etuvchi direksiyasidan (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) iborat.
10. Vasiylik kengashi Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish va nazorat qilishni amalga oshiruvchi oliy boshqaruv organi hisoblanadi.
Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi raisi Vasiylik kengashi raisi vazifasini amalga oshiradi.
11. Vasiylik kengashi aʼzolari bir vaqtning oʻzida Direksiyada mehnat faoliyatini yuritishi mumkin emas.
12. Vasiylik kengashi:
Jamgʻarmaning pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkidan foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Jamgʻarmaga yuklangan vazifalar bajarilishini tashkil qiladi;
Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar yillik parametrlarini hamda amalga oshiriladigan asosiy tadbirlar rejasini tasdiqlaydi;
umumiy tasdiqlangan parametrlar doirasida, zarurat boʻlganda, Jamgʻarma daromadlari (manbalar boʻyicha) va xarajatlarining prognoz parametrlariga oʻzgartirishlar kiritadi;
Direksiyani saqlash xarajatlari smetasini, shtatlar jadvalini tasdiqlaydi, zarurat boʻlgan taqdirda, tasdiqlangan boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida Direksiya tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritadi;
Direksiya ijrochi direktorini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Jamgʻarma oldiga qoʻyilgan vazifalarni hal etish uchun manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarni jalb qiladi, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalarini jalb etishga koʻmaklashadi;
Jamgʻarma xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlarini belgilaydi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
13. Vasiylik kengashi Jamgʻarmaga yuklangan vazifalarning ijrosini tashkil qilish, tegishli loyihalarni ishlab chiqish, ularni amaliyotga tatbiq etish va zarur tavsiyalar tayyorlanishini taʼminlash maqsadida davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, shuningdek, fuqarolardan iborat tarkibda ekspert guruhlari tashkil qilishi mumkin.
14. Vasiylik kengashi majlislari zaruratga koʻra oʻtkaziladi.
Vasiylik kengashi qarorlari majlisda qatnashayotgan Vasiylik kengashi aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, Vasiylik kengashi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
15. Direksiya Jamgʻarmaning ijro organi hisoblanadi. Unga Vasiylik kengashi qarori bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ijrochi direktor rahbarlik qiladi.
16. Direksiya:
Jamgʻarmaga ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi;
mablagʻlardan maqsadsiz foydalanilgan hollarda, mehnatga haq toʻlash boʻyicha toʻlovlardan tashqari, moliyalashtirishni toʻxtatib turadi, keyinchalik ushbu masalani Vasiylik kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
chet el valyutasida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarini ochadi va yuritadi, belgilangan tartibda ular boʻyicha tegishli operatsiyalarni amalga oshiradi;
Jamgʻarmaga oʻtkazilgan pul mablagʻlarining amalda tushgan summasi boʻyicha tegishli tashkilotlardan axborotlar hamda statistik maʼlumotlarni soʻrab oladi;
Vasiylik kengashi roziligi bilan boʻsh mablagʻlarni qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklarida milliy valyutada depozitlarga joylashtiradi;
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari hisobini yuritadi, shuningdek, ular boʻyicha choraklik va yillik hisobotlarni shakllantiradi;
tasdiqlangan xarajatlar smetasida nazarda tutilmagan qoʻshimcha mablagʻlarni ajratish boʻyicha tushgan buyurtmalarni toʻplaydi, ularni umumlashtiradi va koʻrib chiqish uchun Vasiylik kengashiga kiritadi;
Jamgʻarma Vasiylik kengashi qarorlari toʻliq va oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi boʻyicha hisobotlarni Vasiylik kengashiga va Moliya vazirligiga belgilangan tartibda taqdim etadi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
17. Direksiya ijrochi direktori:
Jamgʻarmaning joriy faoliyatini tashkil etadi va Jamgʻarmaga yuklangan vazifalar bajarilishi, shu jumladan, uning mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi uchun javob beradi;
Direksiya faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, qonunchilik hujjatlari, Respublika xotin-qizlar jamotchilik kengashi qarorlari va Vasiylik kengashi qarorlari bilan Jamgʻarmaga yuklangan vazifalar hamda funksiyalar bajarilishini tashkil etadi;
Direksiya, uning tarkibiy boʻlinmalari faoliyati bilan bogʻliq koʻrsatkichlar, maqsadli indikatorlarga, sifatga va rivojlantirish dasturlarining samarali amalga oshirilishiga erishishni soʻzsiz taʼminlash yuzasidan amaliy choralar koʻradi;
Direksiya xodimlarini ishga qabul qilish va ishdan boʻshatish, ularni ragʻbatlantirish haqida buyruqlar chiqaradi;
davlat organlari va tashkilotlari, xoʻjalik birlashmalari, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, xorijiy davlatlarning tegishli organlari va tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar oldida Jamgʻarma manfaatlarini ifodalaydi;
Vasiylik kengashi bilan kelishgan holda Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan belgilangan tartibda tekshiruvlar tashkil qiladi, ularning natijalarini tahlil qiladi va koʻrib chiqadi, ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar koʻradi;
jismoniy va yuridik shaxslar bilan Jamgʻarma faoliyatiga tegishli shartnomalarni, shu jumladan, kredit, xoʻjalik va mehnat shartnomalarini imzolaydi, Direksiya nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi;
shtatlar jadvalini, Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Direksiya taʼminotining xarajatlar smetasini tuzadi va tasdiqlash uchun Vasiylik kengashiga taqdim etadi;
Direksiyaning lavozim yoʻriqnomalari va boshqa ichki hujjatlarini tasdiqlaydi;
Jamgʻarma nomidan sudga va boshqa davlat organlariga daʼvolar taqdim etadi;
Direksiya xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
18. Direksiyaning taʼminoti budjet tashkilotlari uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan xarajatlar smetasi asosida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va sarflash
19. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
