toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 27.09.2002
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON DAVLAT KOINOTNI TADQIQ ETISh AGENTLIGI MASALALARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-sentabrdagi 334-son “Kosmik tadqiqotlarni tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koinot olamini tadqiq etish va undan foydalanish tuzilmalari to‘g‘risida” 1992-yil 11-dekabrdagi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston davlat koinotini tadqiq etish (“O‘zbekkoinot”) agentligi markaziy apparatining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston davlat koinotni tadqiq etish agentligi boshqaruvining markaziy apparati xodimlari soni (xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari) tegishli ish haqi fondi bilan 20 kishidan iborat qilib belgilansin. O‘zbekiston davlat koinotni tadqiq etish agentligiga bosh direktorning bir nafar o‘rinbosari, 5 kishidan iborat hay’at bo‘lishiga ruxsat etilsin.
2. O‘zbekiston davlat koinotni tadqiq etish agentligi to‘g‘risidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar agentlikning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari qilib belgilansin:
davlatning koinotni tadqiqot etish sohasidagi siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirish;
fundamental fanlarni rivojlantirish manfaatlarini ko‘zlab Yerni, koinot olamini, boshqa sayyoralarni va Quyoshni tadqiq etish:
Koinot texnikasi va texnologiyasi yutuqlarini xalq xo‘jaligi, fan va ta’limning turli sohalariga joriy etish;
koinotni tadqiq etish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, koinot-tijorat faoliyatini rivojlantirish;
koinot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash.
3. O‘zbekiston davlat koinotni tadqiq etish agentligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar, korxonalar hamda muassasalar maqomi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 21-iyuldagi 337-son qaroriga muvofiq ilmiy-tadqiqot va ilmiy-ishlab chiqarish tashkilotlariga, bu tashkilotlar, korxonalar va muassasalarining xodimlari va Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 8-oktabrdagi 465-son qaroriga muvofiq fan sohasining imtiyozli xodimlari bilan tenglashtirilsin.
O‘zbekiston davlat koinotni tadqiq etish agentligining bosh direktoriga moddiy ta’minot, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatishning O‘zbekiston Respublikasi vazirlarining birinchi o‘rinbosarlari uchun, uning o‘rinbosariga esa vazirlarning o‘rinbosarlari uchun nazarda tutilgan shart-sharoitlar joriy etilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1993-yildan boshlab budjetda O‘zbekiston davlat koinotni tadqiq etish agentligi apparati xarajatlari uchun zarur miqdordagi mablag‘ni nazarda tutsin, shuningdek 2 ta yengil avtomashina xarajatlari uchun limit ajratsin.
Toshkent shahar yo‘lovchilar tashish transporti korxonalari davlat uyushmasi O‘zbekiston davlat koinotni tadqiq etish agentligiga xizmat ko‘rsatish uchun 2 ta yengil avtomobil ajratsin.
5. O‘zbekiston davlat koinotni tadqiq etish agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining koinotni tadqiq etish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi O‘zbekiston davlat koinotni tadqiq etish agentligini bir oy muddatda ikkita hukumat aloqasi telefoni bilan ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya bosh boshqarmasi “Gidrometpribor” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi (X. Asomov ko‘chasi, 4-uy) binosidan 1500 kvadrat metr hajmidagi xizmat joyini O‘zbekiston davlat koinotni tadqiq etish agentligi uchun ajratib bersin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 5-fevral,
59-son
Vazirlar Mahkamasining
1993-yil 5-fevraldagi
59-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston davlat koinotni tadqiq etish (“O‘zbekkoinot”) agentligi markaziy apparatining
TUZILMASI
Rahbariyat
Davlat dasturlarini tuzish va amalga oshirishni ta’minlash bo‘limi
Xalq xo‘jaligi va ilmiy-koinot tadqiqotlar bo‘limi
Kompleks tizimlar bo‘limi
Xalqaro hamkorlik, tashqi aloqalar va huquqiy masalalarni hal etish bo‘limi
Birinchi bo‘lim
Kadrlar bo‘limi
Izoh. Bo‘linmalarning soni ko‘payishi mumkin, shuningdek, xo‘jalik hisobi faoliyati hisobiga yangi bo‘linmalar tashkil etilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining
1993-yil 5-fevraldagi
59-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston davlat koinotni tadqiq etish (“O‘zbekkoinot”) agentligi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston davlat koinotni tadqiq etish (“O‘zbekkoinot”) agentligi (bundan keyin Agentlik deyiladi) koinotni tadqiq qilish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqadigan va amalga oshiradigan davlat boshqaruv organi hisoblanadi. Agentlik o‘z faoliyatini xo‘jalik hisobi, o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplari asosida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi budjetidan pul bilan ta’minlash hisobiga yuritadi.
2. Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining boshqa qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, koinotni tadqiq qilish sohasidagi xalqaro shartnomalarga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Agentlik o‘ziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Agentlik tarkibiga kiruvchi korxonalar va muassasalar oldida javob beradi.
4. Respublikaning koinot faoliyati masalalari bo‘yicha Agentlik tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning bajarilishi barcha respublika tashkilotlari, korxonalar va muassasalar uchun Agentlikka tegishli vakolat doirasida majburiy hisoblanadi.
5. Agentlik yuridik shaxs hisoblanadi, bank mussasalarida so‘mlarda va chet el valyutasida maxsus schyotlar ochadi. Tushumlar va sarflangan mablag‘larning hisobi so‘mlarda va chet el valyutasida alohida-alohida amalga oshiriladi. Agentlik korxonalarning egasi huquqi bilan ijara va qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslarda alohida mulkni tasarruf etadi, mustaqil balansga ega bo‘ladi, o‘z nomidan mulkiy huquqni olish va majburiyatli bo‘lish, sudda yoki xo‘jalik sudida da’vogar va javob beruvchi bo‘lishi mumkin. Agentlik qonun bo‘yicha undirib olinishi mumkin bo‘lgan o‘ziga tegishli mulklarga o‘z majburiyatlari bo‘yicha javob beradi. Davlat va uning idoralari Agentlik majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydilar, shuningdek Agentlik ham davlat va uning idoralarining majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
6. Agentlik shtamplarga, blankalarga va boshqa rekvizitlarga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va o‘z nomi o‘zbek va rus tillarida yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
Agentlik Toshkent shahar, X. Asomov ko‘chasidagi 4-uyda joylashgan.
Agentlik O‘zbekiston Respublikasida va uning tashqarisida o‘z korxonalari va tashkilotlarini, filiallari va bo‘limlarini, kichik korxonalarni belgilangan tartibda ta’sis etishi mumkin.
7. Agentlik tarkibiga kiruvchi tashkilotlar o‘z faoliyatlarini “O‘zbekiston Respublikasidagi korxonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikami Qonuniga, mazkur Nizomga va korxonalar va tashkilotlarning Agentlik tomonidan tasdiqlangan nizomlariga muvofiq amalga oshiradilar.
8. Agentlik tarkibiga kiruvchi, mustaqil balansda turuvchi tashkilotlar agentlikka bo‘ysunadilar, ularda Agentlik tashkil etilayotgan paytda o‘rnatilgan xo‘jalik aloqalarining barcha turlari saqlanib qoladi. Agentlikka, doimiy a’zolardan tashqari, uyushmaga qo‘shib olingan a’zolar ham kirishi mumkin.
