toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
“Eltech Industrial” texnoparkini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mis va noyob metallar xomashyosini qayta ishlashning texnologik zanjirlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 28-iyundagi PQ-295-son qarori ijrosini so‘zsiz ta’minlash hamda mis xom ashyosini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mis va noyob metallar xomashyosini qayta ishlashning texnologik zanjirlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 28-iyundagi PQ-295-son qaroriga muvofiq Toshkent viloyati Ohangaron tumanida mis va noyob metallarni qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarishga qaratilgan “Eltech Industrial” texnoparki (keyingi o‘rinlarda — Texnopark) tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
2. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ta’sischiligida 2022-2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan 9 nafar shtat birligidan iborat davlat muassasasi shaklidagi “Eltech Industrial” texnoparkini boshqarish direksiyasi” tashkil etilsin hamda uning tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“Eltech Industrial” texnoparkini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi (keyingi o‘rinlarda — Direksiya) to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
3. Direksiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Texnopark bosh rejasini va arxitektura-rejalashtirish ishlarini ishlab chiqishda buyurtmachi sifatida ishtirok etish;
Texnopark hududida joylashtiriladigan investitsiya loyihalari uchun zarur ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani barpo etish to‘g‘risidagi takliflarni shakllantirish;
Texnopark qatnashchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, ularning reyestrini yuritish;
Texnopark hududiga bosh rejaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyundagi PQ-5159-son qarori bilan tashkil etilgan Mis sanoati klasterini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha maxsus komissiya (keyingi o‘rinlarda — Maxsus komissiya) qaroriga muvofiq ma’qullangan investitsiya loyihalarini joylashtirib borish;
Texnopark ishtirokchilari tomonidan ishlab chiqarish quvvatlarini o‘z vaqtida ishga tushirishi, mahsulotlarni eksport qilishi, yangi ish o‘rinlari yaratishi hamda investitsiyaviy majburiyatlarni bajarishi ustidan tezkor monitoring o‘rnatish;
Texnopark hududida joylashtirilgan loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish va korxonalarning to‘xtovsiz faoliyat yuritishini ta’minlashda yuzaga keladigan muammoli masalalarni hal etishda davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda ishtirokchilarga ko‘maklashish;
xalqaro konsultant va ilg‘or tajribaga ega chet el kompaniyasini Texnopark faoliyatini boshqarish uchun jalb etish;
Texnopark hududida mis, noyob metallar va boshqa ma’danli mineral resurslarni qayta ishlashning ko‘p pog‘onali texnologik zanjirlarini o‘zlashtirish orqali elektrotexnika, elektronika va boshqa yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro konsultantlar tavsiyalari asosida takliflarni ishlab chiqish;
Texnopark hududida kon-metallurgiya va unga bog‘liq sanoat tarmoqlarida foydalaniladigan uskunalar va texnikalar, ular uchun ehtiyot va butlovchi qismlar, avtomatlashtirish vositalari hamda boshqa asbob-uskunalar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro konsultantlar tavsiyalari asosida takliflarni ishlab chiqish;
Texnopark hududida ekologiya va mehnatni muhofaza qilish standartlariga javob beradigan, energiya samarador va “yashil” texnologiyalarni qo‘llash asosida investitsiya loyihalarni amalga oshirish taklifini ishlab chiqish;
“Yagona darcha” tamoyili asosida texnopark ishtirokchilariga xalqaro standartlarni qo‘llash, mahsulotlar muvofiqligini baholash va sertifikatlashtirish, ma’muriy, logistika, davlat organlaridan ruxsatnomalar olish va ro‘yxatdan o‘tishga ko‘maklashish kabi xizmatlarni ko‘rsatishni tashkil etish;
Texnopark ishtirokchilari va mahalliy korxonalar o‘rtasida ishlab chiqarish kooperatsiyasi uchun qulay shart-sharoit yaratish.
4. Direksiya Texnopark ishtirokchilarining transport va logistika xizmatlari xarajatlarini minimallashtirish maqsadida Texnopark hududida bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvini o‘z ichiga olgan zamonaviy logistika xizmatini tashkil etish choralarini ko‘rsin.
5. Belgilansinki:
Direksiya xodimlari mahalliy va xorijiy mutaxassislardan iborat bo‘lgan tarkibda shakllantiriladi;
