toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 13.08.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Integral mikrosxemalar topologiyalarini roʻyxatdan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 31-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3358]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 11-avgustdagi 20-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3664, 11.08.2025-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-son “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda huquqiy xizmat koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Integral mikrosxemalar topologiyalarini roʻyxatdan oʻtkazish qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq 2022-yil 1-iyundan kuchga kiradi.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-mart,
7-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 31-martdagi 7-mh-son buyrugʻiga
1-ILOVA
Integral mikrosxemalar topologiyalarini roʻyxatdan oʻtkazish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar integral mikrosxemalar topologiyalarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnomalarni (bundan buyon matnda roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma deb yuritiladi) tuzish, topshirish va davlat ekspertizasini oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Integral mikrosxemalar topologiyalarining (bundan buyon matnda topologiya deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) roʻyxatdan oʻtkazilishi, ilgari tijorat maqsadlarida qoʻllanilmagan topologiyani huquqiy muhofaza qilishning asosiy sharti hisoblanadi.
Agar topologiyadan tijorat maqsadlarida foydalanilgan holatlar mavjud boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining “Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) 8-moddasiga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma topologiyadan birinchi marta foydalanilgan sanadan eʼtiboran ikki yildan oshmagan muddatdan kechiktirilmay topshirilishi lozim.
2. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma bitta topologiyaga oid boʻlishi lozim. Bazaviy matritsaviy kristall topologiyasini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma bazaviy matritsaviy kristallning topologiyasiga oid va xuddi shuningdek, uning asosida amalga oshirilgan buyurtma integral mikrosxemalar topologiyasiga oid materiallardan iborat boʻlishi mumkin.
3. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma muallif (mualliflar), ish beruvchi yoki ularning huquqiy vorislari (bundan buyon matnda talabnoma beruvchi deb yuritiladi) tomonidan bevosita yoki ishonchli shaxs orqali Vazirlikka topshiriladi.
2-bob. Talabnomani tuzish
1-§. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tarkibi
4. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma quyidagi hujjatlarni oʻz ichiga oladi:
a) topologiyani roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza (bundan buyon matnda ariza deb yuritiladi);
b) topologiyani identifikatsiyalovchi deponentlanadigan materiallar, shu jumladan referat;
v) patent boji toʻlashdan ozod qilish va uning miqdorini kamaytirish asoslarini tasdiqlovchi hujjat, shuningdek chet el yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan davlat ekspertizasini oʻtkazish uchun belgilangan miqdorda davlat (patent) boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati;
Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan davlat (patent) boji toʻlanganligini qoʻshimcha hujjat talab qilmasdan Vazirlik tomonidan axborot tizimlari orqali mustaqil ravishda tekshiriladi.
