toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 24-avgustdagi PF-6044-son Farmoni hamda “Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 30-maydagi PQ-263-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, shuningdek Vazirlar Mahkamasining “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida” 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-maydagi PQ-263-son qarorining 2-bandi “a” kichik bandiga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi uchun litsenziya berish, talabgor tomonidan malaka imtihonini topshirishining amaldagi tartibi saqlangan holda, “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi va rasmiylashtirib borilishi;
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qaroriga muvofiq litsenziyalash tartib-taomillarini belgilovchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiqlashtirish belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
advokatlik faoliyatini litsenziyalash uchun talabgorning xohishiga ko‘ra “Litsenziya” axborot tizimi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish tartibi;
advokatlik faoliyatini litsenziyalashni fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy va jinoiy sud ishlarini yuritish ixtisosliklari bo‘yicha amalga oshirish;
talabgorning advokatlik litsenziyasini olishi uchun talablar va shartlarni belgilash;
litsenziyalovchi organ (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari) tomonidan o‘n ish kuni ichida “Litsenziya” AT orqali talabgorning arizasini ko‘rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish tartibi;
talabgor yoki litsenziat tomonidan litsenziyalovchi organ yoki uning mansabdor shaxsi qarorlari yoxud harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish hamda uni ko‘rib chiqish muddatlari, tartibi va shartlari;
advokatga advokatlik guvohnomasini bergan tegishli adliya organi tomonidan advokatning litsenziya talablari va shartlariga rioya etishini nazorat qilish tartibi;
Advokatlik faoliyati uchun berilgan litsenziyalarning davlat reyestrini “Litsenziya” axborot tizimida elektron shaklda yuritish tartibi.
3. Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 1-yanvarga qadar mazkur qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq advokatlik faoliyatini litsenziyalashni “Litsenziya” axborot tizimi va O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali joriy etilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. Ushbu qaror 2023-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 5-avgust,
432-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 432-son qaroriga
1-ILOVA
Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom advokatlik faoliyatini “Litsenziya” axborot tizimi orqali litsenziyalash, litsenziya talab va shartlariga rioya qilinishini nazorat qilish hamda ularning hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
advokatlik faoliyati uchun litsenziya (keyingi o‘rinlarda — litsenziya) — shaxsning advokatlik faoliyatini amalga oshirishga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi, cheklanmagan muddatga beriladigan elektron hujjat;
advokatlik faoliyatini litsenziyalash — litsenziya olish to‘g‘risidagi arizani topshirish, qabul qilish va ko‘rib chiqish, litsenziyani berish, amal qilishini to‘xtatib turish, qayta tiklash, shuningdek, litsenziyani tugatish, qayta rasmiylashtirish va o‘zgartirish jarayoni bilan bog‘liq tartib-taomillar majmui;
talabgor — litsenziyani olish uchun murojaat qilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;
litsenziyalovchi organ — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari;
litsenziat — advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;
“Litsenziya” axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda — “Litsenziya” AT) — litsenziyalash tartib-taomillari bilan bog‘liq barcha jarayonlarni qamrab olgan, idoralararo elektron o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan maxsus elektron tizim;
litsenziya talablari va shartlari — advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanishda advokat tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan, mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq Advokatlik faoliyatini litsenziyalash pasportida (keyingi o‘rinlarda — pasport) belgilangan talablar va shartlar majmui;
litsenziyalar reyestri — berilgan, amal qilishi to‘xtatib turilgan, qayta tiklangan, qayta rasmiylashtirilgan, o‘zgartirilgan va tugatilgan litsenziyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasi.
3. Advokatlik faoliyatini litsenziyalash ushbu Nizomning 2-ilovasida nazarda tutilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Advokatlik faoliyatini litsenziyalash:
fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish;
