toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 10-fevraldagi 61-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiquvchining yoki normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega boʻlgan organning qaroriga koʻra lingvistik ekspertizadan oʻtkazilishi mumkinligi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) lingvistik ekspertizadan oʻtkazishning maqsadi va asosiy vazifalari;
loyihani lingvistik ekspertizadan oʻtkazish talabi;
loyihani lingvistik ekspertizadan oʻtkazish va xulosa berish tartibi;
loyihani lingvistik ekspertizadan oʻtkazuvchi maslahatchi yoxud mutaxassisning huquq va majburiyatlari.
3. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
normativ-huquqiy hujjat loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun kiritilishidan oldin loyiha matni davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqligini tekshirish maqsadida lingvistik ekspertizadan oʻtkaziladi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-avgustdagi 437-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.08.2026-y., 09/26/437/0828-son)
lingvistik ekspertiza loyihani ishlab chiquvchi davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi (keyingi oʻrinlarda — maslahatchi) tomonidan amalga oshiriladi;
loyihani lingvistik ekspertizadan oʻtkazish jarayonida ishlab chiquvchining tashabbusi bilan davlat organlarining ilmiy va taʼlim tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega boʻlgan fuqarolar, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududiy boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda — Markaz) ham shartnoma asosida jalb qilinishi mumkin;
lingvistik ekspertizani oʻtkazish xarajatlari budjetdan tashqari jamgʻarmalar va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklarida loyihani lingvistik ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha amaliy seminarlarni muntazam tashkil etsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev hamda adliya vaziri R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 28-oktabr,
662-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-oktabrdagi 662-son qaroriga
1-ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini (keyingi oʻrinda — loyiha) lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
normativ-huquqiy hujjat loyihasi — qonunchilikka muvofiq qabul qilinadigan, umummajburiy davlat koʻrsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilaydigan, oʻzgartiradigan yoki bekor qiladigan rasmiy hujjat loyihasi;
lingvistik ekspertiza — loyiha matnining davlat tili qoida va talablariga muvofiqligini mutaxassis tomonidan oʻrganilishi;
davlat tili qoida va talablari — oʻzbek adabiy tilining imloviy, uslubiy, leksik-grammatik, grafik va punktuatsiya qoidalari, atamalarni toʻgʻri qoʻllash va matnda mantiqiy xatoliklarga yoʻl qoʻymaslik talablari;
maslahatchi — davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi;
mutaxassis — davlat organlarining ilmiy va taʼlim tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega boʻlgan fuqarolar, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududiy boʻlinmalarida kasbiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan shaxslar.
3. Loyiha matni lingvistik ekspertizaning obyekti hisoblanadi.
4. Loyiha matnining lingvistik ekspertizasi:
taqdim etilgan loyiha matnining davlat tili, imlo, uslubiy, grammatik va punktuatsiya qoidalariga muvofiqligini tekshirishga;
loyiha matni aniq va tushunarli bayon qilinganligi, soʻz birikmalari toʻgʻri tanlanganligiga hamda oʻzaro toʻgʻri bogʻlanganligiga baho berishga;
loyihada yangi atamalar qoʻllanilganda, ularga mos taʼrif berilishini tekshirish hamda mantiqiy, tahririy xato-kamchiliklarni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan.
5. Lingvistik ekspertiza loyihani ishlab chiqqan tashkilot rahbarining maslahatchisi tomonidan oʻtkaziladi.
6. Lingvistik ekspertizani oʻtkazishda ishlab chiquvchining tashabbusi bilan shartnoma asosida mutaxassis ham jalb qilinishi mumkin. Ushbu tadbirlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
2-bob. Lingvistik ekspertizaning maqsadi va asosiy vazifalari
7. Loyiha matnini davlat tili qoida va talablariga moslash, yangi atamalarni toʻgʻri qoʻllash hamda grammatika, imlo, punktuatsiya qoidalariga muvofiq boʻlishi lingvistik ekspertizaning asosiy maqsadi hisoblanadi.
8. Lingvistik ekspertizaning asosiy vazifalari quyidagilar:
loyiha matnining davlat tili qoida va talablariga, jumladan, imlo, uslubiy, grammatik va orfografiya qoidalariga mos boʻlishini taʼminlash;
loyihada soha atamalarining toʻgʻri qoʻllanilishi, yangi atamalar qoʻllanilganda, ularga mos taʼrif berilishini tekshirish;
loyiha matni aniq va tushunarli bayon qilinganligi, soʻz birikmalari toʻgʻri tanlanganligiga va oʻzaro toʻgʻri bogʻlanganligiga baho berish;
