1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.05.00 Kompaniyalar, konsernlar, uyushmalar va boshqalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.12.00.00 Qurilish / 09.12.02.00 Qurilish sohasidagi boshqaruv. Qurilish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash. Ruxsat berish tartib-taomillari]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari;
2.Iqtisodiyot / Arxitektura va qurilish]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON SANOAT VA XO‘JALIK QURILIShI (“O‘ZSANOATXO‘JALIKQURILISh”) DAVLAT KORPORATSIYASINING USTAVINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 30-yanvardagi 56-son qaroriga “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ba’zi qarorlarini o‘zgartirish va o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O‘zbekiston sanoat va xo‘jalik qurilish (“O‘zsanoatqurilish”) davlat korporatsiyasining ilova qilinayotgan Ustavi tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 3-may,
197-son
Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 3-maydagi 197-son qarori bilan TASDIQLANGAN
O‘zbekiston sanoat va xo‘jalik qurilish (“O‘zsanoatqurilish”) davlat korporatsiyasining
USTAVI
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston sanoat va xo‘jalik qurilish davlat korporatsiyasi (bundan keyin matnda “korporatsiya” deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston sanoat va xo‘jalik qurilish (“O‘zsanoatqurilish”) davlat korporatsiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan, davlat boshqaruvi organi huquqlari berilgan xo‘jalik tashkiloti hisoblanadi va o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston sanoat va xo‘jalik qurilish (“O‘zsanoatqurilish”) korporatsiyasini tashkil etish va uning faoliyati masalalari” deb nomlangan 1993-yil 14-yanvardagi 33-son qaroriga muvofiq amalga oshiradi. Korporatsiya qurilishni va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa barcha faoliyat turlarini ta’minlovchi, mulkchilikning barcha shakllaridagi qurilish tashkilotlarini, qurilish industriyasi korxonalarini, transport, loyiha-konstruktorlik va boshqa tashkilotlarni (bundan keyin matnda “qatnashchilar” deb ataladi) ixtiyoriy asosda va aksiyalash prinsiplari bo‘yicha birlashtiradi.
2. Korporatsiya yuridik shaxs hisoblanadi, bank muassasalarida hisob-kitob, valyuta va boshqa hisoblarga ega bo‘ladi. Agar ta’sis shartnomasida boshqa hollar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, u sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin. Korporatsiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari, ta’sis konferensiyasida qabul qilinadigan va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan korporatsiya Ustavi asosida amalga oshiradi.
Korporatsiyaning O‘zbekiston Respublikasi Gerbi tasviri tushirilgan, o‘z nomi o‘zbek va rus tillarida yozilgan muhri, burchakli va boshqa shtamplar bo‘ladi.
3. Korporatsiya:
davlat va ta’sischilar tomonidan o‘ziga berilgan huquqlarni nazarda tutgan holda ishlab chiqarish-xo‘jalik, moliyaviy faoliyat va ijtimoiy rivojlanish masalalarini mustaqil hal qiladi. To‘liq xo‘jalik hisobi va o‘zini-o‘zi boshqarish prinsiplari asosida ishlaydi, markazlashgan investitsiya, sug‘urta va boshqa jamg‘armalarni tuzadi;
pudrat ishlarining rejalashtirilgan dasturi uchun davlat tomonidan ajratiladigan moddiy-texnika resurslarining fond egasi hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan ilgari tuzilgan barcha shartnomalar, qabul qilingan majburiyatlar bo‘yicha javob beradi;
Bevosita korporatsiya tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning davlat mulkini boshqaradi, ularni davlat tasarrufidan chiqarishda, xususiylashtirishda va aksionerlik jamiyatlariga aylantirishda belgilangan tartibda qatnashadi.
