toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Qarori
Konsullik harakatlarini bajarish bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirish va kelib tushgan pul mablag‘laridan foydalanish hamda konsullik yig‘imlari tarifini AQSH dollari kursiga nisbatan qayta hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 27-martda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3291]
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-avgustdagi PF-5505-son “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni, 2013-yil 24-dekabrdagi PQ-2095-son “O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-son “Vazirliklar. davlat qo‘mitalari va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalariga mablag‘lar ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Konsullik harakatlarini bajarish bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirish va kelib tushgan pul mablag‘laridan foydalanish hamda konsullik yig‘imlari tarifini AQSH dollari kursiga nisbatan qayta hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Tashqi ishlar vaziri A. KAMILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 25-fevral,
61-son
Moliya vaziri T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2021-yil 16-fevral,
10-son
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2021-yil 25-fevraldagi 61-son va Moliya vazirligining 2021-yil 16-fevraldagi 10-son qaroriga
ILOVA
Konsullik harakatlarini bajarish bilan bog‘lik haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirish va kelib tushgan pul mablag‘laridan foydalanish xamda konsullik yig‘imlari tarifini AQSH dollari kursiga nisbatan qayta hisoblash tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq konsullik harakatlarini bajarish bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirish va kelib tushgan pul mablag‘laridan foydalanish hamda konsullik yig‘imlari tarifini AQSH dollari kursiga nisbatan qayta hisoblash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
konsullik yig‘imlari tarifi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 24-dekabrdagi PQ-2095-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi konsullik yig‘imlari tarifiga muvofiq o‘rnatilgan yig‘imlar miqdori;
haqiqiy xarajatlar — konsullik harakatlarini amalga oshirish vaqtida konsullik yig‘imlariga qo‘shimcha ravishda to‘lanadigan yig‘im miqdoridan qoplanuvchi O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan bajariladigan moddiy xarajatlar;
O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasalari — O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari.
2. Konsullik harakatlarini amalga oshirganlik uchun konsullik yig‘imlari, shuningdek ko‘rsatilgan harakatlar amalga oshirilganligi bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undiriladi.
3. Haqiqiy xarajatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
pochta, telegraf, telefon, teleks, faksimil va modem orqali amalga oshirilgan aloqalar:
kanselyariya mollarini xarid qilish;
transport xarajatlari;
O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasalari xodimlarining konsullik harakati bajariladigan joyga xizmat safariga yuborilishi;
shoshilinch konsullik harakatlarini amalga oshirish;
blankalar sotib olish va tayyorlash, shu jumladan viza blankasi;
boshqa xarajatlar (saqlash, mulkni qidirish, sotish va b.).
2-bob. Haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlarni undirish
4. Haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar konsullik harakatlari bajarilganda undiriladi. Bunda, yig‘imlar quyidagi miqdorlardan oshmasligi lozim:
O‘zbekiston Respublikasi vizasini rasmiylashtirish uchun — 45 AQSH dollari;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning biometrik harakatlanish hujjatini rasmiylashtirish uchun — 20 AKSH dollari;
fuqarolik masalalari bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish uchun — 30 AQSH dollari;
fuqarolarni ro‘yxatga olish uchun — 25 AQSH dollari;
hujjatlarni legallashtirish va notarial harakatlarni amalga oshirish uchun — 15 AQSH dollari;
boshqa konsullik xizmatlari uchun — 20 AQSH dollari.
5. Haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘im miqdorini hisoblash har bir O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasasi uchun ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari, xorijiy davlatdagi tovarlar va xizmatlarning qiymati va boshqa holatlarni (tenglik prinsipi va b.) hisobga olgan holda, biroq mazkur Nizomning 4-bandida ko‘rsatilgan miqdorlardan ko‘p bo‘lmagan tarzda amalga oshiriladi.
Haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imning aniq miqdorlari O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasasi rahbari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Agar haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘im mazkur Nizomning 4 va 5-bandlarida belgilangan tartibdagi yig‘im miqdoridan oshib ketgan taqdirda (masalan, konsullik mansabdor shaxsining transport, kunlik, uy-joy ijarasi va boshqa xarajatlari), O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasasi rahbari arizachi bilan kelishgan holda haqiqiy xarajatlar o‘rni to‘liq qoplanguniga qadar yig‘im miqdorini oshirish huquqiga ega.
6. Ariza beruvchilarning (konsullik harakatidan manfaatdor shaxslar) konsullik yig‘imlaridan ozod qilinganligi yoki unga nisbatan kamaytirilgan tarif belgilanganidan qat’i nazar, ulardan haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘im to‘la hajmda undiriladi.
7. Haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘im, konsullik yig‘imi bilan bir vaqtda AQSH dollarida, boshqa erkin almashtiriladigan valyutada yoki O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasasi joylashgan xorijiy davlatning milliy valyutasida (milliy valyuta erkin almashtiriladigan valyuta bo‘lmagan joylarda) O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq yoki o‘zarolik tamoyiliga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
Haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan tushgan yig‘im mablag‘larining hisob-kitobi konsullik yig‘imi sifatida tushgan mablag‘lardan alohida amalga oshiriladi.
Ariza beruvchilardan (konsullik harakatidan manfaatdor shaxslar) haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘im sifatida kelib tushgan barcha mablag‘lar kassa kirim orderlari yoki bank hujjatlari orqali rasmiylashtiriladi va O‘zbekiston Respublikasi xorijiy muassasalarining tegishli hisobotlarida aks ettiriladi.
