1.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xoʻjalik / 08.01.00.00 Uy-joy fondi / 08.01.03.00 Xususiy uy-joy fondi / 08.01.03.01 Fuqarolarning mulkidagi uy-joy fondi (yakka tartibdagi uy-joy binolari, xususiylashtirilgan, qurilgan va sotib olingan kvartiralar, Uy-joy qurilishi kooperativi va Uy-joy kooperativiga qarashli uylardagi kvartiralar);
2.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xoʻjalik / 08.06.00.00 Noturar joylar. Maʼmuriy binolar / 08.06.02.00 Noturar joy fondi obyektlariga mulk huquqi va boshqa huquqlar. Balansdan balansga berish;
3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.06.00.00 Baholash faoliyati / 09.06.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xizmat;
2.Moliya / Baxolash faoliyati]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jismoniy shaxslarning mulki boʻlgan binolar va inshootlarni baholash, qayta baholash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-iyuldagi 561-sonli “Soliq solish maqsadida jismoniy shaxslarga xususiy mulk huquqida tegishli boʻlgan noturar koʻchmas mulk obyektlarining kadastr qiymatini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Jismoniy shaxslarning mulki boʻlgan binolar va inshootlarni baholash, qayta baholash toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Mazkur Nizomni oldi-sotdi, almashish, sugʻurta qilish, hadya etish va mulk egasining boshqa egalik qilish funksiyalari masalalarida majburiy (ixtiyoriy) sugʻurtalash maqsadida, shuningdek, savdo, xizmat koʻrsatish obyektlariga va koʻchmas mulk bilan amalga oshiriladigan boshqa operatsiyalarga nisbatan qoʻllash tavsiya qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1995-yil 29-dekabr,
478-son
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 29-dekabrdagi 478-son qaroriga ILOVA
Jismoniy shaxslarning mulki boʻlgan binolar va inshootlarni baholash, qayta baholash toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 9-dekabrdagi 591-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan hamda jismoniy shaxslarning mol-mulki (turar joylar, kvartiralar, bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlari aʼzolarining bogʻ uychalari, garajlar va boshqa imoratlar, binolar va inshootlar) ni, bundan keyin “mol-mulk” deb ataladi, ulargi soliq solish maqsadida baholash va qayta baholash tartibini belgilaydi.
2. Jismoniy shaxslarning mulki boʻlgan mol-mulkning qayta roʻyxatdan oʻtkazishdan keyingi qiymatini aniqlash ishlarini “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining tuman (shahar) yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi amalga oshiradi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
3. Soliq solish obyektlarini baholash va qayta baholash qanday oʻtkazilayotganligini nazorat qilishni Davlat soliq qoʻmitasining joylardagi organlari amalga oshiradilar. Shundan kelib chiqib zarur hollarda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining tuman (shahar) yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonalari soliq organlarining soʻrovlariga koʻra jismoniy shaxslarning mulkini baholaydilar va qayta baholaydilar.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
4. Jismoniy shaxslarning mulki boʻlgan turar joylar, kvartiralar, bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlari aʼzolarining bogʻ uychalari, garajlar va boshqa imoratlar, binolar va inshootlar soliq solish uchun baholash obyektlari hisoblanadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
5. Imoratlar, binolar va inshootlar qurilayotgan vaqtda va ular bunyod etilgan yil davomida;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
mahalliy davlat boshqaruvi organlari qarori bilan har xil sabablarga koʻra bundan keyin foydalanish uchun yaroqsiz deb topilgan imoratlar, binolar va inshootlar soliq solish maqsadida baholanmaydilar.
6. Fuqarolar tomonidan oʻzboshimchalik bilan qurilgan va foydalanilayotgan imoratlar ham soliq solish maqsadida baholanishi kerak. Bunda bu kabi imoratlar uchun soliq toʻlash mulkchilik boʻyicha boshqa huquqiy kafolatlarni keltirib chiqarmaydi, bundan faqat soliqqa oid majburiyatlar mustasnodir.
7. Baholashni oʻtkazish jarayonida aniqlangan oʻzboshimchalik bilan qurilgan va egasi boʻlmagan imoratlar roʻyxatini “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining tuman (shahar) yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonalari amaldagi qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda ulardan bundan keyin foydalanish va ularning tegishliligi toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun hokimliklarga taqdim etadilar.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
III. Baholash va qayta baholashning asosiy prinsiplari
8. Imoratlar va inshootlarni baholash ishlab chiqiladigan jadvallar boʻyicha 1991-yil narxlari darajasidagi bazis narxlarda tiklash qiymatini aniqlashdan va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlangan koeffitsiyentlar boʻyicha baholashning shu yildagi narxlari darajasida haqiqiy qiymatini aniqlashdan iboratdir.