ma’muriy va jinoiy sud ishlarini yuritish ixtisosliklari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Ixtisoslik faqat fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy va jinoyat ishlarini yuritishda advokatlar tomonidan malakali yuridik yordam ko‘rsatishda talab qilinadi.
Advokat tanlangan ixtisoslik yo‘nalishlaridan qat’i nazar, huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatlar va tushuntirishlar, qonunchilik hujjatlari yuzasidan og‘zaki va yozma ma’lumotnomalar berish, huquqiy tusdagi arizalar, shikoyatlar va boshqa hujjatlarni tuzish, davlat organlarida (sud organlaridan tashqari), jismoniy va yuridik shaxslar oldida vakillikni amalga oshirish, tadbirkorlik faoliyatiga yuridik xizmat ko‘rsatish huquqiga ega.
Har bir advokat tegishli ixtisoslikni mustaqil tanlash va u bo‘yicha belgilangan tartibda malaka imtihoni topshirish huquqiga ega.
5. Talabgor litsenziya olish uchun quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi kerak:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi;
oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lishi;
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-noyabrdagi 628-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 09/23/628/0907-son)
advokatlik tuzilmasida kamida uch oy stajirovka o‘tagan bo‘lishi (davlat organlari va tashkilotlari, xo‘jalik birlashmalarining yuridik xizmati xodimi sifatida, sudya, tergovchi, surishtiruvchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lgan shaxslar bundan mustasno);
malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan bo‘lishi.
6. Advokatlik faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlari pasportning 9-bandi bilan belgilanadi.
7. “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasi ikkinchi qismida ko‘rsatilgan holatlarda advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
8. Talabgor litsenziya olish uchun arizani “Litsenziya” AT yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) orqali elektron shaklda yuboradi.
Arizalar har kuni, dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Bunda, arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari kelib tushganda, navbatdagi ish kuni ariza litsenziyalovchi organga kelib tushgan va litsenziyalovchi organ tomonidan qabul qilingan kun hisoblanadi.
9. Ariza ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjat (belgi) avtomatik ravishda “Litsenziya” AT yoki YIDXP orqali talabgorga yuboriladi.
Talabgor litsenziya olish uchun taqdim qilgan arizasining ko‘rib chiqilish holatini “Litsenziya” AT orqali onlayn kuzatib borishi mumkin.
10. Tanlangan har bir ixtisoslik bo‘yicha malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor litsenziya olish uchun uch oy ichida tegishli litsenziyalovchi organga murojaat qilishi kerak. Bu muddatni o‘tkazib yuborgan talabgor litsenziya olish uchun qayta malaka imtihonini topshirganidan keyingina murojaat qilishi mumkin.
11. Litsenziya talabgorning doimiy yashash joyi bo‘yicha litsenziyalovchi organ tomonidan cheklanmagan muddatga beriladi va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida amal qiladi.
2-bob. Litsenziya olish uchun ariza berish va uni ko‘rib chiqish tartibi
12. Talabgor o‘z elektron raqamli imzosidan (keyingi o‘rinlarda — ERI) foydalangan holda litsenziya olish uchun “Litsenziya” AT yoki YIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi hamda ixtisoslik turini tanlab, elektron shaklda ariza to‘ldiradi.
Arizada quyidagilar aks ettiriladi:
talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR);
telefon raqami, elektron pochta manzili (mavjud bo‘lsa);
doimiy yashash joyi;
talabgor amalga oshirmoqchi bo‘lgan ixtisoslik turi.
Talabgorning malaka imtihonidan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tegishlicha Advokatlar palatasi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi va Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari tomonidan talabgorning malaka imtihonidan o‘tganidan so‘ng darhol “Litsenziya” ATga kiritiladi.
13. Talabgordan ushbu Nizomning 12-bandida ko‘rsatilmagan ma’lumotlarni va boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
14. Talabgor kelgusida o‘z faoliyatini advokatlik byurosini tashkil qilgan holda amalga oshirish istagini bildirsa, litsenziya olish uchun to‘ldiriladigan arizaga qo‘shimcha tarzda advokatlik byurosi ustavini ilova qilgan holda uni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi so‘rovnomani ixtiyoriy ravishda to‘ldirishi mumkin.
Bunda, talabgor advokatlik faoliyatini litsenziyalash va advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun to‘lovlarni alohida amalga oshiradi.
