toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining
Qonuni
Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 26-aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 28-aprelda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning amal qilishi:
insonning koʻpayishiga taalluqli boʻlgan aʼzolar va toʻqimalarning (tuxum hujayrasi, sperma, tuxumdonlar, moyaklarning yoki embrionlarning) transplantatsiyasiga;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2020-yil 14-yanvardagi 106-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3217, 2020-yil 6-fevral).
aʼzolar va toʻqimalarning autogen (bir shaxsning oʻzi tirik donor va retsipiyent boʻladi) transplantatsiyasiga;
qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida” Qonuni.
2-modda. Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun hamda boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-iyuldagi PQ-5198-son “Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bosh miyaning oʻlimi — bosh miya barcha vazifalarining toʻliq va asl holiga qaytmaydigan tarzda toʻxtashi;
inson aʼzosi — inson organizmida muayyan vazifani bajaruvchi turli xil hujayralar va toʻqimalarning alohida majmui;
inson toʻqimasi — umumiy kelib chiqishi, tuzilishi va inson organizmida bajaradigan vazifalariga koʻra birlashgan hujayralar hamda hujayralararo moddalar majmui;
retsipiyent — oʻziga nisbatan inson aʼzosining va (yoki) toʻqimasining transplantatsiyasi bajariladigan inson;
tirik donor — oʻzidan aʼzolarning va (yoki) toʻqimalarning transplantatsiya uchun olinishiga ixtiyoriy ravishda, bepul asosda, notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan inson;
transplantatsiya — retsipiyentda mavjud boʻlmagan yoxud shikastlangan, oʻzining muhim hayotiy vazifalarini bajarishga qodir boʻlmagan aʼzolarni va (yoki) toʻqimalarni tirik donordan yoki inson murdasidan olingan aʼzolarga va (yoki) toʻqimalarga jarrohlik amaliyoti yoki muolaja oʻtkazish yoʻli bilan almashtirish.
4-modda. Transplantatsiya obyektlari
Tirik donordan yoki inson murdasidan olingan inson aʼzolari va (yoki) toʻqimalari transplantatsiya obyektlari boʻlishi mumkin, ularning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-bobi.
Sunʼiy ravishda yetishtirilgan aʼzolar transplantatsiya obyektlari boʻlmaydi.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi sohasida davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
tegishli organlar va tashkilotlarning inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
transplantatsiya obyektlari roʻyxatini, shuningdek ularning transplantatsiyasi tartibini belgilaydi;
inson aʼzolari va toʻqimalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashish, ularni saqlash, Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirish tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
Donorlarning, retsipiyentlarning, shuningdek inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining yagona davlat reyestrini shakllantiradi hamda yuritadi;
inson aʼzolari va toʻqimalarini olishni hamda ularning transplantatsiyasini amalga oshiruvchi davlat sogʻliqni saqlash tizimining tibbiyot muassasalari faoliyatini nazorat qiladi, shuningdek ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi va oʻzaro hamkorligini taʼminlaydi;
inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi sohasida xalqaro hamda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi toʻgʻrisidagi nizom.
7-modda. Inson aʼzolari va toʻqimalarini olishni hamda ularning transplantatsiyasini amalga oshiruvchi tibbiyot muassasalari
Inson aʼzolari va toʻqimalarini olish hamda ularning transplantatsiyasi davlat sogʻliqni saqlash tizimining tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshiriladi, ushbu muassasalarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-oktabrdagi PQ-5254-son “Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
2-bob. Inson aʼzolari va toʻqimalarini olish hamda ularning transplantatsiyasi shartlari va tartibi
8-modda. Inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining transplantatsiyasi zarurligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa
Inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining transplantatsiyasi zarurligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa davolovchi shifokor, transplantolog, anesteziolog, nevropatolog, zarurat boʻlganda boshqa ixtisosliklardagi shifokorlardan iborat tarkibdagi mutaxassis-shifokorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda beriladi.
9-modda. Inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining transplantatsiyasi shartlari
Tirik donordan yoki inson murdasidan aʼzolarni va (yoki) toʻqimalarni transplantatsiya qilish faqat boshqa jarrohlik amaliyotlari yoki muolajalar retsipiyent hayotini saqlab qolishni yoxud uning sogʻligʻi tiklanishini kafolatlay olmagan taqdirda qoʻllanilishi mumkin.
Inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini retsipiyentlarga transplantatsiya qilish inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining transplantatsiyasi zarurligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa asosida amalga oshiriladi.
10-modda. Inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining transplantatsiyasiga retsipiyentning roziligi
Inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining transplantatsiyasi retsipiyentning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi. Bunda retsipiyent boʻlajak jarrohlik amaliyoti yoki muolaja munosabati bilan oʻz sogʻligʻi uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan asoratlar haqida imzo qoʻydirilib ogohlantirilishi kerak. Ushbu jarayon majburiy tartibda videoyozuvga qayd etiladi. Agar retsipiyent oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan boʻlsa yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa yoxud retsipiyentning oʻzidan rozilik olishning imkoni boʻlmasa, inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining transplantatsiyasi uning ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakilining yozma roziligi bilan amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 10-bobi.
11-modda. Inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini uning murdasidan olish shartlari
Inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini uning murdasidan olishga uning tiriklik chogʻidagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 110-moddasi.
Insonning murdasidan olingan aʼzolardan va (yoki) toʻqimalardan barcha muhtoj shaxslarga transplantatsiya qilish uchun foydalanilishi mumkin.
Inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini uning murdasidan tegishli roziliksiz olish qonunga xilofdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda, inson bosh miyasining oʻlimini qayd etish asosida beriladigan oʻlim toʻgʻrisidagi xulosa mavjud boʻlgan taqdirda, inson aʼzolari va (yoki) toʻqimalari uning murdasidan transplantatsiya uchun olinishi mumkin. Inson bosh miyasining oʻlimini qayd etishda transplantologlarning hamda inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olishni taʼminlovchi brigadalar aʼzolarining ishtirok etishi taqiqlanadi.
12-modda. Tirik donordan aʼzolarni va (yoki) toʻqimalarni olish shartlari
Tirik donordan aʼzolarni va (yoki) toʻqimalarni transplantatsiya uchun olish faqat retsipiyentning sogʻligʻini koʻzlab hamda inson murdasida transplantatsiya uchun yaroqli boʻlgan aʼzolar va (yoki) toʻqimalar mavjud boʻlmagan yoxud samaradorligi inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining transplantatsiyasi samaradorligi bilan taqqoslanishi mumkin boʻlgan muqobil davolash usuli mavjud boʻlmagan taqdirda amalga oshirilishi mumkin.
Tirik donorni undan aʼzosini va (yoki) toʻqimalarini olish uchun rozilik berishga majburlash taqiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbeksiton Respublikasi “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 13-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1151-moddasi.
Tirik donordan juft aʼzolaridan biri va (yoki) aʼzosining bir qismi, shuningdek toʻqimasi ushbu moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan talablar hisobga olingan holda transplantatsiya uchun olinishi mumkin.
Tirik donordan aʼzolarni va (yoki) toʻqimalarni olishga faqat, agar olish paytida tibbiy xulosaga koʻra uning sogʻligʻiga koʻrish, nutq, eshitish qobiliyati yoʻqolishiga yoxud aʼzosining (bundan insonning transplantatsiya qilinayotgan aʼzosi va (yoki) toʻqimasi mustasno) funksiyalari qisman yoki toʻliq yoʻqolishiga, ruhiyati buzilishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan tarzda yoki sogʻligʻining mehnat qobiliyati oʻttiz uch foizdan ortiq tarzda barqaror yoʻqolishiga olib keladigan boshqa buzilishiga sabab boʻladigan tarzda ziyon yetkazilmasa, yoʻl qoʻyiladi.
