toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi”ni tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mamlakatimizdagi mavjud ziyorat turizmi salohiyatidan yanada unumli foydalanish, O‘zbekiston zaminini dunyo sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida namoyon qilish, jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlarning yuqori e’tiroflariga sazovor bo‘lish, shuningdek, ziyorat turizmi xizmatlarini diversifikatsiya qilish va turizm eksportini oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 9-fevraldagi PF-6165-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Din ishlari qo‘mitasining 2022-yildan boshlab har yili noyabr oyining birinchi haftasida “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi”ni o‘tkazish (keyingi o‘rinlarda — Xalqaro haftalik) to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-maydagi 193-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)
2. Quyidagilar:
“Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi”ni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi (keyingi o‘rinlarda — Tashkiliy qo‘mita) 1-ilovaga muvofiq;
2022-yilda o‘tkaziladigan “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasidagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkiliy qo‘mitaga (A. Abduxakimov):
har yili 1-sentabrga qadar Chora-tadbirlar rejasida o‘tkazilishi belgilangan tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha dasturni (keyingi o‘rinlarda — tadbirlar dasturi) ishlab chiqish va unda belgilangan vazifalarning o‘z muddatida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
Xalqaro haftalikni tashkil etish va uni yuqori saviyada o‘tkazish doirasida davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
zarur hollarda, Xalqaro haftalikni yuqori saviyada tashkil etish bilan bog‘liq tezkor qarorlar qabul qilish vazifalari yuklatilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi:
bir oy muddatda Xalqaro haftalik logotipini ishlab chiqish bo‘yicha ochiq tanlov e’lon qilish;
Xalqaro haftalik o‘tkaziladigan binolarning hamda xorijiy ishtirokchilar uchun band qilingan joylashtirish vositalarining musulmon mehmondo‘stligi va boshqa din vakillari talabnomalariga mos qulayliklar bilan ta’minlash;
tadbirlar dasturi asosida xorijiy ishtirokchilar uchun joylashtirish vositalarini band qilish choralarini ko‘rsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Turizm va madaniy meros vazirligi Din ishlari qo‘mitasi bilan birgalikda Xalqaro haftalik doirasida diniy kitoblar, diniy ulomalarning asarlari va O‘zbekistonda chop etilgan Qur’oni karim hamda mavzuli suvenir mahsulotlari ko‘rgazmalarini tashkil etib borsin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-maydagi 193-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)
6. Madaniyat vazirligi “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda Xalqaro haftalikning madaniy tadbirlarida ishtirok etish uchun xorijiy va mahalliy hunarmand va naqqoshlar, milliy raqqosalar ansambllari, musiqiy ijod va an’anaviy san’at ustalari hamda milliy va sipo (kamtar) liboslar dizaynerlari ishtirokini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
Din ishlari qo‘mitasi Xalqaro haftalikning diniy-ma’rifiy tadbirlarida ishtirok etish uchun taniqli xorijiy va mahalliy diniy ulamolar, voizlar va diniy-ma’rifiy soha vakillarini jalb etsin.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-maydagi 193-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)
7. Belgilab qo‘yilsinki, har yili Xalqaro haftalik doirasida:
a) quyidagi tadbirlar o‘tkaziladi:
Samarqand viloyatida Xalqaro haftalikning rasmiy ochilish marosimi, “O‘zbekistonning Islomiy merosi” konferensiyasi, “Milliy ohanglar” festivali;
Buxoro viloyatida “Mir Arab bitiruvchilari” forumi, “Zamonaviy islomiy me’morchilik” va “Islom xattotligi va naqqoshlik” ko‘rgazmalari;
Toshkent shahrida “Islom iqtisodiyoti” davra suhbati, “Milliy liboslar” ko‘rgazmasi va “Halol turizm” konferensiyasi, “Halol taomlar” festivali;
ziyorat turizmini rivojlantirishga oid seminarlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar va ma’rifiy-madaniy tadbirlar;
b) Xalqaro haftalikka taklif etiladigan 100 nafargacha xorijiy ishtirokchilar uchun joylashtirish vositalaridan o‘rinlar (joylar) zaxira qilib qo‘yiladi;
v) “Uzbekistan Airways” AJ Turizm va madaniy meros vazirligining talabnomasiga asosan xorijiy ishtirokchilar uchun xalqaro va mahalliy aviachiptalarning band qilinishini va rasmiylashtirilishini ta’minlaydi;
g) “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Turizm va madaniy meros vazirligining talabnomasiga asosan xorijiy ishtirokchilar uchun qatnovdagi poyezdlarning barcha turlariga temir yo‘l chiptalari zaxira qilib qo‘yilishini va rasmiylashtirilishini ta’minlaydi.
8. Belgilansinki, Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan quyidagi xarajatlar qoplanadi:
Xalqaro haftalikning xorijiy ishtirokchilarini Toshkent shahridagi aeroport va vokzaldan kutib olish va kuzatish hamda tadbirlar dasturi asosida harakatlanishi uchun yengil transport vositalari bilan ta’minlash;
xorijiy ishtirokchilar uchun xalqaro aviachiptalar va respublika hududida harakatlanishi uchun avtobus, avia va temir yo‘l chiptalarini sotib olish;
Xalqaro haftalik doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarni xorijiy (ingliz, o‘zbek, rus, turk, arab va b.) tillarda sinxron tarjimonlar bilan ta’minlash;
