1.19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.07.00.00 Diplomatik va konsullik huquqi / 19.07.07.00 Konsullik vazifalari (pasport-viza ishlari, konsullik legalizatsiyasi) va yigʻimlar]
[TSZ:
1.Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar / Diplomatik va boshqa vakolatxonalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 17-yanvardagi OʻRQ-517-son Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Konsullik ustaviga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan fuqarolarga moliyaviy yordam koʻrsatish xarajatlarini:
2021-yilda Tashqi ishlar vazirligining asoslangan soʻroviga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarini moliyalashtirish parametrlariga qoʻshimcha mablagʻ ajratsin;
2022-yildan boshlab Tashqi ishlar vazirligining asoslangan soʻroviga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarini moliyalashtirish boʻyicha parametrlarida nazarda tutsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X. Kamilov va Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 12-aprel,
201-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-apreldagi 201-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan taqdirda, ularning Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib kelishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari (keyingi oʻrinlarda — xorijdagi muassasa) tomonidan moliyaviy yordam koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-martdagi 206-son qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy davlatlar hududida favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda hamda 2018-yil 12-sentabrdagi 725-son qarori bilan tasdiqlangan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
konsullik okrugi — konsullik funksiyalarini bajarish uchun xorijdagi muassasa ish olib boradigan hudud boʻlib, u bir nechta davlat hududini oʻz ichiga olishi mumkin;
konsullik mansabdor shaxsi — konsullik muassasasining rahbari, shuningdek, diplomatik vakolatxona konsullik boʻlimining mudiri yoki konsullik vazifalarini bajarish vakolati topshirilgan diplomatik vakolatxona diplomatik xodimlaridan biri;
yashash uchun mablagʻlar — hayot uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, turar joy va birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini olish uchun ajratiladigan mablagʻlar;
transport xarajatlari — moliyaviy yordam koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib kelishini taʼminlash maqsadida havo, temir yoʻl transporti chiptalarini sotib olish yoki avtotransport xizmatlarini toʻlash uchun ajratiladigan xarajatlar;
taʼminotchi — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan xorijiy davlat hududida hayot uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, turar joy va transport chiptasini sotib olishni taklif etuvchi yoki xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxs, shuningdek, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatuvchi tibbiyot tashkiloti.
3. Konsullik okrugi hududiga vaqtincha kirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan taqdirda, xorijdagi muassasaga moliyaviy yordam soʻrab murojaat qilishi mumkin.
4. Konsullik mansabdor shaxsi konsullik okrugi hududiga vaqtincha kirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yashash uchun mablagʻlarsiz qolib murojaat qilgan taqdirda:
mazkur fuqaroni yuborgan yoki taklif etgan shaxs yoxud tashkilotning ushbu fuqaro konsullik okrugi hududida boʻlishi bilan bogʻliq xarajatlar oʻrnini qoplashga doir majburiyatlari mavjudligini aniqlaydi va ularning bajarilishiga koʻmaklashadi;
mazkur fuqaroning oʻz oila aʼzolari, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan aloqa oʻrnatishiga koʻmaklashadi.
5. Agar ushbu Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan chora-tadbirlar yetarli boʻlmasa, konsullik mansabdor shaxsi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Tashqi ishlar vazirligi) bilan kelishuv asosida va ushbu Nizomga muvofiq mazkur fuqaroning Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib ketishini taʼminlash maqsadida shunday maqsadlar uchun maxsus ajratilgan mablagʻlar hisobiga va ularning doirasida moliyaviy yordam koʻrsatishga haqli.
Moliyaviy yordam xorijiy valyutada ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan meʼyorlarga muvofiq koʻrsatiladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam koʻrsatish mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi va uni qaytarish shartlari
7. Moliyaviy yordam olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi xorijdagi muassasaga quyidagi hujjatlar bilan murojaat qiladi:
a) xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolganlik sabablari aniq bayon etilgan ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha xorijdagi muassasaning rahbari nomiga ariza (oʻzi, agar mavjud boʻlsa xotini (eri), voyaga yetmagan farzandlari, shuningdek, uning qonuniy vakilligi ostidagi boshqa Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari koʻrsatiladi);
b) ushbu fuqaroning shaxsini va Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligini tasdiqlovchi hujjat yoki Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlari tomonidan berilgan boshqa rasmiy hujjat;
v) xotini (eri) va farzandlari oʻrtasidagi qarindoshligini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek, uning kuzatuvidagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga boʻlgan qonuniy vakillikni tasdiqlovchi hujjat (agar mavjud boʻlsa);
g) moliyaviy yordam soʻrab murojaat qilish holatiga aloqador xorijiy davlat hududidagi vakolatli organlar va muassasalar tomonidan berilgan rasmiy hujjat (agar mavjud boʻlsa).