II. Agentlikning maqsad va vazifalari
9. Xalq xo‘jaligi, fan va O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish manfaatlari yo‘lida koinot tadqiqotlarini rivojlantirish, quyidagi vazifalarni bajarish uchun mavjud ilmiy-texnik imkoniyatlardan va koinot tarmoqlarining infrastrukturalaridan samarali foydalanish Agentlik faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi:
koinotni tadqiq qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirish;
Agentlik tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning faoliyatiga rahbarlik qilish hamda muvofiqlashtirish;
koinot texnikasi va texnologiyasi yutuqlarini xalq xo‘jaligi, fan va ta’limning turli tarmoqlariga joriy qilish;
koinot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash;
boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi koinot aloqasining kompleks tizimini ishlab chiqish, tashkil etish va barpo etish;
samarali ekologik nazoratni, ob-havo ma’lumotlarini, ehtimol tutilgan tabiiy ofatlar to‘g‘risida ogohlantirishni koinotdan Yerni masofadan turib zond bilan tekshirish orqali tabiiy resurslarni tadqiq qilishni ta’minlash;
retranslatsiya va aloqaning mavjud va istiqboldagi tizimlaridan foydalanish asosida respublika xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarini keng axborotlashtirish va avtomatlashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining buyurtmalari bo‘yicha ishlarni amalga oshirish;
koinotni tadqiq qilish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va tijorat-koinot faoliyatini rivojlantirish;
respublikada kosmonavtika yutuqlarini va ulardan xalq xo‘jaligini turli sohalarida samarali foydalanish imkoniyatlarini ommalashtirish va targ‘ib qilish;
fundamental fanlarni rivojlantirish manfaatlarini ko‘zlab Yerni, koinot olamini, boshqa sayyoralarni va Quyoshni tadqiq etish;
koinot faoliyati sohasida boshqa davlatlarning tashkilotlari, korxonalari va muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish.
III. Agentlikning huquqlari
10. Agentlikka quyidagi huquqlar beriladi:
koinot texnikasi va boshqa texnikani (koinot apparatlari ham shu jumlaga kiradi), binolar va inshootlarni, boshqa mulklarni sotib olish, ijaraga olish, qurish, qayta qurish va foydalanish, patentlar va ruxsatnomalarni sotib olish;
koinotni tadqiq qilishning yillik ishlar dasturi asosida va qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi va boshqa davlatlarning vazirliklari, idoralari va tashkilotlari bilan ilmiy-tadqiqot ishlari, alohida konstruktorlik ishlarini o‘tkazish va texnikadan foydalanish bo‘yicha shartnomalar tuzish;
koinot olamidan foydalanish va tadqiqotlar o‘tkazish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro tashkilotlarda o‘z vakolati doirasida vakil bo‘lish;
tegishli masalalarni maslahatlashish, tayyorlash va ko‘rib chiqish uchun shartnoma asosida ekspertlarni jalb qilish, vaqtinchalik ijodiy jamoalar va ishchi guruhlar tuzish;
qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;
Agentlik xodimlarini belgilangan tartibda chet elga xizmat safariga yuborish va xorijiy mutaxassislarni qabul qilish;
Agentlikka yuklatilgan vazifalarni hal etish manfaatlarini ko‘zlab har xil xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan harbiy mutaxassislar koinot apparatlarini tashuvchi yuk raketalarni uchishga tayyorlash, uchirish ishlarini o‘tkazilayotganda Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining harbiy-koinot kuchlari bilan, uchib yurgan yo‘ldoshlarni boshqarish, koinot axborotlarini olish, ularga ishlov berish va iste’molchilarga yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzish;
koinot faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida respublika hududida uyushmalar va boshqa tijorat tuzilmalari tashkil etish;
respublika korxonalari va tashkilotlari tomonidan mustaqil davlatlar tashkilotlarining koinot mavzulari bo‘yicha buyurtmalari bo‘yicha bajariladigan ishlarni muvofiqlashtirish;
respublika idoralari, korxonalari, tashkilotlari, muassasalarining va xususiy shaxslarning koinot faoliyati tartibi va shartlarini belgilaydigan litsenziyalar berish va O‘zbekiston Respublikasining davlat direktiv hujjatlariga muvofiq respublika koinot loyihalarini amalga oshirish;
koinot mavzulari bo‘yicha tanlov ishlanmalarini tashkil etish, muqobil loyihalar va takliflarni ekspertiza qilish;
investitsiya mablag‘lari asosidagi ishlarni imtiyozli shartlarda o‘tkazish;
respublikada koinot texnikasini ishlab chiqish, yaratish, sinash va ishlatish hamda koinot faoliyatining xavfsizligini ta’minlash tartibini belgilovchi hujjatlarni tasdiqlash;
koinot olamidan foydalanish va tadqiq qilish Davlatlararo dasturiga kiritish uchun respublikada koinotni tadqiq qilish sohasidagi ishlar bo‘yicha takliflarni, shuningdek ushbu dasturni amalga oshirishda respublika qo‘shadigan ulush hajmlari bo‘yicha takliflarni tayyorlash va asoslash;
O‘zbekiston Respublikasining koinotni tadqiq qilish sohasidagi xalqaro hamkorligiga oid takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish, koinot faoliyati masalalari bo‘yicha muzokaralarda respublika manfaatlarini himoya qilish, Vazirlar Mahkamasining roziligi bilan kontraktlar, shartnomalar va bitimlar tuzish.