Direksiyada faoliyat yuritadigan mahalliy mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash Vazirlar Mahkamasining “Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining rahbar xodimlari va mutaxassislari mehnatiga haq to‘lash razryadlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 6-fevraldagi 92-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
Moliya vazirligi tomonidan Direksiyani saqlash xarajatlari va mahalliy mutaxassislarning ish haqi xarajatlari Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi talabnomasiga asosan 2022-yildagi xarajatlari O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetining ortiqcha daromadlari hisobidan hamda 2023-yil uchun belgilangan tartib asosida respublika budjetidan moliyalashtiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Direksiyani saqlash xarajatlari va mahalliy mutaxassislarning ish haqi xarajatlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligining talabnomasiga asosan 2025-yildagi xarajatlari O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetining ortiqcha daromadlari hisobidan hamda 2026-yil uchun belgilangan tartib asosida respublika budjetidan moliyalashtiriladi;
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son)
2024-yil va kelgusi yillar uchun Direksiyani saqlash xarajatlari va mahalliy mutaxassislarning ish haqi xarajatlari Texnopark hududidagi bino va inshootlarni ijaraga berish, sotish, lizingga berish yoki qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlari asosida sotish (ijaraga berish) bo‘yicha Maxsus komissiyaning qaroriga muvofiq belgilangan tartibda o‘tkaziladigan auksionlardan olinadigan daromadlar hisobidan qoplanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
2027-yil va kelgusi yillar uchun Direksiyani saqlash xarajatlari va mahalliy mutaxassislarning ish haqi xarajatlari Texnopark hududidagi bino va inshootlar hamda yer uchastkalarini ijaraga berish, sotish, lizingga berish yoki qiymatini bo‘lib to‘lash shartlari asosida sotish (ijaraga berish) bo‘yicha Maxsus komissiyaning qaroriga muvofiq belgilangan tartibda o‘tkaziladigan auksionlardan olinadigan daromadlar hisobidan qoplanadi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli qaroriga asosan yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son)
6. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining Direksiyaga jalb qilinadigan xalqaro ekspertlar va konsalting kompaniyasining xizmat haqlari bilan bog‘liq xarajatlarni homiylik xayriyalari hisobidan moliyalashtirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Toshkent viloyati hokimligi Texnopark bosh rejasi loyihasini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish xarajatlarini Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining tegishli qaroriga asosan daromadlar prognozining oshirib bajarilishi va erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan moliyalashtirsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi, Energetika vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Texnopark hududida joylashtiriladigan investitsiya loyihalari uchun zarur muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini barpo etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni yakuniga yetkazsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Geologiya, kon-metallurgiya va misni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish Loyiha ofisining Mis sanoati klasteri elektron axborot-interaktiv savdo portalida 2023-yil 1-yanvarga qadar kon-metallurgiya va misni qayta ishlash sanoati korxonalari, shu jumladan, Texnopark ishtirokchilari uchun mahsulotlarni sotish va xarid qilish xizmati ishga tushirilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2022-yil 1-dekabrga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Geologiya, kon-metallurgiya va misni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish Loyiha ofisiga davlat xaridlari elektron tizimining operatori huquqini rasmiylashtirsin.
11. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Geologiya, energetika, sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi B.F. Islamov hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari I.I. Norqulov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 19-avgust,
459-son
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-avgustdagi 459-son qaroriga
1-ILOVA
“Eltech Industrial” texnoparkini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi
TUZILMASI

