toggle_night_mode
Hujjat 31.12.2020 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sugʻurta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 24-maydagi PQ-4337-son qaroriga muvofiq eksport faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish va soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam koʻrsatishning asosiy yoʻnalishlari;
moliyaviy yordam olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar;
eksport qiluvchi tashkilotlarning arizalarini koʻrib chiqish tartibi;
maqsadli moliyaviy yordam yoʻnalishlari va predmeti;
moliyaviy yordam miqdori va shartlari;
moliyaviy yordam koʻrsatishni rad etish tartibi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablagʻlar ajratish va ulardan foydalanish tartibi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2019-yil 11-sentabrdagi 756-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 31-dekabr,
826-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 826-son qaroriga
ILOVA
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan eksport qiluvchi tashkilotlarga eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida moliyaviy yordam koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
biznes-trening — maʼlum bir yoʻnalishda tadbirkorlar, ularning xodimlarining (ishchilarining) bilim va koʻnikmalarini hamda faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan oʻqitish shakli, shu jumladan, onlayn oʻqitish shakli;
biznes-forum — biznes vakillarining maʼlum bir yoʻnalish, soha va tarmoqdagi biznes masalalarini muhokama qilishga bagʻishlangan yigʻilishi, shu jumladan, onlayn yigʻilishi;
koʻrgazma-yarmarka tadbirlari — xorijda va Oʻzbekiston Respublikasida tashkil etiladigan xalqaro, mintaqalararo, hududlararo koʻrgazmalar, konfrensiyalar, festivallar, yarmarkalar va tadbirkorlik subyektlarining eksport imkoniyatlarini rivojlantirishga qaratilgan boshqa tadbirlar, shu jumladan, onlayn tadbirlar;
biznes-seminarlar — tadbirkorlik faoliyatiga oid tajriba, bilim va maʼlumotlar bilan almashish maqsadida oʻtkaziladigan interfaol oʻquv-amaliy tadbir shakli, shu jumladan, onlayn interfaol oʻquv-amaliy tadbir shakli;
eksport qiluvchi tashkilotlar — Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan va eksport faoliyatini amalga oshirayotgan yoki uni boshlash istagidagi tadbirkorlik subyektlari;
reklama kampaniyasi (taqdimot) — maʼlum bir davrga va bozorga moʻljallangan, eksport hajmini oshirish boʻyicha marketing maqsadlariga erishishga, xususan, mahsulotlar (xizmatlar) bilan tanishtirish, ularni taklif etish va xaridorlarni jalb qilishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlarni amalga oshirish;
standartlar — standartlash boʻyicha tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlar hamda xorijiy davlatlarning milliy standartlari;
muvofiqlik sertifikati — sertifikatlangan mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash uchun sertifikatlashtirish tizimi qoidalariga binoan berilgan hujjat;
savdo missiyalari — eksport qiluvchi tashkilotlar bilan salohiyatli xorijiy xaridorlar oʻrtasida sheriklik aloqalarini oʻrnatish, shuningdek, mahsulot taqdimotlarini oʻtkazib, salohiyatli xorijiy xaridorlar bilan kelgusida tuziladigan eksport shartnomalarining shartlarini muhokama qilish va shartnomalar tuzish maqsadida tashkil etiladigan tadbirlar.
3. Agentlik tomonidan eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam koʻrsatishning asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
standartlarni joriy qilish va muvofiqlik sertifikatlarini olish;
mahalliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) tashqi bozorlarga olib chiqish maqsadida taqdimotlar va reklama kampaniyalarini oʻtkazish;
xalqaro tender va tanlovlarda ishtirok etish;
xorijiy vakolatli organlarda milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) roʻyxatdan oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududlarida tadbirkorlar uchun eksport salohiyatini oshirish maqsadida mahalliy va xorijiy kompaniyalarni, mutaxassislarni jalb qilgan holda biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlar tashkil etish;
xorijiy mamlakatlardagi biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlarda ishtirok etish;
koʻrgazma-yarmarka tadbirlarida ishtirok etish;