Belgilangan miqdordagi davlat (patent) boji toʻlanmagan taqdirda, arizani koʻrib chiqish boʻyicha yuridik ahamiyatga molik harakatlar amalga oshirilmaydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuni.
g) ishonchli shaxs orqali talabnoma topshirilgan hollarda talabnomada qoʻshimcha ravishda ishonchli shaxs vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnoma mavjud boʻlishi lozim;
d) Vazirlikka topshirishdan oldin ilgari tijorat maqsadlarida foydalanilgan topologiyaga doir roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnomada qoʻshimcha ravishda mazkur topologiyadan tijorat maqsadlarida birinchi marta foydalanish sanasini tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlishi lozim.
2-§. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma hujjatlarini rasmiylashtirishga qoʻyiladigan umumiy talablar
5. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma hujjatlari ularni bevosita reproduksiya qilish imkoniyati boʻlgan tarzda rasmiylashtirilishi lozim.
6. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma hujjatlari A4 (210 x 297 mm) formatdagi pishiq, oq, tekis, shaffof boʻlmagan, yarqiramaydigan qogʻozda bajarilishi va har bir hujjat alohida varaqdan boshlanishi lozim.
7. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma hujjatlari varaqlaridagi hoshiyalar oʻlchami quyidagidan kam boʻlmasligi lozim:
chapdan — 20 mm;
yuqoridan — 15 mm;
oʻngdan va pastdan — 10 mm.
8. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma hujjatlarining har birida ikkinchi va undan keyingi barcha varaqlar arab sonlari bilan raqamlanishi lozim.
9. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma hujjatlari qora rangli shriftda bosilishi lozim.
10. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma hujjatlari, qoida tariqasida, oʻzbek yoki rus tilida taqdim etilishi lozim. Agar roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma boshqa tilda tuzilgan boʻlsa, u holda uning tarjimon tomonidan bajarilgan va tasdiqlangan oʻzbek yoki rus tilidagi toʻliq tarjimasi ilova qilinishi lozim.
11. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma hujjatlarining matni toʻliq va aniq boʻlishi, bir-biridan farqlanmasligi lozim.
12. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma hujjatlaridagi imzolar imzo qoʻyuvchining familiyasi, ismi va otasi ismining bosh harflari koʻrsatilgan holda ochib berilishi lozim.
Yuridik shaxs nomidan qoʻyilgan imzoda uning rahbari lavozimi koʻrsatiladi.
13. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma hujjatidagi familiya, ism va otasining ismi bosh kelishikda koʻrsatiladi.
14. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnomada yuridik shaxsning toʻliq rasmiy nomi keltiriladi.
3-§. Arizaga qoʻyiladigan talablar
15. Ariza mazkur Qoidalarning ilovasiga muvofiq TO-1 shaklda taqdim etiladi.
16. Agar baʼzi maʼlumotlarni tegishli grafalarda toʻliq joylashtirishning iloji boʻlmasa, u holda ular arizaning tegishli grafasida: “davomini qoʻshimcha varaqda qarang” deb koʻrsatilgan holda, xuddi oʻsha shaklda qoʻshimcha varaqda keltiriladi.
17. Arizaning “ariza” soʻzi tepasidagi 21 va 22-grafalari ariza Vazirlikka kelib tushgandan keyin rekvizitlarni kiritish uchun moʻljallangan va talabnoma beruvchi tomonidan toʻldirilmaydi.