IV. Agentlikning boshqa davlatlarning koinot faoliyatini boshqarish idoralari bilan o‘zaro hamkorlik qilish prinsiplari
11. Agentlik quyidagi asosiy prinsiplarga amal qiladi:
O‘zbekiston Respublikasining davlat koinot siyosati xalq xo‘jaligi, fan, texnika manfaatlarini mudofaa qobiliyatini ta’minlashni, to‘plangan koinot potensialini saqlash va rivojlantirishni, xalqaro hamkorlik qilishni ko‘zlab quriladi;
boshqa davlatlar bilan koinot olamini tadbiq qilish va foydalanish bo‘yicha birgalikdagi faoliyat barcha tomonlarning manfaatlariga, shu jumladan davlatlarning umumiy xavfsizligi manfaatlariga javob beruvchi o‘zaro foydalilik negiziga asoslanadi;
ishlarni birgalikda o‘tkazishda yoki respublika hududidan tashqarida joylashgan koinot infrastruktura obyektlaridan foydalanishda respublikaning koinot dasturlari boshqa davlatlarning tegishli boshqaruv organlari bilan kelishib olinadi.
V. Agentlikning mol-mulki va mablag‘lari
12. Agentlikning mol-mulkini quyidagi manbalar hisobiga vujudga kelgan mablag‘lar tashkil etadi:
o‘ziga qarashli tashkilotlarning ilmiy-texnik ishlab chiqarish va ijtimoiy rivojlantirishning aniq dasturlari va muammolarini mablag‘ bilan ta’minlash uchun maqsadli badallari;
o‘ziga qarashli tashkilotlarning zaxira (sug‘urta) jamg‘armasini yaratish uchun maqsadli badallari. Jamg‘armaning ishlatilmay qolgan qoldiqlari keyingi yilga o‘tkaziladi va olib qo‘yilmaydi;
valyuta jamg‘armasi;
bank kreditlari;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ajratiladigan budjet mablag‘lari;
o‘z moliya xo‘jalik faoliyatidan tushgan daromadlar;
qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
13. Tashkilotlarning maqsadli badallari va to‘lovlari miqdorlari, ulardan foydalanish tartibi Agentlik hay’ati tomonidan belgilanadi.
14. Agentlik o‘ziga qarashli mulk va mablag‘dan tasarrufidagi tashkilotlar manfaatlari yo‘lida foydalanadi, ham respublikada, ham respublika tashqarisida har xil ko‘char va ko‘chmas mulkni qurishi, qayta qurishi, sotib olishi, ijaraga olishi va ijaraga berish, qonun bilan taqiqlanmagan boshqa xil harakatlarni sodir etishi mumkin.
15. Agentlikning mulki mustaqil balansda aks ettiriladi.
16. O‘ziga qarashli tashkilotlarning moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish kamida ikki yilda bir marta o‘tkaziladi.
VI . Agentlikni boshqarish
17. Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan bosh direktor boshchilik qiladi.
Bosh direktorning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan bir nafar o‘rinbosari bo‘ladi.
Bosh direktor Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, jamoa oldida turgan vazifalarning bajarilishini tashkil etadi, Agentlikning barcha bo‘linmalari va unga bo‘ysunadigan korxonalar va tashkilotlar uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar, farmoyishlar, yo‘riqnomalar chiqaradi.