mahsulotlar namunalarini tanishtirish maqsadida xorijiy xaridorlarga, eksport qiluvchi tashkilotlarning tashqi savdo uylari va shou-rumlariga, shu jumladan, xaridor topishda koʻmak olish uchun Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalariga yuborish;
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda eksport qiluvchi tashkilotlarning vakili qatnashishi talab etiladigan yoʻnalishlarda koʻrsatiladigan moliyaviy yordam eksport qiluvchi tashkilotlarning bir nafar vakili hisobga olingan holda qoplab beriladi.
4. Eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq koʻrsatiladi.
2-bob. Moliyaviy yordam olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
5. Moliyaviy yordam olish uchun eksport qiluvchi tashkilotlar tomonidan Agentlikka ushbu Nizomga 2 va 3-ilovalarda keltirilgan shakllarga muvofiq ariza va buyurtmanoma-anketa toʻldirilib, quyidagi hujjatlar bilan birgalikda taqdim etiladi:
a) standartlarni joriy qilish va muvofiqlik sertifikatlarini olish yoʻnalishlarida:
standart (sertifikat) joriy qilish (olish) rejalashtirilgan mahsulot, joy, obyekt (er) maydoni hajmi, ishlovchilar soni, ishlab chiqarish quvvatlari toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
eksport qiluvchi tashkilotlarning ixtiyoriga koʻra tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilar bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma tuzilib, standartlar joriy qilingan va (yoki) muvofiqlik sertifikatlari olingan holatlarda, xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar (shartnoma, hisob-faktura, dalolatnoma, toʻlov topshirigʻi nusxalari);
Keyingi tahrirga qarang.
b) mahalliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) tashqi bozorlarga olib chiqish maqsadida taqdimotlar va reklama kampaniyalarini oʻtkazish, koʻrgazma-yarmarka tadbirlarida ishtirok etish hamda biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlarda ishtirok etish yoʻnalishlarida — mahsulotlarning taqdimot materiallari, tarqatma materiallar (taqdimot, videorolik, broshyura, buklet, tashrif qogʻozi va boshqalar — eksport qiluvchi tashkilot tanloviga koʻra);
v) xalqaro tender va tanlovlarda ishtirok etish hamda xorijiy vakolatli organlarda milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) roʻyxatdan oʻtkazish yoʻnalishlarida — eksport qiluvchi tashkilotlarning, ularning mahsulotlari va brendlarining (tovar belgilarining) tender, tanlov yoki xorijiy vakolatli organ talablariga muvofiq kelishi boʻyicha solishtirma jadval shaklidagi maʼlumot;
g) mahsulotlar namunalarini tanishtirish maqsadida xorijiy xaridorlarga, eksport qiluvchi tashkilotlarning tashqi savdo uylari va shou-rumlariga, shu jumladan, xaridor topishda koʻmak olish uchun Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalariga yuborish yoʻnalishida — mahsulotlarning texnik koʻrsatkichlari, ishlab chiqarish quvvatlaridan kelib chiqqan holda yetkazib berish imkoniyatlari va shartlarini oʻzida aks ettirgan ingliz, rus yoki eksport qiluvchi tashkilotning ixtiyoriga koʻra boshqa zarur xorijiy tilda tayyorlangan tijorat takliflari.
Qayta tashkil etish, bankrotlik va (yoki) tugatish holatidagi Eksport qiluvchi tashkilotlarning arizalari koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Eksport qiluvchi tashkilotlardan ushbu Nizomning 5-bandida nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Eksport qiluvchi tashkilotlar tomonidan ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar Agentlikka bevosita, pochta aloqa vositasi orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan, Tashqi iqtisodiy maʼlumotlar portali orqali taqdim etiladi.
8. Eksport qiluvchi tashkilotlar tomonidan ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar Agentlikka bevosita taqdim qilinganda, arizaning nusxasi darhol hujjatlar qabul qilingan sana belgisi bilan eksport qiluvchi tashkilotga beriladi.
9. Taqdim etilgan hujjatlarning ishonchliligi uchun javobgarlik eksport qiluvchi tashkilotlarga yuklanadi.
3-bob. Eksport qiluvchi tashkilotlarning arizalarini koʻrib chiqish tartibi
10. Ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar Agentlik tomonidan ariza qabul qilingan kundan boshlab 7 ish kuni davomida koʻrib chiqiladi.
11. Agentlik arizani unga ilova qilinadigan hujjatlar bilan birgalikda belgilangan tartibda roʻyxatga oladi.