Direktor

Xalqaro ekspertlar *

Direktor o‘rinbosari

Xorijiy va mahalliy investorlarni jalb etish va texnopark ishtirokchilari bilan ishlash bo‘limi

3

Bosh yuriskonsult

1

Bosh buxgalter

1

Texnopark infratuzilmasini rivojlantirish bo‘limi

3

Filiallar faoliyatini muvofiqlashtirish muhandisi

1

Farg‘ona filiali

1

Xorazm filiali

1

Xodimlarning umumiy cheklangan soni — 13 nafar.
Izoh. Direksiyaga jalb etiladigan xorijiy ekspertlarning xizmat haqlari “Olmaliq KMK” AJ mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi tavsiya etilgan.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 702-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.10.2024-y., 09/24/702/0851-son)
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-avgustdagi 459-son qaroriga
2-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
“Eltech Industrial” texnoparkini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi to‘g‘risida
NIZOM
(2-ilovaning nomi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom “Eltech Industrial” texnoparkini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi maqomini, asosiy vazifalarini, funksiyalarini, faoliyatini va hisobotini tashkil etish, shuningdek, funksional majburiyatlari hamda javobgarligini belgilaydi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
Direksiya — “Eltech Industrial” texnoparkini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
Muassis — O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi;
Maxsus komissiya — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyundagi PQ-5159-son qarori bilan tashkil etilgan Mis sanoati klasterini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha maxsus komissiya;
Loyiha ofisi — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Geologiya, kon-metallurgiya va misni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish Loyiha ofisi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Eltech Industrial” texnoparkini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi (keyingi o‘rinlarda — Direksiya) operativ boshqaruv huquqi bilan o‘ziga berilgan davlat mulki bo‘lgan mulk bazasida davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etilgan tijorat tashkiloti hisoblanadi, u o‘ziga biriktirilgan mulkka nisbatan, qonunda belgilangan tartibda, o‘z faoliyati maqsadlariga, Muassis topshiriqlariga muvofiq egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqini amalga oshiradi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
4. Direksiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, qarorlari va farmoyishlari, boshqa qonunchilik hujjatlari va ushbu Nizom doirasida amalga oshiradi.
5. Direksiya yuridik shaxs hisoblanib, alohida mol-mulk, mustaqil balans, bankdagi hisobvaraqlarga, shu jumladan, chet el valyutasi hisobvaraqlarga, shuningdek, emblemasiga, shtampiga va o‘z nomi davlat tilida yozilgan O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi tasvirlangan muhrga va boshqa rekvizitlarga egalik qiladi.
6. Direksiyaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
Oldingi tahrirga qarang.
to‘liq nomi — “Eltech Industrial” texnoparkini boshqarish direksiyasi” Davlat muassasasi;
(6-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
Oldingi tahrirga qarang.
qisqartirilgan nomi — “Eltech Industrial” texnoparkini boshqarish direksiyasi” DM;
(6-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
b) pyc tilida:
Oldingi tahrirga qarang.
to‘liq nomi — Gosudarstvennoye uchrejdeniye “Direksiya po upravleniyu texnoparkom “Eltech Industrial”;
(6-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
Oldingi tahrirga qarang.
qisqartirilgan nomi — GU “Direksiya po upravleniyu texnoparkom “Eltech Industrial”;
(6-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
v) ingliz tilida:
Oldingi tahrirga qarang.
to‘liq nomi — State institution “Directorate for the management of the technopark “Eltech Industrial”;
(6-band “v” kichik bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
Oldingi tahrirga qarang.
qisqartirilgan nomi — SI “Directorate for the management of the technopark “Eltech Industrial”.
(6-band “v” kichik bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
