toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 8-iyundagi PQ-4742-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi;
oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlari;
oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va ularning xizmatlaridan (ishlaridan) foydalanuvchilar oʻrtasidagi fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga solish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 8-iyundagi PQ-4742-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzini oʻzi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzini oʻzi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatiga “Nomoddiy madaniy meros obyektlarini (dorboz, askiya va lapar) asrash va ulardan foydalanish (madaniyat markazlari tarkibida faoliyat yuritayotgan shaxslar bundan mustasno)” hamda “Uy sharoitida xonaki tovuqlarni yetishtirish va koʻpaytirish” faoliyat turlari kiritilsin.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-sentabrdagi 595-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.09.2021-y., 09/21/595/0900-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 23-dekabr,
806-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-dekabrdagi 806-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni xabar berish tartibida roʻyxatdan oʻtkazish va faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ishlar (xizmatlar) buyurtmachilari — oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni shartnoma shartlariga yoki ish muomalasi odatlariga asoslangan xizmatlar koʻrsatish va ishlarni bajarish boʻyicha faoliyatga jalb qiladigan jismoniy va yuridik shaxslar;
maxsus mobil ilova — mobil telefonlar (planshetlar) uchun moʻljallangan “mobil identifikatsiya qilish” bilan shaxsni identifikatsiyalash imkonini beruvchi dastur;
Oldingi tahrirga qarang.
soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan, soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlarining soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlari amalga oshirilishi bilan bogʻliq boʻlgan oʻzaro munosabatlarni elektron tarzda amalga oshirishni taʼminlaydigan axborot resursi;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar — mehnat daromadi olishga yoʻnaltirilgan, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar koʻrsatish, ishlarni bajarish boʻyicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida roʻyxatga olinmagan, mehnat staji hisobga olinishi va ragʻbatlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan jismoniy shaxslar;
oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning maʼlumotlar bazasi (registr) — “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan oʻzini oʻzi band qilganlar toʻgʻrisidagi oʻzaro bogʻliq axborotni saqlash, oʻzgartirish va qayta ishlash uchun moʻljallangan tizimlashtirilgan maʼlumotlar bazasi;
oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma — oʻzini oʻzi band qilgan shaxsga maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali yuboriladigan va fuqaroning oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatidagi mehnat maqomini belgilab beradigan elektron shakldagi maʼlumot.
3. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasi (registr) davlat soliq xizmati organlari tomonidan yaratiladi va parallel ravishda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida shakllantiriladigan jismoniy shaxsning shaxsiy ishga joylashishi tarixiga integratsiya qilinadi.
4. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan jismoniy shaxsning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtishi talab etilmaydi.
5. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar oʻz faoliyatida yollanma xodimlar mehnatidan foydalanishga hamda tadbirkorlik subyektlariga yollangan xodim sifatida mehnat faoliyatini amalga oshirishga haqli emas.
6. Tashkilotlar tomonidan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni shartnoma asosida bir martalik xizmatlar koʻrsatish va ishlarni bajarish boʻyicha faoliyatga jalb qilishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar mehnatiga haq toʻlash ijtimoiy soliqni hisoblab chiqish obyekti hisoblanmaydi.
7. Oʻzini oʻzi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan daromadlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi tatbiq etilmaydi. Bunda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyatidan tashqari olingan daromadlariga Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan tartibda soliq solinadi.
2-bob. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxsni davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs maxsus mobil ilova yoki soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud soliq xizmati organiga yoki Davlat xizmatlari markaziga kelgan holda, shuningdek, belgilangan tartibda davlat reyestriga kiritilgan va soliq xizmati organiga integratsiya boʻlgan elektron platformalar (marketpleyslar) orqali roʻyxatga oluvchi organlardan roʻyxatdan oʻtishi mumkin.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda soʻrovnoma oʻzini oʻzi band qilgan shaxs tomonidan maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet yoxud belgilangan tartibda davlat reyestriga kiritilgan va soliq xizmati organiga integratsiya boʻlgan elektron platformalar (marketpleyslar) orqali elektron shaklda elektron raqamli imzo yoki imzo sifatida tan olinadigan biometrik identifikatsiya va autentifikatsiya qilish imkonini beradigan “Face-ID” va boshqa shu kabi usullar yordamida mustaqil ravishda, shuningdek, soliq xizmati organiga yoki Davlat xizmatlari markaziga kelganda esa tegishli xodim tomonidan toʻldiriladi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)
Elektron tijorat platformalar (marketpleyslar) yuzi orqali biometrik identifikatsiya qilishda Oʻzbekistonda “Kiberxavfsizlik” DUK ijobiy xulosasi berilgan tizimlardan foydalanishi shart.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 847-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.12.2024-y., 09/24/847/1056-son)
9. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida davlat soliq xizmati organlaridan roʻyxatdan oʻtish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