18. Topologiyani roʻyxatdan oʻtkazish soʻralgan 71-kod ostidagi “talabnoma beruvchi(lar)” grafasida talabnoma beruvchi (talabnoma beruvchilar) toʻgʻrisida maʼlumotlar keltiriladi: yuridik shaxsning rasmiy nomi (taʼsis hujjatiga muvofiq) yoki jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi (agar mavjud boʻlsa). Shuningdek, ushbu grafada talabnoma beruvchilarning turar joylari yoki manzillari, shu jumladan mamlakatning rasmiy nomi va toʻliq pochta manzili haqidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi. Topologiya mualliflari boʻlgan talabnoma beruvchilarning yashash joyi haqidagi maʼlumotlar bu grafada keltirilmaydi, balki faqat arizaning ikkinchi varagʻidagi 97-kod ostidagi grafada bayon etiladi.
19. 71-kod ostidagi “talabnoma beruvchi(lar)” grafasida, “nomiga” degan soʻzlardan keyin nomiga guvohnoma berilishi soʻralayotgan shaxs (shaxslar) toʻgʻrisida mazkur Qoidalarning 18-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar keltiriladi.
20. Nomiga guvohnoma soʻralayotgan Oʻzbekiston Respublikasi korxonalari, tashkilotlari uchun KTUT kodi (agar u belgilangan boʻlsa) koʻrsatiladi. Agar KTUT kodi oʻrnatilmagan boʻlsa, tegishli oʻrinda “belgilanmagan” deb koʻrsatiladi.
21. Nomiga guvohnoma soʻralayotgan Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida yashovchi chet el yuridik shaxslari yoki jismoniy shaxslar uchun Butunjahon intellektual mulk tashkilotining (bundan buyon matnda BIMT deb yuritiladi) ST.3 standarti boʻyicha mamlakat kodi (agar u belgilangan boʻlsa) koʻrsatiladi.
22. Agar nomiga guvohnoma soʻralayotgan shaxslar va (yoki) talabnoma beruvchilar bir nechta boʻlsa, koʻrsatilgan maʼlumotlar ularning har biri uchun keltiriladi.
23. Agar talabnoma beruvchi (talabnoma beruvchilar) nomiga guvohnoma soʻralayotgan boʻlsa, u holda nomiga guvohnoma soʻralayotgan shaxs (shaxslar) haqidagi maʼlumotlar oʻrniga, “nomiga” degan soʻzlardan keyin “talabnoma beruvchi” (“talabnoma beruvchilar”) degan soʻzlar keltiriladi.
24. 54-kod ostidagi grafada topologiyaning nomi keltiriladi.
25. “Muqobil nomi” grafasida topologiyaning muqobil nomi (agar u mavjud boʻlsa) keltiriladi.
26. “Topologiyaning eng yaqin analogi haqida maʼlumotlar” grafasida talabnoma berilgan topologiyaning eng yaqin analogi haqida zaruriy bibliografik maʼlumotlar roʻyxati keltiriladi.
27. “Topologiyadan tijorat maqsadlarida birinchi marta foydalanilgan sana va joy nomi” grafasida hujjatlashtirilgan holda qayd etilgan topologiyadan tijorat maqsadlarida birinchi marta foydalanilgan sana va joy nomi koʻrsatiladi.
28. “Mazkur topologiyadan tijorat maqsadlarida birinchi marta foydalanilgan sanadagi huquq egasi haqida maʼlumotlar” grafasida talabnoma berilgan topologiyadan tijorat maqsadlarida birinchi marta foydalanilgan sanadagi huquq egasining nomi (ismi), joylashgan manzili (turar joyi), fuqaroligi koʻrsatiladi.
29. “Mazkur topologiyani yaratishda foydalanilgan muhofazaga olingan topologiyalar haqida maʼlumotlar” grafasida talabnoma berilgan topologiyani yaratishda foydalanilgan muhofazaga olingan topologiyalar haqidagi zaruriy bibliografik maʼlumotlar keltiriladi.
30. 98-kod ostidagi “Yozishma uchun manzil” grafasida pochta orqali tez yetkazib berish boʻyicha odatdagi talablarni qondiradigan yozishmalar uchun manzil, xat oluvchining ismi yoki nomi va telefon, teleks, faks raqamlari (agar ular mavjud boʻlsa) keltiriladi.
31. Arizaning ikkinchi varagʻidagi “Ilova qilinadigan hujjatlar va materiallar roʻyxati” grafasi ilova qilinadigan hujjatlar nusxalari va har bir nusxasidagi varaqlar soni koʻrsatilgan holda tegishli katakchalarda “X” belgisini qoʻyib chiqish orqali toʻldiriladi.
