1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xo‘jaligi / 09.14.13.00 Kimyolashtirish. O‘simliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Qishloq xo‘jaligi]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Zararli organizmlardan xoli hududlar va zararli organizmlar miqdori kam bo‘lgan hududlarni belgilash tartibi to‘g‘risidagi hamda O‘simliklar karantini obyektini yo‘q qilish va uning o‘chog‘ini bartaraf etish dasturini ishlab chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasining ““O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2018-yil 9-iyuldagi O‘RQ-484-son Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasida zararli organizmlardan xoli bo‘lgan hududlar va zararli organizmlar miqdori kam bo‘lgan hududlarni belgilash, eksport qiluvchi mamlakatning zararli organizmlardan xoli bo‘lgan hududlari hamda zararli organizmlar miqdori kam bo‘lgan hududlaridan karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishda fitosanitariya xavfini boshqarish tartibini nazarda tutuvchi Zararli organizmlardan xoli hududlar va zararli organizmlar miqdori kam bo‘lgan hududlarni belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
muayyan hududga keyinchalik zararli organizmlardan xoli bo‘lgan hudud va zararli organizmlar miqdori kam bo‘lgan hudud maqomini belgilash maqsadida o‘simliklar karantini obyektlarini yo‘q qilish va uning o‘chog‘ini bartaraf etish dasturini ishlab chiqish tartibini nazarda tutuvchi O‘simliklar karantini obyektini yo‘q qilish va uning o‘chog‘ini bartaraf etish dasturini ishlab chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi:
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning maqsadi hamda mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin;
aholi, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlari orasida muntazam ravishda o‘simliklar karantini tartibi bilan tanishtirish va ularni tushuntirish yuzasidan tizimli targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-xuquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari buyicha o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi boshlig‘i I.K. Ergashev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-noyabr,
695-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-noyabrdagi 695-son qaroriga 1-ILOVA
Zararli organizmlardan xoli hududlar va zararli organizmlar miqdori kam bo‘lgan hududlarni belgilash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasida zararli organizmlardan xoli bo‘lgan hududlar va zararli organizmlar miqdori kam bo‘lgan hududlarni belgilash, shuningdek, eksport qiluvchi mamlakatning zararli organizmlardan xoli bo‘lgan hududlari hamda zararli organizmlar miqdori kam bo‘lgan hududlaridan karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishda fitosanitariya xavfini boshqarish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bufer hudud — zararlangan hududni yoki ishlab chiqarish joyini, toza hududni va zararli organizmlar miqdori kam bo‘lgan hududni qamrab oluvchi zararli organizm mavjud bo‘lmagan yoki kam miqdorda mavjud bo‘lgan, uning tarqalib ketishining oldini olish maqsadida unga qarshi maxsus kurash olib boriladigan hudud;
zararli organizm — o‘simliklar yoki o‘simlik mahsulotlari uchun zararli bo‘lgan har qanday o‘simlik, hayvon yoxud kasallik qo‘zg‘atuvchi agent turlari yoki biotiplari.
zararli organizmlar miqdori kam bo‘lgan hudud — zararli organizmlar miqdori kam bo‘lgan va ularni samarali nazorat qilish, ularga qarshi kurashish hamda samarali nazorat olib borish bo‘yicha choralar olib borilayotgan, vakolatli organ tomonidan belgilangan hudud (mamlakat, uning bir qismi, bir nechta mamlakat yoki ularning bir qismi);
zararli organizmlardan xoli bo‘lgan hudud — zararli organizmlarning mavjud emasligi ilmiy isbotlangan, shuningdek, zarur hollarda rasmiy qo‘llab-quvvatlangan ma’lum bir mamlakat, uning bir qismi yoki bir nechta mamlakatlar va ularning bir qismi;
zararli organizmlardan xoli bo‘lgan ishlab chiqarish hududi — zararli organizmning mavjud emasligi ilmiy asoslangan va zarur bo‘lganda ma’lum bir davr ichida rasmiy ravishda qo‘llab-quvvatlangan ishlab chiqarish hududi;
kuzatuv-nazorat — ma’lum bir hududda mavjud bo‘lgan zararkunandalar populatsiyasining xususiyatlari yoki uning turlari va tarkibini aniqlash maqsadida O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha davlat xizmati tomonidan belgilangan davrda amalga oshiriladigan rasmiy tadbir;
(2-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
xo‘jayin o‘simliklar — zararli organizm uchun ozuqa, yashash joyi va rivojlanish manbai sifatida xizmat qiladigan o‘simlik;
o‘simliklar karantini sohasidagi monitoring — o‘simliklar karantini obyektlarini aniqlash, kuzatish, tahlil qilish, baholash va ularning tarqalishini prognoz qilish.
