1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.27.00.00 Valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilish / 07.27.04.00 Chet el valyutasidagi hisob-kitoblar va toʻlovlar;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.27.00.00 Valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilish / 07.27.07.00 Valyuta hisobvaraqlari]
[TSZ:
1.Moliya / Budjet. Budjetdan tashqari jamgʻarmalar;
2.Moliya / Valyutani tartibga solish. Qimmatbaho metallar (toshlar)]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlarining chet el valyutasidagi mablagʻlarini samarali boshqarish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va davlat xaridlari jarayoniga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 5-dekabrdagi PQ-4544-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlarining chet el valyutasidagi mablagʻlarini samarali boshqarishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki:
budjet tashkilotlari va davlat maqsadli jamgʻarmalarining chet el valyutasidagi operatsiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi tomonidan gʻazna ijrosi yoʻli bilan amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi tomonidan budjet tashkilotlari va davlat maqsadli jamgʻarmalari uchun chet el valyutasida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari ochiladi;
budjet tashkilotlari va davlat maqsadli jamgʻarmalari tomonidan tijorat banklarida chet el valyutasidagi bank hisobvaraqlari ochilishi taqiqlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarida nazarda tutilgan, shuningdek, davlat siri boʻlgan maʼlumotlar yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlar bilan bogʻliq holatlar bundan mustasno.
2. Oʻzbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlari chet el valyutasidagi mablagʻlarining gʻazna ijrosi tartibi toʻgʻrisidagi quyidagilarni nazarda tutuvchi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
budjet tizimi budjetlarining chet el valyutasidagi operatsiyalarini gʻazna ijrosi orqali amalga oshirish tartibini belgilash;
budjet tizimi budjetlarining chet el valyutasidagi mablagʻlarini samarali boshqarish;
davlat moliyasini boshqarish axborot tizimi orqali budjet tizimi budjetlarining chet el valyutasidagi operatsiyalari boʻyicha axborotlarni jamlash, hisobi va hisobotini yuritish;
zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda budjet tizimi budjetlarining chet el valyutasidagi mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-avgustdagi 472-sonli qaroriga asosan 2020-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2020-y., 09/20/472/1155-son)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri D.A. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 23-may,
329-son
Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-maydagi 329-son qaroriga ILOVA
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.08.00.00 Gʻaznachilik]
Oʻzbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlari chet el valyutasidagi mablagʻlarining gʻazna ijrosi tartibi toʻgʻrisida
nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining budjet tizimi budjetlari (keyingi oʻrinlarda — budjet tizimi budjetlari) chet el valyutasidagi mablagʻlarining gʻazna ijrosi tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda kuyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
buyurtmachi — budjet tashkilotlari, davlat maqsadli jamgʻarmalari va budjet mablagʻlari oluvchilar;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
axborot tizimi — budjet tizimi budjetlarining budjet jarayonini kompleks avtomatlashtirish, shu jumladan, budjet tizimi budjetlari ijrosi bilan bogʻliq operatsiyalarni aks ettirish uchun moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot tizimi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
“UzASBO” DM — budjet tashkilotlari tomonidan budjet hisobi va hisobotining yuritilishini kompleks avtomatlashtirish uchun moʻljallangan dasturiy majmua.
chet el valyutasidagi Yagona gʻazna hisobvaragʻi (keyingi oʻrinlarda — YAVGʻH) — budjet tizimi budjetlarining valyuta operatsiyalarini gʻazna ijrosi yoʻli bilan amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi (keyingi oʻrinlarda — Gʻaznachilik) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida ochiladigan maxsus bank hisobvaragʻi;
chet el valyutasidagi operatsiyalar tizimi — budjet tizimi budjetlari YAVGʻXdan foydalangan holda axborot tizimi orqali amalga oshiriladigan operatsiyalar tizimi;
Moliya vazirligining chet el valyutasidagi operatsiyalari-tashqi karzni qaytarish hamda davlat kafolatlari boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish, xalqaro tashkilotlarga aʼzolik badallarini toʻlash, chet el valyutasini sotish va sotib olish, chet el valyutasidagi mablagʻlarni boshqarish va depozitlarga joylashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq budjet ssudalarini va subsidiyalarini ajratish hamda kredit liniyalarini ochish, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini ajratish bilan bogʻlik operatsiyalar.