12. Agentlik taqdim etilgan hujjatlar va ularda koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻliqligi, ishonchliligi, moliyaviy yordam koʻrsatish yoʻnalishlari, shartlari va maqsadlariga hamda moliyaviy yordam miqdorining ushbu Nizom 18-bandida belgilangan yuqori chegaralarga, shuningdek, eksport operatsiyalari boʻyicha mavjud muddati oʻtgan qarzdorlikning mazkur Nizomda belgilangan miqdorlarga muvofiqligi nuqtai nazardan koʻrib chiqadi.
Bunda eksport qiluvchi tashkilotlarning eksport operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorligi miqdori (debitor qarzdorlikni undirish boʻyicha sud qarori mavjud boʻlgan debitor qarzdorlik miqdori bundan mustasno) soʻnggi 12 oyda amalga oshirilgan eksport hajmining 30 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Moliyaviy yordam toʻgʻrisidagi qaror Agentlik tomonidan qabul qilinadi.
Agentlik 1 ish kuni davomida pochta aloqa vositasi orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan, Tashqi iqtisodiy maʼlumotlar portali orqali qabul qilingan qaror toʻgʻrisida eksport qiluvchi tashkilotlarga bildirishnoma yuboradi.
Taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish va moliyaviy yordam berish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish uchun yigʻim undirilmaydi.
14. Agentlik moliyaviy yordam koʻrsatish belgilangan arizalar boʻyicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar tuzish tadbirlarini (tender, konkurs va boshqalar) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshiradi.
15. Moliyaviy yordam ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, toʻlovlar Agentlik tomonidan belgilangan tartibda tuzilgan shartnomalarga muvofiq tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilarning bank hisobvaragʻiga, amalga oshirilgan xarajatlar boʻyicha esa — qaror qabul qilingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida eksport qiluvchi tashkilotlarning bank hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
16. Agentlik tomonidan oʻtkaziladigan monitoring natijalariga koʻra Agentlik bilan eksport qiluvchi tashkilotlar va tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilar oʻrtasida tuzilgan shartnoma ijrosi shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda taʼminlanmaganligi aniqlangan taqdirda, tegishli mablagʻlar Agentlik tomonidan yuborilgan yozma bildirishnoma qabul qilingan sanadan boshlab 10 ish kuni davomida aybdor tomonidan qaytarilishi kerak.
Eksport qiluvchi tashkilotlar, tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilar va Agentlik oʻrtasida tuzilgan shartnoma shartlarining buzilishi bilan bogʻliq nizolar sud tartibida hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Maqsadli moliyaviy yordam yoʻnalishlari va predmeti
17. Moliyaviy yordam quyidagilar bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlab berish uchun koʻrsatiladi:
1) standartlarni joriy qilish va muvofiqlik sertifikatlarini olish yoʻnalishida:
standartlarni joriy qilish va muvofiqlik sertifikatlarini olish;
respublikada va xorijda mahsulotlarni sertifikatlash;
muvofiqlikni baholash;
omologatsiya;
respublikada va xorijda xalqaro standartlash va sertifikatlash tizimlarini joriy etish talablarini ishlab chiqish;
mahsulot namunalarini xorijda va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasidagi laboratoriyalarda tekshirish, sinovdan oʻtkazish, xulosalar olish, xorijdagi laboratoriyalarga mahsulot namunalarini yetkazib berish, saqlash va (yoki) yoʻq qilish, shu jumladan, xorijiy xaridorlarning talablarini bajarish va eksport shartnomalari ijrosini taʼminlash;
2) mahalliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) tashqi bozorlarga olib chiqish maqsadida taqdimotlar va reklama kampaniyalari oʻtkazish yoʻnalishida:
reklama bannerlari, interaktiv va yorugʻlik diodli koʻcha ekranlarini, shu jumladan, aeroport terminallarida oʻrnatish, tarqatma materiallarni tayyorlash;
qidiruv mashinalari asosida saytni optimallashtirish xizmatlaridan foydalanish (Search Engine Optimization — SEO);
qidiruv marketingini oʻtkazish (Search Engine Marketing — SEM);
materiallarni jamoatchilik hamjamiyatlar, forumlar, ijtimoiy tarmoqlar, shu jumladan, xeshteggingda nashr etish orqali ijtimoiy xizmatlarda saytni targʻib qilish;