2-bob. O‘zbekiston Respublikasida zararli organizmlardan xoli bo‘lgan hududlar va zararli organizmlar miqdori kam bo‘lgan hududlarni aniqlash tartibi
3. O‘zbekiston Respublikasida zararli organizmlardan xoli bo‘lgan hududlar (keyingi o‘rinlarda — toza hududlar) va zararli organizmlar miqdori kam bo‘lgan hududlarni (keyingi o‘rinlarda — kam zararlangan hududlar) belgilash, shuningdek, ushbu hududlarni xorijiy mamlakatlarda ham tan olinishi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tomonidan ushbu Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-iyuldagi 453-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.07.2024-y., 09/24/453/0558-son)
4. O‘zbekiston Respublikasida toza hududlar, xususan, ishlab chiqarishdagi toza hududlar hamda kam zararlangan hududlar quyidagi tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida belgilanadi:
kuzatuv-nazoratni olib borish, shu jumladan, zararli organizmlarni aniqlash maqsadida kuzatuv-nazoratni olib borish va hududning chegaralarini belgilash;
zararli organizm bilan zararlanishning oldini olish va ogohlantirish maqsadida fitosanitariya choralarini ko‘rish;
o‘simliklar karantini sohasida doimiy monitoring olib borish.
5. Agentlik kuzatuv-nazorat ishlarini olib borish uchun shartnoma asosida o‘simliklar karantini sohasidagi mahalliy va xorijiy ilmiy muassasalardan mutaxassislarni jalb qilish huquqiga ega.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
6. Kuzatuv-nazorat ishlarini olib borish jarayonida Agentlik mutaxassislari tomonidan laboratoriya tekshiruvlari olib borish maqsadida tekshirilayotgan hududdagi aniqlangan o‘simlik va o‘simliklar mahsulotlaridan hamda zarur hollarda tuproqdan namunalar olinadi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
7. Xavfni tahlil qilish asosida eksport va import qiluvchi mamlakatlarning o‘simliklar karantini bo‘yicha vakolatli organlarining idoralararo kelishuvlariga muvofiq zararli organizmlarning ruxsat etilgan miqdori belgilanadi.
8. Tanlangan namunalarda zararli organizmlar yo‘qligi aniqlangan taqdirda, o‘simliklar karantini laboratoriyalari tekshiruvlari natijalari va mutaxassislarning ijobiy xulosalariga asosan kuzatuv-nazorat olib borilayotgan hududni yoki uning bir qismini toza hudud yoki kam zararlangan hudud sifatida belgilash to‘g‘risidagi qaror Agentlik tomonidan qabul qilinadi.
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
Tanlangan namunalarda zararli organizmlar mavjudligi aniqlangan taqdirda, ularni yo‘q qilish va o‘chog‘ini bartaraf etish choralari ko‘riladi.
9. Toza hududlarning chegaralari zararli organizmlarning mavjud emasligidan kelib chiqib, kam zararlangan hududlarning chegaralari esa zararli organizmlarning biologiyasidan kelib chiqib belgilanadi.
Toza hududlar va kam zararlangan hududlar, mavjud bo‘lgan zararkunandalarning biologik, ma’muriy va geografik chegaralari bilan cheklanadi.
