toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.09.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
FAN SOHASI XODIMLARIGA IMTIYOZLAR BERISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fan sohasi xodimlariga imtiyozlar toʻgʻrisida” 1992-yil 8-oktabrdagi Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklari va idoralar:
joriy yilning oxirigacha fan sohasi xodimlariga va mutaxassislarning ularga tenglashtirilgan baʼzi toifalariga (1-ilova), shuningdek fan sohasida kamida 10 yil ish stajiga ega boʻlgan pensionerlarga ular yashab turgan davlat va idoralarga qarashli uylar va kvartiralarni belgilangan tartibda bepul shaxsiy mulk qilib bersinlar;
xodimlarning yuqorida qayd qilib oʻtilgan toifalariga birinchi navbatda yer uchastkalari ajratilishini hamda “Oʻzbeksavdo” uyushmasi va Oʻzbekbirlashuv boʻlinmalari bilan birgalikda yakka tartibdagi qurilish uchun binokorlik materiallari ajratilishini taʼminlasinlar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish qoʻmitasi Fanlar akademiyasi, tarmoq akademiyalari, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddat ichida fan sohasining 1, 2-ilovalarda qayd etilgan xodimlariga uy-joyni berish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Ijtimoiy masalalar, fan va taʼlim majmuiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 8-oktabr,
465-son
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 8-oktabrdagi 465-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fan sohasi xodimlariga imtiyozlar toʻgʻrisida” 1992-yil 8-oktabrdagi Farmonining amal qilishi xodimlariga tatbiq etiladigan fanlar akademiyalari, vazirliklar va idoralar
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi
Oliy attestatsiya komissiyasi
Fan va texnika davlat qoʻmitasi
Budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik tashkilotlari boʻlgan vazirliklar, idoralar, konsernlar, hokimliklar.
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 8-oktabrdagi 465-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fan sohasi xodimlariga imtiyozlar toʻgʻrisida” 1992-yil 8-oktabrdagi Farmonida nazarda tutilgan imtiyozlar beriladigan fan sohasi xodimlarining lavozimlari
ROʻYXATI
Ilmiy-tadqiqot muassasasi, tashkiloti va konstruktorlik boʻlinmasi rahbari (direktor, direktor oʻrinbosari, ilmiy kotib), tarkibiy boʻlinma (boshqarma, boʻlim, boʻlinma, laboratoriya, shuʼba) mudiri.
Ilmiy-tadqiqot institutlari, ularning filiallari va boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy xodimlari (bosh ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, ilmiy xodim, kichik ilmiy xodim, stajor-tadqiqotchi), doktorantlar, aspirantlar, ilmiy va ilmiy-yordamchi tashkilotlarning mutaxassislari va xizmatchilari.
Fanlar akademiyasi Rayosati, Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi, OAK, FTDQ boshqaruv apparatining asosiy vazifasi ilmiy-tashkiliy faoliyat hisoblangan xodimlari.