1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.12.00.00 Qurilish / 09.12.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Arxitektura va qurilish]
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOShQARISh VA TADBIRKORLIKNI QOʻLLAB-QUVVATLASh DAVLAT QOʻMITASI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI HUZURIDAGI IQTISODIY NOChOR KORXONALAR IShLARI QOʻMITASINING
Qarori
TUGATILAYOTGAN IQTISODIY NOChOR QURILISh TAShKILOTLARINING QURILISh TEXNIKASI, TRANSPORT VOSITALARI VA KIChIK MEXANIZATSIYA VOSITALARI, ShUNINGDEK MOL-MULKINI REALIZATSIYA QILISh NATIJASIDA KELIB TUShGAN MABLAGʻLARNI ULARNING BUDJETGA SOLIQ TOʻLOVLARI BOʻYIChA QARZLARINI QOPLASh HISOBIGA “QURILISh-LIZING” LIZING KOMPANIYASIGA BERISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2005-yil 28-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1476]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2019-yil 23-avgustdagi 360-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1476-1, 23.08.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 23-oktabrdagi “Kapital qurilishda ijara va lizing xizmatlari tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi 462-sonli qarorining 4 va 5-bandlari ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilamiz:
1. Tugatilayotgan iqtisodiy nochor qurilish tashkilotlarining qurilish texnikasi, transport vositalari va kichik mexanizatsiya vositalari, shuningdek mol-mulkini realizatsiya qilish natijasida kelib tushgan mablagʻlarni ularning budjetga soliq toʻlovlari boʻyicha qarzlarini qoplash hisobiga “Qurilish-lizing” lizing kompaniyasiga berish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin;
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan oʻn kundan soʻng kuchga kiradi.
Moliya vaziri S. RAHIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 12-aprel,
39-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 12-aprel,
2005-34-son
Davlat mulki qoʻmitasi raisi M. ASQAROV
Toshkent sh.,
2005-yil 12-aprel,
01/06-15/01-son
Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qoʻmitasi raisi G. SAIDOVA
Toshkent sh.,
2005-yil 12-aprel,
GS 05/02-84-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi va Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qoʻmitasining 2005-yil 12-apreldagi 39, 2005-34, 01/06-15/01 va GS-05/02-84-son qarori bilan “TASDIQLANGAN”
Tugatilayotgan iqtisodiy nochor qurilish tashkilotlarining qurilish texnikasi, transport vositalari va kichik mexanizatsiya vositalari, shuningdek mol-mulkini realizatsiya qilish natijasida kelib tushgan mablagʻlarni ularning budjetga soliq toʻlovlari boʻyicha qarzlarini qoplash hisobiga “Qurilish-lizing” lizing kompaniyasiga berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 23-oktabrdagi “Kapital qurilishda ijara va lizing xizmatlari tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 462-son qarorining 4 va 5-bandlari ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan va tugatilayotgan iqtisodiy nochor pudrat qurilish tashkilotlarining qurilish texnikasi, transport vositalari va kichik mexanizatsiya vositalari (bundan keyin — qurilish texnikasi), shuningdek mol-mulkini realizatsiya qilish natijasida kelib tushgan mablagʻlarni ularning budjetga soliq toʻlovlari boʻyicha qarzlarini qoplash hisobiga “Qurilish-lizing” kompaniyasiga (bundan keyin — Kompaniya) berish tartibini belgilaydi.
1. Mazkur Nizom mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, budjetga soliq toʻlovlari boʻyicha qarzi boʻlgan barcha tugatilayotgan iqtisodiy nochor pudrat qurilish tashkilotlariga, shu jumladan bankrot korxonalarga (bundan keyin — tugatilayotgan korxonalar) tatbiq etiladi.
2. Tugatish ishini yuritishni boshlash bilan bankrot deb eʼlon qilish va tashkilotni tugatish chogʻida tugatuvchi boshqaruvchi (tugatuvchi) qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda tugatilayotgan tashkilotning mol-mulkini inventarizatsiya qiladi va baholaydi. Unda budjetga soliq toʻlovlari boʻyicha qarz, shuningdek navbatdan tashqari xarajatlarni va birinchi navbatning barcha talablari boʻyicha kreditorlik qarzini soʻndirish uchun mol-mulk mavjud boʻlgan taqdirda tugatuvchi boshqaruvchi (tugatuvchi) kreditorlar yigʻilishining roziligi bilan tugatilayotgan tashkilotning budjetga soliq toʻlovlari boʻyicha qarzini soʻndirish hisobiga Kompaniyaga beriladigan qurilish texnikasining roʻyxati va mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan mablagʻlar summasini belgilaydi.