10. Toza hududlar va kam zararlangan hududlarni belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘ng ushbu maqomni saqlab turish maqsadida Agentlik tomonidan quyidagi fitosanitariya choralari qo‘llaniladi:
(10-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
normativ choralar:
mazkur hududga xos bo‘lgan zararli organizmlarni O‘zbekiston Respublikasi uchun karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan zararli organizmlar ro‘yxatiga kiritish, mamlakat yoki hududning import talablarini aniqlash, ma’lum bir hudud ichida, shu jumladan, bufer hududda ham, o‘simliklar karantini obyektlari bilan zararlangan ayrim yuklarning harakatlanishini cheklash;
o‘simliklar karantini sohasida doimiy monitoring olib borish:
o‘simliklar karantini obyektlarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishiga, tarqalishiga hamda bioekologik xususiyatlarga ta’sir ko‘rsatishiga ko‘maklashuvchi omillarni aniqlash va baholash;
o‘simliklar karantini obyektlarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishi yo‘llarini va tarqalgan hududlarni aniqlash;
o‘simliklar karantini obyektlariga qarshi kurashish uchun zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
fitosanitariya xavfini aniqlash va tahlil qilish;
jismoniy va yuridik shaxslarga o‘simliklar karantin sohasiga doir tavsiyalar berish.
11. Toza hududlar va kam zararlangan hududlar maqomining tasdiqlanishi zararli organizmlarni aniqlashda nazorat tekshiruvi va zararlangan hududlar masshtabini belgilashni nazarda tutuvchi o‘simliklar karantini sohasida olib borilgan monitoring natijalariga asoslanadi.
12. O‘simliklar karantini sohasida monitoring olib borish Agentlik tomonidan tasdiqlangan hamda quyidagilarni o‘z ichiga olgan kuzatuv-nazorat rejasi asosida amalga oshiriladi:
(12-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
amal qilinishi lozim bo‘lgan fitosanitariya choralari maqsadini aniqlash (toza hududlar va kam zararlangan hududlar maqomini saqlab turish maqsadida);
kuzatuv-nazorat ishlari olib borilayotgan hududda zararli organizmlarni aniqlash;
qo‘llash doirasini aniqlash (geografik hududlar, ishlab chiqarish tizimlari, fitosanitariya choralari ko‘riladigan mavsum);
vaqtini aniqlash (sana, chastotasi, davomiyligi);
statistik asoslarini ko‘rsatish (haqqoniylik darajasi, namunalarning miqdori, hududlar miqdori va ularni tanlash chastotasi, prognozlashtirish);
zararli organizmning biologiyasiga ko‘ra namunalar olish jarayonini, kuzatuv-nazorat maqsadi va diagnostika hamda hisobot yuritishdan iborat bo‘lgan kuzatuv-nazorat metodikasini yoritib borish.
13. Toza hududlar va kam zararlangan hududlarda zararli organizm aniqlangan taqdirda, Agentlik ularning maqomini o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
(13-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
14. Toza hududlar va kam zararlangan hududlarning maqomini o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi qaror Agentlik tomonidan O‘simliklar karantini obyektini yo‘q qilish va uning o‘chog‘ini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini qabul qilish bilan bir vaqtda tasdiqlanadi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
15. Toza hududlar va kam zararlangan hududlar sifatida keyinchalik takroran belgilash yoki tan olish ushbu Nizom asosida amalga oshiriladi.
16. Toza hududlar va kam zararlangan hududlarning reyestri Agentlik tomonidan yuritiladi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
3-bob. Xorijiy mamlakatlarning toza hududlarini va zararli organizmlar miqdori kam bo‘lgan hududlarini tan olish tartibi
17. Xorijiy mamlakatlardagi toza hududlar hamda kam zararlangan hududlar Agentlik tomonidan quyidagi tartib-taomillar o‘tkazilgandan keyin tan olinadi:
(17-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
a) eksport qiluvchi tomonning o‘simliklar karantini hamda himoyasi bo‘yicha milliy tashkilotining toza hudud yoki kam zararlangan hududlarni tan olish to‘g‘risidagi so‘rovini yuborish;
b) Agentlik tomonidan so‘rovnoma va zarur bo‘lgan ma’lumotlar olinganligini tasdiqlash;
(17-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
v) baholash jarayonini tavsiflash;
g) texnik ma’lumotlarni baholash;
d) baholash natijalari haqida ma’lum qilish;
e) rasmiy tan olish;
j) tan olinishining davomiyligi.