raqamli reklamani tayyorlash hamda xorijiy televideniye va radioda, ijtimoiy tarmoqlar, mobil ilovalar, messenjerlar, onlayn oʻyinlarda joylashtirish, shuningdek, chet eldagi gazetalarda, biznes jurnallarda va kataloglarda nashr qilish;
mahsulot va xizmatlarni xalqaro elektron savdo maydonchalariga, shu jumladan, ularda roʻyxatdan oʻtish va aʼzo boʻlish orqali joylashtirish;
3) xalqaro tender va tanlovlarda ishtirok etish yoʻnalishida:
roʻyxatga olish yigʻimlarini toʻlash;
tender hujjatlarini olish;
4) xorijiy vakolatli organlarda mahalliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) roʻyxatdan oʻtkazish yoʻnalishida:
roʻyxatdan oʻtkazish uchun toʻlovlar;
roʻyxatdan oʻtkazilishi zarur boʻlgan mahsulotlar va brendlar (tovar belgilari) hujjatlari va namunalarini tegishli xorijiy vakolatli organlarga yetkazib berish;
roʻyxatdan oʻtkazishda xorijiy davlatdagi tashkilotlardan talab etiladigan qoʻshimcha hujjatlarni olish;
5) Oʻzbekiston Respublikasi hududlarida tadbirkorlar uchun eksport salohiyatini oshirish maqsadida mahalliy va xorijiy kompaniyalarni, mutaxassislarni jalb qilgan holda biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlar tashkil etish yoʻnalishida:
binolarni ijaraga olish;
texnik taʼminot;
qoʻshimcha uskunalarni oʻrnatish va demontaj qilish;
oʻtkaziladigan tadbir haqida axborotni tarqatish maqsadida ommaviy axborot vositalarining xizmatlaridan foydalanish;
xorijiy kompaniyalar va (yoki) mutaxassislar (murabbiylar) xizmatlaridan foydalanish (xizmat haqi, uy ijarasi, mehmonxona toʻlovi, transport xarajatlari, vakillik xarajatlari, esdalik sovgʻalar uchun xarajatlar);
tarjimonlik xizmati;
axborot-taqdimot materiallari, bukletlar tayyorlash;
kofe-breyklarni tashkil qilish;
mahalliy tadbirkorlarni jalb qilish, ularning ishtirokini taʼminlash (transport xarajatlari);
autsorsing xizmatlaridan foydalanish;
6) xorijiy mamlakatlardagi biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlarda ishtirok etish yoʻnalishida:
biznes-seminarlar, treninglar va forumlarda ishtirok etish (qatnashish toʻlovi, transport xarajati — ekonom klass uchun, mehmonxona xarajati — standart nomer uchun);
savdo missiyalarini tashkil etish (transport va mehmonxona xarajatlari, xorijiy kompaniyalar, mutaxassislarning xizmat haqi, binoni ijaraga olish, texnik taʼminot, axborot-taqdimot materiallarini tayyorlash, esdalik sovgʻalari olish, kofe-breyklar tashkil etish, vakillik xarajatlari, autsorsing xizmatlaridan foydalanish, delegatsiyaga chet elda hamrohlik qilish boʻyicha xizmatlar haqi, uchrashuv, transfer, kuzatish, tarjimon, gid xizmatlari va boshqalar);
7) koʻrgazma-yarmarka tadbirlarida ishtirok etish yoʻnalishida (eksport qiluvchi tashkilotlar alohida oʻzi shaxsan ijaraga olgan maydonda qatnashgan holatlardan tashqari):
roʻyxatga olish yigʻimlari;
koʻrgazma maydonlarini (shu jumladan, stendlarni joylashtirishning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda) hamda koʻrgazma stendi va jihozlarini ijaraga olish;
stendlarni ishlab chiqarish, montaj va demontaj qilish, qoʻshimcha koʻrgazma uskunalari va mebellarni ijaraga olish, friz yozuvi xizmati, stend dizaynini yaratish, autsorsing xizmatlari;
elektr taʼminoti manbalariga ulanish, shu jumladan, elektr energiyasidan foydalanish;
mahsulotlar namunalari va boshqa koʻrgazma eksponatlarini xorijiy davlatdagi koʻrgazma-yarmarka tadbirlari maydoniga yetkazib berish va Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarib olib kelish;
qoʻshimcha koʻrgazma xizmatlaridan foydalanish (stendni tozalash, qoʻriqlash, aloqa vositalarini ulash va boshqalar);
salohiyatli import qiluvchi xaridorlarni topish uchun ixtisoslashgan xorijiy kompaniyalar xizmatlaridan foydalanish;
taqdimot materiallari, tarqatish uchun materiallar (broshyuralar, tashrif qogʻozlari, bukletlar va boshqalar) tayyorlash;
8) mahsulotlar namunalarini tanishtirish maqsadida xorijiy xaridorlarga, eksport qiluvchi tashkilotlarning tashqi savdo uylari va shou-rumlariga, shu jumladan, xaridor topishda koʻmak olish uchun Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalariga yuborish yoʻnalishida:
mahsulot namunalarini pochta va kuryerlik xizmatlaridan foydalangan holda yetkazib berish va Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarib olib kelish;