4. Korporatsiya Toshkent shahar, Proletar ko‘chasidagi 17-uyda joylashgan.
II. Korporatsiyaning asosiy vazifalari
1. Quyidagilar korporatsiyaning asosiy vazifalari:
Korporatsiyaga kiruvchi barcha korxona va tashkilotlarning sanoat va xo‘jalik obyektlarini qurish, qurilish mashinalari, mexanizmlari, transport vositalari va maxsus asbob-uskunalarni ishlab chiqarish, ishlatish va ta’mirlashga doir faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
umumtarmoq ahamiyatiga ega ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini tashkil etish va o‘tkazish, ularning natijalarini tayyorlash va ishlab chiqarishga joriy etish;
bozor munosabatlarini investitsiya sohasiga keng joriy qilish, pudrat ishlari bozorini barpo etish, qurilish ishlab chiqarishining progressiv iqtisodiy shakllariga o‘tish, qurilish industriyasining davlat pudratchi qurilish tashkilotlari va korxonalarini mulkchilikning boshqa shakllariga aylantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish.
2. Korporatsiya:
O‘zbekiston Respublikasini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning kapital qurilish sohasidagi uzoq davrga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari loyihalarini tayyorlashda qatnashadi;
qatnashchi tashkilotlar bilan birgalikda buyurtmachi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar talabnomalari asosida ishlab chiqarish quvvatlarini va obyektlarni, uy-joylar va boshqa ijtimoiy maqsadlardagi obyektlarni, ishga tushirish bo‘yicha, shuningdek, kelgusi davrda bajarilishi kerak bo‘lgan pudrat ishlari hajmlari bo‘yicha takliflarni tayyorlaydi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
korporatsiya qurilish-montaj ishlarining dasturini shakllantiradi;
ishlab chiqarish quvvatlari va obyektlarni, uy-joylar va boshqa ijtimoiy maqsadlardagi obyektlarni ishga tushirish bo‘yicha, pudrat ishlari, binokorlik materiallari, detallar va konstruksiyalar ishlab chiqarish hajmlari va boshqa topshiriqlar bo‘yicha tasdiqlangan dasturlarni qatnashchi tashkilotlar va korxonalarga o‘z vaqtida yetkazishni amalga oshiradi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi.
3. Korporatsiya quyidagilarni amalga oshiradi:
Bo‘linmalarning kompyuterlashtirish, hisoblash texnikasining tarmoq va mahalliy shoxobchalarini yaratish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
Loyiha yechimlarini takomillashtirish ishlarini muvofiqlashtirish, dastlabki loyiha yechimlarini kelishib olish,loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish ishlarini amalga oshirish;
Qurilish va qurilish konstruksiyalarini ishlab chiqarishning investitsion siklni tubdan qisqartirishni ta’minlovchi yangi texnologiyalarini ishlab chiqish;
Obyektlarni loyihalash va qurish masalalaridagi ilg‘or tajribani o‘rganish va ommalashtirish;
Xorijiy sheriklar va MDH mamlakatlarning obyektlarini loyihalash, qurish, shuningdek, industriya korxonalari tomonidan mahsulot ishlab chiqarish masalalaridagi ilg‘or tajribasini o‘rganish va ommalashtirish;
Yangi samarali texnologik jarayonlarni va asbob-uskunalarni joriy etish, mahalliy xomashyo resurslari bazasidan foydalanish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning texnikaviy darajasini oshirish va ularning raqobatbardoshliligini ko‘tarish asosida binokorlik materiallari chiqarishni tashkil etish sohasidagi texnika siyosatini o‘tkazishda qurilish industriyasi korxonalariga ko‘maklashish;
Korporatsiya qurilish industriyasi korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirishning iqtisodiy, texnikaviy va ekologik jihatdan maqsadga muvofiq yo‘nalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda amaliy yordam ko‘rsatish;
Korporatsiya qatnashchilarining ishlab chiqarish bazalarini qayta qurishda va texnika bilan qayta qurollantirishda amaliy yordam ko‘rsatish;
Binokorlik materiallari va konstruksiyalari, asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar yetkazib beruvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘rishartnomaviy munosabatlar o‘rnatishda qatnashchilarga ko‘maklashish;
Korporatsiya korxonalari ishlab chiqaradigan mahsulotlarga narxlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
Qatnashchilarning tadbirkorlik va tashqi iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirib borish va amalga oshirishda ularga amaliy yordam ko‘rsatish.