32. “Talabnoma topshirish va muhofaza hujjatini olish huquqi yuzaga kelishi uchun asos” grafasida talabnoma topshirish va guvohnoma olish uchun tegishli asos (asoslar) “X” belgisini qoʻyish bilan belgilanadi. Koʻrsatilgan grafa guvohnoma talabnoma beruvchi (talabnoma beruvchilar) nomiga soʻralgan holatlarda toʻldiriladi, talabnoma beruvchilar tarkibi mualliflar tarkibi bilan bir xil boʻlgan holatlar bundan mustasno.
33. 72 “Muallif(lar)” va 97-kodlar ostidagi “Turar joyining toʻliq manzili” grafalarda topologiya muallifi (mualliflari) haqidagi maʼlumotlar familiyasi, ismi, otasining ismi (agar mavjud boʻlsa), shuningdek mamlakat nomi va uning BIMT ST.3 standarti boʻyicha kodini oʻz ichiga olgan toʻliq turar joyi manzili keltiriladi.
34. Arizada koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi va ularning deponentlanadigan materiallarga mos kelishi talabnoma beruvchilar va mualliflarning imzosi bilan tasdiqlanadi.
35. Arizaning oxirgi “Imzo” grafasini, imzo qoʻyish sanasini koʻrsatgan holda toʻldirish barcha hollarda majburiydir. Ariza talabnoma beruvchi, shuningdek nomiga guvohnoma berilishi soʻralayotgan shaxs tomonidan (agar u talabnoma beruvchi boʻlmasa) imzolanadi. Yuridik shaxs nomidan ariza tashkilot rahbari tomonidan uning lavozimi koʻrsatilgan holda imzolanadi.
36. Talabnoma ishonchli shaxs orqali topshirilganda, ariza ushbu ishonchli shaxs tomonidan imzolanadi.
37. Ariza grafalaridagi imzolar imzo qoʻyuvchi familiyasi, ismi va otasi ismining (agar u mavjud boʻlsa) bosh harflari koʻrsatilgan holda ochib beriladi.
38. Imzo qoʻyishni talab qiladigan maʼlumotlar qoʻshimcha varaqda keltirilgan hollarda, u ham shunday tartibda imzolanadi. Talabnoma beruvchi yoki ishonchli shaxsning imzosi har bir qoʻshimcha varaqda keltirilishi majburiydir.
4-§. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnomaning deponentlanadigan materiallarini rasmiylashtirish uchun qoʻyiladigan talablar
39. Roʻyxatdan oʻtkazilayotgan topologiya, shu jumladan referat identifikatsiyasini taʼminlovchi materiallar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Muassasa) tomonidan deponentlanadi.
40. Deponentlanadigan talabnoma materiallari quyidagilardan iborat boʻlishi lozim:
a) topologiyaning har bir qatlamini aks ettiradigan vizual qabul qilinadigan materiallarning quyida keltirilgan turlaridan birining toʻliq toʻplami, bitta nusxada:
fotoshablonlar;
topologiyaga oid yigʻma chizma yoki qatlam shaklli topologik chizmalar;
integral mikrosxemada belgilangan topologiyaning har bir qatlami fotosurati;
b) rasmiy axborotnomada eʼlon qilish uchun moʻljallangan quyidagi maʼlumotlar kiritilgan referat, ikkita nusxada:
integral mikrosxema topologiyasining nomi;
talabnoma beruvchining nomi;
topologiyasi uchun muhofaza soʻralgan integral mikrosxemaning foydalanish sohasi, qoʻllanilishi yoki vazifasi;
topologiyasi uchun muhofaza soʻralgan integral mikrosxemani tayyorlashda qoʻllaniladigan texnologiya turi.
Referat matnining oʻrtacha hajmi — 700 bosma belgidan iborat.
41. Talabnoma topshirilayotgan sanadan oldin tijorat maqsadlarida foydalanilgan topologiyani roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma topshirishda talabnomaning deponentlanadigan materiallari qoʻshimcha ravishda mazkur topologiyani, undan tijorat maqsadlarida foydalanilgan paytdagi shaklini oʻz ichiga olgan toʻrtta integral mikrosxema namunasiga ega boʻlishi, referat esa — qoʻshimcha ravishda topologiyadan tijorat maqsadlarida birinchi marta foydalanilgan sana haqida maʼlumotlarga va integral mikrosxema namunasining asosiy texnik tavsifiga ega boʻlishi lozim.