mahsulot namunalarini transport kompaniyalari xizmatlaridan foydalangan holda yetkazib berish va Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarib olib kelish;
mahsulot namunalarini xorijiy davlatda importga rasmiylashtirish (xorijiy davlat qonunchiligiga muvofiq namuna sifatida yuborilgan mahsulotlarni import qilishda toʻlovlar undirilishi belgilangan hollarda).
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Moliyaviy yordam miqdori va shartlari
18. Agentlik tomonidan beriladigan moliyaviy yordam ushbu Nizomning 17-bandida koʻrsatilgan yoʻnalishlarga muvofiq quyidagi miqdorlarda taqdim etiladi:
standartlarni joriy qilish va muvofiqlik sertifikatlarini olish yoʻnalishida — 100 foiz, lekin bitta xalqaro standartni joriy qilish va sertifikatni olish uchun 20 000 AQSh dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda. Eksport qiluvchi tashkilotlarning ixtiyoriga koʻra tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilar bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma tuzilib, standartlar joriy qilingan va (yoki) muvofiqlik sertifikatlari olingan holatlarda, shartnoma qiymatining 80 foizi, lekin ushbu yoʻnalish uchun belgilangan summaning 50 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda moliyaviy yordam koʻrsatiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
mahalliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) tashqi bozorlarga olib chiqish maqsadida taqdimotlar va reklama kampaniyalari oʻtkazish yoʻnalishida — 100 foiz miqdorda, lekin bir eksport qiluvchi tashkilot uchun bir kalendar yilida 20 000 AQSh dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda;
xalqaro tender va tanlovlarda ishtirok etish yoʻnalishida — 100 foiz miqdorda;
xorijiy vakolatli organlarda mahalliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) roʻyxatdan oʻtkazish yoʻnalishida — 100 foiz, lekin bir eksport qiluvchi tashkilot uchun 10 000 AQSh dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda;
xorijiy mamlakatlardagi biznes-seminarlar, treninglar va biznes-forumlarda ishtirok etish, xorijiy davlatlarga savdo missiyalari tashkil etish, shu jumladan, bunday tadbirlarni Oʻzbekiston Respublikasida tashkil etish yoʻnalishida — 100 foiz miqdorda haqiqiy xarajatlar boʻyicha;
koʻrgazma-yarmarka tadbirlarida ishtirok etish yoʻnalishida — 100 foiz miqdorda Agentlikning haqiqiy xarajatlari boʻyicha cheklanmagan miqdorda. Koʻrgazma-yarmarka tadbirlarida oʻz mablagʻi hisobidan ishtirok etgan tadbirkorlarning xarajatlari Agentlik tomonidan qoplab berilmaydi;
mahsulotlar namunalarini tanishtirish maqsadida xorijiy xaridorlarga, eksport qiluvchi tashkilotlarning tashqi savdo uylari va shou-rumlariga, shu jumladan, xaridor topishda koʻmak olish uchun Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalariga yuborish yoʻnalishida — 100 foiz miqdorda, lekin bir eksport qiluvchi tashkilot uchun bir kalendar yilida jami 2000 AQSh dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda;
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda toʻlovlar Agentlik tomonidan tuziladigan shartnomalarga asosan tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchi tegishli tashkilotlarga toʻgʻridan toʻgʻri amalga oshiriladi.
Mazkur bandning ikkinchi xatboshiga muvofiq eksport qiluvchi tashkilotlar tomonidan toʻlovlar amalga oshirilgan holatlarda, xorijiy valyutadagi xarajatlar boʻyicha koʻrsatiladigan moliyaviy yordam miqdori eksport qiluvchi tashkilotlar toʻlovlarni amalga oshirgan sanada Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs boʻyicha milliy valyutada hisoblanadi.
6-bob. Moliyaviy yordam koʻrsatishni rad etish tartibi
19. Quyidagilar moliyaviy yordam koʻrsatishni rad etish uchun asos boʻladi:
eksport qiluvchi tashkilotlar tomonidan mazkur Nizomga muvofiq belgilangan hujjatlarni toʻliq hajmda taqdim etilmaganligi;
eksport qiluvchi tashkilotlar tomonidan soʻralayotgan moliyaviy yordamning mazkur Nizomda belgilangan tartib va talablarga nomuvofiqligi;
eksport operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlik mavjudligi (eksport qiluvchi tashkilotlarning eksport operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorligi miqdori soʻnggi 12 oydagi eksport hajmining 30 foizidan ortiq boʻlmagan va debitor qarzdorlikni undirish boʻyicha sud qarori mavjud boʻlgan holatlar bundan mustasno);