4. Korporatsiya:
Boshqa davlatlarda sheriklar bilan mas’uliyati cheklangan qo‘shma korxonalar va jamiyatlar barpo etishda;
Xo‘jalik faoliyatini eng samarali yuritish, eng ko‘p foyda olish, moliya kredit mexanizmini takomillashtirish, xomashyo, material, energetika hamda mehnat resurslaridan oqilona foydalanish va shu asosda tarmoqni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishni jadallashtirish uchun korporatsiya qatnashchilarining birgalikdagi kuch-g‘ayratlari bilan shart-sharoitlar yaratishda;
Bozor iqtisodiy aloqalari sharoitida davlat manfaatlari bilan oqilona uyg‘unlashtirishni ta’minlovchi yangi iqtisodiy va huquqiy munosabatlarga asoslangan samarali boshqaruv tizimini yaratishda;
Korporatsiya qatnashchilarning korxonalarida va tashkilotlarida amaldagi qonun hujjatlarini to‘g‘ri qo‘llanishini ta’minlashda;
Korporatsiya kadrlarini tayyorlash (mutaxassislarni o‘qitish, malakasini oshirish va tajribasini orttirish) tizimini boshqarishda qatnashadi.
5. Korporatsiya o‘z qatnashchilariga:
Xalq iste’mol mollari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda va rivojlantirishda hamda pulli xizmatlar ko‘rsatishni amalga oshirishda;
Tovar, fond, valyuta bozorlarida va birjalarda, qiymatli qog‘ozlar bozorlarida a’mollarini o‘tkazishda, eksport-import va boshqa bitishuvlarni amalga oshirishda, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlarini ro‘yobga chiqarishda ko‘maklashadi.
6. Korporatsiya muhim xalq xo‘jaligi qurilishlari bo‘yicha vazirliklar, idoralar, konsernlar darajasida asosiy kontraktlar tuzilishi mumkin.
III. Korporatsiya va uning qatnashchilari funksiyalari
1. Korporatsiya:
Korporatsiya qatnashchilarining muntazam foydalanilishda bo‘lgan davlat mulkini, korporatsiyaga kiruvchi aksionerlik jamiyatlar va kompaniyalarning davlatga tegishli aksiyalarini “O‘zdavjamg‘arma” tomonidan o‘ziga berilgan huquqlar asosida tasarruf qiladi va boshqaradi;
davlatga tegishli aksiyalar paketlariga muvofiq aksionerlik jamiyatlari faoliyatini boshqarish bo‘yicha “O‘zdavjamg‘arma” tomonidan o‘ziga berilgan huquqni amalga oshiradi;
davlatga tegishli bo‘lgan va shartnoma asosida davlat mulki jamg‘armasi tomonidan berilgan aksiyalar bo‘yicha dividentlarning bir qismidan aksionerlik jamiyatlarni va umuman korporatsiyani rivojlantirish uchun foydalaniladi;
o‘z aksionerlarini majburiyatlari uchun javob bermaydi, aksionerlar ham korporatsiya majburiyatlari uchun javob berishmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida va undan tashqarida O‘zbekiston Respublikasi hamda tegishli mamlakatlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlar tuzishi va tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishi mumkin.
2. Korporatsiya tarkibiga kiruvchi aksionerlik yuridik shaxslar hisoblanadilar va korporatsiya majburiyatlari uchun javob bermaydilar.
3. Korporatsiya o‘zining davlat buyurtmasidan tashqari faoliyati yo‘nalishi bozor konyunkturasiga muvofiq mustaqil ravishda belgilaydi.