18. Eksport qiluvchi mamlakatning o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha milliy tashkiloti toza hudud yoki kam zararlangan hududni tan olish to‘g‘risidagi so‘rov bilan birgalikda quyidagilarni o‘z ichiga olgan texnik ma’lumotlarni yuboradi:
so‘ralayotgan hududning tan olinishi turi (toza hudud yoki kam zararlangan hudud);
tan olinayotgan hudud haqida ma’lumot va uning joylashuvi;
ko‘rib chiqilayotgan hudud uchun ahamiyatga ega bo‘lgan zararli organizm, uning biologiyasi va tarqalganligi;
eksport uchun mo‘ljallangan karantin ostidagi mahsulot;
toza hududlar yoki kam zararlangan hududlarni belgilash maqsadida qo‘llaniladigan fitosanitariya choralari va jarayonlari hamda ularni qo‘llash natijalari;
toza hududlar yoki kam zararlangan hududlarga tegishli bo‘lgan fitosanitariya reglamentatsiyasi;
hududga oid bo‘lgan ma’lumotlarni saqlash choralari;
eksport qiluvchi mamlakatning o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha milliy tashkilotiga doir, uning tuzilmasi va resurslariga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan axborot;
nazorat ostida bo‘lgan xavfli organizm aniqlangan taqdirda, bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar rejasini tavsiflash;
so‘rovnomani ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar.
19. Agentlik eksport qiluvchi mamlakatning o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha milliy tashkiloti tomonidan yuborilgan tan olish to‘g‘risidagi so‘rovnoma hamda unga ilova qilingan texnik ma’lumotlar qabul qilganligini zudlik bilan ma’lum qiladi va so‘rovnoma bo‘yicha mas’ul xodim haqida xabardor qiladi.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
20. Agentlik tan olish to‘g‘risidagi so‘rovnomani va unga ilova qilingan texnik ma’lumotlarni olgan kundan boshlab o‘n kun muddatda ichida ma’lumotlarni baholash hamda hududni tan olish jarayonini tugatish muddatlarini belgilagan holda chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
21. Texnik ma’lumotlarni baholash Agentlik tomonidan xalqaro standartlar qoidalarini qo‘llagan holda fitosanitariya choralari, toza hududlar yoki kam zararlangan hududlarni belgilashda foydalaniladigan tizimlar, hududning holatini tan olish maqsadida tekshirishda qo‘llaniladigan fitosanitariya choralari, shuningdek, ikkala mamlakatning hududlaridagi zararli organizmlarning holatlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Zarur hollarda, Agentlik tomonidan xorijiy mamlakatlarda joylashgan karantin ostidagi mahsulotni yetishtirish, qayta ishlash yoki ishlab chiqarish joylariga chiqqan holda kuzatuv-nazorat ishlari va o‘rganishlar olib borilishi mumkin.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
22. Ma’lumotlarni baholash natijalari asosida Agentlik tomonidan xorijiy mamlakat hududining fitosanitariya holati belgilanadi, uni toza hudud yoki kam zararlangan hudud sifatida tan olish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi va mazkur hududdagi karantin ostidagi mahsulotlarga nisbatan fitosanitariya choralari belgilanadi.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
23. Agentlik qaror qabul qilingan kundan boshlab besh kun muddatda eksport qiluvchi mamlakatning o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha milliy tashkilotini, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi subyektlarini xabardor qiladi hamda bu haqidagi qarorni o‘zining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.
(23-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
24. Agentlik tomonidan quyidagi holatlar aniqlangunga qadar toza yoki kam zararlangan hududlar tan olinishi muddati belgilanmagan davrda amal qiladi:
(24-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
ko‘rib chiqilayotgan hududda zararli organizm maqomining o‘zgarishi, shuningdek, ushbu hudud toza hudud yoki kam zararlangan hudud hisoblanmasligi;
karantin ostidagi mahsulotning fitosanitariya talablariga mos kelmasligi, zararli organizmning aniqlanishi, fitosanitariya sertifikatlarining mavjud emasligi yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirmaslik holatlarining aniqlanishi.
25. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-noyabrdagi 695-son qaroriga 2-ILOVA
O‘simliklar karantini obyektini yo‘q qilish va uning o‘chog‘ini bartaraf etish dasturini ishlab chiqish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom muayyan hududga keyinchalik zararli organizmlardan xoli bo‘lgan hudud (keyingi o‘rinlarda — toza hududlar) va zararli organizmlar miqdori kam bo‘lgan hudud (keyingi o‘rinlarda — kam zararlangan hududlar) maqomini belgilash maqsadida O‘simliklar karantini obyektlarini yo‘q qilish va uning o‘chog‘ini bartaraf etish dasturini (keyingi o‘rinlarda — Dastur) ishlab chiqish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
hudud — mamlakat va uning bir qismi yoki bir nechta mamlakatlar hamda ularning bir qismi;
o‘simliklar karantini obyekti — dunyo miqyosida karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi hududida mavjud bo‘lmagan yoki cheklangan tarzda tarqalgan zararli organizmlar;
o‘choq — muayyan hududda aniqlangan va yaqin kelajakda omon qolishi mumkin bo‘lgan zararli organizmlar;
karantin hududi — o‘simliklar karantini obyekti aniqlanishi munosabati bilan belgilangan tartibda o‘simliklar karantini ostida deb e’lon qilingan hudud.
3. O‘simliklar karantini obyektini yo‘q qilish va uning o‘chog‘ini bartaraf etish dasturini joriy qilish zarurati to‘g‘risidagi qaror o‘simliklar karantini obyektining biologik va geografik xususiyatlari, uning aniqlanishi holatlari hamda iqlim omillariga asoslanib O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tomonidan qabul qilinadi.
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-iyuldagi 453-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.07.2024-y., 09/24/453/0558-son)
Dasturlar:
tumanlar va shaharlar miqyosida o‘simliklar karantini bosh davlat inspektorlarining taqdimnomasiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini bosh davlat inspektorining taqdimnomasiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
4. Kirib kelgan va mahalliy iqlim sharoitlariga moslashgan o‘simliklar karantini obyektlarini yo‘q qilish, shuningdek, ularning tarqalishining oldini olish bo‘yicha favqulodda choralarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish Dasturning maqsadi hisoblanadi.
2-bob. Dasturni ishlab chiqish tartibi
5. Dastur mavjud bo‘lgan va potensial tarqalgan o‘simliklar karantini obyektini aniqlash, baholash hamda yo‘q qilish orqali amalga oshiriladi.
6. Dastur karantin nazoratini amalga oshirishda yoki toza va kam zararlangan hududni belgilashda yangi zararli organizm aniqlangandan so‘ng tasdiqlanadi.
7. Zararli organizmni identifikatsiyalash va aniqlash jarayoni uning morfologik xususiyatlari, biologik tadqiqotlar, kimyoviy genetik tahlillar hamda boshqa usullar asosida zararli organizmni yo‘q qilishning tegishli vositalarini tanlash maqsadida amalga oshiriladi.
8. O‘simliklar karantini obyektining mavjudligini va potensial tarqalganligini baholash quyidagi ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi:
geografik joylashuvi;
xo‘jayin o‘simliklar bilan zararlanganligi;
yetkazilgan zararning hajmi va ahamiyati, shuningdek, o‘simlik karantini obyektining son darajasi;
o‘simliklar karantini obyektini aniqlash va identifikatsiyalashning usuli;
o‘simlik yoki o‘simlik mahsulotlarining o‘tgan yaqin vaqtdagi importi;
mazkur hudud yoki xo‘jalikdagi zararli organizmlar haqida avval olingan xabarlar;
jismoniy shaxslar, mahsulotlar, uskunalar va transport vositalarining harakati;
hudud ichida zararli organizmning tarqalishi mexanizmi;
iqlim va tuproq sharoitlari;
zararlangan o‘simliklarning holati;
qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish faoliyati davomida o‘simliklar karantini obyektlari tashuvchisi bo‘lmish buyumlar va o‘simliklar karantini obyektlarining tarqalishi yo‘llari to‘g‘risidagi ma’lumot.
O‘tgan yaqin vaqtda import qilingan o‘simlik yoki o‘simlik mahsulotlari bilan aloqasi mavjudligi ehtimoli bo‘lsa, o‘xshash materiallar aniqlanishi va tekshirilishi kerak.
9. Dasturni amalga oshirish zararni baholash va zararkunandalar tarqalishi jarayonini, o‘simliklar karantini obyekti tarqalishining taxminiy tezligi hamda potensialini o‘z ichiga oladi.