eksport qiluvchi tashkilotlar taqdim etgan hujjatlarda noaniq yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarning mavjudligi.
20. Boshqa sabablarga koʻra moliyaviy yordam koʻrsatishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
21. Rad etish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, Agentlik bir ish kuni davomida eksport qiluvchi tashkilotlarga Agentlikning mansabdor shaxslari tomonidan imzolangan rad etish sabablari, shuningdek, eksport qiluvchi tashkilotlar koʻrsatilgan sabablarni bartaraf etgan holda hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun topshirish muddati koʻrsatilgan holda asosli xulosani yuboradi.
22. Eksport qiluvchi tashkilotlar moliyaviy yordam koʻrsatishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablarni bartaraf etib, belgilangan muddatda ushbu Nizomda nazarda tutilgan hujjatlarni, shu jumladan, rad etishning ilgari koʻrsatilgan sabablari bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni qayta koʻrib chiqish uchun Agentlikka topshirish huquqiga ega.
23. Eksport qiluvchi tashkilot belgilangan muddatda moliyaviy yordam koʻrsatishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablarni bartaraf etgan taqdirda, hujjatlar Agentlik tomonidan rad etilgan sabablarni bartaraf etish uchun ariza olingan kundan boshlab uch ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda qayta koʻrib chiqiladi.
24. Arizani qayta koʻrib chiqishda Agentlik tomonidan rad etishning ilgari yozma ravishda aytilmagan sabablarini koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmaydi, ilgari koʻrsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan bogʻliq rad etish sabablari bundan mustasno.
25. Belgilangan muddatdan keyin berilgan hujjatlar yangi topshirilgan deb hisoblanadi va umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi.
26. Eksport qiluvchi tashkilotlar moliyaviy yordam koʻrsatishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek, Agentlikning mansabdor shaxslari harakati (harakatsizligi) yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
7-bob. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablagʻlar ajratish va ulardan foydalanish tartibi
27. Eksport qiluvchi tashkilotlarga xarajatlarni qoplash boʻyicha koʻrsatiladigan moliyaviy yordam bilan bogʻliq Agentlikning xarajatlari Agentlik uchun nazarda tutilgan budjet mablagʻlari doirasida amalga oshiriladi.
Moliyaviy yil davomida tadbirkorlik subyektlarining taqdim etgan arizalariga muvofiq moliyalashtirish zarurligidan kelib chiqqan holda, tasdiqlangan bazaviy smetaga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
28. Har bir moliyaviy yil boshida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksportga koʻmaklashish va uni ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 20-dekabrdagi PQ-4069-son qaroriga muvofiq Agentlikning tasdiqlangan smeta boʻyicha buyurtmanomasi olingan kundan boshlab uch bank ish kuni mobaynida Agentlikni moliyalashtiradi.
29. Oʻzbekiston Respublikasi hududida xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq moliyalashtiriladi.
30. Xorijdagi shartnomalar boʻyicha xarajatlar Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlarining chet el valyutasidagi mablagʻlarini samarali boshqarish toʻgʻrisida” 2020-yil 23-maydagi 329-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
31. Moliya yili yakuni boʻyicha Agentlik shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida foydalanilmay qolgan budjet mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytariladi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. Ushbu Nizom qoidalarini buzgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
33. Budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanish uchun javobgarlik Agentlikka yuklanadi.
34. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi eksport qiluvchi tashkilotlarga ushbu Nizomga muvofiq moliyaviy yordam koʻrsatish boʻyicha Agentlik faoliyatining samaradorligini monitoring qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam koʻrsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Masʼul ijrochilar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Eksport qiluvchi tashkilotlar