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining shaxsini va Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligini tasdiqlovchi hujjatlar yoʻqotib qoʻyilgan boʻlsa yoki bunday hujjat mavjud boʻlmasa, moliyaviy yordam berish boʻyicha ariza uning shaxsi va Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi tasdiqlangandan soʻng qabul qilinadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining arizasi xorijdagi muassasada bir ish kuni ichida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi arizasini oʻrganish vaqtida konsullik mansabdor shaxsi:
arizada keltirilgan asoslarning toʻgʻriligini vakolati doirasida tekshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijiy davlat hududida boʻlish sharoitlarini aniqlaydi (safar maqsadi, viza mavjudligi, yashash sharoitlari, sugʻurta polisi va boshqalar);
zarurat tugʻilganda, holatga aloqador hujjatlarni (shu jumladan, elektron va faksimil shakldagi) talab qiladi.
9. Konsullik mansabdor shaxsi fuqaro tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganish asosida bir ish kuni mobaynida moliyaviy yordam koʻrsatish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi va zarur hujjatlar bilan birgalikda uni Tashqi ishlar vazirligiga tasdiqlash uchun yuboradi (shu jumladan, elektron va faksimil shakllarda).
Tashqi ishlar vazirligi fuqaroga moliyaviy yordam koʻrsatish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi hujjatlarni va konsullik mansabdor shaxsining xulosasini koʻrib chiqib, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan kelishgan holda bir ish kuni mobaynida konsullik muassasasiga moliyaviy yordam koʻrsatish yoki rad etish toʻgʻrisida xat yuboradi (shu jumladan, elektron va faksimil shakllarda).
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining moliyaviy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi arizasini koʻrib chiqish va kelishish tartib-taomillari konsullik mansabdor shaxsi tomonidan zarur boʻlgan hujjatlar qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining moliyaviy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi arizasi ijobiy koʻrib chiqilganidan soʻng bir ish kunida konsullik muassasasi va fuqaro oʻrtasida ushbu Nizomga 4-ilovaga asosan notarial tasdiqlangan bitimga tenglashtirilgan qarz shartnomasi tuziladi, unga koʻra, xorijdagi muassasadan moliyaviy yordam olgan shaxs ushbu mablagʻlarning oʻrnini moliyaviy yordamni olgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun muddatda qoplash majburiyatini oladi.
11. Xorijdagi muassasa tomonidan koʻrsatilgan moliyaviy yordam summasi:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida qaytarilgan taqdirda, tuzilgan qarz shartnomasida koʻrsatib oʻtilgan Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti “boshqa daromadlar turlariga kirim qilish” gʻazna hisobvaragʻiga;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida qaytarilganda, qarz shartnomasida koʻrsatib oʻtilgan xorijdagi muassasaning kassasiga (hisobvaragʻiga) qaytariladi.
Xorijdagi muassasaning kassasiga (hisobvaragʻiga) mablagʻlar qaytarilganida, xorijdagi muassasa xarajatlar smetasining tegishli xarajat moddasi boʻyicha kassa xarajatlari kelib tushgan summa miqdoriga kamayadi.
12. Xorijdagi muassasa tomonidan koʻrsatilgan moliyaviy yordam summasi belgilangan muddat ichida qaytarilmagan taqdirda, konsullik mansabdor shaxsi Tashqi ishlar vazirligiga ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq ijro xati yuboradi.