10. Potensial iqtisodiy va ekologik xavf darajasiga ko‘ra o‘simliklar karantini obyektini yo‘q qilishning zarurligi Agentlikning tashabbusi bilan aniqlanadi.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
11. Dastur quyidagilardan iborat bo‘lishi kerak:
karantin hududining chegaralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
o‘simliklarning karantin rejimi o‘rnatilishiga asos bo‘lgan o‘simliklar karantini obyektining nomi;
karantin ostidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, tashish, sotish va yo‘q qilish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyatni amalga oshirishda fitosanitariya talablari ro‘yxati;
o‘simliklar karantini obyektini yo‘q qilish va uning o‘chog‘ini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ro‘yxati;
karantin hududining chegaralarida tekshirishlar o‘tkazish rejasi, shu jumladan, ularni o‘tkazish sanasi va muddati;
o‘simliklar karantini obyektlarini yo‘q qilish va o‘simliklarning karantin rejimini bekor qilish mezonlari.
12. Dasturni ishlab chiqish va joriy etish jarayonida Agentlik mas’ul vazirliklar va idoralarni jalb qilishi mumkin.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
13. Dastur joriy etilishidan oldin Agentlik tomonidan davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda Dasturning amalga oshirilishi zarurati va xabardorlik darajasini kuchaytirish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib boriladi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
14. Dasturni ijro etish uchun Agentlik tomonidan karantin hududidagi holatdan kelib chiqqan holda manfaatdor vazirliklar va idoralar vakillaridan iborat Ishchi guruh tuziladi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
15. Ishchi guruh:
yo‘q qilish choralari muvaffaqiyatli yakunlanishi uchun Dasturning kelishilgan mezonlarga muvofiqligini ta’minlaydi;
Dasturga o‘zgartirishlar kiritadi, zarur hollarda qo‘shimcha dasturlar ishlab chiqadi;
Dastur ijrochilari o‘z vazifalarini bajarishlari uchun yetarlicha tayyorlanishini ta’minlaydi;
moliyaviy va boshqa resurslarni boshqaradi;
Dastur ijrosini hujjatlashtirish va hujjatlarni arxivlashni o‘z ichiga olgan axborot boshqaruv tizimini joriy etadi;
Dasturni kunlik boshqaradi;
xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan elementlarning doimiy monitoringini olib boradi va baholaydi;
belgilangan chora-tadbirlarning samaradorligi jihatidan Dasturni muntazam qayta ko‘rib chiqadi.
16. Agentlik Ishchi guruh faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi hamda uning ishini muvofiqlashtiradi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
17. Agentlik Dasturni amalga oshirishda quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha faoliyat yuritadi:
(17-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
yangi zararli organizmni aniqlash va/yoki zararlangan hududning chegarasini belgilash uchun o‘simlik karantini sohasida monitoring olib borish;
yaqin orada aniqlangan o‘choqlarni yo‘q qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
o‘simliklar karantini obyekti yanada tarqalishining oldini olishga qaratilgan o‘choqni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
yo‘q qilish bo‘yicha ko‘rilgan choralar samaradorligini nazorat qilish.
18. Dasturning ustuvor yunalishlari:
nazorat;
zararli organizm tarqalishining barvaqt oldini olish maqsadida o‘choqni bartaraf etish;
zararli organizm aniqlanganda uni yo‘q qilish maqsadida ishlov berish.
19. Nazorat Agentlik tomonidan amalga oshiriladi va zararli organizmning manbaini identifikatsiya qilish hamda tarqalishi ehtimolini aniqlash maqsadida tarqalish yo‘llarini tahlil qilishni, klonlashtirilgan va/yoki jismoniy tarzda zararli material bilan bog‘liq bo‘lgan mahsulotni ko‘zdan kechirishni, tekshirish, tutqichlar orqali ushlash va yuqoridan kuzatishni, ishlab chiqaruvchilarga, bo‘sh joylarni hamda ishlatilayotgan texnikani saqlashga mas’ul bo‘lgan shaxslarga va aholiga maqsadli so‘rovnomalar yuborishni o‘z ichiga oladi.
O‘simliklar karantini obyektining tarqalishini tekshirish va yo‘q qilish dasturining samaradorligini baholash maqsadida Agentlik tomonidan ushbu Dasturga muvofiq monitoring amalga oshiriladi.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
20. Kuzatuv-nazorat uchun mos joylarni tanlash jarayoni quyidagilar bilan belgilanadi:
o‘simliklar karantini obyektining ilgari mavjud bo‘lganligi va tarqalganligi holatlari;
o‘simliklar karantini obyektining biologiyasi;
o‘simliklar karantini obyektining yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar yetkazuvchi turlari, ayniqsa, ularning tijorat ishlab chiqarish hududlarida tarqalishi;
joyning iqlim sharoitlari o‘simliklar karantini obyekti uchun qulayligi.