xorijiy ishtirokchilar uchun mavzuli esdalik sovg‘alari (tematik suvenir) va tarqatma materiallar ajratish;
Xalqaro haftalikni xorijiy ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda alohida sahifalar ochgan holda keng targ‘ibotini amalga oshirish;
Xalqaro haftalikka tayyorgarlik ko‘rish va uni tashkil etish bilan bog‘liq boshqa xarajatlar.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Xalqaro haftalik doirasida :
a) 2022-yildan boshlab, har yili 15-oktabrga qadar:
Xalqaro haftalik o‘tkaziladigan va diqqatga sazovor joylarni obodonlashtirish va tadbir uchun tayyor holga keltirish;
tegishli hududdagi aeroport va temir yo‘l vokzallarida hamda markaziy ko‘chalar bo‘ylab Xalqaro haftalikni keng targ‘ib qilishga qaratilgan bannerlarni o‘rnatish;
b) 2022-yildan boshlab, o‘tkaziladigan Xalqaro haftalik davomida:
ishtirokchilarning tadbirlar dasturi asosida diqqatga sazovor joylarga tashriflarini tashkillashtirish;
band qilingan joylashtirish vositalari va Xalqaro haftalik o‘tkaziladigan binolarda elektr tarmog‘i, suv va tegishli kommunal sharoitlarning texnik sozligi va uzluksizligini ta’minlash;
xorijiy ishtirokchilarni aeroport/vokzaldan kutib olish/kuzatish va tadbirlar dasturi asosida harakatlanishi uchun transport vositalari bilan ta’minlash;
xorijiy ishtirokchilar, ularga biriktirilgan gid-tarjimon va volontyor kuzatuvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Xalqaro haftalik doirasida tushlik va kechki ovqatni tashkillashtirish;
xorijiy ishtirokchilar uchun band qilingan joylashtirish vositalarining Xalqaro haftalik doirasida xarajatlarini qoplash;
tadbirlar dasturiga muvofiq o‘tkaziladigan tadbirlar uchun ko‘zda tutilgan binolarning band qilinishi va Xalqaro haftalikka tayyorgarlik qilish choralarini ko‘rsin.
10. Tashqi ishlar vazirligi:
Oldingi tahrirga qarang.
Din ishlari qo‘mitasi bilan birgalikda Xalqaro haftalik doirasida tadbirlarga xorijiy diniy, ta’lim, turizm tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb etish;
(10-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-maydagi 193-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)
Turizm va madaniy meros vazirligining murojaatiga asosan Xalqaro haftalik doirasida respublikaga tashrif buyuruvchi xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish;
O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari orqali ommaviy axborot vositalarida Xalqaro haftalikni keng targ‘ib qilish va tadbirlarni yoritish;
Turizm va madaniy meros vazirligiga Xalqaro haftalik doirasidagi tadbirlarga xorijiy ishtirokchilarni jalb qilishga ko‘maklashish hamda ularga taklifnomalarni yetkazish choralarini ko‘rsin.
11. Ichki ishlar vazirligi Milliy gvardiyasi bilan birgalikda:
Xalqaro haftalik o‘tkaziladigan hududlarda tadbir ishtirokchilari va mehmonlar to‘planadigan joylarda, mehmonxonalarda hamda ularning atroflarida jamoat tartibini saqlash;
Xalqaro haftalikka tashrif buyuradigan delegatsiya a’zolari xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘l-harakati qoidalariga muvofiq, hamrohlik qilish bo‘yicha ishlarni tashkillashtirish choralarini ko‘rsin.
12. Sog‘liqni saqlash vazirligi tadbir dasturiga muvofiq joylarda tez tibbiy yordam brigadalari faoliyatini tashkil etilishini ta’minlash va tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda sog‘liqni saqlash va sanitariya-gigiyena talablariga amal qilinishi bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
13. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Turizm va madaniy meros vazirligining murojaatiga asosan Xalqaro haftalik doirasida tadbirlar o‘tkaziladigan konferensiya va ko‘rgazma zallari, matbuot xonalarini o‘rnatilgan tartibda zarur texnika vositalari, sinxron tarjima jihozlari (4 ta kabina, 200 ta quloqchin) va Internet jahon axborot tarmog‘i (Wi-Fi) xizmati bilan ta’minlasin.
14. “Uzbekistan Airports” AJ “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan birgalikda:
xorijiy ishtirokchilarni Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti, Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi aeroport va temir yo‘l vokzallarining yuqori martabali mehmonlar zali (Business Lounge) orqali o‘rnatilgan tartibda kutib olish/kuzatish choralarini ko‘rsin;
Toshkent shahar, Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi aeroport va vokzallarda xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalariga video-foto tasvirga olishga ruxsat berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Din ishlari qo‘mitasi:
(15-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-maydagi 193-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)
Xalqaro haftalikning rasmiy ochilish marosimida xorijiy ishtirokchilarga taqdim etilishi uchun mamlakatimizda o‘zbek, rus, ingliz tillarida chop etilgan kamida 10 xil turdagi (1000 dona) diniy-ma’rifiy kitoblar, jumladan O‘zbekistonda chop etilgan Qur’oni karim (100 dona) ajratilishini;
Madaniyat vazirligi va Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Xalqaro haftalikning xorijiy diniy ulamolari ishtirokida diniy bag‘rikenglik, alloma va ulamolarning O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasi rivojida tutgan o‘rni kabi mavzularda davra suhbatlari va ilmiy-amaliy konferensiyalarning o‘tkazilishini tashkillashtirsin.
16. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Xalqaro haftalikka tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
17. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 20-may,
282-son