7. Direksiya Toshkent viloyati, Ohangaron shahar hokimligiga tegishli Toshkent viloyati, Ohangaron shahri, Oxunoboyev ko‘chasi, 1-uy manzilida 2024-yil 1-yanvarga qadar tekin foydalanish huquqi bilan joylashtiriladi hamda kelgusi yillarda Texnopark Bosh rejasiga asosan quriladigan ma’muriy binosiga joylashtiriladi.
8. Direksiya o‘zining Muassisi bilan kelishgan holda tijorat tashkilotlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq yuridik shaxslarning ishtirokiga ruxsat etiladigan tijorat tashkilotlarining ishtirokchisi (aksiyadori, a’zosi) bo‘lishi mumkin.
9. Direksiya boshqa davlat korxonasining ta’sischisi bo‘lishi mumkin emas.
2-bob. Direksiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va maqsadlari
Oldingi tahrirga qarang.
10. Direksiyaning asosiy maqsadi mis va noyob metallarni qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan “Eltech Industrial” texnoparki (keyingi o‘rinlarda — Texnopark) faoliyatini boshqarish hisoblanib, Texnopark ishtirokchilari tomonidan investitsiya loyihalarini to‘liq va o‘z vaqtda bajarilishi, Texnopark hududida huquqiy me’yorlarga rioya qilinishini ta’minlash, shuningdek, Texnopark hududidagi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatishga va ushbu Nizomda nazarda tutilgan boshqa ishlarning bajarilishini ta’minlaydi.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
11. Direksiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Oldingi tahrirga qarang.
“Eltech Industrial” texnoparki qatnashchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning reyestrini yuritish, ularga tegishli guvohnomalar berish;
(11-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
Oldingi tahrirga qarang.
belgilangan tartibda tanlangan investorlar bilan “Eltech Industrial” texnoparki hududida investitsiyalash to‘g‘risida bitimlar, “Eltech Industrial” texnoparki qatnashchilari bilan faoliyat ko‘rsatmay turgan korxonalarni va davlat mulki bo‘lgan mol-mulkni sotish hamda Maxsus komissiya bilan kelishilgan holda qonunchilikka muvofiq yer uchastkalaridan foydalanish to‘g‘risida shartnomalar tuzish;
(11-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
belgilangan tartibda tanlangan investorlar tomonidan o‘z zimmasiga qabul qilgan majburiyatlarning zarur darajada bajarilishini nazorat qilish, keyinchalik uning natijalarini Loyiha ofisiga taqdim etish;
Oldingi tahrirga qarang.
“Eltech Industrial” texnoparki hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy va mahalliy investorlarni izlash va jalb etish;
(11-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Maxsus komissiya qarorlari va “Eltech Industrial” texnoparkning ishlab chiqilgan bosh rejasi bo‘yicha ma’qullangan investitsiya loyihalarini joylashtirish;
(11-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“Eltech Industrial” texnoparki hududida joylashgan davlat mulki bo‘lgan obyektlardagi ko‘chmas mulkni Direksiyaga berilgan vakolatlar doirasida boshqarish;
(11-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“Eltech Industrial” texnoparki qatnashchilariga, shu jumladan, davlat organlarida ularning manfaatlarini ifodalash yo‘li bilan xizmatlar ko‘rsatish;
(11-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
Maxsus komissiya vakolatlariga kiruvchi masalalar bo‘yicha uning majlislarida ko‘rib chiqish uchun materiallar tayyorlash;
qabul qilingan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda investitsiyalash to‘g‘risidagi bitimlarni hamda faoliyat ko‘rsatmay turgan korxonalarni va davlat mulki bo‘lgan mol-mulkni sotish to‘g‘risidagi shartnomalarni bekor qilish haqida Muassis qarorlari asosida sudga da’vo arizalari bilan murojaat qilish;
Direksiya faoliyatini tezkor boshqarish bo‘yicha boshqa funksiyalarni amalga oshirish;
mis, noyob metallar va boshqa ma’danli mineral resurslarni qayta ishlashning ko‘p pog‘onali texnologik zanjirlarini o‘zlashtirish orqali elektrotexnika, elektronika va boshqa yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
kon-metallurgiya va unga bog‘liq sanoat tarmoqlarida foydalaniladigan uskunalar va texnikalar, ular uchun ehtiyot va butlovchi qismlar, avtomatlashtirish vositalari hamda boshqa asbob-jihozlar ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