loyiha matnidagi tushuncha va atamalarning maʼnosiga muvofiq yagona shaklda va toʻgʻri qoʻllanishini taʼminlash.
3-bob. Loyihani lingvistik ekspertizadan oʻtkazish talablari
9. Loyiha matni lingvistik ekspertizadan quyidagi talablar asosida oʻtkaziladi:
jumlalarning soddaligi va qisqaligi, taʼriflarning aniqligi;
imlo, uslubiy, grammatik va orfografiya qoidalariga mosligi;
yangi atamalar, shuningdek, soha atamalarining toʻgʻri qoʻllanganligi;
soʻz birikmalarining oʻzaro toʻgʻri bogʻlanganligi;
bayonning tizimliligi va ifodali ketma-ketligi.
10. Loyihada, shuningdek, unga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarda quyidagilarning qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
ogʻzaki nutq shakllari;
davlat tilida teng maʼnoli soʻzlar va tushunchalar mavjud boʻlgan taqdirda, chet tillari atamalari;
eskirgan hamda koʻp maʼnoni anglatadigan soʻzlar va iboralar, majoziy taqqoslashlar, sifatlashlar, kinoyalar;
abbreviatura va qisqartmalar (bundan umumiy qabul qilingan abbreviatura va qisqartmalar, shuningdek qonunosti hujjatlarining ilovalaridagi tashkilotlarning qisqartirilgan nomlari mustasno).
4-bob. Loyihani lingvistik ekspertizadan oʻtkazish
Oldingi tahrirga qarang.
11. Lingvistik ekspertiza ishlab chiquvchi tomonidan loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun kiritilishidan oldin oʻtkaziladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-avgustdagi 437-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.08.2026-y., 09/26/437/0828-son)
12. Loyihaning lingvistik ekspertizasi ushbu Nizomning 1-ilovasida koʻrsatilgan sxemaga muvofiq oʻtkaziladi.
13. Loyiha tashkilot rahbarining koʻrsatmasida boshqa muddat belgilanmagan boʻlsa, maslahatchiga kelib tushgan sanadan boshlab uch ish kunida lingvistik ekspertizadan oʻtkaziladi.
14. Mutaxassis tomonidan loyihani lingvistik ekspertizadan oʻtkazish muddati u bilan tuzilgan shartnomada koʻpi bilan besh ish kuni etib belgilanadi.
15. Loyihaning lingvistik ekspertiza natijasi toʻgʻrisida ushbu Nizomga 2 va 3-ilovalarda koʻrsatilgan namunaga muvofiq xulosa beriladi.
Xulosada loyiha matnida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, tegishli tuzatishlar kiritish, matnni qisqartirish, qayta ishlash boʻyicha aniq tavsiyalar koʻrsatiladi. Ushbu tavsiyalar jadval shaklida bayon qilinib, unda loyiha matnining dastlabki tahriri hamda ekspertiza natijasida tavsiya etilayotgan tahrir aks ettiriladi.
16. Loyiha lingvistik ekspertizadan oʻtkazilganidan keyin xulosa maslahatchi yoxud mutaxassis tomonidan imzolanadi. Lingvistik ekspertiza natijalari boʻyicha qabul qilingan xulosaning sifati uchun maslahatchi yoxud mutaxassis javobgar hisoblanadi.
17. Loyihani ishlab chiquvchi xulosada koʻrsatilgan tavsiyalar asosida loyiha matnini qayta koʻrib chiqadi hamda kelishish uchun vazirlik va idoralarga yuboradi.
5-bob. Loyihani lingvistik ekspertizadan oʻtkazuvchi maslahatchi yoxud mutaxassisning huquq va majburiyatlari
18. Lingvistik ekspertizani oʻtkazadigan maslahatchi yoxud mutaxassis:
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda lingvistik ekspertizadan oʻtkazadigan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari predmetiga taalluqli boʻlgan hujjatlar bilan tanishish;
lingvistik ekspertizani oʻtkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish;
lingvistik ekspertizadan oʻtkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari normalarini aniqlashtirish va ular boʻyicha tegishli tushuntirishlarni olish huquqiga ega.
Maslahatchi yoxud mutaxassis qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
19. Lingvistik ekspertizani oʻtkazadigan maslahatchi yoxud mutaxassis:
lingvistik ekspertizani tashkil etish va oʻtkazishning qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan talablariga rioya qilish;
lingvistik ekspertizani oʻtkazish munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlgan maʼlumotlarni oshkor qilmaslik;
zarur hollarda lingvistik ekspertiza xulosalarini asoslab berishi;
taqdim etilgan hujjatlarning saqlanishini taʼminlashga majbur.
Maslahatchi yoxud mutaxassis qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Lingvistik ekspertiza oʻtkazish jarayonida “Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari, Oʻzbek tilining izohli va imlo lugʻatlari, soha va tarmoq lugʻatlari, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, Geografik obyektlarning nomlari davlat reyestri maʼlumotlari, davlat tilida ish yuritishga oid adabiyot va uslubiy qoʻllanmalar, shuningdek, oʻzbek adabiy tilining boshqa ilmiy-uslubiy manbalaridan foydalaniladi.
21. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tartibining
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Ijro muddati