10. Soʻrovnomada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, roʻyxatdan oʻtkazish elektron raqamli imzo orqali amalga oshirilgan holatlar bundan mustasno;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 8-iyundagi PQ-4742-son qaroriga ilova bilan tasdiqlangan Oʻzini oʻzi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari;
oʻzini oʻzi band qilish tartibida mehnat faoliyatini yuritishning moʻljallanayotgan manzili;
oʻzini oʻzi band qilgan shaxsning mobil telefon raqami va u bilan bogʻlanish mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
Soʻrovnomada oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, pasport (ID-karta) seriyasi va raqami, yashash manzili toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi hamda Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlar bazalarida mavjud maʼlumotlar asosida avtomatik tarzda shakllantiriladi.
11. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar mehnat faoliyatini amalga oshiradigan hudud boʻyicha davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatga qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan oʻzini oʻzi band qilgan shaxsga ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan namunaviy shaklda maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali shuningdek, Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat qilganda) oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisida matritsali shtrix kodga (QR-kod) ega boʻlgan maʼlumotnoma (keyingi oʻrinlarda — maʼlumotnoma) yuboriladi.
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)
Bunda maʼlumotnoma davlat tilida rasmiylashtiriladi. Shaxsning xohishiga koʻra maʼlumotnoma rus va ingliz tillarida yoki imkon boʻlsa, boshqa tilda rasmiylashtirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar maʼlumotnomani maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali yuklab olishlari yoxud davlat soliq xizmati organiga shuningdek, Davlat xizmatlari markaziga kelgan holda qogʻoz shaklida ham olishlari mumkin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)
14. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga maʼlumotnoma cheklanmagan muddatga beriladi.
15. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtkazishda haq undirilmaydi.
3-bob. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
16. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan mehnat staji hisoblanishi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq toʻlanadi.
(16-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining XIV boʻlimi.
Ushbu summa toʻligʻicha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi va undan kelib chiqqan holda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi.
17. Agar oʻzini oʻzi band qilgan shaxs oʻz mehnat faoliyatini toʻxtatsa, u oʻz faoliyatini toʻxtatguniga qadar davlat soliq xizmati organiga faoliyatni toʻxtatish toʻgʻrisidagi bildirishnomani maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali yuboradi.
18. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan olingan oʻzini oʻzi band qilgan shaxsning faoliyati vaqtinchalik toʻxtatilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma oʻzini oʻzi band qilgan shaxs mehnat faoliyatini amalga oshirmaydigan davrda ijtimoiy soliqni toʻlashni toʻxtatib turish uchun asos boʻladi.
19. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar maxsus mobil ilova orqali quyidagi imkoniyatlardan foydalanishi mumkin:
buyurtmalarni va koʻrsatilgan xizmatlar (tovarlar) uchun toʻlovlarni qabul qilish;
yuridik shaxslarga xizmatlar koʻrsatishda (tovarlarni sotishda) elektron hisob-kitob fakturalarni taqdim qilish;
mobil ilova yordamida ixtiyoriy asosda daromadlar va xarajatlar hisobini yuritish hamda ushbu maʼlumotlardan keyinchalik, shu jumladan, kredit olish va (yoki) soliqlarni hisobdan chiqarish maqsadida foydalanish;
oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini) reklama qilish;
koʻrsatilayotgan xizmatlar (tovarlar) sifatini baholash va isteʼmolchilar tomonidan fikr-mulohazalar bildirilishi.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat-kassa texnikasi va bank plastik kartochkalari orqali hisob-kitoblar boʻyicha toʻlov terminallaridan foydalanadi hamda tijorat banklarida hisobvaraqlari ochishi mumkin.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
21. Maxsus mobil ilova orqali daromadlar va xarajatlar hisobini yuritayotgan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga tijorat banklari tomonidan kreditlar yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib asosida beriladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
22. Ushbu Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan maʼlumotnoma oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar (bajarilgan ishlar) uchun norezidentlardan chet el valyutasidagi toʻlovlarni tijorat banklaridagi hisobvaraqlariga kirim qilish uchun asos hisoblanadi.
4-bob. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va ularning xizmatlaridan (ishlaridan) foydalanuvchilar oʻrtasidagi fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga solish
23. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va ishlar (xizmatlar) buyurtmachilari oʻrtasidagi fuqarolik-huquqiy munosabatlar shartnoma shartlariga yoki ish muomalasi odatlariga asoslanadi.
24. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs bilan ishlar (xizmatlar) buyurtmachisi oʻrtasidagi ish muomalasi odatlariga asoslangan oʻzaro munosabatlarda ogʻzaki shaklda bitim (shartnoma) tuzishga yoʻl qoʻyiladi.
Shartnoma shartlariga asoslangan oʻzaro munosabatlarda yozma shaklda shartnoma tuzish talab etiladi.
25. Bitim (shartnoma) tuzishda tomonlar uning shartlarini, shu jumladan, undan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish va uni bekor qilish shartlarini mustaqil belgilab oladilar.
26. Bitim (shartnoma) ishtirokchilari uning tomonlari hisoblanadilar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga muvofiq majburiyatlarni bajaradilar.
27. Bitimni (shartnomani) bajarish bilan bogʻliq nizolar tomonlarning oʻzaro roziligi bilan yoki sud tartibida hal etiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
28. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida davlat soliq xizmati organlaridan roʻyxatdan oʻtish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Ijro muddati