15. Talabgor ariza berish vaqtida litsenziya talablari va shartlariga mosligini va ularga rioya etishini tasdiqlashi lozim.
16. Talabgor arizaga noto‘g‘ri ma’lumotlar kiritilganligini aniqlagan taqdirda, ma’lumotlarni arizani ko‘rib chiqish uchun undiriladigan yig‘imni to‘lashdan oldin o‘zgartirishga haqli.
17. Arizani ko‘rib chiqish uchun pasportning 6-bandida belgilangan miqdorda yig‘im undiriladi.
Yig‘im to‘langanligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
Yig‘im summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
10 foizi — Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasining hisobvarag‘iga;
11,25 foizi — YAIDXGT orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun, shuningdek, 0,5 foizi — yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga;
qolgan mablag‘lar — litsenziyalovchi organning hisobvarag‘iga yo‘naltiriladi.
18. Arizaga kiritilgan ma’lumotlar “Litsenziya” AT orqali idoralararo hamkorlik tizimlarida mavjud ma’lumotlar asosida dastlabki tarzda avtomatik ravishda taqqoslanadi va tekshiriladi.
Ariza quyidagi hollarda avtomatik tarzda qabul qilinmaydi:
noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar kiritilganligi “Litsenziya” AT orqali aniqlanganda;
pasportning 6-bandida nazarda tutilgan yig‘im to‘lanmaganda;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi tasdiqlanmaganda;
litsenziya reyestrida talabgor tanlagan ixtisoslik (ixtisosliklar) bo‘yicha kiritilgan va amalda bo‘lgan litsenziyasi mavjud bo‘lgan taqdirda;
talabgorning advokatlik faoliyati muayyan muddatga to‘xtatilganda;
talabgorning tegishli faoliyat bilan shug‘ullanishi sudning qaroriga asosan muayyan muddatga taqiqlanganda.
Mazkur bandda ko‘rsatilganlardan tashqari boshqa asoslar bilan arizani qabul qilmaslikka yo‘l qo‘yilmaydi.
19. Yig‘im to‘langanidan so‘ng ariza “Litsenziya” AT yoki YIDXP orqali avtomatik tarzda talabgorning doimiy yashash joyidagi litsenziyalovchi organga yuboriladi.
20. Litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror pasportning 8-bandida belgilangan muddatlarda qabul qilinadi.
21. Litsenziyalovchi organ arizani ko‘rib chiqish muddati davomida hujjatlarni tekshirishi, zaruratga ko‘ra boshqa davlat organlarida mavjud, qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni “Litsenziya” AT orqali mustaqil ravishda olishi, shuningdek, talabgorning litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligini belgilaydigan qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa harakatlarni amalga oshirishi mumkin.
22. Litsenziyalovchi organ litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qarorni “Litsenziya” AT orqali litsenziyalovchi organ rahbarining ERIsi bilan tasdiqlash orqali qabul qiladi.
Qaror “Litsenziya” AT orqali real vaqt rejimida avtomatik tarzda talabgorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
23. Talabgorning advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha arizasi mavjud bo‘lganda, litsenziyalovchi organ arizaga ilova qilingan hujjatlarni litsenziya berish muddati ichida ko‘rib chiqadi.
Arizaga ilova qilingan hujjatlar qonunchilikka muvofiq bo‘lganda, advokatlik byurosini ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning axborot tizimi orqali o‘z axborot tizimida davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi va bu haqida tegishli davlat xizmatlari markaziga real vaqt rejimida avtomatik tarzda barcha tegishli ma’lumotlarni yuboradi.
24. Agar litsenziyalovchi organ pasportning 8-bandida belgilangan arizani ko‘rib chiqish muddati mobaynida talabgorga litsenziya berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilmasa, talabgor bu haqida litsenziyalovchi organni “Litsenziya” AT yoki YIDXP orqali elektron shaklda xabardor qiladi.
Bunda, litsenziya “Litsenziya” AT orqali avtomatik ravishda rasmiylashtiriladi va talabgor ushbu Nizomning 29-30 va 32-bandlarida nazarda tutilgan tartibda davlat bojini to‘laganidan so‘ng advokatlik faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.
Talabgorning litsenziyani olishni kutishga roziligini bildirishi, uning keyinchalik litsenziyalovchi organni xabardor etish orqali faoliyatni amalga oshirish huquqini cheklamaydi.
Ushbu bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda, talabgor belgilangan davlat boji to‘lovini amalga oshirgandan keyin “Litsenziya” ATda QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan litsenziya shakllantiriladi va talabgorning “Litsenziya” AT yoki YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboriladi. Bunda, talabgor advokatlik faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas va tegishli litsenziyalovchi organ yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha oqibatlar uchun javobgar bo‘ladi.