Texnopark hududida ekologik standartlarga va mehnatni muhofaza qilish standartlariga javob beradigan, energiya samarador va “yashil” texnologiyalarni qo‘llash asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
Texnopark hududida joylashtiriladigan investitsiya loyihalari uchun zarur ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani barpo etish;
“Yagona darcha” uslubida texnopark ishtirokchilariga xalqaro standartlarni qo‘llash, mahsulotlar muvofiqligini baholash va sertifikatlashtirish, ma’muriy, logistika, davlat organlaridan ruxsatnomalar olish va ro‘yxatdan o‘tishga ko‘maklashish kabi xizmatlarni ko‘rsatishni tashkil etish;
Texnopark ishtirokchilari va mahalliy korxonalar o‘rtasida ishlab chiqarish kooperatsiyasi uchun qulay shart-sharoit yaratish.
12. Direksiya qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatning boshqa turlarini ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Direksiya faoliyatini boshqarish
13. Direksiya Maxsus komissiyaga, Muassisga va Loyiha ofisiga hisobdor hisoblanadi.
14. Direksiya faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan Maxsus komissiya quyidagi huquqlarga ega:
Direksiya faoliyatining maqsadi va yo‘nalishlarini belgilash;
Direksiyaning Loyiha ofisi bilan kelishilgan holda Texnopark hududida istiqbolli investitsiya loyihalarini joylashtirish to‘g‘risidagi taklifini tasdiqlash;
Texnoparkni rivojlantirish bo‘yicha Direksiya faoliyati yo‘nalishi va strategik vazifalarni belgilash;
Texnoparkning samarali faoliyatini ta’minlash uchun tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni tasdiqlash, shuningdek, ularning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqish;
Direksiya faoliyati to‘g‘risida hisobotlarni har chorakda bir marotaba eshitish;
Direksiya direktorini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha masalalarni ko‘rib chiqish;
Oldingi tahrirga qarang.
(14-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son)
Direksiyani qayta tashkil etish yoki tugatish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Direksiya rahbari bilan mehnat shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish bo‘yicha Muassisga tegishli takliflar kiritish.
Maxsus komissiya qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
15. Loyiha ofisi Direksiya faoliyatiga ko‘maklashish maqsadida quyidagi huquqlarga ega:
Direksiya tomonidan taqdim etilgan hisobotlarni qabul qilish, ularni tahlil qilish;
Direksiyaga Texnopark hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida taklif va tavsiyalar berish;
Direksiya faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish va Maxsus komissiyaga taqdim etish;
Direksiya ishchilari va direktorining malakasini oshirishni tashkil etish.
Loyiha ofisi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi mumkin.
16. Direksiya faoliyatiga rahbarlik qilish Maxsus komissiya taklifiga ko‘ra Muassis tomonidan tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Direksiyaning xarajatlar smetasi va shtatlar jadvalini tasdiqlash Muassis tomonidan amalga oshiriladi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son)
17. Direktor ijro etuvchi organ hisoblanadi.
18. Direktor:
qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga asosan Direksiya xodimlari mehnatini muhofaza qilish va mehnat sharoitlarini yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi normalar va tartiblarga oid chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va joriy etadi;
Loyiha ofisi bilan kelishilgan holda Texnoparkni rivojlantirish bo‘yicha Texnopark hududida istiqbolli investitsiya loyihalarini joylashtirish taklifini ishlab chiqadi;
Direksiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini takomillashtirish, boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etishga oid tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
Direksiya nomidan ishonchnomasiz ishlaydi, barcha tashkilotlarda, shu jumladan, chet el mamlakatlarida uning manfaatlarini himoya qiladi;
mehnat shartnomasiga asosan xodimlarni ishga qabul qiladi;
xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