4. Korporatsiya berilgan huquqlarga muvofiq, belgilangan tartibda:
obyektlarni to‘liq qurib topshirish va qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa faoliyatlarni amalga oshirish uchun mablag‘larni jamlash maqsadida korporatsiya tuzilmasida investitsiya bankini va sug‘urta jamg‘armasini tashkil qiladi;
korporatsiya huzurida, korporatsiya tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarni davlat tasarrufidan chiqarish va hususiylashtirishdan budjetga o‘tkazilgan mablag‘larning 10 foizini davlatga tegishli aksiyalar bo‘yicha olinadigan va “O‘zdavjamg‘arma” tomonidan jamg‘arma tomonidan shartnoma asosida berilgan dividentlarning bir qismini korporatsiyaga o‘tkazish hisobiga, qurilish mashinalari, asbob-uskunalar va materiallarning raqobatbardoshli turlarini ishlab chiqarish, qo‘shimcha ishchi o‘rinlari tashkil qilish, bo‘shab qolgan xodimlarni qayta o‘qitish uchun investitsiya jamg‘armasini tuzadi;
korporatsiya korxona va tashkilotlarida amaldagi qonunchilikni bajarishda yordam ko‘rsatadi, zaruriyat bo‘lganda uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi va ularni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritadi;
buyurtmachilar va davlat boshqaruv organlari bilan birgalikda davlat buyurtmasidagi obyektlarni qurish dasturini ishlab chiqishda, pudrat ishlari dasturi uchun moddiy-texnika resurslari va sanoat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlashda qatnashadi;
korporatsiya qatnashchilarining ishlab chiqarish va moliya-xo‘jalik faoliyatini takomillashtirishga ko‘maklashadi, shuningdek, korporatsiyaning aksioner qatnashchilari tomonidan ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha shoshilinch chora-tadbirlar ko‘radi;
markazlashgan kapital mablag‘lar hisobiga qurilayotgan, qiymati 6 mln so‘mgacha bo‘lgan hamda korxonalar hisobiga qurilayotgan, qiymati 9 mln so‘mdan ko‘p bo‘lgan (1991-yilgi narxlarda) korxonalarni kapital qurish va qayta qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish va tasdiqlashni amalga oshirish.
5. Korporatsiya davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, hokimliklarda, vazirliklarda, idoralarda, davlat qo‘mitalarida, davlat konsernlarida, uyushmalarida va boshqa tashkilotlar va korxonalarda (shu jumladan, boshqa mamlakatlarning ham) qatnashchi aksionerning manfaatlarini ifoda qiladi.
6. Korporatsiya qatnashchilari zarurat bo‘lganda korporatsiya Kengashi va boshqaruviga ko‘rib chiqish uchun korporatsiya faoliyatiga doir masalalar bo‘yicha takliflar kiritadilar hamda ularning majlislarida ushbu masalalarni muhokama qilishda qatnashadilar.
7. Korporatsiya qatnashchilari:
korporatsiya vazifalariga muvofiq ravishda ishlab chiqarish-xo‘jalik va boshqa faoliyatlarni amalga oshiradilar;
korporatsiya Ustaviga amal qiladilar, korporatsiya bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha majburiyatlarni, korporatsiya Kengashi raisining ko‘rsatmalari va buyruqlarini bajaradilar;
korporatsiya oldida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmaganlik uchun moddiy javob beradilar.
IV. Korporatsiyaning mulki, mablag‘lari va jamg‘armalari
1. Quyidagilar korporatsiya mulkini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
davlat tomonidan beriladigan mulklar;
mahsulotlarni sotishdan, xizmat ko‘rsatishdan, shuningdek, korporatsiya faoliyatini boshqa turlaridan olinadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning beg‘araz va xayriya badallari va ajratmalari;
qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
2. Korporatsiyaning ustav jamg‘armasi korporatsiya tarkibiga kiruvchi birlashmalar, trestlar, korxonalar va tashkilotlarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijasida hosil bo‘ladigan aksionerlik jamiyatlari davlatga tegishli aksiyalarining 60 foizi, shuningdek, boshqa manfaatdor shaxslarning paylari hisobiga tashkil topadi.
Ta’sischilarning ustav jamg‘armasiga qo‘shadigan ulushlari pul mablag‘lari (so‘m va xorijiy valyuta), mulklarning har xil turlari (binolar, inshootlar, mashinalar, mexanizmlar, xomashyo, yoqilg‘i va boshqa moddiy boylik), qiymatli qog‘ozlar, boshqa mulkiy ulushlar holida bo‘lishi mumkin.
So‘mlarda va amaldagi narxlarda baholangan ulush ta’sischining korporatsiya ustav jamg‘armasidagi hissasini tashkil qiladi.
Korporatsiya har bir qatnashchisining ulush va badallari miqdorlari, tarkibi ularni to‘lash tartibi ta’sis shartnomalari yoki boshqa shartnomalar bilan belgilanadi.