3. Qurilish texnikasini va tugatilayotgan tashkilot mol-mulkini realizatsiya qilishdan olingan mablagʻlarning berilishini tashkil etish uchun tugatuvchi boshqaruvchi (tugatuvchi) Kompaniyaga unga qurilish texnikasini berish mumkinligi toʻgʻrisida taklif yuborib, uning batafsil roʻyxati, texnik holati va qiymatini, shuningdek tugatilayotgan tashkilotning budjetga soliq toʻlovlari boʻyicha qarzi doirasida mol-mulkni realizatsiya qilishdan olgan mablagʻlari summasini koʻrsatadi.
4. Kompaniya 5 kun mobaynida tugatuvchi boshqaruvchi (tugatuvchi) taklif etgan qurilish texnikasi roʻyxatini koʻrib chiqadi va, lizing va ijarada talabgirligi, shuningdek uning foydalanish imkoniyatini hisobga olib, tugatuvchi boshqaruvchi (tugatuvchi)ga kompaniyaga beriladigan qurilish texnikasi roʻyxatini yuboradi.
Agar Kompaniya balansiga beriladigan qurilish texnikasi qiymatining summasi tugatilayotgan tashkilotning budjetga soliq toʻlovlari boʻyicha qarzi summasidan yuqori boʻlsa, tugatuvchi boshqaruvchi (tugatuvchi) Kompaniya bilan birgalikda unga doir qarz doirasida beriladigan qurilish texnikasi roʻyxatini belgilaydi.
5. Kompaniya javobi olinganidan keyin tugatuvchi boshqaruvchi (tugatuvchi):
bir hafta ichida tugatuvchi boshqaruvchi va Kompaniya vakillaridan qabul qilish-topshirish komissiyasini tuzadi hamda Kompaniyaga topshiriladigan qurilish texnikasining qiymatini tugatilayotgan tashkilotning budjetga soliq toʻlovlari boʻyicha qarzi summasi bilan solishtiradi, uning belgilangan tartibda aniqlangan baholash qiymatini koʻrsatgan holda qurilish texnikasi roʻyxati ilova qilingan qabul qilish-topshirish dalolatnomasini tuzadi va uni Kompaniyaga topshirishni tashkil qiladi. Qurilish texnikasini qabul qilish-topshirish dalolatnomasiga yuqorida koʻrsatilgan organlarning vakillari imzo chekadi va ularning muhri bilan tasdiqlanadi;
dalolatnoma imzolanib, qurilish texnikasi topshirilganidan keyin ikki kun ichida Toshkent shahri hokimligining Moliya bosh boshqarmasiga (manzili: Toshkent shahri, GSP 700000, Movarounnahr koʻchasi, 3-uy) ilova qilingan xat bilan birga qurilish texnikasini qabul qilish-topshirish dalolatnomasining bir nusxasini yuboradi.
6. Kompaniya qurilish texnikasi olingach bir hafta ichida Toshkent shahri hokimligining Moliya bosh boshqarmasi bilan shartnoma tuzib, unda muddatlarni va qurilish texnikasi qaytarilayotgan qiymatining summasini koʻrsatadi.
7. Qolgan qurilish texnikasi va boshqa mol-mulkni tugatuvchi boshqaruvchi (tugatuvchi) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda realizatsiya qiladi.
8. Agar Kompaniyaga berilgan qurilish texnikasi qiymatining summasi tugatilayotgan tashkilotning budjetga soliq toʻlovlari boʻyicha qarzi summasidan kam boʻlsa, qolgan qurilish texnikasi va boshqa mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan mablagʻlar qolgan qarz doirasida Kompaniyaga Toshkent shahri hokimligining Moliya bosh boshqarmasi ochadigan maxsus maqsadli hisobraqamidan beriladi.
9. Tugatuvchi boshqaruvchi mol-mulk, shu jumladan tugatilayotgan tashkilotning Kompaniya talab qilmagan qurilish texnikasi realizatsiya qilinganidan keyin ikki kun ichida budjetga soliq toʻlovlari boʻyicha qolgan qarz doirasidagi mablagʻlarni Toshkent shahri hokimligi Moliya bosh boshqarmasining maxsus maqsadli hisobraqamiga oʻtkazib, ayni vaqtda Toshkent shahri hokimligining Moliya bosh boshqarmasi va Kompaniyani bundan xabardor qiladi.