25. Talabgorda “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lsa yoki 31-moddasining ikkinchi qismida belgilangan talablarga muvofiq bo‘lmasa yoxud beshinchi qismida nazarda tutilgan muddatda litsenziya olish uchun murojaat qilmasa litsenziya berish rad etiladi.
Boshqa asoslarga ko‘ra, shu jumladan litsenziya berish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan litsenziya berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
26. Talabgorning advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha so‘rovnomasi mavjud bo‘lganda litsenziya berish rad etilgan hollarda advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ham rad etiladi.
Bunda, talabgor litsenziya berish rad etilishi uchun asos bo‘lgan sabablarni belgilangan muddatlarda bartaraf etgan holda advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha to‘lov to‘lamasdan qayta murojaat qilishi yoki amalga oshirilgan to‘lov asosida kelgusida Davlat xizmatlari markazida advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi mumkin.
Talabgor tomonidan litsenziya berish rad etilishi uchun asos bo‘lgan sabablar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan hollarda, advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan to‘lov uning murojaatiga asosan to‘lov taqsimlangan manbalar hisobidan qaytariladi.
27. Litsenziyani berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror talabgorga rad etish sabablari, qonunchilik hujjatlarining aniq normalari ko‘rsatilgan holda, shu kunning o‘zida “Litsenziya” AT yoki YIDXP orqali elektron shaklda yuboriladi.
Litsenziya berish rad etilgan taqdirda to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.
28. Talabgor litsenziya berish rad etilganligi, shuningdek litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining litsenziyalash tartib-taomillari bilan bog‘liq harakati (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
29. Litsenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, litsenziyalovchi organ bu haqida shu kunning o‘zida “Litsenziya” AT yoki YIDXP orqali talabgorga “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji to‘lash uchun hisobvaraq ko‘rsatilgan xabarnoma yuboradi.
Xabarnoma yuborilganligi to‘g‘risida ma’lumot hamda talabgorning shaxsiy kabinetiga yuboriladigan boshqa ma’lumotlar talabgorning xohishiga ko‘ra mobil aloqa qurilmasiga SMS-xabar shaklida ham yuborilishi mumkin.
30. Talabgor xabarnoma yuborilgan kundan boshlab uch oydan ortiq bo‘lmagan muddatda davlat boji to‘lovini amalga oshiradi.
Litsenziyani berish uchun davlat boji to‘lovi belgilangan muddatda amalga oshirilmasligi litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziyani berish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilinishi uchun asos bo‘ladi. Litsenziya berish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinganligi haqidagi ma’lumot “Litsenziya” AT orqali avtomatik tarzda talabgorga yuboriladi. Bunda, talabgor litsenziyani olish uchun umumiy tartibda qayta murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Davlat boji to‘lovi amalga oshirilganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
31. Davlat boji quyidagi tartibda taqsimlanadi:
68,25 foizi — budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasining hisobvarag‘iga;
11,25 foizi — YIDXP orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun, shuningdek 0,5 foizi yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga;
20 foizi — Davlat budjetiga yo‘naltiriladi.
32. Davlat boji to‘langanidan so‘ng “Litsenziya” ATda QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan litsenziya avtomatik ravishda shakllantiriladi va talabgorning “Litsenziya” AT yoki YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboriladi.
33. Berilgan litsenziyalar haqidagi ma’lumot “Litsenziya” ATda litsenziyalar reyestriga avtomatik ravishda kiritiladi.
3-bob. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish va o‘zgartirish
34. Litsenziatning familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgarganda u besh ish kuni ichida “Litsenziya” AT yoki YIDXP orqali litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun asos bo‘ladigan ma’lumotlarni va qayta rasmiylashtirish uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, ariza yuborishi bilan murojaat qilish lozim.
35. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun litsenziya berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uchun undiriladigan yig‘imning yarmi undiriladi va ushbu Nizomning 17-bandida nazarda tutilgan tartibda taqsimlanadi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun davlat boji undirilmaydi.
36. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi ariza tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyalovchi organga tushgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida litsenziya qayta rasmiylashtirib beriladi.
Litsenziya qayta rasmiylashtirilguniga qadar litsenziat unda ko‘rsatilgan faoliyatni litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi arizasi asosida amalga oshiradi.
Litsenziyalovchi organ litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziyalar reyestriga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi.
37. Litsenziatning arizasiga asosan advokatlik faoliyatini boshqa ixtisoslik turi bilan kengaytirishda litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya o‘zgartirilishi mumkin.
Litsenziyani o‘zgartirish litsenziyani berish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi, bunda arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘imning yarmi undiriladi va ushbu Nizomning 17-bandida nazarda tutilgan tartibda taqsimlanadi.
Ushbu bandda nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirishda “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida tegishli litsenziyani berganlik uchun to‘lanadigan summaning 50 foizi miqdorida davlat boji undiriladi va ushbu Nizomning 31-bandida nazarda tutilgan tartibda taqsimlanadi.
38. Litsenziat bir ixtisoslik turi bo‘yicha amalga oshirayotgan advokatlik faoliyatini boshqa ixtisoslik turi bilan kengaytirish huquqiga ega, bunda advokat litsenziyani o‘zgartirish haqida “Litsenziya” AT yoki YIDXP orqali ariza taqdim etishi lozim.
Bunda, litsenziyalovchi organ tomonidan advokatning avvalgi litsenziyasiga qo‘shimcha ixtisoslik turiga oid ma’lumotlar kiritilgan holda o‘zgartirishlar kiritiladi.
4-bob. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish hamda litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
39. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish “Litsenziya” AT orqali amalga oshiriladi.
40. Adliya organi advokat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi.
Adliya organi advokat tomonidan litsenziya talablari va shartlari buzilganligini aniqlagan taqdirda, advokatga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘ash haqida Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasiga taqdimnoma kiritadi.
41. Advokatga nisbatan intizomiy ishni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, Advokatlar palatasi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi yoki Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalarining qaroriga asosan, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan intizomiy choralar qo‘llanilishi mumkin.
42. Nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘z vakolatlari doirasida, advokat litsenziya talablari va shartlarini buzganligi aniqlanganda, adliya organiga aniqlangan huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar beriladi.
43. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risidagi qaror chiqqanda, litsenziyalovchi organ yoki advokatlik guvohnomasini bergan tegishli bu to‘g‘risida advokat maqomi to‘xtatib turilgan yoki tugatilgan shaxsni, shuningdek Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasini va surishtiruv, dastlabki tergov organlari hamda sudni, shu jumladan “Litsenziya” AT yoki YIDXP orqali real vaqt rejimida uch kun muddat ichida xabardor qiladi.
5-bob. Litsenziyalovchi organning qarorlari va ularning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish va uni ko‘rib chiqish tartibi
44. Talabgor yoki litsenziat litsenziyalovchi organning qarorlari yoki mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
45. Talabgor yoki litsenziat shikoyatni litsenziyalovchi organga nisbatan Adliya vazirligiga taqdim etadi.
Talabgor yoki litsenziat belgilangan tartibda litsenziyalovchi organning qarori va uning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan bevosita sudga ham shikoyat qilishga haqli.
Qonunchilik hujjatlariga muvofiq shikoyat boshqa vakolatli organlarga ham berilishi mumkin.
46. Shikoyat qaror to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan paytdan, talabgor yoki litsenziatga litsenziyalovchi organ qarori va uning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) haqida ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay berilishi mumkin.
Shikoyat berish muddati, agar u uzrli sababga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa, shikoyatni ko‘rib chiquvchi organ tomonidan tiklanishi mumkin.
47. Shikoyat yozma, og‘zaki (shaxsiy qabul yoki ishonch telefoni orqali) yoki elektron shaklda (“Litsenziya” ATdagi shaxsiy kabinet, elektron pochta yoki vakolatli organning rasmiy veb-sayti orqali) beriladi va unda quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