3. Ushbu Nizomning amal qilishi qonunchilik hujjatlariga muvofiq budjetning gʻazna ijrosi bilan qamrab olingan budjet tizimi budjetlariga tatbiq etiladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Ushbu Nizomning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan, shuningdek, davlat siri boʻlgan maʼlumotlar yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlar bilan bogʻliq alohida operatsiyalarga tatbiq etilmaydi va ushbu operatsiyalar qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5. Har bir chet el valyutasi boʻyicha alohida YAVGʻH ochiladi.
6. Budjet tizimi budjetlarining chet el valyutasidagi mablagʻlariga Gʻaznachilik tomonidan YAVGʻHdan foydalangan holda xizmat koʻrsatish chet el valyutasidagi mablagʻlarni kirim qilish, toʻlovlarni amalga oshirish, hisobini yuritish (keyingi oʻrinlarda — valyuta operatsiyalari) orqali amalga oshiriladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Moliya vazirligi) va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (keyingi oʻrinlarda — Markaziy bank) axborot tizimlari oʻrtasida elektron raqamli imzo qoʻllanilgan holda axborot almashiladi.
8. Qonunchilik hujjatlariga muvofiq budjet tizimi budjetlariga oʻtkazilishi lozim boʻlgan chet el valyutasida toʻlanadigan toʻlovlarni qabul qilish uchun belgilangan tartibda tushumlar boʻyicha chet el valyutasidagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarini (keyingi oʻrinlarda — SHGʻH) ochish va yopish Gʻaznachilik tomonidan amalga oshiriladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
9. Buyurtmachilarning chet el valyutasidagi tushumlari (mablagʻlari) YAVGʻHga kirim qilinadi hamda ularning SHGʻHda aks ettiriladi.
10. Buyurtmachilarning chet el valyutasidagi xarajatlari (toʻlovlari) SHGʻH qoldiqlari doirasida YAVGʻHdan Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan axborot tizimida amalga oshiriladi.
Buyurtmachilar SHGʻHdagi mablagʻlar ular tomonidan tovarlar va xizmatlar importi uchun tuzilgan shartnomalarga muvofiq sarflanadi.
2-bob. Moliya vazirligining chet el valyutasidagi operatsiyalarini amalga oshirish tartibi
11. Moliya vazirligining chet el valyutasidagi operatsiyalarining hisobi valyuta turlari boʻyicha Gʻaznachilik tomonidan ochiladigan alohida SHGʻHda yuritiladi.
12. Moliya vazirligining chet el valyutasidagi operatsiyalari Gʻaznachilik tomonidan amalga oshiriladi.
13. Moliya vazirligining chet el valyutasi yoki milliy valyutadagi mablagʻlarini milliy valyutaga yoki aksincha chet el valyutasiga konvertatsiya qilish hamda toʻlovlarni amalga oshirish Gʻaznachilik tomonidan Markaziy bankka taqdim etiladigan buyurtmalar va toʻlov topshiriqnomalari asosida amalga oshiriladi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolati ostida xalqaro moliya institutlari hamda chet el hukumatlari moliya tashkilotlarining qarz va kreditlarini jalb qilgan tashkilotlar jalb qilingan mablagʻlar boʻyicha toʻlovlarni qaytarish jadvali asosida Gʻaznachilikning tegishli YAVGʻHga oʻtkazib beradi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan berilgan Hukumat kafolatlari bajarilishini taʼminlash maqsadida xalqaro moliya institutlari hamda chet el hukumatlari moliya tashkilotlaridan jalb qilingan qarz va kreditlarning qaytarilishi boʻyicha toʻlovlar Gʻaznachilik tomonidan YAVGʻHdagi mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
16. Moliya vazirligining SHGʻHdagi boʻsh turgan mablagʻlaridan samarali foydalanish maqsadida chet el valyuta mablagʻlari Gʻaznachilik tomonidan Markaziy bank depozitiga joylashtirilishi mumkin.