Ijro xati Tashqi ishlar vazirligi tomonidan belgilangan tartibda qarzdorlikni majburiy undirish uchun qarzdorning yashash joyi yoki ish joyi yoxud uning mol-mulki turgan joydagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) boʻlimiga yuboriladi. Ijro xati Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining ijro hujjatlari yuzasidan qarzdorlikni undirish masalalari boʻyicha yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali ham yuborilishi mumkin.
13. Moliyaviy yordam koʻrsatish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi konsullik okrugi hududiga qonunga xilof ravishda kirgan boʻlsa;
xorijdagi muassasa joylashgan davlat sudining (vakolatli organining) bajarilmagan shartnoma majburiyatlari mavjudligi yoki boshqa asoslar munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining chiqib ketishini taqiqlash toʻgʻrisidagi qarori mavjud boʻlsa;
moliyaviy yordam koʻrsatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan holatlar yashirilgan yoki bila turib yolgʻon maʼlumotlar taqdim etilgan boʻlsa;
ilgari olingan mablagʻlarning oʻrnini qoplash boʻyicha bajarilmagan majburiyatlar mavjud boʻlgan taqdirda.
Konsullik mansabdor shaxsi tomonidan ushbu bandning ikkinchi — oltinchi xatboshilarida koʻrsatilgan holatlar mavjudligini tekshirish, arizani koʻrib chiqish va kelishish tartib-taomillari bilan bir paytda, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining moliyaviy yordam soʻrab yozgan arizasi qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
Moliyaviy yordam koʻrsatish rad qilingan holatlarda konsullik mansabdor shaxsi ariza qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida ariza beruvchiga rad etishning asoslangan sabablarini koʻrsatgan holda xabarnoma yuboradi (shu jumladan, elektron va faksimil shakllarda).
Ushbu bandda koʻrsatilmagan boshqa holatlarni vaj qilgan holda yordam koʻrsatishni rad etish taqiqlanadi.
14. Konsullik mansabdor shaxsi xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Oʻzbekistonga qaytarish uchun homiy mablagʻlaridan foydalanishi mumkin.
15. Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi muassasa xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan hamda moliyaviy yordam koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining hisobini yuritadi.
3-bob. Moliyaviy yordam koʻrsatish uchun ajratilgan mablagʻlarning miqdori va manbalari
16. Moliyaviy yordam koʻrsatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi va uning Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan oila aʼzolarini (mavjud boʻlsa) Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib ketishini taʼminlashga qaratilgan.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
17. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga va uning Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan oila aʼzolariga (agar mavjud boʻlsa) moliyaviy yordam:
hayot uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini va kiyim-kechaklarni sotib olish uchun (Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib kelguniga qadar);
birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini olish uchun (Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib kelguniga qadar);
Oʻzbekiston Respublikasiga chiqib ketish uchun kutish vaqtida (eng kam stavka boʻyicha) turar joy uchun;
Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib kelish uchun transport chiptalari (havo, temir yoʻl, avtomobil yoʻli) sotib olish uchun koʻrsatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga toʻgʻridan toʻgʻri pul mablagʻlarini ajratish orqali moliyaviy yordam koʻrsatish taqiqlanadi.
18. Konsullik mansabdor shaxsi tomonidan mablagʻlar mazkur Nizomning 17-bandiga asosan hayot uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari, turar joy, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, kiyim-kechak va transport chiptasi sotib olish uchun toʻgʻridan toʻgʻri taʼminotchilarga toʻlanadi.
19. Xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga moliyaviy yordam qaytarib berish sharti bilan xorijdagi muassasalarni saqlash uchun ajratiladigan xarajatlar smetasining “47.21.900 — Pul shaklida boshqa ijtimoiy yordam nafaqalari” moddasida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan koʻrsatiladi.
20. Xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga konsullik harakatlarini amalga oshirganlik uchun konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmaydi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Konsullik ustavining 14-moddasiga muvofiq konsullik mansabdor shaxsining xatti-harakatlari (harakatsizligi) yoki qarorlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq konsullik muassasasining boshligʻiga, Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasasi joylashgan davlatdagi diplomatik vakolatxonasi boshligʻiga va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yoxud sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
22. Moliyaviy yordam koʻrsatilishi vaqtida fuqaroga suiisteʼmol qilish (bila turib notoʻgʻri maʼlumotga ega hujjatlar taqdim etish va konsullik muassasasiga bila turib moliyaviy ahvoli toʻgʻrisida notoʻgʻri maʼlumotlar va soxta hujjatlar taqdim etish) oqibatida yetkazilgan zararni qoplash majburiyati yuklatiladi.
23. Xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga moliyaviy yordam koʻrsatish ustidan nazorat Tashqi ishlar vazirligi, xorijdagi muassasalar va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
24. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan taqdirda, koʻrsatiladigan moliyaviy yordam
MEʼYORLARI
T/r
Konsullik okrugining nomi
Sarf-xarajatlar meʼyorlari (AQSh dollarida)
sutkalik yashash uchun mablagʻlar
transport xarajatlari
1.
Oʻzbekiston Respublikasining Avstriya Respublikasidagi Elchixonasi
100
800
2.
Oʻzbekiston Respublikasining Ozarbayjon Respublikasidagi Elchixonasi
50
400
3.
Oʻzbekiston Respublikasining Afgʻoniston Islom Respublikasidagi Elchixonasi
50
250
Oʻzbekiston Respublikasining Mozori-Sharif shahridagi konsulxonasi
50
100
4.
Oʻzbekiston Respublikasining Belarus Respublikasidagi Elchixonasi
65
500
5.
Oʻzbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligidagi Elchixonasi
150
1000
6.
Oʻzbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi Elchixonasi
100
800
7.
Oʻzbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi Elchixonasi
70
800
8.
Oʻzbekiston Respublikasining Ispaniya Qirolligidagi Elchixonasi
100
600
9.
Oʻzbekiston Respublikasining Italiya Respublikasidagi Elchixonasi
100
600
10.
Oʻzbekiston Respublikasining Isroil Davlatidagi Elchixonasi
100
600
11.
Oʻzbekiston Respublikasining Hindiston Respublikasidagi Elchixonasi
100
500
12.
Oʻzbekiston Respublikasining Indoneziya Respublikasidagi Elchixonasi
100
1000
13.
Oʻzbekiston Respublikasining Eron Islom Respublikasidagi Elchixonasi
70
400
14.
Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻiston Respublikasidagi Elchixonasi
50
100
Oʻzbekiston Respublikasining Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi
50
100
Oʻzbekiston Respublikasining Olma-ota shahridagi Bosh konsulxonasi
50
100
15.
Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi
100
600
Oʻzbekiston Respublikasining Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi
100
600
Oʻzbekiston Respublikasining Guandjou shahridagi Bosh konsulxonasi
100
700
16.
Oʻzbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Elchixonasi
100
500
17.
Oʻzbekiston Respublikasining Quvayt Davlatidagi Elchixonasi
100
1000
18.
Oʻzbekiston Respublikasining Qirgʻiziston Respublikasidagi Elchixonasi
50
100
19.
Oʻzbekiston Respublikasining Latviya Respublikasidagi Elchixonasi
100
600
20.
Oʻzbekiston Respublikasining Malayziya Respublikasidagi Elchixonasi
70
600
21.
Oʻzbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirligidagi Elchixonasi
125
300
Oʻzbekiston Respublikasining Dubay shahridagi Bosh konsulxonasi
125
300
22.
Oʻzbekiston Respublikasining Oʻmon Sultonligidagi Elchixonasi
70
600
23.
Oʻzbekiston Respublikasining Pokiston Islom Respublikasidagi Elchixonasi
70
500
24.
Oʻzbekiston Respublikasining Polsha Respublikasidagi Elchixonasi
100
800
25.
Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi
50
400
Oʻzbekiston Respublikasining Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi
50
400
Oʻzbekiston Respublikasining Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasi
50
400
Oʻzbekiston Respublikasining Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi
50
400
Oʻzbekiston Respublikasining Ekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi
50
400
Oʻzbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi
50
400
Oʻzbekiston Respublikasining Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi
50
800
26.
Oʻzbekiston Respublikasining Saudiya Arabistoni Podshohligi�agi Elchixonasi
100
600
Oʻzbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi
100
600
27.
Oʻzbekiston Respublikasining Singapur Respublikasidagi Elchixonasi
125
800
28.
Oʻzbekiston Respublikasining AQShdagi Elchixonasi
100
1000
Oʻzbekiston Respublikasining Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi
100
1000
29.
Oʻzbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi Elchixonasi
50
100
30.
Oʻzbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi Elchixonasi
100
400
Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi
100
400
31.
Oʻzbekiston Respublikasining Turkmanistondagi Elchixonasi
70
200
32.
Oʻzbekiston Respublikasining Ukrainadagi Elchixonasi
100
500
33.
Oʻzbekiston Respublikasining Fransiya Respublikasidagi Elchixonasi
100
650
34.
Oʻzbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi Elchixonasi
100
600
Oʻzbekiston Respublikasining Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi
100
600
35.
Oʻzbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Elchixonasi
150
1 000
36.
Oʻzbekiston Respublikasining Afina shahridagi Bosh konsulxonasi
100
600
37.
Oʻzbekiston Respublikasining Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi
70
600
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam koʻrsatish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Ijro muddatlari
1-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi
Moliyaviy yordam olish uchun arizani toʻldiradi va Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan hujjatlar bilan birga boʻlib turgan davlati hududidagi Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasiga yoki konsullik muassasasiga (xorijiy muassasasi) murojaat qiladi.
Zaruratga koʻra
2-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy muassasasi
1. Ariza va boshqa hujjatlarni qabul qiladi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi tomonidan arizada keltirilgan asoslar toʻgʻriligini tekshiradi, uning xorijiy davlat hududida boʻlish sharoitlarini aniqlaydi (safar maqsadi, viza mavjudligi, yashash sharoitlari va boshqalar) hamda zarurat tugʻilganda holatga aloqador hujjatlarni (shu jumladan, elektron va faksimil shakllarda) talab qiladi.
2. Fuqaro tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganish asosida moliyaviy yordam koʻrsatishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi va zarur hujjatlar bilan birgalikda uni Tashqi ishlar vazirligiga tasdiqlash uchun yuboradi (shu jumladan, elektron va faksimil shakllarda).
2 ish kuni mobaynida
3-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
1. Fuqaroga moliyaviy yordam koʻrsatishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi hujjatlarni va konsullik mansabdor shaxsining xulosasini koʻrib chiqadi.
2. Xorijiy muassasaga moliyaviy yordam koʻrsatish yoki rad etish toʻgʻrisida xat yuboradi (shu jumladan, elektron va faksimil shakllarda).
1 ish kuni mobaynida
4-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy muassasasi
1. Murojaat etgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi bilan notarial tasdiqlangan bitimga tenglashtirilgan qarz shartnomasini tuzadi. Oziq-ovqat mahsulotlari, turar joy, kiyim-kechak va transport xarajatlari uchun xarajatlar smetasi hisobidan xorijiy muassasalarni saqlash uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan taʼminotchilar (xizmat koʻrsatuvchilar)ga toʻlov oʻtkazadi.
2. Moliyaviy yordam olish uchun arizani koʻrib chiqish rad qilingan holatlarda konsullik mansabdor shaxsi ariza beruvchiga rad etish sabablarini koʻrsatgan holda xabarnoma yuboradi (shu jumladan, ele�tron va faksimil shakllarda).
1 ish kuni mobaynida
5-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi
1. Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti “boshqa daromadlar turlariga kirim qilish” gʻazna hisobvaragʻiga moliyaviy yordam mablagʻini qaytaradi.
2. Agar fuqaro Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida boʻlsa, qarz mablagʻi xorijiy muassasaning kassasiga (hisobvaragʻiga) belgilangan tartibda topshiriladi.
30 kun mobaynida
6-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy muassasasi va Tashqi ishlar vazirligi
1. Xorijiy muassasa tomonidan koʻrsatilgan moliyaviy yordam summasi belgilangan muddat ichida qaytarilmagan taqdirda, konsullik mansabdor shaxsi Tashqi ishlar vazirligiga ijro xati yuboradi.
2. Ijro xati Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qarzdorlikni majburiy undirish uchun qarzdor yashash joyi yoki ish joyi yoxud uning mol-mulki turgan joydagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) boʻlimiga yuboriladi. Ijro xati Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining ijro hujjatlari yuzasidan qarzdorlikni undirish masalalari boʻyicha yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali yuborilishi mumkin.