qarorni qabul qilgan yoki harakatni amalga oshirgan litsenziyalovchi organning nomi;
shikoyat bergan jismoniy shaxsning (uning vakilining) familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi;
shikoyat bergan shaxsning talablari;
ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati (mavjud bo‘lgan taqdirda);
shikoyat berilgan sana.
Shikoyat yozma shaklda berilganda shikoyat qiluvchi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Agar shikoyat vakil tomonidan berilgan bo‘lsa, unga ishonchnomaning yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjatning ko‘chirma nusxasi ilova qilinishi kerak.
48. Jismoniy shaxs og‘zaki shikoyat (shaxsiy qabul orqali) qilayotganda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi kerak.
Elektron shaklda beriladigan shikoyatlarda talabgor yoki litsenziatning elektron manzili va yagona identifikatori (JSHSHIR) hamda boshqa rekvizitlar ko‘rsatilishi lozim.
Shikoyatda elektron manzilning ko‘rsatilganligi talabgor yoki litsenziatning shikoyatini ko‘rib chiqish natijalarini axborot tizimi orqali elektron shaklda qabul qilishga bo‘lgan roziligini anglatadi.
49. Adliya vazirligi shikoyat berilayotgan qaror, harakat (harakatsizlik) to‘g‘risidagi tegishli axborotni shikoyat olingan paytdan e’tiboran uch ish kuni ichida o‘rganish uchun so‘rab olishi lozim.
50. Talabgor yoki litsenziatning talabiga ko‘ra shikoyat uning ishtirokida ko‘rib chiqilishi mumkin.
Bunda, Adliya vazirligi talabgor yoki litsenziatning xohishiga ko‘ra muhokamani videokonferensaloqa vositalaridan foydalangan holda o‘tkazishni ta’minlashi shart.
51. Shikoyatni ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha bayonnoma tuzilib, u adliya vaziri yoki uning o‘rinbosari tomonidan imzolanadi.
52. Adliya vazirligi shikoyat bo‘yicha o‘n besh kun ichida qaror qabul qilishi shart.
53. Shikoyat bergan talabgor yoki litsenziat shikoyat bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar uni chaqirib olishga haqli. Shikoyatni chaqirib olish yozma yoki elektron shaklda (“Litsenziya” AT orqali) rasmiylashtiriladi.
54. Adliya vazirligi shikoyat bo‘yicha quyidagi qarorlardan birini qabul qilishga haqli:
qarorni o‘zgarishsiz qoldirish;
qarorga o‘zgartirishlar kiritish;
qarorni bekor qilish va zarur bo‘lgan taqdirda, yangi qaror qabul qilish;
litsenziyalovchi organ yoki uning mansabdor shaxsi zimmasiga berilgan shikoyat mohiyati bo‘yicha muayyan harakatlarni amalga oshirish majburiyatini yuklash.
55. Litsenziyalovchi organning qarori ustidan shikoyat qilingan taqdirda, shikoyat Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran qarorning amal qilishi va ijro etilishi to‘xtatib turiladi, bundan litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish hollari mustasno.
6-bob. Litsenziyalar reyestrini yuritish tartibi
56. Litsenziyalar reyestri “Litsenziya” ATda elektron shaklda yuritiladi va undagi ma’lumot barcha uchun ochiq hisoblanadi.
57. Litsenziyalar reyestri avtomatik tarzda shakllantiriladi, uning doimiy yuritilishi va unga tegishli o‘zgartirishlarni kiritish litsenziyalovchi organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Litsenziyalovchi organlar litsenziyalar reyestrini yuritishda ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartiblarga rioya qilishi lozim.
58. Litsenziya olgan quyidagi ma’lumotlarni litsenziyalar reyestriga o‘z vaqtida kiritib borishga javob beradi:
litsenziya qayta rasmiylashtirilganligi, o‘zgartirilganligi;
litsenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilganligi;
litsenziyaning amal qilishi qayta tiklanganligi;
litsenziyaning amal qilishi tugatilganligi;
litsenziya bekor qilinganligi.
59. Litsenziyalar reyestrida quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
litsenziatning reyestr tartib raqami, uning familiyasi, ismi, otasining ismi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR), ixtisosligi;
litsenziyalovchi organ nomi;
reyestrga kiritilgan sana;
faoliyat olib borish manzili (hisob ro‘yxatiga olinganidan keyin);
litsenziyaning holati (amalda, to‘xtatib turilgan, tugatilgan, bekor qilingan);
litsenziya holati har bir o‘zgarishining asoslari va sanasi.
60. Litsenziatlar to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar bazasi litsenziyalovchi organlar foydalanishi uchun shakllantiriladi va unda litsenziyalashda kiritiladigan ma’lumotlar saqlanadi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
61. Litsenziat litsenziya talab va shartlarining bajarilganligi yuzasidan litsenziyalovchi organga soxta, yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar berganligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
62. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Advokatlik faoliyatini litsenziyalash
PASPORTI