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-maydagi 282-son qaroriga

1-ILOVA
“Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi”ni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita
TARKIBI

A. Abduxakimov

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri, Tashkiliy qo‘mita raisi

S. Toshboyev

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, Tashkiliy qo‘mita raisi o‘rinbosari

O. Nazarbekov

madaniyat vaziri

I. Maxkamov

transport vaziri

V. Norov

tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari

N. Xoliqnazarov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

J. Maxmudov

axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari

A. Ikramov

ichki ishlar vaziri o‘rinbosari

X. Xasilov

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi v.b

A. Xodjayev

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi

A. Ko‘chimov

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari

B. Ibragimov

turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari, Tashkiliy qo‘mita kotibi

Izoh. Tashkiliy qo‘mita a’zolari boshqa ishga o‘tganda, unga ushbu lavozimlarga qayta tayinlangan yoki tegishli vazifalarni bajarish uchun tayinlangan shaxslar kiritiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-maydagi 282-son qaroriga

2-ILOVA

2022-yilda o‘tkaziladigan “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasidagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha

ChORA-TADBIRLAR REJASI

T/r

Tadbirlar nomi

Muddat

Mas’ul vazirlik va idoralar

1.

2022-yildagi “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” (keyingi o‘rinlarda — Xalqaro haftalik) ning Tadbirlar dasturini ishlab chiqish.

2022-yil 15-iyun

Turizm va madaniy meros vazirligi,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Samarqand viloyati hokimligi,

Buxoro viloyati hokimligi,

Toshkent shahar hokimligi

2.

Xalq�ro haftalik doirasidagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita yig‘ilishini o‘tkazish va tashkiliy masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilish.

2022-yil 20-iyun

Tashkiliy qo‘mita,

Turizm va madaniy meros vazirligi,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Madaniyat vazirligi,

Samarqand viloyati hokimligi,

Buxoro viloyati hokimligi,

Toshkent shahar hokimligi

3.