xodimlar uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar va ko‘rsatmalar beradi;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
19. Direktor o‘zining huquq va majburiyatlarini bajarishda Direksiya manfaatlari doirasida ish olib boradi va o‘rnatilgan tartibda davlat budjetiga va budjetdan tashqari jamg‘armalarga to‘lanadigan barcha to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanishi, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning amalga oshirilishi, mehnat huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan barcha da’volarni qondirish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgardir.
20. Direktor qonunchilikda belgilangan tartibda Direksiyaning o‘z mablag‘larini boshqaradi va amalga oshirilgan xarajatlar yuzasidan hisobotlarni taqdim etib boradi.
21. Direktor o‘ziga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi, shuningdek, Direksiyaga topshirilgan davlat mulkining saqlanishi va maqsadli ishlatilishi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgardir.
4-bob. Direksiya ustav fondi shakllantirilishi va uning miqdori
22. Direksiyaning ustav jamg‘armasi quyidagi mablag‘lardan shakllantiriladi:
respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;
Muassis tomonidan beriladigan mol-mulk;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan aktivlar.
23. Direksiyaning ustav fondi 2 000 000 000 (ikki milliard) so‘m.
5-bob. Daromadlarni shakllantirish tartibi
24. Direksiya daromadlari quyidagilardan shakllantiriladi:
ko‘rsatilgan xizmatlardan olinadigan daromadlar;
Texnopark hududida bino va inshootlarni ijaraga berish, sotish, lizingga berish yoki qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlari asosida sotish (ijaraga berish) bo‘yicha Maxsus komissiyaning qaroriga muvofiq belgilangan tartibda o‘tkaziladigan auksionlardan olinadigan daromadlar;
xorijiy va xalqaro moliya tashkilotlari grantlari, donorlik mablag‘lari, homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan.
6-bob. Daromadlarni (foyda) taqsimlash va zararni qoplash tartibi
25. Direksiyaning sof foydasi Direksiya ixtiyorida qoladi hamda Maxsus komissiya va Muassis bilan kelishilgan holda foydalaniladi.
26. Muassis Maxsus komissiya bilan kelishilgan holda o‘zining qaroriga asosan jismoniy va yuridik shaxslarga beriladigan xayriya mablag‘lari summasini belgilaydi va ularni tasarruf etish huquqini Direktorga topshiradi.
27. Direksiya o‘z tasarrufida qoladigan sof foyda hisobiga, miqdori va shakllantirish tartibi Muassis tomonidan tasdiqlanadigan zaxira jamg‘armasini, shuningdek, boshqa jamg‘armalarni belgilangan tartibda tashkil etishi mumkin.
7-bob. Hisobotlarni taqdim etish tartibi
28. Hisobot davri so‘ngida Direksiya vakolatli organlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda moliyaviy va boshqa hisobotlarni taqdim etadi, shuningdek, hujjatlarning saqlanishiga va belgilangan tartibda saqlash uchun davlat idoralariga topshirishga javobgar hisoblanadi.
29. Xo‘jalik yurituvchi subyekt sifatida Direksiya faoliyatini nazorat qilish Muassis tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
30. Direktor har chorakda Muassis va Loyiha ofisiga Direksiya faoliyati natijalari bo‘yicha hisobotlarni taqdim etadi.
8-bob. Direksiya javobgarligi
31. Direksiya o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga tegishli mol-mulk bilan javob beradi. Mol-mulk yetarli darajada bo‘lmagan taqdirda Muassis Direksiya majburiyatlari bo‘yicha yordamchi javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.
32. Direksiya Muassisning majburiyatlari uchun javobgar emas.
9-bob. Direksiyani tugatish va qayta tashkil etish
33. Direksiya qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tugatiladi va qayta tashkil etiladi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. Mazkur Nizomda tartibga solinmagan munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
35. Ushbu Nizomning talablariga rioya etilishini nazorat qilish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
36. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.08.2022-y., 09/22/459/0755-son; 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son; 25.10.2024-y., 09/24/702/0851-son; 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son)