17. Markaziy bank tomonidan depozitga qabul qilingan Moliya vazirligining chet el valyutasidagi mablagʻlari va ularning qoldiqlari boʻyicha toʻliq maʼlumot Moliya vazirligining yozma murojaatiga asosan taqdim etiladi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan xalqaro moliya institutlari hamda chet el hukumatlari moliya tashkilotlaridan jalb qilingan chet el valyutadagi qarzlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq Gʻaznachilik tomonidan:
Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini moliyalashtirishga;
Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini moliyalashtirishga;
tarmoqlarni, iqtisodiyot sohalarini va mintaqalarni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish uchun kreditlarni (qarzlarni) qaytadan kreditlashga yoʻnaltiriladi.
3-bob. Chet el valyutasidagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarini ochish va yopish tartibi
19. Budjet tizimi budjetlarining YAVGʻHni yuritish uchun tegishli valyuta turlari boʻyicha axborot tizimida Gʻaznachilik tomonidan:
chet el valyutasidagi shaxsiy gʻazna hisobvaragʻi (lari)ni ochish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakldagi arizaga;
chet el valyutasidagi shaxsiy gʻazna hisobvaragʻi (lari)ni yopish ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi arizaga asosan amalga oshiriladi.
Buyurtmachilar SHGʻHni ochish yoki yopish uchun taqdim qilingan arizalar, taqdim etilgan kundan boshlab bir ish kuni mobaynida ijro etiladi.
Buyurtmachilar tomonidan SHGʻHni ochish yoki yopish uchun taqdim qilingan arizalar notoʻgʻri rasmiylashtirilgan yoki toʻliq toʻldirilmagan hollarda, taqdim etilgan arizalar, ulardagi kamchiliklarni bartaraf etgan holda qayta kiritish uchun bir ish kuni mobaynida qaytariladi va bu haqda buyurtmachi xabardor qilinadi.
4-bob. Imzolar namunalari va muhr izi kartochkasi
20. Imzolar namunalari va muhr izi kartochkasi buyurtmachilar tomonidan, dastlab ularga SHGʻH ochilganida hamda keyinchalik doimiy ravishda moliya yili boshlanishidan kamida besh ish kuni oldin har moliya yili uchun ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda ikkita asl nusxada tuziladi. Kartochkaning bitta asl nusxasi Gʻaznachilik yoki uning hududiy boshqarmalariga taqdim qilinadi va ikkinchisi buyurtmachining oʻzida qoladi.
Imzolar namunalari va muhr izi kartochkasi buyurtmachilarning yuqori turuvchi tashkilotlari tomonidan tasdiqlanadi.
Agar buyurtmachilarning yuqori turuvchi tashkiloti boʻlmasa, unda imzolar namunalari va muhr izi kartochkasi ushbu buyurtmachilarning rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
21. Imzolar namunalari va muhr izi kartochkasining orqa tomonida buyurtmachilarning SHGʻH raqamlari va nomlari koʻrsatiladi.
22. Imzolar namunalari va muhr izi kartochkasiga buyurtmachilarning rahbari, bosh buxgalteri va uning oʻrinbosari, shuningdek, yuriskonsult yoki rahbar tomonidan vakolat berilgan shaxslarning imzolari namunalari kiritiladi va buyurtmachilarning muhr izi bilan tasdiqlanadi. Agar buyurtmachilarda yuriskonsult shtati mavjud boʻlmasa, uning imzosi boʻlishi talab qilinmaydi.
23. Imzolar namunalari va muhr izi kartochkasidagi imzolar namunalari tegishli xodimlarning oʻz qoʻllari bilan qoʻyilgan boʻlishi lozim. Imzolar namunalari faksimile orqali qoʻyilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
24. Birinchi imzo huquqi bosh buxgalterga yoki ikkinchi imzo huquqiga ega boshqa shaxslarga berilishi mumkin emas.
Buyurtmachilarda buxgalter lavozimi boʻlmaganda imzolar namunalari va muhr izi kartochkasining ikkinchi imzo qatorida “nazarda tutilmagan” yozuvi koʻrsatiladi.
25. Shaxslarga vaqtinchalik birinchi yoki ikkinchi imzo huquqi berilganda, shuningdek, rahbar tomonidan vakolat berilgan shaxslardan biri vaqtinchalik almashtirilganda vaqtincha vakolatga ega boʻlgan shaxsning imzo namunasi boʻlgan kartochka, amal qilish muddati koʻrsatilgan holda ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda ikkita asl nusxada tuziladi va Gʻaznachilik yoki uning hududiy boshqarmalariga bitta asl nusxasi taqdim qilinadi, ikkinchi asl nusxasi buyurtmachining oʻzida qoladi.