42. Vizual qabul qilinadigan materiallardagi tasvirlar masshtabi 20:1 dan kam boʻlmasligi lozim.
43. Topologik chizmalarning grafik tasvirlari tekis oq qogʻozda bajariladi.
Varaqlar formati taxlangan holda 210 x 297 mm boʻlishi lozim.
Grafik tasvirlar bajarilgan varaq hoshiyalarining minimal oʻlchami quyidagicha:
yuqoridan va chapdan — 20 mm;
oʻngdan — 15 mm;
pastdan — 10 mm.
44. Fotosuratlardagi tasvirlar aniq-ravshan boʻlishi lozim.
45. Chizmalar va fotosuratlarning barcha nusxalarida tasvirlarning masshtabi koʻrsatilishi lozim.
46. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tarkibiga kirgan integral mikrosxema namunalari zarurat tugʻilganda ulardan topologiya har bir qatlamining vizual qabul qilinadigan tasvirini olish imkoniyati bilan bajariladi.
47. Agar topologiya qatlamlaridan birortasida maxfiy maʼlumotlar (masalan, “nou-xau”ga oid) boʻlsa, vizual qabul qilinadigan materiallarda ushbu qatlamning tegishli qismi (yoki butun qatlam) chiqarib olinishi va kodlangan shakldagi topologiyani identifikatsiya qiluvchi deponentlanadigan materiallar tarkibiga kiritilishi mumkin.
5-§. Davlat (patent) boji toʻlanganiga doir hujjatlarga qoʻyiladigan talablar
48. Talabnomaga davlat (patent) bojini toʻlashdan ozod qilish uchun asoslarni tasdiqlovchi hujjat, shuningdek chet el yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan belgilangan miqdorda davlat (patent) boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati, tegishli iltimosnoma bilan birga ilova qilinadi.
49. Davlat (patent) boji belgilangan miqdordan kam toʻlanganda, boj miqdorini kamaytirish uchun asoslarni tasdiqlovchi hujjat va tegishli iltimosnoma taqdim etiladi.
Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan davlat (patent) boji toʻlanganligini qoʻshimcha hujjat talab qilmasdan vazirlik tomonidan axborot tizimlari orqali mustaqil ravishda tekshiriladi.
Belgilangan miqdordagi davlat (patent) boji toʻlanmagan taqdirda, arizani koʻrib chiqish boʻyicha yuridik ahamiyatga molik harakatlar amalga oshirilmaydi.
6-§. Talabnoma beruvchi tomonidan ishonchli shaxsga berilgan vakolatlarni tasdiqlovchi ishonchnomaga qoʻyiladigan talablar
50. Ishonchli shaxs orqali topshirilgan talabnomaga ishonchli shaxsga talabnoma beruvchi tomonidan berilgan va uning vakolatlarini tasdiqlaydigan ishonchnoma yoxud ishonchnoma nusxasi talabnoma bilan bir vaqtda ilova sifatida taqdim etiladi.
51. Ishonchnomada ishonchli shaxsning vakolatlari hajmi belgilangan va ishonchnoma berilgan sana koʻrsatilgan boʻlishi lozim, aks holda u haqiqiy hisoblanmaydi. Ishonchnoma uni bergan shaxs tomonidan imzolangan boʻlishi lozim.
52. Ishonchnomaning amal qilish muddati uch yildan ortiq boʻlmasligi lozim. Agar amal qilish muddati koʻrsatilmagan boʻlsa, ishonchnoma berilgan sanadan eʼtiboran bir yil davomida haqiqiy hisoblanadi.
53. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida rasmiylashtirilgan ishonchnoma uni bergan mamlakat qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda tuziladi.
3-bob. Talabnomani topshirish
54. Talabnoma muallif, ish beruvchi yoki ularning huquqiy vorisi (bundan buyon matnda talabnoma beruvchi deb yuritiladi) tomonidan bevosita Vazirlikka topshiriladi yoki pochta xizmati orqali joʻnatiladi.
55. Talabnoma bir nechta talabnoma beruvchilar tomonidan topshirilishi mumkin. Bunda talabnoma beruvchilardan birining muhofaza hujjatini berish boʻyicha tadbirlarda qatnashishni rad etishi qolgan talabnoma beruvchi yoki talabnoma beruvchilarning muhofaza hujjatini olish uchun kerakli xatti-harakatlarni amalga oshirishiga toʻsiq boʻlmaydi.