 

1-bosqich

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabineti orqali yoxud davlat soliq xizmati organiga shuningdek, Davlat xizmatlari markaziga kelgan holda soʻrovnomani toʻldirish.

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxsning xohishiga koʻra


 

2-bosqich

Davlat soliq xizmati organlari

Mavjud maʼlumotlar (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, pasport (ID-karta) seriyasi va raqami, yashash manzili toʻgʻrisidagi maʼlumotlar) asosida davlat soliq xizmati organlarida oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisida matritsali shtrix kodga (QR-kod) ega boʻlgan maʼlumotnomani yuborish.

1. Real vaqt rejimida

2. Avtomatik tarzda


 

3-bosqich

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs

Maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali davlat soliq xizmati organlarida shuningdek, Davlat xizmatlari markazida oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani yuklab olish.

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxsning xohishiga koʻra

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)
Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisida
‎MAʼLUMOTNOMA №______

Fuqaro __________________________________________________________________ ga

(jismoniy shaxsning toʻliq familiyasi, ismi, otasining ismi (mavjud boʻlganda)

20__ yil “____” ________da oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisida berildi.
‎Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami

(JSHSHIR):

_____________________

Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR):

_____________________

Faoliyatni amalga oshirish manzili: ___________________________________________
‎‎___________________________________________________________________________

T/r

Amalga oshiriladigan
‎faoliyat tur(lar)i

Faoliyat
‎boshlangan sana

Faoliyat toʻxtatilgan sana

1.

2.

‎‎

‎‎...

‎‎ ‎‎

Maʼlumotnoma ___________________________________________ tomonidan berilgan.

(roʻyxatga qoʻyilgan davlat soliq xizmati organining toʻliq nomi)

QR-kod

Ushbu maʼlumotnoma Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestridagi maʼlumotlar asosida shakllantirilgan elektron hujjatning nusxasidir.

QR-kodni mobil qurilma orqali skaner qilib maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirib koʻrishingiz mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-dekabrdagi 806-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 19-fevraldagi 30-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda:
“b” kichik bandning sakkizinchi xatboshisiga “yakka tartibdagi tadbirkorlar” soʻzlaridan keyin “, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar” soʻzlari qoʻshilsin;
“v” kichik bandning toʻrtinchi xatboshisiga “tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi” soʻzlaridan keyin “va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga” soʻzlari qoʻshilsin;
b) 12-bandning oltinchi xatboshisiga “tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanadigan” soʻzlaridan keyin “oʻzini oʻzi band qilgan” soʻzlari qoʻshilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-oktabrdagi 592-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2022-y., 09/22/592/0919-son)
3. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 17-bandga quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Yakka tartibdagi tadbirkor, oilaviy tadbirkorlik subyekti roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomada jismoniy shaxsning fotosurati aks ettirilgan boʻlishi kerak”;
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Bunda joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgarganda yuridik shaxslar — tadbirkorlik subyektlarining roʻyxatdan oʻtkazish maʼlumotlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan ortiq soliq qarzi mavjud boʻlmagan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi”;
ikkinchi — oʻn toʻrtinchi xatboshilar tegishlicha uchinchi — oʻn beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
v) 5-ilovadagi “I. Umumiy maʼlumotlar” boʻlimining 1 — 20-pozitsiyalari quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

1-20.

