Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 3-avgustdagi OʻRQ-786-son “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi
Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-iyuldagi PF-6256-son “Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi
Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2011-yil 2-martdagi 53-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2202, 2011-yil 2-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 9-son, 92-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
1.
Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud ekspertiza muassasalarida (bundan buyon matnda ekspertiza muassasasi deb yuritiladi) sud ekspertizasini oʻtkazish tartibini belgilaydi.”.
2.
1-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida yoki sud muhokamasi jarayonida ekspertiza muassasasi tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan advokat soʻroviga koʻra ekspertiza oʻtkazilishi mumkin.
Ekspertiza muassasasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 706-son qarori bilan tasdiqlangan Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq oʻtkazilishi mumkin boʻlgan sud ekspertizasi turlari boʻyicha tadqiqotlar roʻyxatiga asosan shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq, tadqiqotlar oʻtkazilishi va uning natijalariga koʻra mutaxassis fikri berilishi mumkin.”.
3.
12-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Advokat soʻroviga koʻra sud ekspertizasini hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga asosan tadqiqotlarni oʻtkazish muddatlari ekspertiza muassasasi bilan tuziladigan shartnomada belgilanadi.”.
4.
17-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Advokat soʻroviga orderning koʻchirma nusxasi, sud ekspertizasi advokat soʻroviga koʻra tayinlanganda esa oʻrganish obyektlari va toʻlaqonli ekspertiza oʻtkazish uchun zarur boʻlgan ish materiallari ham ilova qilinadi.”.