3-bob. Qabul qilingan mablag‘lardan foydalanish
8. Konsullik harakatlari amalga oshirilgani uchun kelib tushgan haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imning 70 foizi Davlat budjetiga, 30 foizi esa O‘zbekiston Respublikasining Diplomatik xizmat organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga (bundan buyon matnda Jamg‘arma deb yuritiladi) yo‘naltiriladi.
9. Davlat budjetiga taalluqli (70 foiz) mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi xorijiy muassasalarining tasdiqlangan smeta xarajatlarini moliyalashtirish uchun yuboriladi.
10. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3654-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining diplomatik xizmat organlarini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom talablari asosida amalga oshiriladi.
4-bob. Buxgalteriya hisobini yuritish va hisobotlarni topshirish
11. Haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobi yig‘imidan kelib tushgan 70 foiz miqdoridagi Davlat budjetiga o‘tkaziladigan pul mablag‘lari buxgalteriya hisobotidagi “Quyi idoralar joriy hisobi”, “Quyi idoralar g‘aznasi” hisoblarida debit, “Konsullik yig‘imlari bo‘yicha to‘lovlar hisobida kredit tarzida ko‘rinadi.
12. Haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobi yig‘imidan kelib tushgan 30 foiz miqdoridagi Jamg‘arma pul mablag‘lari buxgalteriya hisobotida “Quyi idoralar joriy hisobi”, “Quyi idoralar g‘aznasi” hisoblarida debit va “Konsullik yig‘imlari bo‘yicha to‘lovlar” hisoblarida kredit tarzida ko‘rinadi.
13. O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasalari konsullik yig‘imlari va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlarning alohida bank hisobvaraqasiga (konsullik yig‘imlari uchun) kelib tushishini hisobga oladilar va muntazam ravishda (bir oyda bir marta) xorijiy muassasaning asosiy budjet hisobidan Davlat budjetiga tegishli mablag‘lar o‘tkazilishini ta’minlaydi.
Jamg‘arma mablag‘lari xarajatlarini amalga oshirishda konsullik yig‘imlari hisob raqamidan foydalaniladi.
14. Haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan tushgan yig‘imlar va ulardan foydalanish to‘g‘risida hisobot O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Moliya-iqtisod boshqarmasiga choraklik va yillik buxgalteriya hisobotlar doirasida yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasalari tomonidan konsullik yig‘imlari tushishi bo‘yicha har oylik tezkor hisobotlar tuzilganda, alohida jadvalda haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan undirilgan yig‘imlar ko‘rsatiladi.
15. Haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar stavkalarini to‘g‘ri qo‘llanilishi va qabul qilingan mablag‘larning ishlatilishi uchun javobgarlik O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasalari rahbarlari va buxgalterlari zimmasiga yuklatiladi.
5-bob. Konsullik yig‘imlari tarifini AQSH dollari kursiga nisbatan qayta hisoblash
16. O‘zbekiston Respublikasining konsullik yig‘imlari tarifiga muvofiq konsullik yig‘imlari kuyidagi valyutalarda to‘lanadi:
a) AQSH dollarida;
b) boshqa erkin almashtiriladigan valyutada;
v) O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq yoki o‘zaro tenglik tamoyillariga rioya qilish asosida xorijiy muassasalar joylashgan davlatlarning milliy valyutasida (milliy valyuta erkin almashtiriladigan valyuta bo‘lmagan joylarda).
17. O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasasi rahbari tomonidan konsullik yig‘imlari tarifi uchun to‘lanadigan valyuta to‘g‘risida buyruq chiqariladi.
Konsullik yig‘imlari tarifini mahalliy valyutadagi miqdorini hisoblash uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasasi rahbari tomonidan hisob-kitob kursi o‘rnatiladi.
O‘rnatilgan hisob-kitob kursi miqdorini belgilashda boshqa mamlakatlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan konsullik yig‘imlari miqdori bo‘yicha o‘zaro tenglik tamoyillariga rioya qilinganligi va milliy valyutaning AQSH dollariga nisbatan kursining o‘zgarishi natijasida konsullik yig‘imlaridan olinadigan daromadlar kamayishining oldi olinganligi kabi omillar inobatga olinishi lozim.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonuni.
18. Konsullik yig‘imlari tarifining belgilangan kursi O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasasi rahbari tomonidan har chorakda buyruq bilan tasdiqlanadi. Zaruriyat tugilganda belgilangan hisob-kitob kursi chorak mobaynida o‘zgartirilishi mumkin.
19. Konsullik yig‘imlari va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar tarifining mahalliy valyutadagi miqdorini aniqlash uchun belgilangan hisob-kitob kursi xorijiy muassasalar buxgalteriya operatsiyalarini amalga oshirishda qo‘llanilmaydi.
20. Konsullik yig‘imlari tarifini O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasalari joylashgan davlatlarning milliy valyutalariga nisbatan qayta hisoblashda hisob-kitob kursining to‘g‘ri qo‘llanishi uchun javobgarlik O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasalari rahbarlari va buxgalterlari zimmasiga yuklatiladi.
6-bob. Yakuniy qoida
Oldingi tahrirga qarang.
21. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.03.2021-y., 10/21/3291/0247-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)