Soliq rejimi

Aylanmadan olinadigan soliq

Qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻi

”;

g) 6-ilova quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
6-ILOVA
d) 6a-ilova quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
6a-ILOVA
e) 7-ilovaning 5-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

5.

Joylashgan joyining (pochta manzilining) oʻzgarishi (bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan ortiq soliq qarzi mavjud boʻlmagan taqdirda).

oʻzgargan paytdan boshlab

10 kun mobaynida


”;

4. Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlar yigʻilishini amalga oshirish uchun uchastka soliq inspektorlarini toʻlov terminallari bilan taʼminlash toʻgʻrisida” 2017-yil 16-oktabrdagi 832-son qarorida:
a) qarorning nomidan va 1-bandidan “uchastka” soʻzi chiqarib tashlansin;
b) 2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. Oʻzbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlari tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan soliq toʻlovlari hisobiga mablagʻlar elektron platformada ishlashga moslashtirilgan koʻp funksiyali maxsus toʻlov dasturlari yoxud toʻlov terminallari orqali bevosita bank plastik kartochkalari va naqd pul shaklida undirilishi tartibi belgilansin.”;
v) 3-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“elektron platformada ishlashga moslashtirilgan koʻp funksiyali maxsus toʻlov dasturlari yoxud toʻlov terminallari orqali toʻlangan pul mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining daromadlar boʻyicha tegishli gʻazna hisobvaraqlariga keyingi bank ish kunidan kechiktirmagan holda oʻtkazilishini taʼminlasinlar”.
5. Vazirlar Mahkamasining “Ishga joylashtirishga muhtoj aholi sonini aniqlash, shu jumladan, uy xoʻjaliklarini mehnat bilan bandlik masalalari boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazish, shuningdek, mehnat resurslari, bandlik va aholini ishga joylashtirish balansini shakllantirish metodikasini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2017-yil 22-dekabrdagi 1011-son qarorida:
a) 2-ilovaning 4-pozitsiyasi “Maʼlumotlar mazmuni” ustunidagi “fuqarolar uchun amaldagi vaqtinchalik mehnat guvohnomasiga ega boʻlgan fuqarolarning” soʻzlari “shaxslarning” soʻzi bilan almashtirilsin;
b) 4-ilovaning 3-bandi “g” kichik bandiga “tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchilar” soʻzlaridan keyin “oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar” soʻzlari qoʻshilsin;
v) 9-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “fuqarolar uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomasiga ega boʻlgan fuqarolar” soʻzlari “shaxslar” soʻzi bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 706-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.11.2025-y., 09/25/706/1024-son)
7. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-dekabrdagi 971-son qarori bilan tasdiqlangan “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida mehnat shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish, elektron mehnat daftarchalarini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 2-bandi oltinchi xatboshisidagi “oʻzini oʻzi band qilganning vaqtinchalik mehnat guvohnomasi olinganligi” soʻzlari “oʻzini oʻzi band qilganligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
8. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari monitoringini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 14-maydagi 283-son qarorida:
a) 1-bandga “xoʻjalik yurituvchi subyektlar” soʻzlaridan keyin “(belgilangan tartibda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar sifatida roʻyxatga olinganlar bundan mustasno)” soʻzlari qoʻshilsin;
b) 1-ilovaning 8-bandiga “xoʻjalik yurituvchi subyektlarga” soʻzlaridan keyin “(belgilangan tartibda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar sifatida roʻyxatga olinganlar bundan mustasno)” soʻzlari qoʻshilsin.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-dekabrdagi 806-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomasini joriy etish toʻgʻrisida” 2019-yil 9-iyuldagi 566-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2020-yil 19-iyundagi 391-son qaroriga 1-ilovaning 23-bandi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.12.2020-y., 09/20/806/1662-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.09.2021-y., 09/21/595/0900-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 14.10.2022-y., 09/22/592/0919-son; 24.12.2024-y., 09/24/847/1056-son; 08.11.2025-y., 09/25/706/1024-son; 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)