Moliyaviy yordam koʻrsatilgan kundan 30 kun oʻtgach
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Keyingi oʻrinlarda “Qarz beruvchi” deb ataladigan _________________________________________________
(xorijiy davlat nomi)
dagi Oʻzbekiston Respublikasi xorijiy muassasasi nomidan_________________________ asosida ish koʻruvchi
(patent, kollegiya qarorlari, buyruq va h.k.)
_________________________________________________bir tomondan, va keyingi oʻrinlarda “Qarz
(Konsullikning mansabdor shaxsining F.I.O. va lavozimi)
oluvchi” deb ataladigan __________________________________________ Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi,
(fuqaroning F.I.O.)
pasport seriyasi ___ raqami _______, __ _______ _____ yilda _______________________________________ tomonidan berilgan, “___” ________ _____ yilda tugʻilgan, ish joyi _________________________, ikkinchi tomondan, birgalikda shartnomaning taraflari deb nomlanadilar, Oʻzbekiston Respublikasi Konsullik ustavining 20-moddasiga asosan quyidagilar toʻgʻrisida mazkur shartnomani tuzdilar:
1. ShARTNOMA PREDMETI
1.1. Qarz beruvchi Qarz oluvchiga umumiy _______________ (_________________________________________) miqdorida pul mablagʻini qarzga beradi, Qarz oluvchi esa oʻz zimmasiga mazkur shartnomaning shartlariga muvofiq mazkur mablagʻni oʻz vaqtida qaytarish majburiyatini oladi. 1.2. Qarz summasi Qarz oluvchi va uning oila aʼzolariga (agar mavjud boʻlsa) quyidagilar uchun beriladi: hayot uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini va kiyim-kechaklarni sotib olish uchun (Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib kelguniga qadar); birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini olish uchun (Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib kelguniga qadar); Oʻzbekiston Respublikasiga chiqib ketish uchun kutish vaqtida (eng kam stavka boʻyicha) turar joy uchun; Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib kelish uchun transport chiptalari (havo, temir yoʻl) sotib olish yoki avtotransport xizmatlarini toʻlash uchun.
2. KELIShUV JARAYoNI
2.1. Qarz oluvchining moliyaviy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi arizasi ijobiy koʻrib chiqilganidan soʻng bir ish kunida Qarz beruvchi mazkur shartnomaning 1.2-bandiga asosan Qarz oluvchiga oziq-ovqat mahsulotlari, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, turar joy, kiyim-kechak va transport chiptasi sotib olib berish uchun mablagʻlarni toʻgʻridan toʻgʻri taʼminotchilarga toʻlash yoʻli bilan amalga oshiradi. Moliyaviy yordam Qarz oluvchiga toʻgʻridan toʻgʻri pul mablagʻlarini ajratish orqali amalga oshirilmaydi. 2.2. Qarz summasi berilgan vaqtdan eʼtiboran 30 (oʻttiz) kun muddatga taqdim etiladi va ushbu muddat davomida Qarz oluvchi tomonidan qaytarilishi kerak. 2.3. Qarz summasi Qarz oluvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti “boshqa daromadlar turlariga kirim qilish” gʻazna hisobvaragʻiga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlov kunidagi kursi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida mablagʻ kiritish yoʻli bilan qaytariladi. 2.4. Agar Qarz oluvchi Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida boʻlsa, qarz mablagʻi xorijdagi muassasaning kassasiga (hisobvaragʻiga) qarz summasi olingan valyutada qaytariladi.
3. TARAFLAR JAVOBGARLIGI
3.1. Ushbu Shartnomaning majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun taraflar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga v� ushbu Shartnomaning shartlariga muvofiq javob beradilar. 3.2. Agar qarz summasi belgilangan muddat ichida qaytarilmagan taqdirda, konsullikning mansabdor shaxsi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida ijro xati yuboradi, ijro xati boʻyicha qarzdorlikni undirish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda soʻzsiz amalga oshiriladi. 3.3. Konsullikning mansabdor shaxsi ijro xati boʻyicha qarzdorlikni majburiy undirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan amalga oshiriladi.