Ariza, buyurtmanoma-anketa va boshqa zarur hujjatlarni tayyorlash hamda toʻgʻridan toʻgʻri, pochta aloqa vositasi orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan, Tashqi iqtisodiy maʼlumotlar portali orqali taqdim etish.

Eksport qiluvchi tashkilotlarning ixtiyoriga koʻra

 

2-bosqich

Eksportni ragʻbatlantirish agentligi

Arizalarni koʻrib chiqish va moliyaviy yordam koʻrsatish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.

Ariza qabul qilingan kundan boshlab 7 ish kunida

3-bosqich

Eksportni ragʻbatlantirish agentligi

Eksport qiluvchi tashkilotlarga qabul qilingan qaror toʻgʻrisida bildirishnoma yuborish.

Qaror qabul qilingan kundan boshlab 1 ish kunida

Moliyaviy yordam koʻrsatish belgilangan arizalar boʻyicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar tuzish tadbirlarini (tender, konkurs va boshqalar) amalga oshirish.

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddat�arda

4-bosqich

Eksportni ragʻbatlantirish agentligi

Moliyaviy yordam koʻrsatish boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish:

a) Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan belgilangan tartibda tuzilgan shartnomalar boʻyicha;

Shartnomada belgilangan muddatda

b) amalga oshirilgan xarajatlar boʻyicha.

Qaror qabul qilingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida

5-bosqich

Eksportni ragʻbatlantirish agentligi

Eksportni ragʻbatlantirish agentligi bilan eksport qiluvchi tashkilot va tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma ijrosi�i monitoring qilish.

Doimiy ravishda

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

Buyurtmanoma-anketa

1.

Eksport qiluvchi tashkilotning nomi:

2.

Murojaat qiluvchi shaxs (F.I.O., lavozimi):

3.

Bogʻlanish uchun maʼlumotlar (telefon, e-mail):

4.

Eksport qiluvchi tashkilot veb-sayti:

(agar mavjud boʻlsa)

5.

Eksport qiluvchi tashkilotning tashkil topgan yili:

6.

Eksport qiluvchi tashkilotning joylashgan eri (pochta manzili):

7.

Shtat (ishchilar soni):

8.

Soʻnggi hisobot yilida mahsulot turlari boʻyicha ishlab chiqarish hajmi (miqdori va qiymati):

1.

2.

...

(agar mavjud boʻlsa)

9.

Soʻnggi hisobot yilida mahsulot turlari boʻyicha eksport hajmi (miqdori va qiymati, ming dollarda):

1.

2.

...

(agar mavjud boʻlsa)

10.

Soʻnggi hisobot yilida mahsulotlar eksport qilingan davlatlar nomi va eksport hajmi (ming dollarda)

(agar mavjud boʻlsa)

11.

Joriy qilingan (olingan) standart (sertifikat) nomi, shu jumladan, Eksportni ragʻbatlantirish agentligining moliyaviy yordami hisobidan (standart (sertifikat) nomi, yili, moliyaviy yordam miqdori — ming dollarda)

(agar mavjud boʻlsa)

12.

Joriy qilish (olish) rejalashtirilgan standart (sertifikat) nomi*

13.

Standart (sertifikat) joriy qilingandan (olingandan) soʻng rejalashtirilgan yillik oʻrtacha ishlab chiqarish va eksport hajmi (ming dollarda) — kelgusi 2 yil uchun, eksport qilish rejalashtirilgan davlatlar nomi*

14.

Soʻnggi ikki yilda taqdimotlar va reklama kampaniyalari oʻtkazilgan davlatlar (ommaviy axborot vositalari va boshqalar) nomi, shu jumladan, Eksportni ragʻbatlantirish agentligining moliyaviy yordami hisobidan (murojaatlar soni, davlatlar nomi, yili, moliyaviy yordam miqdori — ming dollarda)

(agar mavjud boʻlsa)

15.