26. Buyurtmachining imzolar namunalari va muhr izi kartochkasida aks ettirilgan muhr oʻzgarganda, imzolardan biri almashganda yoki toʻldirilganda, ushbu buyurtmachi tasdiqlangan yangi imzolar namunalari va muhr izi kartochkasini taqdim etadi. Amal qilish muddati tugagan imzolar namunalari va muhr izi kartochkalari Gʻaznachilik yoki uning hududiy boshqarmalarida saqlanadi.
27. Gʻaznachilik yoki uning hududiy boshqarmalari imzolar namunalari va muhr izi kartochkasidan buyurtmachilarning moliyaviy majburiyatlarini roʻyxatdan oʻtkazishda va hisobga olishda, shuningdek, toʻlovlarni amalga oshirishda ulardagi imzolar va muhr izini imzolar namunalari va muhr izi kartochkasida koʻrsatilgan imzolar va muhr izi namunalariga solishtirishda foydalanadi.
Bunda buyurtmachilarning Gʻaznachilik yoki uning hududiy boshqarmalariga taqdim qilingan yuridik va moliyaviy majburiyatlarini tasdiqlovchi hujjatlardagi imzolar va muhr izining haqiqiyligiga buyurtmachilar rahbarlari va bosh buxgalterlari javobgardir.
5-bob. Chet el valyutasidagi Yagona gʻazna hisobvaragʻidagi mablagʻlarni konvertatsiya qilish tartibi
28. Buyurtmachi chet el valyutasini sotib olish va sotish uchun ushbu Nizomga 4 va 5-ilovalarga muvofiq shakllarda Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalariga buyurtmanomalar taqdim etadi.
281. Buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan buyurtmanomalarda koʻrsatilgan chet el valyutasini xarid qilishda chet el banklarining vositachilik haqlari hisobga olingan boʻlishi lozim.
282. Buyurtmachining chet el valyutasidagi xarajatlarining toʻlovlari boshqa birlikdagi chet el valyutasida amalga oshirilishi natijasida “kross kurs” hisobiga hosil boʻlgan kurs tafovuti miqdoridagi mablagʻ uch ish kunida buyurtmachi tomonidan oʻzining tegishli SHGʻHga oʻtkazilishi shart.
(281 va 282-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-son qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
29. Buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan buyurtmanomalar Gʻaznachilik yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan bir ish kuni mobaynida buyurtmanomalarda koʻrsatilgan chet el valyutasini xarid qilish xarajatlarini qoplashga buyurtmachi SHGʻXda yetarli mablagʻlar mavjudligi, shuningdek, chet el valyutasini xarid qilish uchun asoslovchi hujjatlar (xorijiy hamkor bilan tuzilgan shartnoma, bitim va boshqalar) hamda buyurtmachi vakolatli shaxslarining imzolari va muhr izini buyurtmachi tomonidan taqdim qilingan imzo namunalari va muhr izi kartochkasiga muvofiqligi tekshiriladi hamda xatoliklar aniqlanmaganda, elektron shakldagi buyurtmanoma Gʻaznachilik tomonidan shakllantiriladi.
Bunda Gʻaznachilik chet el valyutasini xarid qilish uchun buyurtmanomani elektron raqamli imzodan foydalangan holda bir ish kunida Markaziy bank tomonidan tasdiqlangan shakl boʻyicha Markaziy bankka yuboradi.
30. Gʻaznachilik tomonidan yuborilgan buyurtmanoma Markaziy bank uchun banklararo savdo sessiyasida chet el valyutasini xarid qilish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
31. Buyurtmanoma ijro qilinganidan soʻng Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalari uning bir nusxasini SHGʻHdan ushbu Nizomga 6-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha koʻchirma bilan birga buyurtmachiga taqdim etadi.