Tadbirlar dasturiga muvofiq Xalqaro haftalik doirasidagi tadbirlar o‘tkaziladigan joylarni (binolar) belgilash va band qilish.

2022-yil 1-iyul

Turizm va madaniy meros vazirligi,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Samarqand viloyati hokimligi,

Buxoro viloyati hokimligi,

Toshkent shahar hokimligi

4.

2022-yildagi “Xalqaro haftalik”ning bosma va elektron taqdimot materiallari va portfoliosini ishlab chiqish.

2022-yil 10-iyul

Turizm va madaniy meros vazirligi,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

5.

2022-yildagi “Xalqaro haftalik” doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar haqidagi ijtimoiy rolik tayyorlash.

2022-yil 1-avgust

Turizm va madaniy meros vazirligi,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

6.

Xalqaro haftalikning logotipi, banner dizayni va veb-saytini tayyorlash hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasini ochish.

2022-yil 1-avgust

Turizm va madaniy meros vazirligi,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

7.

Xalqaro haftalikni xorijiy OAV, Internet jahon axborot tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda (video roliklar, bannerlar va maqolalar orqali) keng targ‘ibotini amalga oshirish.

2022-yil avgust — oktyabr

Turizm va madaniy meros vazirligi,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Tashqi ishlar vazirligi

8.

Tadbirlar dasturiga muvofiq tegishli hududdagi aeroport va temir yo‘l vokzallarida hamda markaziy ko‘chalar bo‘ylab Xalqaro haftalikni keng targ‘ib qilishga qaratilgan bannerlar o‘rnatish.

2022-yil oktyabr

Samarqand viloyati hokimligi,

Buxoro viloyati hokimligi,

Toshkent shahar hokimligi,

Turizm va madaniy meros vazirligi,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Transport vazirligi

9.

Xalqaro haftalikda ishtirok etadigan xorijiy mehmonlar ro‘yxatini shakllantirish.

2022-yil 1-oktabr

Turizm va madaniy meros vazirligi,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Tashqi ishlar vazirligi

10.

Xalqaro haftalik haqida press-konferensiya va brifing tashkil etish.

2022-yil 5-noyabr

Turizm va madaniy meros vazirligi,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

11.

Xalqaro haftalikning rasmiy ochilish marosimi va “O‘zbekiston islomiy merosi” konferensiyasini o‘tkazish.

2022-yil 7-noyabr

Samarqand viloyati hokimligi,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi,

Turizm va madaniy meros vazirligi,

12.

Xalqaro haftalik doirasida “Ko‘ngil ohanglari” festivalini o‘tkazish.

2022-yil 8-noyabr

Madaniyat vazirligi,

Samarqand viloyati hokimligi,

Turizm va madaniy meros vazirligi,

13.

Xalqaro haftalik doirasida “Zamonaviy islomiy me’morchilik” hamda “Islom xattotligi va naqqoshlik” ko‘rgazmalarini o‘tkazish.

2022-yil 9 — 13-noyabr

Buxoro viloyati hokimligi,

“Hunarmand” uyushmasi,

Turizm va madaniy meros vazirligi

14.

Toshkent shahrida milliy va sipo liboslar, kosmetika mahsulotlari kabi madaniy tadbirlar bilan kengaytirilgan “Milliy liboslar ko‘rgazmasi” tashkil etish.

2022-yil 10 — 13-noyabr

Madaniyat vazirligi,

Toshkent shahar hokimligi,

Turizm va madaniy meros vazirligi

15.

Xalqaro haftalik doirasida “Halol taomlar festivali”ni o‘tkazish.

2022-yil 12-noyabr

Toshkent shahar hokimligi,

O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi,

Turizm va madaniy meros vazirligi

16.

Xalqaro haftalik doirasida “Halol turizm” konferensiyasini o‘tkazish.

2022-yil 12-noyabr

Turizm va madaniy meros vazirligi,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Tashqi ishlar vazirligi

17.

Xalqaro haftalik doirasida “Islom iqtisodiyoti” davra suhbatini o‘tkazish.

2022-yil 12-noyabr

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi,

Islom sivilizatsiyasi markazi,

Turizm va madaniy meros vazirligi

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.05.2022-y., 09/22/282/0445-son; 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)