10. Toshkent shahri hokimligining Moliya bosh boshqarmasi va Kompaniya tugatuvchi boshqaruvchining Moliya bosh boshqarmasi maxsus maqsadli hisobraqamiga tugatilgan tashkilotning sotilgan mol-mulkidan olingan mablagʻlarni uning budjetga soliq toʻlovlari boʻyicha qarzini soʻndirish hisobiga oʻtkazilgani toʻgʻrisida bildiruvnomasini olgandan keyin bir hafta ichida uzil-kesil shartnoma tuzib, unda muddatlar va qurilish texnikasi qaytarilayotgan qiymatining summalari va tugatilayotgan tashkilotlar mol-mulkini realizatsiya qilishdan olingan mablagʻlarni koʻrsatadi.
Toshkent shahri hokimligining Moliya bosh boshqarmasi yuqorida koʻrsatilgan shartnoma imzolanganidan keyin ikki kun ichida Kompaniyaga tugatilayotgan tashkilot mol-mulkini realizatsiya qilishdan maxsus maqsadli hisobraqamga kelib tushgan mablagʻlarni oʻtkazadi.
11. Tugatilayotgan tashkilotlarning Kompaniyaga ularning budjet oldidagi qarzini soʻndirish hisobiga berilayotgan asosiy vositalari qiymati daromad va mol-mulk soliqlari boʻyicha soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
12. Olingan mablagʻlar Kompaniya tomonidan faqat keyinchalik uni pudrat qurilish tashkilotlariga lizing va ijaraga berish uchungina qurilish texnikasini sotib olishga sarflanishi mumkin. Mablagʻlardan maqsadli foydalanilmagan yoki ular oʻz vaqtida qaytarilmagan taqdirda Toshkent shahri hokimligining Moliya bosh boshqarmasi ushbu mablagʻlarni belgilangan tartibda Toshkent shahri mahalliy budjetining daromadiga olib qoʻyadi.
13. Tugatuvchi boshqaruvchi (tugatuvchi) tugatish ishini yuritish yakunlanganidan soʻng ikki kun ichida:
tugatilayotgan tashkilot roʻyxatdan oʻtkazilgan joydagi soliq organiga tugatish balansini, Kompaniyaga qurilish texnikasi va tugatilayotgan tashkilot mol-mulkini realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlar uning budjetga soliq toʻlovlari boʻyicha qarzi doirasida berilganini tasdiqlovchi hujjatlarning butun paketini taqdim etadi;
soliq organi bilan tugatilgan tashkilotning budjetga soliq toʻlovlari boʻyicha qarzi soʻndirilganini tasdiqlaydigan solishtirish dalolatnomasini tuzib, uning nusxasini ikki kun ichida Toshkent shahri hokimligining Moliya bosh boshqarmasiga yuboradi.
14. Kompaniya tomonidan qurilish texnikasi qiymati va har bir tugatilgan tashkilot mol-mulkini sotishdan olingan mablagʻlar qaytarilishi Toshkent shahrining mahalliy budjetiga mazkur tugatilgan tashkilot boʻyicha tuzilgan shartnomaga muvofiq belgilangan muddatlar va summalarga qatʼiy amal qilgan holda bajariladi.
Yuqorida koʻrsatilgan mablagʻlarni oʻz vaqtida oʻtkazmaganlik uchun Kompaniya oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun oʻtkazib yuborilgan toʻlov summasining 0,07 foizi miqdorida penya toʻlaydi.
15. Kompaniyaga qurilish texnikasining berilishi va tugatuvchi boshqaruvchi tomonidan mol-mulk realizatsiyasidan olingan mablagʻlarni budjetga toʻlovlar boʻyicha tegishli qarz doirasida oʻtkazilishi, shuningdek Kompaniya tomonidan qurilish texnikasi qiymati hamda tugatilayotgan tashkilot mol-mulkini realizatsiya qilishdan olingan mablagʻlarni uning budjetga soliq toʻlovlari boʻyicha qarzini soʻndirish hisobiga toʻliq va oʻz vaqtida qaytarilishi ustidan nazoratni Toshkent shahri hokimligining Moliya bosh boshqarmasi va tegishli soliq organlari amalga oshiradi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 22-son, 161-modda)