9. Tiklash qiymati imoratlarning bazis narxlarida uni tiklashga sarflangan barcha xarajatlar summasini, yaʼni umumqurilish, pardozlash, maxsus qurilish ishlari xarajatlari summasini, shu jumladan, pudrat tashkilotlari tomonidan sarflangan limitlangan xarajatlarni ham oʻz ichiga oladi.
10. Soliq solish uchun imoratlar va inshootlarning qiymatini aniqlash baholash paytida yil narxlari darajasidagi haqiqiy qiymat boʻyicha amalga oshiriladi.
11. Uy-joylar va boshqa imoratlarning jismoniy eskirishini aniqlash imoratni koʻzdan kechirish natijalariga koʻra konstruktiv elementlarning jismoniy eskirishini aniqlash usuli bilan amalga oshiriladi. Konstruktiv elementlar boʻyicha jismoniy eskirish foizini aniqlashda baholash paytida ularning texnik holatini tekshirish asosida ushbu elementlarning eskirishi foizi belgilanadi.
Turar-joy binolarining jismoniy eskirganligi Turar-joylarning jismoniy eskirganligini baholash usuli (VSN53 – 86) ga koʻra aniqlanadi.
Foydalanishga topshirilgan sanasi va xizmat qilish normativ muddati maʼlum imoratlar va inshootlar (uy-joylardan tashqari) ning jismoniy eskirganligi jadvalga muvofiq xizmat qilish muddatlariga koʻra aniqlanadi.
12. Jismoniy shaxslarning mulki uy-joylar, kvartiralar (xususiylashtirilganlari ham), garajlar, boshqa imoratlar, binolarni baholash va qayta baholash uchun yagona funksional koʻrsatkich – imoratlar, binolar umumiy maydonining kvadrat metrini aniqlanadi.
13. Imoratlar, binolar va inshootlarni baholash texnik qayta roʻyxatga olish va roʻyxatga olishning amaldagi normalariga, shuningdek, mazkur Nizomga muvofiq oʻtkaziladigan qayta roʻyxatga olish maʼlumotlari asosida asosiy ishlab chiqarish fondlarini qayta baholash uchun belgilangan sanada amalga oshiriladi.
14. Imoratlar, binolar va inshootlarni qayta roʻyxatga olish besh yilda kamida bir marta oʻtkaziladi. Jismoniy shaxslarning mol-mulkini baholash va qayta baholashga oid normativ hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Fuqarolar oʻzlariga tegishli imoratlar, inshootlarni qayta roʻyxatga olishdan bosh tortganlari taqdirda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining tuman (shahar) yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi bir oy muddatda ijro etuvchi hokimiyat organlarini va soliq solish obyekti joylashgan joydagi soliq inspeksiyasini bundan xabardor qilishi shart.
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
15. Imoratlar, binolar va inshootlarning mazkur Nizomga muvofiq belgilangan haqiqiy qiymati koʻrsatib oʻtilgan obyektlarni navbatdagi baholash va qayta baholashgacha oʻzgarishsiz qoladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy moliya, hududiy kommunal-foydalanish organlari, soliq organlarining taqdimnomasiga koʻra inflatsiyaning darajasini va narxlarning oʻzgarishini hisobga olgan holda har yili boʻlajak yilda soliq solish maqsadida tuzatish koeffitsiyentlarini tasdiqlaydilar.
Fuqarolarning mol-mulkida oʻzgarishlar boʻlgan taqdirda (rekonstruksiya qilinishi, qoʻshimcha joylarda qurilishi, obyektlarning qoʻshimcha qurilishi) ham soliq organlariga tegishli maʼlumotlar taqdim etilgan holda yangidan baholash oʻtkaziladi.
16. Ish yakunlari boʻyicha ijrochi buyurtmachiga yoki tegishli soliq organiga imoratlar, binolar va inshootlarni baholashning yigʻma vedomostini taqdim etadi. Yigʻma vedomost ishning ijrochilari tomonidan imzolanadi va “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining tuman (shahar) yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi (ilova qilinmoqda).
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
18. Soliq organlariga ishonchli boʻlmagan axborot taqdim etilganligi uchun imoratlar, binolar va inshootlarni baholashning yigʻma vedomostini tuzgan ijrochilar va uni tasdiqlangan “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining tuman (shahar) yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
19. Soliq solinadigan obyektlarni baholash masalalariga oid nizolarni koʻrib chiqish, ular yuzasidan qarorlar qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslarning mulki boʻlgan binolar va inshootlarni baholash, qayta baholash toʻgʻrisidagi Nizomga ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1995-y., 12-son, 49-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 23-son, 269-modda; 2017-y., 35-son, 931-modda)