Taqdimotlar va reklama kampaniyalari oʻtkazish rejalashtirilgan davlatlar va ommaviy axborot vositalari nomi**

16.

Soʻnggi ikki yilda ishtirok etilgan xalqaro tenderlar va tanlovlar (soni, davlati), erishilgan shartnomalar qiymati, shu jumladan, Eksportni ragʻbatlantirish agentligining moliyaviy yordami hisobidan (soni, davlati, yili, moliyaviy yordam miqdori — ming dollarda)

(agar mavjud boʻlsa)

17.

Xorijiy vakolatli organlarda roʻyxatdan oʻtkazilgan mahsulotlar (nomi, davlati, yili), shu jumladan, Eksportni ragʻbatlantirish agentligining moliyaviy yordami hisobidan (mahsulot va davlat nomi, yili, moliyaviy yordam miqdori — ming dollarda)

(agar mavjud boʻlsa)

18.

Soʻnggi ikki yilda ishtirok etilgan biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlar (nomi, davlati), shu jumladan, Eksportni ragʻbatlantirish agentligining moliyaviy yordami hisobidan (nomi, davlati, yili, moliyaviy yordam miqdori — ming dollarda)

(agar mavjud boʻlsa)

19.

Soʻnggi ikki yilda ishtirok etilgan koʻrgazma-yarmarka tadbirlari (nomi, davlati, yili), erishilgan eksport shartnomalari (soni va qiymati — ming dollarda), shu jumladan, Eksportni ragʻbatlantirish agentligining moliyaviy yordami hisobidan (nomi, davlati, yili, tuzilgan memorandum, kelishuv yoki eksport shartnomalari soni va ularning umumiy qiymati — ming dollarda, moliyaviy yordam miqdori — ming dollarda)

(agar mavjud boʻlsa)

20.

Ishtirok etish rejalashtirilgan koʻrgazma-yarmarka tadbiri nomi, oʻtkazilish joyi (davlati), sanasi, namoyish etiladigan mahsulotlar nomi***

21.

Mahsulotlar namunalari yuborilgan davlatlar va mahsulotlar nomi, erishilgan eksport hajmi, shu jumladan, Eksportni ragʻbatlantirish agentligining moliyaviy yordami hisobidan (davlatlar va mahsulot nomi, murojaatlar soni, moliyaviy yordam miqdori va yillar kesimida erishilgan eksport hajmi — ming dollarda)

(agar mavjud boʻlsa)

22.

Namunalari yuborish rejalashtirilgan mahsulotlar, davlatlar, xaridorlar, tashqi savdo uylari va shou-rumlar, Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari nomi, mahsulotlar ogʻirligi (kg), imzolanishi kutilayotgan shartnoma hajmi — ming dollarda****

Izoh.
* Standartlarni joriy qilish va muvofiqlik sertifikatlarini olish yoʻnalishida murojaat qiladigan eksport qiluvchi tashkilotlar tomonidan toʻldiriladi.
** Mahalliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) tashqi bozorlarga olib chiqish maqsadida taqdimotlar va reklama kampaniyalarini oʻtkazish yoʻnalishda murojaat qiladigan eksport qiluvchi tashkilotlar tomonidan toʻldiriladi.
*** Koʻrgazma-yarmarka tadbirlarida ishtirok etish yoʻnalishida murojaat qiladigan eksport qiluvchi tashkilotlar tomonidan toʻldiriladi.
**** Mahsulotlar namunalarini tanishtirish maqsadida xorijiy xaridorlarga, eksport qiluvchi tashkilotlarning tashqi savdo uylari va shou-rumlariga, shu jumladan,, xaridor topishda koʻmak olish uchun Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalariga yuborish yoʻnalishida murojaat qiladigan eksport qiluvchi tashkilotlar tomonidan toʻldiriladi.




______________________________ rahbari

(eksport qiluvchi tashkilot nomi)

_______________

(imzo)

_________________

(F.I.O.)

Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 09/20/826/1690-son; 30.03.2021-y., 09/21/167/0255-son; 15.10.2022-y., 09/22/605/0932-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2023-y., 06/23/2/0024-son; 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)