1. Litsenziya nomi:

Advokatlik faoliyati uchun litsenziya.

2. Litsenziyalanadigan ixtisoslik turlari:

Fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish.

Ma’muriy va jinoiy sud ishlarini yuritish.

3. Ariza beruvchilar toifasi:

Jismoniy shaxs — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari (oliy yuridik ma’lumotga hamda yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yil ish stajiga ega bo‘lishi, shuningdek advokatlik tuzilmasida kamida uch oy stajirovka o‘tagan, malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan bo‘lishi talab etiladi).

4. Litsenziyalovchi organ:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari.

5. Litsenziyani olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar:

Ariza.

Arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:

talabgorning familiyasi, ismi, otasining ismi;

jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR);

telefon raqami, elektron pochta manzili (mavjud bo‘lganda);

ixtisoslik turi;

doimiy yashash joyi.

6. Arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im miqdori:

Bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi.

7. Litsenziya berilganligi uchun davlat boji miqdori:

Bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari.

8. Arizani ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish muddatlari:

10 ish kuni.

9. Litsenziya talablari va shartlari:

Quyidagilar litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:

qonunchilik talablariga, Advokatlarning kasb etikasi qoidalariga, advokatlik siri va advokat qasamyodiga rioya etish;

advokatga yuridik yordam so‘rab murojaat etgan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qonunda taqiqlanmagan vositalar va usullardan foydalanish;

qonunda nazarda tutilgan hollarda tayinlov asosida jinoiy ishlarni ko‘rib chiqishda qatnashish (fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish ixtisosligi bo‘yicha olingan litsenziyalar bundan mustasno);

har uch yilda kamida bir marta o‘zining kasbiy malakasini oshirish;

litsenziya olish va (yoki) uni qayta rasmiylashtirish uchun taqdim etiladigan ma’lumotlarning soxta, yolg‘on va noto‘g‘ri emasligini ta’minlash;

xodimlar bilan yangi mehnat shartnomalarini tuzish, mehnat shartnomalariga o‘zgartirish kiritish va ularni bekor qilish holatlarini, shuningdek amaldagi mehnat shartnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalangan holda yuritish;

litsenziatning familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgargan taqdirda, litsenziyalovchi organga litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun murojaat qilish.