32. Gʻaznachilik Markaziy bank tomonidan qaytarilgan buyurtmanomalarda xatoliklar aniqlagan hollarda, xatoliklar aniqlangan kundan keyingi bank ish kunidan kechiktirmasdan, elektron shaklda yuborilgan hollarda esa shu kunning oʻzida kamchiliklarni asoslangan holda toʻgʻrilash uchun buyurtmanomalarni unga ilova qilingan koʻchirma nusxasi bilan birga buyurtmachiga qaytaradi.
33. Gʻaznachilik tomonidan Moliya vazirligining chet el valyutasidagi operatsiyalarini amalga oshirishda chet el valyutasini sotib olish va sotish uchun elektron shakldagi buyurtmanoma shakllantiriladi va elektron raqamli imzodan foydalangan holda Markaziy bankka yuboriladi,
331. Joriy moliya yilida budjet mablagʻlari hisobidan konvertatsiya qilingan, lekin foydalanilmagan chet el valyutasidagi mablagʻlar moliya yili yakuniga qadar milliy valyutaga konvertatsiya qilingan holda tegishli buyurtmachining SHGʻHdagi kassa xarajatini kamaytirish yoʻli bilan budjetga tiklanadi (akkreditiv hisob-kitoblar va chet el banklari tomonidan undirilgan vositachilik haqlari bundan mustasno).
(331-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-son qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
6-bob. Chet el valyutasidagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlaridan toʻlovlarni amalga oshirish tartibi
34. Chet el valyutasidagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlaridan toʻlovlarni amalga oshirish uchun buyurtmachi Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalariga ushbu Nizomga 7-ilovaga muvofiq shaklda ikkita nusxada toʻlov topshiriqnomasini taqdim etadi.
35. Toʻlov topshiriqnomasi qabul qilinganidan soʻng Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan bir ish kuni mobaynida:
toʻlov topshiriqnomasidagi imzolar va muhrning imzolar namunalari va muhr izi kartochkasidagi imzolar va muhrlarga mosligi;
toʻlov topshiriqnomasining toʻgʻri toʻldirilganligi va koʻrsatilgan SHKXDU yetarli mablagʻlar mavjudligi tekshiriladi.
Buyurtmachilarning tashqi savdo amaliyotlari monitoringini amalga oshirish maqsadida gʻaznachilik boʻlinmalari toʻlovlarni amalga oshirishda yoki akkreditiv ochishda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — TSOYAEAT)dagi maʼlumotlarni shartnoma shartlari bilan solishtirishni amalga oshiradi.
Buyurtmachilar tomonidan TSOYAEATga kiritilgan maʼlumotlar oʻrtasida farqlar mavjud boʻlmagan takdirda, gʻaznachilik boʻlinmalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ushbu shartnoma boʻyicha operatsiyalarni amalga oshiradi.
(35-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
36. Toʻlov topshiriqnomasi Gʻaznachilik tomonidan tekshiriladi hamda kamchiliklar boʻlmaganida toʻlovni amalga oshirish uchun elektron raqamli imzodan foydalangan holda Markaziy bankka yuboriladi.
37. Toʻlov topshiriqnomasi ushbu Nizomning 35-bandi talablariga muvofiq boʻlmaganda Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan toʻlov topshiriqnomasining orqa tomonida qaytarish sabablarini koʻrsatgan holda bir ish kunidan kechiktirmasdan buyurtmachi masʼul xodimiga qaytariladi.
38. Gʻaznachilik tomonidan toʻlov topshiriqnomasining asl nusxasi Markaziy bankka taqdim etilmaydi.
Gʻaznachilik tomonidan taqdim etilgan elektron toʻlov topshiriqnomalari toʻlovni amalga oshirish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
Bunda toʻlov topshiriqnomasining asl nusxasi Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalarida saqlanadi.
39. Bir SHGʻHdan boshqa SHGʻHga mablagʻ oʻtkazish buyurtmachi tomonidan Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalariga gʻaznachilik memorial orderini taqdim etish orqali amalga oshiriladi.
40. Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan buyurtmachining toʻlov topshiriqnomalari va gʻaznachilik memorial orderlarini ijro qilish ular taqdim etilgan kundan keyingi bank ish kunidan kechiktirmasdan amalga oshiriladi.
41. Buyurtmachilar elektron toʻlov topshiriqnomalari va gʻazna memorial orderlarini Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalariga dasturiy taʼminot orqali shakllantirgan holda, elektron hujjat shaklida elektron raqamli imzo bilan tasdiqlagan holda yuborishi mumkin.
