1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.07.00.00 Budjet tizimining boshqa masalalari / 07.07.02.00 Davlat jamgʻarmalari / 07.07.02.04 Vazirlik va idoralar jamgʻarmalari;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.01.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish boʻyicha umumiy masalalar / 11.01.11.00 Tabiiy resurslaridan maxsus foydalanganlik va atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun toʻlovlar. Tabiatni muhofaza qilish jamgʻarmalari]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TABIATNI MUHOFAZA QILISh JAMGʻARMALARI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-iyundagi 375-sonli “Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Tabiatni muhofaza qilish jamgʻarmalari toʻgʻrisida ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I. JOʻRABEKOV
Toshkent sh.,
1993-yil 24-may,
246-son
Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 24-maydagi 246-son qarori bilan TASDIQLANGAN
Tabiatni muhofaza qilish jamgʻarmalari toʻgʻrisida
NIZOM
1. “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq respublikada:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish Davlat qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qoʻmitalari huzurida tabiatni muhofaza qilish mahalliy jamgʻarmalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish Davlat qoʻmitasi huzurida tabiatni muhofaza qilish Respublika jamgʻarmasi tashkil etiladi.
2. Tabiatni muhofaza qilishning mahalliy jamgʻarmalari zararli moddalarning atmosfera havosiga chiqarib tashlanishini, ifloslangan oqova suvlarning suv obyektlariga oqizilishini, tuproqning ifloslanishini kamaytirish, chiqindilarni qisqartirish va ulardan qayta foydalanish, hayvonot va oʻsimlik dunyosini saqlab qolishga qaratilgan atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish boʻyicha hududiy va tarmoqlararo chora-tadbirlarni mablagʻ bilan taʼminlash uchun tuziladi.
3. Tabiatni muhofaza qilish Respublika jamgʻarmasi umumrespublika va davlatlararo ahamiyatga ega boʻlgan tabiat muhofazasi chora-tadbirlari (dasturlari)ni, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiat muhofazasini mahalliy jamgʻarmalar hamda korxona va tashkilotlar (tabiatdan foydalanuvchilar)ning oʻz mablagʻlari hisobidan tabiatni muhofaza qilish chora-tadbirlarini oʻtkazish bilan bartaraf qilinmagan xoʻjalik faoliyatining tabiiy muhitga koʻrsatadigan salbiy taʼsirini yoʻqotish ishlarini mablagʻ bilan taʼminlash maqsadida shakllantiriladi.
4. Tabiatni muhofaza qilish jamgʻarmalarini shakllantirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi aksionerlik-tijorat dehqonchilik sanoati bankining tegishli boʻlimlarida maxsus budjetdan tashqari schyotlar ochiladi.
5. Tabiatni muhofaza qilish mahalliy jamgʻarmalari quyidagilar hisobiga tashkil topadi:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya toʻlovlari 40 foizi hisobiga;
(5-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 106-modda)
LexUZ sharhi
5-bandning ikkinchi xatboshisiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 27-dekabrdagi PQ-2699-sonli qaroriga asosan oʻzgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
shaharlar va boshqa aholi punktlarining kommunal kanalizatsiya tarmoqlariga ifloslantiruvchi moddalarni normativdan ortiqcha oqizganlik uchun kompensatsiya toʻlovlarining 40 foizi;
(5-bandning uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 106-modda)
tabiatdan foydalanuvchilardan ifloslantiruvchi moddalarni avariya tufayli koʻplab chiqarib tashlash bilan (oqova oqizish bilan, chiqindilarni joylash bilan) atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun undiriladigan jarimalar va mablagʻlar 40 foizi hisobiga;
(5-bandning toʻrtinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 106-modda)
tabiatdan foydalanuvchilardan tabiiy resurslardan hamda ulardan tayyorlanuvchi xomashyodan meʼyoridan ortiqcha va nokompleks foydalanganlik (nobud qilganlik) uchun toʻlovlar 40 foizi hisobiga;
(5-bandning beshinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 106-modda)
tabiatdan foydalanuvchilardan xoʻjalik faoliyati natijasida tabiiy muhitni muhofaza qilish obyektlariga yetkazilgan zararni qoplash uchun undiriladigan mablagʻlar 40 foizi hisobiga;
(5-bandning oltinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 106-modda)
tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishida aybdor boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslardan maʼmuriy va sud tartibida undiriladigan jarimalar va pul summalarining 40 foizi, hayvonot va oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish bilan bogʻliq qonun buzilishlari uchun undiriladigan jarimalar va pul summalari bundan mustasno;
(5-bandning yettinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 106-modda)
qoʻshma korxonalardan, shuningdek, boshqa davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslaridan tabiat muhofazasi qonunlarini buzganlik uchun va atrof-muhit obyektlariga yetkazilgan zararni qoplash tartibida maʼmuriy va sud orqali chet el valyutasida (rubl kursi boʻyicha) undiriladigan jarimalar va haqlar, Oʻzbekiston Respublikasi hududida ovchilik va baliq ovchiligi xoʻjaligini yuritish toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq undiriladigan jarimalar va haqlar bundan mustasno 40 foizi hisobiga;
(5-bandning sakkizinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 106-modda)
tabiatni muhofaza qilish chora-tadbirlarini mablagʻ bilan taʼminlashda ulush qoʻshib qatnashuvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mablagʻlari;
korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning, shuningdek, xayriya tashkilotlari va jamgʻarmalarning ixtiyoriy badallari;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Undirilgan jarimalar, 15 foizgacha boʻlgan miqdordagi summasi 40 foizi yer va suv qonunchiligini, yer osti boyliklari toʻgʻrisidagi, atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlarning buzilganligini aniqlagan davlat nazoratchilari va boshqa shaxslarni mukofotlash uchun ajratilganidan tashqari, Tabiatni muhofaza qilish mahalliy jamgʻarmalariga yoʻnaltiriladi.
(5-bandning oʻn ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 106-modda)
6. Tabiatni muhofaza qilish mahalliy jamgʻarmalari:
hududiy ahamiyatga ega boʻlgan tabiatni muhofaza qilish obyektlarini qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, rekonstruksiya qilish va asosli tuzatishga;
tabiatni muhofaza qilish texnikasi va texnologiyalari, ekologik monitoring tizimlari, priborlar va asbob-uskunalar yaratish boʻyicha ilmiy-tadqiqot, loyiha-qidiruv va tajriba-konstruktorlik ishlariga;
tabiatni muhofaza qilishning uzoq muddatli ilmiy-texnika dasturlarini, hududiy kompleks sxemalarni hamda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish boʻyicha boshqa hududiy ishlanmalarni yaratish va amalga oshirishga;
atrof tabiiy muhit ifloslantirilishi sababli kelib chiqadigan salbiy oqibatlarning oʻrnini qoplash yoki oldini olishni koʻzda tutuvchi chora-tadbirlar koʻrishga;
sanitariya-himoya va suvni muhofaza qiladigan zonalarni barpo etish va tiklash, kichik daryolar va boshqa suv obyektlarini saqlash va tiklash boʻyicha ishlarga;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etish, ularning faoliyati va rejimini taʼminlash boʻyicha tadbirlarga;
(6-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 1-apreldagi 95-son qarori tahririda)
xoʻjalik faoliyati natijasida atrof-muhitga keltiriladigan zararli taʼsirni baholash boʻyicha ishlarga;
tabiatni muhofaza qilish chora-tadbirlarini mablagʻ bilan taʼminlashda hissa qoʻshib qatnashish, tabiatni muhofaza qilish ahamiyatiga ega boʻlgan yirik sarmoya talab qiladigan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun korxonalar tomonidan olingan bank kreditlarini toʻla yoki qisman toʻlashga;
ishlab chiqarish va isteʼmol chiqindilaridan foydalanish tadbirlarini mablagʻ bilan taʼminlashda hissa qoʻshib qatnashishga;
tabiiy atrof muhitning ifloslanishi natijasida jabr koʻrgan fuqarolarning salomatliklarini tiklash uchun sogʻliqni saqlash obyektlari qurishga;
tabiatni muhofaza qilish organlarining oʻz moddiy-texnika negizini rivojlantirish, ekologiya axboroti va nazorat tizimlarini tashkil etish va yuritishga;
aholini ekologik jihatdan tarbiyalash va unga ekologik taʼlim berishni tashkil etish, ekologik bilimlarni targʻib qilish, noshirlik faoliyatini amalga oshirish, tabiatni muhofaza qilish mutaxassislarini tayyorlash va qayta tayyorlashga;
tabiatni muhofaza qilish Respublika jamgʻarmasini shakllantirishga;
ishlab chiqarish jamoalarini, fuqarolarni, shuningdek, tabiatni muhofaza qilishning mahalliy organlari xodimlarini mukofotlash va ragʻbatlantirishga;
tabiatni muhofaza qilish boʻyicha davlat inspektorlarini majburiy sugʻurta qilish, shuningdek, xizmat vazifalarini bajarayotgan chogʻlarida ularga tegishli mulkka yetkazilgan zararni qoplashga;
atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish boʻyicha boshqa chora-tadbirlarga sarflanadi.