10. Nazorat tartibi:

Advokatga guvohnoma bergan tegishli adliya organi advokat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi.

11. Litsenziya berishda kelishiladigan organlar

Kelishish talab etilmaydi.

12. Litsenziyaning amal qilish muddati:

Cheklanmagan.

13. Izoh:

Talabgorning xohishiga ko‘ra, advokatlik faoliyati uchun litsenziya berish haqidagi ariza bilan bir vaqtda advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun so‘rovnoma ham to‘ldirilishi mumkin. So‘rovnoma va unga ilova qilinadigan hujjatlar qonunchilikka muvofiq belgilanadi.

Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
Advokatlik faoliyatini litsenziyalash
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Talabgor

(O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi)

1. “Litsenziya” AT yoki YIDXPda ro‘yxatdan o‘tib, elektron shaklda ariza to‘ldiradi.

1. O‘z xohishiga ko‘ra

2. Litsenziya talabi va shartlariga rioya etishini tasdiqlaydi.

3. Yig‘imni to‘laydi.

2. Murojaat qilinganda

2-bosqich

“Litsenziya” AT, YIDXP

Arizani litsenziyalovchi organga yuboradi.

Avtomatik tarzda

3-bosqich

Litsenziyalovchi organ

(Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari)

Talabgorning hujjatlarini o‘rganib chiqib, litsenziyani berish yoki litsenziya berishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.

10 ish kuni mobaynida

4-bosqich

“Litsenziya” AT

Litsenziyani berish yoki litsenziya berishni rad etish haqida qaror qabul qilinganligi to‘g‘risidagi xabarnomani talabgorga yuboradi.

Qaror qabul qilingandan so‘ng real vaqt rejimida

5-bosqich

Talabgor

O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorda davlat bojini to‘laydi.

3 oy mobaynida

6-bosqich

“Litsenziya” AT

Davlat boji to‘langanidan so‘ng talabgorga elektron shaklda QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan litsenziyani yuboradi.

Avtomatik tarzda

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 432-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
RO‘YXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Advokatlik faoliyatini litsenziyalash va advokatlik tuzilmalarini tashkil etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2009-yil 9-martdagi 60-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Statistik, soliq va moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012-yil 16-iyuldagi PF-4453-son Farmoni)” 2012-yil 1-noyabrdagi 313-son qaroriga 1-ilovaning 95-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar va adliya organlari faoliyatini moddiy-texnik va moliyaviy ta’minlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2017-yil 23-avgustdagi PQ-3240-son qarori)” 2017-yil 25-oktabrdagi 873-son qaroriga ilovaning 3-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida” 2017-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-446-son O‘zbekiston Respublikasining Qonuni)” 2018-yil 19-yanvardagi 34-son qaroriga 1-ilovaning 26-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 12-maydagi PF-5441-son Farmonini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 17-avgustdagi 675-son qarori 5-bandi, shuningdek unga 3-ilova.
6. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2019-yil 21-maydagi PF-5723-son Farmoni)” 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-son qaroriga ilovaning 83-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Yuridik shaxslar, faoliyatini vakolatxona, filial yoki doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan chet el yuridik shaxslari va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va saqlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 4-sentabrdagi 539-son qaroriga 3-ilovaning 2-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga olish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 28-sentabrdagi 593-son qaroriga 4-ilovaning 8-bandi.
9. Vazirlar Mahkamasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida” 2021-yil 29-iyundagi 402-son qaroriga 4-ilovaning 8-bandi.
10. Vazirlar Mahkamasining “Davlat xizmatlari ko‘rsatishning infratuzilmasi takomillashtirilganligi va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2021-yil 28-oktabrdagi 661-son qaroriga ilovaning 4-bandi.
11. Vazirlar Mahkamasining “Aholi va tadbirkorlik subyektlarining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” 2021-yil 27-dekabrdagi 774-son qaroriga 1-ilovaning 9-bandi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.08.2022-y., 09/22/432/0717-son; 29.11.2023-y., 09/23/628/0907-son)