20. Jamgʻarmaga uning daromadlari boʻyicha tushayotgan mablagʻlar Moliya vazirligi Gʻaznachiligidagi shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
21. Jamgʻarma mablagʻlar tushishining toʻliqligini nazorat qilish Vasiylik kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
22. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlari sarflanadigan asosiy yoʻnalishlar hisoblanadi:
Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi va Jamgʻarmaga yuklangan vazifalarni amalga oshirish;
xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni, hunarmandchilikni tashkil etishda hamda shunday faoliyat uchun imtiyozli kreditlar ajratishda koʻmaklashish;
xotin-qizlarga belgilangan tartibda subsidiyalar va grantlar ajratish;
yosh qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oilani shakllantirish, uning maʼnaviy-axloqiy negizlari va anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha maqsadli ishlar olib borilishiga koʻmaklashish;
ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, shu jumladan, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash;
xotin-qizlarni kasblarga oʻrgatish va bandligini taʼminlashga koʻmaklashadigan hamda ularning muammolari bilan shugʻullanadigan nodavlat notijorat tashkilotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga Vasiylik kengashi tomonidan ishlab chiqilgan tartib asosida grant mablagʻlarini ajratish;
zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan xotin-qizlarning moslashuviga va salomatliklarini mustahkamlashga koʻmaklashish, ularni moddiy qoʻllab-quvvatlash;
Vasiylik kengashi talabnomasiga asosan xotin-qizlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, ularning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan dasturiy ishlanmalarini, innovatsion gʻoyalarini, ixtirochilik, ratsionalizatorlik faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash;
Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika komissiyasining murojaati asosida oʻrganishlar davomida aniqlangan ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga koʻmaklashish xarajatlarini moliyalashtirish;
Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tomonidan xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻtkaziladigan xalqaro tadbirlarni tashkil etishga koʻmaklashish, Oʻzbekiston delegatsiyasining xalqaro tadbirlarda ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlarini qoplashga koʻmaklashish;
xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar bilan ishlash, xotin-qizlar masalalari boʻyicha davlat va jamoat tashkilotlari bilan aloqalar hamda xotin-qizlar muammolari bilan ishlash yoʻnalishlaridan kelib chiquvchi tadbirlarni, shu jumladan, xalqaro tadbirlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash;
xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markazlarini saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash, faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlik markazlarida tashkil etilgan oʻquv kurslarini olib borgan mutaxassislarga soatbay haq toʻlash;
(22-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-oktabrdagi 624-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2021-y., 09/21/624/0940-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlis Senati hujjatlarida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga doir belgilangan vazifalarni bajarish;
Direksiyani saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash.
23. Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasi Vasiylik kengashiga kelishish uchun kiritiladi hamda roʻyxatdan oʻtkazish uchun Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
24. Jamgʻarmadan pul mablagʻlarini ajratish tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasi hamda Vasiylik kengashining qarori asosida amalga oshiriladi.
25. Jamgʻarma mablagʻlarini sarflash Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining tasdiqlangan smetasiga muvofiq uning shaxsiy gʻazna hisobvaraqlaridan amalga oshiriladi.
26. Direksiya Jamgʻarmaga ajratilgan mablagʻlardan foydalanilishi va keyingi hisobot davrida kutilayotgan xarajatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni koʻrib chiqish uchun Vasiylik kengashining navbatdagi yigʻilishiga kiritadi.
27. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga olib qoʻyilmaydi va ulardan keyingi yilda foydalaniladi.
5-bob. Jamgʻarmaning faoliyati ustidan nazorat qilish
28. Jamgʻarmaning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish Vasiylik kengashining qaroriga binoan Jamgʻarmaning yillik faoliyati yakunlari boʻyicha amalga oshiriladi.
29. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi.
30. Vasiylik kengashining talabiga koʻra Direksiya tomonidan Jamgʻarmaning moliyaviy faoliyati toʻgʻrisidagi barcha hujjatlar taqdim etilishi shart.
31. Jamgʻarmaning moliyaviy faoliyatini tekshirish natijalari boʻyicha Vasiylik kengashi:
hisobotlar va boshqa moliyaviy hujjatlardagi maʼlumotlarning ishonchli ekanligiga baho beradi;
buxgalteriya hisobi yuritilishi va moliyaviy hisobot taqdim etish tartibi buzilganligi hollari toʻgʻrisidagi maʼlumotni;
aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar, shuningdek, Jamgʻarmaning moliyaviy faoliyati samaradorligini oshirishga oid takliflarni oʻz ichiga olgan qaror qabul qiladi.
6-bob. Hisobga olish va hisobot
32. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi toʻgʻrisidagi hisobot har chorakda Vasiylik kengashi tomonidan koʻrib chiqiladi va Direksiya tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
33. Jamgʻarma buxgalteriya va statistika hisobi hamda hisobotini yuritadi, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa toʻlovlarni toʻlaydi.
34. Direksiya har yil yakuni boʻyicha Vasiylik kengashiga Jamgʻarma faoliyati natijalari toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
35. Jamgʻarmaning buxgalteriya balansi hisobot yilidan keyingi yilning 31-martiga qadar Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
36. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi 210-son qaroriga
2-ILOVA
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Vasiylik kengashi
TARKIBI

