1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.04.00 Agentliklar, inspeksiyalar va boshqa idoralar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.12.00.00 Qurilish / 09.12.08.00 Sanoat qurilishi]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari;
2.Iqtisodiyot / Arxitektura va qurilish]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON SANOAT VA XO‘JALIK QURILIShI (“O‘ZSANOATXO‘JALIKQURILISh”) DAVLAT KORPORATSIYASI TAShKIL QILISh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 18-noyabrdagi PF-2111-son “Kapital qurilishda boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida sanoat va xo‘jalik qurilishi boshqaruvini tashkil qilish samaradorligini oshirish, qurilish tashkilotlari va korxonalarining ishlab chiqarish quvvatini kuchaytirish, ularning iqtisodiy mustaqilligini kengaytirish, investitsiya dasturlarini amalga oshirish chog‘ida tashabbuskorlik va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasining Qurilish vazirligi tugatilsin.
Tugatilayotgan vazirlik tarkibiga kirgan pudrat va ixtisoslashtirilgan qurilish trestlarining, ishlab chiqarish birlashmalari va korxonalarining ixtiyoriylik asosida O‘zbekiston sanoat va xo‘jalik qurilishi (“O‘zsanoatxo‘jalikqurilish”) davlat korporatsiyasi tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston sanoat va xo‘jalik qurilishi davlat korporatsiyasi:
sanoat va xo‘jalik inshootlari qurilishini ta’minlaydigan barcha mulkchilik shaklidagi qurilish tashkilotlarini, binokorlik sanoati korxonalarini, transport, loyiha-konstruktorlik tashkilotlari hamda ixtisoslashtirilgan boshqa tashkilotlarni aksionerlik qoidalari asosida ixtiyoriy ravishda birlashtiradi;
yuridik shaxs hisoblanadi va o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari, Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan korporatsiya Ustavi asosida amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasining Qurilish vazirligi ilgari tuzgan barcha shartnomalar va qabul qilgan majburiyatlar bo‘yicha javobgar bo‘ladi;
bevosita korporatsiya tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning davlat mulkini boshqaradi, ularni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishda belgilangan tartibda ishtirok etadi.
3. Quyidagilar “O‘zsanoatxo‘jalikqurilish” korporatsiyasi faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilansin:
sanoat va xo‘jalik inshootlarini barpo etish hamda ularni qayta qurish bo‘yicha korporatsiyaga kirgan kompaniyalar, korxonalar va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
investitsiya sohasida yagona ilmiy-texnikaviy va normativ siyosatni o‘tkazish, investitsiya siklining tubdan qisqarishini ta’minlaydigan qurilish hamda binokorlik konstruksiyalari tayyorlash yangi texnologiyalarini ishlab chiqish;
inshootlarni loyihalash va qurish masalalarida ilg‘or tajribani o‘rganish va yoyish;
qurilish mashinalari, mexanizmlarini, transport vositalari hamda maxsus uskunalarni ishlab chiqish, foydalanish va ta’mirlashni tashkil etish;
investitsiya sohasida bozor munosabatlarini keng joriy etish, pudrat ishlari bozorini vujudga keltirish, qurilish ishlarini boshqarishning ilg‘or, iqtisodiy usullariga o‘tish, davlatga qarashli pudrat qurilish tashkilotlarini, hamda qurilish sanoati korxonalarini boshqa mulkchilik shakllariga aylantirish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish;
binokorlik materiallari va konstruksiyalarini, asbob-uskunalar, butlovchi buyumlarni yetkazib beruvchilar bilan bevosita shartnomaviy munosabatlarni o‘rnatishda korporatsiya tarkibiga kirgan korxonalar va tashkilotlarga ko‘maklashish, eng muhim xalq xo‘jaligi inshootlari qurilishini belgilangan tartibda ma’lum miqdorlarda ajratib beriladigan moddiy-texnika resurslari bilan ta’minlash;
korporatsiyaga kirgan korxonalar va tashkilotlar tadbirkorlik faoliyati hamda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishlarida, xorijiy sheriklar va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridagi korxonalar bilan qo‘shma korxonalar barpo etishda ularga amaliy yordam berish.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddat ichida O‘zbekiston sanoat va xo‘jalik qurilishi (“O‘zsanoatxo‘jalikqurilish”) davlat korporatsiyasini tashkil etish va uning faoliyati masalalariga oid qarorni qabul qilib, korporatsiyaning tuzilmasi va Ustavini tasdiqlasin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 25-dekabr,
PF-519-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 2-son, 77-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi 10-11-son, 208-modda)