3. Birlashmalar, trestlar, korxonalar va tashkilotlar:
ochiq xildagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirilganida davlatga tegishli aksiyalar ulushi 51 foizni tashkil qiladi;
yopiq xildagi davlat-aksionerlik kompaniyalariga aylantirilganda davlatga tegishli aksiyalar ulushi 55 foizni, kompaniyaga kiruvchi mehnat jamoalari aksiyalari ulushi 25 foizni korporatsiyaning qolgan qatnashchilari aksiyalari ulushi 20 foizni tashkil qiladi.
4. Korporatsiya kengashining qarori bilan markazlashtirilgan jamg‘armalar, shu jumladan, investitsiya sug‘urta, valyuta jamg‘armalari va boshqa jamg‘armalar tuziladi.
Ularning tarkibi, maqsadi, miqdori va foydalanish tartibi korporatsiya kengashi tomonidan belgilanadi.
5. Markazlashtirilgan jamg‘armalar qatnashchilar tomonidan foydaning bir qismini ajratish yo‘li bilan, shuningdek, korporatsiyaning maqsadli vazifalarini bajarish uchun investorlardan olingan badallar hisobiga tashkil topadi.
V. Korporatsiyani boshqarish
1. Qatnashchilar vakillaridan tuziladigan korporatsiya Kengashi uni boshqarishning yuqori organi hisoblanadi. Kengash tarkibiga korporatsiya rahbarlari, qatnashchi korxonalarning birinchi rahbarlari, korporatsiya apparati ayrim boshqarmalarning boshliqlari kiradi.
Kengash majlislari yilning har choragida kamida bir marta o‘tkaziladi, majlislar ularda Kengash a’zolarining uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda to‘la huquqli bo‘ladi.
Kengash korporatsiya faoliyatiga taalluqli bo‘lgan barcha masalalarni hal qiladi.
Kengash qarorlari ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi va agar ular uchun majlisda jami qatnashganlarning ko‘pchiligi, lekin jami a’zolarning kamida 50 foizi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi.
Korporatsiya kengashi qabul qilgan hujjatlar korporatsiya Kengash raisi imzolaydigan qaror bilan rasmiylashtiriladi.
Kengash faoliyati korporatsiya kengashi to‘g‘risidagi nizom bilan tartibga solinadi.
2. Korporatsiya Kengashi:
korporatsiya boshqaruvi raisini va uning o‘rinbosarlarini saylaydi, boshqaruv raisi ayni bir vaqtda lavozimiga ko‘ra korporatsiya kengashining raisi hisoblanadi. Boshqaruv raisi va uning o‘rinbosarlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi:
korporatsiya boshqaruvini saylaydi;
korporatsiya Ustaviga o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritadi;
markazlashtirilgan jamg‘armalar tuzadi;
qatnashchilarni korporatsiyaga qabul qilish va undan chiqarish masalalarini hal etadi;
korporatsiya qatnashchilarini ishlab chiqarish, ilmiy-texnikaviy, xo‘jalik va ijtimoiy-maishiy faoliyatini asosiy yo‘nalishlari va dasturlarini tasdiqlaydi;
korporatsiya hamda uning qatnashchilari apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini tinglaydi.
3. Boshqaruv raisi:
Kengash qarorini amalga oshiradi va yakkaboshlik prinsiplari bo‘yicha ishlaydi, ishlarni tashkil qiladi va korporatsiya faoliyatini pirovard natijalari uchun shaxsan javob beradi, qatnashchi tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish yo‘li bilan ularning birinchi rahbarlarini va bosh buxgalterlarini tanlash va joy-joyiga qo‘yishni amalga oshiradi. Tuzilgan shartnomalarda tomonlarning huquq va vazifalari, pirovard natijalarga erishishga bog‘liq bo‘lgan mehnatga haq to‘lash shartlari, shuningdek, xodimlarning ijtimoiy-maishiy sharoitlari kelishib olinadi;
korporatsiya qatnashchilari tomonidan berilgan huquqlar doirasida, korporatsiya qatnashchilarining bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar va ko‘rsatmalar chiqaradi;
korporatsiya apparati xodimlar bilan mehnat munosabatlarini shartnoma asosida o‘rnatadi;
markaziy apparat tuzilmasini, shtatlarini, uni mablag‘ bilan ta’minlash xarajatlari smetasini tasdiqlaydi hamda korporatsiya apparati xodimlarini mukofotlash va rag‘batlantirish tizimini belgilaydi.