7. Tabiatni muhofaza qilish mahalliy jamgʻarmalarining mablagʻlari tabiatni muhofaza qilish mahalliy jamgʻarmalarining Kengashlari tomonidan ishlab chiqiladigan hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadigan yillik dasturlarga muvofiq sarflanadi.
8. Tabiatni muhofaza qilish Respublika jamgʻarmasi tabiatni muhofaza qilish mahalliy jamgʻarmalari mablagʻlarining 25 foizi miqdoridagi ajratmalardan, shu jumladan, chet el valyutasi tushumlari hisobidan, shuningdek:
tabiatni muhofaza qilish chora-tadbirlarini, shuningdek, birgalikdagi ekologik dasturlar va loyihalarni moliyaviy taʼminlashda hissa qoʻshib qatnashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mablagʻlaridan;
tabiatni muhofaza qilish qonunlarini buzganlik uchun hamda atrof-muhit obyektlariga yetkazilgan Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi markaziy apparati va uning respublika tashkilotlari davlat nazoratchilari tomonidan aniqlangan zararni, ushbu Nizomning 5-bandiga muvofiq mukofot pulini chiqarib tashlagan holda, qoplash uchun jismoniy va yuridik shaxslardan undiriladigan, shu jumladan, chet el valyutasida undiriladigan jarimalar va haqlar (Oʻzbekiston Respublikasi hududida ovchilik va baliq ovchiligi xoʻjaligini yuritish toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq undiriladigan jarimalar va haqlar bundan mustasnodir)dan 50 foizi hisobiga;
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 106-modda)
ekologiya mavzularidagi noshirlik faoliyatidan, ekologik pul-buyum lotereyasi, ekologiya xayriya chora-tadbirlari, konferensiyalar, yarmarkalardan tushadigan daromadlardan;
korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar, shuningdek, xayriya tashkilotlari va jamgʻarmalarining ixtiyoriy badallaridan;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalardan hosil boʻladi.
9. Tabiatni muhofaza qilish Respublika jamgʻarmasi:
tabiatni muhofaza qilish texnikasi va texnologiyalari, ekologik monitoring tizimlari, priborlar va asbob-uskunalar yaratish hamda ularni takomillashtirishga oid ilmiy-tadqiqot, loyiha-qidiruv va tajriba-konstruktorlik ishlari (shu jumladan, litsenziyalar sotib olish)ga;
tabiatni muhofaza qilish yuzasidan umumrespublika va davlatlararo ahamiyatga ega boʻlgan ilmiy-tadqiqot ishlari, ilmiy-texnika dasturlari, meʼyoriy-uslubiy hujjatlar, respublika andozalari, meʼyorlar hamda qoidalar ishlab chiqishga;
xoʻjalik faoliyati natijasida atrof tabiiy muhitga yetkazilgan zararli taʼsirni baholashga oid ishlarni olib borishga;
ekologik maʼlumotlar banklari hamda ekologik axborot va nazoratning respublika avtomatlashtirilgan tizimini tashkil etish va yuritishga;
ishlab chiqarish va isteʼmol chiqindilaridan foydalanish tadbirlarini mablagʻ bilan taʼminlashda hissa qoʻshib qatnashishga;
keng koʻlamli va koʻp sarmoya talab qiladigan tabiatni muhofaza qilish maqsadidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun korxonalarning banklardan olgan qarzlarini qisman uzishga;
tabiatni muhofaza qilish boʻyicha hududiy dasturlar va kompleks sxemalarni ishlab chiqishda hissa qoʻshib qatnashishga;
muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar tashkil etish, ularning faoliyati va rejimini taʼminlash tadbirlariga va ularni obodonlashtirishga;
(9-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 1-apreldagi 95-son qarori tahririda)
xoʻjalik yuritish faoliyati bilan buzilib ketgan tabiiy obyektlarni tiklash, hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va qayta koʻpaytirishga;
ekologik bilimlarni targʻib qilish, Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi tizimi xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, koʻrik-tanlovlar, konferensiyalar oʻtkazish, reklama ishlari va noshirlik faoliyatiga;
xalqaro hamkorlikni tashkil etishga;
jamoatchi ekologik tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarga;
Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi tizimining moddiy-texnika negizini rivojlantirishga;
ishlab chiqarish jamoalarini, fuqarolarni, shuningdek, Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi xodimlarini mukofotlash va ragʻbatlantirishga;
Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi markaziy apparatining tabiatni muhofaza qilish boʻyicha davlat inspektorlarini majburiy sugʻurta qilish, shuningdek, xizmat vazifalarini bajarayotganlarida ularga tegishli boʻlgan mulkka yetkazilgan zararni qoplashga;
hissa qoʻshib qatnashish tartibida amalga oshiriladigan, ushbu Nizomning 6-bandida sanab oʻtilgan boshqa tadbirlar hamda tabiatni muhofaza qilishning mahalliy jamgʻarmalariga moliyaviy yordam koʻrsatishga sarflanadi.