56. Talabnoma bevosita talabnoma topshiruvchi tomonidan yoxud ishonchli shaxs orqali topshirilishi mumkin.
57. Qonunning 8-moddasiga muvofiq, agar ilgari topologiyadan tijorat maqsadlarida foydalanilgan boʻlsa, talabnoma Vazirlikka topologiya birinchi marta foydalanilgan sanadan eʼtiboran ikki yildan oshmagan muddatdan kechiktirilmay topshirilishi lozim.
4-bob. Talabnomaning davlat ekspertizasi
58. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnomada kerakli hujjatlarning mavjudligi va ularning belgilangan talablarga muvofiqligi Muassasa tomonidan talabnoma materiallari taqdim etilgan sanadan eʼtiboran ikki oy muddatda koʻrib chiqiladi.
59. Talabnomani davlat ekspertizasidan oʻtkazishda quyidagilar tekshiriladi:
a) roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnomada boʻlishi lozim boʻlgan hujjatlarning mavjudligi;
b) roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma hujjatlarining belgilangan talablarga muvofiq tarzda toʻgʻri rasmiylashtirilgani.
60. Mazkur Qoidalarining 59-bandida keltirib oʻtilgan talabnomani davlat ekspertizasidan oʻtkazish natijalariga koʻra, Muassasa talabnoma beruvchiga talabnoma roʻyxatga olish uchun qabul qilingani toʻgʻrisida eʼlon qilish va guvohnoma berish uchun bojni toʻlash muddati koʻrsatilgan yoki sabablari koʻrsatilgan holda roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisida bildirishnoma, yoxud talabnoma hujjatlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun kiritilishi kerak boʻlgan maʼlumotlar koʻrsatilgan soʻrovnomani joʻnatadi.
61. Talabnoma beruvchi tomonidan Qonunning 8-moddasi ikkinchi qismida belgilangan talablarga rioya etilmaganda, yaʼni topologiyadan tijorat maqsadlarida birinchi marta foydalanilgan sanadan eʼtiboran roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma topshirilgunga qadar belgilangan ikki yillik muddatga talabnoma beruvchi amal qilmaganda Muassasa talabnomani roʻyxatga olishni rad etish huquqiga ega. Bunda talabnoma materiallari talabnoma beruvchiga qaytarilmaydi.
62. Agar roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma davlat ekspertizasi jarayonida uning hujjatlariga qoʻyilgan talablarga rioya etilmagan holda rasmiylashtirilgani aniqlansa, talabnoma beruvchiga kamchiliklar koʻrsatilib soʻrovnoma joʻnatiladi va yetishmagan yoki tuzatilgan hujjatlarni soʻrovnoma joʻnatilgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida taqdim etish taklif qilinadi.
63. Agar talabnoma beruvchi belgilangan muddatda soʻralgan materiallarni yoki ularni topshirish muddatlarini uzaytirish haqidagi iltimosnomani taqdim etmasa, talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi va bu haqda talabnoma beruvchiga xabar beriladi.
64. Topologiyani roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingunga qadar talabnoma beruvchi talabnoma materiallariga tuzatishlar, aniqliklar va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.
65. Agar talabnoma barcha kerakli hujjatlarni oʻz ichiga olgan, ularni tuzishda mazkur Qoidalarda belgilangan talablarga rioya etilgan boʻlsa va talabnomada koʻrsatilgan taklif Qonunning 8-moddasi ikkinchi qismiga zid boʻlmasa, u holda Muassasa topologiyani roʻyxatdan oʻtkazish haqida qaror qabul qiladi va bu haqida talabnoma beruvchini xabardor qiladi.
Integral mikrosxemalar topologiyalarini roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga
ILOVA
TO-1 shakli