4. Korporatsiya boshqaruvi:
korporatsiya Kengashi majlislari o‘rtasidagi davrda uning faoliyatiga rahbarlik qiladi va korporatsiyaga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi;
o‘zining muntazam o‘tkaziladigan majlislarida korporatsiya vazifalarini xal etish, Kengash qarorlarini amalga oshirish, yagona texnika siyosatini o‘tkazish, loyiha-smeta ishlarini, texnikaviy normalashtirish va standartlashni takomillashtirish, qurilish va sanoat ishlab chiqarishi, mehnat unumdorligini oshirish, tasarrufidagi tashkilotlar va korxona faoliyatini yaxshilash bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni ko‘rib chiqadi.
korporatsiya boshqaruvi faoliyati, uning majlislari tartibi, hujjatlar qabul qilish va qarorlar chiqarish boshqaruv tomonidan tasdiqlanadigan boshqaruv ish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Ijro etuvchi apparat:
korporatsiyaning ijro etuvchi apparati korporatsiya Kengashi boshqaruvi va raisi qarorlarining bajarilishini ta’minlaydi.
Ijro etuvchi apparat xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlari yollashning muayyan tizimi bilan belgilanadi.
Ijro etuvchi apparat korporatsiya foydasidan ajratmalar hisobiga, korporatsiya Kengashi tomonidan tasdiqlangan smeta doirasida mablag‘ bilan ta’minlanadi.
Ijro etuvchi apparat o‘rtacha ish haqining o‘sish sur’ati umuman korporatsiya bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining o‘sish sur’atiga muvofiq bo‘lishi kerak.
Ijro etuvchi apparatning ayrim vazifalari alohida shartnomalar yoki bitimlar bo‘yicha yollangan xodimlar tomonidan bajariladi.
VI. Korporatsiyada hisobga olish va hisobot ishlari
1. Korporatsiya natijalarining yig‘ma hisobini, ishlab chiqarishning borishini nazorat qilishni amalga oshiradi, operativ, buxgalteriya va statistik hisobni yuritadi.
2. Korporatsiya qatnashchilari har oyda korporatsiyaga yuqori organlar tomonidan belgilangan statistik hisobotni, yilning har choragida buxgalteriya hisobotini, shuningdek, qurilish va sanoat ishlab chiqarishini operativ boshqarishni amalga oshirish uchun korporatsiya xizmatiga zarur bo‘lgan axborotlarni taqdim etishga majburdir.
3. Korporatsiya buxgalteriya, operativ statistik hisobga olish va hisobot ishlari O‘zbekiston Respublikasi yuqori organlarining yo‘riqnoma hujjatlariga muvofiq olib boriladi.
VII. Korporatsiya faoliyatini to‘xtatish
1. Korporatsiya faoliyati amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq vakil qilingan organlarning qaroriga binoan to‘xtatilishi mumkin.
2. Korporatsiya qayta tuzilganda uning barcha huquq va vazifalari korporatsiyaning huquqiy vorisiga o‘tadi.
3. Korporatsiyani tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan organ tugatish komissiyasini tayinlaydi.
4. Tugatish komissiyasi mavjud mulklarni baholaydi, tugatish balansini tuzadi va uni korporatsiya qatnashchilariga taqdim etadi.
5. Korporatsiyaning pul mablag‘lari, shu jumladan, tugatish vaqtida mulklarni sotishdan tushgan mablag‘lar, ijro etuvchi apparat xodimlari bilan hisob-kitob qilingandan hamda banklar, budjet va boshqa kreditorlar oldidagi majburiyatlar bajarilgandan keyin, komissiya tomonidan, konferensiya belgilangan tartibda, korporatsiya qatnashchilari o‘rtasida taqsimlanadi.
6. Korporatsiya davlat tomonidan ro‘yxatiga olish Reyestrdan chiqarilgan vaqtdan boshlab o‘z faoliyatini to‘xtatadi.