21. Kuzatuv-nazorat jarayonini o‘tkazish vaqti quyidagilarga asosan belgilanishi mumkin:
o‘simliklar karantini obyektining rivojlanish sikli;
o‘simliklar karantini obyekti va uning qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar yetkazuvchi turlarining fenologiyasi;
o‘simliklar karantini obyektini boshqarish dasturlarini amalga oshirish vaqtlari;
madaniy o‘simliklarda o‘simliklar karantini obyektlarini topish va aniqlash vaqti;
22. Nazorat davomida olingan ma’lumotlarga asosan Agentlik karantin hududini aniqlaydi va kiritilgan taqdimnomaga ko‘ra mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlari bilan fermer va dehqon xo‘jaliklarining, o‘rmon xo‘jaliklarining hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalari, temir yo‘l stansiyalari, tashqi iqtisodiy faoliyat chegara maskanlari, aeroportlar, daryo portlari, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek, ularga tutash hududlar o‘simliklar karantini ostida deb e’lon qilinadi va ularda zarur karantin cheklovlari o‘rnatiladi.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
Tumanlar va shaharlarni o‘simliklar karantini ostida deb e’lon qilish yoki karantin cheklovlarini o‘rnatish tegishli o‘simliklar karantini bosh davlat inspektorlarining taqdimnomasiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari bilan amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlarini o‘simliklar karantini ostida deb e’lon qilish yoki karantin cheklovini o‘rnatish O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini bosh davlat inspektorining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
23. O‘simliklar karantini hududi deb e’lon qilingan hududda va unga tutash hududlarda (bufer hududlarda) o‘simliklar karantini obyektlarini yo‘q qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
O‘simliklar karantini obyektlarini yo‘q qilish usullari quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin:
xo‘jayin o‘simliklarni yo‘q qilish;
hudud va uskunalarni zararsizlantirish;
kimyoviy va biopestitsid ishlov berish;
tuproqni sterilizatsiyalash;
erni bug‘ ostida saqlash;
zararli organizmni yo‘q qilishga va miqdorini kamaytirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘simliklar turlaridan foydalanish;
ekinlarning keyinchalik yetishtirilishini cheklash;
tutqichlardan, tuzoqlardan va boshqa mexanik kurashish choralaridan foydalanish;
biologik kurashish agentlarini chiqarish;
steril hasharotlardan foydalanish;
zararlangan hosilni qayta ishlash yoki iste’mol qilish uchun ishlatish.
24. Karantin cheklovlari o‘simliklar karantini bo‘yicha zarur bo‘lgan chora-tadbirlar amalga oshirilgandan va o‘simliklar karantini obyektlari to‘liq yo‘q qilingandan so‘ng o‘simliklar karantini bo‘yicha bosh inspektorlarning taqdimnomasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini bo‘yicha bosh davlat inspektorining taqdimnomasiga asosan ushbu cheklovlar tegishlicha Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari bilan bekor qilinadi.
25. Karantin ostidagi mahsulotni yetishtirish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, jismoniy va yuridik shaxslar o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat inspektorlarning nazorati ostida tekshirishga (ko‘zdan kechirishga) hamda o‘simliklar karantini obyektlariga qarshi kurashishga doir ishlarni amalga oshirishi shart.
26. Qishloq xo‘jaligi o‘simliklari, dorivor o‘simliklar, daraxt va butalar yetishtirish, o‘simliklarning yangi navlari seleksiyasi bilan shug‘ullanuvchi jismoniy va yuridik shaxslar o‘simliklar karantini obyektlarini o‘z vaqtida aniqlash maqsadida ekinlar va daraxtlarni tizimli ravishda kuzatib borishi, ular aniqlangan taqdirda bu haqida mahalliy davlat hokimiyati organlarini, o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmatini darhol xabardor qilishi, shuningdek, aniqlangan o‘simliklar karantini obyektlarini bartaraf etish choralarini ko‘rishi shart.
27. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(27-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.11.2020-y., 09/20/695/1480-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 26.07.2024-y., 09/24/453/0558-son)