Tirik donordan aʼzolarni va (yoki) toʻqimalarni retsipiyentga transplantatsiya qilish uchun olishga, agar donor:
aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olish boʻyicha boʻlajak jarrohlik amaliyoti yoki muolaja munosabati bilan oʻz sogʻligʻi uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan asoratlar haqida kamida oʻttiz kun oldin yozma shaklda, videoyozuvga qayd etgan holda ogohlantirilgan boʻlsa;
oʻz aʼzosini va (yoki) toʻqimalarini olishga boʻlgan roziligini ixtiyoriy ravishda, bepul asosda, notarial tartibda tasdiqlangan yozma shaklda bildirgan boʻlsa;
har taraflama tibbiy tekshiruvdan oʻtgan boʻlsa hamda uning aʼzosini va (yoki) toʻqimalarini transplantatsiya qilish uchun olish mumkinligi toʻgʻrisida mutaxassis-shifokorlarning tibbiy xulosasi mavjud boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.
Tirik donorni har taraflama tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
13-modda. Inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining transplantatsiyasi vaqtida videotasvirga olish
Inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining transplantatsiyasi vaqtida inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olishni hamda ularning transplantatsiyasini amalga oshiruvchi tibbiyot muassasasi tomonidan videotasvirga olish amalga oshiriladi. Bunda videoyozuvdagi inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining transplantatsiyasi haqidagi axborot oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmaydigan shifokor sirini tashkil etadi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Retsipiyentni va donorni sogʻligʻi uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan asoratlar haqidagi ogohlantirishning, shuningdek transplantatsiya jarayonining videoyozuvi tibbiyot muassasasi tomonidan arxivlashtiriladi, videoyozuv aslining dublikati esa saqlash uchun ichki ishlar organlariga topshiriladi.
Videoyozuvni amalga oshirish tartibi, shuningdek uni saqlash tartibi qonunchilikda belgilanadi.
14-modda. Donorlikka doir cheklovlar
Inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olishga, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan, transplantatsiya qilish uchun inson aʼzolari va toʻqimalari donorligiga qarshi koʻrsatma mavjud boʻlgan kasalliklar roʻyxatiga kiruvchi kasalligi boʻlgan yoki ilgari shunday kasallikka chalingan tirik donorga yoki inson murdasiga tegishli boʻlsa, yoʻl qoʻyilmaydi.
Quyidagilarga nisbatan inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olishga yoʻl qoʻyilmaydi:
oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga (bundan suyak iligini transplantatsiya qilish hollari mustasno);
belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga, shuningdek ruhiy holatning buzilishlariga (ruhiy kasalliklarga) chalingan shaxslarga;
qamoqda yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarga;
I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga;
homilador ayollarga;
shaxsi aniqlanmagan shaxslarga;
muayyan yashash joyi boʻlmagan shaxslarga;
“Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashovchi shaxslarga;
aʼzosi va (yoki) toʻqimalari ilgari transplantatsiya uchun olingan shaxslarga.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi chet davlat fuqarosi boʻlgan retsipiyent uchun donor boʻlishi mumkin emas.
15-modda. Transplantatsiya qilinadigan inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining oldi-sotdisini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqilishini taqiqlash
Inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini transplantatsiya qilishda jismoniy hamda yuridik shaxslarga inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining oldi-sotdisi taqiqlanadi.
Transplantatsiya qilinadigan inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish taqiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1332-moddasi.
16-modda. Tirik donor va retsipiyent toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmasligi
Tirik donor va retsipiyent toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmaydigan shifokor sirini tashkil etadi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbeksiton Respublikasi “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 45-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy Javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 46-moddasi.
3-bob. Tirik donor hamda retsipiyentning huquq va majburiyatlari
17-modda. Tirik donorning huquq va majburiyatlari
Tirik donor:
oʻzidan aʼzosini va (yoki) toʻqimasini olish amalga oshiriladigan tibbiyot muassasasidan inson aʼzosini va (yoki) toʻqimasini olish boʻyicha boʻlajak jarrohlik amaliyoti yoki muolaja munosabati bilan oʻz sogʻligʻi uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan asoratlar haqida toʻliq axborot olish;
jarrohlik amaliyoti yoki muolaja oʻtkazilishini u boshlanguniga qadar rad etib, rad etish sababini asoslamaslik;
oʻzidan aʼzosi va (yoki) toʻqimalari olinganligi bilan bogʻliq boʻlgan, yuzaga kelgan asoratlar tufayli davlat sogʻliqni saqlash tizimining tibbiyot muassasalarida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qonunchilikka muvofiq davolanish va kuzatuvda boʻlish huquqiga ega.