42. Gʻaznachilik tomonidan Moliya vazirligining chet el valyutasidagi operatsiyalarini amalga oshirishda toʻlovlarni amalga oshirish uchun elektron shakldagi toʻlov topshiriqnomasi shakllantiriladi va elektron raqamli imzodan foydalangan holda Markaziy bankka yuboriladi.
7-bob. Chet el valyutasidagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlaridan toʻlovlarni amalga oshirishda akkreditiv boʻyicha hisob-kitoblar
43. Qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan shartnomada akkreditiv toʻlov shakli nazarda tutilgan boʻlsa, buyurtmachi gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalariga tegishli shartnomaning nusxasini ilova qilgan holda ushbu Nizomga 8-ilovaga muvofiq shaklda ikki nusxada akkreditivni ochish uchun ariza taqdim etadi.
(43-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
44. Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan buyurtmachi taqdim qilgan akkreditiv ochish uchun ariza va unga tegishli shartnomadagi maʼlumotlarning bir-biriga muvofiqligi bir bank ish kunida tekshiriladi.
Maʼlumotlar toʻgʻri boʻlganida, bir ish kuni ichida axborot tizimida akkreditiv ochish boʻyicha elektron hujjat shakllantiriladi.
Elektron hujjat shakllantirilganidan soʻng elektron raqamli imzodan foydalanilgan holda Gʻaznachilik tomonidan bir ish kuni ichida Markaziy bankka yuboriladi.
45. Gʻaznachilik tomonidan akkreditivni ochish uchun taqdim etilgan ariza (elektron hujjat) asosida Markaziy bank butunjaxon banklararo moliyaviy telekommunikatsiyalar hamjamiyati (keyingi oʻrinlarda — SWIFT) tizimi orqali akkreditiv ochish uchun tegishli tijorat bankiga belgilangan tartibda ijro etish uchun arizani yuboradi.
Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan akkreditivni ochish uchun taqdim etilgan elektron hujjat Markaziy bank uchun akkreditiv ochish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
46. Axborot tizimi orqali akkreditiv ochish uchun taqdim etilgan elektron hujjatlarning asl nusxalari Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalarida saqlanadi.
47. Akkreditiv ochilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot axborot tizimiga tushganidan soʻng arizada koʻrsatilgan mablagʻlar gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan bir ish kuni buyurtmachining SHGʻHdan akkreditiv hisobvaragʻiga oʻtkaziladi hamda arizaning koʻchirma nusxasi va unga ilova qilingan shartnoma nusxasi Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan buyurtmachilarga qaytariladi, asl nusxasi Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan SHGʻH boʻyicha yuritiladigan yigʻma jildga tikiladi.
48. Gʻaznachilik Markaziy bank va tijorat banklari tomonidan akkreditivni ochish uchun arizani rasmiylashtirishda xatoliklar aniqlangan hollarda, xatoliklar aniqlangan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan, elektron shaklda yuborilgan hollarda esa shu kunning oʻzida xatoliklarni asoslangan holda toʻgʻrilash uchun arizani unga ilova qilingan shartnoma nusxasi bilan birga buyurtmachiga qaytaradi (yuboradi).
49. Buyurtmachilarning tuzilgan tashqi savdo shartnomalari boʻyicha toʻlovlarini amalga oshirish va monitoringini olib borish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Buyurtmachilarning tashqi savdo shartnomalari boʻyicha mablagʻlarning harakati toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumot Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan kiritiladi.
50. Buyurtmachilarning tashqi savdo amaliyotlari monitoringini amalga oshirish maqsadida Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalari toʻlovlarni amalga oshirishda yoki akkreditiv ochishda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimidagi maʼlumotlarni shartnoma shartlari bilan solishtirishni amalga oshiradi.
51. Buyurtmachilar tomonidan Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlar oʻrtasida farqlar mavjud boʻlmagan taqdirda, Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ushbu shartnoma boʻyicha operatsiyalarni amalga oshiradi.