1.

T.K. Narbayeva

Oliy Majlis Senati Raisi, Vasiylik kengashi raisi (kelishuv asosida)

2.

K.M. Rafikov

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari (kelishuv asosida)

3.

G.M. Marufova

mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari, Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari

4.

E.M. Muxitdinov

bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari

5.

A.Sh. Inoyatov

sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari

6.

J.I. Abruyev

moliya vazirining oʻrinbosari

7.

G.A. Rashidova

AT “Xalq banki” boshqaruvi raisining oʻrinbosari

8.

A.Z. Saʼdullayev

Yoshlar ishlari agentligi direktori

9.

M.A. Nurmatova

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi boshqarmasi boshligʻi, Vasiylik kengashi kotibi

Izoh. Vasiylik kengashi aʼzosi boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi 210-son qaroriga
3-ILOVA
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Ijro etuvchi direksiyasi xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash
RAZRYaDLARI

Lavozimlar nomi

Razryadlar

Ijrochi direktor

16

Direktor oʻrinbosari

15

Bosh yuriskonsult

14

Boʻlim boshligʻi

14

Shuʼba mudiri

13

Bosh mutaxassis

12

Yetakchi mutaxassis

11

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi 210-son qaroriga
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Moʻʼtabar ayol” koʻkrak nishonini taʼsis etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 2-apreldagi 257-son qarorining 5-bandi va qarorga 1-ilovaning 8-bandi ikkinchi xatboshisidagi “Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi” soʻzlari “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 12-apreldagi 285-son qarorida:
a) 3-banddagi “Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi” soʻzlari “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 4-bandning uchinchi hatboshisidagi “Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi” soʻzlari “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) Ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovada:
21-banddagi “Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining” soʻzlari “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
22-banddagi “Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga” soʻzlari “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
24-banddagi “Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi” soʻzlari “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2020-yil 15-apreldagi 228-son qarorida:
a) 3-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“har yili Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash vazirligi tomonidan asoslangan hisob-kitoblarga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar”;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Obod va xavfsiz mahalla” jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (2-ilova)ning 4-bandi uchinchi xatboshisidagi “Xotin-qizlar va oilani qoʻllab quvvatlash jamoat fondiga har yili Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlarning 20 foizi” soʻzlari “har yili Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash vazirligi tomonidan asoslangan hisob-kitoblarga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 31-dekabrdagi 820-son qarorida:
a) 5-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi” soʻzlari “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarida mashgʻulotlarni tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (ilova)ning 18-bandidagi “Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari” soʻzlari “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2020-yil 10-iyundagi 367-son qaroriga quyidagi mazmundagi 81 band qoʻshilsin:
“81. institutga yuklatilgan asosiy vazifalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar, shuningdek, “Mahalla va oila” institutining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda institutda bajariladigan ilmiy-amaliy loyihalar uchun mablagʻlar Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan institutning budjetdan tashqari shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.”
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi 210-son qaroriga
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2018-yil 14-martdagi 201-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2018-yil 14-martdagi 201-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2019-yil 21-avgustdagi 699-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2020-yil 19-iyundagi 391-son qarorining 9-bandi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.04.2021-y., 09/21/210/0326-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2021-y., 09/21/624/0940-son)