1-bosqich

Loyihani ishlab chiquvchi tashkilot, yuqori turuvchi tashkilot

1. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tashabbusi bilan chiqish.

2. Loyihani lingvistik ekspertizadan oʻtkazish yuzasidan topshiriq berish.

Zaruratga koʻra

2-bosqich

Maslahatchi yoxud mutaxassis

1. Lingvistik ekspertizadan oʻtkazish natijasi boʻyicha loyiha matnida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq tavsiyalarni koʻrsatgan holda xulosa berish.

2. Lingvistik ekspertiza xulosasini imzolash va loyihani ishlab chiquvchiga taqdim etish.

3 kun yoki shartnomada belgilangan muddat

3-bosqich

Loyihani ishlab chiquvchi

Maslahatchi yoxud mutaxassis xulosasida berilgan tavsiyalar asosida loyiha matnini qayta ishlash hamda kelishish uchun vazirlik va idoralarga yuborish.

Loyiha matni qayta ishlangandan soʻng

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

NORMATIV-HUQUQIY HUJJAT LOYIHASINING
‎LINGVISTIK EKSPERTIZA
‎ XULOSASI

____________-son
1. Normativ-huquqiy hujjat loyihasining turi:_______________________________________
‎_________________________________________________________________________
2. Normativ-huquqiy hujjat loyihasining nomi: ______________________________________
‎_________________________________________________________________________
3. Lingvistik ekspertizani oʻtkazuvchi: ____________________________________________
‎_________________________________________________________________________
4. Lingvistik ekspertiza oʻtkazilgan sana: __________________________________________
5. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi matnida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, tegishli tuzatishlar kiritish, matnni qisqartirish, qayta ishlash boʻyicha aniq tavsiyalar koʻrsatiladi:*
‎_________________________________________________________________________
‎_________________________________________________________________________
‎_________________________________________________________________________
‎_________________________________________________________________________
‎_________________________________________________________________________
‎_________________________________________________________________________
Maslahatchi:

‎‎______________
‎( imzo )

__________________________________________
‎( F.I.O. )

20___-yil _____-_______________


* Ushbu tavsiyalar jadval shaklida bayon qilinib, unda loyiha matnining dastlabki tahriri hamda ekspertiza natijasida tavsiya etilayotgan tahrir aks ettirilishi lozim.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGI ALISHER NAVOIY NOMIDAGI TOSHKENT DAVLAT OʻZBEK TILI VA ADABIYOTI UNIVERSITETI HUZURIDAGI DAVLAT TILIDA ISH YURITISH ASOSLARINI OʻQITISH VA MALAKA OSHIRISH MARKAZI

100100, Toshkent sh., Yakkasaroy t., Yusuf Xos Hojib koʻchasi, 103-uy. tel.: (99871) 281-45-67, Veb-sayt: www.dtrm.uz, azimov@navoiy-uni.uz, I.M.Azimov@exat.uz

________________________________________________________________
2021-yil __________________-sonToshkent sh.‎‎
‎‎

NORMATIV-HUQUQIY HUJJAT LOYIHASINING
‎LINGVISTIK EKSPERTIZA
‎XULOSASI
____________-son

1. Normativ-huquqiy hujjat loyihasining turi: ________________________________________
‎__________________________________________________________________________
2. Normativ-huquqiy hujjat loyihasining nomi: ______________________________________
‎__________________________________________________________________________
3. Lingvistik ekspertizani oʻtkazuvchi: _____________________________________________
‎_________________________________________________________________________
4. Lingvistik ekspertiza oʻtkazilgan sana: ___________________________________________
5. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi matnida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, tegishli tuzatishlar kiritish, matnni qisqartirish, qayta ishlash boʻyicha aniq tavsiyalar koʻrsatiladi:*
‎______________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
‎‎Markaz rahbari:‎‎


‎m/oʻ‎‎‎

_____________
‎( imzo ) ‎‎

_____________________ ( F.I.O. )

‎‎20___-yil _____ — _________

‎‎Mutaxassis:

_____________ ‎( imzo ) ‎‎

_____________________ ( F.I.O. )

‎‎20___-yil _____ — _________

* Ushbu tavsiyalar jadval shaklida bayon qilinib, unda loyiha matnining dastlabki tahriri hamda ekspertiza natijasida tavsiya etilayotgan tahrir aks ettirilishi lozim.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-oktabrdagi 662-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 20-yanvardagi 34-son qarorida:
a) 3-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda davlat tilini rivojlantirishga oid qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonida faol ishtirok etish, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish”;
b) ilovaning 4-bandi beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda davlat tilini rivojlantirishga oid qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonida faol ishtirok etish, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 3-martdagi 117-son qarori 3-bandi quyidagi mazmundagi oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.10.2021-y., 09/21/662/1001-son; 07.08.2026-y., 09/26/437/0828-son)