4. FORS-MAJOR
4.1. Taraflarning birontasi ham boshqa tarafning oldida ushbu Shartnoma boʻyicha qolgan majburiyatlarni taraflarning erki va istagidan tashqari paydo boʻlgan va ularni oldindan koʻra bilish yoki bartaraf etish mumkin boʻlmagan quyidagi holatlarda majburiyatlardan ozod qilinadi: hukumat tomonidan taqiqlanish, fuqarolik tartibsizliklari, yuqumli kasalliklarning keng tarqalishi, qamal holati, eksport yoki import operatsiyalarining hukumat tomonidan taqiqlanishi, zilzila, suv toshqini, yongʻin yoki boshqa tabiiy ofatlar. Shu bilan birga, Shartnoma boʻyicha majburiyatlarni ijro etish muddati bunday holatlar va ularning oqibatlari muddatiga mutanosib ravishda kechiktiriladi. 4.2. Ushbu Shartnomaning 4.1-bandida koʻrsatilgan holatlar yuz berganda, bir taraf 10 kun muddat ichida ikkinchi tarafga yozma xabar berishga majburdir. 4.3. Vakolatli davlat organi tomonidan berilgan hujjat, favqulodda vaziyatning mavjudligini va davomiyligini yetarli darajada tasdiqlaydi.
5. YAKUNLOVChI QOIDALAR
5.1. Ushbu Shartnoma taraflar tomonidan imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va oʻz zimmasiga olgan majburiyatlar toʻliq bajarilgunicha amal qiladi. 5.2. Shartnomaga kiritilishi lozim boʻlgan barcha oʻzgartirish va qoʻshimchalar faqat yozma ravishda amalga oshirilib, taraflar imzolaganidan soʻng haqiqiy deb eʼtirof etiladi. Taraflarning tegishli qoʻshimcha bitimlari ushbu Shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi. 5.3. Ushbu Shartnomaga oid, lekin Shartnomaga kiritilmagan holatlar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi asosida hal etiladi. 5.4. Ushbu Shartnoma taraflar uchun bir hil yuridik kuchga ega boʻlgan ikki nusxada tayyorlandi.
6. TARAFLARNING POChTA MANZILLARI, TOʻLOV REKVIZITLARI VA IMZOLARI:
(Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash joyi)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining Gʻaznachilik hisobvaragʻi:
Pasport seriyasi va raqami _____ _________________ Kim tomonidan berilgan _______________________ ___________________________________________ JShShIR (STIR) _____________________________
_______________________________________ Oʻzbekiston Respublikasi xorijiy muassasasining hisobvaragʻi:
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
IJRO XATI
________________ shahri (__________________________________)
(Xorijiy muassasa joylashgan davlat)
Men ________________________________, _____________________________dagi Oʻzbekiston Respublikasi
(F.I.O.)
(xorijiy davlat)
xorijiy muassasasining rahbari, Oʻzbekiston Respublikasi Konsullik ustavining 20-moddasi, “Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 76 — 80-moddalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil “___”________ da ____-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan 20__ yil “__”______da tuzilgan notarial tasdiqlangan bitimga tenglashtirilgan ___-son qarz shartnomasidagi qarzdor Oʻzbekiston Respublikasi _________ shahri ___________ koʻchasi ____-uy ____-xonadon manzilida yashovchi, pasport raqami _______, JShShIR (STIR) _______, “___” ________ _____ yilda tugʻilgan, ish joyi _____________________, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi ____________________dan, Oʻzbekiston Respublikasi 100000, Toshkent shahri, Amir Temur shoh koʻchasi, 3-uyda joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi foydasiga toʻlanmagan umumiy miqdori ___________ _________________________________________ soʻm miqdoridagi qarzdorlikni
(raqamlar va soʻz bilan)
mazkur ijro xati asosida Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti “boshqa daromadlar turlariga kirim qilish” gʻazna hisobvaragʻi: ________________________________ga undirib berilishini soʻrayman. Mazkur ijro xati ________________________________________ da amalga oshirilgan va ____________-son
(sana yozuv bilan kiritiladi)
reyestr raqami bilan roʻyxatdan oʻtgan.
Xorijiy muassasaning muhri va rahbarining imzosi
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.04.2021-y., 09/21/201/0322-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)