10. Tabiatni muhofaza qilish Respublika jamgʻarmasining mablagʻlari tabiatni muhofaza qilish Respublika jamgʻarmasi Kengashi tomonidan ishlab chiqiladigan va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan yillik dasturga muvofiq sarflanadi.
11. Tabiatni muhofaza qilishning mahalliy hamda Respublika jamgʻarmalari mablagʻlarining 15 foizgacha boʻlgan qismi tabiatni muhofaza qilish va resurslarni tejash faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ishlab chiqarish jamoalari, fuqarolar, shuningdek, Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi tizimining xodimlarini mukofotlash va ragʻbatlantirish uchun sarflanishi mumkin.
12. Tabiatni muhofaza qilish Respublika jamgʻarmasiga rahbarlik qilishni, uning ishini tashkil etishni va mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasining raisi boshchilik qiladigan jamgʻarma Kengashi amalga oshiradi.
Tabiatni muhofaza qilish Respublika jamgʻarmasi Kengashining tarkibiga tabiatni muhofaza qilish organlarining xodimlari, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi taniqli olimlar, yirik mutaxassislar va jamoat tashkilotlarining vakillari kiradi.
Tabiatni muhofaza qilish respublika jamgʻarmasi Kengashining shaxsiy tarkibi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasining hayʼati tomonidan tasdiqlanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qoʻmitalari huzurida ham shunga oʻxshash tabiatni muhofaza qilish mahalliy jamgʻarmalarining kengashlari tashkil etiladi.
Tabiatni muhofaza qilishning mahalliy va Respublika jamgʻarmalari kengashlari jamoatchilik asosida ishlaydilar va jamgʻarma ishining muhim masalalari yuzasidan, jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash, tabiat muhofazasi tadbirlarini mablagʻ bilan taʼminlashning eng maqbul shakllari va shart-sharoitlarini belgilash yuzasidan kollegial qaror qabul qiladigan organlar hisoblanadilar.
13. Jamgʻarmalarning faoliyat koʻrsatishi uchun xodimlar sonini Respublika va mahalliy jamgʻarmalar kengashlari belgilaydigan va shu fondlar mablagʻlari hisobiga saqlanadigan tegishli tarkibiy boʻlinmalar tashkil etiladi.
14. Jamgʻarmalarning kengashlari manfaatdor tashkilotlar orasidan tabiatni muhofaza qilish jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan taʼminlanadigan aniq tadbirlarni bajarish boʻyicha buyurtmachini belgilaydilar.
15. Tabiatni muhofaza qilishning mahalliy va Respublika jamgʻarmalarining hisobot yilida ishlatilmay qolgan mablagʻlari olib qoʻyilmay, keyingi yilga oʻtkaziladi va ushbu Nizomda koʻzda tutilgan maqsadlarga sarflanadi.
16. Tabiatni muhofaza qilish mahalliy jamgʻarmalarining kengashlari jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida yilning har choragida Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasiga va tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining ijroiya organlariga hisobot topshiradilar, Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi esa yiliga bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Respublika jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida hisobot topshiradi.