1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.06.00.00 Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va burchlari / 01.06.04.00 Asosiy (Konstitutsiyaviy) ijtimoiy-iqtisodiy huquq va erkinliklar / 01.06.04.02 Mehnat qilish, ishni erkin tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va ishsizlikdan himoyalanish huquqi]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mahallabay ishlash markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-apreldagi 195-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Samarqand viloyatida eksperiment tariqasida mahallabay ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 6-maydagi PQ-5105-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, aholi bandligini taʼminlash, yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga koʻmaklashish, aholi va tadbirkorlarning muammolarini aniqlash hamda samarali hal etish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Samarqand viloyatida eksperiment tariqasida mahallabay ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 6-maydagi PQ-5105-son qaroriga muvofiq 2021-yil 1-iyundan boshlab Samarqand viloyatining tumanlari (shaharlari) hokimliklari tuzilmasida tuman (shahar) hokimligi taʼsischiligida davlat muassasasi shaklida Mahallabay ishlash markazlari (keyingi oʻrinlarda — Markazlar) tashkil etilganligi hamda ularning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Mahallabay ishlash markazi” davlat muassasasining namunaviy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Mahallabay ishlash markazining namunaviy ustavi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Markazlarning aholi bandligini taʼminlash orqali kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish, aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish hamda ularning tadbirkorlik tashabbusini qoʻllab-quvvatlash, mahalladagi infratuzilma bilan bogʻliq muammolarni hal etish va boshqa sohalardagi asosiy vazifalari;
Markazlar faoliyatini tashkil etish, shu jumladan, ularning faoliyatiga rahbarlik qilish, Markazlar direktori va xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish, shuningdek, Markazlar faoliyatini rejalashtirish hamda ularning faoliyatini moliyalashtirish tartibi.
4. Belgilansinki:
Markazlar xodimlariga tuman (shahar) iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish boʻlimlari xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladigan mehnatga haq toʻlash shartlari, shu jumladan, mehnatga haq toʻlashning Yagona tarif setkasi boʻyicha razryadlar tatbiq etiladi;
Markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish va samarali tashkil etishga tumanlar (shaharlar) hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari shaxsan masʼul hisoblanadi.
5. Samarqand viloyatining tumanlari (shaharlari) hokimliklari bir oy muddatda ushbu qarorda nazarda tutilgan talablar asosida oʻz muassisligidagi Markazlarning tuzilmasi va ustavini tasdiqlasin hamda uning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Samarqand viloyati hokimi E.O. Turdimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 29-iyun,
398-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-iyundagi 398-son qaroriga 1-ILOVA
“Mahallabay ishlash markazi” davlat muassasasining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Direktor
Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻlimi
2
Mahallalarda infratuzilmani rivojlantirish boʻlimi
2
Aholi bandligini taʼminlash boʻlimi
2
Aholini kasb-hunarga va tadbirkorlikka oʻqitish boʻlimi
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 9 nafar.
* tuman (shahar)lardagi mahalla fuqarolar yigʻini sonidan kelib chiqib, har 3 ta mahalla fuqarolar yigʻiniga 1 nafardan inspektor biriktiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-iyundagi 398-son qaroriga 2-ILOVA
Mahallabay ishlash markazining
NAMUNAVIY USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy ustav Mahallabay ishlash markazining (keyingi oʻrinlarda — Markaz) maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlarini, shuningdek, uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Markaz tuman (shahar) hokimligi tomonidan tashkil etiladigan davlat muassasasi hisoblanadi.
3. Markaz faoliyati tuman (shahar) hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
4. Markaz oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga hamda ushbu Namunaviy ustavga muvofiq amalga oshiradi.
5. Markaz faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
6. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shtampga, davlat namunasidagi blankalarga, shu jumladan, oʻziga yuklangan majburiyatlarni bajaradigan hamda sud, arbitraj organlarida daʼvogar va javobgar boʻladigan davlat muassasasi hisoblanadi.
7. Markazning rasmiy nomlanishi:
toʻliq nomi — “Samarqand viloyatining __________ tumani (shahar) hokimligi Mahallabay ishlash markazi”;
qisqartirilgan nomi — “__________ tumani (shahar) Mahallabay ishlash markazi”.
8. Markazning joylashgan joyi (pochta manzili): viloyati, _______ tumani (shahri), ____- mavze, koʻcha nomi, — “___”- uy ___________.
9. Markaz oʻz faoliyatini tuman (shahar) hokimligi tarkibiy boʻlinmalari, mahalla fuqarolar yigʻinlari hamda davlat organlari va tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
2-bob. Markazning asosiy maqsadi va vazifalari
10. Markazning asosiy maqsadi:
mahallabay ishlash asosida aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka va oʻzini oʻzi band qilib ishlash faoliyatiga jalb qilish;
mahallalarning “oʻsish nuqtalari”ni (ixtisoslashuv yoʻnalishlarini) aniqlash va yangi tadbirkorlikni, shu jumladan, “drayver” loyihalarni amalga oshirishda tashabbuskorlarga koʻmaklashish va shu orqali har bir mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy oʻsishini taʼminlash;
mahalla pasportidagi mezonlar asosida “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlarga ajratgan holda barcha mahallalarni “yashil” hududga oʻtkazish;
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalar, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning muammolarini oʻrganib, ularga aniq yoʻnalishlar (kasb-hunarga oʻqitish, ish bilan taʼminlash, tadbirkorlikka jalb etish, moddiy yordam berish) boʻyicha manzilli koʻmaklashish;
Vazirlar Mahkamasining “Mahallabay” ishlash tizimini amaliyotga joriy etish va aholining tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 19-martdagi 152-son qarorida nazarda tutilgan asosiy yoʻnalishlarni samarali amalga oshirishdan iborat.
11. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari hisoblanadi:
aholi bandligini taʼminlash va doimiy daromad manbaini yaratish orqali kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrish;
mahallabay ishlash asosida tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga koʻmaklashish hamda aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish;
tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan fuqarolarga, shu jumladan, ayollar va yoshlarga kredit hamda subsidiyalar olishda koʻmaklashish;
tadbirkorlik, hunarmandchilik qilish istagini bildirgan fuqarolarga zamonaviy asbob-uskunalar va mini-texnologiyalar topishga koʻmaklashish;
mahalladagi mavjud infratuzilma bilan bogʻliq muammolarni hal etish choralarini koʻrish hamda xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish va malaka oshirish istagini bildirgan fuqarolar bilan ishlash.
3-bob. Markazning huquqlari va majburiyatlari
12. Markaz oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
oʻz vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilish uchun tuman (shahar)lar hokimligining tarkibiy boʻlinmalari, mahalla fuqarolar yigʻinlari, davlat hamda nodavlat tashkilotlaridan belgilangan tartibda maʼlumot soʻrash va olish;
oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, boshqa hujjatlarni ishlab chiqib, tuman (shahar) hokimligiga belgilangan tartibda kiritish;
faoliyatiga doir ijtimoiy reklama mahsulotlarini buyurtma qilish, shuningdek, ularni davlat ommaviy axborot vositalarida, stendlarda, bannerlarda va aholi keng tanishishi mumkin boʻlgan boshqa usullarda bepul joylashtirish;
Internet jahon axborot tarmogʻida va ijtimoiy tarmoqlarda belgilangan tartibda rasmiy veb-saytlar yaratish;
korrupsiya va boshqa suiisteʼmolliklarning oldini olish va ularga yoʻl qoʻymaslik, xodimning shaxsiy va ishchanlik xususiyatlarini, faoliyati samaradorligini muntazam oʻrganish, shuningdek, malakaga va Markaz faoliyatining yoʻnalishlarida ishlash tajribasiga ega boʻlgan kadrlar zaxirasini shakllantirish;
oʻz vakolati doirasida seminarlar, koʻrgazmalar, yarmarkalar oʻtkazish, shuningdek, boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan shunday tadbirlarda ishtirok etish;
oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan uslubiy materiallar va tavsiyalar ishlab chiqish;
oʻziga yuklangan vazifalar va faoliyat yoʻnalishlarining bajarilishi bilan bogʻliq boʻlgan hamda tezkor hal etishni talab qiladigan masalalar yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritish.
Markaz qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. Markaz:
tuman (shahar) hokimligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan tegishli hujjatlar bilan unga yuklangan vazifalarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlashi;
tuman (shahar) hokimi qarorlari ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlashi;
Markaz faoliyatidagi kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etishi, tegishli yoʻnalishlar boʻyicha vazifalarning sifatli bajarilishini taʼminlashi;
oʻz faoliyatiga doir zarur boʻlgan axborot va tahliliy maʼlumotlarni shakllantirishi lozim.
Markaz oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javobgar hisoblanadi.
4-bob. Markaz faoliyatini tashkil etish
14. Markaz faoliyatiga direktor rahbarlik qiladi.
Markaz direktori viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari bilan kelishgan holda tuman (shahar) hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Markaz xodimlari va inspektorlari tuman (shahar) hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari bilan kelishgan holda Markaz direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
15. Markaz faoliyati direktor tomonidan boshqariladi.
Direktor:
Markaz faoliyatini yuritishga shaxsan javob beradi;
tuman (shahar) hokimligining tarkibiy boʻlinmalari, mahalla fuqarolar yigʻinlari hamda davlat organlari va tashkilotlari bilan munosabatlarda Markaz nomidan ish yuritadi;
mahallalar kesimida toʻplangan muammo va murojaatlarni muvofiqlashtirib, ularni hal etishda tuman (shahar) hokimining tegishli oʻrinbosarlari bilan hamkorlikda ishlarni tashkil etadi;
Markaz xodimlari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish choralarini koʻradi;
oʻz vakolati doirasida xodimlar tomonidan ijro etilishi shart boʻlgan tegishli koʻrsatmalar beradi;
oʻz vakolati doirasida boshqa funksiyalarni bajaradi.
Direktor amalga oshirilgan ishlar natijadorligi yuzasidan har chorakda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashida hisobot berib boradi.
16. Markaz xodimlarining ish haqi, samarali faoliyati uchun ularni ragʻbatlantirish miqdori va ish haqiga ustamalar qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
17. Markazga buxgalteriya va yuridik xizmatlar tuman (shahar) hokimligining buxgalteriya boʻlimi va bosh yuriskonsulti tomonidan koʻrsatiladi.
18. Markazning ustavi ushbu Namunaviy ustav asosida tuman (shahar) hokimining tegishli qarori bilan tasdiqlanadi.
19. Markaz (yillik, choraklik) ish rejasi va Markaz direktorining shaxsiy ish rejasi tegishli tuman (shahar) hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
20. Markaz boʻlimlari rahbarlari va xodimlarining ish rejasi tuman (shahar) hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari bilan kelishilgan holda Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda boʻlim rahbari va har bir xodimning ish rejasiga ijro intizomi masalasi boʻyicha alohida boʻlim kiritiladi.
21. Markaz tuzilmasiga muvofiq Markaz shtat jadvali tuman (shahar) hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Markaz faoliyatini qayta tashkil etish va tugatish
22. Markazlar faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda tuman (shahar) hokimligi tomonidan qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2021-y., 09/21/398/0613-son)