(51-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Buyurtmachilarning tashqi savdo shartnomalari hamda boshqa har qanday chet el valyutasidagi toʻlovlarini amalga oshirishda tijorat banklari va chet el banklari tomonidan undiriladigan vositachilik haqlariga toʻlovlar shartnoma asosida Gʻaznachilik tomonidan buyurtmachilarning SHGʻHdan amalga oshiriladi.
Bunda buyurtmachilarning SHGʻHda tegishli mablagʻ mavjud boʻlmagan hollarda ushbu xarajatlar axborot tizimining aniqlanmagan xarajatlari sifatida aks ettiriladi va tegishliligi boʻyicha buyurtmachi tomonidan qoplab beriladi.
(51-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-son qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
8-bob. Chet el valyutasidagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlaridagi mablagʻlar doirasida naqd pul mablagʻlarini olish tartibi
52. Naqd pul mablagʻlarini olish uchun Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan tijorat banklarida tegishli chet el valyuta turlari boʻyicha mos ravishda 23212 — “Moliya vazirligi Gʻaznachiligi mablagʻlari” va 23214 — “Moliya vazirligi Gʻaznachiligining hududiy boʻlinmalari mablagʻlari” hisobvaraqlari ochiladi,
53. Buyurtmachining SHGʻHdan naqd pul mablagʻlari olish va ularni qaytarish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(53-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2016-yil 22-noyabrdagi 88-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlarining gʻazna ijrosi qoidalari.
54. SHGʻHdan naqd pul mablagʻlarini olish uchun buyurtmachi Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalariga moddiy javobgar shaxsga berilgan ushbu Nizomga 9-ilovaga muvofiq shakldagi ishonchnomani hamda ushbu Nizomga 10-ilovaga muvofiq shakldagi naqd chet el valyuta mablagʻlarini olish uchun buyurtmanoma bilan birga taqdim etadi.
55. Gʻaznachilik tomonidan toʻlovni amalga oshirish uchun Markaziy bankka yuborilgan elektron toʻlov topshiriqnomasini Markaziy bank SWIFT tizimi orqali bir ish kuni mobaynida tegishli tijorat bankiga ijro uchun yuboradi.
56. Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan axborot tizimida qabul qilingan toʻlov topshiriqnomasi asosida ushbu Nizomga 11-ilovaga muvofiq shakldagi pul buyurtmanomasi shakllantiriladi va u qogʻozga chiqarilgan holda toʻldiriladi.
57. Markaziy bankdagi YAVGʻHdan naqd chet el valyuta mablagʻlarini olish uchun buyurtmanoma Gʻaznachilik tomonidan muhr bilan tasdiqlanadi hamda buyurtmachiga taqdim etiladi.
Gʻaznachilik hududiy boshqarmalarining tijorat bankidagi tranzit hisobvaragʻidan naqd chet el valyuta pul mablagʻlarini olish uchun buyurtmanoma Gʻaznachilikning hududiy boshqarmalari tomonidan muhr bilan tasdiqlanadi hamda buyurtmachiga taqdim etiladi.
58. Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan buyurtmachilarning naqd chet el valyutasidagi mablagʻlarini olish uchun buyurtmanomalar taqdim etilgan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
59. Buyurtmachiga naqd chet el valyutasi berish buyurtmanoma asosida Markaziy bank tomonidan Gʻaznachilikning YAVGʻHdan, tijorat banki tomonidan Gʻaznachilikning hududiy boshqarmalarining tranzit hisobvaragʻidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bunda notoʻgʻri rasmiylashtirilgan buyurtmanomalar taqdim qilingan kunidan keyin bir ish kunidan kechiktirmasdan qaytariladi. Qaytarilgan buyurtmanomalar bir ish kuni mobaynida kamchiliklar bartaraf qilinib, qayta rasmiylashtiriladi va bankka taqdim qilinadi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
60. Gʻaznachilik va uning hududiy boshqarmalariga taqdim etilgan tegishli hujjatlar va ushbu Nizomga muvofiq rasmiylashtirilgan tegishli hujjatlardagi maʼlumotlarning asosliligiga, haqqoniyligiga va toʻgʻri rasmiylashtirilganligiga shaxsan buyurtmachi javob beradi.
61. Gʻaznachilik tomonidan Markaziy bankka yuborilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning asosliligiga va haqqoniyligiga Gʻaznachilik javobgar hisoblanadi.
62. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(62-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)