(22) Kelib tushgan sanasi

(21) Talabnomaning qayd raqami

Integral mikrosxema topologiyasini roʻyxatdan oʻtkazish uchun
ARIZA

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

100011, Toshkent shahri, Xadra mavzesi, 33

Quyida imzo chekuvchi(lar)
(71) talabnoma beruvchi(lar)


Quyida koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim etgan holda integral mikrosxema topologiyasini ____________________________ nomiga roʻyxatdan oʻtkazilishini soʻrayman (soʻraymiz)

F.I.O. yoki nomi va turar joylari yoki manzillari koʻrsatiladi, muallif- talabnoma beruvchilarning turar joyi haqidagi maʼlumotlar 97-kod ostidagi grafada bayon etiladi.






tashkilotning KTUT kodi (agar u belgilangan boʻlsa)

BIMTning ST.3 standarti boʻyicha mamlakat kodi

(54) Integral mikrosxema topologiyasining nomi

Davlat buyurtmasi boʻyicha bajariladigan muammo (mavzu) shifri ________________________

Muqobil nomi

Topologiyaning eng yaqin analogi haqida maʼlumotlar

Topologiyadan tijorat maqsadlarida birinchi marta foydalanilgan sana va joy nomi _______ ___________sana ___ oy _____________ yil, mamlakat ______________________

Mazkur topologiyadan tijorat maqsadlarida birinchi marta foydalanilgan sanaga nisbatan huquq egasi haqida maʼlumotlar
F.I.O. va nomi
Fuqaroligi

Mazkur topologiyani yaratishda foydalanilgan muhofazaga olingan topologiyalar haqida maʼlumotlar

(98) Yozishma uchun manzil (toʻliq pochta manzili, xat oluvchining F.I.O. va nomi)
Telefon:___________________ Teleks: _______________________________Faks:

Ilova qilinadigan hujjatlar va materiallar roʻyxati (X bilan belgilansin)

nusxalarning soni

Muallif(lar) imzosi (imzolari), sana

□ mazkur topologiyani undan tijorat maqsadlarida foydalanilgan paytdagi holida tarkibiga olgan integral mikrosxema namunalari

4

mazkur topologiyaning har bir qatlamini, shu jumladan, spetsifikatsiyani aks ettiradigan vizual qabul qilinadigan materiallarning quyida keltirilgan turlaridan birining toʻliq toʻplami

□ fotoshablonlar, ___dona.



□ topologiyaga oid yigʻma chizma yoki qatlam shaklli topologik chizmalar

1

____varaqda.

1

□ integral mikrosxemada qayd etilgan topologiyaning har bir qatlami fotosurati ____dona.

1

□ referat

2

□ topologiyadan tijorat maqsadlarida birinchi marta foydalanilgan sana va joy nomini tasdiqlovchi hujjat nusxasi ___ varaqda



1

□ boj toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati (chet el yuridik va jismoniy shaxslar uchun)

□ bojni toʻlashdan ozod qilish uchun asoslarni tasdiqlovchi hujjat

1

1

□ boj miqdorini kamaytirish uchun asoslar mavjudligi

1

□ talabnoma tarjimasi

1

□ talabnoma beruvchining ishonchli shaxsga bergan vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnoma

1

(72) muallif(lar)
(familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi, ilmiy darajasi va ish joyi)

(97) Turar joyining toʻliq manzili (viloyat, tuman, shahar, koʻcha, uy, xorijliklar uchun BIMTning ST.3 standarti boʻyicha mamlakat kodi)

Muallif(lar)
imzosi(imzolar), sana


Men(biz)
______________________________________________________________________________

(lavozim)

_____________________________________________________________________________________________________________

(F.I.O.)

ushbu bilan mazkur talabnomada koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini va deponentlanadigan identifikatsiya qilinadigan materiallarga mosligini tasdiqlayman (tasdiqlaymiz).

Imzo

Talabnoma beruvchi (talabnoma beruvchilar)ning yoki muhofaza hujjati soʻralayotgan shaxs, huquq egasi vakilining imzosi (imzolari); imzo (imzolar) qoʻyilgan sana

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 31-martdagi 7-mh-son buyrugʻiga
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi direktorining 2002-yil 19-avgustdagi 42-son “Integral mikrosxemalar topologiyalarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnomalarni tuzish va topshirish qoidalari va davlat ekspertizasini oʻtkazish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1168, 2002-yil 27-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2002-yil, 15-16-son).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktorining 2011-yil 26-avgustdagi 36-son “Integral mikrosxemalar topologiyalarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnomalarni tuzish va topshirish qoidalari va davlat ekspertizasini oʻtkazish tartibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1168-1, 2011-yil 30-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 40-son, 419-modda).
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.03.2022-y., 10/22/3358/0269-son)