Tirik donor:
oʻz boshidan oʻtkazgan yoxud oʻzida mavjud boʻlgan kasalliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzidan aʼzosini va (yoki) toʻqimasini olish amalga oshiriladigan tibbiyot muassasasiga maʼlum qilishi;
shifokorlarning tibbiy tavsiyalariga rioya etishi shart.
18-modda. Retsipiyentning huquq va majburiyatlari
Retsipiyent:
oʻziga inson aʼzosini va (yoki) toʻqimasini transplantatsiya qilish boʻyicha boʻlajak jarrohlik amaliyoti yoki muolaja munosabati bilan oʻz sogʻligʻi uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan asoratlar haqida aʼzoning va (yoki) toʻqimaning transplantatsiyasi amalga oshiriladigan tibbiyot muassasasidan toʻliq axborot olish;
jarrohlik amaliyoti yoki muolaja oʻtkazilishini u boshlanguniga qadar rad etib, rad etish sababini asoslamaslik;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda davlat sogʻliqni saqlash tizimining tibbiyot muassasalarida reabilitatsiyadan oʻtish va kuzatuvda boʻlish;
oʻziga inson aʼzolari va (yoki) toʻqimalari transplantatsiya qilinishi bilan bogʻliq boʻlgan, yuzaga kelgan asoratlar tufayli Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan koʻrsatiladigan zarur tibbiy yordamni qonunchilikka muvofiq olish huquqiga ega.
Retsipiyent:
oʻz boshidan oʻtkazgan yoxud oʻzida mavjud boʻlgan kasalliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aʼzoning va (yoki) toʻqimaning transplantatsiyasi amalga oshiriladigan tibbiyot muassasasiga maʼlum qilishi;
shifokorlarning tibbiy tavsiyalariga rioya etishi shart.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
19-modda. Donorlarning, retsipiyentlarning, shuningdek inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining yagona davlat reyestri
Inson aʼzolaridan va (yoki) toʻqimalaridan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish, shuningdek transplantatsiyaga muhtoj boʻlgan shaxslarga tezkorlik bilan tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida Donorlarning, retsipiyentlarning, shuningdek inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining yagona davlat reyestri (bundan buyon matnda Yagona davlat reyestri deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Yagona davlat reyestri avtomatlashtirilgan axborot tizimi hisoblanadi hamda inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining transplantatsiyasini amalga oshiruvchi tibbiyot muassasalarining axboroti asosida shakllantiriladi.
Yagona davlat reyestrida:
aʼzolarning va (yoki) toʻqimalarning potensial retsipiyentlari;
oʻziga nisbatan aʼzolar (aʼzoning bir qismi) va (yoki) toʻqimalarning transplantatsiyasi bajarilgan retsipiyentlar;
oʻzidan aʼzolar va (yoki) toʻqimalar olinishiga notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan tirik donorlar;
oʻzining biologik oʻlimi yuz berishi fakti aniqlanganidan keyin oʻz tanasidan (tanasining qoldiqlaridan) aʼzolar va (yoki) toʻqimalar olinishiga tiriklik chogʻida notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan shaxslar;
oʻzidan transplantatsiya uchun aʼzolar va (yoki) toʻqimalar olingan donorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Donorlarning, retsipiyentlarning, shuningdek inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining yagona davlat reyestrini shakllantirish hamda yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Yagona davlat reyestrida saqlanadigan maʼlumotlar shifokor siridir.
20-modda. Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi sohasidagi ishlarni moliyalashtirish
Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi sohasidagi ishlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
21-modda. Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi sohasidagi xalqaro hamkorlik
Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi sohasidagi xalqaro hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga hamda xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasini amalga oshiruvchi tibbiyot muassasalarining xalqaro hamda xorijiy tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlari tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-avgustdagi PQ-348-sonli “Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish choralari toʻgʻrisida”gi qarori.
22-modda. Nizolarni hal etish
Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
23-modda. Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 133-moddasi.
24-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
25-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
26-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 11-may,
OʻRQ-768-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2022-y., 03/22/768/0404-son)