Agentlikning bosh direktori:
ish haqi fondi doirasida xodimlar shtat jadvalini tasdiqlaydi;
xodimlarni va xorijiy mutaxassislarni amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Adliya vazirligi bilan kelishilgan nizomga muvofiq ular bilan tuzilgan shartnomalar asosida ishga qabul qiladi;
Agentlik xo‘jalik hisobidagi faoliyat hisobiga bo‘linmalarning sonini ko‘paytirishi, shuningdek Agentlikning yangi tarkibiy bo‘linmalarini tashkil etishi mumkin.
18. Respublikaning koinot faoliyatida yagona texnikaviy siyosatni yurgizish, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini hisobga olish bo‘yicha tavsiyanomalarni ishlab chiqish uchun Agentlikda rahbar xodimlardan, olimlardan, konstruktorlardan, Agentlik mutaxassislaridan va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar vakillaridan iborat idoralararo ilmiy-texnika kengashi tuziladi.
19. O‘zbekiston davlat koinotni tadqiq etish agentligining idoralararo ilmiy-texnika kengashi to‘g‘risidagi nizom va ushbu kengashining shaxsiy tarkibi Agentlik bosh direktorining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
20. Agentlikda bosh direktor hay’at raisi, lavozimi bo‘yicha uning o‘rinbosari va “O‘zbekkoinot”ning boshqa rahbar xodimlaridan ibora tarkibda hay’at tuziladi. Hay’at tarkibiga koinot tadqiqotlar bilan aloqador boshqa davlat boshqaruv idoralari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning vakillari ham kirishlari mumkin.
“O‘zbekiston” agentligining hay’at a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hay’at o‘z majlislarida Agentlik siyosatini, uning joriy va istiqboldagi vazifalarni belgilaydi, respublikada va chet elda O‘zbekkoinot tuzilmalarini rivojlantirish, moliyaviy-iqtisodiy faoliyatning ahvoli, kadrlar bilan ishlash masalalarini ko‘rib chiqadi, Agentlik bo‘linmalarining, shuningdek Agentlikka bo‘ysunuvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning hisobotlarini eshitadi.
Hay’at, odatda, Agentlik bosh direktorining buyruqlari bilan hayotga joriy etiladigan qarorlar qabul qiladi.
21. Agentlikning markaziy apparati:
Hukumatning, Agentlik hay’atining, idoralararo ilmiy-texnika kengashining qarorlari bajarilishini ta’minlaydi;
Agentlik faoliyatiga taalluqli barcha masalalarni oldindan ishlab chiqishni amalga oshiradi;
Agentlik faoliyatining istiqbollarini, dasturlarini va rejalarini ishlab chiqishni olib boradi;
Agentlik nomidan bank kreditlarini olish to‘g‘risida qaror tayyorlaydi;
Keyinchalik Agentlik hay’ati tomonidan tasdiqlanadigan zaxira fondidan Agentlikning korxonalari va muassasalariga moddiy va texnikaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida qaror tayyorlaydi;
boshqaruvni va Agentlikning tashkiliy tuzilmalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi va ularni tasdiqlash uchun Agentlik hay’atiga kiritadi.
Agentlikning yangi a’zolarini qabul qilish to‘g‘risida asoslangan qaror tayyorlaydi, bu masala keyinchalik Agentlik hay’atida tasdiqlanadi.
VII. Hisobot va nazorat
22. Agentlik o‘ziga qarashli tashkilotlardan Agentlik funksiyalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan tezkor ma’lumotlar va faoliyati to‘g‘risida davriy hisobotlar olib turadi, Agentlikka qarashli tashkilotlar belgilangan statistika hisobotlarini taqdim etadilar.
23. Agentlik belgilangan tartibda tezkor buxgalteriya va statistika hisobini yuritadi, tasdiqlangan shakllar bo‘yicha va belgilangan muddatlarda ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyatining barcha turlariga oid hisobot tayyorlaydi va Vazirlar Mahkamasiga hamda tegishli idoralarga taqdim etadi, hisobotlar va balanslarning ishonchliligini ta’minlaydi.
Agentlik amalda qonun hujjatlariga qat’iy rioya etilishini ta’minlaydi.
VIII . Agentlik faoliyatini to‘xtatish va uni qayta tashkil etish
24. Agentlik faoliyatini to‘xtatish yoki uni qayta tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.